OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Karimberdi To‘ramurod. J.K. (hikoya)

1.

— Bolalar, hech qachon birovning ustidan kulish kerak emas. Birovning ustidan kulgan kishi bir kuni albatta xuddi shu nuqson tufayli elga kulgu bo‘ladi, — dedi adabiyot fani o‘qituvchimiz. — Bunga adabiyotda, tarixda misollar juda ko‘p. Ammo men sizlarga o‘z hayotimdan bir misol keltiraman. Bilasizlar, biz Jalasoyga shahardan ko‘chib kelganmiz. Farzandlarim hammasi bug‘doyrang, chiroyli yuzli edilar. Kelganimizda bizga qo‘shni bo‘lgan Shodmon tog‘aning hamma bolalari sap-sariq, istarasizroq bolalar edi. Ayniqsa, yuzi sariqdan ham qizilga yaqinroq bo‘lgan, kamiga sepkil ham bosgan kenja o‘g‘li biznikidan chiqmas edi. Men uni Mallavoy deb chaqirar, mallaligidan kular edim. Buni qarangki, oradan ikki yil o‘tib, oilamizda o‘g‘il tug‘ildi. O‘g‘ilki, mallalikda qo‘shnimiz Mallavoy uning oldida picha qoraroqday tuyuladi-da. Bolalar, o‘sha o‘g‘lim hozir beshinchi sinfda o‘qiydi. Ismi Furqatjon, ammo o‘zim ham oxirgi marta qachon Furqatjon deb chaqirganimni eslay olmayman. Hammamiz uni Mallavoy deb chaqiramiz.
Biz o‘shanda to‘qqizinchi sinfda o‘qirdik. O‘qituvchimizning hikoyasi mening qaddimni biroz ko‘tarib qo‘yganday bo‘ldi. Sababi, mening ham rangim mallaga moyil bo‘lib, ikki yuzimga sepkil deganini Xudo hech ayamasdan, saxiylik bilan sochgan edi. Birovlarga atalib qolib ketganlariniyam «E, ol-e, qulim, bo‘lsang sen bo‘l», degan bo‘lsa kerak, quloqlarimgacha sepkil toshgan edi. Sinfdoshlarim «Patir» deb laqab qo‘yishgan edi. Biz tomonlarda onalarimiz patir yopganda uning yuziga biror bo‘sh joy qoldirmay nonpar degan narsani urishar, patir yuzida nonpardagi mixchalarning son-sanoqsiz izi qolardi. Men sinfdoshlarimdan ko‘pam xafa bo‘lmasdim. Chunki, aslida yuzimdagi sepkil har qanday patirdagi teshikchalarning sonidan mo‘l edi. Ammo o‘qituvchimizning gapi menga moyday yoqdi. Darhaqiqat, shundan keyin meni «Patir» deb chaqirishlari kamaydi. 
Qanday chiroyli ismim bor-a? Rajabjon! Ammo bir qiz «Patir» laqabim ham bir yoqda qolib, undan ham yomon nom bilan atadi. Endi bu boshqa mavzu. Endi bu alohida mavzu. Yo‘q, endi bu asosiy mavzu. Aslida sizga ana shu haqida aytib bermoqchi edim. Keling, buni alohida bob qilib aytib bera qolay.

2.

Nimasini so‘raysiz, biz kambag‘alning ham ko‘nglimizning ko‘chasiga ishq oraladi. «To‘qqizinchi sinfda-ya», deya kulayapsizmi? O‘sha vaqtlar sevgi daraxti kechroq gullardi-da. U hozir, sizning davringizda to‘rtinchi sinfdan boshlanayapti. Bizniki to‘qqizda boshlangan. Biz maktabda o‘qigan payti shuyam ancha barvaqt hisoblanar, qattiq ta’qibga olinardi. U hozir, sizning davringizda maktab psixologi kimni tanlab sevishingizda yordam berib yuboradi. Biz o‘qigan davrda biror oshiqning sho‘ri qurib, sevgisi oshkor bo‘lib qolsa bormi, Xurram muallim direktorlik xonasiga qamab olib, og‘zi-burnini qonga botirib shunday do‘pposlardiki, u sh´rlik oshi³ning qaytib muhabbat ko‘chasiga qayrilishga yuragi betlamasdi. Maktabni bitirib ketgandan keyin ham qizlarga gapirishga qo‘rqib yurardi. Chunki, biz Xurram muallimning «Maktabni bitirganlaringdan keyin ham besh yil mening nazoratimda bo‘lasizlar», degan gapiga chippa-chin ishonar edik-da.
Uzr-a, sal chalg‘ib ketdim. Gap nima to‘g‘risida borayotganini eslatib turing-da, birodar!
Xullas, bizning sinf sakkizinchi mart bayramida sakkizinchi sinf qizlari bilan bellashishdi. Shu bellashuvda sakkizning qizlaridan Sayyora degani she’r aytib, qo‘shiq aytib, menga «masofadan ta’sir o‘tkazdi». Pirillab aylanib raqsga tushib, boshimni girillatib aylantirdi. Ko‘zimga olovday ko‘rindi shu qiz.
