OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Erkin Norsafar. Oq yomg‘ir (hikoya)

...Yorug‘likdan iborat poyoni yo‘q makon. O‘zga hech narsa... faqat... Yorug‘lik...
Oq yaktak, oq ishtonchada o‘g‘li ko‘rinish berdi. Butun vujudidan ilohiy bir nur, ajib mayin shuur taralib turardi. Vujudidan taralayotgan yorug‘lik va shuurdan oppoq egni-boshi ohista tebranib turibdi, shu onda behad muattar bir bo‘y taraldiki...
«Dada! Men... ketyapman...»
U uyqudan uyg‘onganda subhidam, nim qorong‘ulik tarqab ulgurmagan edi. Derazani ochishi bilan, salqin havo oqimi dim xonaga yopirilib kirib, vujudiga yoqimli tarovat, ruhiga esa orom bag‘ishladi. Chuqur-chuqur nafas olar ekan, diliga xiralik, ruhiga bezovtalik indirgan tush ham tarqagandek bo‘ldi.
Shifokor huzuriga 32-35 yoshlar atrofidagi erkak va juvon chamasi 2,5-3 yoshlar atrofidagi rangpar, chiroylikkina bolani yetaklab kelishdi. Onasining qo‘lidan mahkam tutib olgan bolakayning har bir xatti-harakati, hatto atrofga qo‘rquvdan olazarak boqishlari ham o‘ziga yarashib turardi. Ota-onasi esa juda tashvishnok ko‘rinar: ularni bu yerga katta bir dard, umid va ilinj boshlab kelgani yuz-ko‘zlaridan shundoqqina bilinib turardi.
Erkak uzun bo‘yli, yag‘rindor bo‘lib, turishida o‘zgacha bir kibr, mag‘rurlik mujassam edi. O‘rta bo‘yli, qoshlarining orasi ochiq, katta botiq ko‘zli, yupqa labli juvon esa butunligicha egni boshini qamragan sariq libosda edi.
...Ular kirib kelishgan vaqtda shifokor eshikka orqa o‘girgan ko‘yi, derazadan tashqariga tikilib turardi. Bir-birini qisimlab turgan panjalari tinimsiz ochilib-yopilishidan ni­madandir iztirobda ko‘rinadi. Stol yonida esa ham­shira qiz engashgan ko‘yi qog‘oz qoralardi.
– Marhamat, o‘tiringizlar. Hamshira, siz bolani olib keting, – dedi shifokor.
Hamshira nigohlariga qo‘rquv va savol muhrlangan bolani yetaklab xonani tark etgach, shifokor ota-onaga yuzlandi.
Uning xatti-harakatidan gapni nimadan boshlashni bilmay qiynalayotganligi ko‘rinib turardi. Bu narsa juvonning diqqatini, erkakning esa xavotirini oshirdi.
– Hm... Xo‘sh... nima desam ekan... Xullas, ular qo‘y­gan tashxis to‘g‘ri bo‘lib chiqdi.
– A? – ayol o‘rnidan yarim turib, holsizlanib o‘tirib qoldi. Erkak boshini xam qildi.
– Dard... o‘tib ketibdi, – shifokor so‘zida davom etdi. – To‘g‘ri, bu gapni haliroq aytsam ham, biror narsa deb umidlantirsam ham bo‘lardi, ammo buni... xullas, – shifokor ko‘zlarini deraza tomon olib qochib chuqur nafas oldi,– bolangizning kuni emas, hatto... soatlari ham sanoqli.
– Nima dedingiz? – erkak o‘rnidan turib ketdi. Uning rangi o‘zgargan, chuqur-chuqur nafas olar, lablari gezarib, yengil titrab turardi. Juvon boshini stolga qo‘yganicha o‘kirib yig‘lab yubordi.
