OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mahkam Mahmudov. Mushkul muammo (hikoya)

O‘t o‘t ichidan o‘ting bor ersa 
So‘fi Olloyor

Havo aynib, dengizda g‘alayon boshlangan, to‘lqinlar g‘azabga minib, qirg‘oqqa tobora bostirib kelar edi. Dam olayotganlar shosha-pisha yig‘ma so‘richalari va soyabonlarini yig‘ishtirishar, cho‘milishni bas qilinglar, deb sho‘x bolalarga baqirishar edi. Bir oz pakana, to‘ladan kelgan, peshonasi yaltiroq akademik Ergash Mo‘minov ham o‘g‘ilchasi Bekni suvdan chiqishga zo‘rg‘a ko‘ndirib, uni kiyintira boshladi. Ikki yuzi kulchaday Bek qirg‘oqdan ketishga shoshilmas, ho‘l shag‘al orasidan dengiz to‘lqinlari chiqarib tashlagan yumshoq va tip-tiniq meduza bolalarini kaftiga olib, yana dengizga otar edi. Shu payt kurort xizmatchisi gruzin kampir chala-chulpa ruschalab, Mo‘minovga shoshilinch telegramma kelganini aytdi. Akademik oyoqlarini tipirchilatayotgan sho‘x Bekni ko‘targanicha qirg‘oqdan baland yo‘lkaga chiqdi. Bola otasining qo‘lidan sirg‘alib tushib, o‘zi chopqillab ketdi.
Xonada, rang-barang dengiz toshchalari uyilib yotgan stol ustida qizil hoshiyali telegramma yotar edi. Akademik uni qo‘liga olib, tez ko‘z yugurtirdi.
«Shoshilinch telegramma.
Gagra. Shota Rustaveli ko‘chasi 141. Akademik Ergash Mo‘minovga. Hurmatli Ergash muallim, Sizni Tarozi yulduzlar turkumiga, Koinot olimlarining Oliy kengashiga chaqirishyapti».
Telegrammada boshqa hech qanday izoh yo‘q edi. Mayli, Toshkentga borishganida ma’lum bo‘ladi.
Mo‘minov oyoqlari bo‘shashib, liqillab qolgan to‘qima xivich kresloga o‘tirib, yaltiroq manglayini silaganicha o‘ylanib qoldi. Dam olish muddati o‘zi oxirlab qolgandi. Ishni ham sog‘ingan...
Ergash Mo‘minov O‘zbekiston Fanlar akademiyasining vitse-prezidenti, shuningdek, bir necha sayyoralardagi akademiyalarning faxriy a’zosi edi. Turli fanlarning vakillari bilan muomala qilish, ularning fanlariga aralashib, har xil muammolarni yechishga yordamlashish har qanday odamni ham toldirishi tabiiy edi. Mo‘minov har yili ta’til paytida dam olmas, qadimiy Sharq falsafasi tarixiga oid kitobini tugallashga intilardi. Mana, kurortda ham shu kitobning bir bobini yozib ulgurdi. Bu — Navoiy davrining eng buyuk allomalaridan Husayn Voiz Koshifiy falsafasi haqidagi bob zdi. Har holda, kurortda vaqti behuda o‘tmadi. XV asr falsafasining hozirgi odamlar hayotiga zarur tomonlarini aniqlab chiqdi. O‘g‘ilchasi Durbek ham bod asoratidan qutulib, ancha quvvatga kirib qoldi. Ko‘rinishi ham, ruhi ham tetiklashgan akademik Mo‘minovni kasbdoshlari va shogirdlari o‘rab olishdi. Odatda rahbar odam dam olib qaytganida hamma uni ruhlantirishga nktiladi. Bu yomon emas. Biroq ba’zilar chin dildan gapirmay, boshqa o‘yda bo‘ladi. Ergash Mo‘minov kim sofdilu kim soxtadilligini ilgarilari yaxshi ajratardi. Hozir ajratish qiyin bo‘lib qoldi.
Bundan bir necha yil avval u Kalonov degan kishini «Entsiklopediya» nashriyotiga rahbarlikka tavsiya qilgan edi. Afsuski, chalasavod va amalparast bo‘lib chiqdi. Kalonov tarixdagi buyuk kishilarni qomusga kiritish o‘rniga o‘zining hamtovoqlari, qarindosh-urug‘larini kiritibdi. Bu ishga qarshi chiqqan odamlarni quvg‘in qilibdi. Undan bezib, ko‘pchilik iste’dodli olimlar boshlagan xayrli ishlarini tashlab ketib qolishibdi. Buni Mo‘minov keyinchalik bildi...
