OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Habibullo Tursunmatov. Ustoz (hikoya)

— Eldepeer! To‘xta! Ma’rakadan qolgan xotinday zipillab qolding? Uchastkovoy senimas, meni chaqirgan. 
Shu yerda tur. Kiray-chi, nima gap bor ekan? 
 It itoatkorlik bilan daha nozirining eshigi yoniga cho‘zildi. Egasi eshikni bir-ikki taqillatdi-da, javob kutmay ichkariga kirdi. 
 Allanima yozayotgan nozir Salimjon yalt etib qaradi-da, baqraygancha o‘tiraverdi. Shu holatda indamay so‘rashgani qo‘l uzatdi. 
 — O‘zingdan katta bilan so‘rashganda, o‘rningdan tur, ikkiqat xotinday yalpayib o‘tiravermay, — tanbeh berdi mehmon. – Yo keting kursiga yopishib qolganmi? 
 Nozir endi o‘ziga kelgandek dik etib o‘rnidan turdi-da, quchoq ochib: 
 — Otaginam! O‘rtoq polkovnik! Bormisiz shu olamda! – deya stol aylanib o‘tib, Po‘lat akani mahkam bag‘riga bosdi. Ertalab mahallangizdan yig‘i tovushi eshitilganday bo‘luvdi, lop etib siz esimga tushsangizda! Go‘rga tirik ekansiz-e! 
 — Gapning qilig‘ingdanam sovug‘-a, vey,—dedi polkovnik nozirning quchog‘idan zo‘rg‘a qutilib. – Nima balo, enangni qornidan to‘g‘ri muzga tushganmisan? 
 — Ha endi, issiq jon, bilib bo‘ladimi, otam, yoshingiz anchaga borib qoldi, — dedi Salimjon quvlik bilan iljayib. —Dakki berib turadigan ustozimdan ayrilib qoldimmi, deb qayg‘urib o‘tiruvdim-da . 
 Yayrab qoldim, deb hursand bo‘lgandirsan?
 — Yo‘g‘-e, hursand bo‘lib o‘libmanmi, bizga baqiroq tuyaning bori yaxshi. O‘lmang, umringiz uzoq bo‘lsin, ammo qadrdonimizsiz, po‘k etib oyoq uzotvorsangiz, bexabar qolmaylik deyman, xolos.
— Bo‘pti, o‘ladigon bo‘lsam, senga uch kun oldin xabar berib qo‘yaman.
Olapar xirillab hura boshladi.
— E-e, Eldepeer janoblariyam shu yerdamilar? — dedi nozir. –kiravermabdilar-da. Ichikib qolmanglar tag‘in bir-biringizga.
— Kirmaydi, postda turibdi,—dedi Po‘lat aka eshikka yurarkan. – Nima gap olapar?
 It egasiga qarab dumini likillatdi-da, o‘n qadamcha narida bezrayib turgan pakana, qora, jikkak kishiga, katta idoralarga bo‘lar-bo‘lmas shikoyatlar yozavergan uchun “qoraqalam” laqabini olgan Qobiljonga irillab, oldingi oyoqlariga boshini qo‘yib yotarkan, esnadi. 
 — Ha, Noqobil, senmiding ? — dedi Po‘lat aka bir oz ijirg‘anib. 
 — Shu itingiz o‘lmadi, biz qutilmadik-da, — dedi Qobiljon jig‘ibiyron bo‘lib, qo‘rqib yaqinlasharkan. — O‘zim xafsala qilib, biror to‘g‘ram nonga zahar qo‘shib berib tinchitmasam bo‘lmaydi shekilli. 
 — O‘zingning turgan-bitganing zahar-ku, nima qilasan yana zahar qo‘shib, — kuldi Po‘lat aka. – Sening qo‘lingdan ovqat yeguday bo‘lsa, til tortmay o‘lsa kerak jonivor... obbo, so‘rashamiz hammi?.. Keyingi paytlarda kunda-shunda bo‘b qolding, Noqobilvoy, uchastkovoyga agentlikka yollandingmi deyman?                 
 — Birinchidan, yulduzsiz polkovnik, men istagan joyimga boraman xohlagan yerimda turaman, sizga hisob berishim shartmas. Ikkinchidan, insonning ismini to‘g‘ri ayting. Mening ismim – Qobilbek! 
