OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nabi Jaloliddin. Vokzal (hikoya)

-Ehtiyot bo‘ling, birinchi yo‘ldan «Nukus-Toshkent» poezdi kirib kelmoqda! 
U cho‘chib  uyg‘ondi va ko‘zlarini xiyol ochdi. Nigohiga eng avvalo urilgan narsa shu bo‘ldi: oldingi qatorda bozorchi xotinlar ko‘tarib yuradigan katta-katta ikkita yuk sumkasiga boshini qo‘yib, yonboshlagancha o‘tirgan odamning, aslida unga ko‘rinmagan, (yonbosh o‘tirgani uchun ochilib qolgan) ichki cho‘ntagidan charm kurtkali qora kepka  kiygan bir odam nimanidir olardi. Uning nihoyatda ehtiyot bo‘lib harakat qilayotganligini uyqu eltgan ko‘zlari ham sezdi. Sezdi-yu, baribir uyqu zo‘r kelib, yana ko‘zlarini yumdi. Quloqlaridagi shovqin avvaliga bir maromga tushib, uyg‘un tovushga, keyin esa bo‘shliq qa’ridagi jimjitlikka aylandi.    
Bir payt quloqlarini yana shovqin, aniqrog‘i, o‘shqiriq ovozlari tutdi.
- Pulim qani?.. Pulim yo‘q!.. - deya sarosimada tipirchilardi oldingi qatorda o‘tirgan haligi odam. Qora  (balki kulrang, vokzalning nimqorong‘usida sezilmasdi) shlyapasini boshiga apil-tapil qo‘ndirib. Sho‘rlik es-xushini yo‘qotib, dam shimu kastimining cho‘ntaklarini qayta-qayta kovlashtirar, dam o‘rnidan turib, yuklarini timirskilab qolardi, goho engashib o‘rindiqlarning ostiga ham takror-takror ko‘z tashlardi. Yonida o‘tirgan ellik yoshlar chamasidagi erkak bilan ayol (er-xotin shekilli) goh unga, goh ko‘zlari olazarak bir-birlariga qarashib, «nima gap», deganday yelka qisishadi. Kastim-shim kiyib, uringanroq bo‘yinbog‘ taqqan beriroqdagi ziyolinamo kishi esa cho‘ntagidan xotirjam nosqovoq chiqarib, barmoqlarida biroz aylantirib turdi.
- Odamlaram!.. - deb qo‘ydi yonidagi qiz bilan yigitga bir qarab, so‘ng kaftiga nos solib, tilining ostiga tashladi.
- Biron narsasini o‘g‘irlab ketishdi shekilli, - dedi orqa o‘rindiqqa o‘tirarkan, guldastamonand chiroyli do‘ppi kiygan o‘ttiz yoshlardagi mo‘ylovli qorinamo yigit. - Mol achchig‘i - jon achchig‘i-da. 
- O’ziga ehtiyot bo‘lsa bo‘lmaydimi, - deya ko‘kraklarining ostini ikki kafti bilan beixtiyor ko‘tarib qo‘ydi yana bir o‘rindiqdagi satang ayol. - Bu yerni Toshkan deydilar axir!..
Shlyapali odam ketma-ket «voy... ex... ax» kabi tovushlar chiqarib, hamon timirskilanardi. 
- Qanchaydi o‘zi? - deya so‘radi ziyolinamo, «shuncha vahimaga arziydimi o‘zi» qabilida nosli og‘zini cho‘chchaytirib, shuning ortidan negadir ko‘kraklarini  kerib. 
- Qancha bo‘lsayam puldaa? - shipshidi yonboshdagi ayol erini ohista turtib. - Pul topish osonmi hozir.
Shlyapali bir qo‘li kastimining ichki cho‘ntagida ko‘zlari olayib, jim qoldi.
- Ikki yuz ming... Chiptayam ketibdi... - deya o‘ziga o‘zi gapirayotganday g‘o‘ldiradi. - He, onangni... - Boshidan shlyapasini olib, go‘yo pul ichidaday bir-ikki  paypasladi-da, qayta kiydi.
- Voybo‘-o‘, ko‘p ekan-a? - yana erini turtdi ayol. - Bechora-ya!..
