OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mirkarim Osim. O'tror (qissa)

613 yil savr oyining boshlarida ertalab ikki otliq tevaragi baland paxsa devor bilan o‘ralgan chorbog‘ning darvozasi oldiga kelib egardan tushdi. Darvozaning ikki tavaqasi lang ochiq. Darvozabon eshik yonida turardi. Egniga movutdan kalta yengli tugmador, oyog‘iga ufka etik kiygan, ikki yuzi qip-qizil, g‘o‘labirdan kelgan suvoriy otini yetaklaganicha eran-qaran darvozadan kirdi. Uning yonida kumush dastali qilich, belida o‘q-yoy va yettita o‘q solingan sadoq osig‘liq. Ikkinchi otliq — yoshi yigirma bir-yigirma ikkilarda bo‘lgan novchagina yigit, qirchang‘i otini yetaklab, uning orqasidan ergashdi. Miyiqlari sabz urgan, do‘rdoq lablari iljayib turgan bu yigitning yelkasiga yamoq tushgan, ko‘hna etigining poshnasi mayishgan.
Eshik yonida turgan darvozaboi birinchi otliqqa hurmat bilan salom berdi-da, ikkinchi otliqqa istehzo bilan qarab jilmayib qo‘ydi. Shu payt ichkaridan bo‘z yaktak kiygan oriqqina bir xizmatkor yugurib chiqib mehmonlarning otini yetaklaganicha otxonaga olib kirib ketdi.
Bog‘dagi meva daraxtlari gullagan, havodan bol isi anqiydi. Bahor daraxtlarni yosh kelinlardek bezatib, ustlariga oq, qizil qo‘ylak kiygizgan, kokillariga gulob sepgan. Kishining yoshligini eslatuvchi muattar daraxtlar atrofida shirinlikka o‘ch arilar g‘o‘ng‘illashib uchib yurishardi.
Besaranjom chumchuqlar yasangan-tusangan daraxtlarning gullarini cho‘qib-cho‘qib uzib tashlamoqda, ular ustida qaldirg‘ochlar charx urib valfajri o‘qiydi.
Chorbog‘ning qoq o‘rtasiga qurilgan baland shiypon zinalaridan o‘rta yoshli, miqtidan kelgan, qiyiq ko‘zli bir kishi tushib kelayotibdi. U ham go‘yo hozir urushga ketayotgandek qurollangan, yonida kumush dastali qilich, belida sadoq, qo‘lida o‘q-yoy. Birinchi mehmon uni ko‘rishi bilanoq o‘n qadamcha berida to‘xtab, indamay, o‘ng qo‘lining kaftini ochib, boshi uzra ko‘tardi-da, uning uchini yerga tegizib ta’zim qildi. Rangi o‘chib ketgai yosh yigit ham sherigiga taqlid qilib, qo‘l uchini yerga tegizib, keyin qaddini rostladi. Bog‘ egasi ularning ta’zimiga bosh silkish bilan javob qildi-da, hol-ahvol so‘rashgandan keyin qisqacha so‘radi.
— Ha, Qulnazar, ne xabar?
— Ming qatla shukrkim, soyai davlatlarida eson-omon yuribdirmiz. Yurt tinch, aholi duoyi jonlarini qilib yotibdurlar, — dedi kelgan yuzboshi. — Janoblariga bir xushxabar keltirdim.
— Qani, eshitaylik,— dedi qo‘rg‘on egasi miyig‘ida kulib.
— Ulug‘ elchi Bahoiddin Roziy Chin-Mochiidan qaytayotgan ermishlar. Chopar kelib, tongla O‘trorda bo‘ladurlar, — dsb xabar qildi.
— Durust. Durust,— deb qo‘ydp Inolchiq benarvolik bilan. Uning qotmadan kelgan qoracha yuzi jiddiy, hech bir mushagi qimirlamas edi. U qip-qizarib yerga qarab turgan yosh yigitga savol nazari bilan tikilgancha qoldi.
