OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nazar Eshonqul. Sharpa (hikoya)

Xonangdagi sharpani sezib qolganingga ancha bo‘ldi. Uning sharpa ekaniga endi iymoning komil edi. U goh g‘uslxonada, goh kitob o‘qib o‘tirganingda, goh xayol surib yotganingda shunday yoningda paydo bo‘lar, sovuq ko‘zlarini senga tikib turganini sezib qolarding. Dastlab men shunday tuyulayapti deb, o‘ylading. Ammo xuddi sarobday yoningda shovur va jimirlashni sezgach, uning sharpa ekaniga shubhang qolmadi. Yolg‘iz qolding deguncha u, to‘g‘rirog‘i, uning sharpasi paydo bo‘lar, u qaydan keladi, qaydan paydo bo‘ladi, bilmasding. Lekin yolg‘iz qolsang, xonada vajohat bilan keza boshlardi. Albatta, seni g‘aflatda qoldirish, so‘ng birdan tashlanish uchun payt poylab yurganini, xuddi boshingda qilich osilib turganday uning paydo bo‘lishi sen uchun xatarli ekanini, uning har burchakda va har xilvatda, har qadamda mavjud ekanligini his qilib turarding. Qo‘lingga biror tig‘dor qurol ushlab, xonalarni zimdan kuzatar, qaerda sharpa sezsang, o‘sha tomonga tashlanar, ammo sharpa juda makkor, u lip etib orqangga o‘tib olar, so‘ng sening xotirjam bo‘lishingni kuta boshlardi. Uning xonangda nafas olayotganini va sening vujudingda paydo bo‘lgan qo‘rquv bilan birga kundan-kun kattarib-semirib borayotganini ichki xavotir bilan sezar, bu sharpani o‘ldirishim shart deya ahd qilar, u tirik ekan, tinchlik bo‘lmaydi va bir kuni u meni yutib yuborishi mumkin, deya vahimaga tusharding. Uning tishi bormi yoki zaharlimi, yo bo‘lmasa Afrika ilonlariga o‘xshab faqat bo‘g‘adimi, buni ham bilmasding. Bilganing shuki, bu sharpa mavjud va u senga tashalanish uchun qulay payt izlab yuribdi, deya o‘ylar, bu fikr seni battar vahimaga solardi. Uning juda ayyor va makkor ekanligi shundan ma’lum ediki, agar uyingga birov kelsa, u sezdirmay, qaygadir berkinib olardi. Sharpa ikki kishiga hujum qilish qaltis ekanini juda yaxshi bilardi, chog‘i. Agar mehmon bir hafta yo ikki hafta yashab qolsa, u shuncha vaqt mobaynida o‘zi namayon qilmasdi. Biroq mehmon ketishi bilanoq u yana seni ta’qib qila boshlardi. U paydo bo‘lganda yelkangda uning nigohini tuyara, negadir uni suyaklaring va tering juda qiziqtirsa kerak deb o‘ylarding. U seni yakka holda daf qilishga urinardi; go‘yo u ham butun dunyodan ko‘ngil uzib, xuddi eski kema endi ortiq suzolmasligini bilib, halokatga yuz tutgani kabi yolg‘izlikka yuz tutganingni bilganday, aynan shuning uchun seni bu uzlat va osoyishtalikdan quvib chiqarmoqchiday edi. Oylar o‘tib, bu makkor sharpa xonangda vahima chirog‘ini yoqib bo‘lganda va sen bu chiroq shu’lasida ojiz, aftoda va tashlandiq alfozda kezib yurganingda, sharpa yana ham vahshiy, haybatli, betakror qo‘rquv manbai bo‘lib tuyular, sen esa uni xonangdan haydab chiqarish uchun behuda urinarding. Ortiq bunday yashay olmasding. Seni ko‘rganlar nega bunchalar ozib ketding, deya so‘rar, biroq ularga sharpa haqida hech narsa deya olmasding, ammo rostdan ham go‘yo qurib-qovjirashga yuz tutgan daraxtdek kunma-kun ozib-to‘zib borar, badaningdan zahillik, xazon hidlari anqiy boshlagandi, xayoling parokanda, iching bo‘shab qolgan, u yerdagi bo‘shliqni sharpa vahimasi-yu, vas-vasasi to‘ldirgandi.
