OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muhammad Ochil. Hali boplaydi (hajviya)

Jamol Jo‘shqin muharrir xonasiga quyunday bostirib kirdi.
— Xo‘sh-sh?! – dedi qalin qoshlarining har bir mo‘yini igna qilib. — So‘rash joizmi?! Ne sabab, kaminaga mukofot yozilishida faromushga yo‘l qo‘yilibdi?! “Ostonai-tahririyat” tuprog‘ini yigirma yildan oshiq yalab kelayotgan menday jafokash jurnalist... Ehm, qolaversa, jo‘shqin shoirga hurmat shumi?!
Muharrir “jafokash jurnalist” va “jo‘shqin shoir”ga qararkan, miyig‘ida kuldi.
— Hurmatingiz bor! Ammo, uzr... Bu safar shunday bo‘lib qoldi.
Jamol Jo‘shqin tepakal boshini orqasiga ilkis tashladi.
— Nechun? Bu “hurmatingiz”ga xafa bo‘ldim, inchunun! Kuni kecha kelgan mishiqi muxbirchalarga mukofot boru, bizga yo‘qmi? O‘zingiz ham ko‘p yillik... Hm, haligi moziyga mansub muharrirsiz. Shunday ekan, yodingizda bordir?! Bir paytlar “Jamol Jo‘shqin borayapti!” degan mujda tarqalgudek bo‘lsa, tuman va xo‘jalik rahbarlari yo‘limga peshvoz chiqishib “non-tuz” bilan qarshi olishardi. Ha, endi, qalamimiz qamchidek qarsillab...
— Yashang! — muharrir suhbatdoshining gapiga to‘satdan band tashladi. — Haqiqatan, bir paytlar o‘zingiz aytmoqchi jafokash jurnalist va jo‘shqin shoir edingiz?! “Feleton”laringizda filning kuchi bor edi! She’rlaringiz esa yurakni jizillatardi... Ammo bular ilgari edi! Hozir-chi?! O‘zingiz tan olib ayting, yaqin besh-olti yil mobaynida o‘quvchi yodida qoladigan ocherkmi, lavhami, loaqal tuzukkina biror maqola yozganingizni eslay olasizmi?! Ilk she’riy to‘plamingiz “Ko‘ngildagi qirov”dan so‘ng, nima balo, jo‘shqinligingiz ham “qirov”dek erib ketdimi, deyman?! Qo‘lingizda tajriba o‘tab, “xat-savod” chiqargan “mishiqi muxbirchalar” esa... Xafa bo‘lmangu, hozir sizdan o‘tib ketishgan! Yoki, dashnomlarim dalil talab qiladimi? Xo‘sh-sh...
...Jamol Jo‘shqin muharrir xonasidan dami chiqqan pufakdek bujmayib chiqdi. Tepakal boshi, ajin omoch tortgan manglayi, hatto qo‘sh qavat bag‘baqasigacha bodrab chiqqan ter donalarini go‘shtdor kafti bilan sidirarkan, norozi ohangda to‘ng‘illadi.
— Yo‘q! Hali oqshom cho‘kkani yo‘q! Jamol Jo‘shqinning oftobi ufq ortiga botmagan! Shu ta’na-dashnomlar uchun yozish qanaqa ekanligini senlarga qaytadan ko‘rsatib qo‘yaman! Ha, hali qirov qo‘nmagan, hech kim jur’at qilmagan mavzularda shunday qalam yuritayki... Og‘zilaring naq sabzi o‘radek lang ochilib qolsin! Bo‘ldi, qarorim qat’iy, bugundan... Yo‘q, ertadan boshlab, Jamol Jo‘shqinning xobxonasidan endi xurrak emas, faqat qalamning qirtillashiyu qog‘ozning shitirlashi eshitiladi, xolos!..
Ertasi kuni esa — dam olish kuni edi.
— Ayni maddao! – dedi Jamol Jo‘shqin devordagi “taqvim” varag‘iga qarab qo‘ygancha, xomuza tortib ko‘rpaga kirarkan. — Demak, bugun barvaqt yotilib, erta qarg‘a qag‘illamasdan yozuv stoliga o‘tiriladi. Tushlikkacha to‘rt qag‘oz, kechki taomdan so‘ng yana... Xo‘sh, nima mavzuda yoziladi?! Bu haqda ham yaxshisi ertaga nahorda mushohada yuritiladi...
