OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Husniya Pardayeva. Mahrumiyat (hikoya)

Ishdan qaytayotganimda tezroq uyimga yetib, farzandlarimni bag‘rimga bosgim keladi. Ularning beg‘ubor chehrasini ko‘rishim bilan charchoqlarim tarqalib ketishini o‘ylab, yuragim orziqadi.
Shu payt qarshimdan kelayotgan bir erkak e’tiborimni tortdi.
— Men baxtliman! Men dunyoda hammadan ko‘ra baxtliman!  — dedi birdan erkak telbanamo kulib.
Miyamga u yutuqqa erishgandir yoki amaldor bo‘lgandir, degan fikr urildi. Hayotdan mamnun kishilarni ko‘rganda negadir odamning dili yayrab ketadi. Beixtiyor undagi his atrofdagilarga ham ko‘chib, kishilarning yuzida tabassum jilvalanadi. Kimdir istehzoli, ba’zilar havaslanib, men kabilar hayratlanib qarab o‘tdik. Baxtiyor erkak mendan uzoqlashib borar, biroq uning tantavor ovozi qulog‘im ostida jaranglardi. Odam qachon o‘zini baxtiyor his etadi?  Orzuidagi malakka uylanganidami, sevgi shiviridan yuraklar hapriqib, nigohlar to‘qnashganidami, farzandlari bag‘rida yayrab-kulganidami, muvaffaqiyatlarini qadrlashganidami yoki  mansab pillapoyalaridan odimlaganidami?  Xullas, har kim baxtni o‘zicha his etadi. Meni esa boyagi erkakning baxtiyorligi siri qiziqtirib qo‘ygandi. Ayniqsa, baxtini baralla aytishi juda g‘alati... 
Turmush tashvishlari bilan kundalik voqealarni unutib yuboraman. To‘g‘ri, ayrim ta’sirlantirgan hodisalar tez-tez xotiram sahifalarida varaqlanib, meni qayta nazar tashlashga undaydi. Biroq baxtiyor erkak to‘g‘risidagi voqea allaqachon tubsiz xotiram qa’riga uloqtirildi.
Xizmat safari bilan chekka viloyatga borishimga to‘g‘ri keldi. Bir necha kunga oilam, farzandlarimdan yiroqlashish oson bo‘lmasa-da, yurak yutib yo‘lga otlandim. Samolyot o‘rindig‘iga o‘tirishim bilan yonimga kelib joylashgan yo‘lovchiga ko‘z qirimni tashladim. Erkak kishi,  tanish chehra. Uni qaerda ko‘rganiykinman, degan lahzalik o‘y xayolot sandig‘imni titkilab o‘tdi. Yo‘q, eslayolmadim. Nihoyat, chiroyli styuardessa havoga ko‘tarilayotganimizni e’lon qildi.
Yuragim shuvillab, ko‘zimni chirt yumib oldim. Bolalagimdan tepalikka chiqishdan, yuqoridan pastga qarashdan qo‘rqaman. Shundanmi sira bolalarga o‘xshab, daraxtga chiqib, meva uzib yemaganman. Doim chaqqon ukam yoki singlimning «muruvvati»dan bahramand bo‘lardim.
— Ie, samolyotga chiqishdan qo‘rqasizmi? — degan ovoz xayollarimni to‘zg‘itib yubordi.
Ko‘zimni ochib, istamaygina yonimdagi erkakka javob qaytardim: 
— Shunday...
— Unda nega samolyotga chiqdingiz? — so‘radi erkak qiziqsinib.
Notanish kishi bilan gaplashishni unchalik xushlamayman. Suhbat davomida bironta noo‘rin gap aytib yuborib, keyin mulzam bo‘lishdan cho‘chiyman. Shu bois doim o‘zimni nazoratda ushlashga, yonimdagilarga e’tibor bermaslikka intilaman. Savoli javobsiz qolgani erkak sukutimdan qoniqmadi chog‘i yana so‘radi:
— Sir bo‘lmasa, qaerda ishlaysiz?
— Sir, — dedim qisqagina.
— Unda yaxshi, — davom etdi erkak, — men singillarimni ko‘rgani ketyapman. Bir borib qishloqlarni ko‘rib kelaylik, u yoqlarda ahvol qanday ekan?
— Surxondaryolikmisiz? — so‘radim istamaygina.
— Shunday. Hozir toshkentlik bo‘lib ketganman, — dedi erkak kulimsirab, — asosiysi, sog‘-salomatman, oilam, ishim bor. Men dunyodagi eng baxtli odamman!..
Yuragimga g‘alati his indi. Yalt etib o‘girildim. Esladim, bir necha oy avval ko‘chada uni ko‘rgandim. O‘shanda ham baxtliligini baralla aytib ketayotgandi. Ichki qiziqish undan barchasini so‘rab bilishni istardi. Lekin istiholadan tilim aylanmadi.
— E, hayot qiziq-da, — dedi erkak o‘ziga o‘zi gapirinib, — ko‘p umrimiz yo‘lda o‘tadi...
