OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Luqmon Bo‘rixon. Aldoqchi tunlar (hikoya)

Shorn qorong'usi quyilib kelayotgan bir paytda Nur qo'rboshi xarsangtoshlar panasidan bosh ko'tarib, keng yalanglikdagi qishlog'i tomon ma'yus-mahzun termildi.
Yo rab, huvillab yotgan manov xarobazor nahot uning ota maskani?! Qani, qir bag'rida yoyilib yuruvchi suruv-suruv qo'y-qo'zilar? Qani, butun qishloqni qiy-chuvga ko'mib yuboradigan bolalar? Suv bahona, buloq boshiga qimtinib-qimtinib yig'iluvchi qiz-juvonlar qani?
Nur qo'rboshi o'z qishlog'iga uch bahoru uch qishdan beri bu qadar yaqin kelmagan, huvv, o'sha iliq ko'klam saharida o'n baytalga
bir dunyo qorako'l teri yuklab, qarshilik savdogarlar bilan Qashqar taraflarga otlanganida safarining bunchalik uzayib ketishini sira-sira kutmagan edi. O'shanda otasi — keksa chorvador boy ko'zlaridan o't chaqnab turgan yigirma besh yashar o'giini, odatdagidek, ishonch bilan faxrlana-faxrlana kuzatib qolgandi.
Ammo atigi bir yillik bu safar qayroqdek Nur boyvachchaga ham naq bir asr cho'zilganday bo’ldi. Haybatli-haybatli tog'lardan oshib, qahratonning sovuq shamollariga qorishib, olis Qashqar bozorlariga ham yetib kelgan allaqanday inqilob to'g'risidagi mishmishlar hamma musofirlar qatori uni ham tashvishlantirib qo'ygandi. Ayniqsa, ketar payti orqasida chirqirab qolgan bir yashar o'g'ilchasini o'larday sog'inganidan ko'ngliga qil sig'masdi. Shu sabab, goho, savdoni ham yig'ishtirib, o'tar-qaytar bolakaylarni tomosha qilib o'tirar, ularga ko'p-ko'p sovg'alar ulashar edi. Oxiri, sabr kosasi limmo-lim to'lib, ilk ko'klam kunlaridan birida, sheriklarini qistay-qistay yo'lga chog'landi. Sog'inchu intizorlikda boyvachchadan kami yo'q do'stlari ham jon-jon deya otlarga qamchi bosdilar.
Ular yo'llar ayrilar sarhadda uzoq-uzoq xayrlashishdi.
O'sha yili ko'klam xiyla issiq kelib, qor-muzlar hil-hil erib oqar, keng qir bag'rilariyu sayhonliklarda ko'm-ko'k o't-o'lanlar gurkirab yotar, gul-chechaklarning tovusdek tarovati ko'rgan ko'zni quvontirar edi. Ammo, sog'inchini ichiga sig'dirolmagan Nur boyvachcha orqa-oldiga qaramay, shoshib-toshib yo'l bosardi.
Bir payt, qadrdon qishlog'iga yarim kunlik yo'l qolgan bir mahal, tor bir yalanglikda bir to'p otliqlar oldini to'sib chiqishdi.
Nur qo'rboshi chavandozlarning vajohatidan o'takasi yorilsa-da, ular ichidagi hamqishlog'ini, qishloq oqsoqolining arzanda bolasini tanib, hayajon bilan otidan sakrab tushdi.
- Assalomu alaykum, — dedi quchoq ochib ko'rishuvga chog'lanib. Lab-lunji quvonchdan yoyilib ketgandi.
Ammo hamqishloq Sulaymon arg'umog'ini chir-chir aylantirarkan, quruqqina salomlashdi:
- Yaxshi yetib keldingmi?
Nur boyvachcha angraydi-qoldi: yo, Olloh, qishloq oqsoqolining mullavachchao'g'li Sulaymonmi shu?! Yo, ajab, nozikkina, sipogina, qo'y og'zidan cho'p olmagan yigitcha edi-ku? Muncha qahru g'azab, muncha shiddat qaydan keldi unga?! Yelkasida antiqa miltiq, ust-boshi kirchil, soch-soqoli o'siq, bu ne hoi?!
- Og'ir bo'l, Nur, - dedi Sulaymon ot jilovini mahkam tortib. - Ko'rgulik! Hammayoqda inqilob balosi!
Emishki, uch oycha ilgari qishloqni qizil qo'shin mo'r-malaxdek bosibdi. Mol-mulkka ko'z olaytiribdi, zang'arlar! Qishloq oqsoqoli nomusiga chidayolmay, hovlisida amirlardek kezinib yurgan askarlarga o'roq olib tashlangan chog' qizil qo'mondon kaklikdek otib tashlabdi uni! Sulaymon esa derazadan chiqib qochganmish. Nurbekning otasidan uch xum oltin talab qilib, uni otxonaga qamab qo'yishibdi. Bechora cholni yozilgani ham olib chiqishmabdi, "Otxona keng, bilganingni qilavermaysanmi, ahmoq", deya qah-qah urishibdi. Ertasiga, qovug'i yorilib, o'sha kechayoq tinchigan qariyani oigan xachirdek tashqariga sudrab tashlashibdi.
