OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Luqmon Bo'rixon. Sirli muallim (qissa)

Muallim haqida so‘zim ushbudir:
Muallim kamolot ichra ko‘zgudir.
Abdulla Oripov

Najot G‘aybulla deganlari haqidagi mish-mish bizning tahririyatga ham yetib keldi.
- Ertagayoq safarga chiqasiz, - dedi bosh muharrir meni huzuriga chorlab. – Borib biling-chi, nima gap? Qalamga ilashgulik holi bo‘lsa shartta biror narsa qoralab keling. U yoqlarni siz yaxshi bilasiz.
Ha, ha, kaminaga u taraflar tuzukkina tanish. Ropa-rosa ikki yil avval ovloq cho‘l qo‘ynidagi o‘sha xarobgina 41-posyolkada bo‘lganman. Bu harbiylikda halok bo‘lgan  qahramon askar – Umrzoqov O‘roq tug‘ilib-o‘sgan maskan-da; mahalliy maktab shu jasur o‘g‘lon nomi bilan ataladi. Hatto, qahramonga yodgorlik-byust o‘rnatishgan ekan.
Xullas, qadrdon do‘stim, shoir va yozuvchi, jurnalist (va hokazo). Shunqor Hobilning qutqusiga uchib Umrzoq O‘roq  haqida ocherk bitish ilinjida o‘sha ovloq posyolkaga borib kelganman.
O‘shanda bahorning iliq kunlari edi. O‘ngu so‘lda ekan tikinga hozirlangan jigartus paykallar paykallar yastanib yotibdi. O‘ydim-chuqur yo‘l bo‘ylab tizilib ketgan dov-daraxtlar qiyg‘och yaproqlay boshlagan. Osmon hozirgina bo‘shatilgan shishaday top-toza, ko‘m-ko‘k.
Posyolkaning sertuproq, qing‘ir-qiyshiq ko‘chalarida odam siyrak. U yer-bu yerda o‘zini chuvoqda toplab o‘tirgan qari-qartanglar, qiy-chuv bilan o‘ynashayotgan bolakaylar ko‘zga tashlanadi. . Hoynahoy, hamma ko‘klam tashvishlari bilan andarmon, dala-dashtga sochilib ketgan.
Hamrohim, tuman hokimiyatining mas’ul xodimi mashinasini yarmi panjara, yarmi beton devor bilan o‘ralgan maktab hovlisiga taqab to‘xtatdi.
- Yetib qoldik, -  dedi u yengil tin olib. – Ana, maktab direktorining o‘zlari, Qalqonov muallim.
Rost, maktab hovlisida yoshi oltmishlarni qoralagan kishi parishon turar edi. U mashinani ko‘rdiyu darhol hushyor tortib biz tomon ildam yurdi. Yalpoq yuzlari xavotiru hadikdan battar yalpaygan, mitti, qiyiq ko‘zlari pir-pir uchadi, quyuq oq oralagan sochlari to‘zg‘in, egnidagi kulrang kostyumi, dudama xanjarday galstugi shalvirabgina turibdi.
- Assalomu alaykum, og‘ajonlar.
Qalqonov muallim  biz bilan birma-bir qo‘shqo‘llab ko‘rishdi. – Charchamaygina yetib keldilaringizmi?
- Domilla, tanishing, - deya mas’ul xodim men tomon ishora qildi. - ...poytaxtdan kelgan jurnalist. Shunqor Qobilning oshnasi.  O‘roq bechora haqida asar yozmoqchi.
- Yaxshi, yaxshi, - deya bosh irg‘adi Qalqonov muallim. - Qani, ichkariga kiramiz.
Maktab hovlisi keng va ozoda edi. Hayhotdek maydonda qo‘r to‘kib turgan o‘quv binosi anchayin ta’mirtalab bo‘lsa-da, fayzli va shinamgina ko‘rinadi. Imorat peshtoqida issig‘u sovuqdan rangi uniqqan bayroq  mag‘rur hilpirab turibdi. Hovlidagi daraxt shox-butoqlarida chumchuqlar chug‘urlashadi.
- Darslar qizg‘inmi deyman-a, - dedi mas’ul xodim u  yon-bu yon alanglab. – Hammayoq jim-jit. Zog‘ uchmaydi.
Qalqonov muallim bosh irg‘adi:
- Ha, hozirgina uchinchi dars boshlandi, - so‘ng men tomon yuzlanib ehtirom bilan mavzuga ko‘chdi. – Umrzoqov O‘roq o‘zimizdan, bug‘alter bovaning o‘g‘li. Askarlikda Vatan uchun halok bo‘lgan. So‘ng... biz idorama-idora yelib-yugurib nomini maktabimizga qo‘ydik.
- Domilla, - dedi mas’ul xodim vaziyatga jiddiy va rasmiy tus berishga urinib. – An’anamizni tark etmaymiz. Ishni qahramonning yodgorligini ziyorat qilishdan boshlaylik, haykal yonida besh-olti minut sukut saqlaylik.
Maktab direktori tuyqus taqqa to‘xtadi. Rang-quti o‘chgancha bir menga bir hamrohimga jonsarak tikildi.
- Ha, tinchlikmi? – deb so‘radi mas’ul xodim taajjublanib.
- Yo‘-o‘, o‘zim...
Qalqonov muallim g‘udranganicha o‘quv binosi ro‘parasidagi maydoncha tomon boshladi.
Darhaqiqat, ulkan qayrag‘och yoniga qizg‘ish g‘ishtdan balandgina ustun qurilgan ekan. Biroq... poytaxtda Shunqor Hobil, yo‘l-yo‘lakay  mas’ul xodim faxr bilan tilga olgan yodgorlik – byustdan nom-nishon yo‘q.
- Haykalcha qani? – so‘radim hayronu lol.
Xijolatdan iyak qashlab turgan Qalqonov muallim duduqlandi.
- Bor edi... o‘rnatganmiz... Bir haftacha ilgari o‘g‘rilab ketishibdi.
- O‘g‘rilab?! – beixtiyor chinqirib yubordi mas’ul xodim. – Kim?! Kimga kerak ekan shu... byust-kalla?
-Bilmadim... mismi, alyuminmi, ishqilib, shunday qimmatbaho narsadan yasalgan ekan o‘sha byust. O‘g‘rilar qo‘porib ketishibdi.
Mas’ul xodim battar tutoqdi:
- Darrov organga xabar bermadilaringmi? A?!
- Berdik, uchastkovoyga aytgandik...
- Xo‘sh-sh...
- Kuldi. Qo‘yinglar-e, uyat bo‘ladi,  dedi. Bir yasama kalla uchun to‘rt-besh tirik kallani kundaga qo‘yishni istamas emish.
- Uchastkani nazorat qilish o‘rniga kallalarning g‘amini yeb yurgan qanaqa melisa o‘zi?
- Halim Norbo‘ta o‘g‘li.
- Iya, o‘shami?! Otasi zo‘r melisa edi-ku, suyak surilibdi-da, yaramas.
Qalqonov muallim tuyqus uchastka nazoratchisini sotib qo‘yganidan battar kalovlangan edi. Mas’ul xodim esa asabiy tarzda bosh chayqab, qo‘l siltab tag‘in xiyla vaqt javragach, men tomon xijolatli yuzlandi.
- Uzr. Kutilmagan muammo...
- Hechqisi yo‘q, - dedim ularni yupatgan bo‘lib. – Bo‘p turadi. Yangi byust zakaz qilasizlar.
Xullas, allaqanday qaroqchilarning fitnasiga uchmay o‘sha safardan vatanparvarlik, fidoyilik tarannum etilgan tuppa-tuzuk ocherk yozib qaytdim. Bosh muharririmiz xo‘b maqtadi.
Mana, non-nasiba chorlab yana o‘sha yoqlarga chog‘lanib turibman.
- Cho‘lma-cho‘l sang‘ib yurmang, - deya bot-bot tayinladi bosh muharririmiz. – Hoynahoy, Najot G‘aybulla deganlariga jinoyat ishi ochilgan. To‘ppa-to‘g‘ri borib avval tergovchiga uchrashing, keyin vaziyatga qaraysiz...

*  *  *
Idorama idora kirib-chiqib, so‘rab-surishtirib, oxiri kerakli tergovchiga duch bo‘ldim.
- Ha, - dedi u oldimga ustiga «Delo» deb yozilgan papkani surib. – O‘sha nusxaning ishi menda. Ikki-uch marta posyolkaga borib keldim. Maktab jamoasi bilan uchrashdim. Ba’zi birlari tushuntirish xati yozib bergan, marhamat, istasangiz tanishib chiqing.
- Rahmat.
Tergovchi shosha-pisha qo‘l soatiga ko‘z tashlab oldi.
- Zaril ishim bor edi-da, bir yerga borib kelsam maylimi? Darrov qaytaman.
- Xo‘p, bemalol.
- Siz ishni bemalol o‘qib chiqavering, - dedi tergovchi eshik tomon yurarkan. – Sizdan yashiradigan sirimiz yo‘q.
- Men qalingina papkani ochib shoshilmay o‘qishga tushdim.

*  *  *
(Maktab direktori Q.Qalqonovning tushuntirish xati)

Suyagim maktabda qotdi. Yigirma yoshimdan beri muallimlik qilaman. Bolalarning qiy-chuvini eshitib turmasam boshim og‘riydigan bo‘lib qolgan. Bir paytlar jomadon ko‘tarib o‘qishga otlangan chog‘im uchuvchilikni orzu qilganman. (Orzu-istaklar qanotida xo‘b uchib-qo‘nib yurgan paytlarimiz ekan-da) Yo‘q, taqdir taqozosiga ko‘ra rus tili mutaxassisi bo‘ldik. Ishladik. Mana, ishlayapmiz. O‘qituvchilikning etagidan tutganimiz uchun hech kim bizni yomonotlig‘ qilgan emas. Davralarning to‘rini berishmasa-da, har nechuk poygakka tushirib tashlashmaydi. Hozirgi yoshlarga qarab hayron bo‘laman, muallimlikdan or qilishadimi-ey... Ayniqsa, o‘g‘il bolalar.
Qay bir kun oltinchi sinfda o‘qiydigan uch-to‘rt bolaning gurungi tasodifan qulog‘imga chalinib qoldi.
«Kelajakda prokuror bo‘laman, - derdi ulardan biri viqor bilan, - hamma mendan qo‘rqadi, hurmat qiladi. Boylikka ko‘milib yashayman».
«Prokuror ko‘p oylik oladimi?» – deb so‘radi tag‘ir bir soddarog‘i.
Do‘sti avval miriqib kuldi, so‘ng ishonch bilan dedi:
«Yo‘-o‘q, gap oylikdamas. Jinoyatchilar qamalib ketmasligi uchun cho‘ntagingga jaraqlatib solib qo‘yadi».
«Men mafiya bo‘laman!» – deya tantanali hayqirdi bolalardan biri.
Haligi soddarog‘i yana so‘radi:
«Mafiya?! Nima u?»
Tantanali ovoz egasi, hoynahoy mafiya nimaligini tuzukroq anglamasa kerak, biroz taraddudlanib arang tilga kirdi:
«Mafiyani kinolarda ko‘rmaganmisan? Ulardan kerak bo‘lsa prokurorlar ham qo‘rqishadi».
«Men qo‘rqmayman!» - qonun himoyachisi bo‘lish orzusidagi  o‘quvchi dik etib o‘rnidan turdi. –Men hamma mafiyani zirillataman!»
«Mafiya» u tomon xezlandi.
«O‘chir ovozingni qo‘lingdan hech narsa kelmaydi».
Ular bir-birining yoqalariga chang solishdi. Shu orada tomoq qirib panadan chiqdim. Bolakaylar olishuvni bas qilib, joy-joyiga o‘tirishdi. O‘zlaricha uzun-qisqa salom berishgan ham bo‘lishdi
Men ularni bir zum kuzatib turdim. Ich-ichimdan allanechuk iztirob, g‘ussa qo‘zg‘aldi.
Bolalar hanuz hansirashgan ko‘yi bir-biriga o‘qrayishar edi. Mafiya orzusidagi bola-uchastka nazoratchisining o‘g‘li Zokir. O‘qishlari a’lo, xulqi ham binoyigina. Shaxsan men uning kelajagiga katta umid bog‘laganman. Shu sabab bolalar to‘pidan uni imlab chaqirdim. Dovdirabgina yonimga keldi.
«Zokirboy, - dedim qo‘lidan tutib, - nima u mafiya-pafiya? Unaqa bema’ni gaplarni qo‘ying, bolam. Siz a’lochi o‘quvchisiz-ku, kelajakda olimmi, bilimdon o‘qituvchimi bo‘lasiz, degan umiddamiz».
Orqada shumshayib-shumshayib turgan bolalar piq-piq kula boshlashdi.
Zokir qo‘limdan yulqinib chiqdi.
«Baribir mafiya bo‘laman!»
Shu voqeadan so‘ng biror hafta o‘tar-o‘tmas Zokirning onasi Mohigul, huv, Safarmurod chavandozning qizi maktabga bostirib keldi:
«O‘v, o‘rtoq Qalqonip, nega mening bolamga muallim bo‘lasan dedingiz? O‘g‘lim bechora necha kundan beri qahshab yig‘lab yuribdi».
Men hangu mang qotib qolgan edim. Tilim arang kalimaga aylandi.
«Nega yig‘laydi?! Nima, yomon tilak bildiribmanmi?»
«Jo‘ralari ustidan kulib yurishibdi ekan. Nega unday dedingiz? Bolam kimdan kam, nega u muallim bo‘lar ekan?!
Men jo‘yali bir javob topgunimcha Mohigul qarg‘ana-qarg‘ana xonamdan chiqib ketdi.
Yurak bag‘rim zirqiragancha xiyla vaqt o‘tirib qoldim. Xayollarim alg‘ov dalg‘ov bo‘lib ketdi.
Yo, xudo, o‘qituvchi bo‘lasan deyish haqoratmi?! Nega shunday tabarruk kasbdan or qilishadi? Muallim qachon ularning arpasini xom o‘rdi, qachon birovning oshtobog‘iga qo‘l cho‘zdi? Yo, o‘qituvchi otning kallasiday maosh olib, bular quruq qolishdimi? O‘qituvchi dang‘illama uylar qurib, gijinglagan mashinada yuribdimi? Axir, hamma-hammasi el qatori-ku, yo‘g‘ini yashirib, borini oshirib kun ko‘ryapti-ku?! Yo, xudo, yo, G‘ulomxon pirim, bu qanday nafrat, bu qanday ko‘rgulik?
O‘sha kuni kechgacha idorada biqinib, shunday og‘ir o‘ylarga yem bo‘lib o‘tirdim. Umuman, men maktabdan kech qaytaman. Iloji bo‘lsa, shu yerda yotib qolsam, hovullagan uyimga bormasam, deyman. So‘qqaboshning hayoti shu ekan-da. Qizlarim uy-joyli bo‘lib ketishgan. Kichik qizim qo‘shni. Shu bechora ro‘zg‘orimga  qarab turadi. Nu... baribir rahmatli xotinimning o‘rnini hech kim, hech narsa bosolmas ekan.
Yo‘q, men nolimayman, men yig‘lamayman. Allaqanday sintimental kayfiyat bizga yot. Mingta mohigullar ayuhannos solib, shang‘illab kelishsa-da,  kasbimga bo‘lgan mehrimni so‘ndirolmaydi. Ha, men o‘qituvchiman, muallimman, bu kasbim bilan faxrlanaman! Qolaversa, necha bir mohigullar haqorat deb biladigan, necha bir to‘ralar mensimay qaraydigan xizmatda bo‘lishning o‘zi jasorat-ku?!
Lekin quvonchli kunlarimiz ham ko‘p. O‘qituvchi o‘z mehnatining mevasini ko‘rganda o‘n yoshga yasharadi, balqiydi. «Mehnatning mevasi» deganda, hoynahoy, uch-to‘rt oyda arang qo‘lga yetib keladigan maoshni o‘ylasangiz, adashasiz. Muallim mehnatining mevasi bu – tirishqoq, omadli o‘quvchilar! O‘z o‘quvchisining kamolini, obro‘-e’tiborini ko‘rgan qaysi muallim loqayd qo‘l siltab qo‘ya qoladi? Hech qanday. Men shunday azamat kadrlar bizning maktabdan ham yetishib chiqqanini mamnuniyat bilan qayd etishim mumkin. Masalan, Qorjov polvon. Hozir u Qorjov Chorshanbievich bo‘lib ketgan. Poytaxtda yashaydi. Ba’zi birovlar polvon shaharlik xotinining orqasidan ko‘tarilib ketdi, degan sassiq gap tarqatib yurishibdi. Lekin bu g‘irt yolg‘on. Qorjovjon o‘zi omadli yigit, Xizr ko‘rganlardan. Yana bir faxrli shogirdimiz – Do‘lanov Samad. U ham zo‘r bir ilmiy tekshirish institutida ishlaydi hozir. Qolaversa, Vatan uchun halok bo‘lgan Umrzoqov O‘roq ham bizning maktabda ta’lim olgan. U haqda Ulash agronom shoir doston bitishga chog‘lanib, ba’zi bir sabablarga ko‘ra rejalari barbod bo‘lgan edi. Ulashboyni tanisangiz kerak-a? Ko‘zingiz tushgandir: xumkalla, tikanak soch, yapasqi burun, qop-qora kishi. Huv, a’robiy birodarlarni eslatib yuboradi. U kishi sovxozimizning kichik agronomi, lekin katta shoiri. Men hazillashib «cho‘llik Pushkin» deb atayman. Hozirgi kunda bu ijodkor Qorjov Chorshanbievich hayotidan bir epik asar yozish taraddudida. Xullas, hayot-faoliyati ming bir doston bo‘ladigan shogirdlarimiz talaygina. Yana bir takrorlayman, ular bilan faxrlanamiz, ko‘ringanga maqtanamiz.
Hurmatli tergovchi, endi sizni qiziqtirgan masalaga o‘tsak. Bu yog‘i bir tushga o‘xshaydi.
Roppa-rosa to‘rt oycha avval edi. Uch oylik paxta hasharidan qaytib endigina o‘qishni boshlagan kunlar. Darsga qo‘ng‘iroq chalinib, maktabning ichu tashida shovqin-suron andak bosilgan bir payt.
Men xonamning eshigini lang ochib, o‘z yozuv stolimda ishlab o‘tiribman. Pastki sinflar uchun grammatikadan ko‘rgazma tayyorlayotgan edim. Sinfxonalarda dars o‘tayotgan muallimlarning past-baland tovushlari eshitilib turibdi. Qaybir sinfda musiqa sabog‘i bo‘lsa kerak, rubobning ting‘illagan sasi quloqqa chalinadi. Men ko‘rgazma bilan band bo‘lsam-da, maktabning yo‘lagini hushyor kuzatib turibman. Eshikni ham shuning uchun atay lang ochib qo‘ygan edim. To‘g‘risi, dars payti behuda sang‘ib yurgan o‘quvchiyu o‘qituvchini jinim suymaydi. Shunaqalarga ko‘zim tushsa darrov to‘xtatib so‘rab-surishtiraman, jo‘yali bahonasi bo‘lmasa ozgina koyib, ozgina erkalab darsga kirgizib yuboraman.
Bir payt bo‘sag‘amga bir sharpa ko‘ndalang bo‘ldi. Shartta bosh ko‘tarib qaradim. Qaradimu beixtiyor o‘rnimdan turib ketdim.
«Taftishchi-yov?! – lip etib o‘tdi xayolimdan. Bunday o‘y  kallamga behuda urilmadi. Axir, bo‘sag‘ada baland bo‘yli, kelishgan, yap-yangi, qimmatbaho kostyum-shim, oppoq ko‘ylak kiygan yigit turar edi. Yuz-ko‘zlaridan allanechuk nur yog‘iladi.
- Assalomu alaykum, domla, - dedi u qiroat bilan. – Kirishga mumkinmi?
- Keling, keling...
Ko‘zlarimni notanish yigitdan uzolmay qoldim. Haligi... Hollivudmi-ey, Gollivudmi-ey, degan joylarning kinoartistlariga o‘xshaydi. Ko‘zlari chaqnab turibdi, lablarida nimtabassum. Yoshi nari borsa o‘ttizlarda. Meni xayol qurg‘ur haryoqlarga olib qochadi.
Ishqilib, tinchlik bo‘lsin-da! Kim ekan bu? Chet ellikmi deyman? Bizning ovloq posyolkamizda nima qilib yuribdi? Yo ijaraga joy izlab yurgan tadbirkormikan? Biror kichik korxona ochmoqchidir? Ana, tuman markazidagi qaysidir maktab shunday ishbilarmonlarga o‘quv korpusining bir bo‘lagini ijaraga topshirib maza qilib yurishibdi-ku! Rahbariyat ham o‘shalarni maqtaydi. Xudo bizga ham «ol, qulim» deb, yubordimikan?!
Yigit men ishora qilgan stulga o‘tirib qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi.
- Uzr, domla, bezovta qildim. Siz direktor bo‘lsangiz kerag-a?
Men hayajon bilan bosh irg‘ab, o‘zimni tanishtirdim.
- Men Najot G‘aybullaman, - deya gap boshladi yigit. – Tuman markazidan keldim.
- Xush kelibsiz, xush ko‘rdik.
- Men... – Najot G‘aybulla bir oz kalovlanib yerga qaradi. – Men ish izlab keldim. O‘qituvchiman.
«Fu-u...» – shu lahzadayoq hafsalam pir bo‘ldi-qoldi; es-hushim darrov joyiga qaytib, hadik-hayajonlar tarqadi-ketdi.
- Mutaxassislik qanaqa, uka? – so‘radim rahbarlarga xos sovuqqonlik bilan.
- Jug‘rofiya.
- Ma’lumot oliymi?
- Oliy.
- Ilgari qaerda ishlagansiz?
- Ikki yil poytaxtda ishladim. So‘ng oilaviy sharoitga ko‘ra o‘zimizning tumanga qaytib keldim. Bir yildan oshdi, bekorchiman.
- Nima, markazda ish topolmadingizmi?
- So‘rab-surishtirdim, - Najot G‘aybulla bir zum sarosimalanib qoldi. – Ikki-uch maktabga kirib chiqdim. Jug‘rofiya o‘qituvchisi kerak emas ekan.  Maorif bo‘limidagilar shu yoqqa yuborishdi.
Bilaman, maorifdagilar yigitni behuda bu yoqqa yuborishmagan. Ular bizning bosh og‘riqdan ancha-muncha xabardor. Ko‘pdan beri jug‘rofiya muallimiga  yalchimay yurganimizni juda yaxshi bilishadi. Ilgari bu fandan Rayhon muallima saboq berardi. O‘rta-maxsus ta’limotli bu qizimizning suluvligiyu xulq atvori ham o‘rtagina.  Sovchilarni o‘poq-so‘poq, deya-deya oxiri qari qiz bo‘lib o‘tirib qolgan. Ana shu muallimamizni malaka oshirishga yubordigu undan ayrildik-qoldik. Viloyat markazidan qaytmadi. Birov bilan suyushib qolib ketdi. Ota-onasi imi-jimida to‘y qilib berdi. Shu-shu jug‘rofiya o‘qituvchisiga zor-intizor edik. Mana, nihoyat ko‘nglimizdagi kadr o‘z oyog‘i bilan keldi. Ishqilib, Rayhonning ham bizning ham baxtimiz ochilgani chin bo‘lsin-da, bilimdon yigitga o‘xshaydi.
Shunday o‘ylar bilan Najot G‘aybullaga sinchkov ko‘z tashladim.
- Uylanganmisiz?
- Ha, - qimtinibgina javob berdi yigit. – Yaqinda farzandli bo‘ldik.
Javobdan keyin yengil tortdim. Biroq ich-ichimdan g‘alati bir ishonchsizlik g‘imirlab turar edi. Bu ishonchsizlik Najot G‘aybullaning po‘rim ust-boshiga, kelishgan qaddi-bastiga, iroda va viqor yog‘ilib turgan yuz ko‘ziga tikilib-tikilib qaraganim sayin kuchayar edi. Oxiri, chidayolmay yana so‘radim.
- Chini bilan muallimmisiz, uka?
Najot G‘aybulla kostyumining yon cho‘ntagidan hujjatlarini chiqarib yozuv stolim ustiga qo‘ydi: pasport, diplom, mehnat daftarchasi.
Hujjatlarni bir-bir qo‘lga olib, sinchiklab-sinchiklab ko‘zdan kechirdim. Hammasi risoladagidek. Faqat familiyasi biroz g‘alati tuyuldi: G‘aybulla. G‘aybullaev bo‘lishi kerak edi shekilli? Yo, bu ham yozuvchi-shoirlarga o‘xshab «ov», «ev»-qo‘shimchalardan voz kechdimikan.
- Biz mustaqil millatmiz, - deb qoldi yigit dabdurustdan. Hoynahoy, taajjublanganimni payqab. – Milliy mustaqillik eng avval ism-sharifimizda bo‘lishi kerak.
- To‘g‘ri, - bosh irg‘adim men ham.
Xullas, Najot G‘aybullani ishga olmasligim uchun hech bir asos qolmagan edi.
- Markazdan qatnab ishlamoqchimisiz?
- Hozircha. Keyinroq ko‘ramiz, shu atrofdan biror bir boshpana topilib qolar.
- Agar niyatingiz xolis bo‘lsa, - dedim men uning hujatlarini qo‘liga tutqazib. – Ishga olamiz. Lekin maynavozchilik bilan boshni qotirayotgan bo‘lsangiz...
- Es-hushim joyida, domila, - dedi Najot G‘aybulla allanechuk hayajondan entikib. – Ishoning menga.
- O‘qituvchilikka qattiq qiziqasizmi deyman?
Najot G‘aybulla irg‘ib o‘rnidan turib ketdi.
- Muallimlik jonu dilim. Bolalar orasida bo‘lishni juda-juda yoqtiraman. Ishoning, domla. Mana shu orzu meni bu yoqqa boshlab keldi. Bolalarsiz hayotimni  tasavvur ham qilolmayman. Bolalar mening taqdirim. Ular bilan yuz soatlab shug‘ullansam ham charchamayman. Ishoning, domla.
Yigit hayajon bilan gapirarkan, nazarimda, uning xushbichim yuz-ko‘zidan chindan-da nur yog‘ilayotgandek edi. Balandparvoz gap-so‘zlar ham unga allanechuk yarashib turardi.
Shunday qilib Najot G‘aybullani ishga oldik. Jug‘rofiya o‘qituvchisi. Navbatdan tashqari pedkengash chaqirib yangi muallimni maktab jamoasiga tanishtirdim. Najot G‘aybullani ko‘rgan o‘qituvchilar mendan battar hayratlanishdi. Ko‘rkam yigit esa quvonchdan yal-yal tovlanib,  goh bosh irg‘ab, goh qo‘l berib hamma bilan salomlashib, so‘rashib chiqdi.
Ha, zo‘r kadrli bo‘ldik degan xayolda edim. Najot G‘aybulla bir hafta ichidayoq o‘quvchilarning ko‘ngliga kirdi. O‘qituvchilar jamoasi unga havasmand qarashardi. Yangi muallimni ko‘ringanga maqtab yurardik. Oqibati bunday bo‘lishini qaydan bilibman?! Atigi bir kunda hamma ishning pachavasi chiqdi. Ustiga ustak, xuddi ataylaganday, hujjatlari yana o‘z qo‘liga tushib qolgani-chi? Bunda anavi tarixchi muallimimizning ham aybi bor. Anqov, hovliqma. Mana, endi... qo‘limizda Najot G‘aybullaning hech bir hujjati yo‘q. Aft-basharasini hohlaganingizcha ta’riflab berishim mumkin xolos. Tavba, hammasi  tushdagiday.
Hurmatli tergovchi, bilib turibsiz, bu yerda  mening hech qanday aybim yo‘q. Xolisman. Hamma-hammasini maktab uchun, o‘quvchilar uchun qildim.

