OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mirkarim Osim. Ibn Sino qissasi

MA'RIFAT DARVOZASI

I

Boqqol Mahmud Massoh xaridor kutib, oppoq cho'qqisoqolini qashib o'tiradi, ko'zlari o'tgan-ketganda. Uning do'konida odamning jonidan boshqa hamma narsa topiladi. Qand-novvot deysizmi, holva, sabzi, piyoz, guruch deysizmi — hammasi bor. Agar biror xaridorga attorlik buyumlari yoki igna, ip, mix va boshqa narsalar kerak bo'lib qolsa, boqqol o'rnidan turib do'kon orqasidagi hujradan ularni topib olib chiqadi.
Odatda erta bilan va kechqurun bozori bir oz qiziydi-yu, tush paytida savdo-sotiq yotib qoladi. Bunday paytlarda ko'chadan kichik bolalar o'tsa, zerikib o'tirgan boqqol ularni chaqirib, qo'llariga ikkitadan yong'oq yoki ozroq shirinlik tutqazib, gapga soladi, keyin chopqillaganicha uyiga yugurgan norasidalar orqasidan jilmayib qarab qoladi.
Kunlardan bir kun Mahmud Massoh xaridor kutib o'tirganida qotmadan kelgan, qirra burunli, ko'zlari tiyrak bir bola kelib salom berdi-da, ikki paysa  qora murch va to'rt paysa dolchin  so'radi.
Oq ko'ylak ustidan olacha ipak to'n kiygan, gavdasi yo'g'on boqqol kichkinagina tarozisida yosh xaridoring aytgan narsalarini tortib, qo'lidan mayda chaqalarni oldiyu unga tikilib:
— Seni ilgari ko'rmas edim-ku, qaerliksan? — deb so'radi.
— Afshonalik. Dadamlar shu mahalladan hovli sotib olganlar, uch-to'rt yil burun. Men onam bilan qishloqda qolgan edim.
— Afshona atrofi qo'rg'on bilan o'ralgan katta qishloq, Qutayba binni Muslim ul yerga jome' soldirgan.
— Yaxshi bilar ekansiz, — dedi yosh xaridor, ko'zlari javdirab.
— Bo'lmasam-chi! Tevarak-atrofda men ko'rmagan joy yo'q. Yoshligimda massoh, ya'ni tanobchi bo'lib ishlar edim. Padaring kim? Otlari nima?
— Abdullo ibn Hasan, ibn Sino....
— Bo'ldi, bo'ldi, tanidim. Ul kishi saroyda baytul-molda xizmat etadurlar, ilgari Hurmitanda soliq yig'uvchi edilar. Obro'li, badavlat odam. O'shal kishining o'g'illariman degin.
— Hovva.
—    Volidayi mehribon, o'g'lim mayda-chuyda xarid qilishni o'rgansin, deb seni chiqargan bo'lsalar kerak, bildim. Xo'sh, oting nima?
— Husayn.
— Necha yoshdasan?
— To'qqiz yoshga to'lib, o'nga qadam qo'ydim. Boqqol ko'zlarini katta ochib:
— Yo'g'-e! — dedi. — Endi yetti yoshga qadam qo'ygan bo'lsang kerak, deb o'ylagan edim. Novcha, bo'lsang ham, oriqqina bola ekansan. Maktabga borib tururmisan?
— Qishlog'imizda Muhammad Vose masjididagi maktabga qatnab turardim.
— O'qish, yozishni bilurmisan?
— Ha, savodim chiqqan, qur'onni yodlab olganman.
— Juda soz, ammo ilmi riyoziy va handasadan bexabardursan?
— Domlamiz bizga bunday ilmlarni o'qitmaganlar.
— Iqlidus kim?
— Bilmayman, kim ul kishi?— deb so'radi har narsani bilishga qiziquvchi bola, ko'zlari chaqnab.
— Qadimgi yunon mulkida o'tgan donishmand, handasa ilmiga asos solgan: yer o'lchashni o'rgatgan ulug' olim. Agar oldimga kelib tursang, xatti munhaniy, ya'ni egri chiziq, xatti munkasir, ya'ni siniq chiziq nima, musallas , murabba' nima, o'rgangaysan.
— Xo'p, albatta chiqib turaman, — dedi ilmga ishtiyoqmand bo'lgan Husayn.
Savol berganda odamning ko'ziga tik qarab javob beradigan bu bola cholga o'z nabirasidek yoqib qolgan edi. U ketgandan keyin ko'ngli yumshab, anchagacha jilmayib o'tirdi.
Shundan so'ng yosh Husayn boqqol oldiga tez-tez chiqadigan bo'lib qoldi. Uyga qaytib kelgandan keyin u hovlining bir burchagidagi nimqorong'i xonaga kirib olib xontaxta yoniga o'tirar, hisob chiqarish, turli shakllarni chizish bilan mashg'ul bo'lar edi.
O'zidan ancha kichik, yuvosh, og'ir ukasi ham unga taqlid qilib qog'oz qoralardi.
Devonga erta bilan ketib kech qaytadigan otasi o'g'lining nima bilan shug'ullanayotganidan bexabar edi. Ittifoqo, bir kuni ishdan ertaroq qaytib kelib Husaynning nimalarnidir chizib o'tirganini payqab, qo'lidan qog'ozni oldi-da, uni yoruqqa solib ko'rdi.
— Ie, handasiy shakllar-ku. Musallas, murabba... hammasi to'g'ri chizilgan.
Husayn otaning yuzi yorishib ketganini ko'rib tilga kirdi:
— Dada, Iqlidus, nuqta shudurki, uning o'lchovi yo'q, chiziq ensiz uzunlik, degan ekanlar...
— Kimdan eshitding bu gapni?
O'g'li og'zini ochmasdan burun onasi javob qildi:
— Husayn uch-to'rt kundan beri mahallamizdagi boqqol oldiga chiqib hind ilmi hisobini o'rganmoqda. Uyga qaytib kelgach, allanima balolarning suvratini solib o'ltiradur. Eridan ancha yosh bo'lgan qora qosh, quralay ko'zli xushsurat Sitorabonu, "dadasi urishib bermasaydi", deb hayiqib turar edi. Erining mamnun bo'lganini ko'rib, u jilmaydi-da, orqaga surilgan oq shoyi ro'molini to'g'rilab qo'ydi.
— Juda soz, — dedi sochiga qirov tusha boshlagan jikkak, qirraburun Abdullo ibn Hasan xursandligini yashirishga urinib. — Men Mahmud Massoh bilan gaplashib, uni uyimizga taklif etgayman. Bo'sh vaqtlarida kelib Husaynga ilmiy riyoziy va handasadan dars bersin. Maktabda ul ilmi dinni o'rgandi, endi dunyoviy ilmlarni egallasin. Bolaligida uning miyasiga ilm urug'i qadalsa, keyin sermeva daraxt bo'lib unib chiqqay.
Shundan keyin Mahmud Massoh Abdullo ibn Hasanning uyiga kelib uning o'g'liga dars bera boshladi. Ba'zan Husaynning o'zi uning do'koniga chiqib saboq olar, keksa boqqol yosh shogirdining zehniga qoyil qolar, shu sababdan uni zavq bilan o'qitar edi.
Oradan ikki yil o'tmay Husayn ustodining bilganlarini o'rganib oldi.
Bir kuni ustodiga qarab:
— Emdi doiraning sathini o'lchashni o'rgating, — dedi.
— Qo'lingga pargor  olib doira chiz-da, uni to'rtga bo'l...
Shogird uning aytganini qilib, bosh ko'tardi.
— Hosil bo'lgan uchburchaklarning asoslari egri chiziqlar-ku... — Ustod lining nima demoqchi bo'lganini anglab, bosh qashidi-da:
— Massohlar yer maydonini turli shakllarga bo'lib yuzasini taxminan o'lchaydurlar, ammo doiraning sathini aniq belgilash yo'lini bilmaydurlar, — dedi.
Kechqurun boqqol uy egasi bilan yolg'iz qolganida:
— O'g'lingizning zehni qilichdek o'tkir, ba'zi savollarga javob topolmay qolayotirman, — dedi. — Bilganlarimni hammasini o'rgatdim. Kuni kecha: "Ulg'ayganingda massoh bo'lmoq istaysanmi?" — deb so'rasam, "Yo'q, tabib bo'lurman, ilmiy hikmat o'rganurman", — deb aytdi. Shul kichik yoshdan nimaga intilishini, kim bo'lishini biladur! Ilohim umri uzoq bo'lsin, maqsudiga yetsin. O'g'li uchun faxrlangan otasi xursandligini yashirish uchun gapni boshqa yoqqa burmoqchi bo'ldi.
— Ba'zi yoshlar borki, ular boshqalardan qolmaslik uchun madrasaga kirib o'qiydurlar. Tahsil ko'rmoqdan murod nima ekanligini, nimaga intilayotganlarini bil¬maydurlar. Oqibatda ilmning gardini ham yuqtirmay, madrasadan quruq chiqadurlar.
— Ammo o'g'lingiz ular toifasidan emas. Husayn mening o'rgatganlarim bilan cheklanib qolmay, kamol topmog'i zarur. Unga fikri munavvar bir muallim topib qo'ydim.
— Kim ekan ul?
— Yaqinda Buxoroga kelib qolgan yosh olim Abu Abdullo Notiliy. Forobiyni o'qib tushunadurgan, odobli, bilimdon yigit, — dedi Mahmud Massoh kulib, tavsiya qilayotgan muallimning fazilatlaridan zavqlangan kishidek.
— Mayli, boshlab keling, men gaplashib ko'ray. Shu payt ko'chada bolalar bilan quvlashib yurib qizarib ketgan Husayn mehmonxonaga kirib otasi bi¬lan ustodiga salom berdi.
— O'g'lim juda sho'x, o'yinqaroq, — dedi Abdullo ibn Hasan tez-tez nafas olayotgan Husaynga qarab. — Bir daqiqa tinch turganini ko'rmayman.
— Tani sog', serg'ayrat bola-da! — dedi ustod zavqlanib. Keyin shogirdiga yuzlandi. — Qani, o'g'lim, yonimga kelib o'ltir, ikki og'iz gapimni eshit. Avvalo, shuni aytib qo'yayki, senga boshqa muallim topib qo'ydim, ertaga boshlab kelgayman. Uni hurmat qilib, darsiga diqqat bilan quloq sol. Endi nasihatirnni eshit. Kishi to'g'ri yo'l topgan bo'lsa, bor kuchini sarf qilib, orqaga qaytmasligi, umid ipini yo'qotmasligi kerak. Sen to'g'ri yo'lga tushib olgansan, nimani xohlaganingni bilursan, o'z kuchingga inonursan, olg'a intilsang, inshoolloh, o'z maqsadingga yetgaysan!
— Aytganingiz kelsin! — deb yubordi hayajonga kelgan ota qaltiragan ovoz bilan.