Boshidan to'qmoq yegandek, allaqachonlar yalpayib yotgan Nur boyvachcha, bir mahal, go'yo, to'satdan uyqusi o'chgan injiq go'dakday uvv tortib yubordi.
- Otajo-o-on, uvvvv, ota-a...
U toshloq yerni alam bilan mushtlar, g'ujanak bo'lib tipirlar edi.
Boyvachchaning jazavasidan asov tulporlar ham hayratlanganday tek qotdilar. Chavandozlar birin-ketin otlardan tushib, lekin jilovlarni qo'ldan qo'ymay, yerga tizzalab o'tirishdi. Sulaymon qisqagina mungli tilovat qildi.
Fotihadan so'ng to'daboshi hamon o'zini bosolmay, hiqillab yotgan alamzadaning yelkasiga jundor qo'lini qo'yib:
- Islomning turk navkarina ko'z-yash yarashmas, — dedi xiyol boshqa lahjada.
Nur boyvachcha, "esa, nima qilay", degandek, yoshli ko'zla-rini unga qaratdi. Atrofdagilar, xuddi shuni kutib turgan kabi, chuvillay ketdilar:
- Qonga qon! Al-qasos!
- Hech kimning dardi senikidan kam emas, — dedi Sulaymon qamchi sopi bilan yigitlarga ishora qilib.
Nur boyvachcha changga belanib qad tikladi, xo'rsindi. So'ng, tog'lar ortidagi qishlog'i taraf g'amgingina qarab turarkan, pichirladi:
- Menga ham yarog' bering...
Uning naq ikki yilga cho'zilgan qonli safari xuddi shu toshloq soydan boshlandi.
Ular o'sha kuniyoq Anvar poshshoning buyuk lashkariga qo'shilish niyatida Boysun tog'lari tomon yo'l oldilar.
Kechga yaqin bir tubsiz jar labidagi so'qmoqdan o'tish arafasida Nur boyvachcha yonma-yon ot yo'rttirib borayotgan Sulaymonga botinmaygina ko'z tashlab, o'g'li haqida so'radi. So'radi-yu, go'yo, yana noxush xabar eshitadiganday, dami ichiga tushib, yuragi bejo ura ketdi.
- O'g’ling, - deb gap boshladi Sulaymon, sochqin o'ylarini bir zum yig'ib, - o'g'ling Nishon xizmatkorning qaramog'ida, xotining... o'shanga tegdi, yaramas ...
U gapini tugatar-tugatmas, Nur boyvachcha otiga achchiq qamchi tortdi.
Nurbek bir chaqirimcha joydan ot boshini qayirib, yana to'daga qo'shildi. Uni hayron kuzatib turgan chavandozlar bir-birlariga ma'noli-ma'noli qarab oldilar.
Hamqishloqning zavqi Sulaymonga ham yuqqandi. U boshlarini siltab-siltab pishqirayotgan Nurbekning otiga havas bilan tikilarkan:
— Tulporingga besh ketaman-da, Nur, - dedi. — Toshtuyoqmisan, toshtuyoq!
Boyvachcha siniq jilmaydi.
Toshtuyoq! Nurlarning butun vohaga dong'i ketgan dulduli! Ko'pkarilarning ko'rki edi u! Uloqni tishlab uzatardi-ya, jonivor?! Ayniqsa, poygalarda qanotsiz uchishini aytmaysizmi?!
Nurbek Toshtuyoqning yollarini mehr bilan silay-silay, yana beixtiyoro'g'lini o'ylab ketdi. Xayolan, uni Toshtuyoqqa mingazib, chavandozlikka o'rgatdi... qilich sermash, o'q otishni mashq qildirdi.
"O'g'lim, bardam bo'l!" — deb pichirladi Nur ich-ichida va tashida og'ir xo'rsindi. Bu xo'rsiniq yana ikki yil bo'g'zini kuydirib yurishidan hali xabarsiz edi u!
Ertasiga, peshin namozidan so'ng, boyvachcha g'o'daygan yoshgina navkardan bir quloch tasma topib, o'g'liga atab kelti-rayotgan, yog'ochdan ustakorlik bilan yasalgan o'yinchoq toyni bo'yniga durbinday osib oldi.
O'sha g'aroyib kiyimli savdogarning labi-labiga tegmay ta'riflashicha bu matoh naq Farangistonda yasalgan emish.
Qahrli, suronli damlar... Jangu jadal — Qashqar bozorida mol sotish emasligini Nur boyvachcha lahza sayin his qila bordi. O'giining hidiga zor dumog'i qon isi, o'q-dori isiga ko'nikdi. Hatto, bu islarsiz turolmaydigan, ko'zi tinib, boshi aylanadigan azobga yo'liqdi. Shu sababdanmi, har qalay, u savashlarda sherdek olishar, sachrayotgan qonni ko'rib telbalarcha xaxolar edi.
