OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ma’suma Ahmedova. Taqdir (hikoya)

Uydan ko‘ngli xira bo‘lib chiqdi. Chorpoyaga suyangan onasi hovlida urug‘ boylagan seryaproq sadarayhonlarga tikilgancha dedi:
— Ha-a, bu yoz ham o‘tdi-ya.
Vasila onasining fikrini uqdi. Onasi bu yoz ham besamar o‘tdi, bu yil ham to‘y qilolmadik, demoqchi. Har yil shunday o‘tadi. Onasi har yoz fasli nimadandir umidvor bo‘ladi, el-yurt, mahalla-ko‘y oldida yuzi yorug‘ bo‘lib, qiz uzatishni astoydil niyat qiladi.
Vasila tuflisini shosha-pisha oyoqlariga ildi, tezroq uydan chiqishga oshiqdi.
— Doim shunday, gapirsam, eshikka chopasan, — onasi jahl bilan qarshisidagi non o‘rog‘liq dasturxonni nari surdi.
— Nima qil deysiz bo‘lmasa? — Vasila onasiga iddao bilan qaradi. — Endi e’lon beraymi?
— E’londan berirog‘ini qila tur! Uyoq-buyog‘ingga qarab ish qil. Bo‘ldi, tanlama. O‘n sakkiz yoshmiding? — Onasi jahl bilan o‘rnidan «lik» etib turdi.
Vasila hozir onasi bilan aytishib qolishiga ko‘zi yetdi-da, eshik tomon chopdi. Ko‘chaga chiqdi, ko‘zlariga quyilib kelgan shashqator yoshlarni kafti yuzasi bilan artdi. Beixtiyor uzoqdan kelayotgan avtobus tomon intildi. Shu asnoda ishxonaga qanday yetib kelganini bilmay ham qoldi. Eshik teshigiga kalit solarkan, ichkarida beto‘xtov telefon jiring-jiring etdi.
— Uf, namuncha! — telefon jiringlashi asabini buzgandan-buzdi.
U xonaga kirdi-da, jahl bilan telefon go‘shagini ko‘tardi. Bir on javob bermay turib qoldi.
— Allo, Allo! — simning u tomonidan erkak ovozi so‘roqlardi.
— Nima? — Qiz zarda bilan ovoz berdi. — Sizga kim kerak o‘zi?
— Menga Vasilani chaqirib bera olasizmi? — So‘rovchining ovozida buyruqdan ko‘ra iltimos ohangi ko‘proq edi.
— Men Vasilaman, gapiring, — beixtiyor qiz vujudini qiziqish egallab oldi.
— Menga telefoningizni berishuvdi, siz bilan uchrashsam bo‘ladimi?
Vasila birdan ziyrak tortdi.
Ha, bu — uning jufti bo‘lishini, oilali bo‘lishini xohlab, hamisha kuyov izlab yuruvchi ishxonasidagi Mehri opaning ishi. U tunov kuni, Vasila, sizga bir kuyov topdim, xotini qazo qilgan, o‘zi dotsent, ilmli odam, deb suyunchi olayotuvdi. E, Mehri opa singari g‘amxo‘r opalardan uning ko‘ngli qolgan o‘zi. Shuncha odam topadi-yu, birortasi, o‘lsin agar, pichoqqa ilinsa.
— Bo‘ladi, qachonga deysiz? — dedi ensasi qotib o‘ziga xos bo‘lmagan dadillik bilan.
— Ertaga vaqtingiz qanday? — dedi erkak, chamasi qizning dadilligidan hayron qolib.
Vasila kimga zarda qilayotganini o‘zi ham bilmay, dedi:
— Ertani kutib nima qilamiz? Bugun ishdan keyin kelaqoling.
Kelishdilar. Vasila telefonda gaplasharkan, negadir uning ertalabki ko‘ngil xiraligi tarqadi. U beixtiyor devorga ilingan ko‘zguga o‘zini soldi. Ko‘zguda hali qizlik malohati tark etmagan xushro‘y chehra aks etdi. Qizning ko‘zlari osti qovoqlarida mayda ajinlar iz tortgan, hamisha tarang yuz terilari salqib qolgan edi. Egnidagi nafis, moviyrang shohi ko‘ylagi ham nazarida kiftlarida osilib, shalvirab qolganga o‘xshardi.