– Bu yog‘iga biz ojizmiz. Faqat... faqat bir narsani aniq aytishim mumkin. Bolangiz ertaga ertalabgacha, ya’ni tong otguncha yashay olsa, u juda uzoq yashaydi.
– Xudoyim, Xudoyjonim! – juvon mushtdek bo‘lib qoldi.
– Kamroq yurgizing, tez toliqib qoladi. Mas­la­hatim, sizlar uchun qanchalik og‘ir bo‘lsa-da, bola bilan kunni juda quvnoq o‘tkazing. Bu kun sizlar uchun bir umr­lik xotira bo‘lib qolishi ham mumkin.
Shifokor xonasidan erkak juvonni suyab chiqdi.
– Ayamga nima qildi? – bola yugurib keldi.
– Doktor unga ukol qildi, – dedi erkak.
– Og‘riyaptimi? Juda qattiq og‘riyaptimi?
Juvon bu gapdan so‘ng bolani mahkam quchganicha o‘kirib yig‘lab yubordi. Erkak esa labini tishlaganicha goh yerga qarar, depsinar, goho chuqur nafas olib kiftiga yo‘talib qo‘yardi. Aytarli bezovta bo‘lganini sezdirmasdi. U juvonning bilagidan mehr bilan tutib, o‘g‘lini ko‘tarib olar ekan, bo‘ynidan to‘yib-to‘yib hidladi.
– Yuringlar, bir aylanib kelamiz. Havoni qa­ranglar, qanday yaxshi!
O‘yingohga, undan chiqib hayvonot bog‘iga kirishdi. Xiyobonni aylangan bo‘lishdi. Bola shodon kular, erkak u bilan ovungan, juvon esa xomush edi.
«Axir qanday ham quvnab o‘ynasin, yayrasin?! Jonidan aziz bo‘lgan jigarporasi, umrining mazmuni shundoqqina ko‘z o‘ngida shamdek so‘nayotgan bir lahzada-ya! Uning beg‘ubor kulishlarini, yayrashini qara. Nahot, bu kulgu, bu tabassum, bu lahzalar omonat?! Nahot, jajji odimchalari, tapillayotgan oyoq kiyi­mining shovqini omonat? Bu kun, bu dam, bu lahzalar nahot hech qachon qaytib kelmasa? Nahot, uning bolasi endi hech qachon bu quyoshni ko‘rmasa, yoqimli shabbodani tuymasa? Hech qachon chopqillab yurolmasa, ularga erkalana olmasa? Nahot, uning erkalanishlarini, xarxashalarini ko‘rmasa, qiyqirishlarini, beg‘ubor kulgularini eshitmasa?! Axir, axir bu – dahshat emasmi? Yo‘q, bu hayot emas, bunday bo‘lmaydi. U ham o‘ladi! O‘g‘li bilan qo‘shilib o‘ladi, bu yerda bir kun, bir lahza ham qolmaydi!»
– Aya, nimaga yig‘layapsiz? Hali ham ukol qilgan joyi og‘riyaptimi? – so‘radi o‘g‘li ro‘parasiga kelib. Juvon bola qarshisida tizzalandi. Mahkam quchib, bo‘ynidan, yuz-ko‘zidan to‘yib-to‘yib o‘pib, hid­ladi.
– Yo‘q, bolam, – dedi xirqiroq va juda shikas­ta ovozda juvon. – Boshim qattiq og‘riyapti, shunga yig‘ladim.
Bola onasining chakkalaridan jajji qo‘lchalari bilan ushlab ko‘zlariga termuldi. Uning qo‘lchalaridan taralayotgan haroratning, yoqimli iliqlikning tafti shu qadar kuchli ediki, juvonning butun jismini o‘t qamrab olgandek bo‘ldi.