Bir oqshom, siyrak archazor ustida adashib charx urayotgan to'rg'ayga xayolchan termulib turgan Nurbek, shundoq yongina-sida, bo'ynidagi o'yinchoq toyga oshufta tikilayotgan sardorni sezmay qoldi.
- O'g'lonimizni Olloh panoh etsin! - dedi sardor jilmayib. Boyvachcha hayratlanib unga yuzlandi.
O'g'li borligini u qaydan bildi?! Sulaymon aytdimikan, yo? Unda "o'g'lonimiz" demoqning boisi ne? Yo, sardorning ham o'g'li bormikan?
Nurbek to'daboshining mehrli tilagidan bo'shashib, qo’lini ko'ksiga qo'ydi:
- Tashakkur, afandim...
Ularning sardori Istanbul taraflardan kelgan bo'lib, Anvar poshshoning ishongan noiblaridan biri ekan. Qizillar orasida “Qari qoplon” laqabi bilan dong chiqargan bu sakson yashar cholning g'oyat tetikligi hammani hayratga solardi. Hatto, harbiarning birida og'ir yaralanib yotsa ham xiyla vaqt ko'zlari chaqnab turdi. Nihoyat, "Olloha shukrlar... bobolar yurtina shahid bo'lmak nasib etmish...", deya entika-entika jon berdi.
O'shanda Nur boyvachchaning qilich tutganiga rosa bir yil to'lgan edi. "Qari qoplorfning murdasi sovimay turib, qo'rboshilik da'vo qilmish bir chaqchaygan g'alamisni u qoq og'zidan otib tashladi. So'ng, o'sha choshgoh ulug' qariyani izzat-ikrom bilan ko'mishgach, Nurbekning o'zi ustalik bilan yigitlarni savashga boshlab kirdi. Endi, u — Nur qo'rboshi edi!
Ko'p o'tmay, Anvar poshsho ham daydi o'qqa uchdi-yu, "buyuk lashkar" to'zg'ib qoldi. Beklar, ponsodlar hokimlik talashib, bir-birlariga tig' ko'tardilar. Anchadan buyon sarosimada yurgan qizil qo'shinning yelkasiga oftob tegdi.
Nur qo'rboshi esa esi borida etagini yig'di-yu, yuztacha navkarini boshlab, yana izga — o'z qishlog'i yoqqa qaytdi. Ular yoi-yo'lakay - Oqbosh ovuli atrofida katta birto'daga yo'liqishdi. Uchragan to'da sardori Nurbekni mensimay, uning bo'ynidagi farangi o'yinchoqni yayrab-yayrab mazax qildi.
"Hali go'dak ekansan-ku, ota o'g'il, yigitlarni menga topshir, haqi uchun boshqa zo'r o'yinchoq topib beraman", deya qah-qah otdi. Biroq o'sha tunda, uning o'zi sakson azamatini "go'dak"ka meros qoldirib, zaharlangan qovurdoqdan til tortmay quladi.
O'sha yili Nur qo'rboshi Boysuntog' etaklarida ivirsib qolib ketdi. La'nati qizil qo'shin deganlari daqiqa sayin kuchayib borar, har uchragan sayhonlik, har uchragan dovonda miltiq o'qtalib turar edi.
Nurbek yigitlarini zimdan kuzatarkan, ular ham, o'zidan battar, horib, ezilib borayotganini, miltiqlargumburidan, qilichlar jarangidan bezib boiganini his qilardi. Qaysidir kech, polvon yigitlardan biri o'zini jardan tashlab yubordi. Rahmatlikning izidan havas bilan qarab qolmish navkarlarning shivir-shiviricha, huv, qir etagida bechoraning o'ynab-o'sgan ovuli qolib ketayotir ekan.
Shunday qaqshagan kunlarning birida ular keng yalanglikda bemalol chuvalashib, yeb-ichishayotgan yog'iy ustidan chiqib qolishdi!
Avvaliga, Sulaymon uch azamatini yoniga olib, qay bir archa panasida, bosmachilardan ko'ra komandirlaridan bekinib, xotirjam qartabozlik qilayotgan to'rt soqchini qo'yday bo'g'izlab keldi.
Andan so'ng, qonsirab, to'lqinlanib turgan yuz yigirma nafar chavandoz bab-baravar otlar jilovini bo'shatishdi. Keng yalanglikni vahshiy qiyqiriqlar qoplab ketdi.
- O'q otilmasi-i-in! Faqat burdala-a-ang, burdalang! — deya o'kirardi ko'zi qonga to’lib, quyundek charx urib borayotgan qo'rboshi. Uning bo'ynidagi o'yinchoq toy shiddatdan afsungardek silkinar, go'yo sardorini tortqilab-tortqilab qirg'inga undayotganday ko'rinar edi.
Butkul vahimada qolgan hangu mang qizillar palapartish o'q uza-uza duch kelgan yoqqa tumtaraqay qocha ketdilar. Jang hidini sezgan otlari esa achchiq-achchiq kishnar, qoziqlari atrofida chir-chir aylanar edi.
