OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

G‘ozi Rahmon. Dunyo asbobi (hikoya)

Agar kishi Iso kabi yukini ko‘chaga olib chiqqanda ham, igna uning yo‘lini to‘sishi mumkin. Zero igna dunyo  asbobidir. 
Jaloliddin RUMIY 


Bu mangu obod maskan Hisor tog‘laridagi Hazrati Sulton, Xo‘ja pirpiroq cho‘qqilarining etagida, ular bag‘rida erimay yotadigan, yaxmalak yopunchug‘i sariq saraton oftobidagina zo‘r-bazo‘r ko‘z yosh to‘kkanida uning g‘oyat musaffo shahdu shiddatini bir tomonda hamisha oftobga tikilib yotadigan Muqanna g‘oridan tortib, narigi tarafdagi Samarqand dalalarini ham fayziyob etar, bor bo‘yi bilan Yashil vodiyga intilgan chashmalar jon rishtasi kabi yetib borgan joyini gullatib, yashnatib yotadi. Shukrona ulki, Tangri taolo haybatidan qo‘rqib, qoqilgan qoziqday qaqqayib turib qolgan Hisor – qo‘rg‘onli tog‘ning o‘ngu so‘lida abadiy sukunat emas. Bu xilqat gung va soqov bo‘lgani bilan o‘z bag‘riga Qaqnus kabi ilohiy zotlarni, boylik, shonu shavkat, dabdabali hayotni hech, deb bilib, Uvays kabi yo‘qlik qa’ridagi mangu borliqqa intilib, Tangriga do‘st tutingan aziz-avliyolarni imlab chaqirgani tasodifiy emas. Eng qizig‘i, ummonida yutishga tayyor yuho nafsini yengib, o‘zini anglashi hamono Yaratganning dargohiga tobora yovuqlashgan avliyo zotlar aynan shahri azim yoki dashtu biyobonga emas, Kurrayi Zamindan yuksak bo‘lgani bilan Falak va Koinot hukmdoriga anchayin yaqin tog‘-toshlar, g‘orlar bag‘riga umtilgani bor gap. 
Asli g‘ilonlik, keyinchalik Boshqofda yashagan Mulla Qosim Boshqofiyni oladigan bo‘lsak, ul zot «Dil ba yoru dast ba kor» maqomida ish tutib, oddiygina xivchindan savat-gajava to‘qish hunari bilan tirikchilik qilib, tosh toqatu toat-ibodati bilan «Kalom» ilmini egallab, talab vodiysiga sayru sayohat qilib, yuz yoshining yuzini ko‘rib, pirlik maqomiga erishdi. Shayx foniy dunyodan o‘tganidan keyin ham, uning xilxonai-tuprog‘ini ham ko‘zga to‘tiyo qildilar. Tangrining xohish irodasi bilan Shayxning jonini tark etgan tanasi qabrga kirgach ham, Olloh zikrini aytishdan tinmadi. Zikri samo gulxani har oqshom lovullab yonib, qabr tuprog‘ini qaynatib, kuydirib, la’l-yoqutga aylantirdi. Uning tuprog‘i Tangri dargohiga olib boradigan yo‘l ustida bo‘lgani uchun Davri Qiyomatgacha yo‘qlab turiladigan bo‘ldi. Bulbul to‘rt-beshta tuxum qo‘yib, bola ochib, bor-yo‘g‘i bittasi sayroqi bulbul bo‘lib yetishib, qolgani jirtaki qush bo‘lib ketganiga ishonadigan bo‘lsak, Shayxning uch-to‘rtta farzandi ham oddiy tirikchilik girdobiga singib ketib, otadan meros mahzumlik ham ularning belini mayishtirib yubordi. Olti yoshligida otasidan saboq olib, o‘n yetti yoshida qorilik martabasiga erishgan kenja o‘g‘il A’lam Boshqofiy inchunun tiriklik deya yigirma yoshida uylanib, bir o‘g‘il, bir qizlik bo‘lganida oilasi bilan Sibirga badarg‘a qilindi. Salkam o‘n yil surgun azobi uning jufti halolini ham, ikki norasida go‘daklarini ham bag‘ridan yulib oldi. 
