OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muyassar Tilovova. Qorag‘ordagi ov (hikoya)

Kattalar menga shart qo‘yishdi. Ularning safiga kirish uchun uzun suv ilonini tutib, Qulmat oqsoqning bo‘yniga ilishim kerak. Bu unchalik qiyin emas. Qulmat oqsoq juda yuvosh chol. Birovga qattiq gapirmaydi. Ko‘zlari o‘tmaslashganidan katta ko‘zoynagini taqib, kulbasi atrofini aylanib yuradi. Orqasidan soyaday ergashib ketaversang ham sezmaydi. Yoki sezsa ham e’tibor bermaydi. Shuning uchun uning bo‘yniga ilon ilish menga cho‘t emas. Ammo ilonni tutish kerak-da. To‘g‘ri, suv iloni chaqmaydi. Lekin chaqadimi, chaqmaydimi, baribir, u ilon-ku, sovuq basharasiga ko‘zim tushishi bilan etim junjikib ketadi. Anhorga tikilib o‘ylanib qoldim. Agar shu ishni eplolsam, manavi ko‘m-ko‘k, tip-tiniq suvda kattalar bilan birga cho‘milish menga nasib etadi.
— Qo‘rqyapsanmi, yigit? — dedi qo‘lidagi baliqni olovga tutayotgan Rahim aka irjayib. — Seni qara-yu, bizga qo‘shilishing uchun oddiygina shart qo‘ygandim. Uyaltirib qo‘yding-ku. Haliyam qora g‘orga kirib chiqasan demaganimga shukur qil.
Qora g‘or so‘zini eshitib, yuragim orqaga tortib ketdi. Qora g‘or, aslida, g‘or emas, anhorning katta yo‘l tagidan o‘tgan qismi. Yo‘l juda keng bo‘lganidan, tunnel ham shunga yarasha uzun. Uzoqdan ichi qop-qorong‘i ko‘ringanidan, biz uni qora g‘or deb ataymiz. U yerga hech kim ataylabdan kirmaydi. Tasodifan oqib ketganlarning hech biri esa tirik chiqmagan. Tunnelga keraverishdagi suv shiddat bilan loyqalanib, ko‘piklanib oqadi. Xuddi o‘pqonga o‘xshaydi. Bor suvni ichiga yutib ketayotgandek. Ammo ajablanarlisi, tunnelning narigi tomonidan chiqayotgan suv tiniq va sokingina oqadi. Bunday joyga kirishning o‘zi o‘lim bilan teng. Qora g‘orga katta bolalardan hali hech kim kira olmagan... hatto tunnel og‘ziga yaqinroq joylarda ham biror bola cho‘milmaydi. Lekin, kattalarning aytishicha, Rahim aka tunnel og‘zigacha suzib borishga tayyorlanayotgan ekan va bu so‘zining ustidan albatta chiqar emish. Bunga hech birimiz hayron qolmadik. Chunki katta bolalar ichida eng kuchlisi Rahim aka. Uning suvda qanday cho‘milishini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. Suv ostiga sho‘ng‘ib, bir-ikki daqiqa u yerda tura oladi. Baliqlarni esa oyoqlari orasida qisib ushlaydi. Ilonni ushlab, chirpirak qilib aylantirishini hayratlanib tomosha qilganman. Xullas, Rahim akaga hammamizning havasimiz keladi.
— Qo‘rqma, qora g‘orga kir, demayman. U yerga birinchi o‘zim kirmoqchiman. Kel, oldin balig‘imizdan tatib ko‘r, keyin ilon quvlaysan.
Rahim akaning gapidan so‘ng barcha bolalar kulib yuborishdi. U kishi esa meni izza qilishni xohlamay, ularga jim ishorasini qilib, qo‘lini silkitib, meni yoniga imladi. Alohida e’tiboridan xursand bo‘lib, bolalar orasiga borib o‘tirdim. Birinchi kundan ovqatga taklif qilinganimga boshqalar ko‘zlarini ola qilib qarashdi. Menga hasadlari kelayotganiga aniq ishonch hosil qilgach, mamnunligimni bildirmay, yaxshiroq joylashib oldim. Qo‘limdagi oxirgi baliq olovda qizargach, Rahim aka Otajonga dedi:
— Bor, avval pishganlarini olib kel, ovqatlanamiz.
