OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Jo‘rabek Ramazonov. Qasos (hikoya)

Men xotinimni sevmayman! Otam shunchaki nomardlik qildi: so‘nggi nafasida «Sharifaga uylanmasang rozi emasman», dedi. To‘g‘ri, boyaqish yomon qiz emas, uyni chinnidek orasta tutadi, bir kunda o‘n martalab soch tarashga ham erinmaydi. Ammo menga bu qoramag‘iz qizning ko‘zlari yoqmas edi. Uning qorachiqlari qandaydir yaltirab ko‘rinadi kishiga. Ayniqsa, biror bahonai sabab g‘ijillashib qolganimizda shunday qarardiki, bu o‘tkir va sirli nigohga dosh berolmasdan, nafasimni ichimga yutardim. Lekin marhum otamning hukmi bois shu ayol bilan bir yostiqqa bosh qo‘yishga majbur edim men. Turmush qurganimizga ikki oydan oshgan bo‘lsa-da, biror marta Sharifa bilan dildan gaplashmaganmiz. Farzand ko‘rish-ku ikkalamizning ham xayolimizga kelmasdi. Go‘yo unga mening chinakam sevgim yoxud mehrim emas, shunchaki hissiz qiyofam kerakdek. Biroq o‘zim bir kechada ming o‘lib-tirilardim. Ko‘nglim allaqanday tuyg‘ularga mushtoqlik sezganida, uning sehrli va yoqimsiz iskanjasidan qanday xalos bo‘lish yo‘lini bilolmay, ich-etimni yeb yotardim.
Nihoyat shu zaylda o‘tayotgan bir-biriga o‘xshash xunuk kunlar barham topdi. Nima bo‘ldi-yu, bir kuni Sharifa uyda yo‘qligida Zebo chaqirib keldi. U bizdan ikki uy narida turadi. Bolalikdan birga o‘sganmiz. Sochini biror marta kesmagan, yuzlari oppoq, yoqimtoygina qiz. Uning menda ko‘ngli borligini qo‘shnilarimizdan ko‘pchiligi payqagan. Yashirmay aytsam, o‘zim ham unga befarq emas edim. Ammo Sharifa bilan turmush qurganimizdan keyin qizgina arazlab, qadamini uzib qo‘ygandi. Mana, o‘shandan buyon u ilk bora kirib keldi. Bu hissiz va go‘ristondek sokin xonadonga bahor nafasi indi go‘yo. Vujudimda ancha vaqtdan beri uzoqlashib ketgan hayajon uyg‘ondi. 
– Salom! – dedim jilmayib.
– Xotining uydami? – u ilgarigidek yarim jiddiy nigohlari, chiroyli ko‘zlarini chala qisib qaragancha so‘radi.
– Yo‘q.
– Men... darrov ketaman. Nimaga kelganimni bilmayman.
Zebo hanuz ostonada qotib turar, men esa uning nimaga kelganini anglagandek edim. Qizginaning hamon menda ko‘ngli bor, demakki umidini uzmagan.
– Kechir, – dedim o‘zimni oqlamoqchi bo‘lib. – Otam...
– Bilaman, – u nigohini yerga tikdi. – Senga ta’na yog‘dirish uchun kelganim yo‘q.
– Qiynalib ketdim, Zebo. Onam qazo qilganida o‘n ikki yoshda edim. Ulg‘aygunimcha otam meni ko‘p azoblagan. Mana endi o‘zing ko‘ryapsan, o‘limidan so‘ng ham tinch qo‘ymayapti u. Yetti uxlab, tushimga kirmagan qizga ro‘para qilib, hayotimni bog‘lab qo‘ydi-yu...
– Xuddi shu haqda gapirmoqchi edim, – dedi boshini ko‘tarib. – Bilasanmi, otang nega bunday qilgan?
– Yo‘q, Xudo haqi!
Zebo yana bo‘ynini egib, picha muddat o‘ylandi. Keyin bir qarorga kelgandek boshini ko‘tardi-yu... katta-katta ochilgan ko‘zlari qandaydir dahshat ta’sirida qotib qoldi.
– Ilon! – dedi lablari titrab.
Yon tomonimga shahd bilan burildim. Qoramtir terisi yaltirab ko‘zga tashlanayotgan maxluq aftidan meni emas, Zeboni mo‘ljalga olish payida edi.
– Qoch! – dedim bir lahza gangib.