*  *  *
(Ulash agronom-shoirning tushuntirish xati)

Uzr, «Portveyn» vinosidan qog‘ozga ikki tomchigina tomib ketdi. Meni tanisangiz kerak-a? Shu sovxozning atoqli shoiriman. Yozganlarimning xatosi bo‘lsa, kechiring, rezinka bilan o‘chiring.  A, qalay?
Hurmatli tergovchi,  bir necha kundan beri maktabimizga qatnab yurganingizdan xabarim bor. Tashrifingizning sabablari ham kaminaga ma’lum. Shu nuqtai nazardan olib qarasam, haqiqat qaror topishiga hissa qo‘shishni o‘z sharafli burchim deb bilaman. Hoynahoy, kaminaning kamtarin qoralamasi bir guruh muttaham muallimlarning tushuntirish xatlari orasiga qanday tushib qolganiga qiziqayotgan bo‘lsangiz kerak. E, sira so‘ramang, bu ham bir tashvish, yuz gramm oqiga chiqimdor bo‘ldik. Ertalab maktabga keldimu Qalqonov muallimga jindek-jindek quyib berib, gapga ovuntirib, yozuv stoli ustiga taxlab qo‘yilgan. Tushuntirish xatlari orasiga o‘zimnikini tiqishtirib qo‘ydim. Es-dardi ichkilikda bo‘lgan direktor sezmay qoldi. Ishonchim komilki, bitiklarim sizning muborak qo‘lingizga yetib boradi.
Hurmatli tergovchi, sizga quyidagilarni bayon qilmoqchiman. Avvalo,  manavi muttaham Qalqonov muallimning diydiyolariga ishonmang. G‘irt ichkilikboz. Necha-necha yillardan beri direktorlik lavozimidan tushmay, maktabni yeb yotibdi. Bunga keragidan ortiq dalillarim bor. O‘zimni ulfat ko‘rsatib ko‘p sirlarini bilib olganman. Qalqonov muallim – xotinboz. To‘g‘rirog‘i, ancha ilgari shunday edi. Uning ishqiy sarguzashtlarga ishqibozligini isbotlash uchun bundan besh-olti yil avval bo‘lib o‘tgan bir voqeani aytib beray. Zero, haqiqat eskirmaydi. (Hurmatli tergovchi, kaminaning qalamiga mansub ushbu hikmatni yon daftarchangizga ko‘chirib olishingizga qarshi emasman).
Xullas,  voqea bunday bo‘lgandi o‘shanda.
Domla ikkovimiz ba’zi bir tashvishlar bilan tuman markaziga otlandik. O‘sha kunlar  markazdan qatnaydigan avtobus dom-daraksiz edi. Kutish befoyda. Domla, davay, katta trassagacha piyoda boramiz, u yerdan biror bir ko‘likka ilashib ketamiz, deb qoldi. Jo‘nadik sekin-sekin, gurunglashi-ib. Katta yo‘lga yetay-etay deganimizda oldimizdan bir ayol chiqib qolsa bo‘ladimi?! Ana ayolu mana ayol! Uning ta’rifini faqat shoirlargina keltira oladi: sap-sariq sochlari shaloladay quyilgan, ko‘m-ko‘k ko‘zlar, qalam qoshlar horg‘in-horg‘in uyulgan. Ko‘ylagi ko‘ylakmas bir parcha latta, kesib tashlangan tizzadan shartta, oppoq bilak, oppoq boldirlar, yuraklarga qutqu soldilar...
Xullas, ayol «privet» dedi bizga jilmayib. Qo‘lida katta bir sumka. So‘ng yana ruschalab bu yerdan geologlar ko‘nalg‘asiga qanday berish mumkin, deb so‘radi. Tushinib turibman. Lekin til qurg‘ur hech aylanmaydi-da, armiya xizmatida ham bir batolyon o‘zbek edik, rus tili ko‘p kerak bo‘lmagan-da. Ana, endi xo‘p zaril-da! Qani endi bulbuligo‘yo bo‘lib ketsang! Shu payt yonginamda rus tili o‘qituvchisi qaqqayib turgani lop etib esimga tushib qoldi. O‘rtoq Qalqonovning biqiniga sekin turtdim, «domilla, ikki, ikki og‘ir bir nima  devoring», deb shipshidim. «Nima, senga bu yer sinfxonami», deb to‘ng‘illab berdi domla, qarangki, uning ham rangi oqarib ketgan.  Lekin bez bo‘lib, jim turish  ham mumkin emas. Anovi suluv jilmayibgina javob kutyapti. Oxiri Qalqonov ham tirjayib «privet» dedi. So‘ng qo‘llarini goh geologlar tomon, goh posyolka yoqqa paxsa qilib, silkita-silkita, og‘zidan tupik sachratib, tegirmonday guldirab o‘ziga ruschalab allambalolar deya ketdi. Haligi juvon esa andak cho‘chib, andak ajablanib domlaning og‘ziga angrayib turar edi. Bir payt domla gapini tugatar-tugatmas, «teper, po russki obesni, pojaluysta», deb qolsa bo‘ladimi?! Qalqonov og‘zini kappa-kappa ochib qoldi. Bechora najot izlab menga tikildi. Uyalmasin deb gapni to‘g‘riladim, «domla qo‘yavering, o‘zi go‘zal bo‘lsayam, qulog‘i kar ekan», dedim. Haligi ayol gapimni eshitib turgan ekan, qah-qah urib kulib yuborsa bo‘ladimi?! «Ve-ey, bilasizmi o‘zbekcha, gapiring o‘zbekcha», deb qoldi-ya bir mahal! Qurg‘ur, tilimizda bulbulday sayrar ekan. So‘ng hammasi ma’lum bo‘ldi.
Ma’lumki, trassa yoqasidan qaraganda geologlar posyolkamiz tubida joylashganday ko‘rinadi. Domlani ancha-muncha qiynab qo‘ygan anavi ayol ham avtobus derazasidan qarab kela-kela, posyolkamiz biqinidagi uzun-uzun temir qurilmalarni ko‘rib, yetib keldim, deb o‘ylab, posyolka muyulishida avtobusdan tushib qolibdi. Avtobusda birortasidan so‘ramabdi ham. Qarasa, posyolka ham, geologlar qo‘nalg‘asi ham juda-juda olis, adashdim, deb qo‘rqibdi. Shu payt posyolka yo‘lida biz ko‘rinib  qolganmiz. To‘g‘risi, qurg‘ur, sho‘x-shaddodgina ekan! Aytganlari chinmi, yo shunchaki hazilmi bilmadim. Xullas, shosha-pisha bizga peshvoz yurgan. Qarasa, ikki yo‘lovchi ham tuppa-tuzuk kiyingan, hatto, birining qo‘ltig‘ida  qalin charm papka ham bor. «Sizlarni geolog qidiruvda ishlovchi chet elliklardan, deb sevinib ketdim» dedi ayol. Qurg‘ur, domlani koreysga o‘xshatibdi, kaminani esa... ha, mayli buning ahamiyati yo‘q. Xullas, o‘shanda Qalqonov muallim haligi ayolni yetaklab, o‘z ishini ham unutib geologlar yoqqa yo‘l oldi. Shu-shu o‘sha taraf kunaro qatnaydigan odat chiqardi. Bu haqda posyolkamizda xiyla shov-shuv bo‘ldi. Hatto, ularning Kengsoy dashtida achomlashib yurishganini ko‘rganlar bor.
Mana, sizga isbot. Mana, xotinboz maktab direktorining haqiqiy basharasi. U hozir ham qarib quyilmaganlardan. Sezaman-da...
Men sizga aytsam, hurmatli tergovchi, ushbu maktab jamoasining hammasi ham bir go‘r. Barchasi ma’naviy buzuq, poraxo‘r. Masalan, maktab ilmiy mudiri Norxol Xushbaqovani olaylik. Anavi yuzida «indiyskiy» xoli bor, do‘mboqqina ayol-da, taniysiz-a? Eri ikki yil avval Rossiyaga ketib qolgan. «Tirikchilik qursin, xo‘jayinim pul topish dardida sarsongarchilikni bo‘yniga oldi», degan gap qilib yuribdi Norguloy. Aslida-chi, eri undan bezib ketgan. Endi qaytmaydi, aytishlaricha o‘sha yoqda bir go‘zalga uylanib olgan emish. Hammasiga shu ilmiy mudirning o‘zi sababchi. Har xil majlislarni bahona qilib markazga kunora qatnaydi, uyiga kech qaytadi. Yosh boshiga behuda ilmiy mudira bo‘lib qolmagan bu, bilaman-da.
Masalan, direktor o‘rinbosari Boymurod serriga nazar tashlaylik. Xudo sal kam ikki metrlik bo‘y bergan, hunar-punar degan narsalardan ham qismagan, lekin aynan muallimlik uquvini bermagan-da. Lekin bu kishim o‘qituvchilar. Algebra, fizika kabi eng jiddiy fanlarni egallab olgan. Davlatning oyligini qurtdek sanab olib yotibdi.
Umuman, hurmatli tergovchi, maktabda nosog‘lom muhit bor. Qalqonov, Norxol, Boymurodlar o‘zaro jinoiy guruh. O‘qituvchi kadrlar yetishmaydi, degan bahona ostida dars soatlarini bo‘lib olishgan. Hali ona suti og‘zidan ketmagan, qay go‘rdagi kollej-mollejni amal-taqal bilan bitirib kelgan qizlarni ham ishga qabul qilgan. Hammasi shu uchchovining qarindoshi, hammasi ko‘rsavod.
Domla Xurramovich haqida hech narsa deyolmayman. U anaqa... maxsus idoralarning xufyona xizmatida. Qo‘rqaman. Uni taniysiz-a: yoshi ellikdan hatlab o‘tgan, sochlari menikidek siyrak, qirovtus. Vaziyatga qarab goho shlyapa, goho do‘ppi kiyadi va lek hech qachon yalangbosh yurmaydi. Hoynahoy, bor-yo‘g‘ es-aqli bosh kiyimida, esam garangsib qoladi. Ko‘zlari targ‘il. Rangi uniqqan yoqalaridan qop-qora galstugi hech yechilmaydi. O‘lsayam bir kun shu bo‘yinboqqa osilib o‘lishni niyat qilgan,  shekilli. Biroq domla hozircha dadil, hayotga hushyor qaraydi. Salomat bo‘lsinlar.
Anchagina aljirab yubordim-ov,o‘rtoq tergovchi. Lekin meni mast deb o‘ylamang. Ilhom uchun ahyon-ahyon, qittak-qittak olishimni hisoblamasak, mutlaqo ichmayman. Shu sabab yozganlarimni diqqat qilishingizni eltimos qilaman.
Xo‘sh-sh, ustiga-ustak maktabda darsliklar yetishmaydi. Umuman, yo‘q desam ham xato qilmayman. Bu ko‘rguliklarning boshida sovxozimiz direktori Chinor Toshtemirovich turishini sizga ro‘y-rost aytmoqchiman. (Uzr, tag‘in uch-to‘rt tomchi vino qog‘ozga tomib ketdi,  ming bor uzr)  Chinor  Toshtemirovich – mutloq hokim, lekin qo‘rqoq, kazzob odam. Qo‘rqoq odam yovuz bo‘ladi! ((Kaminaning qalamiga mansub ushbu hikmatni ham ko‘chirib olishingizga roziman). Chinor Toshtemirovich shunchaki zolim, johil. O‘z hukmidagi eldan qo‘rqadi, kirdikorlari bir kun ochilib qolishidan cho‘chiydi. Shu sabab hech kimni ko‘z ochirgani qo‘ymaydi. Gapga yetarman, kallali odamlarni badnom qiladi, qamatadi, kerak bo‘lsa, o‘ldirib yuborishdan ham toymaydi. Chunonchi, Umrzoqov O‘roq askarlik payti odam yollab uni saranjomlatgan. Chunki O‘roqboy katta institut talabasi, oq-qorani ajrata boshlagan zukko yigit edi. Afsus, oramizdan erta ketdi. (O‘rtoq tergovchi, qahramon o‘g‘lonimizning pok xotirasi uchun jindek ho‘plab yuborsam... Mana, sizning nomingizdan ham yana qittak).
Xo‘sh-sh, mana shu battol rahbar darslik kitoblar keltirishga imi-jimida qarshilik qiladi. Bolalarning o‘qimishli,  zukko bo‘lib ketishini istamaydi. Bir kun kelib yoshlar sovxoz rahbarligiga da’vogar bo‘lmasin, deydi-da. Shuning uchun maktabni qattiq nazoratda saqlaydi. Yuqorining buyrug‘i degan bahona ostida bolalarni paxta terishga haydab chiqadi. Bolalar ikki-uch oylab dalalarda qolib ketadi, maktab beti ko‘rmaydi. Muallimlarni atay ovora qilib qo‘yadi. G‘ing deganning boshiga malomat yog‘averadi. Qalqonov muallimga o‘xshaganlar esa och qornim tinch qulog‘im qabilida ish yuritadi. Shuning kasridan o‘quv ishlari o‘rta sarson. Ana shunday payt Najot G‘aybullaga o‘xshaganlarning kuni tug‘adi. Jamoa orasiga suqilib kirib bilgan noma’qulchiligini qiladi. O‘rtoq tergovchi, Qalqonov va uning hamtovoqlari albatta sizga o‘zlarini oppoq ko‘rsatib yozib berishlari tayin. Ammo men garantiya berib aytamanki, ishkal ishga shular yuz foiz aybdor. Masalan, Qalqonov muallim Najot G‘aybullani pora evaziga ishga joylagan. Isbot shulki, notanish yigit paydo  bo‘lgan kunning eratsiga quvonch bilan shataloq otib ketayotgan Qalqonovni uchratib qoldim. «Ulashvoy, yuring, bi-ir eriyman, kecha zo‘r o‘qituvchili bo‘ldik», dedi. Holbuki, qaysi kundir cho‘ntagida xemiri yo‘qligidan, kimdan qarz undirishini bilmay, garangsib yurgan edi. Endi esa erimoqchi! Demak, qaydandir tushim tushgan. Neajabki, Najot G‘aybulla himmat qilgan bo‘lsa?!
 Najot G‘aybulla deganlari baloiazim ekan. To‘g‘risi,  uni ko‘rib mening ham og‘zim ochilib qoldi. Po‘rim ust-boshi, viqorli yurish-turishi qoyil qoldirdi. Markazdan maktabga yap-yangi «Neksiya»da qatnashiga nima deysiz? Zarraning zarrasicha bizning muallimlarga o‘xshamaydi.
Hatto posyolka eli ham yangi o‘qituvchini tomosha qilgani har xil bahonalar bilan maktab tevaragida o‘ralashadigan bo‘lib qoldi. Maktab jamoasini-ku, qo‘yavering. Muallimchalar pardoz-andozdan bo‘shamay qolishdi, u yon o‘tsa ham, bu yon o‘tsa ham «Najot aka, Najot aka»lab entikishadi. Duppa-durust o‘qituvchilarimiz ham onasi ortidan atak-chechak odimlashni o‘rganayotgan bo‘taloqlardek Najot G‘aybullaga taqlid qilishga tushishdi. Ammo yo‘l bo‘lsin! Cho‘ntagida tilla chervon o‘ynayotgan kishigina yangi muallimga taqlid qilsa arziydi.
Men emotsiyaga berilmaydigan, voqealarni xolis, sovuqqon tahlil qiladigan odamman. Shu sabab yangi o‘qituvchiga boshqalardek angraygan ko‘yi qolib ketmadim. Najot G‘aybullani obdon kuzatib u haqda o‘zimga xulosalar yasadim.
Najot G‘aybulla qandaydir boyvachchaning to‘qlikka sho‘xlik qilib yurgan arzandasi. Avantyurist. Bunaqalarni kino va romanlarda ko‘p uchratamiz. Ular ota-onalarining boyliklariga qanoat qilmay har xil sarguzashtlar ishtiyoqida yurishadi. Najot G‘aybulla ham xuddi shunday. Muallimlikka ko‘ngilchalari sust ketgan. Shu yo‘l bilan yosh o‘quvchi qizlarning bokira yuragini zabt etib, ishqiy maynavozchiliklar qilmoqchi bo‘lgan.
Mana, naqadar to‘g‘ri  xulosaga kelganimni hayotning o‘zi ko‘rsatdi! Yaxshiyam katta falokatlarning oldi o‘z vaqtida olib qolindi.
Hurmatli tergovchi, kaminai kamtarinning bitiklari sizga asqotib qolsa g‘oyat mamnun bo‘lardim. Gaplarim tuhmatu bo‘xtondan, yolg‘on-yashikdan xoli. Es-hushim o‘zimda. Ko‘zim tinib boshim aylanayotgani, qo‘limning qaltirashi hayajonning zo‘ridan, xolos. Boshqa xayollarga bormang tag‘in. Mabodo zarurat chiqsa bemalol chaqirtiring. Kamina uchib borajak. Sizning chorlashingizga umid bog‘lab hozircha yozganlarimga imzo chekmay turaman. Uzr.
Darvoqe, ikki og‘iz o‘pka-gina qilishga ruxsat bersangiz. Men bundan xiyla ilgari maktabimiz muallimlari Norxol va Boymurodning g‘ayri axloqiy sarguzashtlari haqida idorangizga to‘rt enlik xat tashlagan edim. Negadir hanuz-hanuz javob bo‘lmadi. Anovi o‘qituvchilar so‘roq-tergovga tortilmadi. Yo fursat topolmadilaringizmi? Mana, o‘z oyog‘ingiz bilan maktabimizga kelib qolibsiz, balki ushbu dolzarb masala yuzasidan ham tekshiruv o‘tkazarsiz? Umidlarim katta. Qimmatli vaqtingizni o‘g‘irlaganim uchun yana bir karra uzr so‘rayman.