Navro‘z bayramida hammasi boshqatdan takrorlandi. Endi biznikilarni yenggan sakkizning qizlari o‘ninchi sinf qizlari bilan musobaqalashishdi. «O‘tkir zehnlilar mushoirasi» deb atalgan bu musobaqada ham Sayyora bor san’atini namoyish etdi. Sakkizinchi martda ko‘zimdan kirgan olov yigirma birinchi martda yuragimga yetib bordi va uni kuydirdi.
«Bek oshiq».
 Bu Abdulla Qodiriydan. Har bir yigit o‘zini bek deydi. Menam o‘zimga nisbatan «Patir oshiq» deyolmayman-ku?
Keyin ta’tilga chiqdik. Birinchi apreldan o‘qishga qaytdik va aprel oyi to‘liq Sayyoraning xayoli bilan yashadim. Ana shunda men shoir bo‘ldim. Umrim davomida keyin ham ko‘p she’r yozdim. Ammo bu she’rlarning hammasini yig‘sam o‘sha bir oyda yozganlarimcha chiqmas-ov. Tilimda aylanib qolgan qo‘shiqni aytmaysizmi: 
Ishqim tushda o‘n besh yashar sanamga,
O‘tlar o‘smay tomir otdi tanamga…
Bilmayman kim yozgan, ammo xuddi men uchun yozganday edi. Barot aka degan hofiz hamma to‘yda shu ashulani aytardi. 
Barot akaniyam yaxshi ko‘rib ketganman o‘shanda.
Eh, bizning Sayyora o‘n beshda edi-da o‘shanda! 
Bizning degan joyi sal oshib ketdi. Sayyora hali «bizning» emasdi. Bir oy «hijron o‘tida quvurilgan» oshiq, ya’ni men hali Sayyoraga biror so‘z aytganim yo‘q edi. Aytishga yurak qaerda? Ammo shoshilmasam bo‘lmas, hademay yozgi ta’til boshlanib qolardi.
Baxtimga o‘sha paytlari «J.K» xizmati maktabda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan edi. Men ham tavakkal deb Sayyoraga «J.K» jo‘natdim:
«Sayyora! Senda gapim bor edi. Kechqurun chiqasanmi? Rajab. J.K.»
E, «J.K.» nimaligini aytmadimmi? «J.K» —  jahon kubogi emas, «javobini kutaman» so‘zlarining bosh harfi. Biz xat yo maktub demasdik, «J.K.» derdik. Muallimlar bilib qolmasin, deb butun maktab shu kodlashga o‘tib olgandi. Keyin, o‘zim muallim bo‘lib borgach bildim, hamma muallimlar «J.K.»niyam, boshqa «shifrlash»larimizniyam, kimning kimga «J.K.» si borliginiyam bilisharkan. 
Hammaning «J.K.» sini adashmay, qo‘lga tushmay egalariga yetkazib nom qozongan «pochtalyon» bola bor edi. Ismi Bahodir. Men ham «J.K.»imni Bahodirga berib, «manzil»ni aytdim.
— Zo‘rsan-ku, — dedi Bahodir «J.K.»imni paypog‘iga qistirib. — Diding chakkimas.
— Ha, endi… haligi…
— Qo‘rqma, «es» qilamiz. Sen ko‘p uyalaverma. Bo‘ladi-da yigit kishida. Kutib tur, «J.K.»sini olib beraman. Ammo bir eriysan. Maktabga kelsa bitta muzqaymoq olib berasan!
— Bo‘pti!
Nima bo‘lar ekan, deb Bahodirning orqasidan, o‘zim ham poylab bordim. Xuddi xatimga javobni bir daqiqadan so‘ng olib beradiganday. Bahodir ham o‘sha sinfda o‘qirdi. U sinfda yurgan ba’zi o‘quvchilarni chiqarib yubordi va Sayoraga mening qalb qushimni topshirar ekan, tantanali ovozda dedi:
— Nihoyat sening ham boshingga baxt qushi qo‘nadigan bo‘ldi. Ushlab patini yul, toki uchib ketmasin. Mana senga «J.K.»!
— Kimdan? — dedi ko‘zlari yashnab Sayyora.
Balki ko‘zlari o‘shanda yashnamagandir, pirpiragandir, ammo menga yashnaganday tuyulduvdi. Hech bo‘lmasa men shunday bo‘lishini xohlaganman-da.
— To‘qqizdagi Rajabdan.
— Cho‘tirdanmi?
Ana shunda Bahodirning orqasidan poylab borib xato qilganimni tushundim. 
Ana shunda Sayyoradan xafa bo‘ldim.
Sevganingning haqoratidan ortiq xafa qiladigan narsa bormikan dunyoda?
Ana shunda «patir»ligimdan ilk marta jiddiy xafa bo‘ldim. E, …
Darslarimni chala tashlab, «J.K.»imning javobini ham kutmasdan uyga ketib qoldim. Haligi so‘zdan keyin javob kutish hech qanday mantiqqa sig‘masdi-da.