Urho-ur ichida kalxatday sho'ng'ib kelmish qo'rboshi ikkala qoiini ham joni boricha ko'tarib javdirayotgan askarning bo'g'zini tilib yubordi. Ariqday ochilib qolgan kekirdakdan sharillab issiq qon otila ketdi. Undan sal narida kimdir allaqachon ikkiga bo'lib o'tgan gavdatipirlab yotardi.
G'olib qiyqiriqlarga bir zumda dodu faryod, ingroq saslari qorishib ketdi. Otlar tuyog'idan ko'tarilayotgan chang-to'zon keng yalanglikni kirchil pardadek qopladi.
Ko'z ochib-yumguncha chavaqlangan yuzga yaqin yog'iy askari quyuq qon bugi taratib, do'ppayib-do'ppayib qoldilar.
O'nboshi Sulaymonning navkarlari, to'yga keltirilgan qo'ylardek, yigirma chogii asirni urib-tepib bir yerga to'plashdi.
Chindan ham bugun to'ymisan to'y ekan. Asirlardan birining tutila-tutila tushuntirishicha, ulug' inqilobning nechadir yilligini tantanali nishonlashayotgan ekan.
G'oliblar qah-qah otib kuldilar. Asirlar esa o'ychan kezinayotgan qo'rboshining bo'ynidagi farangi o'yinchoqqa noumid termilisha-termilisha o'z taqdirlarini kutishardi.
Nurbek, nihoyat, horg'in ko'zlarini olis-olis cho'qqilar tomon olib qocharkan, buyurdi:
— Otib tashlansin!
Oradan oylar o'tib, qizillarning beshafqat ta'qiblaridan qocha-qocha, qishning qahrli ayozlarida g'orma-g'or biqinib diydirasharkan, o'sha oxirgi g'alabani lazzat bilan eslab yurishdi.
Nur qo'rboshining ko'ngliga qil sig'masdi. U harblarning birida daydi o'q yarmini yulib ketgan o'yinchoq toyni bag'riga bosganicha qahratondan bir amallab chiqib olish rejalarini o'ylab o'tirardi.
Hech go'rdan ta'minotning yo'qligi, ustiga-ustak, tevarakdagi boshqa to'dalarning, xuddi dushmaniga qaraganday, g'ijinib ola-yishlari yigitlaming ko'nglini butkul cho'ktirib yuborgandi. Yaratganga shukrkim, baland-baland qoyalar orasidan manovi — qo'y qumaloqlari bo'yraday to'shalib yotgan g'orlar topila qoldi. Har nechuk boshpana.
Yigitlar tevarak-atrofda g'ij-g'ij o'sib yotgan archalardan keltirib g'orlar o'rtasida gulxanlar yoqishar, so'ngra lovullab yonayotgan olov tegrasida to'p-to'p o'tirib, turli-tuman xayollarga g'arq bo'lishar edi.
G'orlar ichida bo'rtib-bo'rtib chiqqan tosh bo'laklari, allaqanday daraxt ildizlari tez orada qora qurum bilan qoplanib ketdi.
Bir kuni asr namozidan so'ng o'nboshi Sulaymon sekin pichirladi:
— Nur, qishloqlardan oipon yig'aylik, yigitlar och! Qo'rboshi yalt etib unga yuzlandi:
— Shuncha yil qon kechmoqdin maqsading shu edimi, qori?! Sulaymon unga gap uqtirib bo'lmasligini anglab, og'ir tin oldi. Qo'rboshi esa ko'zlarini chala yumib, "yarador" o'yinchoqni silaganicha yana xayolga cho'mdi.
Sulaymonning g'ashligi qo'zg'aldi:
— O'yinchoq o'ynaguncha, - deb dimog'idan kuldi u, -navkarlar g'amini ye!
— Sulaymon! Oqboshdagi sardorni unutma! — dedi Nurbek o'zini arang bosib, ammo yuguruk qoilari, beixtiyor, yonidan mauzerni sug'urdiyu tizzasiga qo'ydi.
O'nboshi shart turib, engashgancha g'ordan chiqib ketdi va o'sha tunda gumburlagan o'q tovushidan hamma oyoqqa qalqdi. Izidan, Sulaymonning alam-iztirobli mazaxga limmo-lim hayqirig'i togiardan tog'larga, daralardan daralarga urilib yangradi:
— E, he-he-he-he-ey, — (ovoz qaydan kelayotganini hech kim ilg'ayolmasdi), - Nurbekka ishonmangla-ar, u o'g'lini qutqarish payida yuribdi-i-i, baribir, sizlami sotadi-i-i!
Nur qo'rboshini titroq bosdi: "Yo, Olloh, bu ne ko'rgulik..." — lekin shu lahzayoq gapga chechan navkarlardan birining javobi ko'nglini tog'day o'stirdi.
— Hey, — dedi u butun zulmatni larzaga keltirib. - Sen hezalakda yo'q bo'lsa yo'qdir, biz hammamiz o'g'illi-i-i! Hammaning niyati bir!
Navkar gapini tugatar-tugatmas chiyillab kelgan o'q orqadan qoyaga urildi.
To'daning yarmini Sulaymon avrab, ergashtirib ketgan ekan. Otishma boshlandi.