Zebo eshikka qarab otildi. Men esa jon holatda devorga suyab qo‘yilgan belkurak tomon yugurdim. Ammo qurolni qo‘lga olishim bilan zaharli dushmanimning qayoqqa g‘oyib bo‘lganini anglamadim. Butun hovli yaydoq yer, eshik esa Zeboning ortidan qarsillab yopilganicha turibdi. Xo‘sh, bu dahshatli ilon ko‘z ochib-yumguncha qaerga ketishi mumkin? Belkurakni qo‘limda mahkam ushlagan ko‘yi butun devor bo‘ylab sinchiklab ko‘zdan kechirdim. Ammo biror joyda qora ilon panoh topishi mumkin bo‘lgan tuynuk-puynuk yo‘q edi.
Sharifa kunbotarda qaytdi. Undan qaerda yurganini so‘ramadim, so‘ragim kelmadi. Bugungi ko‘ngilsiz voqea haqida ham og‘iz ochib o‘tirmadim. Umuman, bizning turmushimiz er-xotin hayotiga o‘xshamasdi o‘zi, bir-birimizdan hech nima da’vo qilmasdik. Bu oqshom u birinchi marta menga jilmayib qaradi-yu, hammomga tushmoqchi ekanligini aytdi. Jilmayishi allaqanday g‘alati edi. Shu onda ilk bor o‘z xotinimga xiyla e’tibor bilan qarayotganimni his etdim. Hammomdan birgina ichko‘ylakda chiqqanida ham diqqat bilan nazar tashladim. Sharifaning qoramtir badani inson vujudiga xos bo‘lmagan qandaydir o‘zgacha tusda jilolanardi. Xullas, mening fikrim shu bo‘ldi: u boshqa ayollardan farq qiladi...
Ertasi kuni Zebo yana keldi. Tabiiyki, Sharifa uyda emas edi. Uni ostonada qarshiladim.
– Kecha rosa o‘takamni yording-da! – dedi ko‘rishish uchun qo‘l uzatib. – Aytmaysanmi uyimda ilon bor deb?
– O‘zim ham bilmasdim, hech ko‘rmaganman. Eshitishimcha, hozirgi paytda ilonlar uyquga ketgan bo‘lishi kerak.
– Meni ko‘rib atay uyg‘otgansan-a? – dedi u tabassum bilan. Keyin qiyofasi bir oz jiddiy tortdi. – Kecha otang haqida gaplashayotgan edik. Demak, sen uning nima uchun bunday yo‘l tutganini bilmaysan?
– So‘rashga ulgurmadim, – dedim kulimsirab.
Zebo ham chiroyli jilmaydi. Ammo bu yoqimli manzara juda qisqa bo‘ldi. U birdan tosh qotdi-da, bir so‘z ham demasdan, bor ovozda chinqirib yubordi. Tanish ilon bu safar o‘ta g‘azabnok ko‘rinardi. Men belkurakka kechagi joydan yaqinroq turibman. O‘sha tomon otilishim bilan ilon Zeboga qarab yo‘naldi. Biroq u ochiq eshikdan chiqishga ulgurgan edi. Men esa hech nimani o‘ylab o‘tirmay, qo‘limdagi qurol bilan maxluqning boshini mo‘ljallab urdim. Lekin belkurak uchi tezlikda ortga chekingan ilonning dumiga tegdi. Odatda ilonlar bunday holda kulcha bo‘lib olishi lozim edi, menga yo‘liqqani esa anoyiga o‘xshamaydi. U yo‘lida davom etib, silliq zinalardan ko‘tarilganicha uyga kirib ketdi. Ha, uyga! Bunisi endi kattaroq xavf uyg‘otdi menda. Qadam tovushimni chiqarmay, ohista bo‘sag‘a hatladim. Xonalarni birma-bir ko‘zdan kechirib, ilon tugul chvalchangni bag‘riga sig‘dira oladigan biror teshikka duch kelmadim. Oshxonaga o‘tdim-u, yashil rangli sholcha ustidagi izni ko‘rdim. Tuproqdan qolgan asorat tartibsiz yo‘nalishda idish-tovoq saqlanadigan shkaf ostiga qarab ketgandi. Demak, qora maxluq shu yerni makon aylagan, bunga shubha yo‘q. Bir oz urinib, shkafni oldinroq surganimda devor burchagidagi kavakka ko‘zim tushdi. Avvaliga g‘or og‘ziga birorta qopqon qo‘ymoqchi bo‘ldim. Keyin fikrimdan qaytib, naq bir chelak shag‘al bilan kavakni suvab tashladim. Shkafni o‘rniga surib qo‘yganimdan so‘nggina xotirjam nafas oldim. Zaharli jonzotdan batamom qutilganimga ishonardim men.