Berganiga ham, olganiga ham ming bora shukrona aytib, faqat Kalom sehru-sinoatiga suyanib yashagan A’lam Mahzum qishlog‘iga qaytib kelganida soch-soqolini qirov qoplagan, endi qirqdan oshgan bo‘lsa ham, qaddi qomati asoning boshiday ta’zimga chog‘-lanib ulgurgan edi. Qishloqdoshlar uni qo‘yarda qo‘ymay tengu-to‘shidan orqada qolib ketgan, endi hur qizlik sari yuz burib turgan namozxon bir qizga uylantirib qo‘yishdi. Mahzum ham otasi kabi azizlik dargohiga yo‘l olib, uning qulfi kaliti darvozasini ochib, endi bu dargohga bo‘ylamoqchi bo‘lib turganida ajal paykonidan otilgan o‘qqa nishon bo‘lib, jonini jabborga topshirdi. Xayriyatki, Mahzum otasi tuprog‘i yonidan joy oldi. Otani Vatan deydilar. Mahzumdan qolgan uchtagina zurriyodning birovi o‘g‘il bola edi. Ena tarbiyasini ko‘rib, undan «Haftiyak» savodini olgan Abdulhamid xuddi otasi kabi esini tanigani hamono toat-ibodatga berildi. Lekin uning o‘smirlik, balog‘at pallasida «Qizil» hukumat tazyiqi bilan eng chekka qishloqda ham namoz o‘qiydiganlar soni siyraklashib, yakkam-dukkam bo‘lib qolgan, bu toifaga yotsirab qarash avjiga chiqib borayotgan edi. Shul boismi Abdulhamid o‘n yetti yoshida ariza berib, harbiyga ketdi. Xuddi otasi kabi Novosibir o‘rmonida yog‘och kesish gavdasi kichik, ammo miltiqning o‘qiday shipillaydigan mulla yigitchaga ham nasib etdi. Bunday xizmat hech kimga naf bermaydigan, uch yillik umrni behuda o‘tkazishdan boshqa narsa bo‘lmasa ham, Mahzumning biroz bo‘yi cho‘zildi, oq yuzi badtar oqarib, qosh-kipriklari baayni qunduznikiday yaltirab, qoraydi. Mahzum xizmatda har qancha qiyinchilik bo‘lsa ham besh vaqt namozu, ro‘zani tark etmadi. «Oq qo‘yning go‘shtidan yemasang, bu yerlarning sovug‘iga chidash berolmaysan, o‘pkangni sovuqqa oldirib qo‘ysang, bir umr ranging somon bo‘lib o‘tadi» deya ichi achib, nasihat qilgan jo‘ralari, «churban, chyorn?y, ye? na zdorove» deya komandirlar tomonidan go‘yo rahm-shafqat pardasiga o‘ralganu aslida ta’na dashnom va kamsitishdan iborat o‘gitlar unga kor qilmadi. Bu o‘ziga xos soldat bir bo‘lak nonu ikki bo‘lak chaqmoq qandga go‘sht to‘la kosasini almashtirib, shunisiga shukr qilib yuraverdi. Bora-bora unga «b?vaet takoy verushiy» deya hech kim e’tibor bermay qo‘ydi. Tojikzabon bo‘lgani uchun rus tilini ham tez o‘zlashtirdi. Xizmatning ikkinchi yili o‘ng oyog‘iga og‘ir yog‘och tushib ketib, qirq kun kasalxonada yotib, sog‘ayganidan so‘ng ham unga javob berishmadi. Biroz yengilroq xizmat, yog‘och taxta omboriga qorovullikka qo‘yishdi. Faqat farz namozlarini o‘qib yurgan Mahzum endi sunnat namozini ham to‘kis o‘qiydigan bo‘ldi. Kam-kam xo‘rak qilgani uchun ham tahoratni mahkam ushlar, tong payti oyog‘ini yuvib, qalin paytavali etigini kiyib, besh vaqt namozni shinel ustida o‘qir, tez aytish kabi jadal o‘qilgan namozni birov bilib, birov bilmay qolardi. Niyat qilib yuz burgan tomonini qibla, deb o‘ylaganidan Ka’batulloh ham o‘sha tarafdan bo‘y ko‘rsatar, chap yelkadagi gunoh yozadigan farishta bemajol harakatsiz qolar, o‘ng yelkadagi farishtaning hisob-kitobiga baraka enib borardi. 
Kolya Mahzum namoz so‘nggida nohaq ayblanib, Sibir ko‘rgan begunoh ota jonining jannati bo‘lganiga yuz foiz ishonsa ham, qisqa tilovat bilan yetti pushti, ayniqsa, shayxil mashoyax bo‘lib o‘tgan bobojonini qo‘shib, duoyi xayr qilardi. Faqat shom namozi bundan mustasno. U har kuni bomdod namozidan forig‘ bo‘lgach, chin dildan pichirlab «La ilaha illolloh» kalimasini ming marta takrorlar va buning savobini otajonining ruhi-pokiga bag‘ishlar edi. Xullaski, Mahzum o‘z umrini behuda o‘tkazdi, deyish noqulay bo‘lar, ammo musofirlik chin musulmonlik eshigining mo‘‘jazgina kalitini hadya etdi deyilsa, ma’qul bo‘lar. 
Ayni may quyoshi Miroqi tog‘i etaklarini, zo‘rg‘a bir arava sig‘adigan toshli tog‘ yo‘llarining atroflarini boshiga yallig‘ cho‘g‘ qo‘ndirgan alvon lolalarga to‘ldirib tashlaganida, bir qo‘liga askar shapkasini olib, ikkinchi qo‘lida paner jomadon ko‘targan, onajonini tezroq ko‘rmoq ilinjida shoshilib o‘rmalab ketayotgan harbiyni ko‘rganlar Otincha ammaning o‘g‘li armiyadan qaytibdi-da, deya bir entikib quvonganlar ancha-mun-cha bo‘lgani rost gap. Otincha amma – onaizor o‘g‘lim otasizligidan o‘ksinmasin, deya yugurib-elib, qo‘shnisining bir ulog‘ini qarzga olib, qon chiqardi. O‘sha paytlar uch yillik armiyadan qaytish salkam urushdan sog‘-omon qaytish bilan bo‘ylashar, kolxoz nochor bo‘lsa ham Kolya Mahzumning «soldat to‘yi» uchun bir qozon osh damlab, to‘yga, deb ot qo‘yib chaqirgani ko‘pchilikning yodida qolgan. 