*  *  *

(Maktab ilmiy mudirasi Norxol Xushboqavaning tushuntirish xati)
Uf-f, bir kamim tushuntirish xati yozish edi. Xo‘sh, nimani tushuntiray? Hali o‘zimga ham tushunuksiz, chigal turmushim, kasbi-korim haqida nima ham deyishim mumkin? Bir paytlar otam rahmatlik pedinstitut qoshiga yetaklab borib, «Qizim, muallimchilikka o‘qiy qol, ayollar bop ish, to‘rtta bolani aldab yuraverasan», degan edi. Afsuski, to‘rtta o‘quvchini aldash» bilan ish bitmas ekan. Mana, yozuv stolim ustida uyum-uyum yumush kutib yotibdi: darslar taqsimotini qayta ko‘rib, jadvalni o‘zgartirishim kerak, tuman hokimiyatiga, maorif bo‘limiga alohida-alohida hisobot tayyorlashim zarur. Hisobotda o‘tgan chorak yakunlari, yangisining rejalari ikr-chikrlarigacha aks etishi talab etilgan. Bundan tashqari, shu oy ichida qabul qilingan hukumat Qarorlari asosida devoriy gazeta tayyorlab maktab zaliga osishim kerak. (Iloji bo‘lsa yoniga o‘zimniyam) Bular bugundan qoldirmay qilishim zarur bo‘lgan yumushlar. Ertaga yana qancha qog‘ozbozliklar kutayotganini aytsam,  ruchkamning siyohi tugab, qog‘ozlarim ado bo‘ladi.
Yo‘q, men tushuntirishim xati yozmayman. Dabdurustdan shunday  qarorga  keldim. Shoir aytganday, yuragimni yulib shundoqqina qog‘oz ustiga qo‘ya qolaman. «Maktabning obro‘sini o‘ylanglar,  o‘zlaringni ehtiyot qilinglar», deb ustoz Qalqonov necha-necha marta tayinlagan bo‘lsalar-da, baribir ko‘nglimdagini yozmasam chidayolmayman.
Ustiga-ustak, hurmatli tergovchi, o‘zingiz meni bir chekkaga tortib: «Xushboqova, ustingizdan shikoyat xati tushgan» dedingiz. Shikoyat mazmuni bilan qisqacha tanishtirdingiz. A’zoi badanim muzlab  ketdi. Siz ahvolimni payqab, o‘zingizcha yupatgan bo‘ldingiz, ammo yumshoqlik bilan qo‘shib qo‘ydingiz: «Uzr, shu masala xususida ham alohida tushuntirish yozib bering».
Yo‘q! Bunaqa masalalar yuzasidan alohida hech narsa deyolmayman. Shu yozganlarim yetarli bo‘lar, hoynahoy.
Najot G‘aybulla ishga qabul qilingach, bir hafta ichidayoq maktabni sehr-joduga ko‘mib tashlaganday bo‘ldi.
Ustida hamisha oppoq ko‘ylagu qop-qora kostyum, guldor galstuk. Quyuq sochlari yuvib, orastalangan. Yuzlarida viqor, lablarida nimatabassum. Avval boshida o‘qituvchilarimiz Najot G‘aybullaga nopisand, masxaraomuz muomalada bo‘ldilar. «Xuddi to‘yga kelganday kiyinishini-chi» deyishardi ensalari qotib. Keyinchalik hamma-hammalari yangi muallimga qiziqsinib-qiziqsinib, andak hasadu andak havas, andak quruv va andak hayrat bilan qarashadigan bo‘lishdi.
Najot G‘aybulla darslarga o‘z vaqtida yetib kelar edi. U ichkari kirayotgan chog‘, nazarimda, «O‘qituvchilar xona»sining yog‘sirab qolgan eshigi odatdagidek ayanchli g‘iyqillamas, u qadam bosgan payt, eski pol odatdagidek g‘ichirlamas edi.
- Assalomu alaykum!
Najot G‘aybullaning qiroatli salomi davlat madhiyasiday jaranglaganidanmi xonadagi o‘qituvchilar beixtiyor o‘rinlaridan qo‘zg‘alib, qo‘l berib ko‘rishishga chog‘lanishardi. Najot G‘aybulla go‘yo yo‘qsillarga ehson ulashganday, har bir hamkasabaning ilkini ehtirom bilan bir-bir ushlab, samimiy so‘rashib chiqar, so‘ng ustidagi qimmatbaho, charm kamzulini  burchakdagi ilgakka ilardiyu ko‘zgu yonida apil-tapil sochlarini tarab,  u yoq-bu yoqni sarishtalab olardi. Uzundan uzoq  teleserialni hormay-tolmay muhokama qilayotgan o‘qituvchilarning o‘z-o‘zidan sasi uchib, goh oshkora, goh pinhona yangi muallimni kuzatishar, go‘yoki qiziqarli, hayajonli tomoshaning galdagi qismi shundoqqina ko‘z o‘nglarida davom etar edi.
Bir kuni Najot G‘aybulla darsga ancha kechikib qoldi. U saboq berishi kerak bo‘lgan sinf bolalari odatdagidek qiy-chuv ko‘tarmay sinfxona eshigidan umidvor-umidvor qarab qo‘yishar edi. Qalqonov muallim ham bezovtalanib maktab hovlisiga chiqdi. Men yangi muallimni boplab koyishga bahona topilganidan xursand. Bir payt Najot G‘aybulla o‘z «Neksiya»sida to‘ppa-to‘g‘ri hovliga kirib keldi.
- Kechirasizlar, kechikib ketdim, - dedi u mashinasidan shosha-pisha tushib.
Endigina achchiq-tiziq gaplarga og‘iz juftlagan maktab direktori hangu mang qoldi. Uning ko‘zi tuyqus mashina saloniga  dasta-dasta taxlangan kitoblarga tushgan edi.
- Nima opkeldingiz? – so‘radi u arang.
Najot G‘aybulla kulib mashina  bagajini ham ochib yubordi. Bagaj ham liq to‘la edi.
- Darsliklar, ustoz, - dedi yangi muallim mamnun. – Hammasi o‘zimizga.
Men  o‘qituvchini betoqat kutayotgan bolalardan uch-to‘rttasini hovliqqancha hovliga boshlab chiqdim.
Qalqonov muallim ham hayajondan, ham hadikdan entikib dedi:
- Bularni hozircha mening xonamga kirgizaylik. Keyin... keyin gaplashamiz.
Direktorning kabineti kitobga to‘lib ketdi.
Najot G‘aybulla o‘quvchilar izidan sinfxonaga oshiqarkan  shosha-pisha tushuntirgan bo‘ldi.
- Viloyat markazidan opkeldim. Shunaqa maxsus fond bor.
Direktor ikkimiz goh bir-birimizga, goh uyum-uyum kitoblarga tikilgancha qolaverdik. Ikkovimiz ham taajjubdan tang qotganmiz.
- Qiziq, - deb g‘udrandi Qalqonov muallim. – Qanaqa maxsus fond? Hech eshitmagan ekanman, yo, sening xabaring bormi, Norxol?
Men ham bosh chayqab yelka qisdim. O‘quv yili boshida tuman maorif bo‘limidagilar har bir sinf uchun atigi besh-oltita darslik va besh-olti og‘iz po‘pisa bergandi: «Ulushlaring shu. G‘ing –shing bilan shikoyat qilib yurganlaringni eshitmaylik. Fond tamom. Qolganini bozor-mozordan sotib olasizlar».
Biz ikki o‘t orasida qoldik. Xo‘sh, erta-indin muqarrar keladigan taftishchilar, «Darsliklarni qaydan oldinglar» deb so‘rashsa nima deb javob beramiz.
Tanaffus payti Najot G‘aybullani direktor ikkovimiz yana o‘rtaga oldik. Men o‘tib-qaytayotgan o‘qituvchilarning kitoblarga  ko‘zi tushmasligi uchun eshikni zichlab yopib qo‘ydim.
- To‘g‘risini ayt, bolam. Qaerdan opkelding bularni? – deb so‘radi Qalqonov muallim.
Najot G‘aybulla xotirjamlik bilan o‘sha gaplarini qaytardi.
- Aytdim-ku...
- Tuman rahbariyatidan birov-yarim so‘rab qolsa, bunday deyolmaymiz.
- Nega, ustoz? Bolalar darslikli bo‘lganini eshitib xursand bo‘lishadi-ku?
- Yo‘-o‘q... Boshimizda yong‘oq chaqishadi. Viloyatga arz qilib borgansanlar, deyishadi.
Men ham o‘zimcha fikr bildirgan bo‘ldim.
- Yaxshisi, pul yig‘ib bozordan opkeldik deymiz.
- Yo‘q, - direktor jahl bilan yozuv stoliga mushtladi. – Bo‘lmaydi. Har bir o‘quvchi, har bir muallimga qanday tushuntirib chiqasan buni? Birortasi og‘zidan gullab qo‘ysa, tamom.
Najot G‘aybulla gunohkorona tarzda  kitoblarga termulib o‘tirardi.
- Birorta tadbirkor hadya qildi degan qog‘oz to‘g‘rilasak-chi? -  dedi Qalqonov muallim chehrasi andak yorishib. U qisiq ko‘zlarini pirpiratib bir menga bir yangi muallimga tikildi.
Oxiri shu qarorga keldik. O‘sha kuniyoq katta tanaffus payti o‘qituvchilar o‘rtasida savobtalab bir tadbirkor maktabimiz uchun darslik kitoblar hadya etgani haqida gapirdim.
- Eh, otasiga rahmat, -  deb yubordi Eshbolta aka, keksa boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi. – Bolajonlar juda qiynalib yurgandi-da.
Tag‘in bir boshlang‘ich sinf muallimasi – Nozima  chinqirib o‘rnidan turib ketdi.
- Darsliklar?! Endi darsliklar bo‘yicha o‘qitamizmi?
- E, chinqirma-e, - deya jerikdi uni Boymurod aka. – Nima, haliyam oynaga qarab-qarab o‘qitmoqchimisan?
Bopladi. Men Boymurod akaga minnatdorona bosh irg‘adim. U kishi jilmayib qo‘ydi. To‘g‘risi, shu qiz menga ham sira yoqmaydi. Balki ilmiy mudirga bunaqa gap nojoizdir. Lekin baribir ko‘ngilga buyruq berib bo‘lmaydi-da!
Uning semiz,  dum-dumaloq bichimiga qarasam nafasim bo‘g‘ilib ketaveradi.
Nozima bundan atigi ikki yilcha  ilgari shu maktabni arang bitirib ketgan edi. Onasi tilli-jag‘li, shatta ayol. Bizda farrosh. U yoqqa chopdi, bu yoqqa chopdi, oxiri qizini  allaqaerdagi pedkollejga o‘qishga kiritdi. So‘ng yana zir-zir yugurib, goh hokimiyatga, goh prokuraturaga arz qila-qila Nozimani tag‘in qo‘limizga eson-omon topshirdi. Boshlang‘ich sinf muallimaligini berishga majbur bo‘ldik. Men bir gal onasiga alam bilan yuzlanib: «Nozim g‘irt savodsiz-ku? Bolalarning uvoliga qolasiz-a?!» dedim.
Farrosh ayol pinagini ham buzmadi: «Yaxshi-da, qayta o‘qib oladi, o‘rgilay...»
Xullas o‘sha katta tanaffus payti tadbirkorning hadyasi tuzukkina muhokama qilindi. Faqatgina domla Xurramovich gap-so‘zlarga aralashmay, tirishgan basharasi battar tirishib Najot G‘aybullani sinchkov-sinchkov kuzatib o‘tirardi. O‘qituvchilarning ko‘pisi darsliklarga yalchib qolganimizdan quvonib,  noma’lum saxovatpeshani astoydil alqashdi.
- Qurumsoqqina boyvachcha ekan-da, -  dedi kimyo muallimimiz Salimaxon muhokamaga yakun yasarkan. – Pulginasini qo‘limizga berib qo‘ysa, o‘zimiz olardik-da shu kitob-pitobni.
Salimaxon kuyinchak, talabchan muallimayu lekin «kimyo» deganda ko‘pincha soch-tirnoq bo‘yashni tushinishi chatoq. (Ayol-da) Bilimi ham yomon emas. Poytaxtda o‘qigan, qip-qizil diplom egasi.  Ba’zi bir maqtanishlariga qaraganda, amaliyotni «Go‘zallik salon»larida o‘tagan. Eng yomoni, ish yuzasidan ozgina koyisak, Salimaxon darrov maorif mudiriga yugurib boradi. Shu bois faol, intiluvchan muallima sifatida rahbariyat ham uni juda yaxshi tanishadi.
Xullas, hadya darsliklar shu kuniyoq o‘quvchilarga imi-jimida tarqatildi. Saboqlardan bo‘shanqiligi kitob yo‘qligini bahona qilib yurgan bolalarning peshonalari tirishib ketdi.
Biroq kitob to‘la mashinani ko‘rganimizdayoq ichimizga kirib olgan vahima baribir bizni tark etmadi Direktor ham men ham go‘yoki igna ustida yurardik.  Xayollarimiz besaranjom. Yo‘q, behuda aziyat chekkan ekanmiz. O‘sha hafta tuman markazidan kelgan taftishchilar  to‘pi tuyqus o‘quvchilar qo‘lida paydo bo‘lib qolgan darsliklarga e’tibor ham bermadi. Xavotirdan terlab turgan Qalqonov muallim bekordan-bekor uch shisha aroqqa uch kosa sho‘rvaga chiqimdor bo‘ldi. Darsliklarning qaydan, qanday paydo bo‘lgani esa jumboqligicha qolaverdi. Direktorni bilmadimu men shu siru sinoat haqida tinimsiz o‘ylardim. Ikki-uch marta Najot G‘aybullani chekkaga tortib goh jiddiy, goh hazil-huzl bilan so‘rab-surishtirishlarim ham hech naf bermadi. Yangi muallim o‘ziga yarashiqli hamishagi tabassumlar bilan tag‘in o‘sha gapida turib oldi: «Viloyatdagi maxsus fonddan keltirdim...»
Yo‘q,  darsliklardan so‘ng ham «maxsus fond» mashmashasi hali tugamagan ekan!
Najot G‘aybulla bir kuni bahaybat televizor, allambalo video ashqol-dashqollar keltirdi. Bungacha ham u  jug‘rofiya kabinetini misoli muzey yasantirgan, jihozlagan edi. Devorlarda turli-tuman xaritayu ko‘rgazmali plakatlar. Stol ustida selitraga bo‘kkan ulkan tarvuzday globus. Har bir partada ikkitadan semiz, rangli kitob. Kitobni varaqlasangiz dunyoning bu chekkasidan kirib narigi tarafidan chiqasiz. Xonaning u yer-bu yeriga ulkan kema va samolyot maketi qo‘yilganki, go‘yo shu transportlarda sayohatga chog‘langandek his qilasiz o‘zingizni.
Mana, shuncha sehru jodusi yetishmaganday Najot G‘aybulla tag‘in hammamizni hangu mang qoldirib teleapparaturalar keltirdi. U g‘aroyibotlarini jug‘rofiya kabinetiga joylashtirarkan hayajonu quvonchdan entikardi.
- Hammasi bolalarga! Ana endi dars-darsday bo‘ladi-da.
«Dars-darsday bo‘larkanmi?! – o‘ylardim men gangib.- Shu paytgacha uning darslari qanaqa edi?».
Biz – maktab rahbariyati yangi muallim ishga kelgandan beri uning saboqlarini tez-tez kuzatib turardik. Bir gal o‘zim rasmiy tekshiruvchi sifatida sinfxonaga kirib orqa partaga joylashdim.
O‘quvchilar o‘z o‘rinlarida uchishga shaylangan qushlardek sergak o‘tirishibdi. Hamma Najot G‘aybullaga hurmatu e’zoz bilan tikilgan. Sinfxonada pashsha uchsa bilinadi.
- Tinch okeani dunyodagi eng katta ummon.
Najot G‘aybulla qo‘lidagi sinf jurnaliyu kitob-daftarlarini stol ustiga qo‘yar-qo‘ymas dabdurustdan, tomdan tarasha tushganday dars boshlab yubordi.
Odatda biz o‘qituvchilar sinfxonaga kirgach, o‘n-o‘n besh daqiqa g‘ala-g‘ovur, pichir-pichirlarni tinchitish bilan ovora bo‘lamiz. So‘ng sinf jurnalini ochib uzundan-uzun yo‘qlama ichida xiyla vaqt yo‘qolib ketamiz. Keyin o‘tgan saboq yuzasidan so‘roq-tergov boshlanadi. Tayin gapki, dars tayyorlamay kelgan o‘quvchi uncha-muncha partizandan battar miq etmay turaveradi. Xunob bo‘lib uni koyib-jerkamiz. Ikki-uch shunaqa qaysarlar bilan olishuvdan so‘ng o‘zimizning tinkamiz qurib, asablarimiz qaqshaydi. Buyog‘i tanaffusga yaqin. Shosha-pisha yangi darsni boshlaymiz. O‘quvchilarning beadoq shivir-shivir, pichir-pichiriga qorishtirib konspekt qilib kelganlarimizni amal-taqal bilan aytib beramiz.
- Tinch okeani dunyodagi eng katta ummon!
Najot G‘aybullaning  sokin, sohir ovozi sinfxona bo‘ylab sirli-sirli kezinadi. Hammayoq tinch ummoniga g‘arq bo‘lganday jim-jit. Yangi muallim ahyon-ahyon doskaga zarur raqamu atamalarni yozib qo‘yadi, goh stol ustidagi globusning kerakli nuqtalariga ishora qiladi. O‘quvchilar allaqachon sinfxonadan «uchib» ketishgan. Ular ustozlariga qo‘shilib olis-olis orollarda, suv dunyosining g‘aroyibotlari ichida sayr etib yurishibdi.
Qo‘qqis tanaffusga qo‘ng‘iroq chalindi. Qo‘ng‘iroqning beayov chinqirig‘i hamma-hammani olis cho‘l posyolkasining ovloq qo‘yniga yana qaytarib keldi. Shundagina men ham o‘quvchilar safida ekanimni payqab qoldim. Hatto quloqlarim ostida xiyla vaqt palma daraxti shovullab turdi, ummon suvining sho‘r ta’mi tomoqlarimni kuydirib o‘tganday bo‘ldi. Bunaqa achchiq ta’m odatda ich-ichimdan o‘ksib yig‘laganim chog‘ paydo bo‘ladi.
Nahotki men o‘ksidim?Nega?! Yangi muallimday dars berolmasligimni anglab yetdimmi?
Tekshiruvdan dilgir va asabiy kayfiyatda chiqdim. Qalqonov muallim darrov huzuriga chorladi.
- Qalay?
- Yomon.
- Nega?
- Rostdanam dars o‘tarkan.
Qalqonov muallim yerga qaradi. Men deraza ortida yastangan tip-tiniq osmonga tikildim.
- Xafa bo‘lma, - deb gap boshladi direktor chuqur bir tin olgach. - Sizlar ham yaxshi muallim. Baholi qudrat o‘qityapsizlar-ku?
- Bu boshqacha-da.
- Najotning sharoiti tuzuk shekilli. Ko‘rib turibmiz, moddiy jihatdan ham baquvvat. Bunaqa bo‘lgandan keyin faqat darsni o‘ylaydi-da. O‘z ustida ishlaydi. Sizlar ham...
Qalqonov muallim gapini ichiga yutib yana yerga aybdorlarcha tikildi.
Men tomoqlarimda tag‘in dengiz sho‘rini tuydimu beixtiyor tashqariga otildim.
Shunday qilib, Najot G‘aybullaning tele-apparaturalari yana bizni tahlikaga tashladi. Goh direktor, goh men yangi muallimni so‘roqqa tutdik.
- Qaerdan oldingiz bunaqa qimmat narsalarni?
Javob yana odatdagiday bo‘ldi:
- Viloyat markazidan. Maxsus fond.
- O‘v-v... - Qo‘qqis paydo bo‘lgan domla Xurramovich tergovga aralashdi. Sen bola nega maynavozchilik qilyapsan? Qanaqa maxsus fond? – azbaroyi jahldan Hurrmovichning sariq qoplamali tishlari orasidan tupuk sachradi. –  Xat-pati  bormi bu matohlarning?
Najot G‘aybulla xotirjam kuldi.
- Ustozlar, kechirasizlaru... lekin g‘irt dunyo bexabar ekansizlar. U yerda hech qanaqa qog‘ozbozlik  yo‘q. Shunday borasizu maktab nomidan ariza berasiz. Ular darrov kompyuter orqali tekshirishadi. Rostdanam maktabimizga shu narsalar berilmagani aniqlansa, tamom. Uzr so‘rashib, ikki soat ichida arizangizni ijobiy hal qilib beradi.  Kerakli hujjatlarni o‘zlari to‘g‘rilab qo‘yishaveradi. Ular o‘qituvchilarning  vaqtini o‘g‘irlab,  sarson qilib qo‘yishni jinoyat deb hisoblashadi.
- Tekshiramiz hali, - deb to‘ng‘illadi domla Xurramovich chiqib ketarkan. - Ertak-cho‘pchagingni katta xolangga ayt.
Qalqonov muallim botinolmaygina dedi:
- U yoqlarga borishdan avval sal-pal maslahat qiling-da.
Najot G‘aybulla bosh chayqay-chayqay jilmayib darsga ketdi.
Direktor va men yana bir-birimizga taajjub bilan tikildik.
- Chinmikin-a?..
- Bilmadim...
- Chinga o‘xshaydi, - Qalqonov muallim ko‘pni ko‘rgan qariyalarga xos mulohaza qila boshladi. – O‘z puliga sotib olib kelsa darrov ko‘kragiga urardi, maktab uchun undoq, mundoq qildim, deb dunyoni boshiga ko‘tarardi. Yo‘-o‘q sotib olmagan. Yo, o‘g‘rilab keldimikin-a? Yo‘-o‘q, maktab uchun jonini xatarga qo‘yib zarilmi unga?! Norxol, shu bolaning gapi rost.
Nihoyat, Najot G‘aybulla bizni yengdi. Allaqaerda maktablarning xizmatiga hoziru nozir,  o‘qituvchilarni sarson qilishni jinoyat deb biladigan maxsus jamg‘arma borligiga noiloj ishondik.
Kunlardan bir kun yangi muallimning ishlari tuman rahbariyatining nazariga tushdi. Sovxozdagi ma’naviyat madaniy tadbirlar rejasi bilan tanishish uchun kelgan hokimiyat vakili Ma’naviy-madaniy ob’ekt sifatida maktabimizga ham bosh suqib o‘tgan edi. Biz anchagina shoshib qoldik. Lekin vakilga Najot G‘aybulla yasantirib qo‘ygan kabinetni mamnuniyat bilan ko‘rsatdik. Tekshiruvchi bu yerda xiyla vaqt ivirsib qolib ketdi. Yangi muallim qay go‘rlardan topib keltirilgan antiqa-antiqa jihozlarni qiziqib-qiziqib tomosha qildi. «Zo‘r dam olish xonasi bo‘pti-da», - deb xulosa yasadi oxiri bizni tark etarkan.
Hokimiyat vakili kelib ketgach, uch-to‘rt kun o‘tib direktor ikkovimizni tuman maorif idorasiga chorlashdi. Bu chorlovning bir balosi borligini payqagan tajribali pedagog Qalqonov betobligini bahona qilib markazga bormadi. Noiloj Boymurod aka bilan ketdik.
Maorif mudiri Erkaboev betoqat kutib turgan ekan.
- Bu nima gap, hamkasblar?! – deya ayuhannos soldi u stol mushtlab. – Nega men bilishim, shaxsan boshida turishim kerak bo‘lgan ishlarga  hokimiyat vakili aralashib yuribdi?!
Kundoshi kiyib o‘zi quruq qolgan ayolday kuyib-yonayotgan maorif mudirining yozg‘irishlaridan allanelarnidir g‘ira-shira anglab yetganday bo‘ldik.
Hokimiyat vakili o‘sha kuniyoq o‘zini hayratga solgan jug‘rofiya kabineti haqida shaxsan tuman hokimiga ma’lumot beribdi. Albatta, ma’lumotda ushbu hayratlanarli ishlarda o‘zini bosh-qosh tashkilotchi deb kamtarlik bilan ko‘rsatib o‘tgan. Hokim esa ma’naviy-madaniy tadbirlar yuzasidan viloyat hokimiyatiga tayyorlab o‘tirgan hisobotiga jonkuyar vakilning ma’lumotnomasini ham qistirib yuboribdi. U yoqda ma’naviy-madaniy tadbirlar, maktab ishlari bo‘yicha jonkuyar kadrga zor bo‘lib turishgan ekan, shekilli, jug‘rofiya kabineti uchun fidoyilik ko‘rsatgan vakilni darhol chaqirib olishibdi.  Qarabsizki, uch-to‘rt kun avval allaqanday tadbirlar rejasi deb ovloq posyolkada sarson yurgan vakil viloyat hokimiyatida bir boshqarma boshlig‘i!
- Sotqinlar! Ichi qoralar! – deb hanuz oh-voh chekardi Erkaboev. Oxiri u uloqni oldirgan chavandozday kursisiga behol suyanib qoldi. Uf ketidan uflar tortdi. Biroz o‘ziga kelgach menga O‘rtoq Xushboqova, nega hisobotlarda  manavi yangilik ishlar  haqida lom-mim demagansiz?
Men ham, Boymurod aka ham xuddi nikoh o‘qilayotgandek yerga tikildik. Najot G‘aybullaning ibratli ishlarini ko‘z-ko‘z qiladigan hisobot tayyorlamaganimizning sabablari o‘zimizga ayon. Sirli muallimga biz kelgan kunidan beri shubhalanib qarardik. Uning aft-angorida, ust-boshida, ish faoliyatida allanechuk begonalik bor edi. Ana shu begonalik bizni hurkitib turardi.  Biz Najot G‘aybullaga ishonmasdik! Masalan, men hammasi tush, hozir uyg‘onamanu barcha mash-mashalar tugaydi, nihoyat, yengil tortaman, deb o‘ylardim. Hatto,  Qalqonov muallim o‘zini bir-ikki do‘xturga ko‘rsatib keldi. Yo‘q, hammasi joyda ekan. Hech qanaqa savdoyilik  alomatlarini payqashmabdi. Lekin tan olish kerak, Najot G‘aybullaning  hayratomuz ish faoliyati butun dunyoga jar solgulik edi. Biz direktor bilan kelishib, his-hayajonga berilmaslikka, yangi muallimga nisbatan biroz sovuqqon bo‘lib turishga qaror qildik. Shu sabab uning ko‘rgan ko‘zni, eshitgan quloqni quvontiradigan ish faoliyati to‘g‘risida hisobotda lom-mim demagan edim.
Xullas o‘sha kuni maorif mudiri ta’zirimizni berdi. Sudraklanib tashqari chiqqanimizda xiyla kech bo‘lib qolgan edi. Kun sovuq.  Goh u, goh bu yo‘lovchi mashinaga ilashib amal-taqal bilan posyolkaga yetib keldik. Anchagina yo‘lni yayov ham bosdik. Qorong‘ulik quyuqlashib borardi. Men qo‘rqqanimdan Boymurod akaning issiq qo‘llaridan ushlab olganman. Xiyla yayov yurganimizdanmi yo allanechuk hayajondanmi tobora isib ketmoqda edim.
Boymurod aka kutganimdek hamishagi  gapini boshladi.
- Norxol, - dedi u tovushi titrab. – Yur, bu yerlardan bosh olib ketamiz. Seni boshimda ko‘tarib yuraman. Biz baxtli bo‘lamiz. Mana, ko‘rasan...
Men u kishini hamishagidek koyidim.
- Qo‘ying, bunaqa gaplarni, Boymurod aka. Ikkovimiz ham oilali, bola-chaqalimiz. Yangam boshingizda parvona, yana nima kerak sizga? Qo‘ying, meni qiynamang. Bizlarga yarashmaydi bunaqa gaplar. O‘qituvchi nomimiz bor-a. Qo‘ying.
- Qo‘ymayman, - deb entikdi Boymurod aka. – Nima, bola-chaqali odamga sevish-sevilish mumkin emasmi?  O‘qituvchining yuragi yo‘qmi, muhabbatga haqqi yo‘qmi uning! Norxol, qo‘rqma. malomatlardan cho‘chima, odamlar uchun yashamaymiz-ku, axir?! Ikkovimiz ketamiz, Norxol. Ering baribir endi qaytmaydi. Mening... mening bolalarim dastyor bo‘lib qolgan. Onalarini yolg‘izlatib qo‘yishmas. Bir kun meni tushinishar...
Men Boymurod akaning issiq qo‘llaridan siltanib chiqdim. Qorong‘ulik qo‘yniga chopib ketdim. Allanarsa dengiz sho‘riday tomoqlarimni kuydirib-kuydirib kelardi.
Hurmatli tergovchi, sizni qiziqtirgan o‘sha yumaloq xat yuzasidan yozganlarmi shu. Alohida hech narsa deyolmayman. Meni tushunasiz degan umiddaman. Yangi muallim bilan bog‘liq mashmashalar yuzasidan esa istaganingizcha yozaman.
Xullas, bizni chaqirib adabimizni bergan kunning indiniga Erkaboevning o‘zi bir necha mulozimlari bilan yetib keldi. Yangi muallim yalantirgan xona  unda ham  chuqur taassurot qoldirdi.
- Bu kabinetni ko‘z qorachig‘idek asranglar, - dedi u yig‘ilish o‘tkazib. – Rayonoga komissiya kelsa namunali o‘quv xonasi sifatida shuni ko‘rsatamiz.
Men gap orasida Najot G‘aybullaning dars uslubini maqtab, mudirni kuzatuvchilikka taklif etdim. Biroq o‘sha kungi alam-iztirobi hanuz tarqamagan Erkaboev qaynab ketdi.
- Quruq gap kerak emas, Xushboqova. Hisobotda ko‘rsatib ko‘rsating, hisobotda. O‘qituvchingiz o‘z dars rejalari asosida metodikasini ishlab chiqib rayonoga taqdim etsin. Albatta, bismillosiyam, fotihasiyam kadrlar tayyorlash milliy dasturidan bo‘lsin. Xullas, shu qog‘ozlarni tayyorlamasdan meni hech qanaqa mo‘jizaga ishontirolmaysiz. Tushunarlimi, o‘rtoq Xushboqova?
Tushundim. Erkaboev jo‘nab ketgach, mudirning talab va xohishini Najot G‘aybullaga yetkazdim. Bir payt yangi muallimning rang-ro‘yi bo‘zarib to‘rga tushgan baliqdek tipirchilab qoldi. G‘uldirab-g‘uldirab tushuntirishidan angladimki, hammani hayratlantirib yurgan bu sirli muallim na hisobot yozishni, na reja tuzishni bilarkan.  Men uni nihoyat kamchiligini topganimdan quvonib ketdim.
- Kadrlar tayyorlash milliy dasturidan xabardormisiz o‘zi? – so‘radim qiziqsinib.
Najot G‘aybulla bo‘shashibgina yerga qaradi. Men achchig‘imni arang bosib yana hujumga o‘tdim.
- Ta’lim bo‘yicha chiqqan keyingi ikki qaror bilan tanishmisiz?
Najot G‘aybulla goh qizarib, goh bo‘zarib bosh chayqadi: tamom bexabar.
- Hisobot yozishni bilmasangiz, - deb gapga aralashdi Qalqonov muallim mehribonchilik bilan, - ishingiz ko‘rinmaydi bolam. Anavi hujjatlarni ham o‘rganib chiqing. Esam biron tekshiruvchining oldida uyaltirib qo‘yasiz.
Men yangi muallimning qusurini topganimdan qancha quvongan bo‘lsam, uning favqulodda rostgo‘yligidan shuncha jig‘ibiyron bo‘ldim: «Nega hammasidan xabardorman deb qo‘ya qolmadi?! Kim tekshirib o‘tiribdi uning bilar-bilmasligini? Menmi? Qalqonovmi yo Erkaboevmi? Umuman, shunaqa dolzarb hujjatni bekamu ko‘st o‘rganib, huzurlangan kas bormi? Nega  «hech qaysimizga o‘xshamaydi Najot G‘aybulla, o‘lgur? Qanaqa sirli muallim bu?»
Yo‘q, nihoyat, Najot G‘aybullaning siri ochildi. Bir haftacha avval «O‘qituvchilar xona»siga domla Xurramovich o‘qdek otilib kirdiyu, hammasi tamom bo‘ldi.
- O‘qituvchilarni yig‘ing! – deb o‘shqirdi u, go‘yo hammasiga men aybdorday. – Anavi muttahamning sirini fosh qildim, tez bo‘ling. Uning o‘ziniyam yetaklab keling.
So‘ng hammamizga ma’lum voqealar bo‘lib o‘tdi. Najot G‘aybulla ichimizdagi begona edi. Begonaligicha daf bo‘ldi. Biz qutuldik... Bilganlarim shu. Men ko‘nglimdagini ochiq-oydin yozdim. Cho‘chiydigan joyim yo‘q. Olishsa shu o‘qituvchiligimni olishar. Uzr. Tomog‘imni dengiz sho‘riday bir nima kuydirib kelyapti.