Sharifa bu oqshom kechagidan ham bemahal qaytdi. Darvozadan kirishi bilan angrayib qoldim unga qarab: o‘ng oyog‘ini oqsab bosardi.
– Oyog‘ingga nima qildi? – so‘radim.
– Avtobusdan tushayotganimda nimadir tilib yubordi. Odamlar tirband edi.
Ishonmadim. Shunchaki tilingan oyoq oqsamaydi-ku, axir?!
– Qani, ko‘rsat-chi! – dedim uyga kirgach.
Avvaliga unamadi. Keyin... ko‘zim tushishi bilan aftim burishib ketdi: tovoni va tizza oralig‘i chuqur kesilgan, qizil emas, negadir qoramtir qonga belangan edi.
– Do‘xtirga borish kerak, – dedim.
– Hojati yo‘q. Ertagacha asar ham qolmaydi.
– Jarohat jiddiy, gazak olib ketishi mumkin.
– Balo ham urmaydi, – dedi u bamaylixotir. – Bunaqa jarohatlarni davolashni bilaman, bir paytlar onam o‘rgatgan.
Bu gapidan so‘ng yelka qisib qo‘ydim. Lekin shu asnoda xotinimning yana bir o‘ziga xos jihatini ilg‘adim: uning badani baliqdek silliq, biror joyida bir dona ham tuki yo‘q.
Ikkalamiz bu kech ovqatsiz qoldik. Jarohati tufayli Sharifa qozonga unnagani ham yo‘q. Bir kosadan sutga non to‘g‘rab yedik. Kunduzgi noxush voqea toliqtirgan ekanmi, barvaqt uxlab qoldim.
Ertasi odatdagidan kechroq uyg‘ondim. Sharifa allaqachon ketgan ekan. Oyog‘idagi jarohatiga qandaydir malham qo‘ygan shekilli, xonani yoqimsiz hid chulg‘agan edi. Derazani ochib qo‘ydim. Quyosh ancha ko‘tarilgan, yangi kun ham boshqalariga o‘xshardi. Shunda kecha yuz bergan voqealar yodimga tushdi-yu, ilon inidan xabar olmoq bo‘lib oshxonaga kirdim. Birdan uyquga to‘ymagan ko‘zlarim sergak ochildi: shkaf o‘rnidan siljigan! Ajablanib, uning ortiga qaraganimda hayratim battar oshdi: kecha o‘zim suvab tashlagan kavak ochiq edi. Kimdir uni hafsala bilan tozalabdi. Dahshat chulg‘ab oldi tanamni. Nahotki bu Sharifaning ishi bo‘lsa?! Boshimni ko‘targanimda shkaf ustida turgan kecha ikkimiz sut ichgan kosalarga ko‘zim tushdi. Xotinimning kosasidagi sut qoldig‘i sarg‘imtir tusga kirgan edi. Yo‘q, boshqacharoq, sut yuzida qanaqadir irtik-irtik dog‘. Hammasini tushundim-u, a’zoyi badanimdan sovuq ter chiqib ketdi. Demak, mening xotinim jodugar! Bunga shak-shubha yo‘q. Barcha taxminlarim shu yagona fikrga kelib taqalardi. Men ilonni qo‘yniga solib yotgan odamman. Dahshat! Lekin endi undan qanday xalos bo‘lish yo‘lini bilaman. Ha, men sevgim uchun qasos olaman. Otamning bezovta ruhi chinqirsin, mayli, biroq endi o‘z yo‘rig‘im bo‘yicha ish tutaman. Yo maqsadimga erishaman, yo zaharli dushmanimning qurboniga aylanaman...