Otajon Qulmat oqsoqning yolg‘izgina nabirasi. Sakkiz yoshli, qotmadan kelgan, ozg‘in, xunukkina bola. Chaqaloqligida otasi o‘lgan, onasi esa uni bobosiga tashlab, boshqa kishi bilan turmush qurib ketgan ekan. Shundan buyon anhorning narigi tomonida dashtlikka tutashib ketgan joyda, to‘kilib tushay deb turgan uylarida bobosi bilan yolg‘iz yashaydi.
Qishlog‘imiz katta. Bu anhor esa uning bir chekkasidan oqib o‘tadi. Anhorning bir sohilida qishloq, ikkinchi sohilidan esa cheksizlikka ulanib ketgan dashtlik boshlanadi. Anhor juda keng va chuqur bo‘lganidan unda faqat ikkitagina cho‘miladigan joy bor. Biri ancha keng, sayozlik, unda kichkina bolalar cho‘miladi. Eng yaxshi ikkinchi joyi esa katta bolalarniki. Katta bolalarga qo‘shilish qiyin. Mana, men o‘zim, necha kundan beri ularning oldiga kelishga jur’at etolmay, nihoyat, bir amallab kelib qo‘shildim. Otajon-chi, hali yosh bola bo‘lsa ham, bir necha yildan beri kattalar bilan birga. Kattalar ham unga "ket" deyishmaydi. To‘g‘ri, u faqat qirg‘oqda cho‘miladi, boshqalar kabi anhorning o‘rtasiga kirmaydi. Faqat katta bolalarning mayda-chuyda ishlarini qilib yuradi. Biroq shuning o‘zi ham katta gap. To‘rtinchi sinfga qo‘chgan bo‘lsam-da, hali ham ularga qo‘shilolmaganimdan Otajonga hasad bilan qarardim. Atrofdagilar bir-biriga hazil qilib, Otajonga e’tibor bermay turishganda, men ko‘zlarim osti bilan uni kuzatdim. U bizdan yetti-sakkiz metr naridagi pishgan baliqlar yoniga borgach, negadir o‘sha yerda kuymalanib qoldi. Voy pismiq, u eng katta baliqlardan birini sohildagi qumloq tuproq ostiga ko‘mardi. Otajon bizga teskari o‘tirgani uchun xuddi baliqlarni taxlayotganga o‘xshardi. U bu o‘g‘rilikni shunchalik chaqqon bajarganidan sezish qiyin edi. Baliqni ko‘mib bo‘lgach, qolganlarini ko‘tarib, yonimizga keldi.
— Uka, bu yoqdan o‘tir.
Rahim akaning Otajonga o‘z yonidan joy bergani menga qattiq alam qildi.
«Nimaga endi bu o‘g‘rini ardoqlashlari kerak ekan? Hozir hammaning oldida aybini aytsam, bolalar undan xafa bo‘ladi, menga bo‘lsa ishonchlari ortadi. Balki, saflariga kirish uchun qo‘ygan shartlarini yengillatishar», deb o‘yladim.
— Otajon katta bir baliqni o‘g‘irladi. Hozirgina o‘zim ko‘rdim.
Hamma yalt etib menga qaradi. Rahim aka ham. Ularning e’tiborini torta oldim.
— Ha, qumning ostiga ko‘mib keldi, — dedim va Otajonning ahvolini tomosha qilish uchun unga qaradim.
Otajon og‘zidagi go‘shtni chaynashdan to‘xtagan, ko‘zlari pirillab turardi. Qo‘rqqanidan rangi o‘zgarib, labi ham bilinar-bilinmas titrab ketdi. Ko‘zlarini katta-katta ochib javdiragancha, o‘ziga yeb qo‘ygudek qarab turgan bolalarga termildi.
— Rostmi shu, baliq o‘g‘irladingmi? Oldingi odating yana boshlandimi? Esingdan chiqdimi, yana o‘g‘irlasang yaxshilik kutma deganim?