Qariyb ikki yildan buyon o'q yomg'iri ostida izg'igan Nur qo'rboshi, ilk bor, shu yerda yelkasidan yaralanib, ingraganicha quladi... va zor-zor kutilgan ko'klamning o'rtalariga dovur turmadi.
Tog'larda qorlar erib, daryolar shovullay boshladi, qushlar chug'urlashib, ko'katlar bo'y tarab qolishdi.
Biroq alamzada to'daning yurak-bag'ri hamon muz edi.
Qo'rboshi tunu kun alahlab, mulozimlar qurshovida yotar, goho o'g'lini chaqira-chaqira sapchib turib, g'or og'zini qidira qolar edi. Mulozimlar hay-haylashib, qo'liga o'sha... "yarador" ot o'yinchoqni tutqazishgach, qaltiray-titray, o'z-o'zidan tinchib, yana cho'zilardi.
Nihoyat, navkarlaridan ham battar ozib-to'zib ketgan Nurbek oyoqqa turdi. Ertasi kuni sadoqatli mulozimlar qo'rqa-pisa gap boshlashdi:
— Bek, bu yerlarda endi kunimiz bitganga o'xshaydi, o'zga yurtlarga bosh olib ketaylik...
— Siz Qashqar taraflarni xo'p bilarmishsiz...
— Inshoolloh, yana qaytarmiz...
Qo'rboshi seskanib-seskanib tushdi, ammo ozg'in qoilari bu gal to'pponchaning sovuq dastagi tomon uzalmadi.
Mulozimlar haq edi. Butkul holdan toygan yigitlar arzimagan hujumga ham dosh berolmasdilar. Xudoga shukr, qizillar negadir yo'qlab kelishmayapti, yo, "ayozda qirilib bitgan", deya o'ylashayap-timikan?! Ustiga-ustak, Toshtuyoqdan — Nurbekning suyukli tulporidan boshqa hamma otlarni so'yib yeyishgandi...
— Safarga tayyor emasmiz hali, — dedi qo'rboshi ohista, u gap ohangidagi rozilik alomatlarini payqagan mulozimlar yengil nafas oldilar.
Olis va og'ir yoiga taraddud rosa bir oyga cho'zildi. O'q-dori, oziq-ovqat g'amladilar. Hatto, shu atrofda qo'y boqib yurgan cho'ponni ishga solib, yana o'n besh nafar ot ham topishdi.
Ammo safar soatlari yaqinlashgan sayin yigitlar allanechuk kalovlanib, parishon kezinadigan odat chiqarmoqda edilar. Ayniqsa, ' ko'zlarida bitmas-tuganmas karaxtlik qotib qolgan Nur qo'rboshi kundan-kunga bukchayib borardi. U ba'zan kun bo'yi tuz totmay, qorni og'riyotganini bahona qilib, qirma-qir daydib yurar, chirqillab uchayotgan qushlarga, asriy archalarga, haybatli qoyalarga soatlab tikilib o'tirar edi. Lekin otdan tushsayam egardan tushmaydigan bu qaysar navkarlariga tez-tez achchiq-tiziq buyruqlar qilar, goho o'zicha hazil-mutoyibachiga aylanar, ishqilib, hech kimga sir boy bermaslik ilinjida bo'lar edi.
— Ertaga otlanamiz! — dedi Nurbek, nihoyat, may oyining oxirlarida.
O'sha kech xufton namozini haddan tashqari ezib o'qidilar. Fotihalar ketidan fotihalar, iltijolar ketidan iltijolar jarangladi.
Ibodatdan so'ng, tagiga egar-jabduqlarini qo'yib, hamma jim-jim cho'zildi.
Tun... Taqdirdek qop-qora tun! Yuksak cho'qqilar tarafdan sovuq shamol esmoqda. Shoshqin soy bo'zlab shovullaydi. Tun hasharotlari tinmay chirqillaydilar.
Nur qo'rboshi sachrab ketgan uchqunlardek ko'k to'la yulduzlarga termularkan, huvv, ajoyib yoz kechalaridan birini ezilib esladi. O'shanda, chorbogiari o'rtasidagi supachada ag'nab yotar, xotini ilondek toig'anib uning qo'1-oyoqlarini uqalar, o'g'ilchasi esa osmonga qo'l cho'zib, "yulduz obbering", degan ma'noda xarxashalar qilardi.
"Katta bo'lsang, o'zing olasan", deyishardi eru xotin go'dak injiqligidan battar zavqlanishib.
Hozir o'g'li rosa yettiga to'lgan! Uni ko'rsa tanirmikan?! Taniydi, taniydi! Axir, Nur uch yasharligida olis savdo safaridan qaytuvchi otasini topib, oldiga yugurib chiqqandi-ku?!
Qo'rboshi ayol va go'dak isini dumog'ida tuyib, besaranjom-landi. Shu choq sal narida yotgan yigitlardan biri:
- Yulduzlar yig'layapti, — dedi shivirlanib.
Nurbek yalt etib unga yuzlandi. Ammo, navkar butun borliqni unutib, ko'kdan ko'z uzmas, hatto ilkis qo'zg'alib, yuziga baqrayib tikilayotgan sardorni ham sezmas edi.
