OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Farhod Musajonov. Saboq (hikoya)

Osmonni bir tekis bulut qoplagan, yomg‘ir maydalab, ezib yog‘ardi.
Xodivoyning do‘koni bozorga kiraverishdagi savdo chakqon yerda joylashgan, ammo havo past bo‘lgani uchun bugun xaridor siyrak. Xodivoy esnab o‘tirgandi, bir mahal sinfdosh o‘rtog‘i shitob bilan bostirib kirib qoldi.
— Ha, oshna, shahding pastroq ko‘rinadi? — salom-alik o‘rniga so‘radi Badal.
— Havoni ko‘ryapsan-ku, — Xodivoy o‘ksib javob qildi, — ertalabdan beri hali bir so‘mlik savdo qilganim yo‘q.
— Og‘zingni ochib, lalayib o‘tirsang albatta savdoning mazasi bo‘lmaydi-da. Xafa bo‘lmagin-u, sen o‘zi maktabda ham noshudroq eding, — Badalning joni ichiga sig‘mayotgandek oyog‘idan o‘t chaqnab turardi.
— Hamma senga o‘xshagan uchar bo‘lsa podani kim boqadi, — dedi Xodivoy, maktabdosh o‘rto6larning piching, ta’nalari bir-biriga og‘ir botmasdi.
— Endi og‘ayni, — dedi Badal, — zamon senga boqmasa sen zamonga boq, degan gap bor. Xaridorning o‘zi «aka, uni topib bering, buni topib bering» deb yalinib keladigan paytlar o‘tib ketdi. Endi teskarisi: sotuvchi xaridorning ko‘nglini ovlashi kerak.
— Nima, meni xaridorni bezdirib yuboradigan so‘tak demoqchimisan? - pisanda qildi Xodivoy.
Badal og‘aynisining izzat-nafsiga tegib ketganini sezgan bo‘lsa-da o‘zinikini qo‘ymadi.
— Savdo nozik soha, sirlari, shartlari bor. Ularni bilmaganlarning bozori kasod bo‘ladi. Yaxshi sotuvchi avvalo xaridorning fe’l-atvorini bilishi, o‘rganishi kerak. Xaridor esa, oshna, jinsi va yoshiga qarab besh-olti toifaga bo‘linadi. Xo‘sh... birinchi toifasi ziqnalar, yomon mijg‘ov bo‘ladi ular, cho‘ntagidan pul chiqishidan ko‘ra tanasidan joni chiqishi osonroq. Ikkinchi toifasi bekorchixo‘jalar, do‘konga mol ko‘rgani, narx-navoni bilgani kiradi. Uchinchi toifa — laqmalar. Bular o‘zlaricha mustaqil ish tutolmaydi. Tanishmi, notanishmi, xullas birovning maslahati, turtkisisiz hech narsa olmaydi. To‘rtinchi toifa ishning ko‘zini biladigan mutafakkirlar. Bular narsa olishdan avval uch-to‘rt kun hamma do‘konlarni aylanib narx-navoni o‘rganadi, solishtiradi, ana innaykeyin xarid qiladi. Beshinchi toifa g‘ayirlar, hasadchilar, taqlidchilar. Qo‘shnisi, qarindoshi, dugonasi biron narsa olgan bo‘lsa o‘shandan (kerak bo‘lsa, bo‘lmasa) olmaguncha ko‘ngli joyiga tushmaydi. Oltinchi toifa — vaziyat majburiyatidan kelganlar. Farzandi maktabga boradi, to‘yi yoki boshqa biror marosimi bor. Bular albatta narsa oladi. Savdoning ikkinchi sharti sotuvchining xaridorga muomalasi.
— Muomalani bilsak kerak, — dedi Xodivoy sal ensasi qotib.
— Bilmaysan! Bir sen emas toshkentliklarning aksariyati muomalani bilmaydi. Bir narsaning narxini so‘rasang «bo‘lishi falon so‘m» deb jerkibrok javob beradi. Ha, albatta narxning oldiga «bo‘lishi» degan so‘zni qo‘shib aytadi. Bordi-yu yuz so‘m degan narsasini saksonga tushirsang «unda yuz ellik so‘m» deydi zardasi qaynab. Xullas savdolashishga imkon qoldirmaydi. Holbuki bozorning yozilmagan, botiniy qonuni savdolashish. Sotgan qimmatga pulladim, olgan arzonga tushurdim deb har ikki taraf ham savdolashishdan bahra oladi. Farg‘ona vodiysida bo‘lganmisan?
— Nimaydi? — hayron bo‘ldi Xodivoy.
— Vodiyda qaysi do‘konga kirma, qaysi bozorga borma, biror narsani narxini so‘rasang, «falon so‘m, so‘rayverasiz» deb javob qilishadi. Albatta narxidan keyin «so‘rayverasiz» degan so‘zni ko‘shib qo‘yishadi va savdolashishga imkon tug‘dirib berishadi.
— Meniki bozor emas, minimarket.