Rahim akaning jiddiy va jahl bilan bergan savolidan Otajon cho‘chib tushdi. Og‘zidagi go‘shtni zo‘rg‘a yutib, "yo‘q" degan ishorada boshini sekin-sekin qimirlatdi.
— Aldayapti, Rahim aka. U sizga yolg‘on gapirdi. Baliqni ko‘mganini o‘zim ko‘rdim, — deya gapimni isbotlash uchun o‘rnimdan turdim-da, borib qum ostidan baliqni oldim. Obdon tuproqqa belangan, qum zarralari yopishib qolgan kattagina baliqni keltirib, bolalar oldiga tashladim va g‘alabamdan gerdayib tik turdim.
Rahim aka istehzo bilan labining bir chekkasini cho‘zib kuldi va to‘satdan, zarb bilan Otajonning yuziga musht tushirdi. Kutilmagan zarbadan gangib qolgan bolakay o‘zini yo‘qotib, yerga ag‘anab ketdi. Hamma qotib qoldi. Otajonni o‘rnidan turg‘azishga esa hech kimning jur’ati yetmasdi. Boshida qilgan ishimdan quvonayotgan bo‘lsam, endi afsuslana boshladim. Chunki Otajonga rahmim kelayotgan edi.
Yerda yotgan bolakay biroz ingradi-yu, yana amallab o‘rnidan turib, qonagan burni va lablariga yopishib qolgan qumni qoqa boshladi.
— Nimaga o‘g‘irlik qilding?
Rahim aka g‘azablanganicha uning qulog‘idan cho‘zib so‘radi.
Otajon hech narsa demadi. Faqat go‘daklarcha tiniq ko‘ziga yosh keldi.
— Sendan so‘rayapman, nimaga o‘g‘irlik qilganingni, gadoyvachcha?
Rahim aka battar asabiylashib baqirdi.
— Uyimizga kelgan doktor amaki: «Bobongning ahvoli chatoq, ko‘zlari xiralashib ketyapti, ko‘proq baliq yeyishi kerak», degan edi. O‘zim baliq tutolmadim.
Otajon ingichka ovozda yig‘lab yubordi.
— Bizga qo‘shilganingdan beri o‘g‘rilik qilasan-a?
Rahim aka uning bilagidan siqib, o‘ziga yaqin tortib so‘radi. Qo‘rqib ketgan Otajon esa ko‘zlarini yerga qadab, tasdiq ishorasini qildi.
— O‘zingdan ko‘r, haromi, nonko‘r.
Rahim aka bor kuchi bilan uni uloqtirdi. Bolakay bir-bir yarim metr nariga uchib borib, chalqanchasiga yiqildi. Bechoraga hamma achinib ketdi. Men esa qilgan ishimdan ich-etimni yer edim. Ammo kech bo‘lgan, qo‘limdan chorasizgina kuzatishdan boshqa hech narsa kelmas edi.
— Menga qara, — Rahim aka yerda yotgan Otajonning sochlaridan g‘ijimlab, boshini ko‘tardi.
— Esi past bobongga baliq yedirmoqchi bo‘lsang, bundan keyin o‘zing tut. Agar yana shu yerda qorangni qo‘radigan bo‘lsam, Qulmat oqsoqdan oldin o‘zing jahannamga jo‘naysan. Tushundingmi?
Rahim akaning tahdididan so‘ng Otajon indamay keta boshladi.
— To‘xta...
U to‘xtab, ortiga qaradi. Rahim aka tuproqqa belangan baliqni olib silkitdi.
— Buni olib ket. Bersang, bobong ko‘zoynaksiz ham ko‘radigan bo‘lib qoladi.
Otajon orqasiga qaytdi. Kir qo‘llari bilan ko‘z yoshlarini artib, baliqni oldi. U shunisiga ham xursand edi.
— Ha, aytgancha, qora g‘orda katta baliq yashaydi. Judayam katta. Agar uni tutib bobonga yedirsang, u avvalgidan ham yaxshi ko‘radigan bo‘lib qoladi, — dedi Rahim aka.
— Rostdan ham shunaqa baliq yashaydimi? Qora g‘orda-ya? — Otajon Rahim akaga hayratlanib qaradi. Uning mo‘ltirab turgan ko‘zlarida ishonch paydo bo‘lgandi.