— Kechirasiz, — dedim qiziqishimni tizginlay olmay, — sizni avval ham ko‘rgandim. Bir necha oy oldin ko‘chada «Men baxtliman!» deb yurmaganmidingiz, mabodo?
Hozirgi tergashimdan erkakning jahli chiqib ketsa kerak deb yurak hovuchlab turuvdim, uning yuziga tabassum yugurib, ko‘nglim xotirjam tortdi.
— O‘shanda siz ham menga duch kelganmiingiz? — so‘radi u xiyol xijolat tortib, — haqitatan ham o‘sha men edim! Baxtiyorligimni boshqalar bilan baham ko‘rgim kelgandi-da!
— Baham ko‘rgingiz keluvdimi yoki baxtingizni ko‘z-ko‘zlaganmidingiz? — deb yubordim beixtiyor.
U menga g‘alati tikilib qoldi. Keyin esa savolimni mag‘zini chaqdimi, o‘sha ko‘tarinki alfozda javob qaytardi:
— To‘g‘ri, ayrim kishilar baxtini birovga ko‘rsatishni istamaydi, ko‘z tegishidan qo‘rqadi. Ba’zilar bo‘lsa boshqalar atayin ichiqoralik qilmasin, deb baxtini yashiradi. Lekin men ajalning og‘zidan qaytgan odamman! Hayotni, odamlarni, tabiatning ne’matlarini yaxshi ko‘raman! Shunday ekan, nega baxtimni boshqalardan yashirishim kerak?!
— Ie, boya ajalning og‘zidan qaytganman dedingizmi? Nima, o‘lib tirilganmisiz?
— Mahkum etilish nimaligini bilasizmi? Men o‘shanday mahkumlardan edim! Mabodo yozuvchi yoki jurnalist emasmisiz? — to‘satdan fikri chalg‘ib so‘radi erkak.
— Nimaydi?
— Tag‘in mening taqdirimni gazetadami, kitobdami yozib chiqarmang deyman-da. Aslida-ku, mening hayotimni o‘zi bir asar.
Erkakning gaplaridan qiziqishim battar ortardi. Qaniydi, tezroq gapira qolsa-yu, dardini to‘kib solsa derdim.
— E, odamning boshiga neki kelsa, taqdiridan deyishadi. Taqdir mening yelkamga shunday zalvorli yukni ortmoqladiki... Onam bolalagimda «sabr qilsang g‘o‘radan halvo bitar» degan gapni ko‘p qaytarardi. O‘sha paytlari holva bilan daraxtdagi g‘o‘raning o‘rtasida qanday bog‘liqlik bor, deb ko‘p o‘ylanar, lekin javobini topolmasdim. Yillar o‘tib, boshimga sinovlar do‘li yoqqanida barchasini tushunib yetdim. Onam rahmatli o‘zimniki deb meni xolamning qiziga uylantirib qo‘ydi. Zubaydani o‘z singlimdek ko‘rardim. Shu bois turmushimizning dastlabki yillarida unga ko‘nikolmay, qiynaldim. Ikki yil yashaganimizdan keyin u farzand ko‘rmayotganidan siqila boshladi. Men ham bolali bo‘lishimizni istardim. Lekin yurak yutib, buni birovga aytolmasdim. Onam bilan xotinim esa goh otinga, goh shifokorga borishardi. Bu orada men ham shifokorga uchrashib, tekshiruvlardan o‘tdim.
Uchinchi yil ham o‘tdi. Bir kuni uyga qaytsam, xotinim yig‘lab o‘tiribdi. Sababini so‘rasam, yig‘isi battar kuchaydi.
— Nega menga uylandingiz o‘zi? Xolam kelin qilaman desayam, siz unga uylanmayman deyishingiz kerak edi, — dedi zorlanib.
— Nimaga unday deysan?  — so‘radim qandaydir noxushlikni yuragim sezib.
— Do‘xtirlar endi foydasi yo‘q, deyishdi. Men bola tug‘olmas ekanman! Endi umringizni tug‘mas xotinni deb o‘tkazasizmi? 
— Do‘xtirlar aytaverishadi, — dedim uni yupatishga urinib, — men aniq bilaman, sen ona bo‘lasan! Ana onam ham aytyapti-ku, sabr qilsanglar, g‘o‘radan halvo bitar deb. Sabr qilaylik-chi, bir chorasi topilib qolar...
Xotinimga taskin beryapman-u, uning javdiragan nigohlariga qarayolmayman. Nazarimda bizning sira bolamiz bo‘lmaydigandek, uni shunchaki yupayotgandekman...
Yozga yetmay, onam vafot etdi. O‘limi oldidan meni yoniga o‘tirg‘izib, Zubaydani sira tashlab ketmasligimni o‘tinib so‘radi.
— Farzandimiz bo‘lmasa-chi? — so‘radim yurak yutib.
— Mening ruhimni hurmat qilsang, undan ajrashmaysan! — dedi onam xirillab.