U xonada yolg‘iz qolgach, ish stoli ustida, turli qog‘ozlar orasida qandaydir nur tarqatib turgan sayyoralar aro telegrammani qo‘liga oldi.
«Ergash Mo‘minovga. Sizni Koinotdagi ongli mavjudotlar yashovchi barcha sayyoralardagi ilmiy kollektivlar rahbarlarining uch kunlik oliy kengashiga taklif etamiz. Kengashda ko‘p asrlar avval taraqqiy etgan va zamonamizda unutila boshlagan eng qiyin fan asoslari o‘qitiladi. Olimlar bilan EOT-2501 ixtirochisi suhbat o‘tkazadi».
«Tarozi» turkumining 12nchi sayyorasi kosmodromida mehmonlarni Sayyoralar aro ilmiy koordinatsiya markazi rahbarlari — ikki boshli donishmandlar kutib olishdi. Bu odamlarning asosiy boshi ona tilida gapirsa, yordamchi boshi chet tillarda gapirar edi. Mehmonlar turli shakldagi aqlli mavjudotlarni ko‘raverib o‘rganib qolishgani uchun odatdagiday salom-alikdan so‘ng, do‘stlar bilan hol-ahvol so‘rashishga tushib ketishdi.
— Yerdayam hal qilinadigan masalalar shunaqa ko‘payib ketdiki, bitta boshimiz kamlik qilyapti, — hazillashdi Mo‘minov 12 nchi sayyoralik ikki boshli olim do‘stlaridan biriga.
— Yerliklarning ham bir nechtadan boshi bor, ammo o‘zlari bilishmaydi, — e’tiroz bildirdi ikkala boshida ham sochi oqara boshlagan mezbon. — Nega bo‘lmasa, bir odam o‘z-o‘ziga zid ish qiladi? Ba’zilar bo‘lsa boshini ishlatmay birovlarning boshini ko‘tarib yurishadi... Xa-xa-xa...
Mo‘minov ham xoxolab kulib yubordi, u mezbonning nimaga ishora qilganini darrov tushungan edi. Hazilga hazil bilan javob berdi:
— Ba’zilarning bittadan ham boshi yo‘q, xa-xa-xa... Bizni nimaga chaqirishipti, bilmaysizmi?— hamon labini yig‘ib ololmay so‘radi Mo‘minov.— Bu yoqqa kelib-ketish osonmi? Uch-to‘rt hafta ishdan qoladigan bo‘ldik.
— Mengayam anig‘ini aytishmagan. Eng qiyini fan... Barcha sayyoralardagi aqlli mavjudot uchun eng zarur fan... deyishyapti. O‘zimam hayronman, qariganimizda yerliklar aytganday, o‘qib, o‘rik bo‘larmidik...
— Yo‘q, do‘stim,— e’tiroz bildirdi Mo‘minov.— Yerda o‘rta asrda yashagan Ibn Sino degan mutafakkir aytgan ekan: «Hamma fanlarni o‘rgandim va oxiri shuni bildimki — hech narsani bilmas ekanman...» Biz hali nimani bilibmiz? Odamzodning umrini uzaytirolmayapmiz. Boshqacha aytganda, bir boshimizni ikkita qilolmayapmiz. Xa-xa-xa...
Hamrohi bu beozor hazilga kulib qo‘ya qoldi. So‘ng gapini yana asosiy mavzuga burdi:
— Yerliklarni ilm-fanda ming yilcha orqada qoldirgan, kapalaklarga o‘xshab uchib yuradigan, juda qisqa umr ko‘radigan Zuhal olimlari ham, aksincha, uch-to‘rt asr yashovchn nohidliklar ham kengashga chaqirilgan. Har holda, qandaydir juda muhim yangi fan kashf etilgan bo‘lsa kerak.
— Qani, boraylik-chi, bunday fanga tishimiz o‘tarmikin...
Ikki do‘st olisdagi tepalikdagi adl qarag‘ay va shamshod daraxtlari orasida niliy gumbazlari yarqirab turgan qasr tomon yo‘l olishdi.
Bilim qasriga eltuvchi maxsus ravon yo‘l yo‘q edi, u yerga har kim har xil so‘qmoqdan chiqib borardi...
