OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Maqsud Qoriyev. Bir oyda o‘lasiz (hajviya)

Ahmad polvon o‘tirsa tura olmas, tursa o‘tira olmasdi. Eh-he, uni ko‘rsangiz hayron qolasiz, ko‘chada kelyapti-yu, xuddi tog‘ yurayotganday vahimali. O‘zi ham yuz ellikdan ortiq. Aslida mahalladagi eng semiz odam shu. Gavdasiga yarasha biror joyda kurash tushsa ham mayli edi, qayda deysiz, hatto ish qilishga ham yaramaydi, ovqat bo‘lsa bas, ko‘rdim demaydi. Toshkentning qaerida osh borligini odamlardan so‘rab bilib oladi. Tong saharlab O‘rdaga, keyin “Nur”ga, harsillab, “Navro‘z”ga chopadi. Qani endi o‘zi bemalol sig‘adigan mashina bo‘lsa-yu, hamma oshlarga ulgursa...
Kechqurun televizor qarshisida yumalab yotsa, birdan ekranda reklama berib qoldi: “Uch kunda ozdiramiz”, “Superozish "50 kilogacha”, “33 sekundda ozdiramiz”, “Bir haftada 3-5 kilo ozdiramiz”, “Qorningizdagi yog‘ni yo‘q qilamiz”, “Yangi yilgacha ozdiramiz”, “Qorningizni yo‘q qilamiz, kuch-quvvatingizni ham”... Xullas, oynai jahonda reklamachilarning telefon nomerlari ham berildi. Ammo Ahmad polvon shoshganidan telefonlarni yozolmadi. Yonida qalam-qog‘ozi ham yo‘q edi. Dardiga davo topilganidan o‘zida yo‘q xursand. "Tavba, “Umrbod ozdiramiz”, “Bir soatda ozdiramiz”, deyishayapti. Qoyil-ey! Bir zumda sumbatdek yigit bo‘lib qolsam-a? Olovuddinning sehrli chirog‘i ham shunchalik ajoyibotga qodir bo‘lmasa kerak. 
Sevinganidan muzlatgichni ochib, kechqurundan qolgan moshkichirini, sovuq bo‘lsa ham, butun non bilan tushirdi. Bankadagi sovutib qo‘yilgan yaxnani bir simirishda tinchitdi. Keyin nafsi qonib, ko‘ngli joyiga tushdi-yu, ayiqday lapanglab, xonasiga kirib uxlab qoldi. 
Tushida o‘sha odamlarni ozdiradigan joyga borganmish. Borsa, cho‘pdek ozib ketgan bir chol o‘tirgan ekan. Ozg‘inligidan so‘zlashga darmoni yetmas emish. 
— Nega bunchalik ozib ketdingiz? — deb so‘rabdi polvon. 
— Bu yerda savolni biz beramiz, siz bugundan boshlab “ozdirxona”ga bemor etib qabul qilindingiz, — debdi-yu, chol qo‘ng‘iroq tugmasini bosgan ekan, bo‘yi shiftga yetadigan ikkita ozib-cho‘zilib ketgan, qora xalatli kishi polvonni qo‘ltig‘idan sudrab katta hovuz bo‘yiga olib borishibdi. Qarasa, hovuzda muz aralash suv emish. Ichida qandaydir qurbaqaga o‘xshagan xunuk mahluqlar suzib yurganmish. Shunda haligi ikki kishi uni qo‘ltig‘idan sudrab olib kelib, hovuzga otib yuborishibdi. “Dod” deb yuborgan ekan, o‘zining ovoziga uyg‘onib ketibdi. Hartugul tushi ekan. Biroz o‘ziga kelib, o‘rnidan turib, chiroqni yoqib, soatga qarasa, yetti bo‘libdi. Darhol ko‘kchalik bir qadrdon do‘stiga telefon qilibdi: 
— Hoy, Boqivoy, biror bir ozdiradigan joyning telefonini bilasanmi?
— Senga nima bo‘ldi, polvon, saharlab ozging kelib qolibdi?.. 
— Kecha televizorda ko‘rsatgandi. Shu telefon raqamini yozib ulgurolmadim.
— Menga qara, qaysi bir gazetada juda ko‘p e’lon beradi... Ha, aytgandek, “Tasvir”ni qara, ozdiradigan joyning telefoni o‘shanda bo‘ladi... 
Ahmad polvonning ishi yurishmadi. Nonushtani qildi-yu, zerikib, odati bo‘yicha eshik yoniga chiqib, o‘ziga alohida qilingan taxta o‘rindiqqa joylashgan ham ediki, mahalla oqsoqoli kelib qoldi: 
— Ha, polvon, ta’bingiz xira ko‘rinadi. 
