OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurilla Chori. Bo‘ron tingan kecha (hikoya)

Farmon tog‘amga


«...Jonuzoq arab sal guppiroq odam edi. Uning nazarida, bu yorug‘ dunyoda atigi ikkita hurmatga loyiq odam bor edi: biri – galatepalik rais Raim G‘aybarov, ikkinchisi – qamashilik rais Norbo‘ta Sharof».

Murod Muhammad Do‘stning
«Lolazor» romanidan


Hu-uv, u davronlar boshqacha edi. Har mardumning dili tili bilan bir edi. 
Boshpurtsiz Jonuzoq arab har safar O‘rtaqo‘rg‘onga karvon tortganida Norbo‘ta Sharof bo‘talar bo‘ynidagi qo‘ng‘iroq sadolari eshitilmay, lo‘killagan nortuyalaru yo‘lovchilar chang yo‘lga singib,- loy izlarga botib ketmaguncha ortidan qarab qolardi.
Ixtiyor o‘zida bo‘lsa Ko‘hiqofda dev bo‘lishga orzumand arab bir ketganida hilolni to‘ldirib yo bo‘lmasa, barkashdek oyni nimtalab Elsaroyning soyida bo‘y berardi. Ana shunday kecha-kunduzlarda karvonu sarbonga ilhaq Norbo‘ta Sharof ich-etini yer edi. Karvon yo‘liga ko‘zini tikmaslik uchun o‘zini ovutish bahonasida el oralab to‘yu tomosha ko‘rar, yurt kezib hol so‘rardi. Shu odati keyin-keyin uning a’moliga aylanib ketdi. 
Bu kunda u yolg‘iz emas, egiz yurardi. Alpligi Alpomishga tortgan, kelbati Qorajonga qora bergan Shohimardon pirning bolasi, Chim saroyining Shaymardon polvoni yonida bo‘lardi. Bilganlar polvonni Ibrayim (Ibrohim) aminning bolasi, bilmaganlar Norbo‘taning polvoni derdi. Ammo ikkisi-da rost edi. 
Peshin... peshinning peshinligini bilish-da qiyin payt... Etagini yig‘magan kuzdan qahrlangan qish qilichini qibladan turib yalang‘ochlagan. Qor kishining qovog‘ini-da ochirmaydi, ochgandayam o‘n-o‘n besh odim nari ko‘rinmaydi. Quloqqa ot pishqirig‘i va gungur-gungur ovoz eshitiladi. Ovozning qor parchalariday olis-olisdan kelayotganini payqash unchalik mushkul emas. Goh aniq eshitilgan sasdan goho sadoyam bo‘lmaydi. Yana birpasda ot dupurlari bo‘ronda turtinib o‘choqqa o‘t qalayotgan, osh damlab et qaynatayotgan ahli Qizg‘aldoqning diqqatini tortadi. 
Shu bo‘ronda otasidan miroxur nisbasini meros olgan Tashkan kal elga dasturxon yozib miroxurligiga munosib bo‘lmoqchi, yurt kezib totgan non-nasibasini oqlamoqchi, ko‘p qor ko‘rib, sochini oqartirgan alamni ko‘kayidan sug‘urib otmoqchi, el oldida to‘qqizinchi qizini «ulim» deb yelkasiga qoqmoqchi!
Tashkan bosar-tusarini bilmagan Boysariday boy ham, Boybo‘riday shoy ham emas, yonida maslahat berguvchi Ya(Yo)rtiboyi ham yo‘q. Uning bisotidagi boyligi ming qo‘ylinikidan-da ziyoda. Ko‘nglining benihoya keng-ligi, jo‘rabozu oshnabozligini aytmaganda, Qaldirg‘ochdek qizlaridan boshqa hech vaqosi yo‘q. Miroxurning elga va Egamga bir yoqqan tomoni bordirki, shu kunda Galatepayu Tersotadan, Xo‘jasoatu Sangijumondan, Quvkallayu Baqahovuzdan, Nakurtu Arpali dashtidan ot o‘ynatib, poyu piyoda misli bo‘ronday mehmon yog‘ilyapti.
Ko‘z ko‘rar, tovush yetar oraliq masofa tashlab yosh-yalang tizilgan. Ular kelguvchilarning ot-ulovini ushlab, to‘y bahona tikilgan o‘tovga chorlaydi. O‘tovda Buxor mulla, Tirkash ko‘sa, Eshon Tashkan miroxurning qavatida mehmonlar bilan xushlashadi, xeshlashadi.
Shu payt kimdir tashqarida mehmonlar talash bo‘layotganini aytdi. Tirkash ko‘sa cho‘rt kesib, bu mehmonlar Qulmirzaga (Qulmirzaning o‘zi bo‘lmaganda uning ismiga shayton laqabini ham tirkardi) tobin ekanini aytdi.