Roziman, degandek bosh silkidim. Onamning ko‘ngli xotirjam tortib, ko‘zini yumdi-yu, qayta ochmadi. Otam bolalagimda vafot etgan, uni eslayolmayman. Endi esa mehribonim onamdan ayrilganim men uchun og‘ir zarba bo‘ldi. Ikki singlim va ayolimga bosh bo‘lib, ro‘zg‘orning yukini yelkamga oldim. Ikki yil orasida singillarimni turmushga uzatdim. Qiz bola oilaning farishtasi deb bejizga aytishmas ekan. Singillarim uchirma bo‘lishdi-yu, xonadonimiz fayzsiz, huvillab qolgandek bo‘ldi. Ayniqsa, bolasiz uy go‘riston kabi jim-jit bo‘lar ekan. Kunduzi eru xortin o‘zimizni ish bilan chalg‘itamiz. Shom kirib, qorong‘ilik o‘z hukmini o‘tkaza boshlaganida yuragimni g‘alati g‘ashlik chulg‘ab oladi. Eru xotin bir-birimizga qarayolmay, jim-jitlikda ovqatlanamiz. Keyin esa sukunatdan yuraklar tars yorilay deydi. Ko‘zim televizorda-yu, xayolim olislarda. «Qachongacha shunday yashayman? Vaqti kelib, men ham olamdan o‘tsam, bu uy kimsasiz bo‘lib qoladimi? Onamning chirog‘ini men yoqyapman, menikini-chi?  O‘limimdan besh-o‘n yil o‘tib, meni odamlar esidan ham chiqarib yuboradi...» degan alamli o‘ylar yuragimni ezadi. Inson uchun uni unutib yuborishlarini o‘ylashdan ortiq dahshatli iztirob bo‘lmasa kerak. Bu o‘y avvaliga yuragingni, keyin aqlingni zabtiga oladi. Keyin esa o‘zingni bexosdan hozir ham yashamayotgandek his etib qolasan. Tirikligingga shubhang tug‘ilib, qo‘rqa-pisa barmog‘ingni tanangga yugurtirasan. Tanang sezib, tirikligingni shis qilganing zahotiyoq yuragingni quvonch egallaydi. Yashayotganinga shukr qilasan... 
— O‘rningizga yotmaysizmi? — deya ayolimning doimgi savoli meni o‘zga olamdan qaytardi.
— A?! — deya dovdiragancha o‘rnimdan qo‘zg‘alaman.
O‘rnimga borib yotgunimcha o‘zimni uyqusi buzilgan odamdek tutaman-u, ko‘zimni yumaman. Aslida yana o‘sha xayollarimni davom ettirishga kirishaman...
— Men ajrashmoqchiman! — dedi bir kuni ertalab nonushtadan keyin ayolim.
— Nima, esing joyidami? — dedim o‘zimni beparvo ko‘rsatishga tirishib.
— Javobimni bering! Siz bilan yashashdan zerikdim! Har kuni bir xil hayot, ish, tashvish jonimga tegdi. Go‘ristondek uyingiz meni yutib yuboray deydi. Xolamning hurmatini qilib, shu kungacha chidadim. Endi chidamayman, ketaman!  — dedi Zubayda qat’iylik bilan.
Qarshimdagi ayolimni ko‘rib, taxtadek qotib qoldim.
— Men ajrashmayman! — dedim onamga bergan va’dam esimga tushib.
— Sizga tegishimdan avval anavi sinfdoshim Arslonning menda ko‘ngli bor edi. Bir-ikki marta yo‘limni to‘sib, unga tegishimni so‘rovdi. Men ham rozi bo‘luvdim. Lekin onam bilan xolam sizga tegishimga majbur qilishdi. Taqdirimga la’nat aytib, turmushga chiquvdim. Olti oy oldin Arslonning xotini Mavluda sho‘rlik olamdan o‘tdi. Uch bolasi chirqillab qoldi. Tunov kuni onamnikidan qaytayotsam, Arslonni yana ko‘rib qoldim. «Agar eringdan ajrashsang, senga uylanaman, bolalarimga onalik qilasan», dedi. Bir umr manavi hovlida so‘ppayib o‘tgandan ko‘ra, o‘shaning bolalariga ona bo‘lsammi deb o‘ylab qoldim. Shuning uchun ham  javobimni bering!
Vujudimda ilon o‘rmalagandek bo‘lib, etim junjikib ketdi. Ichimdan quyilib kelgan g‘azabni tutib turolmadim:
— Sen hali meni xotinim bo‘laturib, beva erkaklarga va’da berib yuribsanmi? Menam seni onamning vasiyati uchun ushlab turuvdim. Aslida bir daqiqayam yashamoqchi emasdim. Javobingni bersam berdim, bor ket!..
Zubayda menga qarab, kulib yubordi. Uning xushxandon kulgisi battar g‘azabimni kuchaytirdi. Olti yildan beri yostiqdoshim bo‘lgan ayol bugun qarshimda boshqa erkakni gapirib, ustimdan kulib o‘tirishi g‘ashimga tegdi. Alam bilan o‘rnimdan turib, ko‘chaga chiqib ketdim.