Bolaning ma’no ilg‘amoqchi bo‘lgandek qattiq tikilgan beg‘ubor ko‘zlarida olam-olam mehr, pokiza tuyg‘ular jilvalanardi. Juvonning ko‘zlaridan shashqator yosh quyila boshladi. Dili o‘rtandi:
«Ey Xudo! Nahot, bolamning shu beg‘ubor ko‘zlariga qayta termulish menga nasib etmasa? Nahot, uning mana shu qo‘lchalari taftini qayta his etmasam? Menga tiriklik, hayotimga mazmun baxshida etib turgan rishta – bolam emasmi?»
– Hozir men sizni o‘paman, tuzalib ketasiz, – dedi bola va onasining yuzlaridan o‘pib-o‘pib oldi. Uning o‘pichlari shu qadar qaynoq ediki, juvonning yanoqlari kuyib ketdi. Ko‘z yoshlari yana qaynab chiqa boshladi.
"Eh, bolajon, bolajon, qani, shu bo‘salar odamzotga baxt, hayotiga mazmun bag‘ishlay olsa! Qani, shu bo‘salar barcha og‘riqlarni, iztirob-u alamlarni yuvib keta olsa! Dunyoni bo‘salarga to‘ldirmasmidik!"
– Endi og‘rimayaptimi? – deb so‘radi bola.
– Yo‘q. Og‘rimayapti, bolam.
Erkak esa qo‘llarini cho‘ntagiga tiqib olganicha, nimadandir toqatsizlangandek tez-tez depsinib, ko‘kka qarab qo‘yar, atrofni ko‘zdan kechirardi. Uning yuz-ko‘zida hech qanday iztirob ifodasi sezilmas, aksincha, juda xotirjam ko‘rinardi.
– «Bu qanday odam o‘zi?» – o‘yladi juvon. – «Bolasi yana bir necha soatda jon bersa-yu, uning beparvoligini. Odam ham shu qadar toshbag‘ir, bemehr bo‘ladimi? Nahot, shunday odam bilan yashab kelayotgan bo‘lsam? O‘z bolasiga, bag‘ridan yulinayotgan jigariga achinmagan, ko‘z yosh qilmagan odam – insonmi? Otami?»
Juvon beixtiyor eridan nafratlanib ketdi.
– Ketdik, azizam. Biror oshxonaga borib ov­qat­lanib olamiz, o‘g‘limizning ham qorni ochiq­qandir, – deya erkak bolani ko‘tarib oldi-da, xotinining bilagiga qo‘l uzatdi.
Xuddi ilon chirmashayotgandek jirkanish va naf­rat bilan qo‘lini olib qochayotgan juvon eriga ijir­g‘anib qaradi. Erkak uning yuzidagi ifodadan ko‘ng­lidan kechgan gaplarni o‘qigandek bo‘ldi. Vaziyatni to‘g‘ri baholab, jilmayib qo‘ya qoldi.
Restoranda ham juvonning qovog‘i ochilmadi. Eri bo‘lsa, bola bilan o‘ynar, qah-qah otib kulardi.
– Yaramas, artist. Bu kuningizdan ko‘ra o‘lganingiz yaxshi! – dedi juvon shunday lahzalarning birida naf­ratini yashira olmay.
Erkak boshiga kaltak tekkandek, bir lahza gangib, juvonga baqrayib qoldi. Nimanidir o‘yladi chog‘i, boshini xam qildi. So‘ngra, birdan chehrasi ochilib, qah-qah otib kuldi-da, ularning o‘rtasidagi munosabatdan hayron bo‘lib, hadik bilan kuzatayotgan o‘g‘lini ko‘tarib oldi.
– Yuringlar, o‘yinchoq do‘konlarini aylanamiz. Yaxshi o‘yinchoqlar olamiz!
Butun kunni ota-bola o‘yin bilan, juvon esa ko‘z yoshi bilan, nafratini eridan yashirmay, ochiqcha qarg‘ash bilan o‘tkazdi. Erkak bularga e’tibor bermas, xotinining nafratini, suyak-suyagiga botib borayotgan haqoratlarini tabassum bilan, goho esa uning sabrini sinamoqchi bo‘lgandek qah-qaha bilan qarshi olardi.
