OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Jahongir Ismoilov. Qilsa bo'lar ekan-ku… (hajviya)

Bu voqea kolxozda, bosh agronom bo‘lib ishlab yurgan paytimda, paxta yig‘im-terimi mavsumi boshlanishi arafasida yuz bergan edi.
Defoliatsiyani nazorat qilish uchun bosh boshqarmadan vakil birkitilgan. Uning qovog‘idan qor yog‘adi. Aftidan, umrida tishining oqini ko‘rsatmagan. Unga og‘ziga kelgan gapni aytish, ko‘ngli tusagan paytda yig‘ilish chaqirish, istagan xo‘jaligiga borib tekshirish vakolati berilgan. Tilidan bosh boshqarma boshlig‘ining ismi-sharifi tushmaydi. Xuddi damidan o‘t purkayotgan ajdarhoday vahima qilgani-qilgan: “Shaxsan bosh bosh¬qarma boshlig‘ining topshiriqlari bilan kelganmiz-a. Quloqlaringni qimirlatsalaring, mendan xafa bo‘lmalaring! Shaxsan bosh boshqarma boshlig‘iga aytaman”. “Ishdan ketib qutulaman”, deb o‘ylasalaring, xato qilasanlar. Qamatib yuboraman! Barcha yerlar defoliatsiya qilinishi shart. Bu yil samolyotdan umid qilmalaring, OVXlarni ishlatlaring. OVX topmasalaring, bochkani yelkalaringga osib, egatlarga purkaysanlar!”
“Bajaramiz” kolxozining o‘zini osmonning ustuniday sanab yuradigan, burniga xoda yetmaydigan raisini yig‘ilish bo‘layotgan zalning o‘zidan bamisoli quldor noqobil qulini haqoratlaganday rosa koyib, haydab yubordi.
– Ertaga “Paxtaqaynar” kolxoziga boraman, – dedi u yig‘ilish oxirida bizning xo‘jalikni ot tutib. – Ishni yaxshi tashkil etgan bo‘lsalaring – mukofotlaymiz-a, teskarisi bo‘lsa, qattiq jazolaymiz. Bosh boshqarma boshlig‘ining topshiriqlari shu.
– Yoppasiga defoliatsiya qilaylik, deb men sizga aytdim-a, – dedi rais yig‘ilishdan chiqqanimiz hamono qattiq “uf” tortib. U yuz berishi mumkin bo‘lgan ko‘rguliklarni tasavvuriga keltirib, vahimaga tushgandi. – Siz “G’o‘za hali ishlayapti. Hozir yoppasiga defoliatsiya qilsak, hosilni boy beramiz”, dedingiz. Nomiga ikkita kartaga dori septirdik. Endi nima qilamiz? Sizning gapingizga kirib, baloga qoladigan bo‘ldim.
Chindan ham, raisning yuragiga g‘ulg‘ula tushganicha bor edi. Yuqoridan g‘o‘za bargini sun’iy to‘ktirish, barcha yerlarni yoppasiga terimga tayyorlash borasida topshiriq berilgan, hatto bosh bosh¬qarma boshlig‘ining shaxsan o‘zi kelib bu to‘g‘rida barcha xo‘jaliklar faollarini to‘plab yig‘ilish o‘tkazgan, ayrim “tili uzun” rahbarlarni o‘rnidan turg‘izib, fikrini ma’qullatgan, topshiriqni bajarishni paysalga solgan kishining kim bo‘lishidan qat’iy nazar “dumi” tugilishini ochiq-oydin aytgan edi. Talafot ko‘rmagan, birinchi ekilgan dalalarni defoliatsiya qilish kutilgan samarani bersa-da, qayta ekilgan yerlarda bu tadbirni hozir o‘tkazish koni zarar edi. Xo‘jaligimizdagi aksariyat maydonlar buzib ekilgani sababli, nomiga katta yo‘l yoqasidagi ikkita dalani defoliatsiya qildirgandim.
– Ishingiz bo‘lmasin, – dedim butunlay g‘amga botgan raisga tasalli berib. – Vakilga o‘zim ko‘rsataman. Ishoning, biror gap chiqmaydi.
Ertasiga ertalab vakil keldi. 
– Rais sizmi? – dedi istar-istamas qo‘lini uzatib.
– Yo‘q. Men bosh agronomman. Rais kasal, isitmasi chiqib yotibdi.
– Raislar – shu, – bashorat qildi vakil. – Sal zo‘r tushsa, o‘zlarini kasalga olishadi. Bosh boshqarmaga chaqirtirsak, otday tuzalib ketadi. 
Idora orqasidagi mehmonxonaga nonushta hozirlab qo‘ygandik. Harchand iltimos qilsam ham, kirishga unamadi.
– Defoliatsiya qilgan dalalaringizni ko‘rsating, – dedi qosh-qovog‘ini uyib.
“UAZ”ga o‘tirar ekanmiz, shofyorga: 
– “Buzoqboshi”dagi 15 gektarlikka hayda! – dedim qishloq nomini tutib.