— Yaxshi kelib qoldingiz, — dedi-yu, polvon arz-dodini so‘zlab ketdi. 
— Ey, qiziq ekansiz, Taxtapulda Dadavoy degan moshpurush bor. Shunga borsangiz, davo topasiz. Zo‘r tabib.
Keyin uning uy manzilini sinchiklab tushuntirib berdi. 
Polvon peshinga yaqin moshpurushning uyini topib bordi. Moshpurush kichkinagina odam ekan. Qizig‘i shundaki, polvon tushida ko‘rgan ozdiradigan joydagi o‘sha jikkak kishiga juda o‘xshab ketarkan. “Tushimmi yo o‘ngimmi”, deb hayron bo‘ldi polvon. 
— Xo‘sh, keling polvon, xizmat? — dedi moshpurush.
Ahmad polvon bo‘lgan voqeani so‘zlab berdi. 
Moshpurush sinchkov ko‘zlari bilan polvonga boshdan-oyoq qarab turdi-da, “Bo‘lmaydi, vaqt o‘tgan, essiz...”, deb pushaymon bo‘lgandek kallasini likillatib qo‘ydi. 
— Bo‘lmaydimi? — dedi rangi quv o‘chib ketgan polvon qarshisidagi najotkoriga ma’yus termulib.
— To‘g‘risini aytaymi? — dedi tabib qat’iylik bilan.
— Ayting, — sekingina so‘zladi polvon. 
— Bir oydan keyin o‘lasiz, — dedi tabib polvonning ko‘zlariga tik qarab.
Ahmad polvon o‘rnidan turdi-yu, tabibga: “Ahmoq odam ekansiz”, deb xonadan o‘qdek chiqib ketganini o‘zi ham bilmay qoldi. Uyiga bordi-yu, kechgacha mukka tushib yotdi. Xotini uning ko‘ngliga yoqadigan ovqatlar tayyorlab berdi, polvon bo‘lsa ozgina yeydi-yu, negadir u yog‘i tomog‘idan o‘tmay qoladi. Vaqti-vaqti bilan ko‘chaga chiqib, yo‘q bo‘lib ketadi, do‘kondan nimalarnidir sotib olib, uyga keltirib, o‘zining kiyim shkafiga berkitib qo‘yadi. 
Bir kuni ertalabki nonushta vaqtida xotinidan:
— Zarop, o‘g‘ling necha yoshga kirdi? — deb so‘rab qoldi.
— Sakkizga, nimaydi?
— Shunchaki so‘rab qo‘ydim-da. Bugun alog‘-chalog‘ tushlar ko‘rdim. Yur, bir oyimlarni ko‘rib kelaylik, sog‘inib ketdim, — dedi. 
Xotini hayron. Erining ruhi tushib, xafa bo‘lib yurganini sezardi. Ba’zan gaplari poyma-poy, bir yoqqa ketadigan odamday g‘alati qiliq qilardi.
Xullas, ruhan tushkunlikda yurgan bir oy ham o‘tib ketdi. Aytilgandan bir kun, ikki kun, bir hafta o‘tdi. O‘lmadi, aksincha, ahvoli ancha yaxshi bo‘lib, ilgarigidek harsillashlari yo‘qolgandek edi. 
O‘sha kuni ko‘chaga otlanayotgan edi, xotini:
— Bu kostyumingiz o‘zingizga katta kelib, xalpillab qolibdi, mana bunisini kiying, — deb boshqa xonadan kuyovligida kiygan kostyumini, ko‘ylagini olib chiqib berdi. U kiyimlarini kiydi-yu, shosha-pisha tabibnikiga bordi. Tabib uyida ekan. Uni ko‘rishi bilan so‘ka boshladi. 
— Sen ablah, sen iblis, nega meni aldading, tabib emas, yolg‘onchi, battol ekansan. Bir oydan beri na uyqumda, na ovqatimda xalovat bor. Asabim tamom bo‘ldi-ku. Sen menga tuhmat qilding, sudga beraman seni, aldoqchi kazzob.
Tabib esa jimgina polvonga qarab kulib turardi. 
— Nega kulasan, birov o‘lay desa, boshqasi kulay dermish... 
— Polvon, sizni ko‘rib xursand bo‘lyapman, hartugul tuzalib ketibsiz, endi o‘lmaysiz, — dedi. 
— Nima, rostdan ham o‘lmaymanmi? Xuddi dori berganday gapirasan.
— “Bir oyda o‘lasiz” degan “dori”ni berganman-da!
Ahmad polvon ham tabibga qo‘shilib kulib yubordi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.