Endi buyog‘ini eshiting. Indamaygina yurib yigirma ikki yoshni bosib qo‘ygan ibodatgo‘y yigitning ko‘ngliga Tangri taolo ishqi allaqachon kirib ulgurgani va tobora zo‘rayib borayotganini kuzatib kelayotgan bo‘lsangiz kerak. Tavba degulik, qishloqda chakana qo‘y-echki boqib yuradigan Hayit cho‘ponning sho‘x-shaddod qizi Gulbahorning ishqi ham joy talashmay kira qolganiga hayron bo‘larlik. O‘sha kuni yozning yozilmagan pallasida Mahzum peshin namozini o‘qib, onajoniga rahmi kelib suvga yo‘l olgandi. Yolg‘izoyoq so‘qmoq to‘ppa-to‘g‘ri Burgut qoyaning naq kindigidan qiqirlab qaynab chiqadigan «Bibo» (tojikcha – yana keling) deb ataladigan chashma bo‘yiga eltadi. Mahzum so‘qmoqdan marjon topib olmoqchiday yo‘lga tikilib ketaturib, boshiga mis ko‘za qo‘ygancha ikki qo‘lini qanot qilib, xayol surib kelayotgan Gulbahorga urilib ketib, har ikkisining ham esi og‘ib qolayozdi. Qizning boshidagi ko‘za tushib, so‘qmoqda yonboshlab olib, ichidagi suv qiqir-qiqir qilib oqib yotganida, tog‘ lolasidek kiyinib olgan qiz bir chimirilib oldi-da: «Pisar garang shudage yo suqir», deya yigitga qarab nolish va noz qilayotir. Qizning ko‘zlariga yigitning ko‘zi tushganda kechirim so‘rash o‘rniga tili tutilib, duduqlanib qolganiga nima deysiz? Yigit endi kipriklari bir-birini achomlab, qalb ko‘zi bilan ko‘ra boshlagan yuragining tub-tubida bir pichirlash sado berayotgandi: 
– Men bu qizni o‘n to‘rt yoshimdan beri har doim tushimda ko‘raman. Ba’zan qiblaga yuzlanganimda ham joynamoz ustida paydo bo‘ladi. Bu xuddi o‘sha. O‘shaning o‘zginasi.
Qiz ko‘ngli: – O, bunaqasi, qayda yurgandi? Bu jodu ko‘zlar jonni oladi-ya. Anovi qaldirg‘och qanotiday mo‘ylab ostidagi yoqut lablar chashmada urchigan zulukday buncha bo‘saxo‘r!.. Essizgina man go‘rso‘xta, bekordan bekorga anovi xumkalla yigitga bor-yo‘g‘i bittagina nuqra uzuk olib bergani uchun ikki marta bo‘sa berib, quchog‘iga kiribman. Voy, biyijon, man mo‘ram!..
Buni bir ko‘rishda suyib qolish desak, andak xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lamiz. Suymoqqa yo‘yadigan boshqa bir iddao ham bor. Ular bir-birlaridan tamoman bexabar ko‘z-ko‘zga tushmay, tasodifan omadli oqqushlar kabi qanotlarini yozib kelib, o‘mganlari bilan bir-biriga urilgan ikki tarafning ham bo‘rtgan ko‘kraklari zarbidan og‘izlar ochilib, beixtiyor «xih» deb yuborgan va bu ovozga omixta nafas to‘lqinlari zarb bilan uchrashgani ayni muddao bo‘lib, yuraklardan ham avval balog‘atning muattar hidlari bir oniy visolga yetib ulgurganini aytmasdan bo‘lmas. Ishqilib bu ikki jinsning tasodifan to‘qnashib ketishidan Hisor tog‘ bag‘rida chinakam chaqmoq sodir bo‘lmasa ham qisqa tutashuvdan chiqqan bir qatim uchqun ham pishib-qovjirab qolgan xas-cho‘pni birdaniga olovga aylantirgani kabi ikki yurakni yondirishga qodir gulxanga aylangani rost. Bo‘lmasa Abdulhamidday Xudojo‘y, dunyo ko‘rgan yigit bor-yo‘q bisoti, onajoni, Gulbahor bo‘lmaydi, oti chiqqan qiz, deya yalinib-yolborganiga qaramay «U bo‘lmasa dunyodan toq o‘taman», deya oyoq tirab olganini nima bilan baholash mumkin?..