– Ho‘v, Tirkash buva, bizga qo‘noq yo‘qmi? – deb ichkariladi murtiga qor ingan qoruvli yigit, uning gapi tugar-tugamas. 
– Mehmonning hali qadami uzilgani yo‘q, – dedi Eshon bepisand nazar tashlab.
– Sabr qiling, endigisi sizniki, – dedi tasbeh o‘rniga barmoqlari bo‘g‘imini sanayotgan mulla.
– Uchinchi marta shunday deganlaringiz! Biz to‘y berganimizda miroxur izzatli chavandozlarni kuzatgan.
– Siz ham izzatlisini kuzatasiz, polvon, – dedi ko‘sa siyrak soqolini go‘shtdor panjalari bilan tutamlab.
– Miroxurning qaysi mehmoni izzatsiz ekan?! Menga mehmon bering, boshqasini bilmayman. Mehmonsiz o‘tovdan chiqmayman, – deya o‘tirib olgan yigit o‘zimizning Bozirgan chavandoz bo‘ladi.
Bu tortishuvlardan ko‘ngli ko‘tarilgan Tashkan tashqariladi, odamlar orasidan siyliqdi . Ko‘zidan yosh qalqib, toshdi... Yelkasi nortuyaning o‘rkachiday silkindi, qayta-qayta uchib-uchib tushdi... 
Qor bilan yuzini yuvib qaytdi. O‘tovni qurshab turganlarning suhbati qulog‘iga ilindi.
– Ko‘pkari bermasa, miroxurning miroxurligi qaerda qoladi?!
– Ko‘pkari bo‘lmasayam kurash beryapti-ku!
– Endi, aytaman-da, otbozning qilgan ishini?
– Miroxur ulli bo‘lsam, ko‘pkari beraman, ko‘pkariga Norbo‘ta Sharof bakovul bo‘ladi, deb niyat qilgan ekan. Bugun Norbo‘ta Sharof qarigan. Ko‘pkariga oralashi qiyin.
– Oralamasa bakovullik qilib bo‘lmasmikan?
– U bakovul bo‘lgan ko‘pkarida chavandozlar bilan birtan chopgan, deyishadi. 
– Miroxurga halol bilan haromni ajratib beradigan boshqa odam yo‘q ekanmi?
– Bor. Raim oqsoqol!
– U ham qirchang‘i chol-da, endi. Keyin, Norbo‘taning ustidan ot haydamaydi u.
– Nima bo‘lgandayam, otlarning o‘pkasi pishmaydigan bo‘ldi-da. Ko‘pkari yo‘q!
– Ko‘pkari bo‘lganda nima?! Polvonning taqimidan uloqni uzib oladigani bormi?
– Balki Norbo‘ta Sharof olishda Shaymardonga tovoqni olib beraman, deb bakovullikka rozi bo‘lgandir-a?!
– Shaymardon Norbo‘tasiz davralarning tovog‘ini ham birovga bermagan. Keyin, g‘irromligi bo‘lsa, miroxur uni oshna tutmasdi.
Tashkan tomoq qirib tortishuvni bo‘ldi: – Men Norbo‘ta buva bakovul bo‘ladi, deganman. Shaymardonga zot beraman, deb olish qilayotganim yo‘q. Joning bo‘lsa, elning oriman, Qizg‘aldoq meniki, deb ko‘kragingga ursang, polvon bilan olish, ol! O‘zim chiqsam uyat bo‘lar... Mehmonlar miroxur noqis ekan, polvonga zot bergisi kelmay, butiga tarmashdi, demaydimi?! Hali yo‘ldagi kishiga shuncha gap! Tag‘in qulog‘i qizib, Norbo‘ta Sharof bizdan ginalamasin, bo‘zaning polvonlari!
– Aka, g‘aflatda qolibsiz, oqsoqol boshli elsaroyliklar Bozirgan polvonnikiga allaqachon qo‘noq bo‘ldi...
Shomga borib bo‘ron tindi. Qibla qontalash tusga kirdi. Yerni qoplagan qor to‘piqdan oshadi. Har qadamdan g‘irchillagan ovoz chiqadi. Sovuq suyak-suyakka igna sanchayotganiga qaramay, barcha bu kungi bo‘ronni ko‘rmaganday, pisand etmaganday. Qishloqda qancha o‘choq bo‘lsa, hammasiga o‘t qalanyapti. Bu bilan ular miroxurning to‘yi, deb Tangrining kuhna imoratini qizitmoqqa uringanday.
Xufton kirdi. Oysiz, yulduzsiz, qor oqartgan bir kecha. Kurash boshlanishiga ilhaq olomon bakovulning ovoziga mahtal. 