 U zarda bilan tars-turs yurib, nozirning xonasiga kirib ketdi. Chamasi Salimjon derazadan Po‘lat akaning itini ergashtirib keta boshlaganini ko‘rdi shekilli, yugurib chiqdi.
— Po‘lat aka, hali gapimiz tugagani yo‘g‘-u, qayga ketyapsiz ? Qayting. 
 — Shunaqami? Qoraqalam bilan maxfiy gaplaring bor shekilli deb ketayotuvdim-da. 
 — Bir masalada sizning fikringiz kerak. Po‘lat aka, — gap boshladi Salimjon xonaga kirib o‘tirishgach. — Biz Qobil akam, boshqa aktivistlarimiz bilan birgalikda uchastkamizdagi shubxali qonunga xilof ravishda xatti-haraktlar sodir yetishi mumkin bo‘lgan shaxslar ro‘yxatini tuzib chiqqandik. Ularni nazoratga olib olib, kerak bo‘lsa, tarbiyalash maqsadida.
Shuni siz ham ko‘rib chiqsangiz-da, fikrlaringizni aytsangiz. Ehtimol ro‘yxatga kirmay qolganlar bordir.
 Nozir tortmadan besh-olti varaq qog‘oz olib, uzatdi.
 Po‘lat aka ro‘yxatni varaqlab ko‘rarkan:
 — Ho‘-ho‘!—dedi boshini chayqab, — qishloqning yarmini tirkab qo‘yibsanku-a? Shularning hammasi jinoyatchimi?
 — Yo‘q, siz tushunmadingiz, — izoh berdi nozir. – Jinoyatchimas, ammo amaldagi qonun-qoidalarga xilof ravishda jinoiy xatti-harakatlar sodir etishi ehtimoli mavjud shaxslar.
 — Vey, odam tushunadigon qilib o‘zbekcha gapirgin, jiyan, bir balolarni chuldiraysan, uqib bo‘lmaydi.
 — Nimasiga tushunmaysiz? — dedi Qobiljon zarda qilib, — Ro‘yxatdagilarning lyuboyi jinoyat qilishi mumkin, demoqchi, jinoyat qilish moyil odamlar, demoqchi.
 — Hammasi-ya?! 
 — Hammasi.
 — Shularning ichida sen ham bormisan? 
 — Yo‘q. Men qonunlarni hurmat qilaman, ularga rioya qilib yashayman.
 — Ie, vey, nomard, tuxmatlar yozib, noqonuniy ishlar qilganing uchun sudga tushganingda, o‘zim bo‘g‘ib olib borgandim-ku, esingdan chiqdimi?
 — Ha endi ... U davrlar o‘tib ketdi, eski potoslarni kavlashtirmang.
 — Mishig‘ingni oqizib tavba-tazarru qilganingda, mahalla ko‘y rahmi kelib, kafillikka olgan. O‘zingni jazodan saqlab qolgan odamlarni qora ro‘yxatga tirkatibsan-a!
 — Kekirdagingizni cho‘zavermang! Shop-shaloplarngizni osvolib, melisaman deb, bo‘lar-bo‘lmasga odamlarni qamayveradigon davringiz o‘tib ketgan! Hammasi shubxali shaxslar.
 — To‘qson ikkiga kirgan Komil buvayam-a?
 — Yaramas chol! G‘irt bezori! Yoshini hurmat qilib salom bersam, so‘kinadi. Ko‘rishgani qo‘l uzatsam, teskari qaraydi. “olqindi” deb ot qo‘yvolibdi, qarang.
Po‘lat aka xo-xolab kulib yubordi. Salimjon ham iljaydi-yu, darrov jiddiylashdi.
 — Daxanaki janglaring cho‘zilib ketdi-ku, o‘rtoqlar, — dedi. — Bu yer janjalxona yemas.
 — Xo‘p ana, to‘xtatdik. Qobilvoy bilan ishlaring bitdimi? Bitmagan bo‘lsa, keyinga qoldir. Juda kerak bo‘lsa, qora ro‘yxatingni ertaga to‘ldiraverasan... Men ro‘yxat-po‘yxat qilib o‘tirmas edim. Uchastkamdagi odamlarning barini, kattayu kichigigacha besh barmog‘imdek bilardim.
