OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Isajon Sulton. Farishta (hikoya)

Farg‘onaning chekka bir qishlog‘ida, er-xotin to‘ydan kech qaytishayotgan edi. Terakzorlar adog‘ida, chakalakzor boshlangan joyda ko‘rib qolishdi uni. Kichkinagina ekan. Oyoqchalari ham mittigina. Tuproqni changallab olibdi, yelkasida ikkita qanotchasi ham bor, uchidagi parlari shundoqqina loyga belanib, shalvirab tushibdi. Bir qanoti g‘ayrioddiy qayrilgan, xullas, g‘ujanak bo‘lib yotar edi.
 
Boyagina yomg‘ir yog‘ib o‘tgan, tomchilari hozir teraklarning, butalarning barglarida turib qolgan edi. Yerlar loy, mana shu loyu balchiq aro, tegrasida turli o‘t-o‘lanlar o‘sgan tuproq yo‘lning qoq o‘rtasida nochorgina yotar edi boyaqish.
 
– Voy, anavini qarang! – dedi xotin, uni ko‘rib. Bir nimalarni o‘zicha to‘ng‘illab kelayotgan er “Bor-e” dedi, keyin baribiram xotinining gapiga kirib, u ko‘rsatgan tomonga qaradi-da “Iya” deb yubordi ko‘zlariga ishonmasdan. Hali mislsiz qahramonliklar ko‘rsatib, qishloq ahlini lol qoldirishni xayol qilib ketayotgan bu kishining o‘ylariyu xayollari zumda kapalaklarday to‘zg‘ib ketdi, yaqin borishga jur’at qilolmay to‘xtadi-da, ko‘zlarini katta-katta ochib, achinarli ahvolda yotgan mana shu mitti oqish vujudga tikilib qoldi.
 
Sal narida esa katta bir kuchuk bularga xo‘mrayib qarab turardi. Qaydan kelgani ham noma’lum edi, tevarakda bunaqa kuchuk yo‘q edi.
 
“Tavba, ko‘zi g‘alati ekanmi?” degan o‘y keldi erkakning xayoliga.
 
– Voy o‘lay, dadasi, nima bu? – dedi xotin, yuragiga vahima aralash hayiqish o‘rmalab.
– Jim tursang-chi, – deb uni jerkib berdi er, keyin nima uchunligini o‘ziyam bilmasdan, kalima qaytara-qaytara, tizzalari qaltiraganicha ehtiyotkorona qadam tashlab, biroz yaqinlashdi. Shunda bilagini bir nima qattiq siqa boshladi, buni yuzi muzlab, vujudidan g‘alati titroq o‘rmalab o‘tayotganiga yo‘ydi, keyin yanada og‘riy boshlaganida qarasa – xotini ekan, mahkam changallab olibdi.
U yanada yaqinroq bordi.
Ha, yerda loyga belanib yotgan kichkina shu oqish vujud rostdan ham farishta edi!
 
E tavba, dedi hayron bo‘lib, xayolida turli-tuman o‘ylar nihoyasiga yetmasdan chirpirak bo‘lib aylanarkan. Farishtaning ham bolasi bo‘lar ekan-da? Hali mo‘rt, suyagi qotmapti-ku. Kichkinaligini qara! Voy bechora... Qushday uchib ketayotgan ekan, yiqilib tushganga o‘xshaydi. Mana, qanaqa bo‘lar ekan farishta deganlari... E tavba-a, xudoni qudratini qara-ya.
 
Nima bo‘ldi ekan? Uchib ketayotib nimadir ro‘y berganu yiqilib tushgandir? Tavba, farishtalar ham o‘lar ekan-da. Nega o‘lmasin? Balki yomg‘irda qanotchalari ivib qolgandir? Nima yumush bilan uchib ketayotgan bo‘lishi mumkin shu yomg‘irli kechada? Goho sababsiz yiqilib tushib, yerda ko‘zlari olayib potirlab yotgan qushlarni ko‘rgansan-ku? Yopiray, xuddi olam bolasiga o‘xshar ekan. Oyoqchalarini kichkinaligini qara. Bizlar to‘yda yeb-ichib, maishat qilib o‘tirganimizda, bu sho‘rlik nima uchun, qayoqqa uchishni qasd qilgan ekan? Voy bechora...
Uning ko‘ngli shu tob yaxshiliklarga limmo-lim to‘lib ketganday tuyula boshladi. O‘zining birdaniga juda yaxshi odam bo‘lib qolganini his qildi, bu juda yoqimli va tiniq tuyg‘u, hatto sarmast ham qilardi. Farishtaning o‘ligi-ki odamning ko‘nglini shunaqa o‘zgartirsa, tirigi qanaqa bo‘lar ekan, demoqchi bo‘ldi xotiniga. Axir, yuragim yorug‘likka to‘lib boryapti. Ko‘p javraganing bilan sen ham yaxshi xotinsan, ke, qo‘lingni beraqol. Shu murg‘ak vujudning mana shu yotishi nimagadir ko‘zimda yosh paydo qilmoqda. Bir-birimizga mehr-oqibatliroq bo‘laylik, qara, ajal degan narsa farishtalarni ham omon qo‘ymas ekan-ku?
 