II

Ertasiga kechqurun Mahmud Massoh baland bo'yli, qomati kelishgan, ko'rinishda yoshga o'xshasa ham sochlariga oq oralagan, ko'zlari atrofini ajin bosgan bir odamni boshlab keldi.
— Abu Abdullo Notiliy, — dedi u salomlashganlaridan keyin yonidagi kishini ko'rsatib. — Kecha bu kishi to'g'risida gapirgan edim.
— Xush kelibsiz, safo kelibsiz, juda xursandman, — dedi uy egasi ular bilan ko'rishib. — Qani, ichkariga.
Mehmonxonaga kirib, yuzlariga fotiha tortganlaridan keyin oq yaktak kiygan, qizil belbog'li yosh yigit kirib dasturxon yozdi, barkashda non, turli noz-ne'-matlar va uch kosa sharbat keltirib qo'ydi. Mezbon non ushata turib yosh xizmatkorga:
— Husaynni chaqirib yubor, — dedi. 
Bir ozdan keyin tortinchoqlikni bilmaydigan Husayn kattalardek eshikdan salom berib kelib, quyiroqqa tiz cho'kdi.
— Vaalaykum assalom, — Notiliy boshiga baxrnal do'ppi, egniga qisqa adras to'n kiygan, ikki beti qipqizil, novchagina, qirra burun yangi shogirdiga sinovchan nazar tashlab, uni o'z yoniga chaqirdi. So'ngra Husaynning otasiga yuzlanib dedi: — Men bul yigitchaning ta'rifini eshitdim, o'n yoshga to'lmasdan qur'onni yodlab olib, keyin Iqlidus ta'limoti bilan tanishibdur. Hammasidan xabardorman. Uning zehni ravshan ekanligi ko'zlaridan aks etib turadur. Agar ruxsat etsangiz, darsni hoziroq boshlab yuborsam.
Mezbon hayronbo'lib, Massoh bilan ko'z urishtirib oldi-da, keyin o'zini qo'lga olib:
— Mayli, biz ham dars eshitaylik, — dedi. Notiliy chaqqonlik bilan dasturxon ustidagi butun nonni sindirib, uning yoniga qo'ydi-da, burdasini ko'rsatib:
— Qaysi biri katta? — deb so'radi. Ikkilanishni bilmaydigan Husayn dadillik bilan bir
chekkasi ushatilgan nonni ko'rsatib:
— Albatta, bu katta, — dedi, — bunisi kichik.
— Demak, har bir butun o'z bo'lagidan katta bo'lar ekan. Boshqacha ta'bir bilan aytsak, har narsaning bo’lagi o'sha narsadan kichik, — dedi yangi ustoz qomatini tik tutib. — Bu chinligiga shubha tug'ilmaydigan bilim. Uni isbot qilib o'tirishning hojati yo'q. Buni ilmi mantiqda ma'qulot deb ataydurlar., Yana bir misol: har qanday uch soni toq, to'rt soni juft, buning chinligiga shubha yo'q. Uchinchi bir o'lchovga teng bo'lgan ikki o'lchov bir-biriga teng va hokazo.
— Ma'qul, ma'qul, — dedi uy egasi bosh irg'atib.
— Ertaga Husaynni sinab ko'rgayman. Ma'qulot nima ekanligini tushundimi, yo'qmi, bilib olgayman.
—    Tushundi, ko'zlaridan bilib turibman, — dedi Massoh kulib, — Mana ko'rasiz, 
ertaga u butun patirni ushatib, bir burdasini o'z oldiga qo'yganda, butunning bo'lakdan kattaligini isbot qilib bergay. 
Davrada yengil kulgi ko'tarildi.
— Juda soz, — dedi Notiliy hazil aralash. — Siz ham darsimga diqqat ila quloq solganga o'xshaysiz. Ertaga kelsangiz, "Ma'qulot" nima, "Mahsulot" nima, bilib olursiz. Qariganda ham kishi mantiqqa rioya qilmog'i kerak.