Kechqurun uyga qaytsam, jim-jitlik. Hatto hovlining chirog‘i ham yonmaganini ko‘rib, yuragim shuvillab ketdi. Uyga kirsam, xotinim yo‘q. Ertalabki gapimdan achchiqlanib, onasinikiga ketgandir-da, deb o‘yladim. Uni  olib kelishga g‘ururim yo‘l bermadi. Ertalab o‘zi qaytib keladi, deb kuta boshladim. Eshik tiq etsa, o‘rnimdan turib, darvozaga yuguraman. Nazarimda Zubayda darvoza orqasida achchiqlanib turib qolgandek, chiqishimni kutayotgandek tuyuladi. Tong otguncha zo‘rg‘a chidadim. Ertalab ishga borishdan avval xotinimni uyga olib kelib qo‘ymasam bo‘lmasligini anglab, xolamnikiga bordim. Darvozani taqillatishim bilan pochcham chiqib keldi. Meni ko‘rishi bilan qovog‘ini solib, salomimga alik olmasdan uyga kirib ketdi. Birozdan keyin chiqqan xolamning yig‘laganidan bo‘lsa kerak ko‘zlari qizarib ketgandi.
— Senga, opamga ishonib, qizimni beruvdim. Opamning tuprog‘i sovumasidan qizimni quvib solasan deb o‘ylamagandim. Niyating nima o‘zi?  Bolasiz yurganlar bir senlarmi? Ana, Nosir buvaning o‘g‘liyam yuribdi-ku, o‘n yildan beri befarzand bo‘lib...
— Xola, men hech narsa qilmadim. Qizingizning o‘zi... — dedim qolganini aytolmay.
— Qizim-ku, ahmoqligiga borib, aytadiganini aytibdi. Lekin sen es-hushingni yig‘ib olsang bo‘lmaydimi? Arslon ham xotinini o‘limini kutib o‘tirgan ekan-da. Men tirik ekanman, qizim ikki dunyodayam o‘shanga xotin bo‘lmaydi... — dedi xolam yig‘lab.
— Xola, men Zubaydani olib ketgani keldim. Jahl ustida uyam, men ham gapirdim. Lekin unga ayting, uyga qaytsin, — dedim boshimni egib.
Eshik qarsillab ochilib, ichkaridan Zubayda chiqib keldi. U menga g‘azab bilan tikilib, gapirdi:
— Qanday yuzsiz, g‘urursiz odamsiz! Javobimni berib ham ortimdan kelishga uyalmadingizmi? Endi u uyga sira qaytmayman!
— Og‘zingni yum! — dedi xolam qiziga o‘shqirib, — qilig‘ingdan uyalsang bo‘lardi.
— Ona, siz majburlab uzatganingiz uchun olti yildan beri azob chekyapman. Dugonalarim allaqachon bolalarini sunnat to‘y qilyapti. Men bo‘lsa qishloqda «Zubayda tug‘mas» degan nomni orttirdim. Aybim nima axir?! Meniyam ona bo‘lgim, bolalarimni bag‘rimga bosgim keladi. O‘zimni peshonamga bitmagan ekan, o‘sha uch yetimga onalik qilsam nimasi yomon? Qaytaga jiyaningizniyam yo‘lini ochaman. Boshqaga uylanib, bola-chaqali bo‘lib ketadi!..
— Gapingni yel olsin, — dedi xolam xo‘rsinib, — senlarni taqdiring shunday bo‘lishini tush ko‘ribmizmi? Opam rahmatliniyam ruhini bezovta qildilaring!..
Men xotinimni qaytarish uchun har gapni aytib ko‘rdim. Lekin Zubayda aytganida turib oldi. Arslonning oldiga borib, barchasini oydinlashtirmoqchi bo‘ldim.
— Sen xotining bilan ajrashmasang, men nimayam qila olardim? Peshonamga Zubayda bitmagan bo‘lsa, boshqasi topilib qolar, — dedi u xotirjamlik bilan traktoridan tushmay.
Yuragim junbushga keldi. Arslonni traktoridan sudrab tushib, tilka-porasini chiqaray dedim-u, tag‘in shaytonga hay berdim.
Bu qishloqda ortiq bir daqiqayam yashagim kelmay qoldi. Befarzandlikdan siqilib yurganim kamdek xotinimning bu qilig‘i meni adoi tamom qilayozdi. Boshimni ko‘tarib, darvozadan chiqishga, odamlarga ko‘rinishga yuzim chidamaydi. Nazarimda hamma bu sirdan voqif bo‘lgan-u, mening ustimdan kulayotgandek tuyulaveradi. O‘sha kechadayoq bir to‘xtamga kelib, qishloqdan chiqib ketdim. Qishlog‘imiz poytaxtga yaqin joylashgani uchun ishga qatnab ishlardim. Endi tamoman poytaxtga qaytdim.