— Bu yigit — Temirtosh. Men janoblariga aytib erdim,— dedi yuzboshi Qulnazar,— Mana, endi xizmatingizga o‘z oyog‘i birla keldi.
O‘tror shahar hokimi Inolchiq o‘ziga epchil bir navkar topib berishni yuzboshi Qulnazardan iltimos qilgandi. Urug‘ oqsoqollaridan bo‘lgan bu odam oddiy xalqdan chiqqan navkarlarning sadoqatli, o‘z vazifasini bajonu dil bajaradigan, mard bo‘lishini yaxshi bilardi.
Inolchiq Temirtoshping uzun qo‘llariga, yirik panjasiga, sal bukchaygan gavdasiga qarab: «Agar tarbiyat qilinsa, yaxshi qilichboz chpqadi,— deb o‘yladi. — Lekin tomoqdan qisilib o‘sgan yigitga o‘xshaydi, boqsa odam bo‘ladi». Temirtosh esa hokimning qora soqoliga, baquvvat bo‘yniga, kiyimi ostidan bilinib turgan mushaklariga qarab, «moy bilan go‘shtni ko‘p yeb, iligi to‘lgan», deb o‘yladi.
— O‘q otmoq, ot minmoqni bilurmusen?— deb so‘radi hokim, u bilan so‘rashib bo‘lgandan keyin.
— Ha, o‘qni yaxshi otib, otni yaxshi minurmen. 
Inolchiq sadog‘idan o‘q-yoyini va bitta o‘qini olib unga tutqazdi-da, yuz qadamcha naridagi yosh terakni ko‘rsatib:
— Mergan bo‘lsang, o‘shal og‘ochni qorag‘a olib otg‘il,— dedi-da, o‘zini chetga olib turdi.
Temirtosh o‘qni yoy ustiga qo‘yib, yo‘g‘onligi odamning sopidek keladigan terakka qaradi. So‘ngra og‘ir o‘q-yoyni arang tortib otdi. O‘q terakka borib sanchildi, ikki yoniga pat qadalgan dumi zagizgonning dumidek likillab turaverdi.
— Ofarin,— dedi Qulnazar yuzboshi. — Yaxshi mergan bo‘lsang-da, kuching yo‘q erkan.
U belidan o‘q-yoyni olib, uzoq poylab o‘tirmay, kamon tortib qo‘yib yuborgan edi, o‘q o‘sha terakni teshib o‘tdi. Temirtosh qoyil qolib:
— Balli, kuch-quvvatdan bergan ekan,— deb yubordi.
— Nima, sen yuzboshi Qulnazarxo‘ja hamma kuchinn qorniga to‘plagon deb o‘ylabmi erding? — dedi u katta qoriini ko‘rsatib. — Hamma kuch bilakda. Istasang, kuchdan qarz berib turay.
Hazil-mutoyibaga uncha xushi bo‘lmagan Inolchiqqa, yuzboshining gapi uncha yoqmadi shekilli, qoshini chimirib:
— Bul yigitni xizmatga olurmen,— dedi Qulnazarning bir tuki yo‘q qip-qizil basharasiga qarab.— Siz bu yigitni o‘z bo‘lukingizga olib, ot minmoq, qilich urmoqni o‘rgating.
— Bosh ustiga,— deb ta’zim qildi yuzboshi, so‘ngra ko‘zlari chaqnab ketgan Temirtoshga burilib gapira ketdi: — Qilichni shunday urmoq kerakdurkim, yerga sanchib qo‘yilgan qamishning tagi qimir etmasun, kesilgan uchi qavatiga tushib, sanchilib qolsun. Seni shunday o‘rgaturmen.
— Sog‘ bo‘ling, og‘a. Men yaxshilikni unutaturg‘on yigitlardin ermasmen.
Inolchiq bu soddadil yigitning chin yurakdan chiqarib aytgan gapiga miyig‘ida kulib qo‘ydi-da:
— Qani, shiyponga marhamat, so‘ylashaylik,— dedi.

To'liq: Mirkarim Osim. O'tror (qissa) - PDF

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.