Er esa ko‘zlarini lo‘q qilib, avval xotiniga, so‘ng shlyapaliga qaradi, lekin biron so‘z  demadi.
Ziyolinamo cho‘ntagidan shapaloqday qog‘oz chiqarib (maxsus olib yuradi shekilli), xafsala bilan karnaycha yasadi. Unga erinmay nosni tufladi, og‘zi toza bo‘ldi, chog‘i, karnaychaning chetlarini qayirib, berkitdi. Chap qo‘lida lablarini artarkan, o‘ng qo‘lida karnaychani o‘rindiq ostiga tashladi. Og‘zini chapillatib yutindi. 
- Yuk-puklaringizni ichini qarangchi, balki bir xayolda solib qo‘ygandirsiz, - dedi keyin yana ko‘krak kerib, o‘rindiqqa yastanarkan.
Satang ziyolinamoning qilig‘idan xazar qilganday burnini jiyirdi. 
- Ko‘plikka ko‘p emasu, baribir jalka-da. - deya qo‘llaridagi tilla uzuk va bilakuzuklarini bir-ikki siltadi. Shuning ortidan bo‘liq ko‘kraklari ham titrab ketdi, xafsala bilan terilib, bo‘yalgan qoshu kipriklari tepaga qayrilib, jo‘hudiy ko‘zlari katta-katta ochildi. Bu odati qosh-ko‘zlari atrofidagi ajinlarni bilintirmaslikka, yosh ko‘rinishga, balki hattoki erkak-perkaklarga ma’noli qarashga urinishlar tufayli paydo bo‘lgan bo‘lsa ajabmas. 
Shu payt qo‘lida rezina tayoq ushlagan militsioner ko‘rindi.
- Hov, aka, - dedi baland ovozda qizning yonida o‘tirgan yigit bo‘ynini cho‘zib. - Anovi odamni pulini o‘g‘irlab ketishibdi.
Militsioner-serjant kimga gapirdi deganday u yoq-bu yoqqa alangladi.
- Ha-ha, sizga aytyapmiz, uka. - Bu ziyolinamoning ovozi edi.
Serjant ularga yaqinlashdi. Boyagi yigitning ovozidan nimadir bo‘lganini sezgan bir necha tomoshatalablar atrofga tizildilar. 
Shlyapali rangi oqarib, shalviragancha o‘tirib qolgandi. 
- Nima bo‘ldi, aka? - so‘radi serjant uning oldiga kelib, biroz engasharkan. Uning militsionerga unchalik o‘xshamasligini, o‘zbeknamoroq xodim ekanligini ilk gap-so‘zidan, o‘zini tutishidanoq payqash mumkin edi.
- Nima bo‘lardi, o‘marib ketishibdi, - deya to‘ng‘illadi xotin erining yelkasiga yaxshiroq suyanib.
Eri xotiniga bir qarab olgach, senrjantga qayrilib, boshini sarak-sarak qildi.
- Qanchaydi? Kim o‘mardi? - Serjant keyingi savoli mantiqsizroq chiqqanini darrov sezib, tuzatishga urindi. - O’g‘rini ko‘rdingizmi?         
- Ikki yuz ming... - deya oldi arang shlyapali chiyillab.
- Men ko‘rdim, - dedi halidan beri indamay o‘tirgan, ohorli oq ko‘ylak ustidan ko‘rkam kastim-shim kiygan o‘ttiz besh - qirq yoshlar chamasidagi kelishgan yigit. - O’g‘rini men ko‘rdim, - deb qo‘ydi u yana bir bor ta’kidlab va guvohga aylanganini ham sezmadi.
- O’g‘rini ko‘rgan bo‘lsangiz, nega indamadingiz? - qoshlarini battarroq kerib, ko‘zlarini chaqchaytirdi satang. - Hech yo‘q baqirmaysizmi!..
Ziyolinamo nima derkin deganday guvohga tikilib qoldi.
- Qo‘rqqandir-da, - shipshidi xotin erini bilinar-bilinmas turtib, birrov serjantga ko‘z tashlab qo‘yarkan.
- Ko‘rgan bo‘lsangiz, qani, buyoqqa kelingchi, - dedi serjant uni qo‘li bilan ham imlab, buyruqnamo ohangda.