— Xususiy minimarket, shundoq ekan buyumning narxini besh-o‘n so‘mga oshirib ko‘rsat-da «oladigan bo‘lsangiz, kelishtirib beraman» deb ayt, shunda mol sotiladi. Qo‘rs, dimog‘dor, xajang, tund sotuvchining hech qachon savdosi yurishmaydi.
— Endi ba’zi injiq, ziqna, ezma xaridorlar odamni qonini so‘rvoradida, — himoyalanishga urindi Xodivoy.
— Ikkinchi og‘zingdan bunday gap chiqmasin! — xitob qildi Badal, -xaridorning injiqligi malol keladigan yuragi tor odam bo‘lsang savdoni yig‘ishtirib boshqa hunar qil. Xaridor injiq bo‘ladimi, g‘alchami, bechoraholmi, boyvachchalardanmi barini iliq kutib ol, shirin muomala qil. Do‘koningga kirgan xaridor o‘zini xo‘jayindek erkin his etsin. Magazin muzey emas. Xaridor istagan narsasini istagancha tekshirib olsin. Sen uning xizmatida bo‘l, ammo shilqimlik qilib mol olishga zo‘rlama. Zo‘rlasang «moli o‘tmayotgandirki qistayapti olgani» deb shubha tug‘iladi xaridorda. Ba’zi tortinchoq odamlar buyumga yaqinlashgani andisha qiladi, uzoqdan ko‘zdan kechiradi, narxini so‘rashga ham botinolmaydi, «so‘rasamda olmasam sotuvchining jahli chiqadi» deb cho‘chiydi. Binobarin magazinga kirgan odamning oldiga darrov yugurib borma «nima kerak?» deb. Ha, hurkitvorma, o‘ziga tashlab qo‘y, aylansin, mollarni obdan ko‘zdan kechirsin, bittasini oldida to‘xtab senga qarasa ana innaykeyin oldiga bor, butun vujudingni quloq qilib gapini eshit. — Badal og‘aynisini ko‘ziga tikildi, — endi savol, birorta odam senda yo‘q narsani so‘rab kelsa nima qilasan?
— Nima qilardim, yo‘q narsani yo‘q deyman.
— Ha, valakisalang, bilgandim shunaqa deyishingni. Birov narsa so‘rab kelsa hech qachon yo‘q demagin. Siz so‘ragandan yo‘g‘u lekin boshqasi, sifati yaxshirog‘i bor, faqat sal qimmatroq deb boshqa buyum ko‘rsat. Oladi, chunki qimmatroq, demak yaxshiroq. Endi akasi, kimga qanday murojaat qilish haqida. Do‘koningga ayol kishi kirsa faqat «kennoyi» deb murojaat qil. Negaki «opaxon» yoki «singiljon»ning zamirida zig‘ircha bo‘lsada tegajoqlikka shama yotishi mumkin. Ammo «kennoyi» so‘zi egrilikni butunlay inkor etadi va faqat oldi-sotdi munosabatlariga xizmat qiladi, ayni paytda sotuvchi bilan xaridor o‘rtasida yaqinlik, qarindoshlik rishtalarini bunyod etadi go‘yo.
— Nima, unda erkaklar kirsa pochcha deymanmi? — Xodivoy gapni hazilga burdi.
— Akajon deysan. Bordi-yu yoshi ulug‘roq bo‘lsa «buyuring doda, nima kerak» deb kutib ol.
— Bo‘ldimi doda, boshqa aql o‘rgatmaysizmi, kutuldimmi? — piching qildi Xodivoy.
— Bo‘lgani yo‘q, savdoning eng oxirgi, asosiy sharti qoldi, — dedi Badal, — do‘koningda xaridor doim ko‘p bo‘lsin, mol oladimi yo‘qmi bari bir. Nega desang bo‘m-bo‘sh do‘konga tortinchoq odamlar kirgani iymanadi. Kirsamu hech narsa olmasam sotuvchi ranjiydi, degan andishaga boradi. Boshkalar arzirli mol yo‘kdirki do‘kon bo‘m-bo‘sh deb eshikdan mo‘ralab ketvoradi. Demak magazinda odam qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi. Xaridor magazinning fayzi, ko‘rki. Qolaversa xaridor asal aridek g‘ap, bittasi kirsa qolganlari duv etib orqasidan uchib kiraveradi.
— O’zi kirmasa nima, bo‘yniga arqon solib sudrab kiramanmi?
— Yo‘li bor, lakalov, yo‘li bor.
— Qanday yo‘l, — Xodivoyning ensasi qotdi, — gaplaringning hammasi quruq nazariya. Ammo nazariya boshqa, amal boshqa.
— Haqqina rost, — o‘rtogining so‘zini ma’qulladi Badal, — unda amaliyotga ko‘chamiz. Durustroq disking bormi?
— Ana ro‘yxati, tanlab olaver.
Badal bitta diskni tanlab muztsentrga tiqib ovozini balandlatib qo‘ydi. Qahqaha kulgi jo‘rligida askiya boshlandi.
— Endi savdo qanday bo‘lishini diqqat bilan kuzatib tur.