Ochig‘i xuddi o‘sha nikoh lahzasidan boshlab, Abdulhamid (ya’ni Ollohning quli bo‘lib, unga hamisha hamd-sano aytuvchi) bilan Borliqning egasi o‘rtasida botiniy parda hosil bo‘lganini farishtalardan o‘zga hech kimsa sezmadi. Mulla yigit bir paytlar xuddi shaxmatga o‘xshab ketadigan bu o‘yinni o‘smirlik chog‘ida Aspiduxtar qishlog‘idagi machit ayvonida o‘ynab ko‘rgan edi. Chamasi bu o‘yin «Arshi a’lo» deb atalardi. Narda toshi kabi to‘rt burchakli toshda 1 dan 4 gacha raqam yozilgan bo‘lib, taxta ustiga tashlaganda qaysi raqam chiqsa, o‘sha raqam joylashgan katakda «savob» yoki «gunoh» so‘zlari yozilgan bo‘lib, «gunoh» katagida ilon va ilonchalar bo‘lib, ularga tushgan yutilib, «gunoh» katagiga tushib ketar, agar raqamingiz «savob» katagiga to‘g‘ri kelsa, unga qo‘yilgan narvon orqali yuqorilab, bora-bora Arshi a’loga yo‘l olishingiz mumkin. Yoki aksincha, o‘yin davomida omadingiz kelmasa, mayda-chuyda gunohlar qurshoviga tushib qolib, Oliy dargohga sira chiqa olmasligingiz ham mumkin. Abdulhamid ham xuddi o‘sha o‘yin maydoniga tushgan o‘yinchi kabi Olloh dargohidan ko‘z uzmay, ammo tiriklik zavqi-shavqidan ham bebahra qolmay, hamma qatori sinov dunyosini g‘aribgina boshidan mardona kechirmoqqa bel bog‘lagan edi. Shoyadki, taqvoning barokotli qo‘li uning ham yoziqlarini o‘nglab yuborsa? Yo baxtki, Abdulhamidning chekiga tushgan pattaning savollari shu qadar og‘ir ediki, bu imtihondan eson-omon o‘tish tugul, unga ko‘z qiring tushishi hamono o‘zingdan ketib qolishing hech gap emas. 
O‘shanda Abdulhamid qizning yengil tabiati haqidagi yaqinlarining, hatto onaizorining gap-so‘zlariga ham qayrilib boqmadi. Majnunning devonaligi, Laylining beqiyos ishqiga mubtalo bo‘lganidan bizning mulla yigit ilon avragan chumchuq kabi Gulbahorga intilar, tahorat olib namozga chog‘langani sajdayi zaminga egilgani hamono Gulning ko‘zlariga to‘qnash kelar, tillari Ollohni ulug‘lashga chog‘lansa ham, yuragi titrab-entikib, uning nomini takrorlashdan charchamas edi. 
Bu yil tog‘da do‘lana mo‘l bo‘ldi. Tog‘olcha esa undan-da serob. Armiyada chiniqish maktabini yomon tugatmagan sobiq askar yulduzli kamarini belidan yechmay, amakisining qop-qora taxta eshigini va bir juft kajava savatini ijaraga olib, tog‘ oralab do‘lana qoqib, shaharga optushib, ko‘tara sotib, pulini olib qaytaverdi. Oshiqlik dardini boshidan o‘tkazgandan so‘ra. Uylanaman degan yigitning g‘ayrati jo‘shib, o‘n yigitning kuch-qudratini o‘ziga jamlab olishini hech kuzatganmisiz?. Ayniqsa, yoqtirgan qizingga «non ushatib» qo‘yishgan bo‘lsa... Qahramonimiz jussasi kichikroq bo‘lsayam, ilvirsday chapdastu chaqqonlik bilan ishga kirishib, onasini ham do‘lana terishga jalb qilib, bozorga qirq marotaba qatnab, to‘yga pul yiqqanini, qish-qirovli kunlarga qolmay bir uy, bir dahlizni paxsadan ko‘tarib, archa yog‘ochdan ustiga to‘sin tashlab, vassajuft terib, g‘arov qamish bilan yopib olganini, tep-tekis qilib shuvoqdan chiqarib, qo‘lbola eshik va rom o‘rnatib, oqlab chiqqanini, dahlizga albatta tashnob o‘rnatganidan bilsa bo‘ladiki, bu uy kelinposhshaga atalgan. 
Tog‘liklar to‘y dasturxoniga yegulik va ichgulikni mo‘l-ko‘l qilmasa ham, nikoh to‘yini eplab, e’zozlab, shodu xurramlik ila kashtasini keltirib o‘tkaza oladi. Mo‘minqobil yigit bilan shaddod qizning to‘yi ham hech kimdan kam bo‘lmadi. Lapar va o‘yinda, yor-yor aytishda, oyoq bosishda qiz tarafning yutib chiqqani ko‘pchilikning yodida qoldi. 
