OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ma’suma Ahmedova. Billur guldon (hikoya)

Katta imorat pastida bozor qiziydi. Qo‘shni kampirlar pastakkina kursichalarda o‘tiradilar. Ermak qilib, savdo qiladilar. Oldilarida turfa buyumlar yoyilgan, rang-barang pufaklardan tortib, banka qopqoqlariyu chinni idishlar...
Birov paypoq to‘qiganicha oldidagi eski qo‘g‘irchoq, sirli kastryulga ahyon-ahyon o‘tib qolgan o‘tkinchilarni chorlaydi. Birovi oldidagi narsalarni uyoq-buyoqqa surib qo‘ygan bo‘ladi. Birov beparvo, qo‘llarini chalmashtirganicha o‘tiradi.
Shu yerdan o‘tib ketayotgan qiz beixtiyor to‘xtab qoldi. Ana shu eski buyumlar orasida bir guldon uning e’tiborini tortdi. Qiz engashib, qo‘liga guldonni oldi. Billur guldonning nafisligi, bezaklari ko‘zini yayratdi. Asta barmoqlari bilan guldonni chertdi. Guldondan ko‘ngil tubiga borib tegadigan ajib nozik ovoz taraldi.
— Ehtiyot bo‘l, qizim, — dedi qotmagina kampir unga yuzlanib. Aftidan, kampir idish egasi bo‘lsa kerak, kuyunchaklik bilan qo‘shib qo‘ydi: — Bunaqa billur hozir topilmaydi. Chexlarniki. O‘-ho‘, buni bir paytlar erim olib kelgandi. Shunday qimmat, shunday qimmat... Rosa koyigandim o‘ziniyam.
Qiz guldonni qo‘lida avaylab tomosha qildi. Billur quyoshda jilva qildi.
— Qancha deyapsiz? — so‘radi qiz guldonni qo‘lidan qo‘ymay.
Kampir yutingancha indamay qoldi.
— Qancha? — qiz uni eshitmadi, deb o‘ylab savolini takrorladi.
— Matveevna, senga gapiryapti, — kampirning yonida o‘tirgan hamrohi uni turtib qo‘ydi. — Aytsang-chi narxini.
Kampir go‘yoki guldonni qaytib olmoqchiday, beixtiyor qo‘llarini qizga silkidi.
— Guldonni rostdan olmoqchimisan?
— Olmasam so‘rarmidim, buvijon, — dedi qiz kulib.
— Bu guldon ne-ne baxtli kunlarni ko‘rmagan... — kampir xayolga toldi. — U baxt keltiradi.
— Mayli, baxt keltira qolsin, shuning uchun ham sotib olmoqchiman-da, — dedi qiz yana miyig‘ida kulib. — Axir qancha narxi?
Kampir o‘ylanib qoldi.
— Klava, savdosi kelganda nega jim o‘tiribsan, aytsang-chi?
Kampir qizga yuzlandi.
— Guldonni qaytib bera qoling, qizim.
Qiz hayron bo‘lib qoldi. Atrofdagilar ham unga taajjublanib qarashdi.
— Sotishdan aynidingizmi? Yo puli yetmaydi, deb o‘ylayapsizmi? — dedi qiz jon-dili bilan.
— Yo‘q-yo‘q...
— Jinnimisan, Matveevna, nega bunday qilyapsan? — dedi unga hamrohi kuyunib.
— Guldonni sotmoqchi emasman... fikrimdan qaytdim.
— Ie, nega? — dedi qiz ajablangandan-ajablanib. — Sotmoqchi bo‘lmasangiz, nega olib chiqdingiz?
Atrofdagilar ham chuvillab ketishdi.
— Bera qoling... — dedi kampir qizga yolvorib go‘yo u guldonni olib qochib ketadiganday.
    Qiz istamaygina guldonni unga uzatdi. Kampir guldonni shosha-pisha olib, qog‘ozga o‘radi. Qiz orqasiga qaray-qaray nari ketdi.        

2005.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.