Vasila ko‘zgudan hafsalasi pir bo‘ldi, asta joyiga o‘tirib, hozirgina o‘zi gaplashgan telefon apparatiga tikilib qoldi. Beixtiyor ko‘ngli yorishdi. Ovozidan basavlat, kelishgan yigitga o‘xshaydi, beixtiyor ko‘nglida umid paydo bo‘ldi. Aslida u qanday odam ekan?
Bir ish kunini yangi umidlar bilan orziqib o‘tkazdi.
Vasila yangi odam bilan bo‘ladigan uchrashuvni har safar va hayajon bilan qarshi oladi. U odaticha deraza tabaqalarini ochib, ko‘chaga qaradi. Birdan ko‘zi shundoq deraza ro‘parasidagi tramvay bekatiga tushdi. Shosha-pisha devorga ilingan soatga qaradi: o‘n besh daqiqasi kam olti. U qiziqqandan-qiziqib bekatga tikildi. Birdan qizning yuragi orqaga tortdi. Bekatda uch-to‘rt nafar bola-baqra va ko‘rimsizgina gavdali, oq ko‘ylakli, qo‘ltig‘iga qandaydir papka qistirgan odam turardi. Uchinchi qavatdan erkakning boshidagi tepakali quyoshda yaltirab ko‘zga tashlandi.
— Shu, shu... — Vasilaning lablari pichirladi. Axir uning o‘zi uchrashuvni tramvay bekatiga tayin etgan, bu yerda kishi bir-birini topishi oson edi.
Tramvay bekatga kelib to‘xtadi. Ulov kutuvchilar tramvayga chiqdilar, manziliga yetganlar tushib, ko‘chaning narigi tomoniga o‘tdilar. Bekatda atrofga olazarak qaragan birgina egnida oq ko‘ylagi halviragan, ozg‘in, tepakal odam qoldi, xolos.
Xuddi o‘zi! Shubhaga o‘rin qolmagan edi. Qizning lablari titradi.
— Xayr bo‘lmasa, — hamkasabalari birin-ketin xonani tark eta boshladilar.
Ha, ular Vasilaning uyiga shoshilmasligiga ko‘nikkan, ularning o‘z ro‘zg‘orlariga oshiqishlari esa har safar qiz ko‘nglini cho‘ktirar edi.
U endi nima qilsin? Uchrashuvga borsinmi? Men sizni tanidim, yuring, gaplashaylik, desinmi? Yo‘q, yo‘q, o‘ziga yoqmagan odam bilan qanday birga o‘tiradi? Hamon gaplasholmas ekan, qanday qilib rad etadi?
Birdan ko‘ngli o‘ksidi. Onasining aytganini qilib, ko‘zini yumib tegib ketaversa-chi? Yo‘q, yo‘q! Uning yelkalari silkindi, ko‘zlariga yosh keldi. O‘z peshonasidan o‘pkaladi. Axir u ham dunyoga bir marta kelgan-ku. Ana shu odam bilan qanday qilib bir to‘shakda...
Yo‘q! Qizning xo‘rligi keldi, o‘pkasi to‘ldi. Boshini stolga qo‘ydi. Shu zaylda qancha o‘tirgani esida yo‘q, farrosh xotin xonaga kirdi. Stol-stullarni nari-beri surdi.
— Kechirasiz, o‘rningizdan tursangiz, yig‘ishtirib olardim, — dedi.
Farrosh ayolning betakalluf ovozi g‘azabini qo‘zg‘adi. Zarda bilan o‘rnidan turdi. Derazadan ko‘chaga qaradi. Tramvay bekatida boyagi odam yo‘q, bir-ikki o‘tkinchilar turardi. Vasila negadir yengil tortdi. Sumkasini bilagiga ildi. Endi qayoqqa borsa ekan? Uygami? Ertalabki dilxiralikdan so‘ng qanday qilib uyga boradi? U odatda ana shunday dilxiraliklar o‘tgach, uyga bormas, qadrdon dugonasi Go‘zalnikida tunab qolardi. Go‘zal onasiga qo‘ng‘iroq qilar, ora sovigach, ertasi uyiga qaytardi. Hozir bunday qilolmaydi. Go‘zal chet elda ishlayotgan erining yoniga ketgan edi. U maqsadsiz ko‘chaga chiqdi, boshi oqqan tomonga yo‘l soldi. Bir mahal yoz so‘ngida yanada tiniqlashgan so‘lim anhor sohilida qad ko‘targan yozgi qahvaxona qarshisidan chiqib qoldi.