Qo'rboshi yashin tezligida o'n besh navkarning bariga bir-bir angrayib chiqdi. Ne ko'z bilan ko'rsinki, uningcha allaqachonlar dong qotib uxlayotgan yigitlar... mo'ltillabgina qarab yotar, go'yo, allanechuk g'aroyib musiqani qilt etmay, nafas olmay, qayta-qayta tinglar edilar.
Qo'rboshining g'imirlab qolganidan sergak tortgan o'ng mulozimi ohista yonbosh bo'ldi, lekin hamishagiday, "Nega bezovtasiz, bek?!" - deya so'ramay, tubsiz qorong'ulikka tikilib turaverdi.
— Bek, — pichirladi u, — soy munchalar shovulladi-ya?!
— U ham sog'inadi, - deb yubordi Nurbek beixtiyor.
— Ha, sog'inadi, - dedi allakim turib o'tirarkan. Qolganlar ham birin-ketin qo'zg'alib qoldilar:
— Ha, sog'inadi.
— Ha sog'inadi.
— Sog'inadi...
Navkarlarining har biriga mo'ltirab-mo'ltirab tikilayotgan Nur qo'rboshining o'z-o'zidan o'pkasi to'lib kelardi. Bir mahal u shartta cho'kka tushdi:
-Yigitlar...
Biroq, bo'g'ziga mushtdek tiqilgan xo'rlik gapirmoqqa qo'ymadi.
— Yigitlar...
U shunday dedi-yu, ortiq bardoshi yetmay, o'kirib, yonidagi mulozimining tizzalariga o'zini tashladi.
Hech kim uni tinchlantirmasdi. Go'yo, ko'pdan intiq kutilgan yomg'irda iviyotgan ishqibozlardek, ma'yus entika-entika jim o'tirardilar.
— Azizlarim, — dedi Nur qo'rboshi ko'z yoshlariga qorishib bosh ko'tararkan, allaqanday xirqiragan, xirillagan tovushda. Ruxsat beringiz, birodarlar, o'g'limni opkelay, Olloh haqi, ortiq toqat qilolmayman...
U javob ham kutmasdan sapchib qo'zg'aldi-da, egar-jabdug'ini yerdan supurib ko'tardi.
— Bek, - dedi o'ng mulozim turib-turib. - Yolg'iz ketmang...
— Yo'q-yo'q, o'zim... U yoqda qizillar qarorgohi...
Egasining sharpasini sezgan Toshtuyoq qisqa-qisqa kishnaganicha depsinib turardi.
— Bizni kuting, - deyardi Nur qo'rboshi orqa-oldiga qaramay, otni chog'lar ekan. — Ertan sahar shu yerda bo'lamiz, inshoolloh!
Ko'p o'tmay uchqur tulpor tuyoqlarining gumbur-gumburi butun tog'u toshni tutib ketdi.

* * *

Shomdan so'ng tevarak-atrof chodrasiga burkandi-yu, Nur qo'rboshi alanglay-alanglay xarsang panasidan chiqdi. Ulkan archa tagida pishqira-pishqira o'tlab turgan Toshtuyoq quloqlarini dikkaytirganicha orqasidan qarab qoldi.
Nur qo'rboshi bu yerlarni besh qo'lday bilardi. Ammo, ayni paytda, toshdan toshga kiyikdek sakray turib, to'rt tarafni ehtiyotkorlik bilan kuzatar, tiq etgan har tovushga, nafas olmay, sergaklanib quloq tutar edi.
Qishloq itlari biri qo'yib, bin olib uzluksiz hurgani-hurgan. Unda-munda miltillagan chiroqlar ko'zga tashlanadi. Huvv, qir etagida adashib qolgan buzoq mo'ngramoqda. Allaqaydandir chala kuygan tezak hidi anqiydi.
Nur qo'rboshi zum o'tmay soyga tushib, nafas rostlash dardida yerbag'irlab yotdi. U puxta rejalartuzib olgandi o'zicha:
"Boradi. Hovlining qorong'i bir burchida biqinib, la'nati Nishonning tashqari chiqishini kutadi. Albatta, chiqadi u yebto'ymas. O'sha payt, shartta bo'g'ziga to'pponcha tirab: "O’ haromi, -deydi. — Joningdan umiding bo'lsa, g'inging chiqmasin, men o'g'limni olamanu ketaman!"... Yoki to'ppa-to'g'ri borib, eshikni taqillatadi, ichkaridan anovi nonko'rning sasi chiqdi deguncha, bir zarb bilan eshikni qo'poradiyu bostirib kiradi. Agargapga ko'nmay hunar ko'rsatgudek bo'lsa..."
Nur qo'rboshi qovjiroq lablarini qimtib, mushukdek pusa-pusa ilgarilab borarkan, yuguruk qo'llari beixtiyor yarog' izlab paypaslandi.