– Birodarlar! Tashkanboy boylardan boy, beklardan bek yigit! Sazasi uchun shaytonning bo‘yni uziladigan imonli, e’tiqodli yigit. Xudoning hovlisida jonliqni harom qotirmagan. Halollaganini sizu mensiz totmagan. Bugun bir bahona bilan barchamizni yiqqan. Azaldan elga beraman, degan hotamtoyning bahonasi ko‘p. Nima bo‘lgandayam, «o‘mganlasam, suyaguvchi, qulog‘im bitsa, ortimdan chaqirguvchi, cho‘bin otimni yetaklovchi shu el», deb bilgan miroxurning berganini halollab, ko‘pning rizoligi bilan olasiz, polvonlarim! – dedi o‘rta bo‘y, yuzidan nur yog‘ilgan, ovozi o‘ktam bir chol maydonda turib. – Davrada halolni men aytaman! Vijdonini yiqitgan g‘irrom polvon bo‘lsa, Elsaroyni ahmoq qilmay kelsin, to‘ychining «tovoqqa tashlayman», degan tuyasi bilan jandasini hozir berib yuboraman! 
– Nomardu nokasni polvon demang, undaylar bizning oramizda yo‘q! – hayqirdi olomon.
Polvonlarga Tangri taolodan kuch-quvvat, yigit piridan yo‘l so‘ragan bakovulning ovozi yanada o‘ktamlashdi:
– Polvon, otingiz nima?
– Jolpon!
– Sizniki-chi, polvon?
– Ortiq!
– Ov-v, xaloyiq! Ortiq polvon bilan Jolpon polvon elning katta polvoni bo‘lsin! Hozir ham kam emas, tishi butun, rizq-nasibasi mo‘l, o‘ngirini ayol tutmagan, kuragi yer ko‘rmagan zo‘r polvonlar! Bu polvonlarga to‘ychi bir so‘m pul, Tashman tuya uch so‘m pul, Toshtemir polvon bir chopon atagan. Halollab o‘yin ko‘rsatib, olishsin. Nima deysiz, qora ko‘zli qanotlarim? – deb elga yuzlandi Norbo‘ta Sharof. 
Davraning har tomonida mehmon polvonlar Sayfining allasicha kelmaydigan qishlog‘i sha’ni uchun yeng shimaryapti. Bir-birini botirim, deb maydonga undayapti. Ahli Qizg‘aldoq esa, bu kurashda Shaymardondan boshqa polvon yo‘qdek, u bilan tirashadigan bir mard izlayapti. Belidan madori ketib, ko‘zi tina boshlagan oqsoqollar murti sabza urgan har kishidan umidvor: termildi, tikildi, tamshanib, milkini so‘rdi. Oxiri, kim maydondan mag‘rur qaytsa, o‘zlariga jiklab , qon-qarindosh chiqara boshladi.
– Eshon, boya Yo‘ldosh kalning uli bilan olishgan kim?
– Ko‘sa, ko‘zingga nima bo‘lgan, izilloqlik O‘roqning bolasi-ku!
– Ha, Toshtemir bekorga unga to‘nini tikmagan ekan-da. Ular tog‘a-jiyanlashadi-ya?
– Men bilmayman, o‘zlari bilishmasa...
– Nima dedingiz, Eshon? – deb suhbatga aralashgan mulla daf’atan- joyidan irg‘ib turdi: – O‘roqning o‘zi qani?!
– Arzining uyiga qo‘noq tushgan ekan, izzatini qilmaganmi, kurashga qaramay ketibdi. Miroxurning ham nomiga yaxshi bo‘lmadi.
– Eshon, jig‘ildon bilan gapirmang! Bir yumushi chiqqandirki, ketgan!
– Ulini olishtiraman, deb kelgan odamning nima ishi chiqishi mumkin, so‘fito‘rg‘ay! 
– O‘v, Eshon, tilingning tagidan tilcha chiqarmay. Qulmatni top, shundan boshqa bari «og‘iroyoq».
– Shu sag‘irga bunchalar ishonmasangiz? Bori bir yaloqxo‘r bo‘lsa, – dedi Tirkash ko‘sa.