30-yilning «quloqlashtirish» davrida qizil hukumat «yot unsur»lardan tozalash tadbirida son ming oilalarni begona o‘lkalarga ko‘chirib yuborgan edi. 50-yillardagisi burungisiga ancha o‘xshasa ham biroz yumshoq bo‘lib, tog‘li vodiylardan xavorga, faqat paxta ekadigan yangi yerlarga ko‘chirishni boshladi. Endigina chillasi chiqib ulgurgan yosh oila ham ko‘pchilik bilan yangidan tashkil etilgan paxtakor xo‘jalikka kelib joylashdi. Omadni qarangki, bir oilaga mo‘ljallab qurilgan turna qator uylar to‘dasi bir-biriga o‘xshar, nomerlab qo‘yilmasa adashib ketish hech gap emasdi. Bu xuddi o‘sha hammani majburan teng qilib bir xilda o‘ylab, bir xilda bosh qotirishga da’vat qiladigan Qizil hukumatning azaliy taomiliga judayam yarashib tushgani qiziq. 
Gulbahor birinchi farzandini tuman markazida ochilgan tug‘ruqxonada topdi. U paytlar chaqaloq tug‘ilganidan keyin birdaniga onasiga ko‘rsatishmas, keyinroq emizdirib ketishsa ham alohida xonada saqlashardi. Yetti kunligida o‘g‘lini qo‘liga olib, Ramazon deb qulog‘iga azon aytib, ism qo‘yib bo‘lgan. Ota ko‘rdiki, bolasi aynan xabashga o‘xshash qop-qora. Tavba deyishdan o‘zga chora yo‘q. Hammamiz oq tanli, hech bo‘lmagani ham bug‘doy rang. Gulbahorning nasl-nasabida ham bunaqasi yo‘q. Bu kimga o‘xshadiykan? Yo qudratingdan! Gumon imondan ayiradi, deganlaridek, yosh otaning dushman ko‘ngliga nimalar kelmadi? Gulbahor xotirjam, uning bu holatini ko‘rib, yosh ota ham bir to‘xtamga keldi. Ollohning irodasi, berganiga shukur! Ilk bora Azonni joriya aytgan Hazrati Bilolday musulmon bo‘lsa bas. O‘sha kuni Ramazonning oxirgi kuni edi. Ertasiga hayit. Abdulhamid hayit namozini o‘qib kelib, o‘z-o‘ziga so‘z berdi: «Endi qolgan umrimni kunduzi ro‘zadorlik bilan o‘tkazaman, Olloh o‘zi kuch-qudrat bersin!».
Gulbahor erining nega bunday qilganini qancha yalinib-yolvorib so‘rasa ham aytmadi. Abdulhamidni saratonda suvsizlikdan lablari tars yorilib ketar, tashnalik azobi yengay-engay deb xuruj qilardi. Xuddi shunday holat qattiq qish paytida ham sodir bo‘lib, oq yuzlari ko‘karib, mijozi sovib ketar, bu qiynoqlardan baribir o‘tib ketaman, bolam o‘zimga o‘xshamasa ham o‘zim-o‘zimga o‘xshashim kerak, degan tushuncha jismi jonini egallab olgandi. U tirikchilik deya qishloq o‘rtasidagi paxta punktida qorovullik qilardi. Qirqdan oshib, qirchillama paytida nuroniy mo‘ysafid bo‘lib qolgani uchun qishloqdoshlari to‘y-ma’rakaga, ayniqsa, azador joyga ko‘proq aytar, mulla hech narsa ta’ma qilmay hokisor o‘tirib, duoyi fotiha o‘qir, ketishda nimani ep ko‘rib qo‘liga tutishsa, ko‘ziga surtib olib, nafaqayi ro‘zg‘or deb uyiga eltardi. Bu orada mullaning chalpakxo‘rlari 3 nafarga yetgan, to‘ng‘ichdan kichiklari otasiga ham, onasiga ham quyib qo‘yganday o‘xshardi. Katta o‘g‘il esa uydan ko‘ra ko‘chani yaxshi ko‘rar, bir ish qiladimi-yo‘qmi, daydib yurishni odat qilgandi. Bu orada ro‘y bergan yana bir ko‘rgulik mullani enasidan qayta tug‘ilgandek qilib qo‘ydi. 
Gulbahor ko‘chib kelgandan beri brigadir qo‘shnisining paxta dalasida ishlar, topgan-tutgani ketmon, tutolmagani armon bo‘lib yashardi. Lekin uning bir tomoniga yangi qishloqlik hamma ayollar havas qilishar edi. Bu ayol uch bolaning onasi bo‘lib, yana ketmonga bo‘lsayam kelinchaklik davridan qolgan har doimgi odati ertalab va kechqurungi pardoz-andozini tashlamas edi. Uning maydalab o‘rilgan qirq kokili ishlagan paytida qoshiga chambarak qilinmasa, turgan-bitgani malol. Ikki zulfining qarmoqi gajaklari, o‘sma va surmaga to‘yingan qosh-ko‘zlar yolg‘onchi so‘qir dunyoning ko‘zlarini ochib qo‘yishga qodir. Uni eridan qoniqmay, brigad bilan don olishadi, deguvchilar haqu nohaqligini isbotlash minnatidan yiroqda. Er ham nimanidir sezganday bo‘ladi-yu, ko‘z bilan ko‘rib, qo‘l bilan ushlab olmasa, nohaq tuhmatga aylanadi, deya o‘zini ishontirishga urinadi. 
