OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Husniniso Ahmedova. Laylakqor, azizim…(hikoya)

Yanvar oyidagi quruq ob-havo fevral kirishida ham o‘zgarmadi. Yangi yilni ichki bir dilgirlik bilan qorsiz kutib olsak ham, ko‘nglimizda hali ikki oy qish fasli bor-ku, degan umid yo‘q emasdi. Qishning so‘nggi oyi qisqa bo‘lgani uchunmi, kunlar ham bir tutamdek tuyulardi. Hademay bahor va uning birinchi kunidan Ojiz momo eshik qoqib turadi. Ojiz momo nari borsa, bir hafta, o‘n kuncha hukmronlik qiladi, xolos. Lekin irim-sirimlarga ishonadiganlar shu kunlari yuvinishmas, hatto bosh ham yuvishmas ekan. Ojiz momo havoni isitib, birdan izg‘irinni ufurib yuborsa, bosh yuvgan odam qaltiroq bo‘lib qolarmish. Hatto saratonda ham qalt-qalt titrab, sovuq urgandek, tomirlaring tortishaverarkan. Ayniqsa, Ojiz kampirdan singlim Chinnixol o‘lgudek qo‘rqadi. Ojiz momo kunlarini kalendardan topib, qizil to‘rtburchakning ichiga olib qo‘ygan.
Bizning Chinnixol o‘zicha shoira. Rayonimizning «Bayroqli Oktyabr» gazetasida shapaloqdek surati va «Buvim 80 yoshdalar» degan she’ri bosilibdi. Kasallikdan iligi qurib, cho‘zilib kolgan enam gazetani ko‘rgach, umuman yotmadi, qurushqoq yelkalari to‘rtta parquv bolishga botib, dikkayib o‘tiraverdi. Enamning quloqlari og‘ir bo‘lgani uchun, Chinnixol yozgan she’rini baland ovozda uch-to‘rt qayta o‘qib berdi.
Enam xursandligidan hatto ko‘zlariga yosh ham oldi. Keyin kulimsirab, opamga im qoqdi:
–Eshitdingma, Toshxol, Chinni qanday she’rlar jozayapti. Qizingni suratini ko‘rib qo‘y. Ey, sen she’r nimaligini qanday ham bilgin, – deydi-da, uzun, sertomir qo‘llarini cho‘zib Chinnixolning yelkalarini silaydi, e-vay, qarqunoqdan chiqqan bulbulchamdan aylanay o‘zim.
Qarqunoq degan so‘zga opam xafa bo‘lmaydi. Chunki enam uning qizini «bulbulcham», deb erkalab-suyayotgan bo‘lsa, nimaga xafa bo‘lsin.
Ayniqsa, enamning holini so‘ragani qo‘shnilardan birortasi chiqib qolsa, enam suyukli nabirasini maqtash asnosida, bir-ikki og‘iz yolg‘on so‘zlarini ham qo‘shib yuboradi:
– Gazetti raykomimiz kattasi o‘qibdilar. «Him-m, birinchi maktabning sakkizinchi a sinf o‘quvchisi Chinnixol Abdurahmatova kim bo‘ldiykan, kimning qizi ekan», – deb so‘rog‘latib jotganmishlar. Raykomimiz, zo‘r odam-da, hi… Enam, ayniqsa, o‘zining hamqishlog‘i bo‘lgan, y va o harflari yoniga j harfini qo‘shib ishlatadigan Ilashoy chechaga Chinnixolning maqtovini haddan oshiradi:
– Sen manov gazetti och! Chinnini surati, menga atab jozgan she’ri bor. Sen Chinnixol Abdurahmatova, deb jozilgan joyini tovib o‘qi!
Ilashoy checha gazetaning orqa-oldini aylantirib ko‘rib chiqadi.
– Tojikcha jozilg‘an ekan.
– Voy, bir beti o‘zbekcha-ku. Sen ichini o‘qi. Ilashoy checha she’rni o‘qib, haqiqatan ham to‘lqinlanib ketadi.
– Voy, Chinnixol, bu she’rni o‘zing ichingdan to‘qib, jozdingma? Zo‘r-a, zo‘r! Ko‘zingga o‘lay, Chinnixol, meni qizchamga ham she’r jozishni irgat. Men kelib, Toshxol opachamning ul-bul ishiga qarashib ketaman. Mingbulaqdan birato‘lasi ikkita shoira chig‘sa-chig‘ipti. Maylimi?