Bolaning bunchalik ishonuvchanligidan Rahim aka ham sezdirmay kulib qo‘ydi.
— Ha, rost, borib o‘shani tut.
Otajonning qadam olishi dadillashib, baliqni olib, uyi tomon chopqillab ketdi.
O‘sha kuni shartni bajarishga ulgurmadim. Kech tushib qoldi. Kechga yaqin uyga qaytib, tuni bilan o‘yladim, ikkilandim. Chunki men ular aytgan shartni bajara olmasdim. Ilondan qo‘rqaman, qo‘rqmagan taqdirda ham uni tuta olmayman. Demak, kattalarga qo‘shilishimga hali vaqt bor. Ertasiga ular yoniga emas, o‘zimning har doimgi joyimga bordim.
Yana o‘sha-o‘sha manzara. Kelganimdan beri suvdan chiqqanim yo‘q. Lekin haligacha miriqib cho‘mila olmadim. Chunki tizzadan keladigan suvda miriqib cho‘milish qayoqda? Faqat suvni shaloplatib, kechib yurish mumkin. Buning ustiga, bir kechib kelsang, loyqalanganidan tagi ko‘rinmay qoladi. Ammo, eng yomoni, o‘zi uch-to‘rt metr keladigan yerga bolalarning endi oyog‘i chiqqanidan tortib, to‘rtinchi sinfgacha bo‘lganlarning barchasi kelib oladi. Bunday paytda tikka tursang, sig‘maydigan ko‘lmakda bor-yo‘g‘i kechib yurasan. Tushgacha bir martagina suvga tushib kelib, boshqa vaqtimni sohildagi tuproqda cho‘zilib o‘tkazdim. Issiq elitib, uyquga ketdim. Bexos uyqumni bir necha bolaning baqirib yig‘lagan ovozi buzdi. Qarasam, uch yoshlardagi ikki bolaning biri narigi tomonga qarab "Oyijon!", ikkinchisi unga teskari qarab "Dadajon!" deb yig‘lardi. Atrofda esa qip-yalang‘och bolalar o‘zlaricha ularni ovutish bilan ovora. Doim shunday, bu yer yosh bolalarniki bo‘lgani uchun hammasi yalang‘och cho‘milishadi. Ularga "Jim bo‘l!" deyish befoyda. Qaytaga battar qilishadi. Quloqlarimni berkitib, e’tibor bermaslikka urindim. O‘n ikkiga kirgan bo‘lsam ham, haligacha shu churvaqalar bilan o‘ralashib yurganim alam qildi. Ammo Rahim akaning Otajonga qilgan muomalasini eslaganim sayin kattalar oldiga borishga ikkilanardim. Nima qilish kerak? Yuragim ularga tortardi. Axir Rahim akadan kaltak yeyishga Otajonning o‘zi sababchi-ku. O‘g‘rilik qilib yurgan ekan. Men bunday qilmayman. Demak, borsam bo‘ladi. O‘ylab-o‘ylab, axiyri katta bolalarning oldiga yo‘l oldim.
— Ie, ie, keldingmi? Seni ilondan qo‘rqib, quyonning rasmini chizdi, deb o‘ylovdim.
Rahim akaning gapidan hamma gurillab kulib yubordi. Qizarib ketganimni sezdirmaslik uchun yerga qaradim. Rahim aka o‘ninchi sinfni tamomlagan bo‘lsa ham, o‘zidan katta bolalar undan qo‘rqadi. Shuning uchun biror noto‘g‘ri gap aytib qo‘ymaslik uchun jim yurdim.
— Mayli, ilon ushlab, oqsoqning bo‘yniga ilaman, — dedim yuragimni hovuchlab.
— Yo‘q, shart o‘zgardi. Endi ilon quvlashingga hojat yo‘q.
Men hayron bo‘lib qaradim. Lekin Rahim aka hazillashmayotgan edi. Uning yuzi jiddiy, bamaylixotir sigaretini tutatardi. To‘satdan qo‘lidagi gugurtni menga uzatdi.
