OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Isajon Sulton. Sog‘inch (hikoya)

Shaftoli shoxidaman,
Onamning yonidaman,
Boray desam yo‘l uzoq,
Otamni sog‘inaman...
(Bolalar qo‘shig‘i)

Bir necha kundirki sovuq tushdi. Ertalab sahar tashqariga chiqsangiz, hammayoqni ko‘z yetadigan olis-olislargacha oqish qirov-bulduruqlar qoplab yotganini ko‘rasiz. Kechalari etni o‘yib, suyakni zirqiratar darajada sovuq shabada esadi, bu izg‘irinda yaqindagina issiq-issiq ko‘z qisgan yulduzlar ham olislashib, to‘ng‘ib qolganday tuyuladi. Shiypon atrofidagi tolning yashil barglarining chetida jigarrang dog‘lar va halqachalar hosil bo‘libdi. Xullas, hamma tomondan kuzning nafasi kelib turibdi. Shom qo‘na boshladi. Junjika-junjika burchakda, deraza oldidagi oqma gazga ulangan pechkani yoqdim. Gazning bosimi yaxshi ekan, zangori olov bir tekisda gurillab yona ketdi, xona isiy boshladi. Tokchadagi kichkina televizor lip-lip etib xira bir nimalarni ko‘rsatardiyu ammo ovozi chiqmas edi.
Ertaga havo qanday bo‘lar ekan, razm solay-chi deb tashqariga chiqdim. Oqlanganiga ancha yillar bo‘lgan devordan asbest quvur chiqib turibdi, og‘zidan hovur ko‘tarilyapti. Xira sariq chiroq nariroqdagi suvini eski xazonlar qoplab olgan hovuz chetlarini arang yoritmoqda. Ancha uzoqda, dalayu dashtni enlab olgan shom qorong‘isida bir nechta sarg‘ish chiroqlar miltirab ko‘zga tashlanadi. Ular – turli tomonlardan shu yoqlarga men kabi ishlagani kelgan kishilarning kulbalari. So‘ng poyoni yo‘q dalalar boshlanib ketgan. Sirdaryo bepoyon, dashtlari bilan odamni hayiqtiradi. Osmon to‘la yulduz, tevaragini xira oqish yog‘duchalar o‘rab olgan. Dala-dasht osmonida nimagadir yulduzlar ko‘p uchadi.
Osmon tiniq, shabada o‘zgarmagan, demak, havo ertaga ochiq keladi. Olis yulduzlar orasida, juda balandda qizil chirog‘ini miltillatib qanaqadir uchoq suzib bormoqda. Uchoqdagi kishilar chet ellarga yo‘l olgan bo‘lsalar kerak. Uchoq ichi issiqdir? Yorug‘, shinam salonda bu baxtiyor kishilar mudrashayotgandir balki? Bo‘lishi mumkin, lekin ularning taqdirlari, hayotlari boshqacha. Bizniki shu – dehqonchilik... To‘nimga yanada o‘ranib, biroz aylanib yurdim. Shabadada derazaning ko‘ziga yopishtirib qo‘yilgan suvqog‘oz shitir-shitir qiladi, ortida, xona ichkarisida televizor xira oqish dog‘ bo‘lib ko‘rinib turibdi. Oyog‘im ostida bulturgi xazonlar shitirladi. Bitta-ikkita yaproq eski to‘nka ustiga qo‘nibdi. Yoz kunlarida mana shu to‘nkaga o‘tirib dam olardim. Hozir u namiqib qolibdi, ich-ichidan chirigan bo‘lsa ham ehtimol.
Deraza yonidan o‘tayotganimda choynakning shig‘illagan ovozi keldi. Choy qaynabdi. Qaytib ichkariga kirdim. Eski do‘ppini buklab, choynak dastasini ushlaganimni bilaman, bir nima to‘satdan pirr etdi, mushtday, qoramtir bir nima potirlab ko‘zim oldidan yuzimga tekkuday bo‘lib uchib o‘tdiyu o‘zini suvqog‘ozga urdi, ko‘chirib tashqariga chiqib ketdi.