Ishxonam yaqinidan bir xonali uyni ijaraga oldim. Men yashaydigan hovli bir kampirga tegishli bo‘lib, u bilan birga oilasi buzilgan qizi va nevarasi ham birga yashardi. Kampir o‘ta mehribon, ertalab nonushtada meni qaymoq bilan siylar, kechqurun ishdan qaytganimda mazali ovqatlar tayyorlab berardi. Uuning mehribonligi, dilkashligini onamga o‘xshatganimdan bu uydan sira ketgim kelmasdi.
Bir necha hafta yashaganimdan keyin bir kuni kampir menga boshqa ijara uy topishimni aytib qoldi.
— Mendan biron xatolik o‘tdimi? — so‘radim ovozim titrab.
— Yo‘q, bolam, siz hech qanday xato ish qilmadingiz. Lekin odamlar oyog‘i bilan emas, tili bilan yuradi-da. O‘zingizga ma’lum, qizimning oilasi buzilgan. Nevaram ko‘zimning oqu qorasi. Shu ikkovini deb yashab yuribman-da. Biroq odamlar sizni ijaraga qo‘yganimni, qizim bilan bir eshikdan kirib chiqayotganingizni to‘g‘ri tushunmagan shekilli, gap-so‘zni ko‘paytirishyapti. Shunga sizniyam, qizimniyam nomiga dog‘ tushmasin deyman...
— Xola, kechirasiz-u, qizingizni nega turmushi buzilgan? — so‘radim ilk bor yuzimni qattiq qilib.
— E, buning tarixi uzun. Qiz va yigitni bo‘yi bo‘yiga teng bo‘lgani bilan ko‘ngli tenglashmasa qiyin ekan. Kuyovim yomon yigit emasdi. Lekin qizim ikkovi sira bir-birini tushunolmadi. Axiyri, ajrashib ketishdi.
— Xola, agar rozi bo‘lsangiz, men qizingizga uylanaman. Mening ham oilam buzilgan. Olti yil mobaynida ayolim bilan yashab, farzandli bo‘lolmadik. Endi buyog‘iga nevarangizga mehr beraman, ko‘nglingizni to‘q qiling,  — deb yuborganimni bilmay qoldim.
Xola mendan bu gapni kutmaganmi, yuzimga angrayib tikilib qoldi.
— Bilmasam, qizim nima derkin,  — dedi nihoyat, o‘zini o‘nglab.
Xolani kuzatib qo‘ydim-u, nima deb yuborganimni o‘yladim. Shu paytgacha xolaning qiziga bir og‘iz ham gapirmagandim. Unga uylanish fikri qanday xayolimga keldi, o‘zim ham hayronman. Balki xolaning mehribonligi, kuyunchakligidan yuragim bo‘shashib, unikidan ketishni istamaganimdan shunday deb yuborgandirman...
Uch kun o‘tdi. Bu vaqt ichida xola va qizining ko‘ziga ko‘rinishga yuzim chidamay, kallai sahardan ishga otlanib, yarim tunda qaytdim. Nihoyat, odam taqdiridan qochmasdan barchasini oqilona hal etishi kerakligini tushundim. Kechqurun ishdan barvaqt qaytib, xolaning yoniga o‘tirdim.
— Xola, qizingiz bilan gaplashdingizmi? Mening gaplarimni aytdingizmi? — so‘radim arang.
Xola indamadi.
— Xola mening qarorim qat’iy. Taqdiridan tinmagan inson bir umr suqqabosh, baxtsiz bo‘lishi kerak emas-ku. Men oilali bo‘lishni istayman. Qizingizni bersangiz uni ham baxtli qilishga harakat qilaman!
— Bolam, siz ham menga o‘z o‘g‘limdek bo‘lib qoldingiz. Sutdan og‘zi kuygan qatiqni ham puflab ichadi, deyishadi. Qizim ham hozir qayta turmush qurishdan cho‘chiyapti. Ikkinchi marta aldanmay deyayotgandir-da...
Kechqurun kampirning roziligini olib, qizi bilan gaplashdim. Hayotxon juda bosiq, o‘ylovli juvon ekan. Uning o‘zini tutishi, gap-so‘zlari menga ma’qul kelib, unga uylanish fikrim qat’iylashdi.
Ertasigayoq domla chaqirtirib, nikoh o‘qittirdim. Kampirning sevinchi ichiga sig‘maydi. Ayniqsa, Hayotxonning o‘g‘li Mirodil «dada»lab meni holi-jonimga qo‘ymaydi. Garchi o‘zganing pushtikamari bo‘lsa-da, bolaning bag‘ringga suqilishi, mehr bilan talpinishi kishida ta’riflab bo‘lmas hayajon qo‘zg‘ar ekan. Yuragim bunday hapriqishlardan yorilib ketmasaydi deb qo‘rqardim...
Biroq oy va quyosh o‘rin almashganidek baxt va baxtsizlik ham yonma yon yurar ekan. Bir kuni ishlayotib, oshqozonimdagi qattiq og‘riqdan dodlab yuborayozdim. Hamkasabamning tavsiyasi bilan og‘riq qoldiruvchi dori ichdim.