Bilim qasri g‘oyat hashamatli, ammo yangi emas edi. U ikki ming yil avval vuv, olov, chaqmoq, bo‘ron, to‘fondan jafo ko‘rib, tangri taoloni izlab keluvchilarning eng katta sajdagohi edi. Ibtidoiy odamlar bu qasrni yo‘niq toshlardan shunchalik puxta qurishganki, hanuzgacha biror toshi ko‘chmagan. Zalning katta sahnidan boshqa uch tomonida yetti qavat ustma-ust qurilgan hujralar bo‘lib, hammasining ravoqlari zalga qaragan. Zalning o‘ttiz metrli gumbaz shiftining doirasida ibtidoiy odamlar tasavvur qilgan tangrining go‘zal jamoli antiqa ranglarda tasvirlangan. Doiraning atrofida esa ikki boshli sahobalar bilan shaytonlarning kurashi lavhalari aks etgan. Bu qasrni biron dinga mansub deyish qiyin edi. U jafokash insoniyat xayoli parvozining mevasi edi.
Hozir bu binoning juda katta sahnasiga organ, chang va royal o‘rnatilgan bo‘lib, qadimiy muzika asarlaridan kontsertlar qo‘yilar edi.
Ergash Mo‘minov zalda o‘tirgan mehmonlarni ko‘zdan kechira boshladi. Oldingi qatorlarda juda ilgari yashab o‘tgan Suqrot, Aflotun, Arastu, Evklid, Buqrot, Jolinus, Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Sa’diy, Fuzuliy, Rustaveli, Navoiy, Bobir, Galiley, Kopernik, Eynshteyn va yana Ergash aka yaxshi tanimagan boshqa buyuk allomalarning soyalari o‘tirishardi. Ularni maxsus elektron optik mashina EOT-2501 yordamida chaqirishgan edi.
Hozirgi kengash hay’ati ham shu mashina va uni ijod qilgan bir guruh olimlardan iborat edi. Kengashga ana shu EOT-2501 ni kashf etgan keksa alloma raislik qilar edi.
— Muhtaram olimu fozillar! Bugun 2501 yilning 21 iyulida qadimgi davrlarda taraqqiy etgan va endilikda unutilib ketgan eng qiyin fandan birinchi darsimizni boshlaymiz,— raisdan so‘ng mashinaning ovozi qadimgi Misr tilida, yunon, lotin, arab, fors, turk, ingliz, frantsuz va rus tillarida yangradi.
Qisqa e’londan so‘ng EOT-2501 kashfiyotchisi barcha sayyoralarning olimlariga savol bilan murojaat qildi:
— Muhtaram olimu fozillar! Darsni boshlashdan oldin hammangizga bitta savol berishga ijozat etgaysiz. Qani ayting-chi, orangizda umr bo‘yi yolg‘on so‘zlamagan biror olim bormi? Qani, Suqrot muallim, ayting-chi balki siz umringizda yolg‘on gapirmagandirsiz?
Qadimgi yunon ridosining etagini viqor bilan ko‘targan Suqrot muallim o‘rnidan turdi va Bilim qasridagi odat bo‘yicha — tinglovchilarga ta’zim qilib shoshilmay gap boshladi:
— Umr bo‘yi yolg‘on gapirmadim... deyolmayman...
Zalda avval shivirlash, keyin shov-shuv boshlandi. Hammaning nigohi faylasufga qaratildi. Suqrot muallimning yuziga sezilar-sezilmas qizillik yugurdi. Soya rangli edi.
— To‘g‘ri, men yolg‘onni juda kam gapirdim. Umrimning oxirida esa, demos — xalq meni o‘limga hukm qilganida ham yolg‘on so‘zlamadim va o‘z ixtiyorim bilan zahar ichdim...
Zalga chuqur sukunat cho‘kdi. Hatto soya ham nafas olayotganga o‘xshab turardi.
— Hozir ham rost gapirganingiz uchun minnatdorman, marhamat o‘tiring,— dedi rais.— Qani, Aflotun muallim, siz nima deysiz?
— Men umrimda juda ko‘p yolg‘on gapirganman,— kulib turib gapirdi Aflotun.— Hatto ustozim Suqrot hakimga yolg‘on gapirishni maslahat berganman. Negaki, demosning hukmi noto‘g‘ri, adolatsnz edi. Xalq majlisi agar oqil va adolatli bo‘lsa, u o‘zining eng ulug‘ farzandi Suqrot hakimni o‘limga hukm qilarmidi?!
Aflotun yengil ta’zim bilan gapim tamom, deganday ishora qildi.
— Qani, haq gapirish haqida yana kimda qanday fikr bor?