Niyati barhaq ekan, darhaqiqat ertasi kallai-saharda ko‘z ochishga to‘g‘ri keldi.
— Tezroq, tura qoling! — shoshiltirdi xotini. — Hamsoyalar kutib qolishdi...
Jamol Jo‘shqin yelkasida to‘n, boshida do‘ppi, darvozani karaxt tarzda ochdi. Ko‘rdiki, ostonasida bir emas, besh-oltita qo‘ni-qo‘shni qatorlashib turishardi.
— Qani, — dedi ular orasida kayvonirog‘i. — Qalpoqni tez shlyapaga almashtirib chiqing-chi! Ha, galstuk taqish ham esdan chiqmasin?! Har tugul shoir odamsiz... Mahalla nomidan sizga so‘z-po‘z ham tegib qolishi mumkin. Xullas, huv kunjakdagi magazinchi Mo‘min mo‘ylov borku... O‘sha nahorgi oshga aytgan!
— Obbo! — manglayini tirishtirdi Jamol Jo‘shqin. – Reja barbod bo‘ladigan bo‘ldi-da! Bu Mo‘min mo‘ylov shahardagi to‘rtta boyvachchaning bittasi. To‘y palovida bitta guruch, bitta go‘sht... bo‘lishi aniq! Qolaversa, mahalla-ko‘ychilik. Bormasa mana bular xafa bo‘lishadi...
Jamol Jo‘shqin adashmagan ekan. Lagan to‘la “gumbaz”li osh ishtaha bilan qulatildi. Taft bosdisiga ikkita sedanali so‘lqildoq non nisholdaga botirib yeyilib, ustidan to‘rt choynak choy simirilgach nihoyat, nafs taskin topdi.
— Har holda ertalabdan yomon bo‘lmadi! — mamnun holda kekirdi Jamol Jo‘shqin qo‘shnilar bilan xayr-ma’zur qilarkan. — Chunki ijod insondan hamisha katta kuch-quvvat talab qiladi! Endi stolga o‘tirib...
— Ho‘-o‘, shoir! Kutaverib, ko‘zlar qorayib ketdi-ku?!
Tanish hirqiroq ovozdan Jamol Jo‘shqin sergak tortdi. O‘girilib qarasa, darvozasi tagida maktabdosh jo‘rasi Jomurod polvon mashinasining eshigini ochib manzirat qilib turibdi.
— Hozir to‘g‘ri “mol bozor”ga boramiz! – dedi polvon salom-alikni nasiya qilib. — Chunki sengina qo‘y-qo‘zi haqida yozaverib ustasi farang bo‘lib ketgansan. Xullas, menga ham arzon, ham go‘shti pichoqqa ilinadigan ikkita qo‘chqor sotib olishda ko‘maklashasan! Ha, kelinga uchrab, vaqtni bekorga o‘ldirma. Ruxsatini olganman...
Jamol Jo‘shqin ikki o‘t orasida qovrilardi. Borsa, turgan gap choshgohgacha yoziladigan to‘rt-besh varaq “suvga urib” ketadi. Bormasa, polvonning gapini yerda qoldirish kissaga zarar! Juda jo‘mardda qurg‘ur! Qo‘li ochiq, dasturxoni hamisha yoziq. “Yeb ketarga” deb “qarz” berib turishi-chi?! Shunday ekan...
Bozordan qaytisharkan, qo‘sh qo‘chqorning shox tashlagancha irg‘ishlashini ko‘rib polvonning kishti keldi.
— O‘ho‘-o‘! Aytdim-ku, mol tanlashda senga taraf yo‘q, deb. Shunday ekan, xizmatingni... yuvmasak, insofdan bo‘lmas! Bir sixdan kabob, a?!
Biroq polvonning ta’kidlashicha, kabobni hech qachon “etim” qilmaslik kerak. Yetim qilishmadi... Boshlanishida bosh chayqab, taysallayotgan Jamol Jo‘shqin to‘rtinchi piyoladan so‘ng tashabbusni o‘z qo‘liga oldi. Ilhomi to‘satdan qulf urdi:
Yigit bo‘lsang mustaqil,
Ko‘p noz qilmay, yuzta qil...
Qalay!? Kel, shuning uchun olamiz... Yo‘q, zakuskasiga o‘pishamiz! Oh-h, oh-h! Ana ko‘rding, aroqning zahri ketdi! Lekin, senga bir sirni aytaymi?! Menchi... Hali hammasiga ko‘rsatib qo‘yaman!