 — Xo‘p-xo‘p, o‘rtoq palkovnik, gapni qisqa qiling-da, maqsadga o‘ting.
 — Kulbangni berkit, birgalashib qishloqni aylanib kelamiz.
 — Hozir-a? Kunduzi shartmikan?
 — Shart. 
 — Obbo...Qobil aka, xafa bo‘lmaysiz endi, oqsaqolning gapini ikki qilolmayman. Boshqa kelarsiz.
 — Sen Qoraqalamning gaplariga ishonaverma, pand yeysan, — dedi Po‘lat aka Qobiljon ketgach, yo‘lga tushisharkan — Pashshadan fil yasashga o‘rganib qolgan. Xudoga shukur, qishlog‘imiz tinch. Menga qolsa, yo‘qot qora ro‘yxatni. 
 — Itingiz ko‘rinmaydi?
 — Boya Normat puchuqning qanjig‘i ko‘ringanday bo‘luvdi...
 — Intizomli deb maqtardingiz?
 — E, uka, bu yoqda oyimcha turganda intizom esiga kelarmidi.
Gudurdagi Mallavoyning novvosini daragi chiqdimi?
 — Hozircha yo‘q. Qidiryabmiz. Chetdan kelganlarning ishi bo‘lsa kerak. Begona gruzavoy mashinani ko‘rishgan ekan o‘sha kuni kechqurun.
— Bo‘lsa bordur ... lekin shu yerlik sherigi bordur, chetdan kelgan qaydan biladi kimning nimasi borligini ... to‘yga atab boqayotgan edi. Kambag‘alni tuyaning ustida it qopgani shu.
— O‘zidayam ayb bor-da, aka odamlarga hayronman, hovlisining ko‘cha tarafini ochiq, nari borsa g‘o‘zarayadan yuzpardaga chavra qilib qo‘yishadi. Molxonalariyam omonat.
 — Gaping to‘g‘ri. Qishloqilar sodda-da. Hammaniyam o‘zlariga o‘xshagan halol deb bilishadi.
— E, hozir halol odam qoptimi.
— Unday dema, besh qo‘l barobarmas. Qilvirdan ko‘ra to‘g‘ri odamlar ko‘p. Yomonlarni jilovlash sening vazifang. Halqning nonini halollab ye.
— Sizningcha, men ishlamasdan bekorga maosh olyapman ekan-da? Shunaqami?
— Darrov jirillama-da. Juda sust qimirlaysizlar. Mana, Mallavoyning molini olaylik: ikki xafta bo‘ldi, gapingning mazmunidan haliyam iziga tusholganlaring yo‘q. Vaqt jinoyatchi foydasiga ishlaydi.
— Nari borsa sobiq efreytorsiz-u, aql o‘rgatganingiz-o‘rgatgan,—dedi Salimjon jahli chiqib. — O‘z aravangizni torting, nima qilasiz organning ishiga aralashib.
— Men aytdim-qo‘ydim. Bosh deb qovoqni ilvolagan bo‘lsang, keragini olasan, keraksizi qolaveradi.
 Qishloq chetidagi hashar bo‘layotgan xonadonga kirishdi.
— Endi, nachalnik, yosh kelsa ishga, degan eskilar. Birpas qarashvoramiz-a? — dedi Po‘lat aka salom-alikdan so‘ng Salimjonga. — Hoy, Sadirvoyning o‘g‘li, eski ustvoshlaringdan bormi? Salim akangga topib ber.
 — Bor, bor, topamiz.
Salimjon uy yegasi uzatgan ish kiyimni irganibroq, istar-istamas olib, panaroqqa o‘tib, almashtirib keldi.
 — Ikkovimiz sherik bo‘lib loy tashimiz, xo‘pmi? — dedi Po‘lat aka chetroqda turgan zambilni ushlarkan. Soyada dam olayatgan oyoqlari loy yigit yugurib keldi.
 — Siz qo‘ying, otaxon, akamga men sherik bo‘laman.
 — Ha, mayli, qani yigitlar! Chaqqon-chaqqon qimirlanglar! Kun yarim bo‘lyapti, hali yarminiyam bitirmabsizlar, hoy, Sadirboy, bittagina o‘g‘ling bor, shuncha uy turib yana qurilish boshlabsan-a? 