Albert Eynshteyn o‘rnidan turdi. U bir zum alanglab qoldi.
— Ko‘zoynagimni qayoqqa yo‘qotibman? Ha, darvoqe, men o‘lganman-ku, ko‘zoynaksiz ham ko‘ra olaman. Ma’lumki, men «Avlodlarga maktub» qoldirgandim. Yuz yildan keyin ochib o‘qilsin, deb vasiyat qilganman. Ammo avlodlar mening vasiyatimni o‘qishsa ham parvo qilishmadi. Men ularni turli xavflardan ogohlantirgan edim. Rostini aytsam, hamma kashfiyotlar ham insoniyatga foyda keltiravermaydi. Ha, mavzudan chalg‘idim, darvoqe, yolg‘on gapirmaslik haqida gapirishayotgan edik. Ba’zi yolg‘onlar foydali, ammo ba’zi rost gaplar ham foydadan holi emas...
Beruniy so‘z oldi. U sallasining pechini yelkasidan oshirib, quyi solingan boshini qo‘-liga tiragancha so‘zlar, go‘yo o‘z-o‘ziga gapirayotganday edi:
— Hukmdorlarning maqtovni yoqtirishi, alarning haq gapdan qo‘rqishi olimlar boshiga ko‘p falokatlar yog‘diradur. Hatto zamonasining eng adolatli va mard hukmdori bo‘lmish Jurjon amiri, shamsulmaoliy  Qobus ibn Vashmgir ham haq gap uchun safdoshlarimdan bir nechasiga jazo bergan. Hukmdor qanchalik oqil va odil bo‘lsa, raiyat, ulamo, fuzalo ham haqgo‘ylikka yuz tutgay...
— So‘z o‘rta asr arab olimi Abu A’lo al-Maarriyga,— e’lon qildi rais.
Ko‘zlarida bir olam aks etgan sakson yoshlardagi qariya, taylasoni  uchini g‘ijimlab turib, javob berdi: 
— Men bu odamlarga sodiq, haqguy erdim, beg‘araz
Ammo bag‘rimdan ilon chiqdi, dilim o‘rtar maraz. 
Men aziz bilganlarim manfur bo‘ldi oqibat, 
Obdan bilganlarim ko‘nglimga urdi oqibat.
Ana shunaqa. Inchunun, haqgo‘ylik boshimga ko‘p balolarni keltirdi. Ammo men haq yo‘ldan qaytmadim.
Shundan keyin boshqa sayyoralardan kelgan allomalar so‘z olishdi. Ularning gaplari ham juda ma’noli, hikmatga boy edi. Mo‘minovning ham bu borada aytadigan gaplari ko‘p edi. Shuni bilganday, rais unga so‘z berdi.
— Men tarix ilmidagi haqgo‘ylik haqida ikki og‘iz gapirmoqchiman. Biz tarixchilar va faylasuflar ko‘pincha voqealarni buzib ko‘rsatamiz, yomonni yaxshi deymiz, yaxshini yomon deymiz. Ulug‘ odamlarni o‘g‘ri deymiz, o‘g‘rini to‘g‘ri deymiz. Qelajak tuturuqsizligimiz uchun, to‘g‘rirog‘i, vijdonsizligimiz uchun bizni la’natlaydi. To‘g‘ri, ba’zi olimlarning o‘zi oq-qorani tanimaydi. Bu ham kechirilmas gunoh. Xullas, bunaqada tarixgayam hech kim ishonmay qo‘yadi...
Olimlarning gaplarini jim tinglab, o‘zining turli asboblari orqali yozib olayotgan EOT-2501 ning ko‘zlarida qizil chiroq yondi. Rais xulosaga o‘ta boshladi.
— Majlisimiz boshida hozir deyarli unutilib ketgan fan haqida gapirgan edik. Bu hammangizga ma’lum — mantiq fani. Mantiq — hozir olimlarni qiynaydigan eng qiyin fan bo‘lib qoldi. Sizlarga shu fan asoslarini o‘rgata boshlaymiz.
Shunday deb, EOT-2501 ixtirochisi hay’atning uzun eman stoli ustida yotgan bir varaq oq va bir varaq qora qog‘ozni doskaga ilib qo‘ydi. So‘ng zalda o‘tirganlarga qarab, tantanavor gapirdi:
— Ertadan boshlab, hammamiz oqni oq, qorani qora deyishni o‘rganamiz...
Shiftdagilar odamlarning ishlariga tushunmasdan, ajablanib qarab turishardi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.