Polvon “sir”ni surishtirib o‘tirmay, bosh irg‘ab qo‘ya qoldi.
— Roziman! Ko‘rsatib qo‘y... Pulini mendan olasan!
— Yo‘q! — Jamol Jo‘shqin ilkis o‘rnidan turdi. — Yaxshisi, meni tez uyimga yetkaz! Zarur yumushim bor. Bora solib, ularga ko‘rsatib... Yo‘q, oldin miriqib uxlayman. Kayfni qochirib, kuch yig‘ib, so‘ngra boplayman!
Jamol Jo‘shqin yostiqdan bosh ko‘targanda oqshom allaqachon cho‘kkandi.
— Hali fursat bor! — dedi u boshini sovuq suvga chayarkan, o‘ziga-o‘zi tasalli berib. — Endi hech narsaga alahsimay saharga qadar ilhom parisi og‘ushida bo‘ladi. Kerak bo‘lsa zo‘rlab... niyatiga erishadi! Ana shundagina hammasini boplaydi...
Jamol Jo‘shqin yozuv stoliga o‘tirib, qalamining uchini yo‘narkan, yana qat’iyat bilan takrorladi.
— Endi meni bu joydan to‘p otib ham turg‘iza olishmaydi! Ha, ularni bopla-a...
Shu asnoda eshik tavaqasi taraqlab, xotinining shodon kulgisi yangradi.
— Aytdim-a, nega ertalabdan buyon o‘ng qovog‘im uchadi! Yana deng bilganday, no‘xat ivitib qo‘yganim-chi! Xo‘jayin, bir yayraydigan bo‘ldingiz! Akam keldilar! Tezroq chiqing... Tag‘in?!
Jamol Jo‘shqin tagidan tok urgandek, beixtiyor turib ketdi. Ha! Bu ilonbosh qaynog‘asining fe’l-atvori o‘ta chars. Yolg‘ondan qovoq uysang, rostdan so‘kib yuboradi. Lekin, xotin xeshning hotamtoyligiyu dangalligi ham bor. Supraqoqdisining qo‘lini halollaganda “Jiyanga padarka!” deb katta bir novvosni yetaklab kelgandi. Shunday bo‘lgach, erkaligi o‘ziga yarashadi-da! Ehtimol, bugun shoshib, ko‘p o‘tirmas...
Ammo, “erka mehmon” tun yarmidan oqqandagina ketishga izn so‘radi.
— Bizga endi ruxsat, kuyov! Lekin bu safar xursand qilmading... Ilgari kartadan “durak”, “beshko‘tarar”larni titib tashlarding. Bugun esa, xayoling ham joyida emas?! Kuyov degani baribir “yov” bo‘larkanda-a?! Mazang bo‘lmasa ayt, do‘xtir-so‘xtirga ko‘rsatay! Yana bu kishim muxbir, tahririyatda ishlarmish?! He, o‘sha seni siylagan...
Jamol Jo‘shqin izza bo‘lgancha iziga qaytdi. Ijod stoliga endigina o‘tirgan ediki, qo‘shni xonadan o‘g‘lining qiyqirig‘i qulog‘iga urildi.
— Urra! Futbol... Chempionlar ligasi!
Jamol Jo‘shqinning qo‘lidan qalami sirg‘alib tushdi.
— Ie?! Axir, bu o‘yinni ikki haftadan buyon intiq kutayotgandi-ku?! To‘g‘ri, futbolni ko‘rmasligi mumkin. Ammo, ertaga ishxonaga borganda, bahs-munozaraga qatnasha olmay mum tishlab o‘tiradimi? Unda sport sohasi bilimdoni sifatida orttirgan obro‘si nima bo‘ladi?! Bor-yo‘g‘i, ikki soat... Ana undan keyin boplaydi!
Ammo asosiy vaqtdagi o‘yinda hisob ochilmadi. Jamol Jo‘shqin baqiraverib, yostiqni mushtlayverib toliqib qoldi. Shu bois qisqa tanaffusda qisqagina tin olish uchun divanga bosh qo‘ydi-yu, u yog‘ini... Qancha muddat o‘tdi, eslolmaydi, xotinining qistovi bilan joyiga o‘tib yotarkan, g‘udrandi.
— Bu safar bo‘lmadi! Lekin, albatta ertadan boshlab... Ha, hali ularni shunday boplasinki!
Lahza o‘tmay xobxona larzaga keldi. Jamol Jo‘shqin xurrak otayotgandi...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.