— O‘zbekning ishi shu-da, aka, yo uy qurishi kerak yo to‘y qilishi. Bo‘lmasa, puli ko‘payib, hovliqib ketadi-da, qimor o‘ynashga tushadi,—dedi devor urayotganlardan biri. 
— Ha aytganday, Dolimboy, Qayum polvon qarzini to‘ladimi? — so‘radi unga guvalak uzatayotgan yigit.
 — To‘ladi, qoyil qoldim!
 — Hammasini-ya? Ikki yuz mingni-ya?
 — Hammasini! Alkash bo‘lsayam so‘zining ustidan chiqadigan yigit ekan.
 — O‘sha kambag‘alni buncha chuv tushirmasalaring. Gardkam? Uyida yegani noni yo‘q. Bolalari qishni yirtiq kalishda chiqarishdi.
 — O‘zidan o‘tdi-da, bizga nima. Puli qolmasayam xiralik qilb turib oldi. Qo‘y aka, tushib qolasan, deganimizga quloq solmadi. Achchiq ustida “Bo‘pti! Ot” devordim. “Yo pirim, madad qiling!“ deb otuvdi, chamamda, piriyam mast bo‘lib ichib olganmi, oshiga chiqqa tushib turibdi-yu!
 — Qanday charchab qolmadingmi?— so‘radi Po‘lat aka qaytisharkan.
 — E, Salimjon qavog‘i osilib qo‘l siltadi. — Rasvo qildingiz. Charchash ham mayli-yu, melisa vakili shumtirab loy tashib yursa, obro‘yi qoladimi? Bemani qiliqlaringiz bor-da.
 — Mehnatning aybi yo‘q,o‘g‘lim. Qaytaga shunda obro‘ying oshadi. Odamlar taniydi, hurmat qiladigon bo‘ladi. Elga aralashib yursang, Qobil qoraqalamga o‘xshaganlarning yetoviga yurib, har bir odamdan shubhalanib qora ro‘yxat tuzib yurmaysan. Boya qimorbozlarning gapiga etibor berdingmi?
 — Ha.
 — Qayumni qattiq tekshirish kerak.
 — Hisobga opqo‘ydim. 
— Ana ko‘rdingmi, hasharga kelib ziyon ko‘rganing yo‘q. Ehtimol biror jinoyatning uchini topib olarsan shu bahona.
— Ko‘ramiz. 
Yon ko‘chadan yugurib chiqqan o‘n olti-o‘n yetti yoshlardagi o‘smir ularga urilib ketyozdi.
—To‘xta, bola!—dedi Po‘lat aka uning qo‘lidan tutib.— Nima gap? Buncha hovliqasan?
— E, anavi bolalar uramiz deb quvib kelishyapti, — javob berdi o‘smir hansirab, uning ortidan chopib kelib, o‘n besh qadamcha narida to‘xtagan o‘zi tengqur uch yigitchaga ishora qilib.
— Shunga qochib yuribsanmi? Obbo sharmanda-ey!
— Ular uch kishi-da, bo‘lmasa-yu...
— Hoy, zo‘pidinlar! Qani, bu yoqqa keling-chi! — buyurdiPo‘lat aka zug‘um bilan. O‘smirlar hayiqishib,sekin yaqinlashishdi.
— Uch yigit bir kishiga tashlanishga uyalmaysanmi? He jipiriqlar!
— Mahallasiga to‘yga borsak buyam o‘rtoqlari bilan bizni uradi-da,— to‘ng‘illadi gavdalirog‘i.
— Menga qara, mehmon bola, agar yakkama-yakka chiqsa, birortasiga kuching yetadimi? — so‘radi Po‘lat aka.
— Obbo jo‘jaxo‘roz-ey. Hozir ko‘ramiz. Qani qaysi biring chiqasan?
— Ey, Po‘lat aka, nima qilyapsiz! — arlashdi Salimjon. — Bularni mushtlashtirmoqchimisiz? Darrov uy-uylaringa tarqalinglar-chi! Jo‘na.
— Sen tek turib tur nachalnik, — dedi Po‘lat aka iljayib. — Nega bezrayib qolishding? Yurakliliging bormi oralaringda?
Boya gapirgan bola oldinga chiqdi.
