OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nazarmat. Tabarruk javon (hikoya)

Qishloq kutubxonasiga keldim. Ikki qavatli sakkiz xonadan iborat ko‘rkam va shinam bino. Ikkinchi qavatdagi keng xona qiroatxona. Bu yerda yoshu qari kitob muxlislari ekan, ular o‘zlari qiziqqan adabiyotlarni ko‘zdan kechirish bilan band.
Bir mahal qishloq o‘rtasidagi mangu olov yonida ko‘rgan va keyin chinor ostidagi so‘rida tanishgan keksa suhbatdoshim kutubxonaga kirib keldi. Qo‘lida jumhuriyat gazetasi. Kutubxona mudirasi yoshgina yoqimtoy juvon otaga peshvoz chiqib salom berdi.
— Qizim javonga gazeta keltirdim. Unda uchta hamqishlog‘imizning nomi bor. Bittasi mening o‘rtog‘im Abdurahmon. Brestda 1941 yil iyun tongotarida halok bo‘lgan ekan. Yaqinda Brest qal’asida qazilma ishlari borayottanida uning suyagi va nomi yozilgan hujjat topilibdi. Shular gazetaga yozilgan ekan. Xabaring bo‘ldimi, yo‘qmi, deb olib keldim.
— Rahmat ota, — juvon qo‘lidagi gazetani olib varaqladi, so‘ng tegishli joyini topib o‘qidi. O‘sha joyini menga ko‘rsatib dedi:
— Mana qarang, qariyib, o‘ttiz besh yilga yaqin yer ostida yotgan noma’lum qahramon haqida xabar. Qishlog‘imizdan ekan. Biz gazetani mana bu tabarruk javonda, avlodlarimizga tarihdan saboq sifatida saqlaymiz.
Ota xayrlashib chiqib ketdi.
Tabarruk javon! Men kutubxonaning mutolaa zali devoriga maxsus ishlangan javon hujjatlari bilan tanishdim. U yerda turli tillarda va turli yillarda chiqqan gazeta taxlamlari, muqovalangan jurnallar va kitoblar did bilan taxlanib, ehtiyot bilan saqlanmoqda. Tabarruk javondagi har bir hujjat shu qishloqdan bo‘lgan Vatan farzandlarining fashizmga qarshi urushda ko‘rsatgan qahramonliklarini hikoya qiladi.
— Javondagi hujjatlarni kim to‘playapti? — deb kutubxona mudirasidan so‘radim.
U ikkinchi qavat derazasidan hovliga qarab:
— O‘sha tabarruk otaxonimiz,— dedi mamnun.

1976 y.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.