Yuragim shuvillab ketdi. Daf’atan uning nimaligini bilolmadim. Sal o‘zimga kelgach, choynakni joyiga qo‘yib pechkaning tepa tarafiga qaradimu birdaniga kulgim qistadi. Ajabki, pechka bilan devor oralig‘ida kichkina tirqishda har xil xas-cho‘plardan aylana shaklida naridan-beri qurilgan qush ini... inda ikkita qizg‘imtir jish polapon menga baqrayib qarab turishibdi! Musichaning bolalari! Munchoq-munchoq ko‘zlari xira chiroqda yilt-yilt qiladi, och jigarrang mitti tumshuqchasining chetida ingichka sariq hoshiyasi ham bor, bo‘yinlarini cho‘zib-cho‘zib chiyillashyapti.
Ochib chiqqaniga bir-ikki hafta bo‘lgandir? Polaponlar ulg‘ayishganida bu sariq hoshiya yo‘qolib ketadi. Patlari siyrak, qizg‘imtir terisi shundoq ko‘rinib turibdi.
Demak, kunduzlari men dalaga ketganimda u qush deraza ko‘zidan kirib, uy ichini aylanib uchgan, xavfsizroq joy axtargan, nihoyat shu tirqishni topib, tashqaridan xas-cho‘p tashigan, in qurgan, tuxum qo‘yib, bola ochgan! Uyimda shuncha voqea ro‘y beribdiyu o‘zim bexabarman! Tavba, qo‘rqmaganini qarang! Kechqurunlari ishdan kelganimda, yonginasida odam bolasi timirskilanib yurganida ham xavotirini bosib, nafasini chiqarmay ko‘zlarini mo‘ltiratib o‘tiravergandir? Bugun pechkani yoqqanimda devor qizigan, shundayam to jonidan o‘tmaguncha chidaganu axiyri halokatli issiqqa chidayolmay potirlab uchib chiqib ketgan ekan. Polaponlarini olib chiqib ketolmaganininng sababi - ular hali uchirma bo‘lgan emas.
Bir tomondan bu qushning kulbamga uya qurishi menga ishonganidan bo‘lsa boshqa tomondan polaponlarini tashlab ketgani yuragimni g‘ash qildi. Gazni darrov o‘chirdim, polaponlar chirqillashaverdi. Ochmikin? Men tufayli och ham qolishgandir? Balki suvsashgandir? Qanaqadir idishning qopqog‘ida suv tutdim. Non uvoqlarini oldiga tashladim, yo‘q, yeyishmadi, suv ham ichishmadi, bo‘yinlarini cho‘zib, ingichka qip-qizil tillarini ko‘rsatib chiyillashgani chiyillashgan. Biram ojiz, biram himoyasiz... Avval bittasi xavotirlanib, ojiz chiyilladi, saldan keyin ikkinchisi qo‘shildi. Kulba polopon chiyillashlariga to‘ldi.
Qizig‘i shundaki, menga qarashmaydi ham, qayoqlargadir tikilishadi. Umuman qushlar odamga kamdan-kam tik qaraydilar. Yoki qarashlari shunaqa, sezilmaydimi?..
Obbo, bularning inini qayoqqa ko‘chirsam ekan? Pechkani-ku yoqib bo‘lmaydi, ammo sovuqda bular ham junjikishlari mumkin. Nachora, olovini juda past qilib yana yoqdim.
Ona musicha uzoqqa ketmagandir har holda? Bolalarini tashlab qayoqqa ketardi? Shu atrofdagi qay bir daraxt shoxida ko‘zlarini mo‘ltillatib qo‘nib o‘tirgandir? Ammo mening uydaligimni sezsa, qaytib uchib kirgani hayiqadi albatta.
Bilasizmi, shu chiy-chiy tovush uyimni farog‘atga to‘ldirib yubordi. Xuddi baxtiyor ota singari dumaloqlab qo‘yilgan o‘rin-to‘shakka yonboshladim, men uzoqlashgach, poloponlar chiyillashni bas qilishdi. Lekin uyasida qimirlashayotgani, xaslarning shitirini eshitib turibman. Anchadan keyin yana qaradim, uxlashmaydimi bular? Yana o‘sha manzara: mitti jimit ko‘zchalarini mo‘ltiratib o‘tirishipti.