Guvoh qaddini kerdi, o‘zini beparvo tutishga urindi.
- Avvalo siz men bilan bunaqa ohangda gaplashmang, uka. Men siz o‘ylagan odam emasman.
Uning dadilligidan hayiqdimi, endi satang militsionerga «tashlandi».
- O’zi sizlar yaxshiroq ishlab, ko‘pchilik bo‘lib u yoq-bu yoqqa yurib tursanglar mana shunaqa ishlar bo‘lmaydi!
- To‘g‘ri aytasiz, - dedi ziyolinamo o‘ng chig‘anog‘ini o‘rindiq suyanchig‘iga tirab, ko‘krak kerarkan. - Bular boshqa joyda har qadamda  turishadi, lekin vokzalda ozchilik...
Serjant ziyolinamoning gapiga parvo qilmay, dedi:
- Uzr, aka, iltimos, buyoqqa o‘ting. - So‘ng shlyapaliga yuzlandi. - Siz pasportingizni bering.
Guvoh «gap mana bunday bo‘pti», qabilida yurib, serjantning yoniga o‘tdi. 
Shlyapali titroq qo‘llari bilan sumkasini timirskilab bir aallab pasportini topib, uzatdi.
- Siz ham, aka...
- Nima men ham? - dedi Guvoh ko‘zlarini lo‘q qilib.
- Pasportingizni bering.
- Pasportimni nima qilasiz?
- E, qiziq ekansizu, avval sizlar bilan tanishishim kerakmi, - deya tushuntirdi serjant xotirjamlik bilan. - Pulni topish uchun pul yo‘qotgan odamning, guvohning kimligini bilishim kerakmi axir?
Guvoh ichki cho‘ntagidan pasportini chiqarib, serjantga tutdi. 
- Men juda unaqa guvohmasdirmanu, lekin ko‘rganday bo‘ldim...
- Endi bunaqa deydi, - gap qo‘shdi satang. 
- Tushuntirgunimcha bir pas jim turing, opa, - biroz asabiylashdi u. - Uxlab qolgan ekanman. Anovi karnay qaysidir poezd kirib kelayotganini e’lon qiluvdi, cho‘chib uyg‘onib ketdim...
Serjant qo‘l telefonining soatiga bir qarab, o‘ziga gapirayotganday dedi:
- Oxirgi kelgan poezd «Nukus-Toshkent» edi, demak, soat yettilar ekan.
- Ha-ha, to‘g‘ri, «Nukus-Toshkent» poezdiydi, - dedi Guvoh serjantning topqirligiga biroz qoyil qolib.
- Xo‘sh, keyinchi? - deya unga beparvo qaradi serjant.
- Keyinmi?.. - Guvoh xiyol kalovlandi. - Keyin karnayning ovozidan cho‘chib  ketdim. Ko‘zimni ochsam, qora kepka bilan kalta koja kiygan bir odam biyag‘di cho‘ntagini kovlayotgan ekan. Uyqu zo‘r kelib, yana pinakka ketib qoppan-da... - Keyin ko‘zlari parishon tortdi. - Kurtkasi kojamidi, bilmayman. Lekin qoraydi.
- Ko‘rsangiz taniysizmi? - so‘radi  serjant qo‘lidagi pasportlarni birin-ketin ko‘zdan kechirarkan.
- Tanisam kerak... Taniyman-e...
- Siz, uka, bularni so‘roqqa tutguncha pulni toping, o‘g‘rini toping, - dedi  ziyolinamo kesatib.
- Siz ko‘rmadingizmi o‘g‘rini? - so‘radi serjant.
- Yo‘q, lekin, - ziyolinamo  o‘zini mard ko‘rsatishga urinardi. - Men ham shular tarafman, - dedi boshi bilan Guvoh va shlyapali tomon imlab.
- Unda siz ham pasportingizni bering.
- Marhamat, - ziyolinamo pasportini uzatarkan atrofdagilarga bir-bir ko‘z tashladi. - Bularga indamasang... Hammamiz bir bo‘lsak, o‘g‘riniyam, pulniyam topadi.
- To‘ppa-to‘g‘ri, - dedi satang salkam o‘shqirib va u ham pasportini berdi. - Juda-a... melisaman, deb, a...