Kavak atrofida bemalol harakatlanish uchun shkafni yanada oldinroqqa surdim. Keyin kosaga yarimlatib sut soldim-da, g‘or og‘ziga qo‘ydim. Belkurakni qo‘limda mahkam ushlaganimcha obdon poyladim. Yo‘q, g‘animim meni ko‘p kuttiradiganga o‘xshaydi. Hoynahoy uyqudan uyg‘onmagan bo‘lsa kerak. Shu asnoda qornim ochganini payqadim, ammo uyda sutdan boshqa biror yegulik yo‘q, men esa uni tanovul qila olmasdim. Endi choy-poyga unnayman deb turganimda tanish sado qulog‘imga chalindi. Zebo kelgan edi. Eshik tomon qadam qo‘yishim bilan qandaydir tovush eshitilgandek bo‘ldi. Taqqa to‘xtab, quloq soldim. Sezgim bo‘yicha bu ovoz kavakdan chiqayapti. Belkurakni hujumga shaylab, devor burchagiga o‘tdim. Bu orada Zebo takror-takror chaqirib, uy ostonasiga yaqinlashib qolgan edi. Shu payt g‘ordan qora ilonning xunuk va dahshatli boshi ko‘rindi. Bir lahza uning ko‘ziga boqdim-u, xotinimning titroqqa soluvchi nigohi esimga tushdi. Vujudimga qaltiroq yugurarkan, bo‘shashganday his etdim o‘zimni. Biroq hozir hech narsani mulohaza qilib o‘tiradigan payt emasdi. Bor irodamni jamlab, belkurakni ishga soldim. Boshini mo‘ljallagandim, zarba nishonga qoyilmaqom tarzda tegdi. Bo‘ynigacha kavakdan chiqqan maxluq jon holatda tipirchilay boshladi. Men esa yana urdim, yana... Nihoyat o‘lganiga, xavf bartaraf bo‘lganiga ishonch hosil qilgach, tashqariga yo‘naldim. Qiyofam qahramonona emas, aksincha, hozirgi ahvolimga havas qilib bo‘lmasdi. Tanho yupanch shu – men g‘alaba nash’asini his etardim. 
Chaqiraverib, toqati toq bo‘lgan, endigina qaytish payiga tushgan Zebo meni ko‘rdi-yu, zardali ovozda gapirdi:
– Nima balo, g‘aflat bosib yotibsanmi?
Indamadim.
– Biror gap bo‘ldimi? – dedi u boshdan oyoq razm solarkan. – Ranging oqarib ketgan?
– Men uni o‘ldirdim, – dedim sekin tovushda.
– Kimni?
– Ilonni! Qora ilonni!
Zebo beso‘z qotib qoldi. Menga tikilgan nigohida yarim quvonch va yarim afsusga moyillik bor edi. 
– Nimaga bunday qilding? – dedi birdan pinjimga tiqilib. – Nega uni o‘ldirding? Endi o‘ch oladi ikkalamizdan ham. 
– Yo‘q, o‘chni biz oldik, – beixtiyor uning burnimga yaqin sochlarini hidladim.
– Qo‘rqyapman, – yig‘lamsiradi. – Baribir qo‘rqyapman. Sen uni o‘ldirmasliging kerak edi.
– Xotirjam bo‘l, bu uyda endi ilon yo‘q.
Zebo ko‘ksimga boshini qo‘yib, rostakamiga yig‘lardi. Men uning dilbar vujudi titrab-titrab ketayotganini his qildim. O‘zimda ham bor edi titroq. U to‘satdan boshini ko‘tardi-yu, yoshini artdi.
– Seni yaxshi ko‘raman, – dedi ko‘zlarimga qarab. Keyin boshi tag‘in yelkamga tushdi.
– Men ham, – dedim sekingina.
Ancha vaqtim Zeboni yupatish bilan o‘tdi. Nihoyat uni ilk marotaba chinakam oshiqlardek kuzatib qo‘ydim.
Peshinga yaqin qishloqda g‘ala-g‘ovur ko‘tarildi. Ko‘chaga chiqsam, xotinimning qonga botgan murdasini olib kelishibdi. Boshi majaqlangan jasad daradagi kamardan topilgan emish. Militsiya deganlari hech nimaning tagiga yetolmadi. Oshxona burchagidagi suvab tashlangan kavak eng mohir izquvarning ham e’tiborini tortmaydi. O‘zim esa har nima bo‘lganda ham xotinimning o‘limiga doir barcha rasm-rusumlarni ado etishga majbur edim. 
Ammo haqiqiy dahshat uch kundan so‘ng yuz berdi: Zeboni o‘z uyida ilon chaqib o‘ldirdi. U aytmagan gaplarni esa onasidan bildim. Ma’lum bo‘lishicha, otam ham qachonlardir jodugarning makriga uchragan ekan. Shaharda Sharifaning bir tul opasi bo‘lib, otam unga ko‘ngil qo‘ygan. Afsuski, men bularni juda kech eshitdim. Ehtimol oldinroq xabar topganimda, Zebo hozir yonimda bo‘larmidi?..

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.