OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ma’suma Ahmedova. Markazdagi qiz (hikoya)

— Risol, hayronman, nega bunday bo‘ldi? — Gulnozaning fig‘oni oshdi. — Kuniga ikki yuz martalab qo‘ng‘iroq qilaverib, jonga tegardi. Endi bo‘lsa, jim. Tavba...
Risolat dugonasining yigitini biladi — rassom. Esida, qaysidir rassomning shaxsiy ko‘rgazmasiga borishganida ko‘rgan, ular bilan bir davrada o‘tirishgan.
— Men hali rassom emasman, shu institutda o‘qiyman, xolos, — degandi kulib.
— Shu institutni bitirsa, rassom bo‘ladi, shundaymi?
Esida, Risolat unga shunday savol bergandi. Gulnoza Risolatni turtib qo‘ygandi. “Jinnimisan, ishing nima?”
Yigit atayin boshini burib, Risolatga qaradi va to‘satdan qah-qah otib kulib yubordi:
— Yo‘q, shu institutni bitirsa, rassom bo‘lmaydi.
Risolat yigitning gapiga tushunmadi, yana savol bermoqchi bo‘ldi-yu, uyaldi. “Menga nima”. Yigit uning xotirasida o‘ziga haddan ortiq bino qo‘ygan, manman, injiq odam taassurotini qoldirgandi. Gulnozaga ham hayronsan, nimasiga uchdi uning? Kelishgan qaddi-qomatigami? Yo ignasini sanchib oladigan ilmoqli gaplarigami?
U beixtiyor yelkasini qisib qo‘ydi.
— Risol, dugonajon, bir ish qilsang.
— Qanday ish?
— Men hozir senga Davronning telefonini beraman. Menga javob bermayapti. Zora begona raqamni ko‘rib, telefonini ko‘tarsa. Sen shunday-shunday, Gulnoza telefoningizni ilhaq bo‘lib kutyapti, deysan.
U dugonasiga e’tiroz bildirib o‘tirmadi. Bu xayoliga kelgani ham yo‘q. To‘g‘ri, o‘zing bilmagan, sinamagan odamga bunday deyish sal noqulayroq bo‘ladi. Lekin u Gulnozaning dugonasi,tag‘in yaqin dugonasi. Nahotki shunday paytda dugonasiga yordam berolmasa?
— Qani, ber-chi.
U telefon raqamini terdi. Telefondan uzundan-uzoq gudok ovozi, so‘ng “... xizmat doirasidan tashqarida” degan ovoz eshitildi. U telefonni Gulnozaning qulog‘iga tutdi. Gulnozaning tarvuzi qo‘ltig‘idan tushdi.
— Qayoqda yurgan ekan?
— Gulnoz, balki xabar jo‘natarmiz. Shunda javob bo‘larmidi.
— Allaqachon jo‘natganman, e...
— Qo‘y, o‘rtoqjon, hadeb siqilaverma, paydo bo‘lib qolar. Ba’zi odam shunday beparvo bo‘ladi.
U shunday deya dugonasiga ko‘ngil berdi. Uyiga ketarkan, yo‘l-yo‘lakay Gulnozaning ma’yus holati ko‘z o‘ngidan ketmadi.

— Kelarding-da, — uy ostonasida opasi uni iddao bilan qarshi oldi.
Opasi ikki bolasi bilan ota uyiga qaytib keldi — aytishicha, eri unga vafo qilmabdi. Qo‘lida sakkiz oylik chaqaloq big‘illab yig‘ladi.
 — Bas qil-e... — opa chirillab yig‘layotgan go‘dagiga parvo qilmay Risolatga ergashdi. — Pochchangni surishtirmadingmi?
Opa boshqa xotinga ilashgan erdan umidvor, jahl bilan ota uyiga kelishga kelvolib, eshikka qaraydi, kun sanaydi. Risolat nima deyishini bilmay, divanga o‘tirdi. Risolat allaqachon pochchasi bilan gaplashgan, boriga ko‘nib, sabr qilmagan, eridan shubha qilgan xotinning keragi yo‘q, deb aytgan pochchasining gaplarini yuraklari qon bo‘lgan, bor xayoli “xiyonatkor, ko‘z ochib ko‘rgan yashshamagur erida” bo‘lgan, unga insof tilagan opasiga qanday qilib aytadi?
