OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mirkarim Osim. To‘maris (qissa)

Cho‘l bahor kelinchagi oyog‘i ostiga chechaklar bilan bezalgan yashil poyandozini yoyib tashlagan. To‘rg‘aylar havoda pirillab ko‘klamga madhiya o‘qimoqda. Rango-rang kapalaklar chechaklarning xushbo‘y hididan mast. Allaqanday uzun oyoqli qushlar o‘tlar orasida dumlarini likillatib, katta-katta bosib yuradi, toshbaqalar burishib ketgan xunuk bo‘yinlarini o‘tlarga cho‘zadi, qo‘ng‘izlar esa orqalariga qarab yurib, tezakdan yasagan qumaloqlarini allaqayoqqa yumalatadi. Qizg‘ish-qo‘ng‘ir bir ilon o‘t orasidan o‘rmalab kelib, atrofni tomosha qilayotgandek qaqqayib qolgan yumronqoziqqa tashlanadi, qushlarga o‘xshab chirqillab turgan kaltakesaklar qo‘rqib ketib oyoqlari bilan qumloq yerni ikki yonlariga chiqarib, tuproq ostiga yashirinadi. Ba’zan ovullar yaqnnidan ko‘kraklari oppoq sayg‘oqlar gala-gala bo‘lib chopib o‘tadi, yer gumburlab ketadi.
Orol dengizining janubidagi shu bepoyon cho‘llarning sohibi bo‘lgan ko‘chmanchi massagetlar kelin kutmoqda. Ularning qarorgohi bayram tusini olgan. Har yer-har yerga gulxan qalangan, kiyik va qo‘y go‘shti pishayotgan mis qozonlar go‘yo mehmonlarni sabrsizlik bilan kutayotgandek shaqir-shaqir qaynamoqda.
Qabila boshlig‘i To‘maris o‘g‘li Siparangizni shak urug‘idan Zarina degan bir qizga uylantirmoqda. Massagetlar kelinni olib keladigan mehmonlarni kutib olish taraddudida.
Yoshlar mehmonlarga joy hozirlamoqda, ayollar ovqat pishirmoqda, yangalar o‘tov xizmatini o‘taydigan uzun soyabon aravalarni bezatmoqda...
Charchab gulxan yonida o‘tirgan yoshlar uzoqdan ot choptirib kelayotgan choparni ko‘rib, o‘rinlaridan sakrab turib ketdilar.
— Kelin... kelin kelayotir,— deb baqirdi u harsillab.— Qariyalar oldinda... darhol kutib olinglar.
Chopar sakrab egardan tushdi-yu, otini qoziqqa bog‘lab, bir chekkadagi katta gulxan yaqinidagi chollar oldiga borib o‘tirdi.
Butun qarorgoh oyoqqa qalqib, aziz mehmonlarni kutishga hozirlandi. Oradan ko‘p o‘tmay uzoqda uchi ingichka namat qalpoq kiygan otliqlar ko‘rindi. Massaget yoshlari shaklarga peshvoz chiqib:
— Xush kelibsizlar, qo‘noqlar, poyqadamlaringizga hasanot,— dedilar va otlarini jilovidan ushlab, egardan tushishlariga yordam berdilar.
Shaklar otdan tushib, massaget qariyalari bilan ko‘rishganlaridan keyin atrofi soyabon aravalar bilan qurshalgan sayhon joyga, guldor namatlar ustiga chordana qurib o‘tirdilar. Mezbonlar qo‘y terisidan qilingan supralarda pishirilgan go‘sht, meshlarda qimiz keltira boshladilar.
Kun botgandan keyin kelin va uning dugonalari tushgan uzun soyabon aravalar yetib keldi. Har yer-har yerga qalangan gulxanlarning olovi gurillab, osmonni yoritib yubordi, ashulalarning avji falakka ko‘tarildi. Kelin bilan kelgan qizlar va yigitlarning yallasi, bolalarning qiy-chuvi, xursandlikdan terisiga sig‘may qolgan kishilarning shovqiniga qo‘shilib ketdi. Osmon baravar ko‘tarilgan gulxanlarning yorug‘ida o‘yin-kulgi, ziyofat boshlandi.