— Ha, bolam, tobing bo‘lmadimi? — meni xavotir bilan kutib oldi enam. — Ranging oqarib ketibdimi?
— Nimaga meni cho‘tir qilib tuqqansiz? — bor alamimni enamga sochdim. — Cho‘tir deb ustimdan kulishdi.
Men yig‘lab yubordim. «Cho‘tirligidan shuncha yig‘layapti», deb o‘ylagan bechora enam meni ovutmoqchi bo‘ldi:
— Nima bo‘pti cho‘tir bo‘lsang? Xudoga shukur qil, cho‘tir bo‘lsangam qo‘tir emassan!
— E-e, …
Borib yuzlarimni sovunlab, yarimta g‘ishtni olib ishqalab-ishqalab yuvdim. Enam yarim kosa qatiq berdi. U bilan ham yuvdim. Artinib bo‘lib oynaga qarasam, e, Xudoyim-ey, avval ko‘rinmay turgan sepkillarim ham «Mana men», deb yaqqol ko‘rinib turibdi-da! Ustiga g‘isht tirnagan izlar qo‘shilganiga nima deysiz?
O‘zimdan arazladim, cho‘tir qilib tuqqan enamdan arazladim, Sayyoradan arazladim. Hammadan arazladim. Mol boqishga bormadim.
— Mollar ochidan o‘ldi, bolam. Borib boqib kelmaysanmi? Hamma jo‘ralaring molini haydab Naymanning dashtiga ketdi. Naymanning bedasini o‘rishibdi. Bedapoyaga ketishdi. Tura qol sen ham.
Nayman Sayyoralarning qishlog‘i. Battar achchig‘im chiqdi.
— Bormayman Naymaning dashtiga! Mollaringizniyam boqmayman! Bo‘ldimi? Ana, ukam boqsin. Ukamni oppoqqina qilib tuqqansiz-ku? Men «Patir»! Men Cho‘tir! Cho‘-tir, bildingizmi?
Enam bilmadi. «Sen cho‘tir bo‘lsang, mollarning aybi nima?» deb o‘zicha bir narsalarni aytib-aytib mollarni qozig‘idan bo‘shatdi. Arqonlarini shoxlariga o‘rab, mollarni ukamning oldiga solib berdi.
Men kechgacha shoir aytganidek, «ko‘kragimni zaxga berib» yotdim. Unga atab yozgan hamma she’rlarimni olib borib tandirga tiqdim. Dunyo ko‘zimga qorong‘u ko‘rinib ketdi. Hamma narsa ko‘zimga xunuk ko‘rinib ketdi. Men hammasidan voz kechdim. Muhabbatimdan ham voz kechdim. Bechora muhabbatim «tug‘ildiyu, shu on bug‘ildi».
Ammo men sal shoshilibman, chog‘i. Buni kechqurun bildim. Keling, buni alohida bob qilib aytib beray.

3.

— Qaerga ketib qolding, — hovliqib kirib keldi Bahodir. — Sinflaringga borsam, ketib qoldi deyishdi. Aarazladingmi darrov javob yozmaganiga. Qiz bolaning nozi bo‘ladi-da, jo‘ra. Xatingni olgandan javob yozolmaydi-da. Uyaladi. Ibo, hayo degan gaplar bor. G‘urur degan narsalar bor. Shuning uchun «O‘lib turgan ekan», demasin deb ular birdaniga javob yozolmaydi. Sening «J.K.»ingni katta tanaffusda beruvdim, uchinchi soatdan keyin. Sayyora beshinchi soatdan keyin «J.K.»ingga javob yozib berdi. Mulohazali, og‘ir, bosiq qizlar-da bizning sinfdagi qizlar, jo‘ra. Birdaniga javob yozsa nimalarni o‘ylamaysan. Xullas, ishlar besh. O‘qi, javobini darrov yozib ber, mening ishlarim ko‘p. Hali Sobirning «J.K.»siniyam Mavludaga berolganim yo‘q.
Men shosha-pisha Sayyoraning «qalb elchisini» ochdim. Ko‘zlarim yashin tezligida harflarning ustidan yugurib o‘tdi: 
«Mayli. Ertaga enam uxlagandan keyin chiqaman. Sayyora. J.K.».
— Eh, Bahodir, jo‘rajon! Qiyomatlik oshnam sensan endi, jo‘ra!
Men Bahodirni quchoqlab ko‘tarib olib, girillatib aylantirardim. Qiyqirardim. Olam ko‘zimga charog‘on va go‘zal ko‘rinardi. Hamma narsa ko‘zimga yaxshi ko‘rinardi.
— Bo‘ldi-e! Tushir. Oxiri birorta senga o‘xshagan telba oshiq bo‘g‘ib o‘ldirib qo‘yadi meni, — dedi Bahodir bug‘ilib. — O‘pma-e! Men senga qiz bolamanmi? Tushir dedim-e!