Ular go‘yo mushuk-sichqon o‘ynayotgandek edi. Bu o‘yinning zamirida esa, qartalarni suzayotgan qismat erkak va ayol o‘rtasidagi mehr-oqibat va iroda-matonatni sinovdan o‘tkazayotgan edi.
– Siz o‘zi artist bo‘lishingiz kerak ekan. Ertaga, – juvon shu jumlani aytishi bilan nimanidir esladi chog‘i, bir qalqib oldi-da, rangi o‘zgardi... – Siz bilan ajrashaman. Endi artistligingiz menga o‘tmaydi, bugun kimligingiz bilindi. Pastkash...
– Dada! Ertaga ham aylantirgani olib chiqasizmi?
– Ha, o‘g‘lim! Xudo xohlasa, ertaga ham, indin ham, har kuni aylantirgani olib chiqaman!
– Bolani aldamang! Uning ham o‘zingizga o‘xshagan subutsiz bo‘lishini istaysizmi?
– Azizam...
– Tupurdim hammasiga!
Juvonning vajohati juda yomon edi. Shu tobda uning har qanday sharm-hayoni, uyat va iboni yig‘ishtirib qo‘yishiga shubha qilmasa ham bo‘lardi...
Kech kirgach, mehmonxonaga kelib joylashishdi. Bolani o‘rniga yotqizishgach, ayol bosh, erkak esa oyoq tomonidan joy oldi.
Juvon ham, erkak ham shu tobda mushtdek bo‘lib qolgandi. Ularning sukutga to‘la bu turishida qismat hukmiga, tobelik alomatlari mujassam edi.
Bola otasiga qarab iljaydi, yotgan ko‘yi quchog‘ini keng ochdi.
Otaning mehri iyib ketdi. Bu uning xatti-ha­ra­katida, o‘zini tutishida yaqqol bilindi. Ohista o‘g‘­lini bag‘riga bosar ekan, o‘z navbatida o‘g‘li ham otasi bo‘ynidan mahkam quchdi. Bu shunday ulug‘ lahzalar ediki, bu manzarani kuzatib turgan malak­lar ham bulut siyratida falakdan ko‘z yosh to‘kayotgan bo‘lsa ajab emas. Ha, darhaqiqat, ne ajabki, tash­qarida yomg‘ir ham shitirlab yog‘a boshlagandi. Bu olam mo‘‘jizalarga boy, ammo hech bir mo‘‘jiza ulkan qoyaning nozik nihol uzra mehr bilan engashgani kabi ulug‘vor go‘zallik, fusunkor va oqibatli manzarani sodir eta olmaydi. Ota-bolaning ko‘rinishi ushbu betak­ror manzarani kasb etgan edi. Bunda tug‘yonlar; biri ruhini toliqtirayotgan orom ilinjida, ikkinchisi yo‘qotajak orom va ruhidagi tug‘ilgan besaranjomlik og‘ushida.
O‘g‘lining mitti vujudini quchib o‘tirarkan, ota bo‘g‘inlari bo‘shashib, qandaydir boshqacha bo‘layotganini angladi. Ich-ichidan bir narsa «chirs» etib, ko‘ngli buzildi. Xayolida toygandek bo‘ldi, yo qandaydir ulug‘ bir tuyg‘u chekingandek.
– Yuzsiz, artist...
– Dada! Sizni yaxshi ko‘raman!!!
– Vo-o-oh!!!