– Jo‘q, bo‘lmaydi, – cho‘rt kesdi enam. – Shoirlar xudodod bo‘lishadi. Ularga she’r jozishni irgatib bo‘lamikan? Ularning qulog‘iga parishatlari aytib turib, jozdiradi. Seni hamjurtim, deb aytaman, shu qiz katta bo‘lsayu, joyiga tushsa, katta shoyir bo‘p ketadiyov.
Ilashoy chechadagi ko‘tarinkilik tushib ketdi. Qovog‘ini uydi. Gazetni to‘rt buklab, enamni yostig‘ining tagiga tiqib qo‘ydi.
– Qiz bolani shayirligi go‘r bo‘lami?! – dedi enamga eshittirmay.
Enamning maqtanishi uchun bittagina she’r kamlik qilardi. Axir, yostiqdayin-yostiqdayin kitob yozsa, keyin uni hamma taniydi-da. Enam Chinnixolni oldiga chaqirdi. «Qog‘oz-qalamingniyam obke», – dedi.
– Men aytib turaman. Sen jangi-jangi she’rlar jozasan.
Chinnixol enamning yoniga yaxshilab joylashib o‘tirib oldi. Haqiqiy shoirlardek o‘yga botdi. Lekin ochgan daftariga nima deb yozishini bilmadi, shekilli, avtoruchkasining ketini og‘ziga tiqib, tishlari orasida aylantira boshladi.
– Joz, – dedi enam. – «Ey xudoyi mehribon! Qishing qishdek kelsin, qorlar yog‘sin, nonlar yog‘sin. Bahorda shig‘ilatib-shig‘latib jovirlar jovsin. Jozing jazillama bo‘lsin. Kuzagingga baraka bersin». Shulardi juvar.
Hamon ruchkani aylantirib, bir nuqtaga tikilgancha baqrayib o‘tirgan Chinnixolning shoira bo‘lishini astoydil istaganidan enam o‘zi she’r to‘qiy ketdi.
– Qishda qorlar jovsin,
Kuzda jovirlar…
Ana-a ! Ko‘rding-ma? Shuytib jozaversang, keyin qo‘ling o‘nglanib ketadi. Jurtimizga, elimizga laylakqorlar jovsin, deb joz.
Chinnixol baqraygancha o‘tirdi, o‘tirdi-da keyin birdan she’r to‘qib yubordi:
Laylakqor, azizim, nechun yog‘maysan?
– Ha, ana, kelayapti. O‘rta-o‘rtasiga xudoniyam otini qo‘shib joz. Bandalaringga rahming kelsin, deb, joz.
Chinnixolning avtoruchkasi qitirlashdan to‘xtab, o‘zi enamga umid-vor termuldi:
– Xudoni qaytib qo‘shib yozaman.
– Ey noshud bola! Qadimgi shoirlar, «Rahm aylayu, yomg‘ir yog‘dir sultonim», deb qurg‘oqchilik jillari dostiqdayin-dostiqdayin kitoblar jozishgan.
–Hozir, Xudoni qo‘shsang, she’ringni chiqarishmaydi. Partiya, Leninni qo‘shib yozsang, keyin chiqarishadi, – bilag‘onlik qildim men.
– Laylaqqorni partiya bilan Lenin jovdirama, jibirjaqa! – meni urusha ketdi enam. – Jovir jovdir, sultonim, deb jozg‘anlarni kitabini chig‘aradi. Bizaram, ey xudojon, qor jovsin qishlarimizda, deb xudoga nola qilsak, nega chig‘armaykan? O‘sha chig‘armaydiganini oldiga oppor meni, bir jig‘-jig‘ini ezib kelay.
Enam yelkasiga yostiqlar tirgak bo‘lmasa, turib o‘tirolmasdi.
Ko‘rmagan bo‘lsa ham redaktsiyadagilarni og‘zidan bol tomib, rosa maqtab ketadi.
– Bir odamlar ishlaydi, gazetaxonada aqllari ko‘pligidan boshginalari tevakal. Kiyimlariyam biram orosta. Jaxsi maqolalardi, zo‘r-zo‘r she’rlardi tonlab-tonlab olib, gazetga jozishadi.