Men matematika daftarimning orqasidan bir varag‘ini shartta yirtib olib, Sayyoraning «J.K.»siga «J.K.» yozdim:
«Enang uxlamasidan hovuzlaringning chetidagi qayrag‘ochning ostida bo‘laman. Rajab. J.K.»
Bahodirni kuzatib chiqdim. Ko‘chamiz rosa chiroyli bo‘lib ketibdi. Quyosh botay-botay deb turibdi. Kattakon qizil doiraga o‘xshab tog‘larning ustiga yonboshlab olibdi. Ko‘zingniyam olmaydi. Ufqda qizg‘ish rang hukmron. Ko‘chani to‘ldirib kelayotgan mollarning tuyoqlaridan ko‘tarilgan chang kichikroq, lekin cho‘zinchoq bulutday turib qolgan. Na ko‘kka ko‘tarilib ketadi, na pastga tushadi. Shimining pochalarini salkam tizzasigacha shimarib olib, yalang oyoq mollarini haydab kelayotgan Abdukarim ashulasini vang qo‘ygan. Bilmagan ekanman, uning duppa-durust ovozi bor ekan. Azim muallimga aytib, shu bolani maktabning ansambliga oldirish kerak ekan.
Rabbim chol chiqib qo‘ylarini boshqalarning qo‘ylaridan ajratayotgan o‘g‘li Ahadqulga yordamlashadi. Qo‘zilari adashib ketadi.
— Chaga, chaga, chaga, — deydi Rabbim chol. — Ko‘k sovliqni uzoqlatmay tur, bolasi enasining ovozidan tanib keladi.
Ko‘k sovliqning egiz qo‘zilari enasini topolmay ma’rab dunyoni buzaman deydi. Tavba, qo‘zining ovozi buncha yoqimli! 
— Ma’-a’-a’-a’- a’, me’-e’-e’-e’…
Besh-olti qiz chelaklarini ko‘tarib, To‘xtamurod muallimning uyi oldidagi vodoprovodga qarab borishayapti. U yoqda ham shuncha qiz yig‘ilib olib suv olayapti. Velosipedli-yu, yayov bolalar ham To‘xtamurod muallimning uyi atrofida parvona. Naqadar go‘zal qishlog‘imning kechquruni-a?!
— Aka, mollarni bog‘lashib yuboring, —  hayolimni bo‘ladi ukamning ovozi. — Anovi «Ola» o‘lgur menga hech ushlatmaydi. Qochib borib yelinini bolasiga tutgani-tutgan.
«Ola»ni o‘zim bog‘ladim. Undan gup etib piyozning hidi keldi.
—  Soy boboning yeriga boqibsan-da?
— Zubay ikkovimiz shu yoqqa boruvdik. «Ola» bilan «Qora» ni qaytarib udda qilolmadim. Hadeb piyozga tushaverib garang qildi. Oxiri Soy boboning o‘g‘li Gera kelib bizlarni quvib yubordi.
Ishonasizmi, hatto piyozning hidi ham hozir yoqib ketayotgandi. O‘zi umrimda piyoz yomayman. Avvallari hidiga toqat qilolmasdim. 
Eh, hayot qanday go‘zal! 
Mollarni bog‘lab, yana ko‘chaga chiqdim. Quyosh botib bo‘libdi. Yangi oy shunday cho‘qqining tepasidan chiqibdi. Uning yonginasida bittagina yulduz charaqlab turibdi. Xuddi rasmlarda chizilganidek. 
Eh, ana shunda odamning kuylagisi, she’r yozgisi kelarkan!
E, mening she’rlarim nima bo‘ldi ekan?!
Yugurib tandirxonaga borsam, enam bir savat qilib issiq nonlarni endigina tandir boshidan ko‘tarib kelayapti.
— Enajon, haligi, tandirda qog‘ozlar… she’rlarim…
— Zo‘r ish qilibsan-da, bolam. Doim bir parcha qog‘oz topolmay qiynalardim. Bugun qarasam bir gala qog‘oz turibdi. O‘tin ham darrov yondi, tandir ham tez oqardi. Baraka top, bolam. Yana shunaqa qog‘ozlaring bo‘lsa har joyga tashlamay bugungiday qilib tandirga tiqib qo‘yaver, bolam!
— Essizgina, — yarimta nonni olib tandir boshidagi kosadagi suvga botirdim. — Bir oy yozgan she’rlarim edi-ya? Eng zo‘r she’rlar edi. Birontasini yodlab ham qo‘ymagan ekanman.
O‘sha oqshom uxlay olmadim. Qachongina tong otarkan-u, erta bo‘larkin-a? U yoqqa ag‘darilaman, bu yoqqa ag‘darilaman, hech erta bo‘lmaydi-da. Unga nimalar deyishimni, uning nimalar deyishi mumkinligini o‘ylay-o‘ylay erta bo‘layozganda uxlab qolibman. Uyg‘onsam allaqachon erta bo‘lgan, men bir umr orziqib kutgan Kun boshlangan edi. Bunday kunning voqealarini alohida bob qilmasak o‘quvchiyam kechirmaydi-da.