Hademay magazinga ikkita mo‘ysafid kirib keldi. Biri ko‘zoynak taqqan baland bo‘yli, qotma. Kiyim boshi eskiroq bo‘lsa ham ozoda, orasta, boshida ohori to‘kilib qolgan shlyapa. Ikkinchisining ko‘rinishi chapaninamo, do‘ppi chekkada, yelkasiga belbog‘ tashlab olgan, o‘zi baqaloq, san’atga dahldor kimsalardan ekanmi askiyachini tanidi, ismini aytib «buning oldiga tushadigani yo‘q» dedi, so‘ng Badalga boqdi.
— Ukaxon, bu tasma sotiladimi yo o‘zinglar eshitgani qo‘ydinglarmi?
— Nimaydi, doda? — Badal jilmayib so‘radi.
— Iloji bo‘lsa biz ham ko‘chirib olmoqchi edik-da.
— Bizda iloji yo‘q narsaning o‘zi yo‘q, — hozirjavoblik qildi Badal -Xodivoy, askiyani ikki nusxa ko‘chirib ber.
Xodivoy buyruqni ado etgani kirishdi, unga qadar Badal mo‘ysafidlarni gapga solib turdi.
— Doda, sizni qaerdadir ko‘rgandek bo‘lyapman, — baqaloqqa murojaat etdi Badal.
— Bir paytlar doira chalganmiz, askiyaga ham aralashganmiz, kontsert-pontsertda ko‘rgan bo‘lishingiz mumkin, endi nafaqaxo‘rmiz. Qiladigan ishimiz yo‘qligi uchun manavi ko‘zoynak bilan har kuni bir-bir ko‘chalarni aylanib kelamiz. Bu bilan birga yurishimning sababi men chalasavod, to‘pori odamman, buning ichi vij-vij aql. Fizikadan o‘qigansiz-ku plyus minus tortishadi, - baqaloq o‘zi gapirib o‘zi shox tashlab kuldi.
Qariyalar diskni olib chiqib ketishganlaridan keyin magazinda yana bitta xaridor paydo bo‘ldi. Yasanib kiyingan, qo‘liga shokolad tutqazilgan boladek baxtiyor. Faqat yangi uylangan yigitlar shunaqa libosda va shunaqa kayfiyatda bo‘lishadi.
— Og‘ayni, menga muztsentr kerak edi, o‘zingiz durustrog‘idan tanlab bermasangiz men uncha farqiga bormayman, — dedi yigit.
— Juda soz, sovg‘agami yoki o‘zingizgami, shuni aytsangiz bo‘ldi.
— Nima desam ekan... — iymanib gap boshladi yigit, — to‘ydan oldin qallig‘imga muztsentr va’da qilgandim, kuy, ashulani yaxshi ko‘radi. Oila qurganimizga bir hafta bo‘ldi, va’dadan qaytish nomardlik.
— Yashang, lafzi halol yigitlarning sadag‘asi ketsang arziydi... — Badal sidqidildan kuyov bolani maqtadi.
Tamom, shu zahoti kuyov bolaning taqdiri Badalning qo‘liga o‘tdi.
— Sizga keragi shu, — Badal qimmatbaho «Soni» muztsentrini tutqazdi. Ammo kuyov bola molning narxini eshitib bo‘shashib qoldi. Badal sababini darrov sezdi, demak puli kamroq. Darrov boshqa apparat tutqazdi.
— Manavi o‘zimizning «Sado», «Soni»dan qolishmaydi, narxi ham arzonroq.
— Keliningiz yaponniki bo‘lsin, obdan surishtirib, yaxshisini oling degandi, — xijolatomuz gapirdi kuyov bola.
— Juda to‘g‘ri aytibdilar, «Sado» kelinga yoqadi, o‘zimizda ishlab chiqarilganiga karamay sifati chet elniki bilan bir xil. Unda nega arzonroq deb so‘rarsiz. Sababi oddiy, chet elning buyumi ustiga kira haqi qo‘yiladi. Axir bitta narsani Yaponiya yoki Singapurdan olib kelishning xarajati qanchaga tushishini o‘zingiz chamalab ko‘ring, — Badal birdan ovozini pasaytirib, sirli ovozda davom etdi, — men chet el molini asti kamsitmoqchi emasman, sifati, ko‘rinishi zo‘r. Ammo ochig‘ini aytish kerak, uzoq yo‘l bosib kelgan buyumdan sal cho‘chiyman. Qanchalik avaylab olib kelinmasin urunadi, ichidagi ashqal-dashqallari sal-pal joyidan siljib qolishi mumkin, apparatlar nozik narsada, qolaversa plastmass, zamenitellardan ishlanadi, albatta yaponni moli chiroyli, sifatli. Obro‘ uchun, yasatib qo‘yish uchun yaponiyaniki ma’qul, lekin kundalik ishlatishga kelganda o‘zimizning moldan o‘taversin.
Shu payt bir ayol paydo bo‘lib, gapga quloq tutib turdi. Badal unga e’tibor bermay mahsulotimizni maqtashda davom etdi.