— Rost, — dedi boqqol kulimsirab. — Ba'zan shunday chollar uchraydurki, na so'zlarida mantiq bor, na ishlarida, lekin men o'zimni ular qatoriga qo'shmayman. 
— Siz yaxshi qarigansiz, es-hushingiz joyida, — deb uning gapini tasdiqladi uy egasi.
Notiliy xotin, bola-chaqasini uyda qoldirib, pul topish uchun shaharma-shahar kezib yuruvchi jahongashta faylasuflardan edi. U Buxoroda issiqqina joy topib, tuzukkina maoshga ilinganidan xursand bo'ldi. Yoshligidanoq arab tilini domlalari va otasidan o'rganib olgan, zehni o'tkir shogirdiga u o'z bilganlarini zavq-shavq bilan o'rgata boshladi.
Husayn bo'sh vaqtlarida otasining kitobxonasini titkilab, arab, fors tillaridagi adabiy asarlarni o'qib chiqar, ba'zan tabobatga doir kitoblarni mutolaa qilar edi.
Bir kuni Notiliy namoz jumadan qaytayotganda allakim uning o'ng tomonidan kelib, asta yengidan tortdi. O'girilib qarasa, yiltirab turgan olacha chopon kiy¬gan ko'k sallali Mahmud Massoh ekan. Ikkovlari hol-ahvol so'rashib yonma-yon ketaverdilar.
— Qalay, shogirdingiz sizni shoshirib qo'ymayotirmi? — deb so'radi boqqol so'z orasida.
— Shoshirish ham gapmi! — dedi Notiliy hazil aralash. — Odam bolasida bunday xotira va zakovat quvvati bo'ladur, deb sira o'ylamas edim. Bir marotaba o'qigan yoki eshitgan narsasi xofizasiga mixlanib qolur. Goh tabobatga, goh mantiqqa doir kitoblarni mutolaa etadur. Bir kuni.Aristutolisning "Moba'dat-tabia"  degan kitobini topib, mutolaa etibdur-da, mag'zini chaqa olmabdur. Menga murojaat qilib, birinchi bobini tushuntirib berishni so'radi. Men qo'lidan kitobni olib, kechasi avloqda o'qib chiqdim, lekin hech narsa anglamadim. Aristutolisni o'qimoqqa hali yoshlik qilursan, deb kitobni qaytarib berdim. Natijada mening ustodlik sha'nimga dog' tushib, oradan samimiyat ko'tarildi. Ularning uyidan ketmoq niyatidaman. So'rab-so'roqlab boshqa bir talaba topdim, ba-davlat odamning bolasi.
— Hay attang, sizdek suhbatdoshdan ayriladurgan bo'libmiz-da, — dedi boqqol peshanasi tirishgan yosh faylasufga qarab.
— Men ham shunga achinurman, Abdullo ibn Hasan saxovatli, xushmuomala odam edi...
Kechqurun uy egasi bilan yolg'iz qolganlarida Notiliy Husaynning tabobatga doir kitoblarni o'qiyotgani, uni bir tabibga shogird qilib berish zarurligini gapirdi-da, so'zining oxirida:
— Menga javob bersangiz, chunki bilgan narsalarimning hammasini unga o'rgatdim, xaltamdagi bilimlarni qoqib oldi ul, — dedi qizarib-bo'zarib.
Uy egasi Notiliy o'z vazifasini ado etganini, endi uni ushlab turish foydasiz ekanligini fahmlagan edi. Shu sababdan gapni ko'p aylantirmay o'g'liga ustodlik qilib, fikriy rivojlanishiga yordam bergani uchun minnatdorlik hildirib, uni xursand qildi.