Shunisi bo‘lmadi! Ha, shunisi bo‘lmadi. Matonatning zo‘ri bilan yillar davomida bazo‘r tutib kelinayotgan alam, iztirob va o‘kinchlar vulqon bo‘lib portladi. Shunday qudratli vulqonni jilovlab turgan or-nomus, sharm, g‘ururni jigarbandining bir og‘iz so‘zi parchalab yuborgandi. Erkak shahd bilan bosh ko‘tardi. Yon-atrofga tomchilar sachradi. O‘g‘lini hayratda qol­dirib, quchog‘idan yulqinib chiqdi-da, o‘girilib, o‘zini eshik tomon otar ekan bazo‘r bo‘g‘iq, alam o‘rtab ketgan ovozda «Gaz!» dedi. Hissiyotdan ustun bo‘lgan aql hali butkul tizgindan chiqmagan, ko‘z yoshlarini o‘g‘li va xotiniga ko‘rsatmaslikni istab qo‘shni xonaga chiqish uchun gazni bahona qilmoqchi bo‘lgandi. Ammo so‘nggi lah­zalarda hissiyot ustun kelib, oqsay boshlagan idroki bu yer uyi emas, mehmonxona ekanligini unutgan edi. Aslida u ham inson, u ham ojiz bir banda edi.
Eshikka yuzlangan erkakning yuzi tanib bo‘lmas darajada, xuddi suv to‘ldirilgan pufak singari bo‘g‘­riqib ketgan, hasrat va alamga to‘la ko‘zlaridan yosh tomchilardi.
Erkak talmovsirab, xuddi o‘t ketgandek shoshar, aslida esa, xuddi uzoq yillik xastalikdan yaqindagina oyoqqa turgandek bir tarzda sudralgan ko‘yi xonani tark etdi. Vannaxonada nimadir «gurs» etdi. Juvon nimanidir anglagandek, bo‘ldi. Eri ortidan vannaxonaga o‘tdi.
Erkak ovozini chiqarmaslik uchun katta sochiqni tishlab olgan, yer bilan bitta bo‘lib yotardi. Katta-katta ochilgan, kosasiga sig‘mayotgan ko‘zlaridan yosh tinmay quyilardi. Juvon erini hech qachon bu qadar afgor holda ko‘rmagan edi.
Shunda juvon uni tushunganday bo‘ldi. Qarshisida yer bilan bitta bo‘lib yotgan o‘sha «Yaramas!», o‘sha «Pastkash, artist» ham bir oliyjanob, sabr-matonatli, sabotli inson ekanligini, undagi qalb, mehr-muruvvat o‘zinikidan ming chandon ortiq ekanligini angladi. Biror sababsiz, uni tushunmasdan zahrini sochganligini, eriga ayni o‘sha lahzalarda qancha og‘ir bo‘lganligini shu on angladi-yu, ko‘ksida shunday bir alamli, chidab bo‘lmas og‘riq turdiki, oyog‘idan mador qochib, eshik kesakisiga suyangan ko‘yi behol o‘tirib qoldi. Axir, otasi ham... Nahot, erkakning mehri tashida emas, ichida bo‘lishligini, burch, sabot-matonat kabi tuyg‘ular bilan hislarini pinhon tutishini unutgan bo‘lsa?!
Nihoyat, o‘g‘li yolg‘iz qolganini anglab, amallab kuch topib o‘rnidan turdi-da, xonaga kirdi. Bola eshikka termulib yotardi.
«Nahot, shu mehribon va aziz, qadrdon nigohlar tuproq bilan qorilsa?! Nahot shu nigohlar uni tuproq tagida ham xuddi shunday intizorlik bilan kutib yotsa?! Axir, axir, bu dahshat emasmi bundan-da og‘ir qismat, ko‘rgilik bormikan?!»
Juvon o‘g‘lining qo‘lini o‘pib, ko‘z yoshlari bilan yuva boshladi. Uning qo‘lchalari issiq va yumshoq edi. Ko‘p o‘ynab toliqqanidan bo‘lsa kerak, bolani shirin uyqu elitdi. Bolaning yuziga termulsang, Allohning siyratini ko‘rasan, deyishadi. Uning yuzida chindan ham o‘zgacha bir ilohiy munavvarlik jilvalanardi.