- Men o‘shanda shom o‘qib, - deya tuyqus gapga qo‘shilgan qorinamo bir to‘xtalib, u yoq-bu yog‘iga qarab oldi, - qaytyotuvdim. Men ham bu akam aytgan odamni ko‘rganday bo‘ldim. Agar adashsam, Olloh kechirsinu...
- Siz ham pasportingizni bering.
Xotin qorindor erining baqbaqali ulkan boshiga bir qarab olarkan, turtib, dedi:
- Hammaning pasportini yig‘yapti, biz ham beraylik.
Er boshini sarak-sarak qilib,
- To‘g‘ri, - derkan, bir serjantga, bir xotiniga qarab qo‘ydi. Ammo boshidan boshqa biron joyi qimirlamaganday tuyuldi.
Xotin ikkita pasportni serjantga uzatdi.
- Mang, uka...
- Qolgan gapni xonada gaplashamiz, qani, yuringlar-chi. - Serjant ortiga burilib, bir-ikki qadam tashladi.
- Qayoqqa? - dedi Guvoh hayron bo‘lib. Boshqalarning nigohida ham shu savol zohir edi.
- Qayoqqa bo‘lardi, xonaga. - Serjant yana bir-ikki qadam tashladi. - Ishni rasmiylashtirib, keyin o‘g‘rini qidiramizmi, axir?
Atrofdagi tomoshabinlar birin-sirin nari keta boshladilar. 
- Yo qo‘rqyapsizlarmi? - serjant bu gapni ataylab aytganini sezdirmaslikka urindi. 
- Kim qo‘rqadi-ey... - Satang o‘rnidan turib, serjantga ergashdi. - Sizdan ham qo‘rqaversak endi, uka.
- Topasiz-a - topasiz... - derkan diplomatini olib Guvoh ham yurdi. - Ko‘ramiz hali topganingizni.
- Hay, turing, hamma ketyapti, - deya xotin erini turishga undadi. - Pasportimizni olvoldi-yu axir...
- To‘g‘ri... - Eri kuchanib o‘rnidan qo‘zg‘aldi.
Hamma serjantning ortidan ketsa ham shlyapali merovsirab o‘tiraverdi.
- Sizchi, hov, aka. O’g‘rini topaylikmi, axir? - dedi o‘girilib serjant.
- Yuklarim... yuklarimizchi?
- Haya - haya... - deyishdi barchalari o‘rinlariga qaytmoqchi bo‘lishib.
- Biz qarab turamiz. - Bu yigitning pinjiga tiqilguday o‘tirgan qizning ovozi edi.
- Yaxshi... - Serjant ular tomon yurdi. - Qani, sizlar ham pasportinglarni beringlar-chi.
- Bizda pasport yo‘q, - dedi yigit biroz qo‘pol ovozda. - «Studenchskiy bilet» bor.
- Uyam bo‘laveradi, - Serjant ular tomon qo‘l cho‘zdi. - Hammaning yuklarini poylab turasizlar, xo‘pmi. - Bir guvohnomaga, bir yigit bilan qizga qararkan, qo‘shib qo‘ydi: - Suratinglarga o‘xshamaysizlaru?..
- U birinchi kursdagi rasm-da, aka, hozir to‘rtinchi kursmiz, - deya izoh berdi yigit.
- Unda, mayli. - Serjant barchani ortidan ergashtirib, jo‘nadi.
Shu payt «karnay»dan eshitilgan ovoz chor atrofni tutdi:
- Ehtiyot bo‘ling, ikkinchi yo‘ldan «Toshkent-Buxoro» poezdi jo‘nab ketmoqda!
- Ie, bizning poezd-ku, - deya tipirchiladi xotin erining dam uyog‘iga - dam buyog‘iga o‘tib turtkilarkan. - Hey, uka, pasportimizni bering, bizning poezd ketyapti.
- Ulgurasiz, avval ishni rasmiylashtirvolaylik. - Serjant yurishdan to‘xtamadi, ular tomon qayrilmadi ham.
- Poezd ketib qoladi, axir!.. - chiyilladi xotin yana erini turtib.
- To‘g‘ri, - qornini ushlab xarsillayotgan er na yurishini va na turishini bilmasdi.