Kechqurun uyga qaytib, endi ovqatlanishni boshlagandim, yana o‘sha og‘riq zabtiga oldi. Yuragim behuzur bo‘lib, madorsizlanib ketgan bo‘lsam-da, oilamdagilarning oldida buni sezdirmaslikka tirishdim.
Bir necha kun shu holat davom etdi. Bir kuni xotinim meni ozib ketayotganligimni aytib, sog‘ligimni so‘radi. Yuragim uvishib ketdi. Ko‘zguga qaradim-u, haqiqatan ham ancha oriqlab ketganligimni payqadim. O‘sha kuniyoq shifokorga uchrashdim. Tekshiruvdan keyin shifokor tahlil natijalari ertaga tayyor bo‘lishini aytdi. Qalbim noshuxlikni sezgandek bo‘laverdi. O‘zimni qo‘lga olib, uyga qaytdim. Tuni bilan uxlayolmadim. Tushimga qo‘rqinchli, g‘alati hodisalar kirib chiqdi. Hayotxon bilan Mirodilning mendan achchiqlanib, uzoqlashayotgani, men esa ularni olib qolish uchun ortidan chopayotganimmi-ey... Xullas, quyosh chiqmasidan uyg‘onib, hovlidagi gullarni sug‘ordim. Turfa xil gullarga qarab, ko‘nglim yorishdi.
Ishdan keyin shifokorning oldiga o‘tmoqchi edim, tushlikda o‘zi qo‘ng‘iroq qilib qoldi.
— Tahlil natijalaringiz chiqibdi, bir kelib ketasizmi? — dedi tanish shifokor sirli qilib.
Yuragimdagi g‘ashlik iloni yana bosh ko‘targandek bo‘ldi. Ishxonadan to‘g‘ri kasalxonaga bordim.
— Siz bugundan qoldirmasdan onkologik kasalliklar shifoxonasiga borib, tahlil topshiring. Oshqozoningizdagi yara shunchaki yara emasga o‘xshaydi,  — dedi shifokor ko‘zimga qaramay.
— Nima, siz oshqozoning saratonga chalingan deyapsizmi?! — dedim-u, butun vujudimdan sovuq ter chiqib ketdi. Hatto tilim ham muzlab qolgandek bo‘ldi.
— Bu aniq tashxis emas! Saraton kasalligi tashxisini onkolog shifokor qo‘yadi. Siz avval, men aytgandek qiling, keyin hammasi yaxshi bo‘lib ketadi!  — dedi shifokor menga achingandek tikilib.
Boyagi tanamdagi ter o‘rnini endi alamzadalik egalladi. «Nega aynan menda? Endi men o‘lamanmi?!» degan o‘y yuragimni ilma-teshik qilayozdi.
Shifoxonadan chiqib, uyga qaytdim. Avtobusdan bir bekat avval tushib qoldim. Odamzodning taabiati qiziq-da. Boshingga tashvish tushsa, yolg‘iz qolishni istaysan! Shu bilan birga ko‘nglingga bir taskin axtarasan. O‘sha taskinni kim berishini o‘ylab, atrofdagilarga alanglaysan. Men ham ruhim yolg‘izlikni, qalbim esa taskinni istab, yo‘lakdan uyim tomon ketib borardim. Qaniydi, shu yo‘lak hech qachon tugamasa. Jondan aziz yaqinlarimning oldiga bu shumxabarni qanday ortmoqlab boraman? Ularga buni qanday aytaman?..
Xayollar bilan uyimga yetib kelganimni sezmay qolibman.
— Dadasi, nega bugun kech qoldingiz? Kutaverib, ko‘zim teshildi-ku, — deya darvozadan qarshiladi xotinim, — oshniyam suzmay o‘tiribmiz.
Uning samimiy yuziga qarab, alamim ziyoda bo‘ldi.
— Bugun osh erkanmiz-da, — dedim o‘zimni xotirjam tutishga urinib.
— Sababi bor. Bilasiz-u, men besabab, sizdan beruxsat biron ovqat tayyorlamayman. Lekin bugun gunohimdan o‘tasiz, shahzodam!
— Nima gap, tinchlikmi?
— Avval, suyunchisini bering. Keyin aytaman, — dedi xotinim ayyorona kulib.
Maoshiga biron kattaroq buyum sotib olgandir-da, degan o‘yda mamnuniyat bilan bosh irg‘adim.
— Buni hali oyimga ham aytolmadim. Birinchi bo‘lib, sizdan suyunchini olay dedim-da. Xudo xohlasa, yaqinda siz ota, Mirodil aka bo‘ladi! Endi suyunchisini berasizmi?! — deya kaftini tutib, jilmayib turgan Hayotxon ko‘zimga olovdek ko‘rinib ketdi.
— Rostdanmi? — so‘radim ko‘zimdan o‘t chaqnab, — aldamayapsanmi?
— Voy, bu kishini, — deya erkalanib davom etdi ayolim, — shunday gap ham  aldab aytilarkanmi? Yo siz ota bo‘lishingizdan xafamisiz?
— Yo‘q-e, nega xafa bo‘lay?! — deya kalovlandim.
