OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nazar Eshonqul. O‘pqon (hikoya)

Chorrahadan o‘tishi bilan trolleybus tez yurib ketdi; endi yo‘l unchalik gavjum emasdi. Trolleybusni quvlab o‘tayotgan yengil mashinalar ba’zi-ba’zida bir-birini ogohlantirgandek quvnoq signal berib qo‘yardi. Trolleybusda yo‘lovchilar anchagina; o‘rindiqlar to‘lgan, o‘rtada ham besh-olti yo‘lovchi tik turardi. Zavol payti bo‘lgani uchun trolleybusning ustki tuynugidan izg‘irin yopirilib kirar, orqadagilar junjukib o‘tirishardi; biroq hech kim negadir tuynukni yopishni xayoliga ham keltirmasdi. Biz tik turgan holda orqa eshik oldida turardik; sovuq shamoldan quloqlarni himoya qilish uchun paltolarimizning yoqalarini ko‘tarib olgandik; barcha yo‘lovchilarning yuzida o‘ychan bir horg‘inlik hukmron, trolleybusning guvillashini aytmasa, sukunat hukm surardi; hammaning yuzida lanjlik aralash, aksariyat hollarda, qish kunlari, bayram arafasida bo‘ladigandek qandaydir muztarlik kezinardi; biz ham tuynukni kim yoparkin, deya, unga yaqin turgan odamlarga qarab qo‘yar, lekin jimlikni buzishga jur’at etolmas, keyin bir necha bekatdan so‘ng tushib qolishimizni o‘ylab, bu shart emas, deya o‘ylardik. Haydovchi quvnoq yigit edi; uning butun diqqati trolleybusni haydashdan ham ko‘ra kabinaga yaqin o‘tirgan ikkita popukdekkina qizlarni kuldirish bilan band edi. qizlar uning hazillariga jilmayib qo‘yishar, bir-birlariga qarab nimalardir der, so‘ng xuddi sinab ko‘rishmoqchidek haydovchini gapga tutishardi; umuman, yo‘lovchilarning ancha tund yuzlarida ham karnay orqali hammaga eshitilib turgan bu hazil-huzilning yengilgina alomatlari aks etar, ko‘pgina yo‘lovchilar qizlarga qaramaslikka va ularni hijolat qilmaslikka yoki ishdan horib chiqqan, yuraklariga shundan boshqa hech narsa sig‘mayotgan, kayfiyatlari uzilish darajasiga yetgan tordek taranglashib turgan bir paytda bu beminnat ko‘ngilxushlikdan ayrilib qolgilari kelmayotgandek ko‘zlarini tashqariga tikkanlaricha, miyig‘ida sirli qilib, kulib qo‘yishardi. Ba’zi keksa ayollar qizlarga qarab ho‘mrayib olishgan, ularning lo‘q qilib olgan ko‘zlari hasad yoki havas bilan tikilayapdimi, bilib bo‘lmas, faqat andek sershubha yuzlarida «shunday ham odobsizlik bo‘ladimi» deganday badgumon ifoda qotib qolgandi. Aslida, qizlarning hatti-harakatida, o‘zini tutishlarida hech qanday odobsizlik sezilmas, ular haydovchining gaplariga faqat jilmayibgina qo‘yishar, savollariga esa haydovchiga qaramay javob berishar, bir-biri bilan tez-tez ko‘z urishtirib olishar, suluv ekanliklarini o‘zlari bilishganday yoki odamlarningng harakatlariga va yigitlarining shakarguftorligiga ko‘nikib qolishganday, o‘zlarini emin erkin tutishar, ularning tiniq chehralarida bir oz kibr aks etib turardi. Ular rostdan ham juda go‘zal edi; go‘yo trolleybus ichida bir juft gul qulf urib ochilib turganga o‘xshar va ularning chiroylarini, tiniq yuzlarini kuzatish kishiga allanechuk huzur bag‘ishlardi. qizlarga yaqin o‘tirgan yosh yigitlar – ko‘rinishidan talabalar, surbetlik bilan tez-tez ularga o‘girilib qarashar va bir-birlariga qarab, sirli qilib tirjayishardi. Ularning xulq atvori, o‘zlarini tutishlari, xoxolab kulishlari yo‘lovchilarga unchalik yoqmayotgan bo‘lsa ham negadir bu qiliqlar unchalik odbsizlik bo‘lib tuyulmas, aksincha, ularning kulishlari-yu, surbetona tikilishlariga qizlar aybdorday, yigitlar qiqirlab kulib yuborishganda, qilar biron ayb ish qilishmadimikan deganday hamma qizlarga qarardi. qizlar talabalarga e’tibor ham berishmas, go‘yo bundaay hodisalar ularning bosgan har qadamida sodir bo‘ladigandek, kulayotganlarga takabburlik bilan ko‘z tashlab, bepisand yelka qisib qo‘yishar, so‘ng yana «qulf urib, sollanib» turishardi.