— Bizning apparaturalarimiz yaponniki singari qushdek yengil emas, g‘ozi og‘ir. Nega? Chunki tabiiy, asl xomashyodan yasalgan. Bilmasdan tushurib yuborasizmi, oftob yoki yomg‘irda qolib ketadimi pisand qilmaydi, ertatabdan kechgacha varanglab ishlab yotaveradi. Ishonsangiz o‘zim ham shundan olganman.
— Nima qilsam ekan, dangal bittasini olaversammikin? — kuyov bola ikkilandi.
— O’ychining o‘yi bitguncha, tavakkalchining ishi bitarkan, — dedi Badal kulimsirab, — ammo zo‘rlash yo‘q, yana o‘ylab ko‘ring.
— E bo‘ldi, bering bittasini, — kuyov bola cho‘ntak kovlay boshladi.
— Xodivoy, og‘aynimizga «Sado» bervor.
Shundan keyin Badal xushxonlik bilan navbat kutib turgan ayolga boqdi.
— Keling kennoyi.
— To‘ng‘ichimiz sakkizinchi sinfni bitiryapti, shunga adasi muztsentr olib bermoqchiydilar, — ayol nihoyatda oriyatli, ahamiyatli ekan mayin ovozda iltijo qildi.
Badal madaniyatli xaridorlar bilan muomala qilishni ham o‘rinlatardi, me’yoridan oshib ketmaydigan tavoze bilan.
— Juda soz, — dedi, keyin qator terib ko‘yilgan apparaturalarga ishora qildi, — yoqqanini tanlayvering.
Ammo ayol ularga qiyo boqmadi.
— Boyagi yigit olganining ta’rifini eshitdim, menga ham o‘shandan beraqoling.
Badalning ko‘ziga ayol to‘q oiladan bo‘lib ko‘rindi, shu bois hozirgina «Sado»ni maqtab turgan odam darrov «siyosat»ni o‘zgartirdi.
— Kennoyi, siz «Soni» olavering. Hozirgi yoshlar juda zukko bo‘lib ketishgan, faqat importniy narsa kerak ularga, o‘zimizning buyumlarni nazarga ilishmaydi, «Sado»ga gap yo‘q, ammo o‘g‘lingizga yoqmaydi. Sababi o‘sha-o‘sha, yoshlar modaning ketidan quvishadi. Meni to‘qqiz yashar qizcham bor, o‘sha halitdan kiyim tanlaydi, chet elnikini olib berasiz, deb xarxasha qiladi, — Badal beg‘araz kuldi, — sizni o‘g‘lingiz sakkizni bitirayotgan bo‘lsa katta yigit bo‘lib qolibdi, ra’yiga qaramasdan ilojinglar yo‘q, axir o‘zi tayinlagandir qanaqasidan olish kerakligini.
— Tayinlagan, magnitofonni ham yaponnikini oldirgandi, ammo u eskirib qoldi, endi modada muztsentr.
— Ana aytdim-ku «Sado»ni olsangiz kelib almashtirib ketishingizga to‘g‘ri keladi, — Badal ayolning oldiga «Sado» qo‘ydi. — Bu sal qimmatrog‘u lekin qimmatda bir hikmat bor, arzonda bir illat bor deydilar. Shundoq ekan, adashmay desangiz «Soni»ni olavering. Yaponiya apparatlarining sifati, dizayni havas kilsa arzigulik, buni tan olmasdan ilojimiz yo‘q, bekorga butun dunyoga dovrug‘i ketmagan. Ularning molini olsangiz pulingiz o‘zingiz bilan ketadi.
— Bo‘pti, beraqoling, — ayol qo‘li ostida turgan «Soni»ni o‘z oldiga surdi.
— Yo‘q, kennoyi, buni sizga bermayman, — dedi Badal qat’iy ohangda. Ayol taajjubdan ko‘zlari pirpirab Badalga savolchan boqdi.
— Peshtaxtada turgan narsaga chang-pang qo‘nadi, har xil odamlar ushlab, aylantirib ko‘radi. Xar holda qo‘l tekkanda. Sizga ichkaridan boshqasini opchiqib beramiz karton qutida, ochib, ishlatib ko‘rib olasiz. Xodivoy, kennoyimga qara!
— Voy rahmat sizga, — ayol quvonib ketib Xodivoyning yoniga yo‘naldi. Shu payt magazinga shoshilib ikkita o‘rta yashar erkak kirib keldi. Badal  bir qarashdayoq ularning qanday xaridor ekanliklarini, ne maqsadda kelganlarini aniqladi.
— Og‘ayni, bizga sovg‘abop narsa kerak, — shoshibroq so‘z boshladi erkaklarning qoramag‘izdan kelgani.
— Gap yo‘q, — dedi Badal hozirjavoblik bilan, — sizlar sovg‘a kimgaligini, tavalludi nishonlanayotgan hamkasblaringiz erkakmi, ayolmi, shunisini aytsanglar bo‘ldi, xuddi ko‘nglingizdagi narsani topib beramiz.
Erkaklar Badalning topqirligiga, sovg‘a haqiqatda hamkasblarining tug‘ilgan kuniga ekanligini bilganiga qoyil qoldilar.
— Bir opaxonimiz 55 yoshga to‘lyaptilar, sovg‘a o‘shalarga, — degan javob oldi Badal.