*  *  *
(Maktab direktorining o‘rinbosari B.B.Boymurodning tushuntirish xati)

Yoshim qirqdan o‘tib qoldi. Besh bolam, bir xotinim bor. Xotin kasalmand: oshqozon yarasimi-ey. Har kuni inq-sinq. Bolalar ulg‘aygan sayin quvonish o‘rniga xavotirga tushyapman. Hammasining yaxshi yeb-ichgisi, chiroyli kiyingisi keladi. Hali tuzukroq institutlarda o‘qitish, uyli-joyli qilish degan orzular ham bor. Ikki yilcha avval Ustoz Qalqonov qo‘yarda qo‘ymay o‘ziga muovin qilib oldi. Rad etolmadim. Keksa odam, ishonch bilan mo‘ltirab turgandan keyin... Oyligimga arzimas choy chaqa, bir tashvishimga ming tashvish qo‘shildi. Yo‘q, men ishdan nolimayman. O‘qituvchilik ham jonu dilim. Yuragim,  butun aqlu fikrimni berib ishlasam deyman. Lekin... hammayoqda chigallik.
Algebra o‘qituvchimiz – Xayrulla, jingalak soch, xushsurat, quvnoqqina yigit ishdan ketdi. Juda bilimdon, hisob-kitob ilmini chuqur o‘zlashtirgan muallim edi.
- Aka, - dedi u  bir kun uyimga kelib. – Bir qo‘shma korxona ishga chaqiryapti. Ketsammikan-a? Ko‘ryapsiz iqtisod chatoq.  Ro‘zg‘orimiz katta.
- Qancha oylik berishmoqchi ular?
Xayrulla o‘ziga va’da qilingan maoshni tilga oldi. Zo‘r! Lekin men dabdurustdan oq yo‘l tilayolmayman. Maktabni ham o‘ylashim kerak-da, direktor o‘rinbosari nomim bor.
- Ustoz Qalqonov bilan bi-ir maslahat qilish kerak-da, - deb mas’uliyatdan o‘zimni opqochdim.
Xayrulla chaynaldi. Aftidan uning maktabdan ketgisi yo‘q.
- Aka, to‘g‘risi, muallimchilik yoqadi o‘zimga, - dedi u o‘ylanib. – Rayono mudiri bilan gaplashib ko‘rsak-chi, balki qandaydir imkoniyatlar bordir. Balki, zarur kadr sifatida mening oyliklarimni oshirib qo‘yishar. Tinchgina shu yerda ishlayverardim.
Sodda muallimning xayollariga kulibgina qo‘ydim. Axir, hammayoqda bir xil xo‘roz qichqirgan, qanaqa imkoniyat? Shunday bo‘lsa-da, ertasi kuni Xayrulla ikkimiz Erkaboevning qabuliga kirdik.
Arzu holimizni eshitib mudirning  fig‘oni falakka chiqdi.
- Ketsang ketaver! Qani unaqa joyga meni ham chaqirishsayu jo‘navorsam. Yog‘li joydan qolma, boraver!
Erkaboevning kesatiqlardan Xayrulla ikkovimiz mulzam tortib qoldik. Mudir yaxna choydan bir ho‘plab tag‘in  hujumga o‘tdi.
- Maktabda har kim ishlayolmaydi, uka! Avvalo vatan tuyg‘usi kerak, fidoyilik zarur.
- Men chet elga qochib ketmoqchi emasman, domla, - dedi Xayrulla sal bosh ko‘tarib.
Maorif mudiri e’tirozga e’tibor bermay, o‘z fikrini she’r bilan yakunlagan bo‘ldi.
- Emas oson bu maydon ichra turmak, sher panjasiga manja urmak. Ana, vassalom!
Ana, vassalom. Xayrulla ishdan ketdi. Uning «algebra»si menga qoldi.
- Boymurodjon, o‘zing bir amallab tur, - deb yalindi Qalqonov. – Xudo mehribon, biror matematikni berib qolar.
Ko‘ndim. Umuman, dars soatlarining ko‘pligi yaxshiyu, biroq imkoniyat deganlarining ham chegarasi bor-da. Ko‘rpaga qarab oyoq uzatish kerak.  Algebra – murakkab fan. Ayniqsa so‘nggi yillarda u battar murakkablashganday. Alohida bilim,  tajriba talab qiladi. Lekin noiloj, vijdonga xilof bir tarzda, ustoz aytganday amal-taqal qilishga  kirishdim.
Otam quruvchi usta edi. Qon tortdimi, ishqilib shu hunardan menga ham yuqqan. Uncha-muncha imoratlarni poydevoridan tortib tomigacha qurish qo‘limdan keladi. To‘g‘risi shu otameros kasb  tirikchilikka asqotib turibdi. Ta’til payti asbob-uchkuna orqalab mardikorchilikka ketaman. Albatta, uzoq-uzoq joylarga. Tirikchilikning aybi yo‘q deyishadiyu, biroq men bu hunarimni  sir saqlashga harakat qilaman. O‘quvchilarim bilmasin deyman.  O‘zimni uzoq-uzoqlarga  sayohat qilib, dam olib kelganday ko‘rsataman. Tuman markazida bir-ikkita usta yigitlar bor. Sherikmiz. Topishimiz yomon emas. Lekin hamisha ko‘nglim xira, xayollarim parishon.
O‘tgan qishning adog‘i edi. Yog‘in yo‘g‘u biroq, havo sovuq. Kechki payt qo‘y-qo‘zilar dashtdan qaytdi. Hisoblab, tekshirib ko‘rsam – bo‘g‘oz echkimiz yo‘q. Darrov o‘sha kuni navbati bo‘yicha cho‘ponlik qilgan kishiga uchrashdim. U ham bosh qashlab tayinli javob aytolmadi. Aftidan, echki bolalab dashtda qolib ketgan! Darhol yugur Kengsoyga yugurdim.  Bormagan joyim, so‘ramagan kishim qolmadi. Lekin echkidan nom-nishon yo‘q. Oxiri, tun yarmiga yaqin ta’bim tirriq bo‘lganicha uyga keldim. Hamishagidek elektr uzib qo‘yilgan. Butun posyolka zim-ziyo. Bola-chaqa ham uxlab qolgan. Timrskilanib sham yoqdim. Lekin ichimga ming bir chiroq yoqilsa-da yorishmaydi. «Butun boshli echkidan ajraldim-a?!» – deb o‘ylayman yurak-bag‘rim o‘rnatib. Tunov kuni mehmonlardan qolgan yarim shisha aroqni topib ichdim. Gazagiga chakki yaladim. Bir zum alam-iztiroblarim bosilib, charchoqlarim tarqalganday bo‘ldi. Ertangi darslarga taraddud ko‘rishni, konspekt yozishim kerak edi. Noiloj,  kitob-daftarlarimni xontaxta ustiga oldim. Biroq na kitob varaqlagim, na qag‘az qoralagim keladi. Ko‘nglimning yarmida manavi kitob-daftar, yarmida yo‘qolgan echki. Aql-shuurimning yarmida ertangi darslar tashvishi, yarmida esa molu jon qayg‘usi. Echkimisan echki edi-ya o‘ziyam, qaybir yili ustachilikdan orttirgan pulimga olgandim. Nuqul egiz tug‘ardi, omon bo‘lgur. Dod solib yig‘lasam deyman.
Bir payt darvoza taqillaganday bo‘ldi. Birdan hushyor tortdim. «Birortasi echkini topib keldimikan?! Yo, pirim...»
Yelkamga choponimni yelvagay tashqariga otildim.
Darvoza yonida Norxol turgan ekan. Egnida apil-tapil kiyilgan xalat, durrachasi sirg‘alib bo‘yniga tushgan.
- Aka, - dedi u hiq-hiq yig‘lab. - Yordam bering, qizim o‘lib qoladi, isitmasi baland.
Hovliqqanimcha yana ichkari otildim. Yaxshiyam xotin kasalmand, yaxshiyam uning dori-darmon qutichasi bor. Ishqilib ichidan biron-yarim tabletka topsa bo‘ladi. Qo‘ni-qo‘shnilar ham shunga o‘rganib qolishgan, vaqt-bevaqt u-bu malham so‘rab chiqib turishadi.
O‘zimcha zarur deb o‘ylagan dorilarni oldimu tag‘in tashqariga otildim.
- Yur, Norxol, qo‘rqma. Hammasi yaxshi bo‘ladi.
Norxolning uyi biznikidan ancha uzoqda. Posyolkaning narigi chekkasida desa ham bo‘laveradi. Aslini surishtirganda, bu chala hovli Norxolning erining bir uzoq qarindoshiga tegishli. Uzoq qarindosh hovlini butlashga kuchi yetmay, ijaraga topshirib qo‘ya qolgan. Norxolning eri esa ikki yildan beri bedarak. Ish izlab Rossiya tomonlarga ketganicha qaytmadi. Ayol ikki  nafar go‘dagi bilan qolib ketdi. Xayriyat, to‘ng‘ichi bu yil  birinchi sinfga chiqdi. Har holda onasining ko‘z oldida bo‘ladi. Qizchasi endigina ikki yoshdan oshdi. Norxol uni goh onasiga, goh singlisiga tashlab maktabga chopadi. Ish-da. Har nechuk shu yerdan topgani o‘ziga va bolalariga yetib turibdi. U ona tili va adabiyotdan dars beradi. Bir yilcha avval Norxolni ilmiy mudirlikka ko‘tardik. Chunki bunaqa ishga husnixati chiroyli, imloda qusuri yo‘q, sarishtali, xushmuomala kadr kerak. Ancha yosh bo‘lishiga qaramay, jamoamiz bir ovozdan shu ayolni ma’qul topishdi.
O‘sha tunda Norxolda hech bir ilmiy mudiralik nuqsi yo‘q edi. Tevarakka telbavor-telbavor alanglab, piq-piq, sho‘rq-sho‘rq yig‘laganicha qoqila-surila borar edi.
Nihoyat, unikiga yetib keldik.  Ikki xonali loysuvoq uy. Ichkari muzdek. O‘rtadagi xontaxta ustida bir bo‘lak sham tirisha-burisha yonib turibdi. Uning lip-lip yorug‘i xona ichini g‘ira-shira yoritadi. Chalasuvoq devor betiga kattagina gilam osilgan, burchakda bir sandiq. Sandiq yonida kiyim jovon. Xona to‘riga to‘shalgan o‘rinda ikki bolasi yotibdi.  Sharpamizni payqab qizcha yig‘laganicha o‘rnidan turdi. Chindan-da isitmasi baland.
Norxol ikkovimiz qizchaning xarxashasiga qaramay dori ichirdik. Men shisha tubida qolgan aroqni ham olib kelgan edim. Shuni darrov go‘dakning badaniga surtib tashladim. So‘ng ko‘rpachaga o‘rab yotqizdik.
- Nega pech yoqmagansan? – deb so‘radim hanuz bolalari bilan andarmon Norxoldan.
- Chalma sob bo‘libdi.
Men yana tashqariga otildim. Qorong‘ulikda  timirskilanib xas-cho‘p yig‘ishga kirishdim. Ko‘cha boshida tarvaqaylab o‘sgan daraxtning quruq shoxlaridan sindirib-sindirib oldim. Shunga ham anchagina vaqt ketdi. Xullas, bir amallab pech yoqdim. Avvaliga tutab-tutab turgan o‘tin, oxiri gurillab yonishga tushdi.
Norxol goh bolalariga, goh xontaxta ustida sochilgan kitob-daftarlariga horg‘in termulib o‘tirardi.
- Isitmasi tushdimi? – so‘radim undan.
- Ha, - xira bir tovushda javob berdi Norxol. – Ozgina  terladi. Kechirasiz,  Boymurod aka, sizni ham tashvishga qo‘ydim.
Tevaragimga sekin razm soldim. Xuddi mening uyimdek ship-shiydam, to‘zg‘igan xona, sochqin kitob-daftarlar beixtiyor o‘z dardu tashvishlarimni  yana miyamga urdi. Ich-ichimda tag‘in alam-iztirob qo‘g‘zaldi. Ayni chog‘da ko‘nglimdagi alg‘ov-dalg‘ovlar Norxolning ham yurak-bag‘rini o‘rtab turganini chuqur his etdim.
Ayolning xushbichim yuzida, ma’yus ko‘zlarida shamning lip-lip shu’lalari o‘ynoqlardi. Beixtiyor uni quchib erkalagim, ovutgim kelib ketdi.
- Norxol, - dedim ohista uning qo‘lidan tutib.- Kuyinma. Bizga ham boqqan baxtli kunlar bordir, axir.
Norxol beadoq alam-iztirob bilan ko‘zlarimga tikildi. Ha, bu alam-iztirob menga juda-juda tanish edi. Nimadir tomog‘imga tiqilib keldi.
- Norxol, o‘zimning jonim, - dedim uni ohista bag‘rimga tortib.
Ayol qo‘qqis ho‘ngirab ko‘ksimga boshini qo‘ydi.
O‘sha tun tongga yaqin uyga qaytdim. Yuragimda bir o‘t yonar edi, bu muhabbat o‘ti ekanini sal keyinroq yengladim. Men Norxolning o‘zimnikidek dard-g‘ussa qalqqan yuz-ko‘zlarini sevib qoldim. Yosh bir yerga borib yetganda nogoh bunaqa tuyg‘uga duch kelish... Avvaliga uyaldim, o‘z-o‘zimni koyidim, so‘kdim. Odob-axloqning butun avliyolari nomidan o‘z-o‘zimga nasihatlar qildim. Biroq bari befoyda. Norxolning yuz-ko‘zlaridagi o‘sha tanish  iztirob-qayg‘u meni o‘ziga ohangrabodek tortar edi.
Hurmatli tergovchi, meni bir chekkaga tortib, allaqanday yumaloq xat yuzasidan so‘raganlaringizga javobim shu. Siz istaganday alohida tushuntirish xati yozmayman. To‘g‘rirog‘i, yozolmayman. Anovi Najot G‘aybulla haqida esa istaganingizcha so‘rang. Keragidan ortiq qilib yozib beraman.
Xuddi o‘sha telbavor hislarga qorishib yurgan kunlarim Najot G‘aybulla paydo bo‘ldi. Uning po‘rim ust-boshi, mag‘rur va sipo yurish-turishlari avvaliga mening ham ensamni qotirdi. So‘ng yangi muallimga havas qila boshladim. Bu havas, chuqur o‘ylab qarasam, keyinchalik  beayov hasadga aylanib qolgan ekan. Najot G‘aybulla ikki-uch hafta ichidayoq  maktab jamoasining qalbiga, ruhiga kirib oldi. O‘qituvchilar bir-biridan yashirib-yashirib, tortinib-tortinib beixtiyor uni taqlid qila boshlashdi. Haftalab soqol qirtishlamaydigan ba’zi bir muallimlar kunora qirtishlab, sochlarini orastalab, hatto yengil-elpi xushbo‘ylar sepib kelar bo‘lishdi. Ayrim hazilkash, hushchaqchaq hamkasblar viqor va salobat ilinjida qosh-qovoq uyib yurishga tirishardilar. (Muallima xotinlarning pardoz-andozlari quyuqlashgandan-quyuqlashganini aytmay qo‘ya qoldi.) Biroq bularning bari behuda edi, behuda! Ming taranib-ming yasansak-da, ming g‘o‘ddayib- ming chimrilsak-da baribir  bizda nimadir yetishmasdi.  Hatto bir gal Najot G‘aybulla  soqollari o‘sik,  odmigina, g‘ijimtob kiyimda ishga keldi. Hayhot shugina ahvolda ham  u barchamizdan  o‘ktam, barchamizdan xushsurat ko‘rinar edi. Ha, bizlarda maktabga yarashiqsiz allaqanday qusur borligini tobora anglab  borardim. Go‘yo sud kursisiga  tizilishgan aybdorlardek «O‘qituvchilar xona»sida parishon o‘tirgan hamkasblarimga qarab ko‘pincha o‘sha qusurlarini izlab qolaman.
O‘quvchilar ham o‘zgarib qolishgandek edi nazarimda. Ayniqsa, Najot G‘aybulla dars o‘tadigan sinf bolalari. Uncha-muncha muallimlarni turtib-surtib ketadigan, yerga ursang ko‘kka sapchiydigan bezori o‘quvchilar ham Najot G‘aybulla ko‘ringanda  ipakdek mayinlashib   odob saqlashar edi.
Bir gal katta tanaffus payti biologiya muallimi Hasanov bilan hovlida suhbatlashib turardik. Najot G‘aybulla ham yonimizga keldi.
- Kecha televizorda futbolni tomosha qildingizmi? – deya Hasanov yangi muallimni suhbat mavzusiga tortdi.
Najot G‘aybulla bosh irg‘adi:
- Ha, rosa zo‘r o‘yin bo‘ldi.
Hasanov o‘yinda yutqazgan jamoaning xayrixohi ekan. Asabiylashgan ko‘yi bo‘shang futbolchilarni birin-ketin so‘kib,  tanqid qila ketdi. Shu orada  to‘qqizinchi sinfning  bezori o‘quvchilaridan biri  yonginamizdan o‘tib qoldi.
- Ey, Jumaep! – deya Hasanov muallim o‘quvchini to‘xtatdi. -  Nosvoyingdan bir otim ber-chi! Miyaning qatig‘i chiqib ketdi.
Tirjaygancha cho‘ntak kovlashga  chog‘langan o‘quvchi nogoh oramizda turgan Najot G‘aybullani payqab qoldiyu  tek qotdi. So‘ng jiddiy qiyofada biologiya muallimiga yuzlandi:
- Kechirasiz, ustoz. Men unaqa narsa chekmayman.  Boshqa birovga o‘xshatdingiz.
O‘quvchi ming bir xijolat  bilan bizdan uzoqlashdi.
Najot G‘aybulla bizga el bo‘lolmadi. Lekin u o‘quvchilar tugul o‘qituvchilarning ham  ko‘nglini topishga astoydil intilar edi. Hatto, bir gal muallimlarni o‘zining jug‘rofiya kabinetiga yig‘ib, dunyo g‘aroyibotlariga  oid kassetalar qo‘yib berdi. Hujjatli filmlarning ko‘pi ingliz tilida ekan. Yangi muallimning o‘zi ilhom bilan sharhlab,  tushintirib turdi. Ikki soat  miriqib ekranga tikilgan jamoa, nihoyat, meksika seriallaridan-da ajoyib tomoshalar borligiga iqror bo‘lishdi.
Fevralning boshlarida fanlar bo‘yicha tuman olimpiadasi boshlandi. Saralangan o‘quvchilarni markazga olib borishim kerak edi.
- Ustoz, mening mashinamda boramiz, - deb qoldi Najot G‘aybulla.
Bu taklif menga ham ma’qul tushdi. Qalqonov muallim  tashabbuskor yangi muallimning  duoi jonini qilib charchamadi.
Ertalab yo‘lga tushdik. Yap-yangi «Neksiya»ning orqa o‘rindig‘iga yastanishgan bolalarning quvonchiga ta’rif yo‘q. Go‘yo bilimlariga bilim,  iqtidorlariga iqtidor qo‘shilganday. Havo sovuq. Tun bo‘yi yomg‘ir aralash yog‘ib o‘tgan qor dala-dashtda ola-quroq to‘shalgan. Mashina posyolkaning o‘ydim-chuqur yo‘lidan ohista yelib katta trassaga chiqib oldi. Najot G‘aybullaning jag‘i-jag‘iga tegmay, iqlim, tuproq haqida bolalarga allanimalarni  astoydil tushuntirib borardi.  Bolalar ham zavq-shavq bilan quloq solishgan. Biroq mening negadir ko‘nglim g‘ash, ta’bim tirriq edi.  Nazarimda  o‘quvchilar men va Najot G‘aybullani zimdan-zimdan taqqoslab bahslashayotganday: Najot «Neksiya» haydab boryapti, men esa tirishibgina o‘tiribman. Qunduz telpak, charm kamzul uniki,  bog‘ichi shalviragan quyon teri telpak, eskigina plash meniki, Najotning  bolalarga aytar  gapi juda ko‘p, men esa hatto darsda kerakli  so‘zni topolmay gangiyman.
Tuman markaziga yetib keldik. Olimpiada o‘tkaziladigan maktab hovlisi  gavjum. Bolalar, ota-onalar, o‘qituvchilar. Mashinadan tushib bir chekkada uymalashib turdik. Najot G‘aybulla yo‘lning narigi betidagi  somsapazni ko‘zlab ketdi. «Yaxshilab ovqatlanib olishlaring  kerak, - degandi u yo‘lda bolalarga. Esam kallalaring ishlamay qoladi». Yangi muallimni kuta boshladik.  Shu payt po‘rim kiyingan yo‘g‘on bir kishi  o‘tib qoldi. Yonidagi qizi shekilli. Ko‘zimga juda issiq ko‘rindi. Tikilib turganimni payqadi hoynahoy,  yo‘g‘on kishi men tomon qaradi.  Qaradiyu joyida taqqa to‘xtadi.  Men ham uni darrov tanidim.Tumanning dong‘i ketgan boylaridan biri. Yozda dang‘illama uyining tomini yopib bergan edik.  Gap orasida u mening o‘qituvchiligimni bilib qolib alohida hurmat-e’zoz ko‘rsatgan.  Hatto kelishilgan xizmat haqiga anchagina qo‘shib ham bergan edi.
– Ha, domla o‘zlarimi, - dedi yo‘g‘on kimsa men tomon yurib. Semiz basharasi to‘la istehzo. – Kakraz siz kerak edingiz menga.
Shosha pisha salom berib qo‘l uzatdim.
- Bu... tomdan chakki o‘tib ketdi-ku, usta domilla,- dedi u  istar-istamas ko‘risharkan. – Haqni halollab olish kerak-da. Sizga ishongandik.
Nazarimda uning tovushi guldirab butun tevarakka eshitilardi. Shu sabab beixtiyor o‘shqirib yubordim.
- Baqirmang, aka! Kar...
Gapim bo‘g‘zimda qoldi. Tanish mijoz bir intilib yoqamga chang soldi.
- Iya, jahlimiz ham bormi hali?! O‘x, ko‘rnamak!
Yo‘g‘on kimsa bir siltab tortdiyu muz qatron yerga cho‘kkalab qoldim. Quyon teri telpak boshimdan uchib ketdi.
- Maktabdagi bolalarni aldaysan, menimas! – hanuz o‘shqirardi eski mijoz. – Sendan boshqa usta mardikorlarni ham ko‘rganmiz. Hech biri nonko‘rlik qilmagan! Tag‘in domilla emish bu...
Hayriyatki, shu payt Najot G‘aybulla o‘qdek uchib keldi. Keldiyu yo‘g‘on kimsaning naq qansharimga yo‘llagan gurzidek mushtini havoda tutib qoldi.
- Nima gap? Qo‘yvoring! –xaloskor hamkasbimning tovushi bosiq, biroq allanechuk amrona edi.
Eski mijoz orqaga tisarila-tisarila Najot G‘aybullani bir qur ko‘zdan kechirib chiqdi.
- Kechirasiz katta buva, - dedi beo‘xshov iljayib. – Ozgina qizishib ketdik. Manavi nonko‘r, asabimni buzdi.
Eski mijoz Najot G‘aybullani allaqanday amaldor xayol qildi, shekilli, uzr ketidan uzr so‘rab bizdan uzoqlashdi.
Maktab maydonida yig‘ilganlar hangu mang qarab turishardi. Uyatu alamdan yuzim misdek qizib, ko‘zlarim xira tortib ketdi. O‘quvchilarimdan biri sal narida yerparchin bo‘lib yotgan telpagimni olib uzatdi.
O‘sha kuni olimpiadani qanday o‘tkazib, qanday uyga qaytganimizni eslayolmayman. Kun bo‘yi uyatu alam alangasida alahsib yurdim. Ustiga-ustak, Najot G‘aybulla janjal haqida bir og‘iz ham so‘ramadi, go‘yo hech narsa bo‘lmaganday, hamishagidek bolalar bilan zavq-shavqla suhbatini davom ettirardi. Men uni butkul yomon ko‘rib qoldim. Ko‘nglimdagi havas allaqachon hasadga aylanib ulgurgan edi!
Xayollarim alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib ketdi.Eski mijozning istehzoli yuzi, muallaq qolgan mushti meni kechayu kunduz ta’qib  qilib yurardi. Yursam ham, tursam ham u haqida o‘ylardim. O‘ylaganim sayin o‘zimni o‘sha boyvachcha oldida  gunohkor sanayman. Chin-da, izzat-ikrom ko‘rsatib, qo‘yin-qo‘njimni to‘ldirib jo‘natgandi-ku?! Bir oylik mehnatimga bergan haqi ro‘zg‘orimning bir yillik kamu ko‘stini butladi-ku, bola-chaqa bir qur yayradi-ku? Lekin, astoydil ishlagandik. Nima jin tegdi ekan tomga?
Shunday alg‘ov-dalg‘ov xayollar iskanjasida uch kun o‘tdi. Payshanbadan jumaga o‘tar kechasi yomg‘ir yog‘a boshladi. Juma kuni ertalab, yomg‘ir qorga aylana boshlagan bir paytda men sakkizinchi sinfda edim. Fizika darsi.  Sinfxona xiyla sovuq. O‘quvchilar ustki  kiyimlariga burkanib, besaranjom o‘tirishibdi: o‘zaro pichirlashgan, shraqlatib kitob-daftar varaqlashgan,  allanimalarni talashgan... Ayniqsa, qay bir  burchakda  o‘tirgan o‘quvchining quv-quv yo‘tali asablarimni battar egovlaydi.
Bir amallab yo‘qlama qilib bo‘lgach, deraza taraf xomush tikilib o‘tirgan qizni chorladim:
- Boltaeva, o‘tgan dars qanaqa mavzuni o‘rgangandik?
Qiz norizo chimrilganicha o‘rnidan turdi.
- Nyutonning birinchi qonuni.
- O‘tir. Iskandarova! – shivir-shiviri ham hech tugamayotgan, ozg‘ingina o‘quvchini chorladim. – Doskaga kel. O‘tgan mavzu bo‘yicha bi-ir so‘ylab ber-chi.
Iskandarova qunishibgina doska yoniga keldi.
- Nyutonning birinchi qonuni, - har qanday jism  unga boshqa jismlar  ta’sir qilib...
Men deraza ortida charx urib yog‘ayotgan qor uchqunlariga  termulgancha xayolga cho‘mdim: «Anavining tomidan rosa chakka o‘tgan bo‘lsa kerak...»
Bir payt hushyor tortib o‘grilsam, o‘quvchi qiz  jimibgina  hukmimni kutib turibdi. Quloqlarimning  shang‘illab turishiga qaraganda tuzuk javob berganga o‘xshaydi...
- Yaxshi. O‘tir, Iskandarova, - dedim hijolatlanib.
So‘ng sinf jurnaliga qarab, anchadan beri baholanmagan Xo‘jamov Nurmatni chorladim. Ammo, bu o‘quvchimning ham javoblari qulog‘imga kirmadi, hisob. Betizgin xayollar beixtiyor olib qochardi: «...haqni halollab olish kerak... teshib chiqadi...»