— Gaplashdim.
— Nima dedi?
— Sabr qiling, opa, bir yo‘li topilib qolar.
— Topgan gaping shu.
Opa jahl bilan go‘dakka ko‘krak berdi, siltadi, tashqaridan onasining ovozini eshitib, jim bo‘lib qoldi. Ko‘z yoshlari yonoqlarini yuvdi.
Risolat indamay xonasiga kirib ketdi. Tun. Allamahal telefoni jiringladi: Gulnoza.
— Risol, senga bir iltimosim bor.
— Qanday iltimos? — uyqu aralash so‘radi.
— Ertaga bir joyga borib kelsang.
 — Qayoqqa? Nima, tush ko‘ryapsanmi?
— Davronning ustaxonasiga.
— Nima? Bor xayoling o‘shaningda bo‘lib qoldimi? Borib uxlasang-chi, o‘tib ketar.
— Qanday uxlayman? Indamay-netmay yo‘q bo‘lib qolgan bo‘lsa.
— Obbo, topilib qolar. Namuncha vahimasan.
— Hech kimni sevmagansan-da, bilmaysan.
Bu gap negadir Risolatga og‘ir botdi.
— ...
— Nega indamaysan?
—...
— Biror nima desang-chi, Risol, Risolat?
— Erta tong otsin, bir gap bo‘lar, — yumshadi Risolat.
— Rahmat, o‘rtoqjon, yo‘q demasligingni bilardim.
«Tavba, jinnimi, Davronning oldiga bor, deydimi? Qanday boraman, nima deyman?» Risolatning uyqusi o‘chdi, uyoqqa ag‘darildi, buyoqqa ag‘darildi, bo‘lmadi. Uxlolmadi. Tongga yaqin ko‘zi ilingan ekan, chaqaloqning big‘illab yig‘lashi uyg‘otib yubordi.
— Otangga o‘xshab chars bo‘lmay ket, — opasi bolasini jahl bilan obboladi. — Kechasi bilan uyqu bermadi-ya.
Shu payt telefoni jiringlab ketdi. Yuragi siqildi, hoynahoy Gulnoza bo‘lsa kerak, olmadi. Telefon chuldirashi avjiga chiqdi.
— Olsang-chi matohingni... — opasi chidamay telefonni oldi. — Allo... Gulnoza, hozir Risolatga beraman.
Gulnozaga qanday yo‘q deydi? Lekin birovning sevgilisi huzuriga borib, qanday vositachilik qiladi? Shu o‘y yuragini siqdi. Birovning iltimosini qayta-rolmaydi, ayniqsa Gulnozanikini. Yaqin dugonasi bo‘lsa, yana bunaqa qiynalayotgan bo‘lsa... Shunday xayollar bilan o‘ziga-o‘zi tasalli berdi.
— Risol, manavi yo‘ldan borasan, — Gulnoza o‘zida yo‘q xursand, hoziroq dugonasi eshikdan sevgilisini boshlab kirib keladiganday unga manzilni tushuntira ketdi. — Ustozining chet elda ko‘rgazmasi bo‘lyapti, ustaxonasini Davronga topshirib ketgan. Hoynahoy o‘sha yerda ishlayapti...
— Shuni bilarkansan, o‘zing boraqolmaysanmi? —dedi beixtiyor Risolat.
— Qiziqmisan, men borsam bo‘larkanmi? — Gulnozaning ovozida boyagi o‘kinchdan darak yo‘q, labi labiga tegmay bidillab ketdi. — Sen meni mazasi yo‘q, deysan, Gulnoz iztirobda, deysan. Bilsang, bir qizni ezib tamom qildingiz, degani bo‘ladi bu. Dugonamning ahvoliga azbaroyi achinganimdan sizni qidirib topib keldim, deysan.