— Bir daqiqa sabr qilasizlar, hozir qotiramiz, — Badalning ovozi ham muloyim, ham jiddiy edi, — Xodivoy, anavindan qolganmidi?
Xodivoy «nimadan?» deb so‘ramoqchi bo‘lgandi Badal uni qo‘ltig‘idan olib ombor vazifasini o‘taydigan ichkari xonaga boshladi.
— O’tmay yotgan moling bormi? — deb so‘radi Badal ichkariga kirganlari hamon.
— Choynak-piyola servizi bor, ikki yildan oshdi yotganiga, — dedi Xodivoy.
— Darrov changini artib olib chiq, — Badal xaridorlar yoniga yo‘naldi, Xodivoy molni epaqaga kelturguncha erkaklarni gapga solib turdi, — ayol kishiga, ayniqsa ellikdan oshgan bo‘lsa atir-upadan ko‘ra ro‘zg‘orbop narsa ma’qul. Choynak-piyola kunda ishlatiladigan narsa, darz ketishi bor, sinishi bor, shuning uchun qancha bo‘lsa ham olaverishadi, sifati zo‘r bo‘lsa servantlarga taxlab yasatib qo‘yishadi.
Xodivoy bitta choynak va o‘n ikkita piyola olib chiqib peshtaxta ustiga yoyib qo‘ydi. Badal qalam bilan xuddi chang asbobini chalgandek bir lahzada o‘n ikkita piyolani chertib chiqdi.
— Xitoy chinnisining jaranglashiga besh ketaman-da, musiqaday quloqqa yoqadi, — dedi Badal va hali xaridorlar piyolalarni ko‘rib ulgurmaslaridan Xodivoyga buyurdi, — servizni chiroyli kutiga joylab ustidan shoyi tasma bilan bog‘lab ber. Sovg‘a sovg‘aga o‘xshasin.
Xodivoy piyolalarni qutiga joylay boshladi.
— Bundan atigi olti komplekt olgandik, sizlarga o‘xshagan akaxonlarimizning hojatini chiqarish uchun omborga tashlab qo‘ygandik, oxirgisi sizlarga nasib etdi, — dedi Badal. — Ammo buni opaxonimiz bari bir ro‘zg‘orga ishlatmaydilar.
— Ie, nega? — ajablanishdi erkaklar.
— Asl mol-da, shuning uchun qizlari bo‘lsa sepiga qo‘shib qo‘yadilar, o‘g‘illari bo‘lsa kelinga olib qo‘yadilar, o‘zlariga ishlatgani ko‘zlari qiymaydi.
Ikkala erkak asl mol olganlaridan ko‘ngillari ko‘tarilib eshik tomon yo‘naldilar.
— Yomonsan, — shu tariqa o‘rtog‘ini maqtadi Xodivoy, — serviz savil qolib yotgani uchun yarim narxiga sotib yubormoqchi bo‘lib yurgandim.
— Hoy lapashang, erkaklar ikkita bo‘lib kelsa bilginki birorta hamkasblarining yubileyiga yoki chet ellik mehmonga sovg‘a oladilar. Bundaylar pul o‘rtada yig‘ilgani uchun savdolashib o‘tirmaydi, mijg‘ovlik qilib buyum tanlamaydi, tutqazganingni olib ketaveradi. Ayniqsa Yangi yil, Navro‘z, sakkizinchi mart bayramlari oldidan erkaklar serqatnov bo‘lib qoladilar. Demak bunday qulay paytdan imkoni boricha foydalanib o‘tmay yotgan narsalarni urvor. Ba’zi yuho, kaltabin sotuvchilarga o‘xshab bayramlardan oldin bozor chaqqon bo‘ladi, deb narxni aslo oshirma. Chet elliklardan o‘rnak ol, ular bayramlar arafasida narxni tushiradilar. Chunki ishning ko‘zini biladi ular, bitta buyumni o‘n kun deganda ming so‘mg‘a sotgandan ko‘ra o‘sha buyumni o‘ntasini bir kunda sakkiz yuz so‘mdan sotgan ko‘proq foyda keltiradi. Usta do‘kondor bo‘lsang shunga amal qil!
— Buni bilaman.
— Endi ayollarga kelsak...
— E, ayollar odamni yomon qiynab yuboradi, — Xodivoy qo‘l siltadi.
— Bekor gap, narsa oladiganlar asosan, ayollar. Shuning uchun ularning tilini bilishing kerak. Xo‘sh, — Badal nafas rostlab oldi, — inson bolasi borki barida ichki raqobat bo‘ladi, men sendan qolishmayman, deb musobaqalashib yashaydi. Havas, hasaddan hech kim mustasno emas, farqi birovda ko‘proq, birovda kamroq, ayollarda erkaklarga nisbatan hasad sal ko‘proq bo‘ladi, mashhur aktrisalarga, xonandalarga, yulduzlariga taqlid qilishni yaxshi ko‘radilar. O’shalarga o‘xshab kiyinishga, pardoz-andoz qilishga tirishadilar. Demak ayollar kelsa nima qilishing kerak?