Oxiri, chidayolmadim. O‘quvchilarga navbatdagi sabog‘ini shosha-pisha tushuntirgan bo‘ldimu maqsadga ko‘chdim.
- Bolalar! – ovozim allanechuk titrab chiqdi. – Iltimos, to‘polon ko‘tarmay, jimgina o‘tirib turinglar. Zaril bir ishim bor, bormasam bo‘lmaydi...
Shunda men... shunda men ko‘zimga hamdardlik bilan termulib turgan yigirma juft beg‘ubor sodda ko‘zlarni ko‘rdim!
Eskigina paltoga burkanib o‘tirgan  sinfboshi Alisher o‘rnidan turdi.
- Ustoz, - dedi u suyaklari bo‘rtgan, serqadoq qo‘llarini ko‘ksiga  qo‘yib. – Siz bemalol. Biz jimgina dars qilib o‘tiramiz. Ishoning.
Tomog‘imga allanima tiqilib tashqariga otildim.
Ahdim qat’iy edi. O‘sha chiqishda to‘ppa-to‘g‘ri uyga bordimu asbob-uskunani orqalab tuman markaziga ketdim. Eski mijozning uyini topish oson edi. Choshgohga yaqin yomg‘ir-qorda ivigan ko‘yi dang‘illama hovliga kirib bordim.
«Haqqimni halollagani keldim» – dedim hangu mang qotgan o‘sha yo‘g‘on kimsaga.
U hijolatlanib meni mehmonxonaga boshlab kirdi. «E, domilla, allaqachon tuzattirganman uni, - dedi, - bekor ovora bo‘libsiz-da».
O‘sha kuni aziz mehmon bo‘ldim. Boyvachcha kun peshindan oqqan bir  payt o‘z mashinasida meni maktabgacha olib kelib qo‘ydi. «Domilla, shuginani olib qo‘ying – dedi yo‘l-yo‘lakay cho‘ntagimga pul tiqishtirib. – Uzr, oziga bo‘p qoldi, biz hukumat emas-da, ko‘p-ko‘p uzatgani». Quvnoq xayrlashdik. Ruhim yengil, dimog‘im chog‘ edi. Darslar tugab qiy-chuv bilan qaytayotgan o‘quvchilar orasidan sinfboshi Alisherni topib vaziyat haqida so‘rab-surishtirdim. Hammasi joyida.  Asbob-uskuna solingan qopni o‘g‘limdan berib yuborgach, maktabga kirdim.
 «O‘qituvchilar xonasi»da Qalqonov mullim, Norxol va Najot G‘aybulla o‘tirishgan ekan. Norxol men tomon tashvishlanib ko‘z tashladiyu  dimog‘im chog‘ligini ko‘rib chehrasi   yorishib ketdi. Jilmaydi.
Najot G‘aybulla allanimalar haqdadir kuyib-pishib gapirar edi. Uning ehtirosli gap-so‘zlaridan angladimki, u Samarqandu Buxoro tomonlarga sayohat uyushtirmoqchi ekan. Ulov masalasi hal bo‘lar emish.
- Yana pul yig‘arkanmiz-da? – deya hurkibgina so‘radi direktor.
Najot G‘aybulla yengil kulib, yelka uchirdi:
- Nega endi? Maxsus fond.
- Najotjon, - beixtiyor zorlanib yubordi Qalqonov muallim. – Tinch qo‘yaylik shu g‘amxo‘r fondni! Bildik, ko‘rdik, juda mehribon, ta’lim-tarbiyaga jonkuyar ekan! Iltimos, bolam, och qornimiz, tinch qulog‘imiz. Shu Samarqandni xudo xohlasa, bir kun tomosha qilarmiz.
Yengilgina kulishdik. Najot G‘aybulla o‘ychan to‘ng‘illadi:
- Bolalarga va’da berganman-da.
Oradan bir hafta o‘tib xushxabar oldik. Fizika bo‘yicha  olimpiadaga borgan o‘quvchi birinchi o‘rinni olibdi!
- Tabriklayman, ustoz, - deya hayajon bilan qo‘limni qisdi Najot G‘aybulla. – Bu sizning mehnatingiz! Kam bo‘lmang.
Qalqonov muallimning ham quvonchlari cheksiz edi.
- Boymurodboy, nasib bo‘lsa, rayononing navbatdagi faxriy yorlig‘i sizniki! Qani, qarz bo‘lib turavering-chi,  keyinroq yuvarsiz.
Men... men avvaliga juda quvondim. Shunday  tirishqoq, ilmsevar, mashaqqatlarga qaramay, o‘z ustida ishlaydigan o‘quvchilarimiz borligidan boshim osmonga yetdi. So‘ng tuyqus ko‘nglim g‘ashlandi: «Ustozman deb kerilishga haqqim bormi? Shu o‘quvchining kamoliga qancha hissa qo‘shganman o‘zi? Sinfxonaga kirib-chiqib turish, mavzuni bir amallab tushuntirish yetarlimikan?..»
O‘sha kuni Najot G‘aybulla quvonchdan yal-yal yonib biqinimdan nari ketmadi.  Uning birovlar yutug‘idan bunchalar hayajonlanishi  juda  g‘alati tuyuldi menga. Goh ajablanib, goh ensam qotdi.
- Ustoz, nasib bo‘lsa, viloyat musobaqasiga ham birga boramiz, - dedi u yana qo‘limni qisib.
Yo‘q, Najot G‘aybulla bilan viloyatga borish nasib etmagan ekan. Ko‘p o‘tmay, domla Hurramovichning  fidokorona mehnati tufayli yangi muallimning  sirlari fosh bo‘ldi. Nihoyat, undan qutilib yengil tortdik!
Najot G‘aybulla bizga begona edi. Biz-chi?! Bu yog‘ini o‘ylasam, to‘g‘risi tubsiz jar labida turgandek his qilaman o‘zimni. Biroq aynan shu savol xayolimda tegirmon toshidek bot-bot aylanaveradi. «Biz-chi?! Ishqilib, biz maktabga begona emasmi?..»
O‘z qo‘lim bilan yozganlarim shu. Ko‘nglimdagi tuyqus sharros quyilib ketganidan o‘zim ham hayronu lolman. Mana, bitiklarimni yana bir karra o‘qib chiqdim. Biroq ko‘nglimda na qo‘rquv, na sevinch, na afsus, na-da umid. Yuragim, xayollarim allanechuk bo‘m-bo‘sh.

*  *  *

(Domla X.X.Xurramovichning tushuntirish xati)