Vaqt alla-palla bo‘lganda kuyov bilan kelinni ular uchun belgilangan soyabon aravaga chiqarish oldidan kurashtirib ko‘rishdi.
Bo‘ychan, bug‘doyrang, sochlari timqora, ko‘zlari chaqnab turgan Zarina o‘zining sahroyi go‘zalligi bilan boshqa ayollardan ajralib turardi. U gulxanlar yorug‘ida davra qurib o‘tirgan yigpt-qizlarga bir qarab oldi-da, to‘rda, obro‘li kampirlar va chollar qurshovida savlat to‘kib o‘tprgan To‘marisga ta’zim qildi, so‘ngra qarshisida kurashga shaylanib turgan cho‘zinchoq yuzli, ko‘zlari katta-katta Siparangizga tikildi. Qiz sochlarini ro‘molcha bilan mahkam tang‘ib, belini kamar bilan bog‘lab olgan edi. U bexosdan kelib, yigitni belidan oldi-da, chirpirak qilib uloqtirib yubordi, yigit ancha yergacha gandiraklab borib tizzalab qoldi. Kelin tomondan kelgan yigit-qizlar xursand bo‘lib qiyqirib yubordilar.
Kuyov bilan kelin payt poylab, bir-birlarining atrofida anchagacha aylanib yurishdi. Zarina epchillik bilan Siparangizga chang solib uni chalib yubordi, yigit yonboshi bilan qattiq yiqildi-yu, lekin orqasi yerga tegmadi, darhol sakrab turib yana olisha ketdi.
Bir-birlarini yitsita olmagandan keyin ular o‘zlarini sovutish uchun aylanib yurishdi. Siparangiz tetiklangandan keyin to‘satdan qizning o‘ng qo‘liga yopishdi-yu, bir siltab tortib, xipcha belidan mahkam qisganicha ko‘kragiga ko‘tarib oldi. Qiz chap tomonga tashlaydi, deb mo‘ljallab turgan edi, yigit uning ko‘nglidagi gapni anglaganday, tizzasi bilan qayirib, o‘ng tomonga tashladi. Shu mahalgacha nafaslari ichlariga tushib ketgan kuyov tomon yigitlari qiyqirib yubordilar. Qizning yag‘rini yerga tekkan edi, u qizarib-bo‘zarib o‘rnidan turgach, yangalar «Yarash-yarash»,— deb baqirib, kelin bilan kuyovni aravaga chiqarib qo‘ydilar.
Ertasi kuni tongotar paytida havo aynib, qum bo‘roni boshlandi. Hamma jonivorlar sahrodan kelgan qum uyurmalaridan o‘zlarini saqlash uchun in-inlariga berkindi, cho‘l huvillab qoldi. Qum to‘zonidan osmon qorong‘ilashdi, ko‘chmanchilar aravalarining hammayog‘ini berkitib oldilar. Bo‘ron bir soat davom etdi, so‘ngra qanday bsxosdan boshlangan bo‘lsa, shunday tez tindi. Soyabon aravalarning oldi ochildi, odamlar namat ustiga yoyilgan qumlarni qoqib tushira boshladilar. To‘rg‘aylar hech narsa bo‘lmagandek, yana chuldirab qo‘shiqlarini aytishga kirishdi. Oftob yana jilmayib, cho‘l kelinchagi ustidan yana oltin tapgalar socha boshladi. Bahor naqqoshi yana qo‘liga mo‘yqalamini olib, tabiat qo‘yniga zebo naqshlar sola boshladi.
O‘g‘li bilan keliniga qarab To‘marisniig sevinchi ichiga sigmas edi. Biroq oyning o‘n beshi yorug‘ bo‘lsa, o‘n beshi qorong‘i, deb bekorga aytmaganlar. Baxt osmonida bir parcha bulut paydo bo‘lib, cho‘l malikasining yuragini g‘ash qila boshladi. Mamlakat chegarasidan kelgan choparlar uning huzuriga Eron shohining elchisi kelayotganidan darak bergan edilar.

To'liq: Mirkarim Osim. To'maris (qissa) - PDF

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.