4.

Uyg‘onganimda men intiq kutgan Kunning quyoshi chiqqan, endi bir balo qilib shu quyoshni botqizib olish kerak edi. Endigina uyqudan uyg‘ongan Sayyoraning enasi uxlashini kutishim kerak edi. Ungacha hali naqd bir asr bor edi.
— Choy ichib ketmaysanmi, hech bo‘lmasa bir piyola sut ichib ket!
Enam javrab qolaverdi. Men maktabga shoshildim. 
Eh, odamni uchadigan qilib yaratmagan-da! Pastroq bo‘lsayam uchsak zo‘r bo‘lardi-da! Bir pasda maktabga yetib borardim. Ha, mayli uchmasam ham uchgan odam qatori yetib bordim maktabga. Maktabimiz ko‘zimga juda chiroyli ko‘rinib ketdi. Bayramona bezatilibdi. To‘g‘ri, maktabni may oyidagi bayramlar uchun bezatishgan. Ammo nazarimda maktabni bugun men uchun bezatishgandek edi-da.
Qanaqa darslar bo‘ldi, olti soat mobaynida kim nima dedi, birortasini bilmayman. Esimda qolgani Sayyora bir to‘p qizning ichida kulib o‘tib ketgani bo‘ldi. 
Sayyoraning kulgusigayam gap yo‘qda!
Darsdan keyin mollarni boqqani Naymanning dashtiga olib bordim. A’zam boboning bedapoyasidan Sayyoralarning  tomi ko‘rinib turadi. Har zamon qarab-qarab qo‘yaman. Xuddi Sayyora tomlariga chiqib, menga qarab ro‘molini silkitadigandek bo‘laveradi-da. 
Hayotimda eng uzoq davom etgan kun ham nihoyat poyoniga yetdi. Doim birpasda shom tushib qolardi. Bugun quyosh ham boradigan joyi yo‘qdek ufqdan bir terak bo‘yi balandda turib oldi. Nihoyat, mening toqatimni toq qilganidan xijolat bo‘lib qizarib ufqqa bosh qo‘ydi.
Kechki ovqatni yegandan qozonga suv to‘ldirdim. O‘choqqa tezak qaladim. Ko‘zim achib, puflab-puflab olov yoqdim. O‘choqning orqasiga o‘tib, ikkita pishiq g‘ishtning ustida turib cho‘milib oldim. Sochimni qatiqlab yuvdim. Artinib-surtinib, sochlarimni taradim. «Kostrovoe maslo» degan yog‘dan sochimga bir kaft surtdim. Biram yaltiraydi-ey. Alisher bodinikidan kami qolmadi. Yuzimga, bo‘ynimga akamning «Troynoy odekalon»idan serob qilib sepdim. «Tolib bo‘lib ket-e», dedim o‘zimga. O‘ninchidagi Tolibning yaqiniga yo‘lab bo‘lmaydi, doim shunaqa islar gupillab turadi undan. Maktabdan kelib yechib taxlab, ustidan ko‘rpacha va ko‘rpalarni bostirib ketgan shimimni olib kiydim. Oq kuylagimni kiydim. Uni yana yechib qora ko‘ylagimni kiydim. Oq kuylak kechasiga bo‘lmaydi. Tez ko‘zga tashlanadi-da.
— Ha, o‘g‘lim, yasan-tusan boshqacha, — so‘radi otam.
— Naymandagi Ikrom jo‘ramnikiga borib kelmoqchiydim. Kitobimni oluvdi.
— Hm-m, — deb qo‘ydi otam.
Men rostdan Ikromnikiga bordim. U Sayyoraning qo‘shnisi. Oldin Ikromnikiga bormasdan to‘g‘ri Sayyoralarnikiga borib bo‘lmaydi-da. Ikrom bilan avvallari ko‘pam qalin emasdik. Endi u bilan munosabatlarimni keskin yaxshilashim talab qilinardi. Ikromning magnitofoni bor edi. U yaqinda urf bo‘lgan hind filmi «Bobbi»dagi hamma qo‘shiqlarni yozib olgan. O‘shalarni eshitib o‘tirdik. Ikromning enasi uxlagach, Sayyoraning  ham enasi uxlagandir, deb sekin ko‘chaga chiqdik. Ikrom ikkalamiz Sayyoralarning uyi ortidagi hovuz bo‘yidagi qayrag‘och ostiga borib o‘tirib oldik. Chorak soat chamasi o‘tib bir oq ko‘ylak ko‘rindi. Ana shunda yurak tomoqda ham urishi mumkinligini bildim. Yomon qattiq urdi lekin.
— Men ketdim, kirib o‘tarsan, — deb Ikrom shippillab g‘oyib bo‘ldi.