Bular g‘alati o‘ylar edi, erkakning yuragini yumshatib, rostdan ham ko‘zida yosh paydo qildi, tomchisi yuzida muzday iz qoldirib, soqollari olinmagan iyagiga oqib tushdi.
 
– Dadasi, men qo‘rqib ketyapman, – deb zorlandi xotini.
 
E, ahmoq, farishtadan ham qo‘rqadimi odam? Kim bilsin, yiqilib qanoti sinmaganida, qanchadan-qancha odamning duosiga omin degan bo‘larmidi? Yoki bu boshqacha farishtamikin? Ekinlarning qulog‘idan tortib chiqaradigan rizq farishtalari bo‘ladi. Yomg‘irni haydab keladigan haybat farishtalari ham bor. Yomg‘ir farishtalari juda ulkan, bahaybat bo‘lsa kerak, har holda bu rizq farishtasining bolasiga o‘xshayapti.
Erkak yana bir qadam qo‘ygan edi, haligi kuchuk to‘satdan irilladi. Erkak hayiqdi, yerda yotgan bir cho‘pni olib “Ket, ket!” deb kuchukka otgan edi, kuchuk ilib oldi-da, g‘ajib, mayda-mayda qilib tashladi, keyin bo‘laklarni panjalari bilan bosib, yana tahdidli irilladi.
 
– Daydi, iliqqan itga o‘xshaydi, – dedi erkak. – Qopib olmasin tag‘in?
 
U mana shu ikki qadam narida yotgan tiniq, go‘zal vujudni qo‘liga olgisi, ko‘tarib bag‘riga bosgisi, o‘ziyam bilmaydigan shirin so‘zlarni aytgisi keldi. Bu mavjudotlar umrlari mobaynida sirayam gunoh qilmaydilar, degisi keldi xotiniga, hozir neki gapirsa ham xotini quloq solishini va tasdiqlashini ko‘ngli sezib turardi. Butun qilar ishlari xudoi taoloning amrlarini quloq qoqmay bajarishdan iborat. Kim bilsin, sen bilan biz tosh qotib uxlab yotganimizda osmonda yana nimalar ro‘y berar ekan? Aytishlaricha, uydagi gilos bor-ku, mevasini sotmaymiz deb kecha men bilan xarxasha qilib urishganing qora gilos, o‘shaning nechta gul ochib, nechtasi to‘kilishigachayu nechtasi meva tugishigacha bilarmish farishtalar. Senu men ko‘rmasak-da, og‘ochlaru ekinlar ustida gir-gir aylanib, hosil yetishishini ta’minlarmishlar. Bu bechora ham senu menga o‘xshagan g‘ofil mardum uchun nimadir qilishni ko‘zlab uchgani aniq, axir uning yemish-ichish, ro‘zg‘or degan dardi yo‘q-ku? Chaqmoq chaqqanini ko‘rding-ku, balki uchib ketayotganida chaqmoq urgandir sho‘rlikni? E, xotin, agar biror odam bolasi senu meni deb nimadir ishga urinsayu shu holida bir nima bo‘pqolsa, umrimizni oxirigacha uni boshimizda ko‘tarib e’zozlab yursak kerak. Bu bechoragina shunga o‘xshash biror yumush bilan ketayotganu falokat yuz beribdi-da...
 
Erkak qat’iy qarorga keldi-da, yana oldinga qadam tashladi. Shunda kuchuk yana bir irillab, yerda yotgan o‘sha mas’um vujudni tishlab ko‘tardi-da, birdaniga ortiga o‘girilib, chakalakzorlar tomon olib qochdi.
 
– To‘xta! – deb baqirib yubordi erkak, dardu dunyosi qorong‘i bo‘lib, xuddi bu so‘zni kuchuk tushunadiganu to‘xtaydiganday, bor kuchini ovoziga berib. – To‘xta, hoy yaramas!
 
Keyin shosha-pisha kuchukning ortidan chopdi. Voy-voylab ortidan xotini ham chopib kelar edi. Kuchuk birpasda chakalaklar orasida ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Erkak saldan keyin u yo‘qolgan joyga yetib borib, biroz ichkari kirdi ham. Eski butalar shitirlar, yaproqlar jiqqa ho‘l edi. Oyog‘i loyga botdi, to‘xtab, hansiraganicha birpas tevarakka quloq soldi.
 
Afsuski, kuchuk ko‘rinmas, sasi ham eshitilmas edi.
 
– Ko‘zi... ko‘zi g‘alati edi u kuchukni... – dedi atrofiga alanglar ekan. – Qani, qayga ketdi?
 
