OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nasiba Abdullayeva. Begona govmish (hikoya)

— Sumbatini ko‘rgan satil to‘ldirib sut bersa kerak deb o‘ylaydi. Bor-yo‘g‘i bir echkicha sut beradi, shuni soqqunchayam enamdan emgan sutim og‘zimga keladi. Mendan boshqani yoniga yo‘latmaydi-ya, qirilgur. Yana yil oralatib qisir qoladi, jonimga tegib ketdi, — Guljamol qarg‘ana-qarg‘ana molxonadan chiqib keldi. Xotinining javrashidan Boboqul sigiri yana bir hunar ko‘rsatganini sezdi.
 — Savil qolgur, satilni ichiga oyog‘ini tiqib oldi. Shuncha qiynalib soqqanim bir qoshiq sutning huzuriniyam endi pishagingiz ko‘radigan bo‘ldi, — Oyjamol shunday derkan jahl bilan sutni konserva qutiga ag‘dardi.
— Hozir mol arzon, yem qimmat, odamlar boqolmay molini suv tekinga sotyapti. Sabr qil enasi, qish chiqsin, sotib boshqa sigir obberaman, — xotinini ovutgan bo‘ldi Boboqul.
— Sigiringizni bu qishloqning odami olmaydi, tepkir, suzong‘ichligini hamma biladi, ustiga-ustak qo‘tiram bo‘pti. Tunov kuni Nazira kelin «opa sizlarga itning ham keragi yo‘q, sigiringiz itdan ham yomon», deb rosa kuldi.
Onasining gapidan o‘g‘li Eshmurod maza qilib kuldi-da:
— Zo‘r-da ena, ham sigir, ham itning o‘rnini bosadi, bundayi hech kimda yo‘q, — dedi.
— E, kim olaman desa qo‘sh-qo‘llab tutqazardim bunday sigirni, — uf tortdi Oyjamol.
— Ota, bo‘lmasa molbozorga olib chiqsak-chi? Bir-ikki hafta kunjara berib yaxshilab boqaman, semirsa, balki qo‘tiriyam bitib qolar?
O‘g‘lining gapidan Boboqul ham o‘ylanib qoldi.
— Bo‘masa xotin, ertadan boshlab sog‘ma, boquvga solamiz. Buzovini ayiramiz, bedani ta’mini bildi, qiynalmaydi endi. Ulim sen qo‘tiriga kun ora chuchutilmagan moydan surt, bir oy- yarim oyda tuzalib qoladi. Nima qilsang ham tuzat shuni, — Boboqul o‘g‘liga “uqdingmi” degandek tikildi. O‘g‘il ham bosh irg‘ab otasining gapini ma’qulladi.
Erining gapidan Oyjamolga jon kirdi.
— Otamning jo‘rasi Haydar boboning bulturgi g‘unajini bir sigir bo‘ptiki, suti qaymoqligina emish, uch sigirni eplash qiyin bo‘lyapti, qishdan chiqsin sotamiz, debdi otamga. Shuni obbersangiz sut-qatiq ichganday bo‘lardik-da.
— Shoshma xotin, buni hozir sotsam, puliga uni ololmaymiz. Sen otangga aytib qo‘y, sotiladigan bo‘lsa xabarini bersin.
Oyjamol sigiridan qutilishiga bir suyunsa, yaxshi sigir olishini eshitib bir qop semirganday bo‘ldi. Shu kundan o‘g‘liga qo‘shilib sigirni o‘zi parvarish qila boshladi.
 Oradan bir oy o‘tar-o‘tmas sigir yaltirab semirib qoldi. Ammo belidagi qo‘tiri tuzalmadi. Bu orada Haydar boboning g‘unajini sotiladigan bo‘lib qoldi. Oyjamol otasiga sigirni, bir haftadan keyin olamiz, jo‘rangizni ko‘ndiring, deb tayinlab keldi.
 — Otasi, shu bozor sigirni sotmasangiz bo‘lmaydi, otamga aytib keldim, shundan quruq qolmaylik. Qanchaga sotsangiz-soting, yetmasa qarz olamiz.
— Bo‘pti, shu haftadan qoldirmayman, — va’da berdi Boboqul.
Bozor kun ota-bola tong qorong‘usida molni yetaklab ketishdi. Tong otganda tuman mol bozoriga yetib kelishdi. Kim echki sotgan, kim qo‘y ushlagan. Xaridoru sotuvchidan dallol ko‘p.