Zamoni kelib, paxtani «qo‘shib yozish» boshlanganda, ba’zi birovlarning nafsi o‘pqoniga aylanib, bosar-tusarini bilmay qoldi. Qo‘shni brigad ham o‘sha kasofatdan quruq qolmagan edi. Cho‘ntagi suyaksiz go‘sht kabi lug‘ur pul ko‘rganidan har kuni burni qizarib yuradigan, biroq qoshi kabi qalin mo‘ylovi badtar kattarib, qulog‘i tagini qitiqlaydigan bo‘lib qolgandi. Harom luqma – harom hissiyotni tarbiyalab, urchitib beradi. Yana bir naqlni eslash joiz: «Funajin ko‘zini suzmasa, juvona ipini uzmaydi». Har ikkisini ham unutmagan holda aralashish nojoiz bo‘lsa ham, bu oqshomgi voqeadan ogoh etishga jazm qildik. 
Brigad kecha kechqurun plani yarim bo‘lsa ham, avans puliga paxta punktidan «ko‘pik» sotvolib, rejani bajargan, yo‘q paxtaning yarim pulini cho‘ntakka olib, shaharga tushgan, zahri qotildan besh-o‘n qultum yutib, bozor oralagan, bir kiyim xon atlasu farangi atirdan sotvolib, uyiga kelmay, kech bo‘lishini kutib, Gulbahorning uyidan chiqishini poylagan. Gulbahor ko‘cha boshidan bittayu-bitta jo‘mrak quvurdan suv olgani kelganida sovg‘a-salomni topshirgan, qoq yarim kechada qo‘yningga kiraman, deya izini qumga solgandan keyingi Gulbahor o‘ziga keldi. 
– Yo‘g‘-e, erim bilib qolsa nima bo‘ladi? Bolalar-chi, kattarib qolgan. Aytsa nima bo‘ladi, kattasi qo‘yvoradi... Xotinim bormi-yo‘qmi, demaydi. Kunduzi ro‘za tutib, kechasi qorovullik qiladi. Mijoziyam kun ba kun sovib borayapti. Meniyam tanim bir qo‘rg‘on, gul qo‘rg‘on, uniyam birov qo‘riqlab turishi kerak. U kishim bo‘lsa yo‘q paxtani qo‘riqlab tong ottiradi. Uzun kechalarda tong ottirish qanday qiyin? Faqat qoravoyim bilib qolmasa bo‘ldi. 
Abdulhamid shuncha yildan beri pokiza yurib, toat-ibodat qilsa ham, g‘ayb ilmidan bexabar edi. Biroq qorovulxonada xufton namozidan keyin uzundan-uzoq duoi xayr qilib, o‘rnidan turayotganda yuragi allanechuk gupurib ketdi. Ayni shu paytda suyukli xotin ham, qo‘shnichilik tufayli bir-birovidan kamida ikki haqi bir «mo‘min va mo‘mina» ham xiyonatning iflos to‘shagi tomon intilayotgan, eng qizig‘i ularga xalaqit beradigan birorta yovvoyi kuch bu yorug‘ dunyoda ko‘rinmayotgan edi. Hovli bilan punkt orasi odimlasa ming qadamga yetmaydi. Hech narsadan bexabar qorovul yaqinda bozordan olgan talg‘ir ho‘kizchasi ipga o‘ralib qolmadimi, deya xavotir olib, uyiga yo‘l olganida, paxta ortgan traktorlarning ham qadami uzilgan, qoq yarim kecha bo‘lgani uchun ko‘chadagi elektr chiroqlari ham o‘chib qolgandi. Abdulhamid qo‘lidagi xitoy fonarini yoqib, to‘g‘ri molxonaga bordi-yu, ho‘kizchadan xabar oldi. Oxuriga xashak tashlab, yelkasini qashlab qo‘ydi. Xotirjam iziga burilib, indamay chiqib ketsa bo‘lardi. Negadir oshxona tomonga o‘tib, bir krujka suv olib ichmoqchi bo‘ldi. Yo tavba, ichkarida erkak va ayol ovozi. Pardalar tushirilib ingichka sham yoqib qo‘yilgan shekilli, g‘ira-shira yorug‘ xiyonatning zil-zambil yukini ko‘tarolmay butun uyni, hovlini ham zulmat chohi sari sudramoqchi bo‘ladi. Fonar yorug‘ida begona erkakning brezent etigi ham, xotini uyda kiyadigan kovushi ham alkashib bir-biriga mingashib turardi. 
– Bu o‘sha, enag‘ar hamsoya brigad! Xah, kusfurush, xotintaloq, o‘zingniki yetmaganday endi tortinmay menikiga keldingmi?! Endi bularni joyida «harom shayit» qilib o‘ldirmoqdan boshqa iloj yo‘q!
Saratonda ham, qahratonda ham nafs jilovini mahkam tutib yuradigan zot, har ikki nafsi undan doimiy norozi bo‘lsa ham, ruhi va jismiga o‘chakishmoqchi bo‘lgan shaytoni la’inning bo‘ynini har lahzada sindiradigan odamning qarori to‘g‘riga o‘xshab ko‘rinadi. 