Bir kuni uni qaydan bo‘lmasin izlab topishga ahd qilding. Qo‘lingga xanjarni tutgancha avval burchaklarni, so‘ng oshxona va yuvinish xonasini izlab chiqding. Uning nafasini aniq eshitib turarding, lekin qaerda ekanini bilib bo‘lmasdi. Eski kiyimlaringdan tortib, stol tortmalarigacha titkilab chiqding. U hech joyda yo‘q edi. Oxiri izlayverib holdan toyding. Shunda senga birdan u sharpa javondagi kitbolar ichiga yashiringanday tuyuldi; ikki-uch kitobni olib varaqlab, bunga shubha qilmading. Kitobda uning izlari qolgan edi. Izquvarlikni bas qilishga to‘g‘ri keldi. Chunki barcha harakatlaring zoya ketgandi. Uni topish uchun har bir kitobni birma-bir varaqlab chiqish kerak edi. Buning esa sirayam iloji yo‘q, bir oy o‘tirib izlasang ham u sharpani baribir topolmasding. U kitobdan kitobga o‘tib yuraverardi. Sen u sharpa bilan bir xonada yashab turishga majbur eding. Lekin uning ta’qibi borgan sari kuchayar, kechalari ham uxlamay hushyor yotishingga to‘g‘ri kelardi. Ba’zan haddan tashqari vahima chulg‘ab olardi. “Hoy, sen sharpa, - derding unga tovush chiqarib, - sen meni alday olmaysan, qaysidir burchakda meni poylab o‘tiribsan. Sening niyating menga ma’lum, shuning uchun meni dog‘da qoldirishing qiyin. Kel, yaxshisi, mening xonamni tark et, ket, mening xonamdan. Men osoyishta va tinch yashashni istayman”. Biroq sharpa hujrangni tark etmasdi. U qaysidir burchakka o‘ljasini poylab turgan mushukdek pusib olar, seni g‘aflatda qoldirish soniyasini kutardi; bu soniya har qanday damda sodir bo‘lish mumkin, sen qanday sodir bo‘lganini bilmay qolishing ham mumkin. Sen sharpaning shakli-shamoyilini ko‘rganing yo‘q, faqat ta’qib etilayotganingni va ta’qib etishayotganini his qilib turarding. Sening bezovta bo‘lishingga, sharpa haqida har xil xavotirga borishingga shuning o‘zi yetadi deb o‘ylarding. Faqat uyda emas, hamma joyda ishda, yo‘lda, tomoshaxonada, mehmonda, qaerda bo‘lma, o‘sha yerda seni nimadir, kimdir ta’qib qilardi. Ta’qib adoqsiz, so‘ngsiz edi. Sen birdan bu ta’qib tufayli aqldan ozib qolsam kerak deb o‘ylarding. Senga har doim, har lahza qandaydir tojavuzkor nigoh tikilib turganday tuyular, u sening har bir harakatingni kuzatib turar, go‘yo sen qattiq qo‘riqlanayotgan va baland devorlar bilan o‘rab tashlangan, qachon ozod bo‘lishing, qachon devorlar qo‘porilishi, qachon seni qo‘riqlab yotgan posbonlar ketishi noma’lum mangu mahbuslikka va erksizlikka mahkum etilgan qo‘rg‘onga o‘xsharding va bu qo‘rg‘on devorlaridan oshib, yot bir nazar hech qachon ichkariga tushishi mumkin bo‘lmagani kabi sening ham xavotir va shubhalardan dildirab turgan tahlikaga mahkum