...Shu ko‘yi ko‘zim ilinibdi. Sahar uyg‘onib, tashqariga chiqdim. Manzara o‘sha-o‘sha: tong yorishgan, poyonsiz yastangan dalalar uzra bulduruqlar yiltiraydi. Tuproq yo‘l uzra ham mayda uchqunchalar yog‘ilganga o‘xshaydi. Yo‘llar, daraxtlar, tom bo‘g‘otlari - bari namchil, qorayinqiragan. Bo‘g‘otdan suv tomchilayapti, bu – qirovning ishi. Havo sovimasidan avval shudring, shabnam tushar edi, xiyol sovidimi – qirovga aylanadi, yanayam sovisa, dov-daraxtni bulduruqlar egallaydi. Kuzga tayyorlanib, barglarini to‘kib yuborgan yoki bitta-yarimta sarg‘aygan tussiz bargi qolgan buta shoxlariyu o‘t-o‘lanlar ham namlanib-egilib qolibdi.
Shiypon tomi ustida qoramtir sharpa sezildi. Qarasam, dashtning yovvoyi mushugi ekan. Paxmoq, ko‘zini surbetlarcha tikib qing‘ayib turipti. Bir ko‘zi yashil, ikkinchisi moviy. “Hah, bekor aytibsan!” deb po‘pisa qildim. Keyin yerdan bir kesak olib otgan edim, mushuk bir sakrab tom ustida ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Poloponlarni poylayotgan bo‘lsa-ya?
Nari-beri nonushta qilgach, avval poloponlarga tutdim. Bular hali non uvoq yeyishni bilishmasa ham kerak? Nonni chaynab og‘izlariga tiqdim, yana yeyishmadi. Tashqariga chiqib picha kutdim, balki onasi men uzoqlashgach qaytib kelar? Atrofda chumchuqlar, qoraqushlar, zag‘chalar ko‘p edi, lekin oralarida bironta musicha ko‘rinmadi. Qayga ketgan ekan bemehr, ona bo‘lmay qolgur! Nima qilarimni bilmay boshim qotdi. Shundoq tashlab ketay desam, ketolmayman, xavotirlanaman. Nihoyat, poloponlarni avaylab joyidan olib, to‘nimning ichiga – qo‘ynimga solib yumushimga jo‘nadim.
Kulbamdan ancha pastda, tuprog‘i o‘ynab ketgan yo‘l adog‘ida kichkina taxta do‘koncha bor, goho u-bu kerak bo‘lib qolsa, shu do‘konchadan olaman. Hozir do‘kon yonida uch-to‘rt kishi to‘planib turishgan ekan. Bular ham men kabi, yollanma ishchilar. Ikkita dala pastdagi yeryong‘oq va mosh ekilgan yerlarda ishlashadi.
–    Ha, Rahmatjon? – dedi biri. – Qo‘yningizdagi nima?
–    Musichaning bolasi, – dedim.
–    Yo‘g‘-e! – kulib yubordi u. – Hazillashmasdingiz-ku?
–    Rostdan ham musichaning bolasi, – deb, tundagi voqeani aytib berdim.
–    E, shunaqami, - dedi nariroqdagi qorachadan kelgan, soch-soqoli oqara boshlagan kishi iljayib. Tirnoqlari o‘sgan, barmoqlari qavarib-qavarib ketgan edi. – Musichaning bolasining go‘shti shirin bo‘ladi. Xohlasangiz, darrovgina shashlik qilib pishirib beraman.
–    Yo‘g‘-e, polaponni yeb bo‘lmaydi, - dedi boshqasi. – Yaxshisi, anavi kuchukka beraqoling. Qarang, sadoqat bilan ko‘zini mo‘ltiratib o‘tipti. Biqini ichiga kirib ketganini ko‘ryapsizmi, qorni och-da.
–    Shu jish polapon bilan to‘yarmidi ho‘kizday itingiz, – dedim men. – O‘zi, musichaning bolasi nima yeydi, bilmaysizlarmi?