— Hm. Kataroqqa o‘xshaysan-ku, sen xumpar. Ha mayli. Men sudyalik qilaman. Agar yiqilsang ,— Po‘lat aka shu yerlikni nuqidi, — hammang yengilgan hisoblanasan, ikkinchi bu yigitga, qaerda bo‘lsayam yaqin yo‘lashmaysan, kelishdikmi?
— Xo‘p.
— Boshlanglar.
Ikki o‘smir bir-biriga hezlanib, jo‘jaxo‘rozlardek aylana boshladilar. Birinchi bo‘lib mahalliy bola hujum boshladi. Ammo raqib chap bergani uchun munkib ketdi. Shu zahoti o‘zi gardaniga musht yeb cho‘kkalab qoldi. Mehmon bola yepchil, chayirgina ekan, raqibi o‘ziga kelguncha bo‘lmay yelkasiga tepib yuz tuban yotqizdi.
— Bo‘ldi, yetarli!— dedi Po‘lat aka o‘rtaga tushib.— Barakalla.
U g‘olibning yelkasiga qoqib qo‘ydi. So‘ng uch taqibchiga yuzlandi. 
— Senlarni hamqishloqlaring deyishgayam uyalaman! Sharmanda qilidilaring. 
Uch birday yigit bitta odamga dam qilishdan oldin boshlaringa ro‘mol o‘rab olishgin. Qishloqdan o‘tib ketayotgan yo‘lovchi bolalarni ko‘pchilik bo‘lib urganlarning ilgariyam eshitgandim-u, ishonmagandim. Ota-onalaring tuppa-tuzuk odamlar-a!
 O‘smirlar boshlarini yerdan ko‘tarolmay ortlariga qaytib ketishdi. 
— Bemani ish qildingiz! — dedi Salimjon yo‘lga tushishgach, qizishib.— Qaytarish o‘rniga urishtirib o‘tiribsiz-a! Tag‘in mening oldimda! 
— Nima bo‘pti? O‘g‘il bola mushtlashishniyam bilishi kerak. Kichikligidan tengqurlari bilan urishib-talashib pishmasa, qanaqa yigit chiqadi undan? Armiyaga borsayam o‘zini himoya qilomay mishig‘ini oqizib keladi.
— Sizga gap topib berish qiyin,—deb qo‘ydi Salimjon qo‘l siltab.

* * *

Darvozani kimdir gumburlatib uch-to‘rt mushtladi. So‘ritok ostidagi so‘richada sochsiz boshiga ho‘l ro‘molcha tashlab, qo‘sh yostiqqa yonboshlab, belbog‘i bilan yelpinib yotgan Po‘lat aka cho‘chib tushdi. 
— Hozir! — deb qichqirdi zarda bilan.
Tashqaridagi odam eshitmadimi, yana bir ikki mushtladi.
—Hu! Bas qil kim bo‘lsang ham!
Po‘lat palkovnik orqasi yirtiq eski kalishni oyog‘iga ilib, yaktagining u yoq-bu yog‘ipni to‘g‘rilab, darvozaga yuzlandi. Eshikni zarb bilan ochdi. Nozir Salimjonni ko‘rib battar jahli chiqdi.
— Aytuvdim, biror qilig‘i sovuqdir deb. O‘zlarimi? Ha yenangni qo‘shnog‘arasimi mening darvozam, tinmay daranglatasan?
— Kimsiz? — do‘q bilan so‘radi nozir qovog‘ini uyib.
— A? Biron joyda yotib qolib jin-pin chalib ketdimi seni, bolam?
— Fuqoro! Savolga javob bering ! Eshmatovmisiz?
— Yo‘q katta yenangni eriman!
— Maynavozchilikni bas qiling!
— Ha ho‘p Eshmatovman! Xo‘sh?
— Sizga povestka bor.
— Povestka ?
— Ha, mana. Tilxatga qo‘l qo‘ying-da, tez oldimga tushing! Soat o‘n birga yetkazib borishim kerak. Tez bo‘ling!
— To‘xta,bola Pensioner odamga bekordan-bekor povestka jo‘natadigon enag‘ar kim yekan? — dedi Po‘lat aka nozir tutqazgan qog‘ozning orqa-oldini aylantirib ko‘rarkan. — Ko‘zoynaksiz ko‘z olmaydi,savil ... Qani o‘zing o‘qi-chi. 