III

Bir kuni Abdullo ibn Hasan devondan ertaroq qaytib kelib ovqatlangandan keyin o'g'liga tezroq kiyinib, ko'chaga chiqishga tayyor bo'lib turishni buyurdl.
— Qaerga borurmiz? — deb so'radi Husayn.
— Tabib Abu Mansur Qamariyning uyiga. Sen to'g'ringda ul kishiga ikki og'iz gap aytib, o'g'limga ustozlik qiling, ul tib nazariyasi bilan bir oz tanishgan, tibbi amaliyni o'rgansin, degan edim, iltimosimni qabul qilib, seni ko'rishni istadilar. O'zimni ham ul kishi¬ga ko'rsatmoqchiman, mazam qochib turibdur.
Husayn shoshib-pishib oyog'iga mahsisini, egniga hoshiyali kaltagina adras to'nini kiydi. Ota bo'yi cho'zilib qolgan o'g'liga qarab, yuragida otalik mehri mavjlanayotganini sezsa-da, lekin qovog'ini uyib:
— Yur, ketdik, — dedi
Buxoroning mashhur tabiblaridan Abu Mansurning mehmonxonasiga kirgan kishining dimog'iga quritilgan o'tlar, turli-tuman dorilarning hidi "gup" etib urilardi, Oyoq ostiga pati to'kilgan gilam, to'rga ko'rpacha emas, ayiq terisi tashlab qo'yilgan edi.
Taram-taram qizil yuzli xushsurat uy egasi bilan mehmon po'stak ustiga o'tirib, hol-ahvol so'rashar ekan, quyiroqdagi gilamga tiz cho'kkan Husayn tokchalarga terilgan rang-barang shishalar, quritib qo'yilgan o'tlar, giyohlardan ko'zlarini uzolmas edi.
— O'g'lingiz dori-darmonlarga qiziqar ekan, — de¬di bir ozdan keyin uy egasi kulimsirab. — Ko'zlari sizning so'zlaringizni tasdiqlab turadur. Agar yonimda yurib tibbi amaliyni o'rgansa, kechalari "Jolinus" kitoblarini mutolaa qilsa, maqsadiga yetgay.
— Iloyo aytganingiz kelsin, — dedi mehmon xur¬sand bo'lib.
Mezbon Husaynga qarab:
— O'g'lim, tokchadagi dori-darmonlarni ko'zdan kechirib chiq, senga ruxsat etaman, — dedi, keyin rangi siniqqan mehmonga yuzlandi. — Tobingiz qochib turganga o'xshaydur. Qani, yonboshlang, men tomiringizni ko'ray.
U jiyakli olabayroq ipak to'nining etaklarini tizzalari orasiga olib, po'stak ustiga yonboshlagan mehmonning tomirini ushlab, shiftga qaradi-da, Husaynga eshittirib, shunday dedi:
—Tomiringiz betartib, notekis urmoqda, bugun yo ovqatni ko'p yeb qo'ygansiz, yo birov sizni xafa qilgan, ammo bilurman, taomni oz yeysiz, ikkinchi taxminim to'g'ri bo'lsa kerak.
— Topdingiz, sohibi devon bugun menga nohaq ozor berdi. Na qilay, podshoning muqarrabiga e'tiroz bildirib bo'lurmi? Zamonaning zayli, nomunosib, nodon odamlar halol va to'g'ri odamlar ustiga minib olib vaqti-vaqti bilan jilovni qattiq tortib qo'yadurlar.
— Kuchingiz toliqqan, asablaringiz bo'shashgan, dam olishga muhtojsiz. Agar ilojini topsangiz, saroydagi ishingizni tark eting.
— Farzandlarim yosh. Hech bo'lmasa mana bu o'g'lim sizning hunaringizni egallab olsaydi. Hamma umidim shunda.
— Rost, bul o'g'lingiz serg'ayrat va zehnli ekanligi yurish-turishi, vajohatidan bilinib turibdur. Kichigi ham shundaymi?
Husaynning dadasi ma'yus holda, bilinar-bilinmas bosh chayqab qo'ydi. "Zehni pastroq, yuvosh bola" demoqchi edi-yu, lekin:
— Bir ota-onadan har xil bola tug'ilar ekan, — deb javob qildi.
Qamariy gapni aylantirib o'tirmay maqsadga ko'chdi.
— Boshingiz omon bo'lsa, shul o'g'lingizdan baraka topgaysiz. Men uni yo'lga solib yuborishni o'z ustimga olurman. Erta, yo'q, indinga sizni yo'qlab borurman, qolgan gapni o'shanda aytgayman.