–    Polaponligida onasi qurtu qumursqa, chuvalchang topib kelib tutadi, – dedi u. – Uchirma bo‘lishganidan keyin bizga o‘xshab dala dashtdan don-dun topib, ko‘lmaklardan suv ichib yuraverishadi. Ammo bular hali jish-ku, don-dun yeyolmasa kerak.
–    Ha, tushundim, – dedim. Ular bilan xayrlashib, dalamga ketdim.

* * *

Dalam keng, poyonsiz, egasi - yosh tadbirkor yigit. Ishi ko‘p, vaqti esa juda kam, goh-goh kelib turadi Hozir hosil yig‘ishtirib olingan, yerga suv berib bo‘lsam bas, yumushlar tugaydi. Dala-tuz bahorgacha tin oladi, uxlaydi. Tinchlik bo‘ptursa, uch-to‘rt kunda yurtimga, qishlog‘imga ketaman.
O‘z yurtim bu yerlardan olisda. U yerda bunaqa bepoyon dalalar yo‘q. Lekin otamdan qolgan eski uyim shinamgina. Tashqaridan qarasangiz, boshqalarnikidan ko‘pam farq qilmaydi. Hovliga kirsangiz, shu pallada mevalar g‘arq pishib yotganini ko‘rasiz. Sarg‘aygan yaproqlar orasidan sap-sariq behilar, qizil anorlar ko‘rinib turadi. Anorning bargi kambar bo‘ladi, kuchi-quvvati bor mahalida to‘q yashil, keyin esa sarg‘ish-qizg‘imtir tus oladi, kuzda o‘z-o‘zidan birin-ketin chirt-chirt to‘kilaveradi. Ana shu uzilishning ovozini yaxshi ko‘raman. Tevarak jimjitligida bitta bargning uzilib, shoxchalarga urila-urila tushayotgan ovozi ham ajoyib eshitiladi. Behining bargi esa och-sariq sarg‘ayadi. Terakniki ham shunaqa, faqat qoramtir-jigarrang nuqtachalari bo‘ladi. Chala-yarim sarg‘aygan o‘tlarning usti oltinrang-qizg‘ish barglarga to‘lib ketadi, yursangiz yoqimli shitirlaydi.
Bir qo‘lim bilan bag‘rimdagi polaponlarni tutib qadam tashlayapman. Tutmasam, g‘imir-g‘imir qilib tushib ketishi mumkin. Qo‘ynimdayam chiy-chiy qilishyapti, qurg‘urlar. Shundoq yuragimning oldida g‘imirlashyapti. Sal o‘tmay, jimib qolishdi. To‘n yoqasini ochib qarasam, biri javdirab turibdi, boshqasi esa ko‘zchalarini yumib uxlayapti! Ich-ichimdan sevinch ko‘tarilib keldi. Ruhim ham bardamlashdi, tez-tez ariqlardan xabar oldim.
Suvlar bir maromda, bulduruq qoplagan yerlarni qoraytirib, sokin jildirab oqmoqda.
Kulbaga qaytgach, yana pechkani yoqdim, sho‘rva tashladim, ovozi chiqmaydigan televizorni qo‘ydim. Keyin tashqariga chiqib daraxt shoxlaridan qurt-qumursqa izladim. Nihoyat, har kuni o‘zim o‘tiradigan eski to‘nka yorig‘idan topdim. To‘nkaning ichi allaqachon po‘k bo‘lib qolibdi. Olib kelib polaponlarga tutdim, bittasi bir muddat qarab turdi-da, shartta qo‘limdagi yemishin yulqib oldi, hatto tumshuqchasi barmog‘imga botdi.
“Mana, qanaqa ekansan, to‘polonchi”, dedim kulimsirab. Ularni o‘z holiga qo‘yib, o‘zim ham yonboshladim.