- Ulgurasiz, dedim-ku! - o‘zbeknamo serjant endi jiddiy tortdi. - Kerak bo‘lsa, poezdni to‘xtatib turamiz.
Xotin jim qolib, bir o‘ziga mo‘ltirayotgan eriga, bir serjantning ortidan serrayib qarab, yana hammaga ergashdi.
Xonada taxtadan yasalgan yarim devorning naryog‘ida stolga enkayib yalangbosh kapitan  o‘tirardi.
Serjant odamlar xonaga kirib bo‘lgach, devor yonidagi to‘rtta stulga to‘rt kishini o‘tqazdi, boshqalar tik qoldilar. Serjant kapitan tomon qayrilganda, oxirgi stulga o‘tirgan Guvoh shoshib o‘rnidan turdi-da, satangga joy berdi:
- Siz o‘tiring, opa.
- Voy, sizni ovora qilib-a, - kipriklarini ma’noli qoqdi satang.
- Bahodir aka, manovilarning pulini o‘g‘irlab ketishibdi, - dedi serjant yarim devorga chig‘anoqlarini tirab, pasportlarni stol ustiga qo‘yarkan.
Kapitan boshini ko‘tarmadi, hatto holatini picha bo‘lsa-da o‘zgartirmadi-da, yer ostidan xijjalab dedi: 
- Avvalo akang onaginangni quchog‘ida! Qolaversa, dolojit qilishni biling, o‘rtoq serjant.
- Kechiras, o‘rtoq nachalnik, aybdorman, - serjant g‘oz turib, o‘ng qo‘lini chakkasiga qo‘ydi. - Jabrlanuvchi va guvohlarni olib keldim.
Kapitan boshini ko‘tardi.
- O’g‘rini-chi?
- Belgilarini aytishdi, hozir qidirishga tushaman. Ruxsat eting, - serjant yana qo‘lini chakkasiga tiradi.
- Mana bu boshqa gap. Ruxsat, - dedi kapitan tag‘in stolga enkayib.
Serjant shoshib eshikka yo‘naldi.
- Hoy, uka, hoy, uka!.. - degancha qoldi xotin erini turtib. 
- To‘g‘ri, - dedi nima gapligini tushunmagan er dam xotiniga, dam eshikka mo‘ltirab.
Guvoh yarim devorga kaftlarini qo‘yib, jiddiy qiyofada murojaat qildi:
- O’rtoq kapitan, avvalo bizni jinoyatchilarday bu yerga olib kelishinglar eng kamida qonunga zid. Qolaversa, sizlar...
- Avvalo, o‘rtoq grajdanin, - deya qoshlarini kerib, pastdan o‘qraydi kapitan. - Sizni bu yerga men olib kelganim yo‘q. Siz bilan endi tanishaman. Familiyangiz nimaydi? - deb oldidagi pasportlarni qo‘liga oldi. 
- Hamma gapirsayam, siz jim o‘tiring, bo‘ptimi! - degan xotin erini rostakamiga bir turtib o‘rnidan turdi. - Qani, bundayroq turingchi, - yarim devorga tiranib, chap chig‘anog‘i bilan guvohni surdi. - Hamma balo sizdan boshlandi! Nega ko‘rdim, deysiz-a?! Hamma qatori indamay o‘tirsangiz bo‘lmasmidi. Endi qising!.. Sizni sharofatingizga bizzi poezd ketib qoladi. - U eriga bir qarab oldi.
- Ehtiyot bo‘ling, ikkinchi yo‘ldan «Toshkent-Buxoro» poezxdi jo‘nab ketmoqda! - degan ovoz eshitildi tashqaridan.
- Hay, ukajon, - yalinchoq ohangda kapitanga yuzlandi xotin. - Bizlarga javob bering, poezd ketib qoladi.
- Familiyangiz?.. - Pinagini buzmay so‘radi kapitan.
Aytdi. 
- Mana, pasportingiz!..
Xotin pasportlarni changallab, erining qo‘ltig‘idan olarkan, Guvohga olayib qaradi:
- Ana, ko‘rdingizmi, bular insofli, siz bo‘lsa!..
Guvoh hayrat ila yelka qisdi.
- Men nima qildim?.. - deya stulda parishon o‘tirgan shlyapaliga qaradi. - Siz ayting, aka, men nima qildim?!..