Beixtiyor qahvaxona tomon bir-ikki odim tashladi. Qahvaxona sokin, hali shom tushmaganligi uchunmi, odam siyrak, oppoq dasturxonlar yozilgan, shinam stollar kishini o‘ziga chorlardi.
Vasila ortiq ikkilanmasdan shundoq anhor sohiliga tutash qo‘yilgan stolga o‘tdi. U kursiga o‘tirgancha ohista oqayotgan ko‘m-ko‘k suvga termildi. Ha, u shu yerda sevgan kishisi bilan o‘tirib, baxtiyor, shod lahzalarni boshdan kechirishni nechog‘li orzu qilgan edi! Orzuidagi sevgilisi albatta baland bo‘yli, kelishgan, saxiy, meh-ribon, samimiy yigit bo‘lardi. Yigit uni shunday otashin muhabbat bilan sevardi...
Bularning bari-bari, afsuski, xayolida shirin orzuligicha qolib ketdi. Qiz shunday shirin lahzalarni boshidan kechirmadi. Peshonasi qursin...
— Mumkinmi?
Vasila dabdurustdan aytilgan ovozdan cho‘chib tushdi. Xayoli qochib, gapiruvchiga boshini ko‘tarib qaradi. Qaradi-yu, birdan yuragi «shuv» etdi. Ne ko‘z bilan ko‘r-sinki, qarshisida tramvay bekatida uchrashishga ahdlashgan o‘sha odam turardi. Vasila hozir qanday ahvolga tushganini bir o‘zi va Olloh biladi.
«O‘lar, oldiga chiqmagan, uni ko‘rmagan bo‘lsam, qayoqdan tanisin?» — Qiz asta o‘ziga kelib, ichida tasalli berdi.
— Bo‘sh joy ko‘p-ku? — u halovatini buzgani uchun bu odamdan norozi bo‘lib dedi.
— Ha, ha, to‘g‘ri. Lekin qarasam, siz ham yolg‘iz, men ham yolg‘iz, birga o‘tirsak, zerikmasdik, deyman-da, — bu odam gapdan qaytmadi, favqulodda surbet chiqib qoldi.
— Sira zerikayotganim yo‘q, — qizning ensasi qotib, shartta dedi. Boring yo‘lingizdan qolmang, halovatimni buzmang, deb haydamoqchi bo‘ldi va og‘iz juftlab, unga qaradi. Shunda yigitning o‘ziga qarab kulib turgan ko‘zlariga ko‘zlari to‘qnashib, indayolmay qoldi. Uning nigohlarida kishini avaylovchi alla-qanday ifoda bor edi.
— Maylimi? — yigit shunday deb kursini o‘zi tomon tortib, o‘tirdi.
— O‘tirib bo‘ldingizu tag‘in ruxsat so‘raysiz-a, — Vasilaning negadir kulgisi qistadi.
Yigit Vasilaning ovozidan yumshaganini sezib, qo‘ltig‘ida qistirgan papkasini bemalol olib, stolga qo‘ydi. Uyoq-buyoqqa alangladi. Shunda kabobpaz oldida gap sotib turgan ofitsiant qizlardan biri yetib keldi.
— Labbay? Nima buyurasiz? — Qiz fartug‘i cho‘ntagidan bloknot bilan qalam chiqardi va taomlarni sanab ketdi.
Yigit savol nazari bilan Vasilaga qaradi:
— Qaysinisi ma’qul?
Vasila o‘ng‘aysizlanib, dedi:
— Nega mendan so‘raysiz? Istaganingizni buyuravermaysizmi?
— Hayron bo‘lmang. Aslida men bugun uchrashuvga chiqqandim. Men kutgan qiz negadir kelmadi. Shuning alamiga sizni mehmon qilmoqchiman, — deya kuldi yigit.