Biz hamrohim ikkimiz ham qizlarga bir ko‘z tashladigu, yana o‘z xayollarimizga g‘arq bo‘lib, tashqarida lip-lip etib orqaga yugurib o‘tayotgan daraxtlar, simyog‘ochlar, binolar, quyoshning so‘nggi nurlari to‘shalib yotgan ko‘chalar, u yerdagi yo‘lovchilarni, eriyotgan qorni, trolleybus o‘tishi bilan, yugurib ko‘chani kesib o‘tayotgan jimitdaygina kuchukchani, yo‘l chetida daraxtlar orasida qor titayotgan qarg‘alarni kuzatib borardik. Yo‘l quruq bo‘lsa ham bir hafta oldin yoqqan qor yo‘l chetida, imoratlar soyasida hali erimagan edi; goh-gohida yo‘lakda qorbo‘ron o‘ynayotgan to‘da-to‘da bolalarni ko‘rish mumkin edi.
Yo‘lovchilar ancha g‘imirlashib qolishdi: kimdir nihoyat tuynukni yopdi; g‘ala-g‘ovur boshlandi, yangi yo‘lovchilar chiqqan edi, trolleybus ichiga endi ancha jon kirdi; qizlar hamon kabina oldida dugonasining yuzidan o‘z aksini ko‘rmoqchidek, bir-biridan ko‘z uzmay tikilib turishardi. Talabalar ancha tinchib qolishgan, tepalarida tik turishgan o‘rta yoshlardagi odamlarni ko‘rmaslikka olib, endi tashqariga qarab o‘tirishardi.
Trolleybus serqatnov katta ko‘chaga burildi; bu yerda mashinalar ko‘p edi; ko‘plari xuddi botayotgan quyoshga taqlid qilishgandek halitdan chiroqlarini yoqib olgan edi. Trolleybus besh metr yurmasdan yo‘l o‘rtasida birdan to‘xtadi, so‘ng yana silkinib, yuz qadamcha, yurdi-da yana to‘xtadi. Shofyor hazil aralash «Bir necha minut tanaffus e’lon qilaman» dedi va sharaqlab kulib yubordi. Yo‘lovchilar bir-biriga va trolleybusning oldiga hayron bo‘lib qarashdi; yuzlarida norozilikka o‘xshash ifoda qalqib chiqdi. Oldindagi keng yo‘l mashinalar bilan tirband bo‘lib ketgan edi; oldinda ham, orqada ham mashinalar trolleybusni tiqib qo‘yishgan, ular, aftidan, nima gapligidan bexabar tinmay siganal berishardi.
-Yo‘l berk,- dedi haydovchi yana karnay orqali. Yo‘lovchilar olazarak bo‘lib, yon atrofga qarashdi: hech narsaga tushunmay yana joylariga o‘tirishdi. Bir pastda orqada ham mashinalar qatorlashib ketdi; yo‘lni kesib o‘tayotgan tramvay yo‘li ham berkildi; chetdan qaragan odam bu yerda transport ko‘rigi bo‘layapti deb o‘ylashi mumkin edi; besh - oltita tramvay izma-iz turib qoldi; go‘yo namoyishga chiqishgandek qator yo‘lovchi mashinalar turardi bu yerda; bir pastda qiyomat qoyim bo‘ldi – yuzlab mashinalar signal bera boshladi. Xuddi bu hol o‘zlariga yoqayotgandek ba’zilari ataylab jon jaxdlari bilan signal bosardi; mashinalar orasiga tushib qolgan sarg‘ish «tez yordam» najot so‘rayotganday yurakni orziqtirib serena chalar, peshonasidagi ko‘kish chiroq tinmay aylanardi, Ba’zi yirik yuk mashinalari «yo‘l ber» deganday har damda «pov» etgan tovush chiqarardi. Talabalar haydovchiga nimadir deyishar, u «mumkin emas», «mumkin emas» deganday yelka qisardi. Yana ikki yo‘lovchi borib, unga nimalarnidir tushuntirgach, haydovchi mashinalar tiqilib qolgan yon veriga qaradi-yu, oldingi eshikni ochdi. Talabalar sabrsizlik bilan tashqariga o‘zlarini urishdi. Izidan yana ikki kishi tushishdi.
-Yayov ketamizmi,- dedi hamrohim.
-Uzoq-ku – dedim men. – Tushaylikchi...