— Xo‘p, eshiting. Fuqoro P. Eshmatovga. Siz bugun, yani oltinchi iyun kuni tuman ichki ishlar bo‘limiga yetib kelishingiz kerak. Kechikkan yoki kelishdan bo‘yin tovlagan taqdiringizda, tegishli qonunlarga asosan jinoy javobgarlikka tortilasiz. Tuman ichki xizmat bo‘limi boshlig‘i Z.Inomov. Tushunarlimi? Qani tez oldimga tushing. O‘zim oborib tapshira qolay.
— Maynavozchilik qilayotgan bo‘lmagin tag‘in, ho‘ bola.
— Fuqoro Eshmatov! Birinchidan, men emasman, tuman ichki ishlar xizmati vakiliman, ikkinchidan, men xizmat vakiliman, ikkinchidan, men xizmat vazifasini bajarayabman senlamang.
— Xo‘p bo‘ladi. Grajdanin nachalnik!— dedi Po‘lat aka g‘oz qotib.— Ruxsat eting, kiyinib chiqay. 
— To‘yga ketyapsizmi, yasanasiz? Noqonuniy ishlaringiz uchun javob bergani boryapsiz! Tez qimirlang, imillamang!
— Kallang bormi, bolam, axir nachalnikning oldida yirtiq kalishda sorpaychan boramanmi! “Polkovnik” kiyimini almashtirib chiqdi.
— Qoida bo‘yicha naruchnik solib olib borishim kerak-ku: endi. Mayli, sobiq hamkasbim bo‘lganingiz uchun kishanlamay qo‘ya qolay-a? – dedi nozir mamnunligini yashirmay, — lekin qochishga urinsangiz, shartda otib tashlayman.
 Odatda har gapga o‘rnida javobni qotiradigon Eshmatov militsiyaga kechagina kelgan bu yigitchaning po‘pisasini eshitmaganlikka olib qo‘ya qoldi. Indamay mototsikl aravachasiga o‘tirdi.
— O‘rtoq nachalnik nimaga chaqirtiydikin, bilmadingizmi, o‘rtoq uchastkavoy? — so‘radi soxta muloyimlik bilan.
— Nimaga bo‘lardi, ustingizdan bir dunyo shikoyat tushgan fuqorolardan. Razborga chaqirgan-da.
Daha noziri eski mototsiklni ancha urinib zo‘rg‘a o‘toldirdi. Boshliq xonasiga avval nozir kirdi. Bir zumdan keyin bo‘shashibroq chiqdi-da: 
— Kiring, Po‘lat tog‘a, boshliq chaqiryabdi, — dedi qabulxonada kutib o‘tirgan hamrohiga. 
— O‘rtoq nachalnik, otstavkadagi yefreytor Eshmatov chaqiringizga binoan keldi! – dedi boshliq o‘rnidan turib, quchoq ochib unga peshvoz kelarkan.— Pensionerman deb uyda yotvolmang-da, unaqa. Chaqirmagunimizcha kelmaysiz ham? 
 U Po‘lat aka bilan qadrdonlarcha quchoqlashib ko‘rishdi, qo‘ltiqlab kelib, yumshoq kresloga o‘tqazdi. Choy quyib uzatdi.
 — O‘zingiz povestka jo‘natarsiz, deb odob saqlab o‘tiruvdik-da. Boshliq keyin kirib, eshik yonidagi stulda omonat o‘tirgan nozirga ajablanib, savolomuz boqdi.
 — Po‘lat tog‘aga jinday hazil qiluvdik povestka yozib, — dedi leytenant qizarib, — Uzr.
 — Obbo sizlar-ey. Bunday qilmanglar, — xodimga tanbeh bergan bo‘ldi boshliq. — Shogirdlaringiz sizga bir oz erkalik qilishibdi–da. Ko‘nglingizga olmang, Po‘lat aka, biz sizni juda hurmat qilamiz. 
 — Rahmat, uka, rahmat, mingga kiring, ilohim general bo‘ling.
 — Sizni taklif qilishdan maqsad, avvalo sizni ko‘rgimiz kelib, suhbatingizni sog‘inganmiz. Organda uzoq ishlab xo‘p chiniqqan, ko‘pni ko‘rgan odamsiz. Ayrim masalalarda sizdek faxriylarimizning tajribalaringiz, maslahat, yordamlaringizga muxtoj bo‘lib qolamiz. Malol kelmas-a, aka? 