- E-e!.. - deya shlyapali o‘rnidan turdi. - Menga qarang, hov, uka, men endi uyimga qanday yetvolaman?
Kapitan shlyapaliga pastdan o‘qraydi.
- Ukayiz, aka, uyingizda - bu bir, tushundingizmi? Familiyangiz nima?
Aytdi. 
- Siz kimsiz?
- Jabrlanuvchi.
- Ie, hali sizni o‘marishdimi? Qanchaydi?
- Ikki yuz ming... Chiptaniyam... 
- Ha-a, tuzukkina tunashibdi. - Kapitan shlyapaliga hamdardona qaradi. - Pasportniy danniylaringizni yozvolib, sizga chipta olib beramiz. Pulini uyingizga borgach jo‘natib yuborasiz.
- Rahmatu, ammolekin mening pulim-chi?
- Topsak, sizga jo‘natamiz. - Kapitan tasqaralarcha jilmaydi. - Agar rozi bo‘lsangiz-da...
Tashqaridan «karnay»ning ovozi eshitildi:
- Ehtiyot bo‘ling, to‘rtinchi yo‘ldan «Moskva-Toshkent» poezdi kirib kelmoqda!
- Hammasi sizni deb bo‘ldi! - deya o‘dag‘ayladi shlyapali guvohga qarab. - Pulni yo‘qotgan men, sizga nima g‘amiydi? Indamay o‘tirmaysizmi!..
- Nima bo‘lyapti o‘zi?! - asabiylashdi Guvoh kapitan tomonga intilib. 
- Sizgayam navbat beriladi, - kapitan unga qayrilib ham qo‘ymadi. - Siz, aka, - dedi shlyapaliga, - qachon, qaerda, necha pul yo‘qotganingizni yozib bering.
- Poezdimga ulguramanmi, soat to‘qqizda? 
- Endi sakkiz yarim bo‘lyapti, ulgurasiz.
Shlyapali stulini ko‘tarib, so‘l tomondagi kichikroq stol yoniga qo‘ydi va kapitan uzatgan ruchkani olib, yozishga kirishdi.
Kapitan kimgadir telefon qilib, buyruq ohangida dedi:
- To‘qqizdagi poezdga bitta chipta bervoring. Pulini keyin to‘lashadi.
Endi satang o‘rnidan turib, qoshi, labi, ko‘kragini kerdi-da, yarim devorga yaqinlashib, Guvohni sal turtdi.
- Hamma gap sizda! - deya gezardi va kapitanga qaradi. - Uk... O’rtoq kapitan, men nima qilay? Men hech narsani eshitganimam, ko‘rganimam, da’voimam, gapimam yo‘q.
- Unday bo‘lsa, juda yaxshi, - dedi kapitan mudom pastdan qarab. Bizziyam sizga da’voimiz yo‘q. Familiyangiz?..
Aytdi.
- Mana, pasportingiz... 
Satang guvohga qayrilib, yana bir bor qattiq gezararkan, «erkakning ishi mana bunaqa bo‘ladi», deganday zarda bilan eshikka yo‘naldi.
Guvoh tutoqdi:
- Nima bo‘lyapti o‘zi, o‘rtoq kapitan? Mening aybim nima?!
Kapitan hamon o‘shanday o‘tirardi.
- Siz kimsiz?
- Menmi?.. Men fermerman.
- Fermerligingizni so‘ramayapman, guvohmisiz, jabrlanuvchimi, aybdormi - kim?
- Men... Guvoh... Guvohman...
- Siz bundayroq turing, - dedi uni qo‘li bilan surib, ziyolinamo. - O’zi fermerlar qutirib ketishgan. Puli ko‘p-da, puli. Borib paxtangni ter... - Endi kapitanga qayrildi. 
- Men nima qilay, uk... o‘rtoq nachalnik? 
- Siz kimsiz?
- Menmi?.. Men nos chekishim kerak...
- Nos chekish umuman mumkin emas, u mutlaqo noqonuniy narsa. Men kimsiz, deb so‘rayapman.
Aytdi. Bu orada sarosimada qizarib ham ketdi. Chunki nosning noqonuniy narsa ekanligini hech qachon eshitmagandi-da.