Oliy toifali o‘qituvchiman. Tarix, Huquq kaminaning qo‘lida. «Tarix qo‘lingdami, demak kelajak ham seniki», degan purma’no hikmat bor. Rahmat, donolarning yuksak ishonchi uchun, rahmat. Xalq nomidan, yurt nomidan qo‘limdan kelganini qilaman.
Tekshiruvchilar, kuzatuvchilar ko‘p keladi maktabimizga. Hammalari kaminaning kamtarona faoliyatiga yuksak baho berishgan. Tarix, Huquqshunoslik o‘ta murakkab, o‘ta mas’uliyatli. Bu fanlardan saboq berish uchun nafaqat bilim, nafaqat tajriba, balki talant ham kerak ekan. Ming shukrlar bo‘lsinki,  bu xislatlarning hech biridan tabiat kaminani qismagan. Mening har bir darsim – san’at. Mana, o‘quvchilarim guvoh. Ular saboqlarimni partalarga qapishib,  nafas olmay tinglashadi.  O‘zim ham beixtiyor dars dunyosiga sho‘ng‘ib ketaman-da: goh misli Temur bobo,  goh hazrati Jorj Vashington bo‘lib hayqiraman. Zarbu zo‘rimdan ba’zan doska, ba’zan stol-stul shikast topgan paytlar ham talaygina. Mening saboqlarim ta’siridan juda ko‘p o‘quvchilar huquqshunos, qonunshunos bo‘lmoqni orzu etishadi. Bunga ham misollar ko‘p.
Maktabimizda paydo bo‘lgan Najot G‘aybulla bir gal jug‘rofiya kabinetida videokasseta qo‘yib berdi.  Allaqaysi mamlakatning maorif tizimi haqida ekan. Ko‘rib_ eshitib na kularimni, na yig‘larimni bilmay qoldim. O‘sha mamlakatda bolalarni o‘n sakkiz yoshigacha qora mehnatga jalb etish jinoyat ekan. Maktablari naq jahongirlarning qasriday. Yegulik, ichkilik muhayyo. Hatto bemalol uyquni uradigan xobxonalari bor, go‘yo u yerga o‘qishgamas, dam olishga borishadi bu arzandalar. Bolalarni ko‘rdik. Hammasi qog‘ozga o‘ralgan popuk qanddek.
«Yo‘q, - dedim ich-ichimda, - bunaqa yo‘l-yo‘riq bizga to‘g‘ri kelmaydi». Chin-da, unaqa tayyorga ayyor, injiq bolalardan xudo saqlasin. Biz sog‘lom avlod uchun kurashyapmiz. Anavilarnikiga o‘xshash shart-sharoitlarda bolalarimiz mo‘rt, irodasiz, zaif bir to‘daga aylanib qoladi. Shuning uchun ularni go‘dakligidanoq hayot xo‘rliklarida, qora-oq mehnatlarda chiniqtirish zarur. (Bu borada paxta paykallarimiz xo‘b qo‘l keladi-da!) Og‘ir mehnatdan, ochlik-muhtojlikdan hali hech kim o‘lmagan. Mana, masalan biz. Sho‘ro davrining barcha ko‘rguliklarini ko‘rdik. Boshimizda qilich o‘ynab turardi-ya?! Yo‘q,  o‘sib-ulg‘aydik, hech kimdan kamimiz yo‘q. Muhtojlik farovonlikning, mehnat rohatning qadriga yetishga o‘rgatdi. Mashaqqatlar yoshlarni kurashga chorlaydi, irodali, intiluvchan avlodga aylantiradi. Mana, misol uchun ko‘p uzoqqa bormay, kuni kecha olimpiada musobaqasida birinchi o‘rinni egallagan o‘quvchini olaylik. Shugina ham paxta paykalidan dekabrning boshlarida qaytdi. Butun boshli sinf uch-to‘rt darslikni galma-gal o‘qishadi. Ustiga ustak posyolkada kechasi soat to‘qqizdan so‘ng elektr uzib qo‘yiladi. Qadrdon sham, lampa chiroq ishga tushadi. Shunday qiyinchiliklar haligi g‘olib o‘quvchimizni bukib-engib qo‘ymagan-ku?! U ilm uchun intildi, tirishdi. Natija esa a’lo. Mana, sizga sog‘lom avlod!
Menkim, oliy toifali o‘qituvchi. Tarix, Huquq ilkida bo‘lgan zot qat’iy aytamanki, turmushimizda uchrab turgan ayrim kamchilik va qiyinchiliklar erta-indin barham topadi. Arzimas xato, arzimas mashaqqat deb dunyoga ayuhannos solish mardning ishi emas. Mayda-chuyda qusurlarga chalg‘imay ko‘zimizni kattaroq ochaylik, hushyor va ogoh bo‘laylik, boshimizda boshqa jiddiy xavf-xatarlar aylanmoqda. Mustaqilligimizning har xil yovlari tevaragimizda izg‘ib qolgan. Dinni qalqon qilgan yot unsurlar  o‘z g‘oyalariga yoshlarimizni ergashtirib ketishyapti. Ana o‘shalarning g‘oyasiga qarshi g‘oya bilan kurashib, peshonasidan darcha ochib qo‘yishimiz kerak. Yuragida vatan tuyg‘usi bor har bir fuqaroning sharafli burchi bu. Bunaqa tuyg‘u kaminaga ham yot emas, albatta.   Darsda va darsdan bo‘sh vaqtlarimda jamoat ishlari bilan faol shug‘ullanaman.  Shu sabab na faqat maktab ahli, balki mahalla-ko‘ydagilar ham  men yaqinlashgan dam ogoh va hushyor bo‘lib qolishadi. Ko‘zlarida dushmanga nisbatan nafrat va g‘azab uchqunlari porlaydi, tevarakka bezovta-bezovta alanglashadi.  Men esa tinchlik-xotirjamlik uchun kamtarona ulush qo‘shayotganimdan quvonaman.
Shunday kunlarning birida Najot G‘aybulla – yangi muallim paydo bo‘ldi. Ko‘rinib turibdi – birorta boyvachchaning injiq erkatoyi. Tagida mashina, saruposi qimmatbaho, yuz-ko‘zida boyvachchalarga  xos g‘urur, o‘ziga ishonch. Bunaqa qiyofa maktabdek kamtar-kamsuqumlar maskaniga mutlaqo yot. Sirli va xatarli nusxa paydo bo‘lganini  yurakkinam darhol sezdi. Yangi muallim  haqida zudlik bilan  sovxozimiz xo‘jayini Chinor Toshtemirovichni ogohlantirdim. «Erinmasangiz kuzatavering uni», - dedi xo‘jayin ijirg‘anib. Albatta, bunaqa shubxali nusxalar haqida eshitganda ul zot ijirg‘anadi-da. Xullas, Chinor Toshtemirovichdan fatvo olib,  yeng shimarib ishga kirishdim. Najot G‘aybullaning har bosgan qadamini ko‘zdan qochirmay,  har aytgan so‘zini hijjalab mulohaza qildim.  Ahyon-ahyon o‘zini ilmoqli-sirtmoqli suhbatlarga tortib ko‘rdim. Yo‘q, bu ham tulki ekan. Osonlikcha yon beradiganlarga o‘xshamaydi.  Kuzatib, tusmollab bildimki boshqa muallimlar ham Najot G‘aybullaga begonasirab-begonasirab qarashyapti. Fursatni boy bermay, duch kelgan hamkasabani chekkaga tortaman: «Hushyor bo‘laylik... jipslikni qo‘ldan bermaylik, sal g‘alati yigit ekan-da, a?!»
Hamkasbalar hushyorlik bilan hurkib ketishadi. Qo‘rqoqlar.
Ammo tan olish kerak, Najot G‘aybulla bolalarga jonkuyar, dars o‘tishga ustasi farang ekan. Hech qaysimizga o‘xshamaydi-ya?! Menkim, oliy ta’limli o‘qituvchi ham  yangi muallimga beixtiyor  moyil bo‘lib qolgan kezlarim ham topiladi.  Lekin darhol o‘z muqaddas burchimni eslab, hushyorlik kalimasini bot-bot qaytardim.
Uchinchi dars qizg‘in borayotgan payt edi.  To‘qqizinchi sinf bilan shug‘ullanyapman. Zerikib derazadan mundoq qarasam, Najot G‘aybulla hovlida. Qo‘llarini beliga tirab maktab binosini sinchkov-sinchkov ko‘zdan kechiryapti. «Bombaga joy mo‘ljallayapti-yov» – lip etib o‘tdi xayolimdan. Bosh og‘rig‘ini bahona qilib tashqariga chiqdim.
Najot G‘aybulla taajjub bilan qo‘l soatiga ko‘z tashladi:
- Iya, tanaffus bo‘ldimi, ustoz?
- Yo‘g‘-e, sal ko‘nglim ayniyapti, bezovta bo‘ldim.
- Biror yomon narsa yegandirsiz-da.
- Qaydam, - dedi ilmoqli gap qilib. – Uyda tishga bosgulik narsa yo‘g‘-u.
Najot G‘aybulla javob bermay maktab peshtoqiga tikilib qoldi. Men ham zimdan o‘sha yoqqa ko‘z tashladim.
- Ustoz, - dedi u peshtoqdagi bayroqqa imo qilib. – Bayroqni almashtirish kerak, hilvirab qolibdi.
Yana gapni ilmoq qilib otdim:
- E, xayol joyidami, uka? Bayroq ha deb almashtirilaveradigan narsami?
- Iya, eskirsa ham almashtirmaysizmi? – Najot G‘aybulla yuzimga taajjub bilan tikildi. – Topilmas matoh emas-ku, ana, hamma yoqda sotiladi. Arzimas pul turadi o‘zi.
Shu payt tanaffusga qo‘ng‘iroq chalindi. Noiloj  sinfxonaga yugurdim. Najot G‘aybulla  sirtmoqlarimdan qutulib qoldi, ammo shu-shu el qatori mendan hurkib, hurmatimni saqlab yuradigan bo‘ldi. Ilk zarbadanoq yomon natijaga erishmadim.
 Najot G‘aybullaga bu ovloq cho‘l qo‘ynidagi ovloq maktabda pishirib qo‘yibdimi? Maqsadi nima uning? Shunchalar muallimlikni sevarkan, ana, katta-katta shaharlarda, chin bo‘lmasa, tuman markazida maktab quridimi? Qiziq, nega aynan xilvat joyni tanlagan u? Darvoqe, ikki yilcha poytaxtda ham ishlagan ekan-ku, nega ishdan ketgan, quvilganmi, qochganmi?
Shundoy beadoq shoda-shoda savollardan boshim g‘ovlab ketadi. Tunlari uyqum qochib yurinib chiqaman. Nihoyat,  chuqur-chuqur mulohazalardan so‘ng o‘zimcha jumboqlarga yechim topganday bo‘ldim.
Najot G‘aybulla ashaddiy nashafurush! Uni chaqmoqday qilib qo‘ygan boyligi ham  shuning orqasidan. Qaybirkun televizorda ko‘rsatishgan edi. Rossiyada «qora dori» savdosi bilan shug‘ullanadigan to‘da qo‘lga olinibdi. Eng dahshati, ular zahri qotilni bolalar orasida tarqatar ekan. Avvaliga tatib ko‘rish uchun bepul, so‘ng arzonroq, oxir-oqibat, chinakamiga pullashga tushishgan. Bangilikka mubtalo bo‘lgan bolalar zig‘irdekkina zahri qotil sotib olish uchun ota-onalarining qimmatbaho narsalarini og‘ufurashlarga keltirib berishgan, o‘g‘riliklar qilishgan.
Najot G‘aybullamiz ham o‘shanday yovuz to‘dadan bo‘lsa ajabmas. O‘zini bolaparvar, ilmparvar ko‘rsatib maktab jamoasining ishonchini qozonishga astoydil bel bog‘lagan! Hatto, qaygo‘rdandir  darsliklar olib keldi, keyinroq allaqanday tele-apparaturalar keltirdi. Bilaman, bularning barchasi o‘z xarajatidan. Ishonadiki, bu arzimas sarf-harajatlari bir kuni jaraq-jaraq tilla tanga bo‘lib qaytadi. Allaqanday maxsus fond haqidagi gaplari cho‘pchak. Hatto, uning aynan shu uydirmasi menda shubha uyg‘otdi. Najot G‘aybulla tele-apparaturalar keltirgan kunning indiniga, «maxsus fond» haqida so‘rab-surishtirgali tuman maorif bo‘limiga bordim.
Domla Erkaboev meni juda iliq kutib oldi. Xiyla vaqt u yoq-buyoqdan hangomalashib o‘tirdik. So‘ng sekin-asta maqsadga ko‘chdim.
- Domla, shu... viloyat markazida maktablar uchun allaqanday maxsus fond bor ekan-a? Eshitishimcha, muallimlarga juda g‘amxo‘r emish. Nima kamchilik, nima zarurat bo‘lsa darrov hal qilib berarmish...
Men maorif mudirining xoxolab kulib yuborishini kutib turardim. Erkaboev dam qizarib, dam bo‘zarib jahl bilan o‘rnidan turib ketdi.
- Domla Xurramovich! Nima yetmayaptimi sizga, a, nima?! Endi viloyatga shikoyat qilmoqchimisiz?! Oliy toifa dedingiz, berdik, ikki-uch marta mukofot dedingiz, to‘g‘irladik, ikki marta Chortoqqa yo‘llanma qilib berdik! Men sizni sira tushunmadim, domla. Nima kerak tag‘in, janobi oliylari, a, nima?!
Kutilmagan zarbadan esankirab qoldim. O‘zimni oqlash uchun, asl maqsadimni anglatish uchun qilgan urinishlarim behuda ketdi, behuda! Erkaboev gapirganim sayin tutoqib, og‘zidan bodi kirib shodi chiqib meni ko‘z ochirgani qo‘ymadi. Oxiri, bir amallab qochib qutildim.
Ana shunaqa! Loqaydlik va qo‘rqoqlik kasridan «maxsus fond» sirini ocholmay qoldim. Lekin ruhan tushganim yo‘q. Arqonni uzun tashlab kuzatuv-tekshiruvlarni davom ettirdim. Dars paytlari ahyon-ahyon maktab yo‘lagiga chiqib, Najot G‘aybulla shug‘illanayotgan sinfxonaning tirqishidan mo‘ralab kelaman. Ochig‘i, yangi muallimning dars o‘tish uslubini ko‘rib, sohir ovozini eshitib huzurlangan ko‘yi besh-olti daqiqa eshik yonida qolib ketaman. Hatto bir gal meni shu holda Qalqonov muallim ko‘rib qoldi. Biroq hech bir shubhaga bormay tag‘in kabinetiga kirib ketdi.
Aftidan u o‘qituvchilarning Najot G‘aybulla eshigi yonida tez-tez paydo bo‘lishiga  o‘rganib qolgan edi
Men ba’zi bir bahonalar bilan yuqori sinf o‘quvchilarining papkalarini tekshirib chiqishga ham muvaffaq bo‘ldim. Biroq qotgan non ushoqlaridan bo‘lak hech qanaqa shubhali kukun  topolmay hafsalam pir bo‘ldi. Hatto ayrim o‘quvchilarni aldab-sudrab gapga solib ko‘rdim. Yesa, cheksa sarxush qiladigan moddalarni tatib ko‘rishga qiziqtirgan-qiziqtirmagani haqida  ustalik bilan so‘rab-surishtirdim. Bolalar avvaliga hech vaqoga tushunmay angrayib turishdi, so‘ng keskin bosh chayqashdi.
«Hechqisi yo‘q, - deb o‘yladim men bo‘shashmay, - hali ulgurmagan, yo bolalarni qo‘rqitgan».
Bir kuni sinfxona eshigining tirqishidan kuzatarkanman Najot G‘aybulla o‘quvchilarga allanimalarnidir tarqatib chiqayotganini ilg‘ab qoldim! Muallim ulashayotgan narsalarni ayrim o‘quvchilar ajabsinib, ayrimlari quvona-quvona olishardi. Butun vujudimga sevinch va hayajon o‘rmaladi. «Nihoyat...!»
Men sinfxonaga qo‘qqis bostirib kirishni mo‘ljalladimu biroq darhol fikrimdan qaytdim. Bunaqa olamshumul taftishda rahbarlardan birov-yarim bo‘lishi kerak-da. Qonun shunaqa, huquq shunaqa!
Men  Qalqonov muallim baqira-chaqira dars o‘tayotgan sinfxona eshigini borib taqillatdim. Hayal o‘tmay, direktor paydo bo‘ldi.
- Cho‘, takoy? – dedi u norizo chimrilib, hoynahoy, rus tili darsining beliga tepganimni uqtirib qo‘ymoqchi bo‘ldi u. Men shosha-pisha vaziyatni tushuntirdim.
Direktorning qiyiq ko‘zlariga tahlika oraladi.
- Norxolniyam  chaqiraylik, - dedi u  botinmaygina.
Ilmiy mudira «O‘qituvchilar xonasi»da asabiylashgan ko‘yi Vazirlar mahkamasining yaqinda chiqqan Qarori bo‘yicha o‘quv rejasi tayyorlab o‘tirgan ekan. Voqea haqida eshitib hovliqqanicha o‘rnidan turib ketdi.
- Qani, ko‘raylik-chi.
Uzun-qisqa Najot G‘aybullaning jug‘rofiya kabinetiga yaqinlashdik. Avval men, so‘ng rahbarlar eshik tirqishidan ichkari mo‘raladi.