Vasila uning bu so‘zlaridan o‘zini qo‘yarga joy topmadi, yonoqlari uyatdan yondi. Xayriyat, hamrohi uning bu holatiga razm solib o‘tirmadi, ofitsiant qizga yuzlangancha taom buyurdi. Ofitsiant qiz buyurtmani olgancha nari ketdi.
— Qani, gapiring, — yigit yana unga yuzlandi.
— Nimani gapiray? — dedi Vasila hayratdan lol qolib.
«G‘alati ekan-ku bu odam. Yoki meni kuzatib, izimdan kelganmikin?» — u shubha bilan hamrohini zimdan kuzatdi. Hamrohi xotirjam o‘tirardi.
— O‘zingiz haqingizda, masalan, ismingiz nima, nima ish qilasiz va hokazolarni gapiring-da.
Vasila nima deyishini bilmay qoldi. Agar rostini aytadigan bo‘lsa, bari fosh bo‘ladi-ku. Bu odam u haqidagi ma’lumotlarni allaqachon Mehri opadan bilib olgan-ku.
— Oilaliman, uchta bolam bor. Erim tashlab ketgan, yuragim siqilib, shu yerga keldim, — u to‘satdan ko‘ngliga kelgan gaplarni aytib tashladi.
Hamrohi qizning gaplarini indamay tingladi va uni diqqat bilan kuzatdi. Vasila gapiradigan gapini so‘ylab bo‘ldi. Oraga o‘ng‘aysiz sukut cho‘kdi.
— Shunday deng-a, — dedi yigit ancha vaqtdan so‘ng.
— Ishonmasangiz ishonmang, — Vasilaning negadir jahli chiqdi. Qiziq odam ekan-ku, nima ishi bor? Men unga hisob berishim kerakmi?..
— Jahlingiz chiqmasin, —hamrohi bamaylixotir kursiga joylashib o‘tirib oldi. — Men sizdan kattaroqman. Bu hayotda uncha-muncha tajriba orttirganman. Sizni dastlab ko‘rganimda nimalar xayolimga keldi, aytaymi? Xafa bo‘lmaysizmi?
Vasila bu odamning kutilmaganda surbetligidan g‘ashi keldi, ammo qandaydir qiziqish, o‘zga bir odamning o‘zi haqidagi fikrini bilish istagi butun vujudini chulg‘ab oldi.
— Qani, ayting-chi, — dedi qiz.
— Siz chiroyli qiz bo‘lgansiz, hozir ham husningizni yo‘qotmagansiz. — U Vasilaga diqqat bilan tikilgancha, gapni uzoqdan boshladi. — Yana bir narsani aytaymi?
— Hadeb ijozat so‘rayvermasdan aytadiganingizni aytavermaysizmi? — Vasilaning xunobi oshib, uni jerkib tashladi.
— Qizishmang. Ha, aytsam-aytdim... Sizdaqalarning oilali bo‘lishi ancha og‘ir masala. Siz hali turmushga chiqmagansiz.
Qiz hayratdan yoqa ushladi. Ha, bu o‘sha odam — bilib ko‘rib, izimdan kelgan! Bunga zarracha shubhalanmadi.
— Nima, meni fosh qilaman, deb o‘tirdingizmi oldimga? — dedi u bo‘g‘ilib.
— Ko‘nglingizga og‘ir botgan bo‘lsa uzr. Ba’zida kishi dildan gaplashgisi keladi, kimgadir yordam bergisi keladi. Bilasizmi, hozir bu yerga kelishim qiziq bo‘ldi. Men birovni kutdim, kutdim, kelmadi. Birpas o‘tirib, dam olay, ovqatlanay, deb bu yerga kirdim. Qarasam, chetroqda siz o‘tiribsiz. Sizning holatingiz meni o‘ziga tortdi. Ko‘rinishingiz shunday parishon, ma’yus ediki... Xuddi sevgilisi tashlab ketgan, iztirobda qolgan yosh qizga o‘xshardingiz.
Vasilaning ichi yorishdi, kulimsiradi. Demak, u mening izimdan kelmagan.
— Azbaroyi achinganingizdan achchiq-achchiq gaplarni gapirayotgan ekansiz-da, — dedi u picha yumshab.