— Bir necha kundan beri boshim aylanib, ko‘nglim aynib yuruvdi. Homiladorligimni sezgan bo‘lsam-da, shifokorga uchrashmasdan sizga aytishni lozim topmadim. Mana bugun oydinlashdi. Homilani
ikki oylik deyishdi. Yetti oydan keyin bolangizni bag‘ringizga bosasiz!..
Hayajondan quloqlarim bitib qolgandek edi. Ota bo‘lish!  Axir bu gapni eshitishni, bolali bo‘lishni qanchalik kutgandim!.. Shu payt shifokorning gaplari yodimga tushib, osmondan yerga qulagandek bo‘ldim.
— Sizga nima bo‘ldi? Nega rangingiz oqarib ketdi? — ayolimning tashvishli so‘rog‘idan o‘zimga keldim.
— Hech nima bo‘lmadi, — dedim jilmayishga urinib.
Hayotxon menga ishonqiramagandek tikilib turganini ko‘rib, qo‘shimcha qildim:
— Sevinganimdan bo‘lsa kerak. Axir bolam bo‘lishini qanchalik kutuvdim?!
— Shuning uchun ham suyunchining zo‘rini olib berasiz. Arzongarov buyumlarga uchadigan ahmoq yo‘q! — dedi ayolim kulgiga olib.
Bu damlardan qanday voz kechish mumkin? Dunyodagi eng quvonchli xushxabarni eshitib tursang, yoningda ayoling baxtdan kulib tursa... Shu damda o‘lgim kelmay, yuragim siqildi. Yashashim, hech qursa bolamni ko‘rib qolishim kerakligini o‘ylab ketdim...
Kunlar oylarga ulandi. Har gal shifokorning gapi esimga tushib, onkolog shifokorga uchrashim kerakligini o‘ylasam, ko‘zimga dunyo tor ko‘rinib ketadi. Go‘yo xavfli o‘sma kasalliklari shifokoriga uchrab, o‘zimni o‘limga mahkum etayotgandek his qilib ketaman. Biroz bo‘lsa-da, bu uchrashuvni ortga surib, umrimni uzaytirgim keladi...
Hayotxonning homilasi kattalashib, yuziga dog‘ tushib qoldi. Uning vujudida kun sayin ulg‘ayayotgan farzandimni o‘ylasam, yashash ishtiyoqim ajalni tan olishni istamay, g‘alayon ko‘taradi. Men yashashim kerak, deb har kuni o‘zimga ming marta aytaman!
Homila yetti oylik bo‘lganida ayolim farzandimizning jinsini aniqlab keldi.  O‘g‘il bola ekan! Bu xabarni eshitganimda qay ahvolga tushganimni tasvirlab berolmayman! Bir paytlar men hayotdan izsiz o‘tib ketyapman, o‘limimdan keyin meni unutib yuborishadi, degan alamli iztiroblarim shu birgina xushxabarning oldida havoga uchirilgan shardek yorilib ketdi. Qalbimda endi avvalgidanda kuchliroq umid, istak paydo bo‘ldi. Endi bejiz yashamaganimni anglab, ko‘nglim xotirjam tortsa, bolamni o‘z ko‘zim bilan ko‘rish, uni bag‘rimga bosish istagi ustunlik qilib, umid uchqunimni alangalatardi.
Baxtdan sarmast kunimda og‘riq yana zabtiga oldi. Ishga ketayotib, og‘riqdan bukchayib qoldim. Bu ahvolda uyga qaytsam, xotinimni cho‘chitib yuborishimni o‘ylab, noiloj shifoxonaga bordim. Shifokor tekshiruv o‘tkazib, tahlil olishga yubordi. Bir necha soatdan keyin tahlil natijalari chiqdi. Oshqozonimdagi yara xavfli o‘sma kasalligi ekan.
— Do‘xtir, men yashaymanmi? Yana qancha umrim qoldi, faqat to‘g‘risini ayting? — so‘radim zo‘rg‘a yutinib.
— O‘zingizni qo‘lga oling. Xavfli o‘sma kasalligi bu...
— Do‘xtir, — deya uni gapirtirgani qo‘ymadim, —  xotinim homilador. Ikki oydan keyin o‘g‘lim tug‘iladi. Uni ko‘rishni istayman. O‘z qo‘lim bilan ko‘tarib, bag‘rimga bosa olamanmi?!
— Siz davolanishingiz kerak. Jarrohlik amaliyotida o‘smani olib tashlaymiz...
Shifokorning gapi «Sen ajaldan qo‘rqyapsanmi?» degandek eshitilib, damim ichimga tushib ketdi. Majolsizlanib o‘tirib qoldim.
O‘sha kuni uyimga qaytib, xotinimga meni xizmat safariga yuborishayotganini aytdim.
— Sizni sira safarga jo‘natishmasdi-ku, — deya Hayotxon hayron bo‘lib.
— Lavozimimni ko‘tarishmoqchidir-da. Odamlarning ichida yurib, tajribasi ortsin, keyin biz tayinlagan lavozimda bemalol ishlaydi deyishayotgandir-da, — dedim yolg‘onlab.