ichkaringga hech kim sharpani chetlab o‘tib kirolmas, aksincha, kunma-kun sharpa ta’qibi kuchayib, seni o‘zining ojiz va zabun asiriga aylantirib borardi, zero, sharpa endi xonangda sezdirmay o‘z saltanatini o‘rnatgan, sening o‘zing yakkayu yagona fuqorosi bo‘lishingga qaramay, bu saltanatga yot bo‘lib qolganding va yot bo‘lib borarding. Sharpa vahmi egallab olgan shuuring endi seni o‘z mulkidan asta-sekin xuddi yot qo‘shinlarni mamlakat hududidan haydab chiqarayotgan lashkardek haydardi. Sen o‘zingdan haydalarding. Yuragingning qaysi burchagiga boqma, u yerda seni beo‘xshov va jonhalok sharpa vahmi kutib olar, sen xotirjamlik derazasini qanchalik urma, seni ichkariga kiritmasdilar. Sen sharpa haqida o‘z tanishlaring, yaqinlaringni xabardor qilish zarurligini anglading. Balkim ko‘plashib sharpadan xalos bo‘lish chorasi topilar? Sharpa haqida birinchi bo‘lib gapirgan do‘sting senga ajablanib tikildi- u seni uydirma qilayapti deb o‘ylagandi. Biroq ko‘zlaringga boqib, yolg‘on gapirmayotganingga ishondi va bir necha hafta sen bilan birga yashashga, sharpani o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishga rozi bo‘ldi. Kechqurun u xonangda qurol-yarog‘-to‘r, olov purkagich, arqon bilan paydo bo‘ldi va va’da berganiday sen bilan bir necha hafta birga yashadi. U seni uxlatib, tunlari boshingda qoravullik qilar, yarog‘larni shaylab turardi. Bir necha hafta do‘sting uyqusizlikdan ozib-to‘zib, abgor qiyofaga kirdi. Sen uning sadoqatidan ichingda g‘ururlanarding. U tunlari har bir xilvatni poylab tong ottirar, ertalablari uyg‘onar ekan, uning uyqusizlikdan ko‘zlari qizargan, qurolini qo‘lida mahkam qisgancha, esnab o‘tirgan holatda ko‘rarding. Oxiri uning hafsalasi pir bo‘ldi. Asbob-anjomini joylab, jo‘nab ketar ekan, senga achinish va biroz mazax aks etgan ko‘zlarini tikdi.
-Bilasanmi,- dedi u eshik oldida sening xayrlashishish uchun cho‘zilgan qo‘lingni qattiq qisar ekan.- Bu uyda sening o‘zingdan boshqa hech qanday sharpa yo‘q. Sharpa sensan!
Do‘sting o‘ljasiz qaytayotgan ovchiday zarda bilan katta-katta qadam tashlab seni yana yolg‘iz tashlab ketdi. Shuncha paytdan-do‘sting bilan birga yashayotgandan beri sasini ham sezdirmagan sharpa eshik yopilishi bilan yana yelkang osha seni poylashga tushdi: sen g‘ayri shuuriy tarzda uning paydo bo‘lganini sezding. Do‘stingning gaplaridan so‘ng sen sharpa haqidagi gaplaringga o‘zingdan boshqa hech kim ishonmasligiga va bu sharpa faqat menga ko‘rinishga va faqat meni mahkum etishga mustahiq etilgan degan qarorga kelding va boshqa bu haqda hech kimga lom-mim demaslikka va kulgu, masxaraga qolmaslikka qaror qilding.