Biz turgan trolleybus oldida ham bir necha trolleybus bor edi; biz mashinalar orasidan zo‘rg‘a sirg‘anib o‘tib, piyodalar yo‘lagiga chiqib oldik. Yuz qadam narida odamlar to‘planib turar, qandaydir yashiltop mashina yo‘lga uzun bo‘lib ko‘ndalang turib qolgan edi.
-Nima balo, avariyami? – dedim men hech narsani tushunmay.
Hamrohim yelka qisdi.
Biz odamlar to‘planib turgan joyga borib, ularning orasiga kirdik. qandaydir kuzoviga brezent yopilgan yirik harbiy mashina yon tomonga qiyshayib turar, orqa baloni kanalizatsiya quvuriga tushib ketgan, yo‘lning ikki chetida ikki harbiy mashinalarni to‘xtatib turardi. Beshtacha yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari mashina atrofida aylanib, bosh chayqab yurishardi.
Yo‘lak birdan shafyorlar, yo‘lovchilar bilan to‘ldi. Hamma bu yerda ushlanib qolganidan norozi, lekin hech kim bu ushlanib qolishning asl sababchisi bo‘lmish harbiy mashinadagilardan emas, ko‘proq o‘zlaridan, aynan shu yo‘ldan yurganidan, aynan shu yerga kelib, to‘xtab qolishga mahkum etilgan ulovga o‘tirganidan noroziday edi. Bogi suluv qizlar ham bir chetda turashardi. O‘pqonga tushgan harbiy mashina bu yerga qanday ko‘ndalang bo‘lib qolganiga hech kimning aqli yetmasdi. Sabri chidaganlar sigaret olib tutatishga tushdi.
-Topgan joyini qaranglar , - dedi hamrohim jahl aralash. Yana kimdir so‘kindi va kimnidir, aftidan, kanalizatsiya quruvchilarini «muttahamlar», dedi.
-Chorak soatdan beri to‘xtab turibmiz, - dedi yo‘lakka yaqin turgan mashina shafyori.
Shu payt yon tomoniga «avariya» deb yozilgan mashina kelib to‘xtadi.Mashinadan tushgan uchta sariq korjomoli odam harbiy mashinani aylanib, ko‘rdi-da, shafyorga nimadir, dedi. Shafyor bosh irg‘ab, mashina budkasiga kirib, qo‘lida qalin tros ko‘tarib chiqdi. Ozg‘ingina harbiy, aftidan, harbiy mashinaning shafyori bo‘lsa kerak, trosning bir tomonini mashinaga uladi, ikkinchi tomonini avariya mashinasiga berkitdi. Va yugurib mashina kabinasiga chiqdi-da, «ketdik» degandek qo‘l ko‘tardi. Tros sekin tarang bo‘la boshladi, harbiy mashina bir silkindi-yu, quvurdan baloni chiqar-chiqmas yana qaytib tushdi – sharaqlagan ovoz eshitildi, tros chiqib ketgan edi. Ozg‘in harbiy tushib, trosni qaytadan uladi. So‘ng mashinaga chiqdi – mashina chiranib, uvladi-yu, silkinib o‘pqondan chiqib ketdi, o‘n qadamcha ilgari yurib to‘xtadi, sariq korjomoli odam trosni olib, avariya mashinasiga tashladi.
Harbiy mashina sekin yo‘lga o‘ngarildi va nariroqqa yo‘l chetiga borib to‘xtadi. Sariq korjomoli kishi qandaydir belgi qo‘yilgan temir-lavhani o‘pqondan nariroqqa – mashinalar qarshisiga olib borib qo‘ydi.
Biz yugurib, eng oldingi trolleybusga chiqdik; mashinalarga birdan jon kirdi, harbiylar o‘zlariga tegishli mashina tomon qarab kedishdi; barvasta yo‘l harakati xavfsizligi xodimi ola-bula tayoqchasini ko‘tarib, yo‘l ochiq deganday ishora qildi: mashinalar seli birdan harakatga keldi – trolleybus birdan silkinib yurib ketdi; bizning orqamizda yana boyagi tanish qahqahalar eshitildi – talabalar o‘rta eshik oldida turishar va o‘zlaricha nimalardir deb xixilashar, go‘yo ular yarim soatdan ko‘proq yo‘lda to‘xtab qolganlarini ham, boyagi bir juft gulga o‘xshaydigan qizlarni ham unutganday, bamaylixotir kulishar, mashinalar seli esa tobora shiddat bilan shahar ichiga qarab yugurar va sekin asta siyraklashib, shaharning turli burchaklariga tarqab ketishmoqda, go‘yo ular ham yarim soatdan ortiq yo‘lda harakatsiz qolib ketganlarini unitishganday, tezlik bilan ketib borishardi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.