Endi esa shu aqli raso odamlarning «jig‘-jig‘i» ni ezmoq bo‘lib, mushtini iyagiga tirab. yanib o‘tiribdi.
– «Laylakqor, azizim», – deyishlaring ham xato, – deyman o‘zimni ko‘p narsa biladigandek vazmin tutib, laylakqor odammi, «azizim» deysizlar.
Enam men tomonga o‘qrayib qaradi:
– Sen jibirjaqa. qo‘ylardi suvorib keldingma? Aqalla, bozor kuni ro‘zg‘orga qo‘l qoqishsang o‘lasanma? Putingdi ko‘tarib jotganing-jotgan. O‘zing biron misra jozolasanma, ikkinchi! Hananah urasan, odamdi. Hay, mayli, azizim dema, aziz qor, deb joz.
Chinnixol, «azizim»ni «aziz qor» bilan almashtirdi-da, navbatdagi misrani to‘qidi:
Yog‘masang unmaydi na o‘t, na maysa.
–Endi orasiga Lenin va partiyani qo‘sh, – dedim, enamning qo‘llari shashtiroq, qaltirayotgani, lablarigacha pirillab ketayotganini sezib tursam ham, o‘jarlik qilib, turib oldim.
– Partiya bilan Leninni qo‘sh! O‘v, garang! 
– Qo‘shmaydi! – Chinqirdi enam. – Xudoni qo‘shmasa, Lelinniyam qo‘shmaydi. Lelin xudo emas!
– Lenin ham payg‘ambar!
– Payg‘ambar bo‘lsa ham qo‘shmaydi! – Enam ko‘karib, yuzining burishqoq terilarigacha pirillay boshladi.
– Chinni, – dedi pirqirab, – dostiqlarni ol, meni jotqizinglar. Chap biqinimga jana sanchuv kirib qoldi.
Enam «nakaut»! Chinnixol Abdurahmatovaning ilhom parisi uchib ketib, enamning sapchib tushayotgan qo‘lini uqalashga tushdi. Men zerikib, yangi tug‘ilajak buzoqcha uchun boshvoqcha tika boshladim.
Lekin enamning biqinidagi sanchiq darrov bosildi, shekilli, hamon shikasta ovozda «Chinni! Qani boyag‘i jozganlaringni baland-baland qilib o‘qi-chi!» – dedi.
Laylakqor – aziz qor , nechun yog‘maysan?
Yog‘masang unmaydi na o‘t, na maysa.
Yog‘masang – yog‘maydi nonlar samodan,
Rabbim, qor yog‘dir, deb zorlar har odam…
– Bu she’rlaring gazetda bosilib, keyin xudoga yetib borguncha, bahor keladi. O‘sha laylakqorlaring, mevalarimiz qiyg‘os gullaganda guppillatib yog‘ib bersa, bormi, – ikki kaftimni hovuch qilib ochib, jimjiloqlarimni birlashtirib, yuzimga surdim, – omin! Ollohu Akbar! Mevalarning gulxonasi-yu baldoqlari yaxlaydi qoladi, – yana tilim qichiydi mening. 
Enam qarg‘aydi:
– Hah, shovshinginang jag‘angga jopishsin. Hali bir oy qish bor. Shu oy ichi jovsin, deyappiz-ku, kallang qursin seni handalakka o‘xshagan, jiblajibon!
Chinni qiqirllab kuladi.
Uyga sovuqdan qunishib, onam kiradi.
– Quruq sovuq joningni qaqshatadi-ya, o‘tiribsizlarmi, enangga she’r o‘qib.
– Ha, – deydi Chinni, – laylakqor azizim, nechun yog‘maysan, deb she’r to‘qiyapmiz.
– Voy, muncha yaxshi she’r!
Enam indamaydi. Ixrab-sixrab, qaltirayotgan panjalarini bir-biriga kirgizadi.
– Otam qanilar, opa? – deyman, – boshvoqcha tikishni bilmayapman.
– Guzarga chiqib ketdilar.
–Bu mahmadona, qo‘ylardi suvordimi? – gapga kirdi enam, – bekorchi gaplardi aytishga usta.