Sen kechalari tush-u hush aralash ixrashlarni, shovurlarni eshitib qolar ekansan, unga qarshi chiqishga o‘zingda hech bir umid qolmayotganini sezarding. Barcha umidlaringni sharpa vahmi o‘g‘irlab olgandi. Biroq sen o‘zingning xonadan butunlay surib chiqarilmasliging uchun tovush chiqarib, unga urush e’lon qilar, bu urush e’lon qilishdan ko‘ra ko‘proq taslim bo‘lishga o‘xshardi. Sen sharpani yengish va xonangdan haydab chiqarish uchun ichki bir jasorat topishni istar va shu istakkina seni hayot bilan bog‘lab turardi. Avvaliga sen u sharpaning jismi va shamoyilini aniqlash uchun har xil tajribalar o‘tkazding. Oyna oldida soatlab yelkang osha to‘kilib turgan zulmatga boqib turar, zora ko‘zguda uning shamoyili ko‘rinib qolsa deya umid qilarding. Ammo sharpa sendan ayyorroq chiqdi, u oyna oldida o‘tirganingda biron marta ko‘zga tashlanmadi, senga hujum ham qilmadi. Bu tajriba natija bermagach, endi sharpani haydash va cho‘chitish uchun seni olis bolaligingdan beri haligacha tark etmagan odatingga ko‘ra devorga qushlarning suratini chiza boshlading. Sen bu suratlar bilan o‘zingning hali tirikligingni va yashayotganligingni, seni hali ham hayrat va shavq tark etmaganini sharpaga ko‘rsatib qo‘ymoqchi eding. Suratlaring avvaliga ancha beo‘xshov chiqayotgandi, bora-bora qushlarning suratini chizishga shunchalik ustasi farang bo‘lib ketding-ki, xonangga to‘satdan kelib qolgan kishi surat ekanligini bilmasa, devordagi rasmini ko‘rib, qush uchib yuribdi deb o‘ylashi mumkin edi. Sen xonada yolg‘iz qolmaslik, sharpaga butkul asir bo‘lmaslik uchun xonangni qushlar suratiga to‘ldirib yubording. Endi qushlar yerda, devorlarda, shiftda, to‘shaklaringda, oshxonada uchib yurishardi, ular erkin va ozod edilar. Sen ularning emin-erkin parvozini ko‘rib, quvonarding. Qushlar go‘yo sen erisholmagan va bir umr orzu qilgan manzaraning bir parchasi edi; uying oq chag‘alaylar uya qurgan va parvoz qilib yurgan dengiz o‘rtasidagi yolg‘iz va mag‘rur qoyaga o‘xshardi. Qushlar parvozi va qiyqiriqlari bilan dengiz shovullashi qo‘shilib, ajib bir go‘zallik paydo qilar, dengiz chayqalar, qushlar tinimsiz qanot qoqardi.
Bir kuni qushlarning galalab uchib yurishi ham senga halaqit berayotganini anglading, xususan, sen tasavvur qilgan sharpa oldida bu qushlar mitti va ojiz edilar. Shunda barcha qushlarni yoqib tashlab, to‘g‘ri devorning o‘ziga xonangni to‘ldirib turadigan ulkan qushning suratini chizding. Chizib bo‘lguncha ulkan toshga ulkan qush aksini o‘yib solgan haykaltaroshdek horib-tolib qolding. Lekin bu horg‘inlik lazzatli va farog‘atli edi. Qushning qanotlari parvozdagiday keng yoyilgan, ko‘zlarida qat’iyat va jasorat aks etardi; u shu uchishida butun yer yuzini ko‘tarib uchadigan shahdi bor edi go‘yo; uni parvoz va erkidan boshqa hech narsa qiziqtirmas, u hamma narsadan yuksak va baland edi. Sening-cha uni hech kim yer yuziga tortib tushirolmas, parvozidan, erkidan ayro qilolmasdi; sen qushga qo‘shilib, osmonlarda uchib yurarding, yerga qaytib tushishini istamasding. Uchish naqadar zavqli va farog‘atli edi. Sen bepoyon kenglikda ozod va erkin uchib yurar, yuksaklikda senga hech kim daxl qilolmas, vahm, qo‘rquv, tashvishlar, hammasi pastda qolib ketgandi. Sen o‘z xonangning va o‘z orzularingning qushiga aylanib qolganingdan baxtiyor eding; uni to‘shakda cho‘zilib yotgancha soatlab tomosha qilar, qushning uchqur va baquvvat qanotlari xayolingga parvoz, o‘zingga kuch va dalda berardi. Biroq bu quvonching uzoqqa