— Ol-a, shu gapga ishondi-qo‘ydimi, ayniqsa o‘sha Davroning.
— Ha, aynan Davron bo‘lgani uchun bor, deyapman-da. Aslida, xarakteri sal chatoq bo‘lgani bilan o‘zi juda rahmdil.
«Qanday kirib boraman, nima deyman?» Garchand Gulnoza unga nima qilishni, nima deyishni ipidan-ignasigacha aytgan, o‘rgatgan bo‘lsa-da, o‘zi bilmagan yigit huzuriga qanday kirib borish, eshigini qanday taqillatish azobi uni ezgandan-ezdi. Qarang, rassom ustaxonasini shunday oson topdiki... Qidirib topolmasa qani edi, bu azobdan qutulardi. Topolmadim, derdi-qo‘yardi. Aksiga olib, ustaxona yuqorida emas, birinchi qavatda ekan. Yuqori qavatda bo‘lsa, borguncha o‘zini yana bir oz bosib olarmidi. Yog‘ochi chiriyozgan, rangi o‘chib ketgan eshik nim ochiq turardi. Ichkaridan dimog‘iga qandaydir o‘tkir, notanish is urildi. «Bo‘yoq isi bo‘lsa kerak», degan o‘y keldi xayoliga. Eshik tugmasiga asta qo‘lini cho‘zdi. Yuragi dov bermay qo‘lini tortdi.
Shunda zinalardan qadam tovushlari eshitildi. Kimdir yuqoridan tushib kelardi. U shoshib yana eshik tugmasiga yana qo‘lini olib bordi, uni shartta bosdi. Bekorga qo‘rqqan ekan, tugmadan ovoz chiqmadi.
— Stuchite v dver, zvonok ne rabotaet, — zinadan tushib kelayotgan odam uning yonidan o‘ta turib aytdi.
U bu gapdan dadillandimi, shoshib eshikni bir-ikki taqillatdi.
Ichkaridan sado bo‘lmadi.
Shunda bir shum o‘y xayoliga kelib qoldi. «Ancha turdim, eshikni ochmadi», deyman. Shu o‘y uni qutqardi, yengil tortdi. Orqasiga qayrildi, endi zina hatlagandi hamki, eshik lang ochildi.
— Kim?
Risolat orqasiga o‘girildi, eshik bo‘sag‘asida baland bo‘yli, soch-soqoli o‘sib ketgan bir yigit turardi. Dastlab Risolat uni tanimadi.
— Siz? —endi u Davronni ovozidan tanidi. — Bu yerlarda nima qilib yuribsiz?
«Darrov odamga nishini sanchib oladi-ya», uning negadir yuragi ozorlandi.
— Men... — Gulnoza unga o‘rgatgan bari gaplar xayolidan uchdi-ketdi. — Gulnoza...
— Ha... — yigit boshini irg‘adi. — Keling, ichkariga kiring.
— Yo‘q... shu yerda gaplashaveraylik, — u o‘zini juda noqulay his etdi. Qani edi hozir qanot chiqarsayu ko‘zga ko‘rinmay uchib ketsa...
— Ko‘rib turibsiz, eshik yopilmaydi, — Davron kuldi. — O‘tayotganlarga xalaqit qilmaylik, ichkarida gaplashaylik.
U yigit so‘zlaridagi samimiyatni ilg‘adi, beixtiyor eshikka yaqin bordi.
— Marhamat.
Yo‘lakka turli rasmlar tizilgan, devorga rang-barang manzara, portretlar ilib tashlangandi. Xuddi shu yerdanoq rasmlar galereyasi boshlanganday tuyulardi. Yo‘lakdan to‘g‘ri xonaga o‘tilar, aniqrog‘i, o‘rtadagi eshik olib tashlangan edi. Shundanmi, bu yer kirgan kishida rasmlar galereyasi taassurotini uyg‘otar edi.
U yo‘lak o‘rtasiga kelib, turib qoldi, ichkari kirishga tortindi. Yigit qizning holatini tushundi. Xona o‘rtasida turgan yagona kursini olib keldi.
— O‘tiring.