– Ha, sug‘organku-ya, picha pechkaga o‘tin qilib bersang, ulim. Kunduzi shuncha sovuq, kechasi izillab ketsa kerak.
– Qorni isi kelayapti, laylakqorni isi, – dedi enam.
– Qorda is bo‘ladimi? – hayratlanaman.
– Isi bu – sovug‘i. Qorning sovug‘i kelayapti, – dedi enam.
– Ko‘cha sovuqmi, Toshxol? Havo ayniganiga ayaxlarim zirqirab ovrib jotir. Manuv yerimda pichaq sanchgandek, sanchuv oralash ovruv bor… Enam biqinini ko‘rsatdi.
– Ertalab eritganim quyruq moy, pechkani oldida iliqqina turibdi ekan, uqalab qo‘yaymi? – dedi opam. 
– Mayling. Lekin avval qo‘lingni qirtishiga obdon moy ishqab, muloyim qil. Badanim hilvirab jotibdi, shilivolasan.
Opamning qo‘llarining qirtishi haqiqatan ham tikanakdek ekan. Moy surib, kaftlarini bir-biriga ishqalasa, g‘ashga tegadigan «g‘ish-g‘ish» degan ovoz eshitildi. 
Keyin malakali duxturlardek yeng shimarib, piyolachadagi moyni enamning biqiniga surib chiqdi. Uqalashning hadisini olgan qo‘llari, enamning «uh, bo‘ldi-ey!» deyishiga qaramay, biqin atrofini aylantirib uqalayberdi. Chaqqon qo‘llar bir zumda bir piyola yog‘ni suyakka «chip» yopishgan teriga «egizib», uqalab bo‘ldi. 
– Voy bo‘ldi-ey! Hah! Ilohi ilovando! Barakangni top!
Enamning olqishi qulog‘imga qarg‘ishdek eshitildi. 
Lekin, enamning shugina duosigayam onam zor. 
– Rahmat, rahmat, – deydi qo‘lini ko‘ksiga bosib, – menimas, bolalarimni duo qiling, rahmat, enajonisi rahmat! 
Kechqurun osmon qorayib, qattiq izg‘irin turdi. Shomga yaqin muzdek shovottob yomg‘ir tomchilay boshladi. Etigim tashqarida qolib yaxlab qolmasligi uchun uyga kiritib, pechkaning yonidagi qo‘lbola supachaga qo‘yib qo‘ydim.
Onam pechkaga o‘tin qaladi. Lekin havo tortmay, tutun qaytardi. Uyni qo‘ychalmaning achqimtil hidi tutdi.
– Toshxol! – shang‘illadi enam, – Voy o‘laman-ey! Jana qo‘ychalma jog‘ayapsanma? Zormondani sositmay, tagidan bir-ikki kaltak tokzangini qo‘ysang bo‘mayma?
– Qo‘yuvdim. Karnayi to‘lganmi, tutun qaytarayapti – enamning yaqiniga borib, qattiq-qattiq so‘ylandi opam. – Birpas ustingizzi o‘rab qo‘yib, eshikni ochsam maylimi, chalmani hidi uychaga o‘tirib qoladi.
– Mayling, paqat ustimdi ovir qima.
– Xo‘b bo‘ladi, – dedi opam va yana pechka bilan uyga izg‘irin yopirildi. Pech gurillab o‘t oldi. Opam eshikni zichlab yopdi. Bir zum o‘tmay uyga chakmoni ho‘l bo‘lib, otam kirib keldi.
– Toshchiroqqa moy soldingma? Lampasini juvdingma? – Har kungi topshirig‘ini opamga eslatdi enam. – Iliktor chiroq ko‘zimni ovritadi.
–Toshchiroq tayyor. Suyuqtuppa qilganman. Ovqatingizni yegizdiraymi? – baqiradi onam.
– A! Ha, mayli, surib kelaver, Ablamid o‘zi ichiradi, sen to‘gib-chachasan, to‘shagimga. 
Issiq sandalning chetida mo‘ylovini silab, og‘ir o‘yga cho‘mib o‘tirgan otam bir qo‘zg‘alib oladi:
– Ha, ha, o‘zim ichiraman.