— Yo‘q-yo‘q, bajonidil.
— Juda soz, raxmat, Bilasiz, mana shu yigitni sizning qishlog‘ingizga daha noziri qilib yuborganimiz yaqinda. Bizning sohada yangi. G‘ayrati, intilishi yomonmas, lekin tajribasiz.
— G‘o‘rlikka o‘r, – dedi Po‘lat aka nozirga ko‘z qirini tashlab. —Xonasida o‘tirvolib qog‘oz titkilagani-titkilagan, qishloqni kam aylanadi.
— Tanqidingiz o‘rinli, — dedi boshliq.— Salimjonning xatosini to‘g‘ri anglabsiz. Albatta, uchyot ishlari ham bekami-ko‘st bo‘lishi kerak. Bu borada Salimjon akkuratniy xodim, bu yaxshi. Ammo asosiy ishimiz odamlar bilan ishlash, biz doim odamlar orosida bo‘lishimiz zarur. Sizni taklif qilishdan murod ham aslida, shu. Salimjonga o‘zingiz murabbiylik qilsangiz. Odamlar bilan ishlashda boy tajriba to‘plangan faxriyimizsiz.
— Albatta, — dedi Po‘lat aka taltayib,— organda yigirma besh yildan ortiq benuqson ishladik. Xudoga shukur. Mana, o‘zingiz achyotni gramata berib pensiyaga chiqardingiz, otangizga raxmat.
— Kam bo‘lmang. Salimjonning yoniga kirib qishloqni boshqarishga yordamlashsangiz. Albatta, vaqti–vaqti bilan ro‘zg‘or yumushlaridan bo‘shaganda. Baholi qudrat maosh ham to‘lashimiz mumkin. 
— Oylikning keragi yo‘q, pensiya tirikchilikka yetib turibdi. Yordam beraveraman.
— Juda soz. O‘rtoq Amurov, — boshliq Salimjonga murojaat qildi. 
— Po‘lat aka ancha yil uchastkavoy bo‘lib ishlagan. Uchastkasi rayonda eng namunalilardan edi. Xalq unga bekorga “polkovnik” nomini bermagan. Bu kishida juda ko‘p narsani o‘rganishingiz mumkin. Uqdingizmi? 
— Xuddi shunday, — dedi Salimjon bo‘shashibroq. – Ketishga ruxsat eting, o‘rtoq podpolkovnik.
— Ruxsat. Qabulxonada kutib turing, birga ketasizlar. Nozir bilan deyarli teng Po‘lat aka ham qo‘zg‘aldi.
— Yo‘qlaganingiz uchun rahmat, uka, — dedi boshliqning qo‘lini jo‘shqin qisib.
— Salomat bo‘ling.
 Boshliq Po‘lat akani qabulxonaga kuzatib chiqib, xayr –xo‘shlashib, ortiga qaytdi.
 Qabulxonada qovog‘idan qor yog‘ib o‘tirgan Salimjon boshliqning eshigi yopilishi bilan Po‘lat akaga qaramay tashqariga yo‘naldi. 
 Ikkovlon bir-biriga qaramay, so‘z qotmay mototsikl yoniga borishdi. Nozir ko‘p tixirlik bilan o‘t oladigan ulovini yurg‘izishga unnay ketdi. 
 — Bu deyman, o‘rtoq leytenant, xuddi katta otangni ko‘mib ko‘mib kelayotgandek motamsarosan-a? — dedi Po‘lat aka nozirning yelkasiga turtib. — Bunday qovog‘ingni och-e, uka yurakni siqvording-ku! 
 — Nimaga xursand bo‘lishim kerak?— to‘ng‘illadi Salimjon. — Boshliq sizni sal tiyib qo‘yar desam, bo‘ynimga osib qo‘ya qoldi.
— Endi, jigarim, dod desang ham, faryod desang ham chidaysan, jiloving mening qo‘limda endi. Eshitding-a, nachalnikning gapini, seni tarbiyalishim kerak. 
 Salimjon allanima deb to‘ng‘illadi, ammo o‘t olgan mototsiklning gurillashidan uqib bo‘lmadi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.