- Mana, pasportingiz. Da’voingiz yo‘q bo‘lsa... - Kapitan boshini  stolga egib, o‘ng qo‘lini siltadi. - Xayr!..
Ziyolinamo avval qo‘li qaltirab, cho‘ntagidan nosqovog‘ini oldi, keyin yag‘ir bo‘yinbog‘ining tugunini bo‘sh qo‘li barmoqlari bilan bir chimdib qo‘ydi-da, «rahmat» degancha eshikka yo‘naldi. Ostonada  to‘xtab, nos otdi va ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
- Ehtiyot bo‘ling, uchinchi yo‘ldan «Toshkent-Samarqand» poezdi jo‘nab ketmoqda, - degan tanish ovoz eshitildi «karnay»dan.
- Menga qarang, o‘r... - Guvohning gapi og‘zida qoldi. 
Shlyapali yarim devor yoniga kelib, yozgan narsasini kapitanga uzatdi va dam o‘ziga, dam kapitanga umidvor qaray boshlagan Guvohga «bo‘ldi-da endi», deganday qarash qildi.
Bu orada bir bola kirib, kapitanga chipta berib ketdi. Kapitan chiptani shlyapaliga tutdi:
- Oq yo‘l, aka, toest, grajdanin, - dedi va yana bir bor ta’kidladi: - Chiptaning pulini mana bu schyotga bank orqali yo‘llang. Agar pulingizni topsak, sizga jo‘natamiz.
Shlyapali «rahmat-rahmat» degancha Guvohga bir olayib qo‘yib, tashqariga yugurdi.
- Menga qarang, hov... - Guvohning gapi yana og‘zida qoldi. 
Muloyimgina bo‘lib yonboshiga suqilgan qorinamo munkayib kapitanga mo‘ltiradi:
- Meniyam pasportimni berasizmi, aka?
Kapitan avvaliga unga ham yer ostidan o‘qraydi.
- Aka?.. - So‘ng yuzi yorishib, nigohi mayinlashdi. - Siz kimsiz, qori aka?
Aytdi.
- Da’voingiz yo‘qmi?
- Yo‘q.
- Mana, pasportingiz. Oq yo‘l...
Qorinamo tashqariga yo‘nalarkan, Guvohga qarab, «uzr, birodar»,  dedi-yu tashqariga chiqib ketdi. 
Kapitan Guvohga ruchka va qog‘oz uzatdi.
- Yozing!
- Nimani? - Guvoh xonada yolg‘iz o‘zi qolganidan bo‘shashdi.
- Ko‘rganlaringizni.
U yozish uchun stolga o‘tirganda, serjant bir-biriga juda-juda o‘xshagan ikki odamni yetaklab kirdi.
- Shubhali shaxslarni ushlab, keldim, o‘rtoq kapitan, - deya qo‘lini chakkasiga qo‘ydi.
- Qanaqa shaxs-ey, aka?.. - deya siltandi qora charm kurtka kiygani.
- Aka onangizning quch... uyida bo‘ladi, grajdanin, - dedi serjant dona-dona qilib. 
Charm kurtkali jim qolib, boshidan qora kepkasini oldi.
Oddiy qora kurtka va kepka kiygani esa xonadagilarning har biriga qarab-qarab qo‘yardi.
- Mana, hujjatlari, - deya serjant kapitanga bitta qog‘oz bilan  pasport uzatdi.
Eshik oldida birin-ketin bo‘lib, xiyol engashgan, ko‘zlari jur’atsizlarcha mo‘ltiragan yigit bilan qiz paydo bo‘ldi.
- Guvohnomamizni bering, aka, - dedi yigit eshikdan ichkariga kirishga qo‘rqqanday, kesakini ushlab. - Yuklarning hammasini olib ketishdi.
Serjant ularni avvaliga eslolmadi, keyin yodiga tushib, kapitanga qaradi:
- O’rtoq nachalnik...
Gapi og‘zida qoldi, kapitan ikkita guvohnomani uzatib turardi.   
- Yaxshi! - dedi kapitan qo‘lidagi hujjatlarni ko‘zdan kechirib. - Qani, ikkovingiz bir chetda yonma-yon turinglar-chi... Xo‘-o‘sh... Ie, birimiz yaqinda ozod bo‘pmiz-da, a? Birimiz esa... Guvoh!