Otamning ismi Ablamid emas, Abdulhamid ekanligini yaqinda pasportidan o‘qib bildim. Lekin birov isming nima, kimning ulisan? – deb so‘rab qolsa, «ismim Absalim, Ablamid novvoyning uliman», deb burro javob beraman. Otam bir paytlar qishloqning to‘yu-ma’rakasiga non yopib, novvoylik qilgan. Hozir hamma nonni bozordan oladi.
Opam bilan Chinnixol ovqatdan keyin idish-tovoqlarni yuvgani oshxonaga ketishdi. Otam ko‘rsatib turdi, men boshvoqcha tikishni davom ettirdim.
– Ablamid, – deydi enam, – qish chillada o‘lmadim. Joz chillaga jetib, tosh qizig‘ida jumalab bersam, tayyargarliging bormi?
– Ey, apa! – deydi otam, – muncha qish chilla, yoz chilla, tosh qizig‘i, deb hammani qo‘rqitaverasan? O‘lim haq! Tayyargarlik ham bo‘ladi-da. Endi sen quloq tut, men aytay, – otam enamning to‘shagi yoniga cho‘k tushdi
– Kuzakda sotib olgan qo‘sh qo‘chqorcha yetilib qolgan. Bir playcha yog‘-zapasda. Gurunch bor. Xo‘sh - non 300 kilo qayroqi bug‘doyni bosib qo‘yibman. Sandig‘ingda 30 metr oq surp, oshig‘i bilan. Bir toy gazlama bor. Kelining kecha bozorga borganida, jildiragan duxoba chapon olib keldi. Ming so‘m pulniyam, sandig‘ingni ostiga tashlab qo‘yganman. Hali haybarakalla bo‘b ketasan, apa. Hadeb ballarni qo‘rqitovurma, endi saksonga kirding. Otam rahmatli yetmishda ketuvdilar. Qarchig‘aydek edilar. Sen yasha, apa.
– Otang jannati ekan, vaqtida ayoh uzatdi. Jetmish-ketmish, ulim, sakson-jakson! Shuytib, jaksonim chig‘ib jotaveramanma? Tayyargarligingni bilay, dedim.
– Ko‘yniyni to‘q tutaver, apa, – otam qo‘zg‘alib joyiga kelib o‘tirdi.
Enam «hiq-hiq» yig‘lashga tushdi. Opamni duo qilgandek, yig‘lamsirab, otamni ham duo qildi:
–Hay, Absalim! Tosh qizig‘ida o‘ladigan bo‘lsam, belginayni makkamgina baylab, jaxshi-jaxshi jila. «Voy enam! Voy beozorim enam-m!» – deb boqirib, dod sob jila, – qanday enam boridi-ya, jurganida jerlar zirillaridi-a, voy enajonim oyimimov». – deb tovutimni aylanib-aylanib jila. Aytib-aytib, jillab-jilab, Chinnixol ikkoving ma’rakaga kelgan xotinlarni jilatib-jilatib jilanglar.
Enam, o‘zi sannab, o‘zi yig‘layapti. Men kulgim kelib, otamga qarasam, otam rostakamiga yig‘lab o‘tiribdi. Ko‘zlari qizargan. Yuzini sal burib, ko‘z yoshlarini kafti bilan sidirayapti.
Enam hamon aytim qilayapti:
– «Voy, enam, moxtasam moxtagulik enam bor edi-ya», – deb tovutimmi orqasidan go‘ristonliqqacha bo‘zlab bor. Otangni yakkaligini bildirma. Ertasi kuni qabrboshiga borsang, go‘rimni zichlab chimlab qo‘y. Ha, aytganday, go‘ristonliqdan qaytarib keltirilgan to‘shaklarimni keltirib, simdorga ilib qo‘y. Tunda ham tursin, julduz ko‘rsin. Keyin ertalab jiyishtirib, enamdan tavarik, deb taglaringga solib jotasizlar.
Ena, ko‘rpalaringizni yulduz ko‘rmasa, nima qiladi, deb savol bermoqchi bo‘ldimu, yer ostidan otamning qizargan ko‘zlariga qarab, damimni ichga yutdim.
– Ablamid, shu ulingni diydasi qattiroq. Chinnixol mehribon. Muning o‘sha kuni tayaqqa tayanib, tayakdek qotib tura bersa kerak.
Otam iljayadi. Men ham otamning ko‘ngli yorishganidan xursand bo‘laman.