— Quchoq ochib kutib olishim kerak, — hazillashdi Xodivoy.
Shu payt do‘konga bir boyvachcha juvon kirib qoldi. Egnida allambalo matodan tikilgan yaltiroq ko‘ylak, qulog‘ida olmosdan zirak, qo‘lida qo‘sha-qo‘sha qimmatbaho uzuklar, bo‘ynida shoda-shoda marvarid. Ko‘rinishi ruslarning «chiroyli bo‘lma, baxtli bo‘l» degan gapini tasdiqlardi.
Badalning qulog‘i dikkayib o‘lja tuzoqqa yaqinlashishini kutdi. Juvon atir-upalarni ko‘zdan kechira boshladi, keyin Badalga nazar tashladi.
— Menga yaxshi kosmetika kerak, — dedi sekin ovoz bilan. Juvonning ola-chipor kiyinishidan didi pastliga bilinib turardi.
Ustiga ustak anchayin tantiq, yengiltak ham ekan. Bundaylar bilan gaplashishni Badal qoyillatardi. Ko‘zlarini chaqchaytirib chapanisiga dedi:
— Bizani magazinga kirib jayam to‘g‘ri qipsiz, kosmetikani zo‘ri sho‘tta. Bizadan silaga o‘xshaganlar narsa olmasa uncha-munchani qurbi yetmaydi.
— Voy nimaga? — o‘zini go‘llikka soldi erkatoy juvon.
— Narxiga chidolmaydi, — xiringladi Badal.
— Shunaqa deng, — taltayib qiqirladi juvon, — menga «Shanel»ni ko‘rsating.
— Shanelmi? — Badal o‘sal bo‘lib yuzini ayanchli burishtirdi, — undan qolmagandi-ku, o‘ziz bilas, frantsuz duxiylarini bozori chaqqon.
— Voy, ana turibdi-ku, — po‘pisa aralash o‘pkaladi juvon.
Badal atir-upalar taxlab qo‘yilgan javonga qaradi, «Shanel»ni «ko‘rib» tizzasiga shapatilab qichqirdi.
— Ie, bitta qolgan ekanu, man hammasi sotilib ketgan deb o‘ylovdim. Omadi kulgan juvon ekansiz, — Badal «Shanel»ni olib peshtaxta ustiga qo‘ydi, — oxirgisi sizga buyurdi.
Juvon timsoh terisidan ishlangan sumkasini ochib pul oldi, ammo Badal unga imkon bermadi hisob-kitob qilgani. 
— Kremni qanaqasidan olasiz? — deb so‘radi.
Faqat duxiga kelgan juvon krem olishga ham rozi bo‘ldi, bittasini tanlagan edi, Badal qo‘lidan yulib oldi.
— Bu sizga bo‘maydi, — dedi o‘dag‘aylab, juvon taxminan Badal bilan tengdosh, 35-40 yoshlarda edi, — buni o‘ttizdan oshgan ayollar ishlatadi, ajinini ketkazish uchun. Siz yoshlarga keragi manavi, jenshen ekstrakti, bodom yog‘i, bodring suvi omixtasidan tayyorlangan, sursangiz yuzni oydek yashnatadi.
— Bo‘pti, — juvon kremni ham olishga ko‘ndi.
— Shampunni qaysinisidan beray? — deb so‘radi Badal.
— Voy, uyda shampunim to‘lib yotibdi, — chekinishga urinib ko‘rdi juvon kiyshanglab, — ming xili bor.
— Bunaqasi yo‘q, — Badal peshtaxtani ostidan bitta shampun olib juvonga tutqazdi, — kecha falonchixon (Badal mashhur xonanda ayolning nomini aytdi) shundan to‘rttasini obketti, ko‘rboqing.
Mashhur yulduz olgan shampun tabiiyki juvonga ham yoqdi.
— O’zingiz o‘sha yulduzga o‘xshaysiz desam, didingiz ham bir xil ekan, qarang unga yoqqani sizgayam ma’qul tushdi.
Juvon maqtovdan erib ketib burnini qanqaytirdi.
— Qancha bo‘ldi hammasi? — deb so‘radi dimog‘ bilan. Badal kalkulyatorda hisobladi narxlarni.
— Mana shu pomadani qo‘shvorsak roppa-rosa ikki yuz ming bo‘larkan. Sizga yana bitta sirni aytay, falonchixon (yana mashhur yulduzni tilga oldi Badal) faqat mana shu pomadani ishlatadi. Labini ko‘rasizu, sharbat sizib turgandek yaltirab turadi.
Juvon pomadani ham olishga majbur bo‘ldi, biroq qanchalik boyvachcha bo‘lmasin katta xarajatga tushgani uchun sal achingandek ko‘rindi Badalning ko‘ziga.
— Pochchamning pullariga xudo baraka bersin, ammo... — Badal sal ovozini pasaytirib tagdor gap qildi, — ammo baxtli erkak ekanlar.