Mana, bostirmalari hurpayib turgan birinchi hovlidan ham o'tdi. Anovi qorayib ko'rinayotgan joy, sobiq qaynotasi — tegirmonchining uyi! Ungayam, qizigayam ming la'nat! Nahotki, uch talog'ini olmay turib boshqaning qo'yniga kirish shunchalar oson? Yana kelib-kelib Nishon isliqiga tekkani-chi?
Nur qo'rboshi to'ng'izday et-so'lli Nishonning tuzsiz ko'zlarini xayolida jonlantirarkan, nafrat va jirkanishdan bo'g'riqib ketdi. U, bir vaqtlar, katta shahar bozorida gadoylik qilib yurgan kezlari qoqsuyak narsa edi, Nurning otasi achina-achina uni bu yerga ergashtirib keldi-yu, yil o'tmay novvosday semirib ketdi, zang'ar. Ammo bo'rdoqi boqish, otlarga qarash degan xizmatlarni do'ndirardi. Balki shuning uchun ham uni haligi... nima edi... ha, sho'ro raisi etib tayinlashgandir? Balki, anovi megajin shu mansabiga uchgandir? Eh, baribir, tagi pastligiga boribdi-da, yaramas?! Tuf, hammasiga tuf, unga o'g'li kerak, o'g'li! O'giini oladi-yu, Toshtuyoqni to'pirlatib yo'qoladi bu yerlardan.
Qo'rboshi alamli xayollar girdobida hamon sharpadek sirg'anib borar, har uch qadamda tevarakni alanglab kuzatar edi.
Huvv tepalikdagi hashamatli bino - bechora oqsoqolning uyi. Qo'rboshining eshitishicha, hozir u yer allaqanday sho'roning idorasi emish. Shu gap to'g'riyov, ana, atrofida bir askar parishon aylanib yuribdi. Shu orada Nurbekning ko'z oldida Sulaymon qori jonlandi-yu, ich-ichini iztirobli qo'msash timdalab o'tdi: "Eh, do'stim..."
Bir mahal qo'rboshining xayollari xazondek to'zg'ib, butun vujudi titrab ketdi. Axir, qirq-ellik qadam narida uning uyi mung'ayibgina turardi! Ana, ota makon!
U bir paytlar anovi qo'shqanotli darvozadan, ingichka mo'ylovini silab, ohorli kiyimlarda, chaqmoqday boiib chiqib ketgandi.
Mana, qaytdi...
... boshida salla qiyiqcha, soch-soqoli o'siq, kir-chir, egnida yupqarib ketgan olacha to'n, belida "Qari qoplon"dan qolgan qo'rboshilik kamari.
... bo'ynida o'sha antiqa o'yinchog'u yonida yarog' bilan qaytdi!
Hovli atrofi toshqoloq bilan o'ralgan. Sal pastda yastanib yotgan chorbog', go'yo, kimnidir yo'qlaganday, mahzun shovullaydi.
Nurning otasi dabdabayu hashamga sira Qiziqmasdi. Shu bois hovlilari keng bo'lsa-da, ammo ko'rimsizgina. Yaxshiyam shundayligi, esam ularnikiyam haligidaqa sho'ro-to'ralarga in bo'lib ketgan bo'larmidi? Lekin, baribir, hovlining Nishonga qolgani Nurbekni alam o'tida qovurardi. Bersa, ana, Ermat cho'pongabersin edi, ana, Mirzo bog'bonga bersin edi.
Aytgancha, qay bir shaharda ham otasining hayhotday uy-joyi, bola-chaqasi bor, deb eshituvdi, ularning ahvoli nima kechdi ekan?! Eh, bu dunyo!
Nur qo'rboshi tosh devordan oshib, ichkari tushdi. U tobora sutdek ko'pira borayotgan hayajondan qalt-qalt titrar, yuragi guro-gurs urib, nafasi qaytar edi.
Qo'rboshining nazarida, hoziroq, yugurdaklar peshvoz kelib, xizmatiga ilhaq turadigandek, otasi ayvonda yonboshlab choy ichayotgandek, bosh irg'ab, Nurni yoniga imlayotgandek tuyulardi. Uning o'y-xayolida ajoyibdan-ajoyib manzara lop-lop etib jonlana boshladi:
...ana, deraza oynasidan kuzatib turgan xotini, ko'z-ko'zga tushgach, nozlana-nozlana o'zini panaga oldi. Zum o'tmay, ichkaridan zavq-shavq bilan o'g'ilchasi pildirab chiqdi...
Nurbek hatto bolasining shodon qiyqirig'ini eshitganday bo’ldi.
Biroq hovli qabristondek huvillab yotardi. Faqat narigi chek-kadagi hujraderazasidan chiroqning xira yog'dusi lipillab turardi.
Ishkom tagida serrayib qolgan Nurbek, qalt-qalt titrab, o'sha yoqqa yurdi. Shu tobda u qay niyatda kelganini butkul unutgan, shomdan beri pishitib yurgan rejalari keraksiz bir xayolga aylanib qolgandi.
Qo'rboshi jur'atsizlik bilan hujra eshigini taqillatdi. Shu lahzadayoq, yosh bolaning "otam keldi, otam", degan quvnoq ovozi va dup-dup yugurgilagani eshitildi.