Yangi muallim sokin, shirali bir tovushda, jug‘rofiy bir mavzu haqida gapirmoqda. O‘quvchilar esa allanimalarnidir huzur bilan chaynab, dars tinglashyapti.
- Chin, bir gap bor-ov, - deb shivirladi direktor bolalarning og‘zi to‘la.
Norxol qat’iy imo qildi:
- Kiramiz.
Tuyqus sinfxonaga bostirib kirdik.
Yangi muallimning uni o‘chib, bizga hangu mang tikilib qoldi. O‘quvchilar chala chaynagan narsalarini shosha-pisha yutib yuborishdi.
Vaziyatni darhol qo‘lga oldim.
- Bolalarning og‘zida nima bor?! Bilsak bo‘ladimi?
Najot G‘aybulla qimtinib-qimtinib sas berdi:
- Banan.
- Banan?! Nima u? – so‘radi Qalqonov partalar oralab yurarkan.
- Tropik meva, - deb iljaydi Najot G‘aybulla. – Bugungi darsimiz tropik mamlakatlar haqida, ustoz. Bolalar mavzuni chuqurroq his qilsin, deb banan ulashib chiqqandim. Bu ham bir tajriba-da.
- Ko‘rsak bo‘ladimi? – deb so‘radim men, sir boy bermay.
Najot G‘aybulla deraza tokchasidagi qog‘oz qutiga intildi.
- Marhamat. Roppa-rosa uch dona qolgan. Sizlarning nasibangiz, ustozlar.
- Kechirasiz, hamkasaba, - deya o‘ng‘aysizlikni haydagan bo‘ldi Norxol. – Hamma sinflarni tekshirib yuribmiz. Yuqoridan shunday buyruq keldi.
Sinfxonadan chiqarkanman, chuv tushirgan bo‘lsam-da o‘zimni mardona tutdim.  Rahbarlar muqarrar beradigan tanbehlarga xayolan  javob hozirladim. Yo‘q, xush ta’m meva jonimga oro kirdi.
- Rahmat sizga, domla Xurramovich, - dedi Qalqonov muallim huzurlanib banan chaynarkan. – Tez-tez kuzatuvdan davom eting. Yapon sakesidan ham quruq qolmaylik tag‘in.
Norxol piqillab kulib yubordi.
Mayli masxara qilsa qilaverishsin, men baribir bo‘sh kelmayman Allaqanday ko‘ngilsizlik, anglashilmovchilik oldida chekinaversak, yurt tinchlik-xotirjamligi, bolalar himoyasi uchun kim kurashadi, kim?!
Kuzatuv-tekshiruvlarda yana davom etdim. Ammo Najot G‘aybulla ham ilonning yog‘ini yalaganlardan ekan. Hech tutqich bermadi. Qaytanga obro‘si oshib, jug‘rofiya kabinetining shov-shuvi yuqori idoralargacha borib yetdi. Taqdirning bunday achchiq haziliga ortiq chidab bo‘lmas edi. Chora-tadbirlar ketidan chora-tadbirlar izlab topishdan charchamadim.  Qani endi qurg‘ur zahrli qotilning kukunidan uch-to‘rt chimdim topib kelsangu anavining  cho‘ntagiga solib  qo‘sang, darrov qo‘liga kishan kiygizsang?! Xayrli ishning ertaroq bitgani yaxshi-da!
Tunlarning birida bedor uyg‘onib yotar ekanman, ilohiy bir sas qulog‘imga eshitilganday bo‘ldi: «Hujjatlarini tekshir, hujjatlarini...» Xuddi shu sas tongga qadar kallamda, yuragimda aks-sado berib turdi.
Ertasi kuniyoq Qalqonov muallimni bir chekkaga tortdim. Gapni dunyoning notinchligidan boshlab Rossiyada qo‘lga olingan nashafurushlar to‘dasi haqida aytdim. Qarangki, rus tili muallimi bo‘lsa-da janob direktor Rossiyadagi voqealardan bexabar ekan.
- Yangi muallimdan shubham bor, - dedim, nihoyat, maqsadga o‘tib. – O‘shanaqa guruhlardan bo‘lsa ajabmas.
- Yaxshigina ishlab yuribdi-yu, - deb to‘ng‘illadi direktor istamaygina.
- Ko‘za kunda emas kunida sinadi, domilla.
- Nima qilishim kerak, axir?
- Hujjatlarini tekshirish zarur.
- Sinchiklab qaraganman, hammasi binoyidekkina.
- E, maxsus tekshiruv kerak, masalan, diplomi haqiqiymi? Rostdanam o‘qiganmi yo sotib olganmi?
Qalqonov muallimning ensasi qotib to‘ng‘illadi:
- Domla Xurramovich, kimga zaril ortiqcha tashvish. Ana, zo‘r ishlab yuribdi-ku?!
- Siz, xushyorlikni boy beryapsiz. Biror kor hol bo‘lsa boshingiz ketadi-ya?!
Qator ijtimoiy-siyosiy ko‘rsatmalarni pesh qilib dadil-dadil talab qilganimdan so‘ng, nihoyat, Qalqonov ko‘ndi. Najot G‘aybullaning hujjatlarini bir haftalik muddat bilan qo‘limga topshiradigan bo‘ldi.
- Domla Xurramovich, sizga ishondik, - deb zorlandi direktor, - Meni sarson qilmay, o‘zingiz tekshirtiravering. Qari odamman...
Albatta-da. Keksalarimiz hurmat-izzatda bo‘lishi kerak. Bu yog‘ini o‘zimiz to‘g‘rilaymiz.
Najot G‘aybullaning  hujjatlari solingan sarg‘ish papka qo‘lga tekkach, go‘yo uning o‘zi changalimga tushgandek boshginam mag‘rur ko‘tarildi. Kuchimga kuch, aqlimga aql qo‘shildi. Ichimda bir sas tekshiruvni diplomdan boshlash kerakligini tinmay uqtirardi. Oxiri qalbimga quloq soldim. Biroq men hujjatni maxsus idoralar orqali tekshirtirish niyatidan voz kechdim. Birlamchidan,  ular juda band, fursat topib so‘rovnoma, talabnoma qilgunlaricha xiyla vaqt o‘tadi. Ikkinchidan, yangi muallimning diplomidan qusur topilmasa shov-shuv ko‘tarilib, sharmanda bo‘laman. Kerak bo‘lsa,  asossiz da’volar bilan mas’ul kishilarni chalg‘itib, vaqtini o‘g‘irlaganim uchun boshimda yong‘oq chaqishadi.
Men poytaxtga o‘zim borib kelishga qaror qildim. Atigi besh-olti  soatlik yo‘l. Shu bahona havo almashtirib, u yoq-bu yoqni tomosha qilib kelaman. Jo‘nadim.
Voy-bo‘-o‘y! Ana  shaharu mana shahar! Ani poytaxtu mana poytaxt! Ko‘chalarda odam qaynaydi. Keng, tekis yo‘llarda mashinalar qator-qator, chinqirib yelishadi. Bozoru  do‘konlar, idorayu mahallalar bir-biridan serhasham, go‘zal. Ishqilib, poytaxti azim kamina ko‘rmagandan beri juda o‘zgarib, serfayz, jozibador bo‘lib ketibdi.
Men o‘tirgan avtobus kun peshindan oqqan bir payt yetib keldi.  Son-sanoqsiz kirakashlarning hay-haylashiga qaramay Tushasolib o‘zimni metroga urdim. Najot G‘aybullaning diplomida ko‘rsatilgan  institutning qaerda joylashganini yaxshi bilaman.  Qiynalmay topishga ko‘zim yetadi. Chin bo‘lmasa, birov-yarimdan so‘rab surishtiraman. Qolgan yumushlar oson. Institut rahbariyatiga kiramiz. Kerakli ma’lumotlarni  tekshirib olaman. Mabodo, baxtga qarshi, hammasi joyida bo‘lsa, guldir-gup. Qaytib boramanu direktorga hujjatni qaytib beraman. «Hozircha tekshiruvchining imkoni yo‘q ekan», deb bahona qilaman qo‘yaman. Qolganini vaqt ko‘rsatadi.
Shunday taskinbaxsh xayollar og‘ushida, odamlar izdihomiga aralashib metro yo‘lagiga kirgan paytim kimdir yelkamga nuqidi. Qarasam, yuz ko‘zlari hushyorlik, salobat balqib turgan militsioner!
- Aka, hujjatlaringizni bir ko‘rib qo‘yaylik, - dedi u ehtirom ko‘rsatib.
- Xo‘p, komandir, xo‘p.
Cho‘ntagimdan pasportimni chiqarib uzatdim.
Militsioner hujjatimni ochib ko‘rib:
-Ortimdan yuring-chi, - dedi. Xayronu lol ahvolda posbonga ergashdim.Stol-stullar qo‘yilgan, elektr chirog‘idan charog‘on bir hujraga kirdik. Ichkarida yana bir militsioner allanimalarnidir yozib-chizib o‘tiribdi.
- Mana, yana bittasi!
Men boshlab borgan posbon qo‘lidagi pasportimni sherigining oldiga tashladi.
Ko‘p o‘tmay ikki militsioner biri qo‘yib biri olib so‘roqqa tuta ketdi. So‘roq-tergov jonu dilim bo‘lsa-da, ayni chog‘ posbonlarga malollanib-malollanib javob berdim.
- Qaerdan keldingiz?
- 41-posyolkadan.
- Nima ish qilasiz?
- O‘qituvchiman.
- Nima maqsadda keldingiz poytaxtga?
- Zaril bir ish. Vazirlikka maslahatga chaqirgan!
- Vazirlikka. Maslahatga:! Shikoyat bilan kelganman deb to‘g‘risini aytib qo‘ya qolsangiz-chi? Hozir hech kim  osonlikcha poytaxtga oyoq bosmaydi. Yo birovning dastidan dod solib keladi, yo o‘ladigan kasal, do‘xturga ko‘rsatish kerak.
- Men to‘g‘risini aytdim.
- Yaxshi... A, poytaxtda propiskasiz yurish mumkin emasligini bilasizmi?
- Bilmayman. Chet ellik emasman-ku, mumkindir-e?
- Chet viloyatdansiz-ku?! Xullas,  gap bunday, biz sizni uch kunlik hibsda tutamiz. Yashash joyingizga so‘rovnoma jo‘natamiz. Javob kelguncha panjara ichida o‘tirib turasiz. Mabodo hammasi yaxshi bo‘lsa, sizni shahardan chiqarib yuboramiz. Ketaverasiz yurtingizga.
Qarasam, posbonlarning yuz-ko‘zida hech bir hazil-huzul alomati yo‘q. Biri darrov qog‘oz-qalam olib allaqanday hujjat to‘ldirishga kirishdi.
Beixtiyor qo‘liga yopishdim.
- Ukalar, hoziroq qaytib ketaman! Iltimos, qog‘oz-pog‘oz to‘ldirib o‘tirmanglar.
- Qarshilik qilinmasin o‘rtoq! – yonimda tik turgan militsioner qo‘llarimni siltab tashladi. – Organga qarshilik qilmoqchimisiz?
Shu payt eshikdan tag‘in bir qop-qora militsioner kirib keldi. Unga ko‘zim tushdiyu quvonchdan irg‘ishlab turib ketdim.
- Abray?! O‘zingmisan, uka?
Ha, bu chindan ham Qobil traktorchining o‘g‘li Abray! O‘zimning shogirdlarimdan. Maktabni amal-taqal bitirgach prokuror bo‘lish orzusida poytaxtga bosh olib ketgan edi. Mana uchrashdik. Boshlanishi chakkimas – rezina tayyog‘i yarashib turibdi, dimog‘i ham baland.
- Ha, domilla, - deb ko‘rishdi Abray men bilan. – Nima qilib yuribsiz bu yoqlarda.
Uzoq hol-ahvol so‘rashgach, shogirdimga vaziyatni tushuntirdim, ammo bir sir boy bermay, unga ham vazirlikka kelganimni aytdim.
Abray norizo chimrilib turgan sheriklaridan pasportimni olib qo‘limga tutqazarkan:
- Bularnikiyam xizmatchilik-da, domilla, - dedi. – Sovuqni sovuq, issiqni-issiq demay qo‘riqchilik qilishadi. Ish og‘ir, mas’uliyatli. Sizday tushungan, jonkuyar birov-yarim fuqarolar qo‘yarda-qo‘ymay uch-to‘rt tanga tamaki puli tashlab ketishadi, mehnatimizni qadrlashadi-da. Ba’zi birovlar esa...
- Albatta, albatta, - deb o‘z ixtiyorim bilan cho‘ntak kovlashga tushdim. – Biz ba’zi birovlardan emas, uka. Tinchlik-osoyishtalik uchun qilingan xizmat taqdirlanishi kerak.
Abray va uning sheriklari men uzatgan choy-chaqani olishdan qat’iy bosh tortishdi. Bir amallab ko‘ndirdim.
Sobiq shogird bilan quyuq xayrlashdik. U meni metro poezdigacha kuzatib qo‘ydi.
Ishimning bu yog‘i oson va silliq kechdi. Najot G‘aybullaning diplomida ko‘rsatilgan institutni qiynalmay topdim. Hoynahoy farishtayu maloikalar men yetaklab yurishgan ekan. Institutning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori meni iliq kutib oldi.
Maqsadimni tushuntirdim:
- ...shuytib, diplomni bi-ir tekshirib keling, deb meni bu yoqqa jo‘natishdi. O‘zingizga ma’lum, zamon qaltis, dunyo notinch.
Sochu qosh-kipriklari oppoq prorektor men uzatgan diplomni qo‘liga olar-olmas bosh chayqadi:
- Buningiz qalbaki, yasama domla. Yuz foiz ishonch bilan ayta olaman, qalbaki diplom. Bunaqasini ilgari ham ko‘rganmiz.
Quvonchu hayajonda quloqlarim shang‘ilab, tomoqlarim quruqshab qoldi.
- Yo‘g‘-e... nahotki... – deya olaman zo‘rg‘a.
Prorektor yordamchi xodimini chaqirib,  kaminaning iltimosiga ko‘ra,  Najot G‘aybullaga tegishli diplomning qalbaki, yasama ekanligi to‘g‘risida yozma ma’lumot tayyorlashni tayinladi.
Bir soatlar chamasi vaqt ichida ish bitdi! Cho‘ntagimda ma’lumotnoma! Hovliqqanimdan pul betiga bormay kirakash yollab vokzalga oshiqdim. Xayriyat, biz tomonga yurar poezd hali ketib ulgurmagan ekan. Shartta vagonlarning biriga chiqib oldim.
Poezd viloyat markaziga ertasi kuni choshgoh mahali yetib keldi. Xullas to‘ppa-to‘g‘ri maktab hovlisiga kirib kelganimda katta tanaffusga atigi o‘n daqiqacha vaqt qolgan ekan.
Shijoat bilan «O‘qituvchilar xonasi»ga kirdim. Xona to‘ridagi ish stolida allaqanday hisobotlar bilan ovora Norxol Xushboqova menga hangu mang tikilib qoldi.
- Tezda o‘qituvchilarni yig‘ing! – dedim tantana bilan. - Anavi Najot G‘aybullaning siri ochildi! G‘irt muttaham ekan.
 Men hayajonu quvonch ichida Norxolning, nelar so‘raganini, nelar deb javob berganimni eslay olmayman. Faqat birozdan so‘ng katta xatoga yo‘l qo‘yganimni anglab  yetdim.  Men bira to‘la organ xodimlarini boshlab kelib, anavi muttahamning qo‘liga kishan urdirishim kerak edi.  Ana shu hovliqmaligimning oqibatidan Najot G‘aybullani qochirib qo‘ydik.  U  siri fosh bo‘lganini sezdiyu imi-jimida «Neksiya»siga o‘tirib jo‘nab ketdi. Shu-shu maktabimizdan uning qorasi o‘chdi. Ertasi kuniyoq bo‘lib o‘tgan voqealar yuzasidan tegishli idoralarga yozma ma’lumot berdim. Najot G‘aybulla ustidan jinoiy ish qo‘zg‘ashlarini talab qildim. Haqiqat bor, istak va talablar inobatga olinibdi. Maktabimizga ikki marta tergovchi kelib-ketdi. Oxirgi tashrifida «tushuntirish xati» yozishimizni buyurib ketgan ekanlar. Mana, bajonu dil bitib qo‘ydik. Ozgina nokamtarlik qilgan o‘rinlarimiz bo‘lsa, uzr. Men o‘z burchimni o‘tadim, xolos.  Bir qalloblikni fosh qilganimdan, katta falokatlarning oldini olib qolganimdan mamnunman, albatta. To‘g‘ri, hamkasbalar orasida birov-yarim menga g‘ijinib,  o‘qrayib qarayotganlari ham uchraydi. Buning hammasi ko‘rolmaslik, ichiqoralik oqibati. Shunday sharafli vazifani yolg‘iz uddalaganim, mashaqqatlardan cho‘chimaganim yoqmayapti ularga. Biroq boshim baland, ko‘kragim tog‘, g‘ayrli nigohlarni nazar-pisand qilmayman. Chunki men o‘z ishimdan faxrlanaman. Chunki men tarix, huquq darslari, mashoyihlar ta’kidlaganidek, kelajak  darslari qo‘lida bo‘lgan oliy toifali o‘qituvchiman.