— Qulmat oqsoqning uyi yonidagi yantoq g‘aramini yoqasan. Bog‘iga meva yeyishga tushganimizda, oyoqqa kiryapti. Qo‘rqma, nabirasi uyda emas, hech kim ko‘rmaydi.
Biroz o‘ylanib qoldim. «Axir menga yomonlik qilmagan odam bo‘lsa, oqsoq bo‘lsa, nima qilibdi? Urushda o‘q tekkan-da. Kattalar bunaqa shartlarni qayoqdan topishar ekan-a?» deb o‘ylanib turganimda, Rahim aka behafsala qo‘l siltadi:
— O‘zi qushdek yuraging bor ekan, bizga qo‘shilaman deb nima qilarding?
Bu gap jon-jonimdan o‘tib ketdi. Qo‘lidan gugurtni yulib oldim va cholning uyiga qarab yurdim. Men alam va shiddat bilan borardim. Anhorning sayoz va axlat to‘planib qolgan joyida Otajonni ko‘rdim. U baliq tutishga urinib yotardi. Holdan toygani, charchaganidan terlab ketayotgani shundoq bilinib turibdi. Ammo qirg‘oqdagi kichkina paqirchada ikki-uchta ko‘rsatkich barmoqday keladigan baliqchalardan boshqa hech narsa yo‘q edi. Unga rahmim keldi. Bunday bo‘lishiga men aybdorman. U meni ko‘rmadi. Faqat xayolimda undan kechirishini so‘radim.
— Ozgina sabr qil, men kattalarga qo‘shilib olay. Har kuni bobongga o‘zim baliq tutib beraman. Ko‘p yesalar, ko‘zlari yaxshi ko‘radi, — deya pichirladim o‘zimga-o‘zim.
Kun juda issiq, quyosh boshimni ayovsiz kuydirardi. Sekin yurib, Qulmat oqsoqning choldevor uyiga yaqinlashdim. Uy atrofiga, boqqa sinchiklab qaradim. Chol ko‘rinmadi. Panalab yantoq uyumi orqasiga o‘tdim. Gugurt chaqib, sekin tutashtirdim. Lekin olov kutganimdan tezroq yondi. Oftobda tikanlar ich-ichigacha qurib ketganidan faqat bitta uchqunni kutib turganga o‘xshardi. Oradan ko‘p o‘tgani yo‘q. Butun to‘dani olov qamrab ketdi. Yonida turib terga pishib ketganimdan nariroqqa, daraxtlar soyasiga o‘tdim. Negadir olovning chars-chursi, gurillagan ovozi baland eshitilsa ham, choldan darak yo‘q edi. Ish silliq bo‘lganidan xursand bo‘lib, ortimga qayta boshladim. Katta gulxandan ancha uzoqlashib ketdim. Ammo olov pasayishi o‘rniga battar alangalanganini sezdim. Chunki ortimda kuchli charsillash va issiq taftini his qildim. Yuragimni hovuchlab ortimga qaradim.
Bo‘lishi mumkin emas. Yonayotgan yantoq uyumining olovi cholning uyiga ham tutashgan ekan. Tomi, eshik-derazalarining romi qurib qolganidan uy bir zumda olov ichida qoldi. Men nima qilishimni bilmasdim.
«Chol uyida bo‘lsa-ya?..» degan dahshatli fikr xayolimdan o‘tdi. Hatto olov komiga kirib, uni qutqarmoqchi ham bo‘ldim. Biroq tutuni ko‘kka o‘rlab yonayotgan uyini ko‘rgan chol bog‘ning ichidan yugurib chiqdi. Menga kaftini peshonasiga soya qilib qaradi-da, uyi tomonga yurib ketdi. Men qo‘rqqanimdan ortimga qaramay yugurdim. Chol esa chelak ko‘targancha ortimdan munkillab yugurdi. Hech qachon qariyadan bunchalik qo‘rqmagan edim. Ko‘prikkacha ulgurolmadim. Anhordan suzib o‘tishga to‘g‘ri keldi. Juda shoshib suzardim. Qo‘rqqanimdan anhorning chuqur joyiga kirganimni bilmabman. Suv oqizib keta boshladi. Qancha harakat qilmayin, o‘zimni o‘nglay olmadim. Oqim butunlay izmiga solib olgandi. Faqat suv betiga bir qalqib nafas olganimni eslayman. Keyin suv ostida qoldim. Hushimga kelganimda, kimdir meni oqim ichidan tortib olib chiqardi. Bu Qulmat bobo edi. U kishi qari bo‘lishiga qaramay, meni qutqarish uchun suvga sakragan ekan. Qo‘llarimdan tortib sohilgacha qiynalib suzdi. Men o‘shanda anhorning bu yerdagi shiddatli to‘lqinlarini yenggan odamni birinchi marta ko‘rganman. Qulmat oqsoq meni sohilga olib chiqib, orqamga qoqdi. Yutgan suvlarimni chiqarib tashlashga majbur qildi. O‘zimga kelganimni bilgach, holsizlanib yerga cho‘zildi.