Garchi «sizdek go‘zap xotini borligi uchun» deb qo‘shib qo‘ymagan bo‘lsa-da juvon qanchalik yengiltak bo‘lmasin Badalning qochirig‘ini tushundi. Va o‘zini eng go‘zal ayol his etib baxtiyor va mag‘rur qiyofada magazinni tark etdi.
— Xey buzuqi, boya xaridor ayollarga aslo tegajoqlik qilmagin, kennoyi deb murojaat qil degandin-ku. Bu yog‘i qandoq bo‘ldi?! — ta’na qildi Xodivoy.
— Har qanday qoidani ham istisnosi bo‘ladi. Deylik mashinada ketyapsan, chorrahaga yetganingda ko‘k chiroq yondi. Ammo ayol kishi o‘tayotganini ko‘rib to‘xtab yo‘l berding. Bunday qoidabuzarlik na faqat oqlanadi, balki rag‘batlantiriladi ham! Demak ayollarning ko‘nglini ko‘tarish uchun ba’zida iliq gap qilsang buning aybi yo‘q.
Shu gapning ustiga magazinga eru xotin kirib keldi. Kiyim-boshlaridan o‘rta hol ekanliklari bilinib turardi.
Erning basharasi ayanchli burishgan, bo‘yniga arqon solib sudrab kirilgan odamninggina ko‘rinishi shunday tushkun va achinarli bo‘lishi mumkin. Xotin gazlamalar yoyib ko‘yilgan peshtaxta yoniga borib matolarni ko‘zdan kechira boshladi, er orqarokda jonsarak ahvolda turar, iloji bo‘lsa tezroq qochib qolish payida edi.
— Hoy, dadasi mana shu matodan ikki ko‘ylakli olaylik, rangi chiroyli ekan, choki ham pishiq to‘qilgan, chidamli matoga o‘xshaydi. Keling, o‘zingiz ham ko‘ring.
Er matoga tuzukroq qaramadi ham.
— Hozir zarurmi shu...
— Kanaqasiz?! Ayollar bugun qiz ko‘rsa ertasidan boshlab sandiqqa sep yig‘ishadi. Sizni qizingiz o‘n oltiga to‘lyapti, hali bir metr mato olib qo‘yganimiz yo‘q. Hademay sovchilar kela boshlasa, nima, kuruq bo‘yini uzatasizmi? — bobillab berdi xotin.
— Metiri necha so‘mdan ekan?
— Mana yozib qo‘yibdi, bir yarim ming.
— Bo‘lmaydi, — narxini eshitib er orqasiga tisarildi, — juda ola chipor ekan. Guruch kerak, kartoshka kerak deyotganding, o‘shanga o‘taylik, ha sen avval qozon qaynatishni o‘yla, matoni keyinroq olarmiz.
— Qachon keyin? Maoshingiz uch kunda tugaydi, pulingiz borida jilla qursa ikki jo‘ra olib qo‘yaylik shundan.
— Olamiz vaqti-soati bilan, yur. Tanlagan matoing menga yoqmadi, dedim-ku, bachkana.
Badal er-xotinni zimdan kuzatib turgandi, sezdiki o‘rtaga tushmasa er juftakni rostlab qoladigan. U mol olmoqchi bo‘lgan ayolni emas erning yonini olishdan boshladi gapni.
— Kennoyi, amakim to‘g‘ri aytyaptilar, siz tanlagan mato yomon emasu ammo qizning sepiga yaramaydi, — dedi Badal va shu tariqa erni o‘z tarafiga og‘dirib oldi, — mana bularni ko‘rboqinglar-chi, boypo‘rim, sifati ham zo‘r.
Badal devorga tirab ko‘yilgan o‘ram-o‘ram matolarning nomlarini sanay ketdi.
— Shifon, velyur, gepyur, trikotin, krepdeshin — bari xorijiy matolar. Mana bular o‘zimizning mahsulot: duxoba, chiyduxoba, baxmal, shoyi, surp, satin. Atlasning ham uch-to‘rt xili bor. Xonatlas, kichiq atlas, jugut atlas, adras kerak desanglar uni ham topib beramiz, — Badal birvarakay matolarning narxlarini ham aytib o‘tdi.
Er matolarga qarashga majbur bo‘ldi va eng arzonini tanladi.
— Manavi durust shekilli, odmigina, guli ham chiroyli. Badal shu zahoti erga yana yon bosdi.
— Kennoyi, amakimiz erkak bo‘lsalar ham mol tanlashni bilar ekanlar. Bu haqiqatda asl mato, yuvsangiz tariqcha kirishmaydi. Tishlab tortsangiz ham yirtilmaydi, shunaqa chidamli, ko‘rinishini aytmaysizmi gul-gul yonib turibdi.
Er maqtovdan burnini qanqaytirib xotinig‘a qaradi.
— Olib beraymi shundan, nima deysan?!
Xotin matoni choklarini qunt bilan ko‘zdan kechirdi, g‘ijimlab ko‘rdi.
— Ayollarning bir to‘xtamga kelishi qiyin, — Badal gazcho‘pni olib erga jilmayib bokdi, — erkaklar yaxshi, shart-shurt savdo qiladi.
— Oladigan bo‘lsang ol ko‘p chaynalmasdan, necha metr kerak?