Eh, hech narsani so‘ramang, men hech narsani aytmay. Maktabda ko‘rganim Sayyora Sayyora emas ekan. Haqiqiy Sayyorani kechasi ko‘ring ekan. Voh, uning yuzlari, voh, uning hidlari… Sochlarining xushbo‘yligidanmi, masrurlikdanmi, ko‘zim tinib, hushimdan ketay dedim. Voh, uning so‘zlari, voh, uning kulgulari…
To‘g‘ri, biz ishq-muhabbat haqida gaplashganimiz yo‘q. She’ru g‘azal ham o‘qiganimiz yo‘q. U dugonalari, ular kimni sevishi haqida gapirdi. Men jo‘ralarim kimni sevishi haqida gapirdim. «Meni sevasanmi?» deb u so‘ramadi, «Seni sevaman», deb men aytmadim. Ammo umrida ilk bor qiz bolaning qo‘lidan ushlagan, sochlarini hidlagan yigitdan ham baxtli odam bo‘larmikan? Menimcha yo‘q. Sizningchayam yo‘q-ov?
Shodligimdan Ikromnikiga ham kirmay ketib qolibman. Men Sayyora bilan xayrlashganimda Ikrom dong qotib uxlab yotgan ham bo‘lardi-da.
Men deyarli har kuni kechqurun Ikromnikiga boradigan bo‘ldim. Endi mening eng yaqin do‘stim Ikrom edi. Biror kun bormay qolsam Ikromning onasi «Rajabjon, kecha nega kelmading?» deb so‘raydigan bo‘ldi. 
Biz endi Sayyora bilan uzoq-uzoq suhbatlashadigan bo‘ldik. Ba’zan tong otib qolardi. Bir-ikkita odamlar dalaga, ishga otlanganini ko‘rgach, «Endi xayrlashamiz, bitta-yarimta ko‘rib qoladi», deb Sayyora darchasiga qarab ketar, men esa dasht yo‘li bilan uyimga yo‘l olar edim. Ba’zan otam uyg‘ongan bo‘lardi, men uyga o‘g‘ri mushukka o‘xshab devor oshib tushganimda. «Bir kuni naymanliklar ushlab mayib qilmasaydi seni», dedi bir kuni otam. «Oqposhshoning zamonida boshqa qishloqning bir yigiti Naymanning bir qiziga oshiq bo‘lib, kechalari uchrashib yurar ekan. O‘sha yigitni ushlab olib qoziqqa o‘tqazgan ekan shu naymanliklar. Ehtiyot bo‘l, ishqilib, o‘g‘lim».
Naymanliklar meni qoziqqa o‘tqazishmadi. Urib mayib ham qilishmadi. Meni Sayyoraning o‘zi mayib qildi. Bir umr tuzalmaydigan majruh qildi.
Keling, hayotimning eng mahzun kunlari bo‘lgan bu kunlar haqida alohida bobda aytib bera qolay.
Oldindan aytib qo‘yay, mening bu baxtsizliklarimga sepkilim, qo‘polroq qilib aytsak, «Patir»ligim, undanam qo‘pol qilib aytsak, «cho‘tir»ligim sabab bo‘lgan emas. Men endi «Patir» ham, «Cho‘tir» ham emas edim. Ishonasizmi, yuzimdagi behisob sepkillarim o‘ninchini bitiradigan kunlarimda o‘z-o‘zidan birdaniga yo‘qoldi. Bir dona sepkilim qolmadi. Chiroyli yuzli, xushbichim yigitcha bo‘lib o‘rta ma’lumotli bo‘lganim to‘g‘risidagi hujjatni qo‘limga olganman.
Hammasiga sabab bevafolik bo‘ldi, bevafolik…

5.

Men uni sevgandim bir ilk bahorda,
U meni tashladi bo‘ronda, qorda.
Har yara sog‘ayib, unutilarda,
Sog‘aymas yarasi ilk muhabbatning.

Ana shunday bo‘ldi. Ana shu qo‘shiq men uchun aytildi. Ana shu qo‘shiq mening qo‘shig‘im bo‘ldi.
Daraxtlar chamanday gullagan go‘zal bahorda, may oyining o‘rtasida ilk bor uchrashgan edik Sayyora bilan. Qalbimga ham bahor kirib kelgandi o‘shanda. O‘sha bahor umrimdagi eng go‘zal bahor bo‘lib qoldi.
Ammo oradan yigirma oy o‘tib umrimdagi eng sovuq, eng xunuk qish fasli keldi. Qor keldi. Bo‘ron keldi. Qalbimdagi muhabbatni, go‘zal hislarni supurib-sidirib ketdi shu bo‘ron.
«Rajab, kechir, seni sevolmadim. Sayyora». J.K. degan harflar yo‘q edi ilk bora Sayyoradan kelgan bu xatchada.
— Nimaga? Men… men unga nima qildim?
Men shu so‘zlarni aytib Bahodirning yoqasidan changallab silkitardim.
— Menga nima deysan? Mening aybim nima? Qo‘y, kiyimimni yirtasan, — dedi Bahodir.
Men uning yoqasini qo‘yib yuborib, qorga o‘tirib olaman. Bahodir ham yonimga cho‘kadi.