Ha-a, nimasini aytay? Tirikchilik deb shu yerlarda ishlab yurgan bir bandaman-da. Vaqtida o‘qiy olmadim, sababi – otam-onam kasalmand, men esa yolg‘iz o‘g‘il, keyingilarning hammasi singillar edi... shularga darmon bo‘lib, qanotlariga kiray deb dehqonchilikka kirishib ketdim. Yo‘qsa, fanlarga juda qiziqar edim. Adabiyotni yaxshi ko‘rardim, inson iztiroblariniyu quvonchlarini aks ettirgan kitoblarni qo‘limdan qo‘ymay o‘qirdim. Shaxmatda birov menga bas kelolmasdi. Yillar bir-birini quvalab o‘tib boryapti, turmush ham bir maromda ketyapti, birovdan kam, birovdan ko‘p - qimirlab yuribman-u...
Nimasiniyam aytay?! Axir, mening ham ikkita polaponim bor!
Ularni shunchalar sog‘indim-ki!
Biri besh yashar, biri uch yashar. Kattasi o‘g‘il, kichigi qizaloq. Qosh-ko‘zlari xuddi o‘zim, burnining yonidagi kichkina qora xoli onamdan o‘tgan. Kulishlari, gapirishlari, hammasi o‘zim. Samimiyatini, mehrini aytmaysizmi? Qushchaday bag‘rimga kirib ko‘zchalarini mo‘ltillatib yotishlarini-chi? Ba’zan shamollab yotib qolganimda tepamda onamday mehribonlik bilan yuzlarimni silab o‘tirishlarini-chi?
Yurak to‘liqib ketyapti-ku!
Qizalog‘im kichkinaligida o‘ziday keladigan chelakni ko‘tarib daranglatib yurgani, mening oyoq kiyimimni kiyib olib hammani kuldirgani, jiyanim kelib mening do‘ppimni kiyib olganida “dadamning do‘ppisini ber!” deb u bilan rosmana jahli chiqib urishgani... ko‘z oldimdan lip-lip o‘tmoqda.
Mehribonlarim, axir sizlarni olti oydan beri ko‘rmadim-ku?! Peshanangizdan, sochlaringizdan anqiydigan jannat islarini juda sog‘indim-ku! Qo‘lchalaringni sog‘indim-ku, bolam! Daf’atan... ich-ichimdan hissiyotlar bo‘roni ko‘tarilib kelmoqda, mijjalarda sog‘inch yoshlarini paydo qilmoqda.
Qo‘rqaman, bolam. Tangrimning jannatlaridan kelgan rayhonlarim mening! Men kabi bir otaning farzandi ekaningizdan bir kun kelib o‘ksimasmikansiz deya qo‘rqaman. Otam ko‘p kasal bo‘lardi, shu sabab o‘zim xohlaganimday o‘qiyolmadim, mushtdayligimdan boshim mehnatdan chiqmadi. Kun kelib katta bo‘lishganida ular ham men kabi, istaganlariday bilim ololmasliklaridan, istaganlari kabi qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarolmay qolishlaridan hayiqaman. Komil bo‘lib voyaga yetishlari uchun hamma sharoitini yaratib beray deb shu yerlarda yuribman... Balki, pahlavonim shu mahal katta papkasini yelkasiga osib, kichkina oyoqchalariga mitti poyafzalchasini kiyib olib maktabidan qaytayotgandir? Maston qizim, mehribon qizim kichkina qo‘lchalari qizara-qizara onasining yoniga kirib kir yuvayotgandir? Qizim maktabda juda yaxshi o‘qiydi. Fanlarga juda qiziqadi. O‘g‘lon esa hali yosh, to‘polonchiroq.
Oz qoldi, yerning suvini berib bo‘lsam bas. Keyin qush kabi ucha-ucha qoshingizga boraman, albatta. Balki, hozir ancha-muncha qiynalayotgandirsizlar? Lekin, men borganimda uyimiz qut-barakaga to‘ladi. Xumlar to‘la yog‘ bo‘ladi. Boshqa xumlarni esa mo‘l-ko‘l guruch, bug‘doy bilan to‘ldiramiz. O‘z qo‘llarim bilan sizlarga hovlimizdagi eski o‘choqda ajoyib palov damlab beraman, go‘shtlari ham mo‘l-ko‘l bo‘ladi palovimizning. Keyin, albatta yangi kiyimlar olib beraman. Qishning izg‘irinlaridayu qorlarida qarovsiz qushchalarday sovqotmasligingiz, jajji oyoqchalaringizga muzlamalarning sovuqlari o‘tmasligi uchun eng chiroyli, pishiq, qo‘rkam va issiq kiyim-boshlar olamiz. Sizlardan hecham pulimni ayamayman. Bu dala-dashtda sizlarni deb yuribmanku, o‘zimga qolsa kelarmidim issiq uy-joyimni tashlab?..