— Bilasizmi, ba’zida achchiq so‘z ham kishiga yordam beradi. Xuddi tumov paytida asqotadigan achchiq qalampirga o‘xshab. Odatda siz toifa qizlarning talablari ham nihoyatda katta bo‘ladi. Ular fikrlarida qat’iy turadilar. Agar ularga ko‘ngillariga xush kelmagan odamni ro‘para qilguday bo‘lsangiz, baloga qolasiz. Ular o‘zlarini haqoratlangan, sho‘rpeshona his etadilar, bu dunyodan ko‘ngillari qoladi. Yillar esa o‘taveradi... — hamrohi Vasilaga ma’noli qaradi va gapini ma’qullatgannamo bosh irg‘ab, dedi: — Ha, ana shunday.
Vasila joyida o‘tirolmay qoldi. O‘zini noqulay his etdi. Shu payt qo‘lida patnis bilan ofitsiant qiz kelib qoldi. Ketma-ket taomlarni stolga qo‘ya boshladi.
Yigit ofitsiant qiz stolga qo‘ygan shampan vinosini qo‘liga oldi.
— E, keling, bu dunyoning tashvishlari tugarmidi. Qani, oling, — u qadahlarga shampandan quya boshladi.
Vasila uning qat’iyatidan taajjubda qoldi. Uning mutlaqo vino ichish niyati yo‘q edi. Hamrohi hech ikkilanmay qadahni unga uzatdi. Qiz qadahni qo‘liga qanday olganini o‘zi ham bilmay qoldi.
— Qani, oldik, afsuski, ismingizni bilmayman, baxt uchun, sizning baxtingiz uchun!
Vasila shunda ismini aytib yuboray-aytib yuboray dedi!
— Nega endi faqat mening baxtim uchun? — qiz ajablanib so‘radi.
— Siz hozir oling, keyin aytaman.
Vasila beixtiyor shampandan ho‘pladi. Nazarida bu odam bilan anchadan buyon tanishday, balki uni bir umr biladiganday edi.
— Biror niyat uchun qadah ko‘targanda birdaniga ichib yuborish kerak, — dedi yigit.
Qiz o‘zi ham bilmay hamrohi bilan birga vinoni birdaniga ichib yubordi. Asta-asta vujudi yayradi, o‘zini erkin sezdi. Negadir hozir bu odamni birinchi marta ko‘rganida yoqtirmaganiga o‘zi hayron edi.
— Hamon siz mening baxtli bo‘lishimni xohlar ekansiz, nima qilish kerak, deb o‘ylaysiz? — Qiz to‘satdan hamrohini savolga tutdi.
— Haqiqatga tik qarang.
— A?
— Nachora, ko‘ngil hamisha yosh — umr esa o‘tib boraveradi. Muhimi — birinchi qadamni qo‘yish.
— Nima, siz meni yoqtirmagan odamingizga ham rozi bo‘lib ketavering, demoqchimisiz? Bilaman, umr o‘tgan, katta bo‘lib qolganman. — Vasila hech qachon ich-ichida o‘zi ko‘nmaydigan, tan olmagan haqiqatni kutilmaganda tiliga chiqarib yubordi. Lekin mening ham baxtli bo‘lishga haqqim bor-ku. — Vasilaning beixtiyor ko‘zlariga yosh keldi.
— To‘g‘ri, to‘g‘ri, — yigit kutilmaganda qizning bu holatidan qo‘rqib ketdi. Chamasi, u voqealarning bu tarzda rivojlanishini kutmagan edi. Tezroq bu mavzudan nari chekinish uchunmi, dedi: — Keling, endi bu haqda gaplashmaylik. Albatta, har bir kishining baxtli bo‘lishga haqqi bor. Mana ko‘rasiz, hali baxtli bo‘lasiz ham. Bilasizmi, men nima uchun sizga bu gaplarni aytayapman? O‘sha qizning boya uchrashuvga kelmaganligi menga yomon alam qildi.
Vasila uning gaplari samimiy ekanligini sezdi.
— Balki biror ishi chiqib qolgandir, — dedi negadir o‘zini oqlayotganday.
— Yo‘q, yo‘q, u meni chetdan ko‘rib, kuzatib turganligi aniq edi.