— Kechirasan, jo‘ra, shunaqa bo‘lib qoldi, — deydi Bahodir aybdorona.
— Lekin nimaga, nega unaqa qiladi? — deyman bir hovuch qorni olib yuzlarimga ishqar ekanman. Qorlar erib ketadi, ammo yuzimning lovullashi kamaymadi.
— E, Rajab, sen qizlarni yaxshi bilmaysan, — deydi Bahodir qaysidir donishmandga o‘xshab mushtini iyagi ostiga tirab. — Ular sal ko‘rinmay qolsang boshqasi bilan gaplashib ketaveradi. «Ko‘rsa xumor» ularning bari. Mehr ko‘zda deganlari rost. Ko‘zi ko‘zingga tushib tursa xo‘p-xo‘p. Sal uzoqroq ko‘rmay qoldimi bas, haligi gap. Boshimdan o‘tdi-ku, jo‘ra. Azizam meni kuydirib, o‘zlarining qishlog‘idagi Salim qiyshiq bilan bo‘lib ketdi. Bularning bari  bir go‘r, jo‘ra. Senam  Toshkentga ketding. Oyda bir kelasan. Bu yoqda Do‘stmurod olg‘ir ilib ketdi Sayyorangni.
— Do‘stmurod! O‘ldiraman uni! — O‘rnimdan turib ketdim.
— Shoshma, — yengimga yopishdi Bahodir xuddi Do‘stmurodni men hoziroq borib o‘ldirib qo‘yadigandek. — Unga nima deysan? «Tanacha ko‘z suzmasa buqacha arqonni uzarmidi?» Paxtaga borganimizda Sayyoraning o‘zi Do‘stmurodni uchrashuvga chaqirdi. Ikki marta ularning uchrashganini o‘zim poylab ko‘rdim. Ikkinchisida yaqin borib gaplarini ham eshitdim. E, nima desang de, o‘pishganiniyam ko‘rdim. «Ha, endi Rajab jo‘ram Sayyoradan ajralibdi», dedim.
— Aniq o‘pishdimi?
— Aniq, jo‘ra, aniq. Non ursin, rost. «Armiyaga boraman, kelgunimcha kutasanmi?» dedi Do‘stmurod. «Sensiz yasholmayman»,  dedi Sayyora. «Uyingdagilar boshqaga beramiz», deyishsachi?» dedi Do‘stmurod. «Boshqaga tekkuncha o‘zimni o‘ldiraman», dedi Sayyora.
— Bas! —  baqirib yubordim men. — Axir bular hammasi Sayyora menga aytgan gaplar-ku?
— Bilmayman, jo‘ra, bilmayman. Senga aytganini men eshitganim yo‘q, ammo Do‘stmurodga aytdi, mana shu quloqlarim bilan eshitdim, — Bahodir ikki qulog‘ini ushlab ko‘rsatdi.
— Bevafo! 
Men ketmoqchi bo‘ldim.
— Shoshma, — menga ergashdi Bahodir va o‘zicha menga taskin bergan bo‘ldi: — Bir hisobga yaxshi bo‘ldi. U chindan bevafo ekan. Shu bevafoligini senga tekkandan keyin qilsa nima qilarding? Qayg‘urma, jo‘ra, bevafodan qutulganingga shukur qil!
— E, bor-e!
Men uni siltab tashlab, Naymanga qarab yo‘l oldim. Ikromning singlisidan Sayyorani chaqirtirdim. Sayyora keldi.
— Shu… rostmi?, — dedim titrab-qaqshab. — Bahodir aytgan gaplar rostmi? Do‘stmurod bilan uchrashib yurganlaring rostmi?
— Ha, hamma eshitganlaring rost, — dedi Sayyora ko‘zimga tik qarab. — Men seni sevmayman. Ha, men Do‘stmurodni sevaman. Haqiqiy sevgi nimaligini endi tushundim. Haqiqiy muhabbatimni endi topdim.
U ketdi. Unga bir so‘z aytolmadim. Nima deyishimni bilmadim. To‘g‘ri, ko‘p gaplar keldi tilimga, ammo endi kech, Sayyora ketib bo‘lgan edi.
Hammasini Ikromning onasi eshitib turgan ekan. Kelib meni yupatgan bo‘ldi:
— Xafa bo‘lma, Rajabjon, sening qadringni bilmadimi, bir kuni ko‘zi ko‘r bo‘ladi. Senam bexotin qolib ketmaysan. Senga o‘zim qizimni beraman. Qara, Shohidamning shu Sayyoradan qaeri kam?
Hali oltinchida o‘qiydigan Shohida onasidan xafa bo‘lib, yig‘lamsirab ichkariga kirib ketdi.
Men Shohidani olmadim. Meni kuydirgan Sayyoraning qishlog‘idan xotin olarmidim endi? Ammo Sayyora ham ko‘r bo‘lmadi. Keling, qolgan gap-so‘zlarni bitta bob qilib, cho‘zilib ketgan hikoyamizga ham nuqta qo‘yaylik.