Risolat o‘tirsa qulab tushadiganday, kursi chekkasiga omonatgina o‘tirdi.
Yigit unga savol nazari bilan tikildi. Oraga noqulay sukut cho‘kdi. Risolat zimmasiga yuklangan vazifani unutganday edi. U xonadagi rasmlarga bir-bir qarab chiqdi. Ko‘zi beixtiyor oldiga turfa bo‘yog‘u cho‘tkalar qalashgan katta polotnoga tushdi. Ish hali chala, chizilayotgan shekilli, polotnoning cho‘tka urilgan joylari ajralib turardi.
— Ha, ish bilan band edim... — dedi yigit o‘rtadagi noqulay sukutni buzib. — Yangi kartina ustida ishlayotgan edim. Shu sabab Gulnoza bilan bog‘lanolmadim.
Bo‘ldi. Hamma savolga javob topildi. Endi ketaversa ham bo‘ladi. Risolat endi yana battar noqulay ahvolga tushdi. Nega, nima maqsadda kelding, deb so‘rovchi kishiga tashrifi sababini qanday tushuntirsin?
— Men sizga qo‘ng‘iroq qilgandim...
— Ha, o‘sha raqam sizniki edimi? — dedi yigit samimiy. U bunday deyishi bilan Risolatni xijolatpazlikdan picha qutqarganday bo‘ldi. — O‘zim ham hayron bo‘ldim qo‘ng‘iroq qilgan kim ekan deb?
— Gulnoza sizdan xavotir olyapti, yana...
— Mazasi yo‘q, shundaymi? — uning gapini ilib oldi yigit. — Gulnoza shuning uchun sizni mening oldimga jo‘natgan, to‘g‘rimi?
— Yo‘q, unday emas, men o‘zim...
Risolat nima deyishini bilmay qizardi, go‘yo qo‘llarini qayoqqa qo‘yishni bilmaganday, barmoqlarini tortqiladi.
— Siz... kechirasiz, ismingiz... yodimda yo‘q ekan...
— Risolat, — dedi u asta.
— Risolat, sizga bir savol bersam bo‘ladimi, xafa bo‘lmaysizmi?
— Bemalol, — Risolat endi xotirjam tortib, kursiga joylashib o‘tirdi.
— Mana, men hozir bir kartina chizyapman. Nazarimda sizning bu yerga kelishingiz sababini anglagandayman. Kartinaning xomaki variantdagi nomi «Markazdagi qiz». Ehtimol, bu nom kartina mazmuniga uncha to‘g‘ri kelmas. Mana, o‘zingiz qarang, — u polotnoga ishora qildi. — Ko‘rdingizmi?
Risolat beixtiyor o‘tirgan joyidan turdi. Polotnoda bahor fasli tasvirlanayotgan bo‘lsa kerak, atrof yam-yashil, gullar orasida qator tizilgan qizlar rasmi chizilgandi. O‘rtada, yirik plandagi qiz portreti esa qalam bilan chizilganligicha turar, uning yuzi, chehrasiga bo‘yoq berilmagan edi.
— Mana shu qiz yonida turgan dugonasiga qarang-a.
Risolat o‘rtada turgan qiz yonidagi dugonasiga razm soldi: qiziqish, tortinish, kichik ko‘ngillik va hatto ajabsinish, picha anoyilik bor edi uning ko‘zlarida.
— Nahotki siz shu qiz, kartina qahramonining dugonasi, ikkinchi darajali obraz bo‘lishni istasangiz?
— Nimalar deyapsiz? — yigitning gaplari yuragiga xanjar bo‘lib sanchildi.
Beixtiyor surat tomon bir qadam bosdi.
— Kitoblarda, filmlarda ham turli personajlar bo‘ladi. Asar qahramoni, oshiq ma’shuqasiga yordam beruvchi obrazlar bo‘ladi. Nahotki siz, Risolat, nega shunday birovga yordam beruvchi ko‘makchi personaj rolini bajarsangiz? Nega men asarda ikkinchi darajali personaj bo‘lishim kerak, nega men asarning bosh qahramoni bo‘lolmayman, degan fikr kelmaganmi hech qachon xayolingizga?