— Bolam, nega mendan qo‘rqib qochasan? Men senga nima yomonlik qilaman? Sening izingdanmas, anhordan suv olgani borayotgan edim. Ehtiyot bo‘lmaysanmi? Yaxshiyam, vaqtida borib qoldim, — dedi u behol pichirlab.
U shunchalar samimiy gapirdiki, o‘sha paytda nimalarni his qilganimni aytib berolmayman. Chol turtinib-surtinib uyi tomonga qarab yurdi. Men ham ergashdim. Qulmat bobo suvga tushgan paytda ko‘zoynagini yo‘qotgan ekan, uyidan esa olovdan qorayib, so‘ppaygan devorlar qolgandi.
Bu voqeadan keyin Qulmat bobo yotib qoldi. Yaqin qarindoshlaridan biri ularni olib ketdi. Qishloqdagilardan eshitishimcha, boboning ko‘zlari umuman ko‘rmay qolgan emish. Hozir u kishing bog‘i egasiz, o‘t-o‘lanlar bosib ketgan. Uyining vayronalari uzoqdan qarg‘ish urgan, xunuk kultepalarga o‘xshab ko‘rinadi. U yerga har qaraganimda, bu mening gunohim ekanini bilib, ich-ichimdan ezilib o‘taman.
Otajonning har kun anhorning sayoz joyida baliq tutib yurganini ko‘raman. Unga ko‘pincha yordamlashaman. Ammo ikkalamiz ham no‘noq baliqchimiz. Kuniga to‘rt-beshta mayda-chuyda baliqchalardan boshqa hech vaqo tutolmaymiz. Bechora bola, bobosi qo‘proq baliq yesa tuzalib, ko‘zlari ko‘ra boshlashiga ishonadi. Hali go‘dak-da. Unga rahmim kelib, haqiqatni aytay deyman-u, lekin uning hayotdagi birgina ilinji, yolg‘iz ishonchidan ham ayirgim kelmadi. Vaqti kelib, tushunib olar.
Ertalab uydan onam shoshilib chiqib ketayotgan ekan. Men qaerga borayotganlarini so‘radim.
— Azaga ketyapman. Qulmat boboning nabirasi o‘lib qolibdi.
Boshim tars yorilib ketganday bo‘ldi.
— A-a?! — dedim onamning qo‘llaridan silkib. — Nega, nimaga o‘ladi?!
Onam menga hayron bo‘lib qarab qo‘ydi.
— Jin chaldimi seni, bolam? Tunnelga cho‘milgani kirganmish. Shukurki, tirigi bo‘lmasayam, o‘ligi chiqibdi o‘sha yerdan. Tavba, odamlarga ham hayron qolasan. Yosh bola anhorda sandiroqlab nima qiladi? O‘zi esi sal kirdi-chiqdiroq edi shu bola. Bobosiga o‘xshagan-da.
Onam o‘ziga-o‘zi g‘udranib, ko‘chaga chiqib ketdi. Men boshimni changallab, yerga cho‘kkaladim. Ich-ichimdan chidab bo‘lmas darajada iztirobli og‘riq tuydim. Chunki faqatgina men bilaman Otajonning nega qora g‘orga kirganini. U eng katta baliqni tutib, bobosini davolamoqchi edi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.