OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Habib Siddiq. Hayotiy hangomalar

KALISH BOZORIDA

Bayram arafasida kalish bozorini  oralab o‘tishga to‘g‘ri kelib qoldi.
— Qannaqasidan izlayapsiz?
— Nechanchisi kerak?
— Manavini ko‘ring-chi...
— Rossiyanikidan oling.
Odam ko‘pligidan turtinib-surtinib zo‘rg‘a boryapmiz. Sotuvchilar kalishlarini tiqishtirishadi:
Mana buni ko‘ring-chi...
— Arzonrog‘idan kerakmi?
— Nechanchisini izlayapsiz o‘zi?
Savolni javobsiz qoldirgim kelmadi.
— Bozorda nechanchi kalish yo‘q ekan, deb qarayapmiz.

HAMMABOP KALIT

Hamkasblarimizdan birining yubileyi nishonlanayotgan edi. "Oltmishvoy"ni tabriklab hamma yaxshi so‘zlar aytadi, unga birov chopon, do‘ppi kiydiradi, boshqasi gilam, guldon tortiq qiladi.
— Yubilyarga nima sovg‘a olish to‘g‘risida ko‘p o‘ylandik, — dedi so‘zga chiqqanlardan biri. — Uzoq maslahatlashib hamma eshiklarga tushadigan kalit tortiq qilishni ma’qul topdik.
Davradagilar hushyor tortib quloqlarini ding qildilar.
— Bu kalit hammaga kerak bo‘ladi ... hamma vaqt kerak bo‘ladi. Bunaqa kalitga ega bo‘lishga hammamiz har vaqt intilib kelganmiz. Bu kalit o‘zida bo‘lishini xohlamaydigan odam hali dunyoga kelgani yo‘q. Bu kalit qanday qulf bilan berkitilganidan qat’iy nazar ko‘plab eshiklar, darvozalar va temir sandiqlarni ochishga qodir. Manna o‘sha kalit!
Notiqning qo‘lida pul solingan konvert turar edi.

SO‘RAGANINGIZ NIMA EDI?

Asab kasalliklari shifokori huzuriga xotinini olib kelgan kishi hasratini  to‘kib solib yordam so‘radi. Shifokor bemor ayolni ko‘zdan kechirar ekan, savol berdi:
— O‘zi parrandachilik mahsuloti, rangi oq. Nima?
— Tosh, — dedi bemor.
— Mana shunaqa ahvol, — dedi er xo‘rsinib.
— O‘zi tovug‘ingiz tuq¬qan narsa, usti qattiq, ichi suyuq, — dedi shifokor, bu gal tushuntiribroq — rangi oppoq. Bu ni¬ma o‘zi-a?
— Oppoq tosh.
— E-e, — dedi er xunobi oshib.
— Bo‘ldi, — dedi doktor, — be¬mor¬ni olib chiqa¬vering, davolanish uchun yo‘llanma yozib beraman.
Xotinini tashqariga olib chiqib qo‘y¬gan er xona¬ga qaytib kirib yo‘l¬lanmani olgach shifokorga rah¬mat aytib, dedi:
— Yana bir nar¬sa¬ni so‘rasam maylimi, do‘xtir?
— Bemalol.
— Agar mumkin bo‘lsa menga aytib bering, do‘xtir. Haligi so‘raganingiz nima edi?

YUZGA KIRING

Dunyoni suv bossa parvoyiga keltirmaydigan, yumshoqroq qilib aytganda dali-g‘uligina bir odam oltmishga kiribdi. Yubiley dasturxoni ustida do‘stlari, hamkasblari unga gohi bor, gohi yo‘q fazilatlarni yopishtirishib hamdu sanolar aytib, yaxshi tilaklar bildirishdi.
Tilimiz boy, serjilo va undan foydalanib gapning payrovini kerakli tomonga burib yuboradigan so‘zamol odamlar ham topilib turadi. Bu gal ham shunday bo‘ldi.
— Siz kamida yuz yoshga kiring, — deb jilmaydi hamkasblardan biri. — Men buni shunchaki aytayotganim yo‘q. Shunday bo‘lishiga ishonaman. Chunki, shu xarakteringiz bilan siz yuzga kirmasangiz, boshqa birov bu yoshga yetmaydi.
Davrada qahqaqa yangradi. Chunki gapning urg‘usi joyiga tushgan edi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.