Suyuqtuppa ichib olganman, chanqab bir piyola iliq choyni simirib oldim-da, issiqqina o‘ringa kirib, tarrakdek qotdim.
Ertalab tursam, hammayoq oppoq qor. Otam kurak bilan molxona tomonga yo‘l ochyapti. Uyga yugurib kirib, etigimni shosha-pisha kiydim.
Enamga nonpalla yedirib o‘tirgan onamdan ohista so‘rayman:
– Opa, qor qachon yog‘di?
– Kechasi bilan laylakqor yog‘ib chiqdi-ku, ulim. «Laylakqor azizim, nechun yog‘maysan?»- deyverdilaring, mana yog‘di-da.
– O‘sha she’rni siz ham bilasizmi?
– Esa-chi?
Tashqariga otilib chiqaman-da, bir zumda hammayoqni kuzataman. Otamning qo‘lidan kurakni olib, darvozaxona tomini kurab tushdim.
Uyga kirib enamning to‘shagi yoniga cho‘kib, qulog‘iga yaqin borib, baqirib so‘ylayman:
– Enov! Laylakqor to‘piqni qo‘madigan. Rosa qalin yog‘ibdi. Har bitta daraxtning shoxida ikkitadan-uchtadan qarg‘a o‘tirvolib, yana – «qor! qor!» deb qag‘illab yotipdi.
– Qarg‘alar? – Nursiz va namli mijjalarini qiyinchilik bilan ochib, men tomonga xiyol o‘girildi enam. – Ular qor, demayapti. Ular xo‘rak izlab kelishgan. Uch-to‘rtta makkaso‘tani olgin-da, darvoza-xonaning tomiga tashab qo‘y.
– E, yo‘q, – deyman. Qarg‘alarga makkayi? Kilosi ikki so‘m. Ana Shokirlarnikiga borishsin. Bu yil bir telejka so‘ta olishgan.
– Unday, demagin-da, xudoyi taolo bu bezabon maxluqlarni «shular senlarga rizq beradi» deb bizi dargohimizga jugargan, ulim. Sen ularga uch-to‘rtta so‘ta tashlasang, Tangri senga bir moshin makka so‘ta beradi.
Xamirni sandalining chetiga o‘rab qo‘yayotgan opam enamning gapini tasdiqlaydi:
– Makkayi, chirik olma-noklardan ham tashlab qo‘y.
Boshqa payti bo‘lganda, bu qora qarg‘alarni itimga olkishlatib, hovlidan quvib chiqarar edimku-ya, lekin bugun laylakqor yog‘di. Tilimda, hozirgina onam aytgan Chinnixolning she’ri aylana boshladi:
«Laylakqor, azizim, nechun yog‘maysan?».
Mening aybim bilan «azizim» so‘zi «aziz qor»ga aylanib ketganidan pushaymon yedim. «Laylakqor, azizim…». Qanday chiroyli misra.
Piyola-choynaklarni yelim tog‘orachaning ichidagi bug‘i chiqib turgan issiq suvga chayayotgan Chinnixolning tepasiga keldim:
– Chinni, «Laylakqor, azizim»ni redaktsiyaga yubordingmi?
– Yo‘q!
– Nega endi?
– Bilmasam, bahor yaqin. Bahor haqida yozish kerak.
– Chinni, sen «laylakqor, azizim» degan joyini «laylakqor - aziz qor» deb o‘zgartirma, xo‘pmi? Agar istasang, jondorniyam, bejonniyam azizim, desang bo‘laveradi.
Laylakqor, azizim, nechun yog‘maysan,
Seni kutaverib sarg‘aydi maysang.
Fevral ham o‘tmoqda, kunlar bir siqim,
Yog‘sang-chi, laylakqor, jonim, azizim!
Men singlimning oilamizda aytilaverganidan yod bo‘lgan she’rini shunday to‘lqinlanib aytib beraman deb o‘ylamagan edim. Go‘yo bu she’r bilan yuragimga qordek shaffof tuyg‘ular bostirib kirdi. Oppoq qordan bir siqim olib, yuz-ko‘zimga bosaman, nurdan-da tozaroq qorni lablarimga yaqinlashtirib, shivirlayman:
Yog‘aver, laylakqor, jonim, azizim…

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.