Ko‘p o‘tmay katta yo‘l yoqasidagi 15 gektarlik paykal oldiga kelib to‘xtadik. Vakil mashinadan tushib, mendan ham oldinroq ariqdan sakrab o‘tib, dalaga kirdi. Ortidan ergashdim. G’o‘zalarga biror hafta oldin dori sepilgan edi. Vakil u yoq-bu yoqni oralagan bo‘lib, ortiga burildi va menga yuzlanib:
– To‘g‘risini ayting, necha gektar defoliatsiya qilingan, – deb so‘radi.
– O’n besh-yigirma gektarcha qilinmagani qolgan, – dedim qat’iy ohangda vakilning ko‘zlariga tik boqib. – Uch marta buzib ekilgan edi. Qolgani to‘liq dorilangan.
– Da, – menga sinovchan tikildi vakil. – Qani, qolganlarini ham ko‘rsating-chi.
– “Ko‘salar”dagi 16 gektarlikka hayda, – dedim shofyorga.
– “Pishaktirnoqqa” borsak bo‘lardi, – dedi shofyor avvaldan o‘qitib qo‘yganim bo‘yicha, boshqa qishloqning nomini tilga olib.
– Sen aytganni qil! Mahmadona. Bo‘l, “Ko‘salar”ga hayda!
Shofyor mashinaga gaz berdi. Xo‘jalikni qariyb yarim soat aylanib, endi hozirgina ko‘rgan dalamizning boshqa tomonidan kelib, shundoq paykal chetiga tushdik. Vakil dalaga kirib defoliatsiya holatini ko‘zdan kechirdi.
– OVXlar qaerda ishlayapti?
– Hozircha zaruriyat yo‘qligi uchun garajga kiritib qo‘yganmiz.
– Boshqa dalalarni ham ko‘raylik, – taklif qildi u ortiga burilgach.
– “Xo‘jalar”dagi yigirma uch gektarlikka hayda, – deya buyruq berdim shofyorga.
Bu gal boshqa qishloqlar oralab aylanib, yana o‘sha paykalning yon tomonidan keldik. Vakil mashinadan tusha solib, o‘zini paxtazorga urdi. Barglarni olib, sinchiklab ko‘zdan kechirdi. Shu tariqa defoliatsiya qilingan ikkita paykalning qariyb to‘rt-besh tomonidan kelib ko‘rdik.
– Shofyoringiz taklif qilgan dalaniyam ko‘rayluv, – dedi u nihoyat chehrasi yorishib. – Yigitning sazasi o‘lmasin. Nomiyam g‘alatiroq edimi-ya?
– “Pishaktirnoq”, – dedi shofyor orqaga burilib.
– Nega bunday atalganiykin-a? – hayron bo‘lib menga yuzlandi vakil.
– Qadimda birorta kattaroq ulamoni mushuk-pushuk tirnagan bo‘lsa kerak-da!
– Amir o‘tgan bo‘lsa, “Pishak tirnog‘icha keladigan joy ekan”, deb aytgan bo‘lishiyam mumkin, – deya bashorat qildi vakil. – Har holda, bu tarix. Olimlar o‘rganishi kerak.
– Kolxozdan chiqqan bir yosh kadr uch-to‘rt yildan beri shu mavzuda kandidatlik ustida ishlayapti, – dedim yolg‘ondan vakilning fikrini ma’qullab.
– Zamonaviy qilib, adabiy tilda “Mushuvtirnoq” deb qayta nomlasalaring ham bo‘ladi, – maslahat berdi vakil. – Pishak quloqqa yomon eshitiladi. Bundan tashqari, sheva.
– Juda to‘g‘ri aytdingiz. Hozirgacha shu gap xayolimizga kelmagan ekan, – dedim men qiyofamga xuddi donishmandi zamonning purma’no suhbatidan bahramand bo‘layotgan g‘ofil bandadek tus berib. – Bu taklif qishloqdagilarga ham ma’qul tushishi kerak. Yig‘im-terimni bir yoqlik qilaylik, shu ish bilan shug‘ullanamiz. 
Hovlilar orasidagi o‘nqir-cho‘nqir yo‘ldan bir amallab o‘tib, boshqa tomondan yana avval ko‘rgan dalamizga keldik. Vakil paykalga kirgach defoliatsiya sifati yuqoridan aytilgandayligiga, berilgan topshiriq bajarilganligiga to‘la ishonch hosil qildi, shekilli:
– Ana, qilsa bo‘lar ekan-ku, okovsi! – dedi astoydil mamnun bo‘lib.
Xayriyat, “Yana bitta dalangizni ko‘rsating”, demadi. Aks holda, sharmandam chiqishi hech gap emasdi. Axir, ikki paykalga ham aylantirib-aylantirib borish mumkin bo‘lgan barcha yo‘lu yo‘laklardan o‘tib bo‘lgandik-da.
Kechqurun katta yig‘ilishda vakil kaminani o‘rnidan turg‘azib:
– Ana, qilsa bo‘lar ekan-ku! Bulardan o‘rnak olinglar, – deya maqtadi va bosh boshqarma boshlig‘i nomidan mukofotga oltin suvi yugurtirilgan soat topshirdi.
Kolxoz tugab ketgan bo‘lsa-da, vakil bergan soat esdalik bo‘lib qoldi. Hozir ham taqib yuribman. Oradan qancha yil o‘tishiga qaramay, vaqtni daqiqalarigacha aniq ko‘rsatadi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.