— Nimalar deyapsiz? — Vasila beixtiyor o‘zini-o‘zi himoya qilayotganday dedi: — Siz uning shunday qilganligini ko‘rib qoldingizmi?
— Buning uchun uni ko‘rish shart emas. Uzoqdan, masalan, tepadan tramvay bekatini kuzatish mumkinligini bilish emas. — U qizning hayratda qotib qolganini ko‘rib, izoh berdi: — Biz tramvay bekatida uchrashmoqchi edik. Menimcha, uning ishxonasi ko‘chaga qaragan, binoning uchinchimi-to‘rtinchi qavatida joylashgan bo‘lsa kerak. U meni o‘sha yerdan ko‘rgan-da, vahimaga tushgan. Shu odam-a, ana shu odamga tegamanmi? Ana shu tepakal, jikkakkina odam bilan birga... birga yashaymanmi, deb.
Vasila birdan qizib ketdi, a’zoyi badani alangayi otash bo‘lib yonayotganday bo‘ldi.
— Nega u bilan uchrashmoqchi bo‘ldingiz? — Qiz qizishgandan-qizishib dedi: — Shunday dono ekansiz, nega birov topgan odam bilan tanishib, unga uylanmoqchi bo‘ldingiz?
Yigit qizning bunday qizishiga parvo qilmadi, birdan qah-qah otib kulib yubordi.
— To‘g‘ri, juda to‘g‘ri, — u kulgidan ko‘zlari yoshlanib dedi: — Hammamiz ham xom sut emgan bandalarmiz. Rostini aytsam, o‘zim ham bilmay qoldim. O‘sha qizni menga rosa maqtashdi-da. Qiziqib qoldim. Lekin bunday qilib uylanib bo‘lmaydi, to‘g‘ri aytasiz. Keling, shu gaplarni qo‘yaylik. Bo‘lgani bo‘lar-da...
Yigit shunday deya yana qadahlarga shampandan quydi.
— Qani, yana oldik. Nima uchun qadah ko‘taramiz, bilasizmi? Shu yolg‘on illyuziyalarning ro‘yobga chiqishi uchun!
Chor atrof birdan charog‘on bo‘lib ketdi: qahvaxonaning turfa chiroqlari rang-barang tusda tovlandi. Nurafshon oqshom o‘z-o‘zini ko‘z-ko‘z etdi. Vasila yigitning ko‘zlari yonib, qadah ko‘tarishga chorlashiga mahliyo bo‘lib qoldi.
— Endi nima qilasiz? — negadir qiz unga shunday savol berdi.
— Biz endi nima qilamiz, deng. Biz avval qadah ko‘taramiz-da, keyin kelishib olamiz.
— Nimaga? — Qiz hamrohining jumboqli savollaridan hayratda edi.
— Bilmaysizmi? — hamrohi unga yuzlanib dedi: — Ikkalamiz ham baxt izlagan odamlar ekanmiz.
— Nima?
— Bari-bari behuda gaplar ekanligiga ishonishga kelishib olamiz.
— Nimalar deyapsiz?
— Biz juda bo‘lmasa, bir-birimiz bilan tanishib olamiz-da, keyin... — Yigit unga sinchkov nigoh tashladi: — Axir biz hattoki bir-birimizning kimligimizni, ismimizni ham bilmaymiz, to‘g‘rimi?
Vasila uning samimiy so‘zlayotganligiga shubha qilmadi. U negadir o‘zini qushday yengil his etdi. Ortiq xijolat bo‘lmay qo‘ydi. Chunki u hozir o‘sha qiz o‘zi ekanligini, avval-boshida uni yoqtirmay tramvay bekatiga chiqmaganligini tan olishga tayyor edi. Va ana shu e’tirofni hamrohi to‘g‘ri qabul qilishiga ham amin edi.
Hamrohi esa qadah ko‘tarib, dedi:
— Keling, har birimiz baxtli bo‘lishimiz uchun qadah ko‘taraylik. Oddiy insoniy baxt uchun!
Shom tobora qorong‘i tus oldi. Oqshom chiroqlari turfa ranglarda jilvalandi, aksi anhorga juft-juft bo‘lib to‘kilib, suv mavjlariga qo‘shilib ketdi.

2004.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.