Polaponlar xira sariq chiroq yonib turgan g‘aribon kulbada, dumaloqlab qo‘yilgan o‘ringa suyanib, ulkan boshini ikki kafti orasiga olib o‘tirgan odam bolasiga hayron-hayron boqishyapti. Nimayam qilay, bolajonlarim! O‘zimga qolsa yurarmidim shu yerlarda, sizlarnig aziz diydoringizdan uzoqda, dalayu dashtlarda, notavonu yetim kabi...

* * *

Shu-shu, poloponlarni o‘zimdan nari qo‘ymas bo‘ldim. Dasht mushugi yeb-netib ketmasin deb hatto yonimda olib yotdim. Pechka atrofiga uyib tikan bosdim: mabodo men yo‘g‘imda kirib qolsa, inga qadar chiqib borolmasin! Polaponlar ham menga o‘rganishdi, endi yemish tutsam, surbetlarcha barmog‘imni ham cho‘qishadi. Hatto talpinadigan ham bo‘lishdi.
Ertalab birgalashib choy ichamiz. Keyin ishimga ketaman. Tush mahali shuncha yo‘ldan qaytib kelaman, bular meni kutayotgan bo‘lishadi. Yana birgalashib tushlik qilamiz. Keyin shom qo‘nadi. Ovozi chiqmaydigan televizor allanimalarni ko‘rsatadi, dasturxonimning bir chetida poloponlar ham o‘tirishadi. Shu bir necha kun ichida ancha tetiklashishgan, patlari qoraygan, qanotlariga quvvat kirmoqda, goho uchmoqchi ham bo‘lib qanot ham qoqib qo‘yishadi. Bittasi tetikroq, sho‘xroq, qanot qoqqanida xiyol ko‘tariladi ham, keyin “to‘p” etib yerga tushadi, shundayam yana uchishga urinadi.
Goho yon atrofdagi tabiat ichidan ona musichani izlayman. Yo‘q, hech qaerda ko‘rinmaydi! Musicha asli beqaror qush. Polaponiniyam shunaqa qilib tashlab ketadimi, tavba? Daraxt shoxlarida, tomda baroq mushukning haliyam poyloqchilik qilib yurganini ko‘rib qolaman. Har ko‘rganimda bir nimalar otib haydaymanki, hayiqsin, qo‘rqsin, yaqin kelmasin. Kunlar yanada soviy boradi. Erta bir kun qishning izg‘irinli muzlamalari boshlanganida butun bu tevarak muz qotadi, harakat to‘xtaydi. Shunda polaponlarning holi nima bo‘lar ekan degan tashvishim ham bor.
Yerlarni sug‘orib bo‘ldim. Endi keyingi yil bahorigacha yer dam oladi. Ariqlardagi suvlar ozayadi, tubida ozgina tiniq suv qoladi, xolos. Bu suvlar bahorda bo‘tana tus oladi, bahorning jalalarining hayotbaxsh suvlari ko‘pira-ko‘pira oqadi.
Hozir esa hammasi sokin, jim.
Yerning egasi – ozg‘in, besaranjom yigit tushlik mahali kelib men bilan hisob-kitob qildi, bahordan beri qilgan xizmatimning haqini oldim. Ko‘nglim yengil bir tuyg‘u bilan to‘ldi. Tezroq kulbamga boray, narsalarimni yig‘ishtirib, yo‘lga chiqishim kerak.
Ana, ko‘klarda turnalar ham qaytishmoqda. Qator-qator tizilib zag‘chalar qaylargadir ketishmoqda. Bular uchburchak hosil qilishib uchishadi. Lekin zog‘lar unaqa emas, to‘p-to‘p ketishaveradi. Balki turnalar judayam uzoqlarga uchib ketishar? Zog‘lar esa yaqinroqda qishlashlari ham mumkin.