Teraklarning qoramtir qiyofalari ortida ulkan oy osilib turar, bu yog‘duda butalardagi tomchilar xiyol jilvalanardi. Erkak shu yerda yotgan yarmi chirigan, po‘stloqlari palaxsa-palaxsa bo‘lib ko‘chgan eski xodaga o‘tirib qoldi. Yuragini qorong‘i va ezuvchi bir afsus qoplab keldi.
 
– Dadasi... – dedi xotini, bo‘lib o‘tgan shu g‘alati hodisa haliyam uning aqliga yetib bormagan edi. – Haligi... rostdanam farishta edimi?
 
Erkak indamadi.
 
– Eh, xotin... – dedi anchadan keyin, xo‘rsinib. – Bo‘lmadi-ku?
 
– Nima, dadasi? – deb so‘radi xotini, uning yoniga qiyalabroq o‘tirar ekan. Haliyam mahkam tutib olgan dasturxonidan mato va yog‘da pishirilgan qatlama isi kelardi.
 
– Bolalar nima qilishyaptiykin? – deb ovoz chiqarib o‘ylandi erkak, o‘ziga kelganday bo‘lib, peshanasi tirishib.
 
– O‘tirishgandir...
 
– Ha-a... – dedi erkak yana, boshini quyi egib. – Bo‘lmadi-ya, hay attang!
 
Kap-katta bu erkak hozir yosh bolaga o‘xshab qolgan edi.
 
– Odamga farishta duch kelganini sira eshitganmisan? – dedi keyin, hasratli ovozda. – Axir, yorug‘ dunyoda sen bilan mengagina duch keluvdi-ya. Qaniydi qo‘limga olsaydim, qanotchalarini silab bag‘rimga bossaydim...
Xo‘rsindi:
 
– Bolaligimda orzularim rosa ko‘p bo‘lardi. Ota-onamning ro‘zg‘or deya urinib-berinishlariga qarab turib, u orzularimga yetolmasligimniyam bilardim. O‘shanda hayotimda bir farishta uchrab qolsayu istaklarim ro‘yobga chiqsaydi deb xayol surib yurardim. Qara, umr o‘tib ketyapti, qirqqa kirgan bo‘lsam-da, mehnatdan boshim chiqmay yashab yuribman, shu bandam farog‘at nimaligini bilsin deb, mehribon xudoyim farishtasini yubordi. Yuborgandayam ko‘makka zor qilib yubordi... Qanotchalarini ko‘rdingmi, qanaqa kichkina, muloyim edi? Yoniga yaqinlashganimda, ichu tashim nurga to‘ldi. Hozir murg‘akkina bo‘lib, loyga qorishib yotganini ko‘z oldimga keltirsam, o‘pkam to‘lib ketyapti. Xuddi o‘zim ham... yiqilib tushganmanu umrim bo‘yi loyga qorishib ketgandayman...
 
– Hoy dadasi, – dedi xotin, tashvishlanib. – Qo‘ying endi, yig‘lamang, uyat bo‘ladi.
 
– E, qo‘ysang-chi, – dedi erkak, ovozi bo‘g‘iq edi. – Ichu tashim nurga to‘ldi deyapman-ku? Bundan buyog‘iga hayotim ham nurga to‘ladi debman-a...
 
Xotin nima deyarini bilmas edi. Shu alfozda ancha o‘tirib qoldilar. Osmonda yulduzlar kam, uzoq-uzoqlardan nimalarningdir sasi kelar, ahyon-ahyonda butalar orasida bir nima shitirlar, goh tomchi uzilib yerga tushar... shu ovoz ham eshitilar edi.
 
– Naylayin, osmon uzoq, yer qattiq ekan, – dedi nihoyat erkak, taqdiriga tan berib. – Tur, uyimizga ketaqolaylik.
 
Xotin itoat bilan bo‘ysundi. Birdaniga qalbida, bukchayib qolganday ko‘rinayotgan eriga rahm uyg‘ondi, unga qanaqadir shirin so‘z aytib, ko‘nglini ko‘targisi keldi.
 
– Qo‘ying, dadasi, – dedi. – Xudoga shukr, hayotimizdan noliydigan joyimiz yo‘q, el qatori, birovdan ortiq, birovdan kam yashab yuribmiz. Orzu havaslaringizning hammasi oldinda, qo‘sha-qo‘sha to‘ylar turibdi hali.
 
– Ha-a... – dedi erkak, o‘sha alfozda odimlarkan, xayolchan, xotiniga qaramasdan. – To‘g‘ri aytasan, oldinda hali to‘ylar ham bor...
 
Shu tarz ikkovlon mo‘‘jiza ro‘y bergan chakalakzordan uzoqlashib ketishdi. Qiyofalari tungi osmon toqida qorayib ko‘rinardi – so‘lim vodiyning chekka bir qishlog‘ida, tungi yomg‘irdan keyingi loy yo‘ldan uylariga qaytayotgan shu juft, shu orzumand eru xotin...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.