Xullaski, mulla xizmat chog‘ida aloqa qilib turadigan bor-yo‘g‘i ikki raqamni terib, navbatchi xodimga ulandi-da, «Ikki odamni jinoyat ustida tutib oldim, to‘ppa-to‘g‘ri paxta punktiga yetib kelinglar», deya tayin qildi. Keyin xotirjam bo‘lib, qo‘shtig‘dan o‘qni olib, kamarga joylab, tashqariga chiqib kutib turdi. To‘g‘risi, bu musicha kabi beozor mullani tumanda kattayu kichik birday tanir, izzattalablikdan holi bo‘lgan nurli yuziga qarab ko‘ngli yorishar, ayniqsa, melisalar uning gap-so‘ziga o‘ziga ishonganday ishonardi. 
Hash-pash deguncha ikki xodim beli bog‘liq mashinada yetib kelib, xizmatga tayyorligini aytishdi. Ular birgalashib mullaning hovlisiga yetib kelib, ichkari kirganda fahsh to‘shagida andarmon juftlik g‘aflatda qolib, yarim-yalang‘och titrab-qaltirab, bosh egib turardi. Qiyomatli qo‘shnichilikning naq yuragiga tig‘ sanchgan brigadirning qo‘lini orqaga bog‘lashib, bo‘limga olib kelishdi. Gulbahor esa bor bo‘yi bilan o‘zini mullaning oyog‘iga tashladi. Mulla etagini qoqib «osmondagi yulduzcha taloq» deya kufr so‘zni aytib yuborsa bo‘lardi. Lekin bunday qilmadi.
– Bilasan, haromdan judayam hazar qilaman, – deya gul o‘rnida badbo‘y hid chiqaradigan qora qo‘ng‘izni ko‘rganday jirkanib, etagini bir siltab tashqariga otildi. 
Har narsaning davosi vaqt. Oradan qirq kuncha vaqt o‘tdi. Mulla o‘sha nobakor qo‘shnining sudiga ham bormadi. Javobgar bor-yo‘g‘i o‘n besh sutka «mehmon» bo‘lib qaytib keldi. Biroq u qaytganda xotin, bola-chaqasi butunlay toqqa – ota-onasinikiga ketib qolgan, qancha yalinib-yolvorib borsa ham uyga qaytmaganidan mulla kabi kulbasida yolg‘iz tunab, ichkilikdan bosh ko‘tarmay qolgandi. Brigadirlikdan esa haydab yuborishdi. Oradan ikki-uch oy o‘tib «qo‘shib yozish» jinoyati ham ochilib ketib, qamoqqa olindi-yu, o‘sha yoqlarda qiynoqqa dosh berolmay olamdan o‘tdi. 
Ayol sho‘rlik bola-chaqa deb har narsaga ko‘nadi. Gulbahor yig‘lab-sixtab qayta-qayta bosh egib, erining huzuriga bordi. Mullaning tosh qotgan yuragi erimadi. Oxirgi borishda mulla ayolning afti-angoriga zimdan qaradi. Ozib-to‘zib ketibdi. Bevaqt ajinlar, sochlariga oq oralagan, pardoz-andozdan darak yo‘q, usti boshi ham nochor, ro‘zg‘ordan qiynalayotgan bo‘lsa kerak. 
– Anovi ho‘kizchani sotinglar-da, ro‘zg‘orga yaratinglar, o‘zinggayam, bolalarga ham issiq kiyim-bosh olinglar. Oylik maoshimni olsam yana pul yuboraman. Endi mening oldimga kelma! 
Gulbahor hech narsa deya olmay o‘kirib-o‘kirib yig‘lab ketdi...
Oradan uch yumalab uch oy o‘tganda qorovulxonaga lo‘li ayol keldi. Qizig‘i, uning qo‘lida to‘rvasi ham, tayog‘i ham yo‘q edi. Qo‘lida sumkacha, kiyinishi esa epini keltira olmagan. Bir qarashda xuddi Gulbahorga ham o‘xshab ketadi. Yo tavba, Gulbahor tilanchiga aylanib kelmadimi, ishqilib...
– Mulla aka, mana eshiting, bitta gap aytaman, jahlingiz chiqmasin...
Abdulhamid shoshilib cho‘ntagini kovlay boshladi. 
– Yo‘q, yo‘q, man xayr so‘rab kelmadim. Ay, mayli, Xudoning yo‘liga bitta so‘m bersangiz bo‘ladi. Iloyi baraka toping. Mulla aka, mani bir katta folbin Xumor degan ammam bor. O‘tgan yili o‘zidan-o‘zi fol ochib, bitta gap aytgan edi, man ishonmagan edim. Xotiningizning oti Gul, Gul, Gulbahormidi? Mana endi o‘zingizni ko‘rib chippa-chin ishondim. Tug‘uruqxonada maning bacham sizning bachangizga almashib ketgan. Jon mulla, shu bachalarni qaytarish qilsak. Bizning otamiz ham shunga qistayapti. 
– Man, man hali ro‘zg‘orda emasman, bilmadim...
– Buld-e... Ertaga bachani opkelib ko‘rsataman...