cho‘zilmadi; bir kuni tongda ko‘zingni ochganingda qushni qanotlari to‘zg‘oq, aftoda va zabun holatda ko‘rding; uning patlari xonada to‘zib yotar, o‘zi esa jonsiz va harakatsiz edi; qanotlari yulib olingan bu qushni ko‘rganingdan so‘ng tunda uxlab yotganingda sharpa bilan mardonavor olishib halok bo‘lganini sezding. Qush sharpadan seni himoya qilib, tonggacha kurashib, keyin jon taslim qilganini anglading. Sharpa senga o‘zining kuch-qudratini namoyish qilish uchun ham qushni shafqatsizlarcha g‘ajib tashlagandi. U sening yolg‘iz umidingni ham so‘rib olishni istagandi. Sharpani yengadigan, uni xonangdan haydab chiqaradigan kuch yo‘qligini namoyon qilmoqchi bo‘lgandi; biroq sen bu marta umidsizlikka tushishni ep ko‘rmading. Qushning o‘limi senda yana umid, qanday bo‘lmasin o‘zingning mavjudligingni, mavjud bo‘lib qolishingni, seni egish, bo‘ysundirish, mute qilish oson emasligini isbotlash istagini uyg‘otganini sharpa bilmasdi. Qush mardonavor o‘limi bilan senda qanday bo‘lmasin sharpaga qarshi kurashish tuyg‘usini paydo qilgandi. Sharpa esa yolg‘iz qolding deguncha xonangda keza boshlar, tunda, ayniqsa, u yayrab ketardi. Bu esa sendan hech qachon g‘aflatda qolmaslikni talab qilardi. Shuning uchun sen xonangdan zulmatni haydab, hamisha yorug‘ bo‘lishning yo‘lini axtara boshlading. Bu yo‘lni oxiri topding ham. Xonang shiftiga ko‘m-ko‘k moviy osmon va porlab turgan quyoshning suratini chizib qo‘yding; osmon bepoyon va go‘zal edi, quyosh esa kecha-yu kunduz hech qachon bu yerlarga tun, zulmat kelolmasligidan darak berib, porlab turardi. Sen o‘zingning kichkina osmoningni va quyoshingni topgan eding; xonangda osmon va quyosh paydo bo‘lishi bilan sharpa g‘oyib bo‘ldi, nihoyat sen g‘alaba qilding. Sharpa yengilgan edi. Sen sharpadan abadiy qutilganingga shubha qilmasding. Sharpa doimo quyosh nurlariga g‘arq xonangga hech qachon tashrif buyurolmasdi. Sharpa quyoshdan va osmondan qo‘rqardi. Sen esa to‘shakda yotgancha shunday qo‘l uzatsa yetadigan osmonni, quyosh nurlarida ham elas-elas ko‘zga tashlanayotgan olis yulduzlarni tomosha qilib, zavqlanib yotarding. Osmonga yaqin, osmon bilan birga yashash qanday lazzatli edi! Qandayin dilbar edi. Ammo seni baxtsizlik kutib turganini xayolingga keltirmasding. O‘sha kuni uyga qaytib, xonang zulmatga cho‘kkanini ko‘rib, ingrab yubording. Sharpa quyoshni qopqora bo‘yoqqa bo‘yab qo‘ygan, osmon esa zulmatda ko‘rinmay qolgandi. Zulmat ichida xonaga kirishing bilan seni jangga undovchi shitirlash eshtildi – bu sharpa edi; u senga och, yovuz ko‘zlarini tikib, uy burchagida turardi. Endi uni aniq ko‘rib turarding. U zulmatga g‘arq bo‘lgani kabi yo zulmatning bir qismi kabi zulmat ichida g‘imirlar, ozurda, telba, alamzada va xarros holatda edi; sen uni bir zum ko‘rding-u shu on u yana ko‘zdan yo‘qoldi. Endi u tun-u-kun xonang bo‘ylab tinimsiz kezib yurar, seni g‘aflatda qoldirishi uchun payt poylardi. Sen endi mahkum eding, endi u bilan birga bo‘lishga, uning yovuz xavotiri va ta’qibi ostida bir umr yashashga mahkum etilganding. Go‘yo tarozining ikki pallasiday, sharpa va sen, bir-birlaringni goh u seni, goh sen uni ta’qib qilib, soniyalarni, lahzalarni, daqiqalarni, kunlar va oylarni quvlab yashar, sharpa senga berilgan umr tugaguncha, yo sen sharpani yo sharpa seni butkul yengmaguncha ta’qib va vahm og‘ushida, u chizib bergan zulmatga g‘arq etilgan yulduzsiz osmon ostida yashashga mustahiq etilganding.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.