Xotinim tuni bilan safarga kerakli barcha narsani sumkamga joyladi. Ertalab o‘g‘lim bilan xayrlashib, yo‘lga otlandim. Darvozadan chiqyapman-u, ortimdan termilib qolgan mushtipar qaynonam, mehribon Mirodilim, fazilatlari beqiyos ayolimni tashlab ketishga ko‘zim qiymaydi. Ularni yana ko‘ramanmi yoki yo‘qmi, degan savol yuragimni qiymalaydi...
Shifoxonada yotib, davolana boshladim. Yaqinlarim yonimda-yu, ulardan yashirinib, uzzu kun shifoxona shiftiga termilib yotishdan alamliroq manzara bo‘lmasa kerak dunyoda. Men ana shu manzaraning mahkumi edim. Har bir kun, har daqiqa asrdek cho‘zilib ketgandek go‘yo. Ba’zida hafta kunlarini unutib qo‘ygandek bo‘lib, farzandim tug‘ildimikin, deb o‘ylab qolaman.
Ertaga jarrohlik amaliyoti o‘tkaziladigan kuni tuni bilan uxlayolmadim. Bir ko‘nglim xotinimni chaqirib, o‘g‘limni, yaqinlarimni ko‘rib qolishni istasa, bir xayolim uning homiladorligini, mening kasalimni eshitib, azoblanishi, farzandimga ziyon yetishini o‘ylab, o‘zimni tiyaman.
Jarrohlik xonasiga kirib ketayotganimda xayolimda faqat bitta o‘y —  otalikdan mahrum etilayotganim alami charx urardi. Bu mahrumiyat qaysi aybim evaziga berilayotganini, orzularim bu yo‘lda qurbon bo‘lganini o‘ylasam... Farzandsiz umr orzu-maqsadsiz yashash demakdir. Men esa orzuyimga yaqin qolganimda oyog‘im sirpanib tubsizlik qa’riga sho‘ng‘ib boryapman...
Ko‘zimni ochganimda tepamda shifokor kulimsirab turardi.
— Juda uyquchi ekansiz-u. Shu kungacha sizdek uyquchi bemorni uchratmovdim, — dedi u.
— Men tirikmanmi?!
— Albatta, tiriksiz! Axir o‘zingiz yashashim, tug‘ilajak bolamni ko‘rishim kerak, devdingiz-ku. Biz shu iltimosingizni bajarishga harakat qildik.
Shu damda ko‘zimga shifokor dunyodagi eng yaxshi inson bo‘lib ko‘rinib ketdi. Uni bag‘rimga bosib, tashakkur bildirgim keldi.
Jarrohlik amalidan keyin uydagilarni chaqirtirdim. Qaynonam sho‘rlik halloslab yugurib keldi. U kishi haqiqatan ham onamdek mehribonlik qilib, tepamdan ketmadi. Uyga qaytib, ayolim va o‘g‘limni ko‘rib, shukrona keltirdim. Shifoxonada bir necha marta davolanib chiqdim. Ayolimning ko‘zi yoriyotgan kuni shifoxonadan chiqdim. Uni tug‘ruqxonaga o‘zim olib bordim. Farzandim tug‘ilganida shifokordan iltimos qilib, uning oldiga kirdim. Bemajol yotgan ayolimni qo‘lidan siqqancha minnatdorchiligimni bildirib, bolamni bag‘rimga bosdim. Uning muattar isini tuyub,  tortgan barcha azoblarimni unutib yubordim.
Keyin esa ko‘chaga chiqib, «Men baxtli odamman!» deb jar soldim. Menimcha, siz ham meni o‘shanda ko‘rgan bo‘lsangiz kerak.
— Hozir ahvolingiz yaxshimi? — so‘radim hayajon bilan.
— Judayam yaxshiman! Shukr, dunyodagi eng mehribon ayolim, ikki o‘g‘lim bor. Ularning borligi meni yashashga undaydi!
— Bolangizni tug‘ilishi sizga umid berganga o‘xshaydi!
— Ertalab uyg‘onib, nafas olayotganimga, oyoq-qo‘lim harakatlanayotganiga ishonch hosil qilib, yashayotganimga shukrona keltiraman! Biz doim ham atrofimizdagi ne’matlarning qadriga yetavermaymiz. Lekin mahrumiyatni his etganingda hammasi ko‘zingga boshqacha bo‘lib ko‘rinarkan. Men yashashdan, otalikdan, oila boshlig‘iligidan mahrum bo‘lmaganimdan baxtiyorman!..
— Hurmatli yo‘lovchilar! Surxondaryo viloyatiga xush kelibsiz! Marhamat, samolyotdan tushishingiz mumkin. Oq yo‘l! — dedi styuardessa tabassum bilan salonga kirib.
Xayollarimiz kaptardek oshiqayotgan manzillarimiz tomon uchdi. Hamrohim bilan xayrlasharkanman, uning taqdirini albatta, asar qilib yozishimni aytdim. U esa mamnuniyat bilan bosh irg‘agancha jilmayib qo‘ydi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.