* * *

Abu Mansur shogirdining uyiga kelganda u ko'chada o'ynab yurar edi.
— Qani yosh Jolinus? — deb so'radi tabib, uni hurmat bilan qarshi olib, mehmonxonaga taklif etgan uy egasiga.
— Ko’cha-ko'yda o'ynab yurgan chiqar. Yerga ursa, osmonga sapchiydur. O'n to'rtga qadam qo'ysa-da, sho'xligi qolmagan.
— Sho'xlik g'ayrat va shijoat belgisi. Yuvosh boladan qo'rqish kerak, katta bo'lganda ishyoqmas bo'lishi mumkin, — dedi Qamariy kulimsirab.
Mehmon bilan mezbon ovqatlanib, sharbat ichib, uyoqdan-buyoqdan gaplashib o'tirganlarida Husayn salom berib kirib keldi-da, quyiroqqa cho'kkalab o'tirdi.
— Vaallaykum assalom, ishlaringiz qalay, "Moba'dattabia"ni mutolaa qilib turibsizmi?
— Yo'q, taqsir. Tushunmagandan keyin na qilayin o'qib?
— To'g'ri, hozircha Arastuni qo'yib, Jolinus, asarlarini o'qiy boshlash kerak. Endi bolalik bo'stonidan hatlab o'tib, o'spirinlik davriga qadam qo'ygansiz, hayot uchun kerakli kasb-hunar orttirmoq lozim. Tibbi amaliyni o'rganib olmoq kerak, ilmi hikmat sizdan qochib qutulmas. Xo'sh, endi mening yonimga kelingchi, nabzingizni ko'ray.
U oldiga kelib cho'k tushgan shogirdining aftiga qarab jilmaydi-da, tomirini ushlab ko'rib:
— Sovuq suvda cho'milibsizu, lekin bir-ikki sho'ng'ib, badaningizni ishqalab, quruqlikka chiqibsiz-da, darhol kiyimingizni kiyib olibsiz, — dedi.
— Ie, qayoqdan bildingiz? Jo'yi Muliyonda cho'milayotganimni ko'rdingizmi?
— Kelganlariga ancha vaqt bo'ldi, qayoqdan ko'radurlar sening cho'milayotganingni? — dedi otasi hayratlanganidan ko'zlari chaqnab ketgan Husaynga qarab, — hammasini nabzingizdan bilgan bo'lsalar kerak.
— Rost, — dedi Qamariy uning gapini tasdiqlab. — Sovuq suvda uzoq cho'milgan kishining tomir urishi zaiflashadur, agar badanga sovuq o'tmagan bo'lsa — kuchayadur, lekin tezlashmaydur.
Husayn tomir urishidan odamning ichki holatini biladigan yangi ustodiga hurmat aralash hayrat bilan qarab, uning kasb-hunarini egallab olishga ahd qildi. Ma'rifat darvozasidan ilm-fanning tikanli gullar bilan qoplangan chamanzori ko'ziga tashlanib turardi.

To'liq: Mirkarim Osim. Ibn Sino qissasi - PDF

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.