— Besh metr yetar, — dedi xotini.
— Yo‘q kennoyi, — Badal e’tirozga o‘rin qoldirmaydigan ohangda cho‘rt kesdi, — olti metr olavering, yetmay qolsa undan yomoni yo‘q, ortib qolsa zoe ketmaydi, moshinachining o‘zi bilib lozim-pozim tikib beradi. Pul qo‘lning kiri, nimalarga sarf bo‘lib ketmaydi, olingan narsa esa mulkka aylanadi.
Shu asnoda bo‘sh tog‘oralar ko‘tarib do‘konga uchta ayol kirib keldi, bular daladan ho‘l meva opkelib sotishgan, puliga narsa olib qaytishadi. Badal ularning atay ko‘zini o‘ynatib matoni o‘lchay boshladi, bayroqdek hilpiratib, jilvalantirib...
— Qanaqa mato ekan bu? — deb so‘radi ayollardan biri.
— Yangi chiqqan mato, xorijniki, — dedi Badal sipolik bilan, — kennoyi, bu yog‘i uch metrcha qolibdi, olib qo‘yaqolinglar to‘y qiladigan odam ekansizlar.
Darhaqiqat mato o‘ramining tubi ko‘rinib qolgandi.
— Voy, ado bo‘ldimi? — achinib so‘radi tog‘orali ayollardan biri. Xaridorlarning tarqab ketishidan qo‘rqqan Xodivoy «E, qalash...» deb so‘z boshlagandi shu zahoti Badal og‘ziga urdi.
— E Qalashboevmi? O’shanga olib qo‘ygansan-a ikki o‘ram? Chayqovchi u, bizni molni qishlog‘idagi do‘konga oborib ikki hissa qimmatiga sotadi. Bular o‘ziga oladi, hojatlarini chiqarish kerak. Yur olib chiqaylik molni, — ikkovlon ichkari xonaga yo‘naldilar.
Eshikda ko‘zlari alang-jalang hovliqma bir ayol paydo bo‘ldi. Navbatda turganlardan so‘radi.
— Hoy, opog‘oyi, nimaga turibsizlar?
— Yangi mato chiqibdi, shunga turibmiz. Mana bular olishdi, — tog‘orali ayol er-xotinga ishora qildi.
— Yaxshi mato ekanmi? — endi erli ayolga murojaat qildi shaddod ayol. Qaysi xaridor olgan narsasini yomonlaydi.
— Biz oxirgisiga ilindik, odamlar bilishsa kerak qanaqaligini, bekorga talash bo‘lib ketmagandir, — g‘olibona ovozda maqtandi ayol.
Peshtaxtada turgan mol-o‘lik mol. Xaridorning qo‘liga o‘tgan mol jarchi, havas va hasad uyg‘otuvchi eng zo‘r reklama.
— Boshqa qolmadimi? — bo‘shashib so‘radi hovliqma juvon.
— Hozir yana olib chiqishadi, — tog‘orachi ayol tasalli berdi.
— Rostdanmi? — juvon eshikka yaqinlashdi-da ko‘chaga qarab qichqirdi, — Xay Mapura, Shapoatni ham chaqiring, tez kelinglar.
Hademay magazinda Shapoat bilan Mapura paydo bo‘lishdi, ketlaridan yana ikkita ayol ergashib kirdi. Hammalari navbatga turishdi.
Ichkari xonada voqeani kuzatib turgan Badal o‘rtog‘ining yelkasiga qoqib gapirdi.
— Savdo degan bunday bo‘libdi, ovsar. Matoni olib chiq-da gupillatib sotaver. Bu gal sendan mol olganlarning hammasi doimiy mijozingga aylanishdi. Nimaga desang, yaxshi mol oldim deb sevinib, izzat-hurmatga sazovor bo‘lib, ko‘ngli ko‘tarilib ketishdi. Bo‘pti, menga ruxsat, shanba kuni biznikiga o‘tasan, shuni aytgani kelgandim.
— Nima munosabat bilan?
— Avstraliya bilan qo‘shma korxona ochdim, shuni yuvamiz.
— Ie, hashamatli restoraning, uchta supermarketing bo‘lsa yana qo‘shma korxona ham ochyapsanmi? Nima, sen bechoraning qozon qaynatgani puling yetmay qoldimi? — dedi Xodivoy beg‘araz kulib.
— Gap pulda emas, shildirvoqi, men o‘z layoqatimni sinab ko‘rmoqchiman, — dedi Badal jiddiy tortib, — tadbirkor qotib qolmaslik uchun o‘z faoliyat doirasini kengaytiraverishi kerak. Ammo maqsad faqat boylik orttirish emas, nasib etsa shahrimiz bolalariga zamonaviy, muhtasham kutubxona qurib bermoqchiman, yosh avlod nafaqat jismoniy baquvvat balki ruhan yuksak ma’naviyatli insonlar bo‘lib yetishishsin, tushunding?
Badal eshikka yo‘naldi. Ko‘chaga chiqsa, ne ajabki yomg‘ir tingan, bulutlar tarqab, oftob charaqlab turardi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.