*  *  *

Boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Eshbolta akaning tushuntirish xati)
 Men bir keksa o‘qituvchiman. Tavba, Nimani ham tushuntirishim mumkin. Hammasi tushdagidek, yo, shirin bir xayoldagidek. Najot G‘aybulla degan yangi muallim maktabimizda paydo bo‘ldi. Tuppa-tuzuk yigit, odob-ahloqi ham joyida. Sal keyinroq o‘qituvchilikni ham qoyilmaqom do‘ndirishini ko‘rdik. Masalan, men uning qallobligidan  sira xabarim yo‘q. Huv, bir gal darsliklar topib keltirganda rosa xursand bo‘lganman. Ko‘p hamkasabalar shu yigitning duoi jonini qilganmiz. U tashkil etgan jug‘rofiya kabinetini aytmaysizmi? Maorif mudiri Erkaboev maktabimizga tashrif buyurganida yangi muallim yasantirgan xonani ko‘rib og‘zi ochilib qolgan. «Ehtiyot qilinglar,  bizga juda zarur bunaqa kabinetlar», - dedi. Shuning uchun ham maktab direktori jug‘rofiya kabinetiga kalladay qulf ostirdi. Jug‘rofiya darslari boshqa sinfxonalarda o‘tiladigan bo‘ldi.  Najot G‘aybulla maxsus jihozlagan xonani undan tortib olib qo‘yganiga biroz taajjublandi, xolos.
 «Mehnatingizni yuksak  qadrlayapmiz», deya uni ovuntirgan bo‘ldi Qalqonov muallim. Yangi muallim boshqa sinfxonalarda ham binoyigina dars o‘ta boshladi.
Ertasi kuni, domla Xurramovich tarixiy to‘ntarish  yasagan o‘sha kun  direktorning xonasida Qalqonov muallim va Norxol suhbatlashib o‘tirishgan ekan.
- Eshbolta aka, bu yoqqa kiring, - deb chaqirib qoldi ilmiy mudira menga ko‘zi tushib.
Kirdik. O‘tirdik.
- Domilla, - deb gap boshladi Qalqonov muallim. – Ozgina maslahatingiz kerak. Najot G‘aybullaga besh-olti soat biolgiya darsi bersak, nima deysiz? Shu bahona biologiya kabinetini ham yasatib olardik-da!
Norxol ham direktorni qo‘llab-quvvatladi.
- Ko‘rib turibsiz, rahbarlarning kabinetlarga e’tibori kuchli.
Ularning fikri menga ham yoqdi. Oq fotiha berdim.
Afsus rejalar barbod bo‘ldi.  Katta tanaffus payti Norxol rangi quti o‘chgancha o‘qituvchilarni shoshilinch majlisga yig‘ib yurgan ekan. Men andak kechikib kirdim.
«O‘qituvchilar xonasi» hamkasabalar bilan liq to‘la. Kimdir o‘tirgan, kimdir tik turgan ko‘yi hangu mang qotib qolgan. Deraza yonida Najot G‘aybulla bo‘shashibgina turibdi.  O‘rtada domla Xurramovich, mag‘rur, tantanavor qiyofada, bir qo‘lini beliga tirab, bir qo‘lini goh-goho havoda qilichdek sermayapti.
- Qani, tushuntirib bering.chi bizga, nega qalbaki diplom bilan yuribsiz? Hukumatni, soddagina jamoamizni laqillatishga kim huquq berdi sizga, kim?! Asl niyatingizni ayting. Qanaqa jinoiy guruh bilan hamkorsiz. Maqsad nima, maqsad?!
Domla Hurramovichning qahrli hayqirig‘idan maktabning beton devorlari ham zirillab ketdi. Yig‘ilganlarning dami ichida. Xona o‘rtasi tomon yurarkan  Najot G‘aybulla chuqur-chuqur tin oldi.
- Ha, mening diplomim qalbaki, - deya gap boshladi u o‘ychan qiyofada – Men bu haqda hech kimga aytolmasdim. Avvalgi ish joyimda vijdonim qiynalib sirimni direktorga ochib qo‘ygandim. Balki meni tushinar degan xayolda edim. Yo‘q, ayuhannos solib ishdan quvib yuborishdi. Lekin, men... lekin men maktabsiz turolmayman, bolalarsiz yashay olmayman. Bilaman, ishonmaysiz, ammo haqiqat shunday. Bolalar kulgusining jarangidan zavq olaman, ularni ko‘zlari, so‘zlari beg‘ubor. Ilmdan bolalargina hayratlanishadi. Murg‘ak ongiga, o‘y-xayoliga kirib kelgan ozgina yangilik ham jajjilarni chinakamiga quvontiradi, chinakamiga hayajonlantiradi. Ularning sevinchiga, hayratiga hayrat qo‘shishdan-da ortiq qanday baxt bor? Bolalarning beg‘ubor qalbida yangidan-yangi dunyo ochuvchi ko‘ngliga iml sehrini soluvchi inson – bu muallimdir. Shu sabab bu qutlug‘ kasb mening es-hushimni o‘g‘rilagan. Shu sabab o‘qituvchilar safiga intildim. Afsuski, hech omadim yurishmadi. Uch-to‘rt karra pedinstitut ostonasidan qaytdim. Boshqa soxa bo‘yicha o‘qishga majbur bo‘ldim. Lekin bari bir muallimlikning sehrli dunyosi meni chorlayverdi, oxiri, qalbaki diplomga kunim qoldi. Aziz ustozlar – Najot G‘aybulla qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib hangu-mang qotib turgan hamkasabalarga yuzlandi, uning ko‘zlarida jiqqa-jiqqa yosh aylanar edi. – Aziz muallimlar! Qisqagina fursat bo‘lsa-da sizlar bilan yonma-yon ishlaganimdan, sizlar bilan bir havodan nafas olganimdan xursandman. Sizlardan ko‘p narsalarni o‘rgandim. Iroda, sabr-toqat neligini shu yerda bildim. Muallim hayoti batamom jasorat, fidoiylik ekan! Shuncha tashvishu tahlikaga qo‘yganim uchun hammalaringizdan uzr so‘rayman.
Najot G‘aybulla xona burchagidagi ilgakdan charm kamzulini, qunduz telpagini olib kiydi-da, eshik tomon yugurdi.
- Nasib bo‘lsa men hali qaytaman, - dedi u bo‘sag‘ada to‘xtab, yuz-ko‘ziga siniq bir tabassum yoyildi. -Hujjatlarimni to‘g‘irlab yana safingizga qaytaman. Meni kuting, aziz birodarlar!
Najot G‘aybulla shahd bilan chiqib ketdi. «O‘qituvchilar xonasi»ga og‘ir jimlik cho‘kdi. Domla Xurramovich hanuz o‘rtada kerilib trar, allanelarnidir zo‘r berib rejalashtirar edi.
- Ob-bo, - deya peshonasiga shapatiladi u bir payt. - Tullakni qochirib qo‘yding-ku?! Hammamizni avrab ketdi-ya!! Men ham baqadek qotib qolibman!
Xona to‘ridagi stulida bukchayibgina o‘tirgan Qalqonov muallim ham zo‘rg‘a tilga kirdi.
- Qochib go‘rga borarmidi, domilla Xurramovich. Qani, uning hujjatlarini bu yoqqa bering.
Bir payt domilla Xurramovich tipirchilab qoldi. Deraza tokchalariga, stol ustiga jonsarak-jonsarak alangladi.
- Iya,  qani uning hujjatlari?! Hozirgina stol ustida turgandi-ku?! Kim ko‘rdi sariq jildli papkani?
O‘qituvchilar orasiga g‘ala-g‘ovur, bezovtalik oraladi.
- Najot G‘aybulla olib  chiqib ketdi-ku! – ovoz berdi qay bir muallim. – Rost, ko‘rdim. O‘zining papkasidir deb o‘ylabman.
Domla Xurramovich goh manglayiga, goh sonlariga shappatilab hanuz xona bo‘ylab charx urardi.
- Ax, tullak! Hujjatlarini opqochib ketibdi-ku?! Endi nima qilamiz-a? Qochib qutilib ketdi-ya! Iz qoldirmay ketdi-ya!
- Domla, - deya uni jerkib tashladi Norxol. – O‘zingizni bosing. Ana, qo‘lingizda diplomi qolibdi-ku, namuncha chirqillaysiz?
Chindan-da Najot G‘aybullaning soxta diplomi domla Xurramovichning qo‘lida. Domla bir zum ayuhannosdan tiyilib, o‘zicha allanimalarni chamaladi-da qalbaki hujjatni shosha-pisha cho‘ntagiga solib qo‘ydi. Tevaragiga sirli bir ko‘z tashlab tirjaydi.
- Bo‘lari bo‘ldi, bu yog‘i ko‘chdi, - deb yana tilga kirdi Qalqonov muallim. – Sharmandamiz chiqdi. Endi u yer-bu yerda gapirib yurmanglar bu voqealarni. Birov-yarim qiziqsinib so‘rasa,  yangi muallimga ish yoqmadi, boshqa sohaga o‘tib ketdi, deb qo‘vyaveringlar.
Hech kimsadan sado chiqmadi. Navbatchi shosha-pisha darsga qo‘ng‘iroq cho‘ldiyu o‘qituvchilar birin-ketin tarqashdi.
Ammo domilla Xurramovich chidayolmay baribir organga xabar bergan ekan.  Mana shu bahona tushuntirish xati ham yozdik. Bor gap shu. Hammasi tushdagidek, hammasi xayoldek...

*  *  *
- Qalay, Delo bilan tanishib chiqdingizmi? – deb so‘radi tergovchi shosha-pisha xonaga kirarkan.
- Ha, g‘irt qallob ekan-ku, bu Najot G‘aybulla deganlari.
- E, nimasini gapirasiz, hammani boplab laqillatgan. Davlat hujjatini qalbakilashtirgani uchun unga jinoyat ishi qo‘zg‘adik. Kim biladi, tag‘in qancha hunari bor, asta-sekin ochilaveradi-da. Menimcha ham u biror bir jinoiy to‘da odami, behuda bu yerlarga sang‘ib kelmagan.
- Hali o‘zi topilmadimi?
- Hozircha yo‘q. Anavi muallimlarning laqmaligidan foydalanib hujjatlarini ham gum qilgan. Juda ayyor ekan, qoyil. Og‘zaki ma’lumotlar bo‘yicha izlab yuribmiz hozircha. Qochib qaerga ham borardi, baribir topamiz.
 - Balki uning pasporti ham qalbakidir? Balki Najot G‘aybulla umuman bu yerning odami emasdir?
Tergovchining ko‘ziga xavotir oraladi.
- Yo‘g‘-e, nafasingizni issig‘roq qiling-e, u holda ish toza chigallashadi.

*  *  *
Poytaxtga qaytdim. Butun shuurimni g‘alati bir kayfiyat chulg‘ab olgan edi.
«Najot G‘aybulla qaytadi, - deb o‘ylardim nafasimni issig‘roq qilib. – Hujjatlarini to‘g‘rilab albatta qaytadi. Axir, u bolalarsiz, bolalar shunday muallimsiz yashayolmaydi!..»
Men avtobus o‘rindig‘iga yastanib, horg‘in ko‘z yumdim.

 Saqlab olish

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.