Guvoh yozishdan to‘xtab, kapitanga o‘girildi. 
- Qani, diqqat bilan qarangchi, bularning qaysi biri siz aytgan odam?
U o‘rnidan turib, ikkoviga tikildi.
Shu payt charm kurtkali kapitan bilan serjantga birrov ko‘z tashlab oldi-da, o‘ng qo‘lini bo‘g‘ziga olib borib, ko‘zlarini olaytirgancha «kallangni olaman», deganday  ishora qildi.
Guvoh cho‘chib ketdi, ko‘zlari ayanchli tusga kirib, mag‘rur yelkalari shalviradi.
Bu orada oddiy kurtkali yonidagi odamga hayron bo‘lib bir qarab qo‘ydi. 
- Bilmadim-u... Menimcha... - Guvoh yer ostidan oddiy kurtkaliga ishora qildi.
- Siz yozavering! - dedi kapitan uni o‘tirishga undab.
Guvoh joyiga  o‘tirdi. Vujudini ter bosdi. Diplomatini ochib, kattakon dastro‘mol oldi-da, yuz va bo‘ynini artdi.
- Sizga ruxsat, - dedi, kapitan charm kurtkaliga pasportini uzatib. - Ketishingiz mumkin.
Charm kurtkali avval kapitanga egilib rahmat aytdi, keyin Guvohga qayrilib:
- Rahmat-ey, aka, o‘g‘il bola odamakansiz, - dedi-yu g‘oyib bo‘ldi.
- Bunisini esa kerakli joyga olib chiqing! - buyurdi kapitan serjantga. 
Oddiy kurtkali serjant yetovida eshikka yurarkan, yosh to‘lgan nafratli ko‘zlarini Guvohga tikdi, tishlari orasidan dedi:
- Hali bolalarimni ko‘rmovdim... Insofsiz odam ekansiz? 
Guvohning ovozi ham titray boshlagandi:
- Nima bo‘lyapti, o‘zi, o‘r?..
Kapitan unga parvo ham qilmay, stul suyanchig‘iga yastanib, qo‘llarini tepaga qildi va barmoqlarini bir-biriga qovushtirdi-da, qisirlatdi, astoydil kerishgach, keskin nafas chiqarib, shuning asnosida qo‘llarini siltadi, so‘ng stol chetiga tiradi. 
- Yozib bo‘ldingizmi?
- Hmm... - U bo‘shashib qog‘oz va ruchkani kapitanga berdi.
Tashqaridan tanish ovoz eshitildi:
- Ehtiyot bo‘ling, birinchi yo‘ldan «Toshkent-Andijon» poezdi jo‘nab ketmoqda.
U kapitanga qarab iltijoli mo‘ltiradi. Kapitan pasportini ko‘zdan kechirardi.
- Sizning poezdingizmi?
- Hmm... - Uning yuzi battarroq ayanchli tus oldi, hatto oppoq ohorli ko‘ylagining qirrali yoqalari ham shalvirab qolganday tuyuldi.
- Jim yursangiz bo‘lmaydimi, aka, - dedi nastihatomuz xo‘rsinib kapitan. - Bugun endi shu yerda qolasiz...
Guvohning ko‘zlari rostmona yoshlandi.
- Unday demang, aka... o‘rtoq kapitan! - deya yolvordi.
Bir xo‘rsinib qo‘ygan kapitan «insofga keldi»:
- Hozir fermerlarni hurmat qilmasak, kimni hurmat qilamiz. Mayli, sizga ham ruxsat. Faqat kerak bo‘lib qolsangiz, chaqiramiz, tushundingizmi? - dedi pasportini uzatib.
- Tushundim-tushundim... - U pasportini olarkan, kapitanning qo‘lini o‘pib olishiga sal qoldi. - Rahmat... Rahmat, o‘rtoq kap...
- Oq yo‘l, aka... - Kapitan boshini ko‘tarib, jilmaydi. - Oq yo‘l!..
Guvoh diplomatini ko‘tarib, eshik tomon chopdi.
- Ehtiyot bo‘ling, birinchi yo‘ldan «Toshkent-Andijon» poezdi jo‘nab ketmoqda...  

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.