6.

Xullas, Ikromning onasi qilgan bashorat to‘g‘ri chiqmadi. «Mening qadrimni bilmagan» Sayyoraning bir kuni ko‘zlari ko‘r bo‘lmadi. Lekin Sayyora ham adashgan ekan. Do‘stmurod uning haqiqiy muhabbati emas ekan. U haqiqiy muhabbatini topish uchun yana ikki marta urinib ko‘rdi. Ammo baribir urinishlari zoe ketdi. Uning haqiqiy muhabbatini ota-onasi topib berdi. Kelgan birinchi sovchigayoq xo‘p deb, uning «oyoq-qo‘llarini bog‘lab», o‘zlarining uzoq bir qarindoshlariga berib yuborishdi. 
Menga, Do‘stmurodga (balki keyingilariga ham) «Sensiz yasholmayman», degan Sayyora to‘rt qator she’r aytishmagan odam bilan oyday yashab ketdi. Menga, Do‘stmurodga (balki keyingilariga ham) va’da qilgandek boshqaga tekkani uchun o‘zini o‘ldirmadi. Qaytanga unga oz emas, ko‘p emas, yettita bola tug‘ib berdi. 
Ikromning onasi aytgan bitta bashorat to‘g‘ri chiqdi: men bexotin qolib ketmadim! Qo‘shnimizning qizi Adolatga uylandim. Bekorga boshqa qishloqlarga sarson bo‘lib kechalari qatnabman, baxtim yonginamda ekan. 
Xotinim risoladagidek xotin. Uni sevmayman desam unga jabr  qilgan bo‘laman. Sevaman desam boshqaga. Ammo sevgi deganda  xayolim haliyam Sayyoraga ketib qolaveradi. Ho-ov, o‘sha mayning go‘zal bir oqshomi yodga tushaveradi-da. Birov dabdurustdan «sevganing kim?» desa hayolimga Adolatdan oldin Sayyora kelaveradi-da.
Endi men sizga asli hikoya boshida nimani aytib bermoqchi bo‘lgan bo‘lsam shuni aytib beraman. Unga alohida bob shart emas. 
Meni yangi o‘quv yilida beshinchi sinfga rahbar qilib tayinlashdi. O‘qish boshlangan kuniyoq kirib o‘quvchilarim bilan tanishdim. Har birini turg‘izib, ismi sharifini, kimning bolasi ekanini surishtirdim. Orqaroqda o‘tirgan bola turib ismi sharifini aytdi:
— Vohidov Rajab.
— E, adash ekanmizda, Rajabboy, — deb unga yaqinlashdim.
Adashimning malla yuzi sepkildor edi. Sepkilki, adog‘i yo‘q. Sepkilki, shuvalganday. O‘zimning o‘quvchiligim esimga tushib ketdi. Meniki bunchalik emas edi-yov? Men sal mallaroq edim, bu bola qizg‘ish malla ekan. Sepkillari ham to‘q qo‘ng‘ir rangda. Xullas, mening o‘smirligimdagi «patir»ligim bunikining oldida holva edi. Unga hazillashgim keldi:
— Seni mobodo jo‘ralaring hazillashib «Patir» deb chaqirishmaydimi?
Hamma gurillab kulib yubordi. Kulgudan sinfxona derazalari zirillab ketdi. Adashim ham qo‘shilib kulardi.
— «Cho‘tir» deb chaqiramiz, — dedi bir bola. — «Cho‘tir».
— Kimning o‘g‘lisan? — so‘radim adashimdan.
— Dadamning oti Sunnat, ayamning oti Sayyora.
— Naymanlikmisan?
— Ha, naymanlikman.
— Ha, — o‘ylanib qoldim men. O‘ylaganlarim tilimga chiqib ketdi:
— Xudodan qaytibdi-da. Ayang bir zamonlar beti sal sepkil bosgan bir bolani «Cho‘tir» deb xafa qilgan edi. Kulgani uchun o‘zining o‘g‘li cho‘tir bo‘lib qolibdi. Bo‘lmasa ayang ham, dadang ham cho‘tir emas.
Men o‘qituvchi stoli yoniga keldim va bir zamonlar bizning ustozimiz aytgan gaplarini o‘quvchilarimga aytib bera boshladim:
— Bolalar, hech qachon birovning ustidan kulmanglar. Birovning tabiat bergan nuqsonlaridan, darozligi yoki pakanaligidan, ozg‘inligi yoki semizligidan kulmanglar. Ayniqsa, ayrim bolalarning sepkil bosgan yuziga ishora qilib «Patir», «Cho‘tir» deb kulmanglar. Hali sinfdoshingiz Rajabjon ham bir chiroyli yigit bo‘lib ketadiki, hozir kulganlar tilini tashlab qoladi. Qaytganga o‘zlarining o‘g‘li yoki qizi  shunaqa bo‘lib tug‘ilishi mumkin. Bunga adabiyotda, tarixda misollar juda ko‘p. Men sizlarga hayotdan bir misol aytib beraman…

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.