Tong qorong‘usida yaxshi ko‘rmagan ekan, Boboqulning sigiriga ko‘zi tushib tanimay qoldi. To‘sday qop-qora, yaltillagan, tirsillagan.
— Ulim, sigirni nima bilan cho‘miltirding, qo‘tiriyam bilinmay qopti-ya?
 — Yana aytib yurmang ota, enamning ipak bo‘yog‘i bilan bo‘yadim, qo‘tiriga po‘stakdan kesib yopishtirdim.
Boboqul kulib yubordi:
— Enang kecha po‘stagimning bir chetini sichqon kemirib ketibdi, qaytishda margimush ola keling, deb tayinlagandi. Lekin birov-yarim bilguday bo‘lsa — o‘zingdan ko‘r. Chorbog‘da “rangchi” deb laqab olishim tayin. Mol qo‘shnimniki, iltimos qilgani uchun o‘g‘lini birga olib chiqdim deyman.
Boboqul bozor aylanib narx-navoni bilgach, sigirni sakkiz yuz mingga narxladi. Birozdan so‘ng o‘rta bo‘yli, miqtigina, qorachadan kelgan o‘rta yoshli kishi keldi.
— Qani boy bova, qancha deyapsiz, tanani? — u shunday deb, sigirning u yoq-buyog‘idan aylanib belidan ushladi. Boboqul ko‘r odam ham molning tana emas, bir-ikki tuqqan sigir ekanini bilishini, ammo so‘rovchining olib-sotar ekani sabab shunday deyayotganini tushunsa-da, uning qo‘li po‘stakka tegib sidirilib tushadi, deb qo‘rqqanidan jim qoldi. Rangi oqarib o‘g‘liga olayib qarab qo‘ydi.
— Sakkiyuz deyappiz aka, arzi-bozor, — dedi u bo‘shashibgina.
O‘g‘li Eshmurod esa otasiga qarab, xavotir olmang deganday imo qildi.
— Sakkiyuz minggayam haq bering, boy. Buzoqli sigir beradi-ku bu pulga. Sal pastroq tushing, — xaridor sigirning og‘zini ochib tishlarini ko‘ra boshladi.
— Endi aka, bozor ko‘targaniga sotamiz-da, buyam kuzga borib tug‘adi, — biroz dadillashdi Boboqul.
 — Qisirga o‘xshaydi-ku, qorni kuzda tuvadigannikiga o‘xshamaydi-ku buning.
 Alqissa, haligi xaridor bo‘lmish Boboqulning qo‘lini tutganicha “Yetti yuz ellik ming, bor baraka,” deya siltayverib shilib yuborayozdi. Boboqul ham oyoq tirab turib olgandi. Oxiri xaridor tag‘in o‘n ming qo‘shar bo‘ldi — savdo pishdi. Mol sotildi.
Ota-bola pulni sanab olgach, xursand bo‘lib uyga qaytishdi. Ertasiga Haydar boboning sigirini sotib olishdi.
Oyjamolning og‘zi qulog‘ida, molxonani tutunga to‘ldirib isiriq tutatdi. Kechqurun sigir sog‘ishga tutindi. Birpas o‘tar-o‘tmas satilning taraqlagani-yu, gurs etgan tovush eshitildi. “Ha, qirg‘inginaga ketgur, mol bo‘lmay ado bo‘l, yomg‘irdan qochib do‘lga tutildim-ku otasi”. Ko‘ylagi tappiyu shiptirga belangan Oyjamol yig‘laguday bo‘lib molxonadan chiqib keldi. O‘g‘li bilan Boboqul bir-biriga qaraganicha na yig‘lashni, na kulishni bilar edi. Oyjamol qarg‘ana-qarg‘ana kiyim almashtirgani uyga kirib ketdi. Shu payt o‘g‘li Eshmurod:
— Ota, — dedi bexosdan tek turgan otasiga — Bugun bozorda isiriq tutatib yurgan tentak chol “Iloyim moling o‘zingga o‘xshasin” deb nimaga aytdi?
Endigina sakkizinchini bitirayotgan o‘g‘lining savoliga Boboqul bir qancha vaqtdan so‘ng javob qildi:
— Molining egasiga o‘xshashi yaxshi-da, ulim...

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 22-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.