«Aytdima, o‘ylovdima, Gulbahor bu habashni qaerdan orttirdi». Mulla ich-ichidan allanechuk bo‘lib o‘rtanib ketdi. Ertasi kuni lo‘li bachani o‘z ko‘zi bilan ko‘rgach esa, to‘la iqror bo‘ldiki, bu o‘zining bolasi. Quyib qo‘yganday o‘zining yoshligi. Biroq Ramazonga oq sut berib katta qilgan Gulbahor nima deydi?
Ha, Gulbahor qaysarlik qildi. Bolalarni almashtirib olishga qo‘ymadi. Chunki Abdukarim lo‘li xotinni emib katta bo‘lgan. Undan orlanib turardi. O‘g‘il bolasi turmaydigan sho‘rlik ayollar o‘g‘il tuqqani hamono unga Turdi, Tursun, deya ot qo‘yib, ba’zisi begona xotinga emizib, ayrimlari eshak suti ichirib, echki yoki sigir suti bilan katta bo‘lganlari ham ota-onasiga mehr qo‘yib ketganini Gulbahor qaydan bilsin? U o‘zicha qilgan gunohlarimga Ollohning g‘azabi, deb o‘ylab ich-ichini yeb bitirmoqda edi. 
Lo‘li xotin oxirgi marta bolani olib kelganida mulla chidab turolmadi. Barcha ta’na-malomatlarni begunoh bo‘yniga g‘ulday osib, uyiga bordi. U xuddi aybdor kabi suyukli xotinining yuziga qaray olmasdi. Gulbahorni bir og‘iz gapirtirmay, tomdan tarasha tushganday shart qo‘ydi: 
– Agar Ramazonni o‘z onasiga qaytarsang, men sen bilan yarashaman!
Ikkilanib qolgan ayol hamma ayb o‘zida ekanini anglab yetdi-yu, o‘zingiz bilasiz, deya bosh egishdan boshqasiga yaramadi. Onasi emas, xuddi otasining qo‘ltig‘idan tug‘ilgan kabi unga judayam o‘xshash Abdukarim namoz farz bo‘lgan yoshga kirib qolgandi. Uni ibodatga tortish oson bo‘lmadi. Qolaversa, bolakay lo‘li mahallasida maktabga ham bormagan. Biroq zehni tez bolakay maktabda alifbo sabog‘i bilan otasidan ibodat sabog‘ini olib ulg‘aya boshladi. Ota unga shunday deb qulog‘iga quydi:
– Yaratganning haqiqiy quli bo‘lishga erishish inson bolasini ozod va erkin yashashiga yo‘l ochadi. Qolaversa, har mo‘min yetti pushtini bilishi kerak. 
Otaning shajara sabog‘i ham besamar ketmadi. Abdukarim o‘zidan o‘zligini qidirib topmoqqa kirishdi. Albatta, maktabni bitirsa, diniy madrasaga kirib o‘qimoqni ixtiyor qildi. Abdulhamidning ham yagona orzusi shu edi. Otasi barvaqt o‘lib ketmaganida taqdir yozug‘i boshqacha bo‘larmidi? Haliyam ming qatla shukurki, ota-bobolari orzulab o‘tgan, ammo ko‘rmagan yurt ozodligini ko‘rdi. Ko‘rgan-tutganini mahkam quchoqlab bag‘riga bosdi. Hurriyat shukronasi uning har tongi duolarining sarlavhasiga aylandi. Bunday ozod va farovon yurt yana qayda bor?
Gurkirab, gullab tugayotgan qovun palakning aynan tomiridan uni so‘litmoqchi bo‘lib nofarmon shumg‘iya to‘rsayib bosh ko‘targani kabi dinni niqob qilib olgan shumg‘iya oqimlar unda-bunda portlab chiqa boshladi. El-elat, mahalla qo‘y-ko‘ziga surtadigan mullani ham, uning o‘g‘lini ham o‘sha oqimlar rosa aylantirib qo‘ydi. Avval «vahhobiylar», keyin «xizbutchi»lar. Asl aynimas, deydilar. Sharofatli avliyolar naslidan bo‘lgan, hamisha nafsiga hukmini o‘tkazib kelgan shayxsifat odamni yengib bo‘larmidi? Yetti pushtidan meros qolgan dinga e’tiqod qo‘ygan Rasululloh (s.a.v) millati firqalarga bo‘linmas. Yurtini jon kabi suygan odamning imoni hamisha sog‘-omon. 
O‘sha noxush voqeadan keyin ham ikki qiz tug‘ib kattartirgan Gulbahor ancha-muncha songa kirib qolgan, kelin-kuyov to‘yida «Salomnoma» kitobini xushovoz ohangda o‘qib yurib, keyinroq «Bibi seshanba»ni ham o‘rganib olib, ayollar kayvonisiga aylandi. Mashoyixlikka intilib, unga yetolmayotgandan unchalik nadomat chekmayotgan qahramonimiz mahzumlik merosini binoyi uddalab, oxirat safari ozuqasini mo‘l-ko‘l qilayotganidan mamnunlik shukronasini qilsa bo‘ladi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.