- O'g'lim!
Nurning zor qaqshagan bo'g'zidan, yuragi tubida zardobdek yig'ilib yotgan sog'inchu ilhaqlik, o'kinchu sevinch birgina shu so'z tusida otilib chiqdi:
- O'g'lim!
Ammo ichkaridan boshqa sado chiqmadi. Nurbek esa o'z-o'zidan qaynab toshayotgan ko'z yoshini arta-arta, eshikka qapishganicha turardi. U shu chog'da, qocha-qoch, quva-quvlardan butkul zada bo'lganini, hech qayoqqa oshiqmayotganini, hech qachon endi ortga qaytolmasligini chuqur his qildi. Qaniydi, dunyoda yog'iy zoti bo’lmasa-yu, u bir umr mana shu qo'pol eshikka suyanib tursa?!
— O'g'lim, - dedi Nurbek yana botinmaygina eshikni taqillatarkan.
Ichkaridan ayol kishining jonholatda pichirlagani quloqqa chalindi-yu, qo'rboshi bir seskanib o'ziga keldi. Allaqachon uni tark etgan niyati, rejalari yana qayta miyasida charx ura boshladi.
Demak, ichkarida o'g'li va anovi!... Nishon qaygadir yo'qolgan! Aftidan, anovi bolani eshikka yo'latmayapti!
Shu payt, go'yo Nurbekning fikrini tasdiqlaganday, o'ktam bolakayning chars-chars ovozi eshitildi:
— Otam majlisda, siz — bosmachi! Keting! Keting!
Qo'rboshining ko'z oldi qorong'ilashib, eshikni zarb bilan itarib yuborganini o'zi ham bilmay qoldi.
Bir bo'lak zanjiri uchib ketgan eshik qarsillab ochila ketdi. Ochildi-yu, ichkaridan ayol kishining "Voy!" degan ojizona sasi, yosh bolaning vahimali chinqirig'i tashqariga otildi.
Qadrdon hujra hidi, ko'zga tanish manzaralar g'oyat dovdiratib qo'ygan Nurbek bir zum karaxt bo'lib turdi.
Tokchadagi eski chiroqning xira yog'dusidan vassajuftlar, taxmonlar, devordagi uch-to'rt qoziqqa ilingan kiyim-boshlar andak yorishib turardi.
Ana! Ana uning o'gii! Uning arsloni! E-he, katta yigit bo'lib ketibdi-ku?!
Nurbek bo'sag'aga sekin cho'nqayarkan:
— O'g'lim, — dedi entikib.
Ammo bir burchakda toshdek qotgan, ko'zlari ola-kula xotinning etaklariga mahkam chirmashib olgan bolakaydan hech bir sado chiqmadi.
— O'g'lim, bu men, - dedi Nurbek arang, - tanimayapsanmi, bolam?!
So'ngra u xo'rligi kelib, quchog'ini keng yoyganicha o'g'li tomon sudraklandi.
Bolakay esa hiq-hiq yig'lab, orqaga tisarilaverdi.
Yo, Olloh! Bu ne ko'rgulik? Uch yildirki, xayolida zor-zor kutgan, chopqillab yo'liga chiqqan, bo'yniga erkalanib osilgan o'z o'g'li tanimadi-ya?!
— Bu men-ku, axir, bolam! — deb qaqshadi qo'rboshi ko'z yoshlarini tiyolmay. — Kel, birbag'rimga bosay, kel!
Shu choq orqa tarafdan do'rillagan buyruq yangradi:
— Qimirlamang, qo'rboshi!
Nurbek tiz cho'kkanjoyida shart o'girilib ortgaqaradi: "Nishon!" U bo'sag'ada to'pponcha o'qtalib turar, izida yana o'n chog'li navkar miltiqlarini shaylab ichkariga mo'ralashardi.
— Xush kelibsiz, — dedi Nishon dimog'idan kulib. — Biz sizni yolg'iz kutmagandik, qolganlar qayda, bek?
Qo'rboshi siyrak qoshlarini chimirib, qaqroq lablarini qimtib, yana o'sha qirg'in dunyosiga qayta boshladi. Sog'inchu ilinjning, o'kinchu sevinchning omonat dunyosi yana to'zg'ib ketdi.
— Ota-a-a!
Onasining pinjida biqinib turgan bolakay Nishon tomon hayqirib yugurdi. Uning har bir xatti-harakatini entikib kuzatayotgan Nurbekning ich-ichida nimadir uzilib ketgandek bo'ldi va...
Ko'z ochib yumguncha varanglagan o'q tovushi hovlining ichu tashini zirillatib yubordi. Izidan, o'z o'qi o'z bo'g'zini teshib o'tgan Nur qo'rboshi gursillab quladi. Bo'ynida osig'liq o'sha g'aroyib o'yinchoq toy qonga belanganicha sirg'alib yerga tushdi...
O'sha tun Toshtuyoqning achchiq-achchiq kishnashi butun tog'u toshni titratdi. Qadrdon otxona hidini olib kelgan bu tulpor o'z chavandozini izlab, toshqoloq tevaragida chir-chir aylanardi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.