— Siz... meni haqorat qilmang, — shu so‘zlar arang tiliga keldi, beixtiyor titrab ketdi, ko‘zlariga yosh keldi. — Dugonasiga yordam bergisi kelgan odam ishini siz shunday baholaysizmi? Siz...
Yigit shoshib qoldi.
— Kechiring, men sizni xafa qilmoqchi emasdim. Shunchaki men hozir chizayotgan kartinam ta’sirida... Mana, qarang, markazda, asosiy planda turgan qahramonim hali chizilmagan. To‘g‘risi, uning portretini qanday chizishni bilmayapman. Gulnozani chizay desam... hech bo‘lmayapti, chizolmayapman.
— Nima bo‘pti Gulnozaga, arzimaydimi? — u Gulnozani himoya qilishi shartday, dedi. Lekin aytgan so‘zlari o‘ziga nosamimiy tuyulib ketdi, ichida xijolat tortdi.
— Qo‘ying, o‘zingizni qiynamang, Gulnoza sizning himoyangizga muhtoj emas. Gulnoza bari asarlar qahramonlari singari xudbin, faqat o‘zini, o‘z muhabbatini o‘ylaydigan qiz. Men chizmoqchi bo‘lgan qiz obraziga aslo to‘g‘ri kelmaydi.
Risolat lol bo‘lib qoldi.
— Risolat, keling, o‘z hayotingiz bilan yashang, iltimos... — yigit go‘yo Risolatni anchadan beri biladiganday, uning yaqin do‘stiday o‘tindi. — Siz ham o‘z hayotingiz qahramoni bo‘lib...
— Bo‘ldi, — dedi Risolat ham xuddi Davron bilan uzoq yillar do‘stday, andak o‘pka bilan. — Men sizning oldingizga qanday odam bo‘lishim kerak, degan maslahat bilan kelganim yo‘q...
— Shunday qilsangiz yomon bo‘lmasdi... — yigit kuldi, qizning yaqin tutib qilgan o‘pka-ginasini tushunganday dedi.
— Boring-e... — Risolat qo‘l siltadi, negadir ko‘z yoshlari quyilib keldi. Sapchib o‘rnidan turdi-da xonadan otilib chiqdi.
Davron bir muddat indamay qoldi, keyin birdan nima bo‘lganiga tushunib, Risolatning ketidan yugurdi. Yetolmadi, qiz ulgurgan, u chiqqan taksi olislab ketdi.

Risolatning nazarida birdan o‘zi shu paytgacha ko‘rgan, bilgan olam o‘zgarganday bo‘ldi. Telefon ketma-ket chuldiradi: Gulnoza. Telefonga javob qaytarmadi. Quloqlari ostida Davronning so‘zlari jarangladi: «O‘z hayotingiz bilan yashang...»
— Nima bo‘ldi, Risol? — odatda iddao bilan qarshi oladigan opasi singlisining bu holatini ko‘rib hayrondan-hayron bo‘ldi.
Kunlar izidan kunlar qanday o‘tdi, bilmadi. Shunday kunlarning birida telefoni qisqa signal berdi, xabar kelibdi. Ruhsiz, asta telefonni oldi, ochdi.
Ko‘rdi, bir surat kelibdi, atrof bahor, yam-yashillikka burkangan, qizlar davra olgan. Yirik planda, markazda bir qiz turibdi. U ko‘zlariga ishonmadi, suratga qayta-qayta tikildi. Markazda tasvirlangan qiz ko‘zlarida iliqlik, samimiylik, mehr balqadi, u bahor gullariday nozik, nafis. Bahor kabi maftunkor, jozibali. U shu hayotga kelganidan, shu olamda yashayotganidan shod-masrur. U ishonmay rasmga yana tikildi — markazdagi qiz timsolida uning o‘zi, Risolat tasvir etilgan edi. Rasm pastida yozuvlar ham bitilgan ekan:
«Men nihoyat markazdagi qizni topdim».

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.