U esa o‘g‘lining uxlashini istamasdi... U o‘g‘lini uyqudan qizg‘ondi, xuddi hozir uxlasa...
Xona eshigi ohista ochilib, erkak kirib keldi. U bundan bir necha daqiqa ilgaridek adl qomatli, kuch-quvvatga to‘la erkak emas, pajmurda va notavon qiyofada edi. Bor-yo‘g‘i bir necha daqiqa ichida chakka sochlariga oq oralabdi! Yerga telbanamo qadalgan nigohlarida avvalgi o‘ktamlik, shijoatdan asar ham yo‘q. Juvon eri qarshisida tiz cho‘kdi, oyoqlaridan quchgan ko‘yi sassiz yig‘lab yubordi. Ko‘z yoshlari daryo bo‘lib oqdi. Sel bo‘lib oqdi. Nozik yelkalari silkinib-silkinib ketdi. Erkakda esa, quvvat qolmagandi. Bazo‘r oyoqda turar, shashqator yosh to‘kayotgan ko‘zlari hanuz bir nuqtaga ma’nosiz termulganicha qotgan edi.
– Kechiring meni. Men ko‘rnamak, nodonni, tentakni kechiring, begim...
Erkak titrayotgan qo‘llari bilan xotinining yelkasidan tutib o‘rnidan turg‘azdi, bir so‘z demay quchog‘iga oldi. Shu taxlit ular bir muddat turib qolishdi.
Er uyqudagi o‘g‘lining bosh tomonidan, juvon esa oyoq tomonidan joy olishdi. Butun tun bo‘yi mijja qoqishmadi. O‘g‘illarining tobora gulgun yashnab borayotgan chehrasidan ko‘zlarini uzishmasdi. Bolaning chehrasi zulmat qo‘ynini yoritib turgan ilohiy gulga o‘xshardi.
O‘sha tun guvoh bo‘ldi, odamning ko‘zlariga butun boshli dengizning sho‘r suvlari ham jo bo‘lishiga. O‘sha tun bildi, insoniy qalbning shijoati, oqibatini. O‘sha tun sinaldi odamzotning sabri-matonati...
Soat millari imillardi. Yuraklar umidvor shoshardi. Sassiz xonani hamohang yuraklarning tepishi tutib ketgandi. Gupira-gupira, gup-gup...
Tungi uch. to‘rt... Bola bir maromda nafas olardi. Er-xotin bir-biriga umidvor tikildi. Bolaning qorachiqlarida qandaydir bir uchqun yiltilladi. Soat to‘rt yarim... bola xirillab nafas ola boshladi. Ota-ona tahlikada, yuzlarini bola yuziga tekkizgudek alfozda qimir etmay o‘tirishar, ko‘zlarini undan uzishmas, biri tinimsiz yig‘lar, biri esa karaxt edi.
Soat beshdan o‘taverib, bolaning nafas olishi ravonlashgandek bo‘ldi. Ota-ona yengil tin olishdi, ammo yana... uning nafas olishi goh ravonlashar, gohida esa sekinlashib-bilinmay ham qolardi.
Er-xotin har lahzada yasharishar, qartayishardi. Tong otishiga esa yana yarim soat, ha, yarim soatgina qol­gandi. Yana yarim soatgina bardosh bersa, tong otadi...
Tashqarida esa, goh otaning ko‘z yoshlaridek shiddatli, achchiq, goho esa onaning ko‘z yoshlaridek ma­yin, muloyim va taskinli yomg‘ir yog‘ardi. Yorisha boshlayotgan osmon sathida esa uvada bulutlar maqsadsiz kezib yurishardi. O‘sha tongning yomg‘irlari har doimgidan boshqacharoq, ko‘ngil ko‘z yoshlari kabi oppoq edi...

“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 11-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.