Yo‘l yoqasidagi bahaybat tollar uyquga ketgan. Teraklar ham. Ostlari to‘kilgan barglar bilan to‘la.
Ildam yurib, tezda kulbamga yetib oldim.
Ichkariga kirdimu to‘satdan to‘xtab qoldim.
Nimani ko‘rding deng?
Yerda buzilib ketgan inning xas-cho‘plari sochilib yotar edi.
Polaponlar qani?
Xaslar orasida bitta-ikkita nozik bolu par ham ko‘rinar edi. O‘sha jimitlarning pari-ku? Shoshib qoldim. Qani, axir? Deraza qog‘ozi yana yirtilgan. Demak, baroq baribiram kiribdi-da? Shitob tashqariga chiqdim, mushuk ko‘rinmaydi. Polaponchalarni tishlab olib qochib, qay bir puchmoqda paqqos tushirgan bo‘lsa-chi? Yuragimni g‘ashlik qoplab oldi. Yo‘q, shoshma. Baroq kirgan bo‘lsa polaponchalarning patlari hammayoqqa to‘zg‘ib ketgan bo‘lishi kerak. Ammo hech yerda patlar ko‘rinmaydi-ku?
Yoki nihoyat, uchishni o‘rganib, o‘zlari uchib ketishdimi?
Yana tashqariga chiqib, to‘rt tarafga alanglab, polaponlarni qidirdim. Eski behining shoxlariga, barglarini to‘kib yuborgan uzum zanglariga, tol shoxlariga bir-bir qarab chiqdim. Shunda... tut shoxchasiga qo‘nib o‘tirgan ona musichaga ko‘zim tushdi. Yonida ikkita yosh musicha ham bor edi. Polaponlar-ku? Qaysarrog‘i tevarakka alanglab o‘tirar edi. Xayriyat, dedim. Voqeani tushundim – bu qush mening ketishimni poylar ekanu ketganimda tumshug‘ida bir ikkita qurtu hasharot ko‘tarib kirib, bolalarini boqar ekan! Qachon kelishimni ham bilar, shu sabab kelmasimdan uchib chiqib ketar ekan. Oradan shuncha kun o‘tibdiyu sezdirmaganini qarang! Bir tomondan shu kulbada istiqomat qilayotgan odam bolasidan hayiqsa, boshqa tomondan polaponlarini boqishiyam kerak. Axiyri vaqti-soati kelib, bolalarini uchirma qilib kulbamdan olib chiqib ham ketibdi.
Musichaga yaqin borsam, uchib ketishidan hayiqdim. Ammo shundayam istiqboliga bir-ikki qadam tashladim. Ona musicha bamaylixotir, tumshug‘i bilan bolasining patlarini tozalayapti.
Ajab, ota musicha qani?
Hech qaerda ota musicha ko‘rinmas edi.
Yuragim xotirjamlikka to‘ldi. Borib, narsalarimni  yig‘ishtirdim. Dala-dashtning qishi qattiq keladi. Ha, qilichini ko‘tarib qish kelmoqda, bu yerlarda endi men qiladigan yumush yo‘q.
Narsalarim kichkina bir tugun bo‘ldi. Qo‘limga olib, tashqariga chiqdim. Musichalar haliyam tut shoxida qo‘nib o‘tirar edilar. Ularga qo‘l silkidimu yo‘lga tushdim.
Sirdaryoning poyonsiz dalalari, suvlari, shiypon shu tarz asta-sekin ortda qolib ketdi.
Yo‘lda narigi dalada ishlaydiganlardan yana bir-ikkitasini uchratdim. Ularning ham ishlari tugab qolgan bo‘lsa ajabmas. Bularning ham bola-chaqasi bordir axir, qaysi bir qishloqlarda otalarini kutayotgandir?
Biri, novcharog‘i, shamollarda qoraygan yuziga tabassum qalqib, nomigagina so‘radi:
–    Ha. Rahmatjon, yo‘l bo‘lsin?
Javob shunday bo‘ldi:
–    Uyga, aka. Bola-chaqaning oldiga...
2011

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.