– Oshna, sizni elning ko‘sa deganiyam e’zoz ekan-ku! Asli ikki ko‘zi miltillagan bir qop go‘sht ekansiz!.. Menga O‘roq kerak. Sizlarga kerak bo‘lmasa, Qizg‘aldoqqa kerak! Ho‘v, Qulmatboy bolam, beri kel, Qulmatboy! – deb bo‘g‘ziga zo‘r bera boshladi mulla davraga termilib turgan jussasi mushtdek o‘spiringa. – Bolam, Qulmatboy, Qulmuhammadboy, hozir Izilloqqa – Bo‘ri to‘pdan O‘roqning uyiga borasan. Sizdan Tashkan miroxur xafa, de. Bormasangiz miroxurning ko‘p yillik tuguni yana chiyralib qolar ekan, degin. Buxor mulla aytdi, degin. Mayli, manovi Tirkash buvang bilan Eshon buvangning avlod-ajdodi nomidan gapirsang ham mayli. Chop, to‘yxonayu qo‘noq tushgan uylardagi istagan otingni min. Faqat Norbo‘ta Sharofning to‘rig‘iga tegmasang bo‘lgani. Chop, bolam! Chop!
Oydin kechada oppoq qor uzra ot choptirib borayotgan yigitcha ortidan Buxor mulla bir muddat qarab qoldi. So‘ng qaytib joyiga o‘tira olmadi. Bu orada biroz sepsib qolgan, bir xil jussali, bir xil quvvatli polvonlarning o‘rtamiyona kurashidan zerikkan davra Shaymardon polvonning chakmonidan tutishga kim jur’at etishini kutardi.
Tik turib polvonlarga razm solayotgan mullani tobora yaqinlashayotgan ot dupuri davradan sug‘urib oldi. Og‘zidan oppoq bug‘ chiqarib, pishnab turgan otning jilovini mahkam changallagancha, kelguvchilarni: «O‘roqboy polvon, yaxshi keldingizmi, sizni davra kutib qoldi-ku, shunday kurashniyam tashlab ketadimi?!» – deb qarshiladi.
– Mulla buva, nimaga buncha zarur bo‘ldim?
– Sizdan boshqa birov Shaymardonning yoqasidan ushlayolmaydigan ko‘rinadi, inim.
– Ey, bu nima deganingiz bo‘ldi? Men olishga ishqibozman. O‘zim tengim- bilan ham olishaman, to‘g‘ri. Katta polvonlar bilan qachon olishuvdim?
– Polvonjon, bunda Qizg‘aldoqning ori turibdi!
– Qizg‘aldoqning ori bo‘lsa, menga nima! Qizg‘aldoq sizniki...
– Nima desangiz ham mozorimiz birligini unutmang! – deb ko‘zining osti bilan qaradi mulla.
– Mulla buva, otalar qabrini bosib o‘tadigan Ko‘kamanning ko‘kayidan olaman. Lekin polvonni qishlog‘ingizdan topganingiz yaxshi edi.
– Polvon, o‘zingiz otalar yotgan joyni oyoqosti qildirmayman, deb turibsiz-ku. Boshqa odam izlab nima qilamiz? Siz bola edingiz, bilmaysiz. Otangiz, bu mozoris-tonga Elsaroydan bir ayolni suyagim, deb olib kelib qo‘ygandi...
– Eshitganman, mulla buva, eshitganman! U kishi ammamiz bo‘ladi.
– Eshitgan bo‘lsangiz, ularni oyoqosti qilib qo‘yasizmi? Shularni bilsangiz yana nimaga terslanasiz?
– Mayli, siz aytgandek bo‘lsin, – deb chuqur nafas oldi O‘roq maxsum. 
– Qo‘rqmang, polvon, sizni Shaymardon yiqita olmaydi. Aytganimday bo‘lmasa, Buxor tilidan kofir deysiz! Davrada Shaymardon polvonning qo‘lini baland ko‘tarib, talabgor izlayotgan bakovulning qavatiga yurak yutib birov yaqinlashmadi. Bundan elsaroyliklar qancha mamnun bo‘lsa, qizg‘aldoqliklarning boshi shuncha xam edi. Shu bois, O‘roq maxsumning davraga kirganini birov bilmay qoldi.
Norbo‘ta Sharof Shaymardon polvonning talabgori O‘roq polvon ekanini elga e’lon qildi. Ularning chakmoni ustidan bakovulning o‘zi belbog‘ bog‘ladi. Tomoshatalablarning butun vujudi ko‘zga aylangan: lab juftlamay, kiprik qoqmay davraga tikiladi. Polvonlar avval qo‘shqo‘llashib salomlashdi. So‘ng Shaymardon o‘ngdan davra aylandi. Raqibi unga ergashdi. Bir-biriga yuzlangancha chap oyog‘idan o‘ngini yarim qadam oldinga tashlagan polvonlar biroz engashdi. Go‘yo qanot qoqib turgan xo‘rozlarday bir-biriga tikildi.
Shaymardon polvon raqibiga tikilgancha... o‘n yashar bolaga aylandi.
...Peshindagidek bo‘ron qo‘pgan kun. Uning peshonasidan bir odam o‘pdi. Mahkam quchoqlab, manglayini manglayiga tiradi va: «Bu olamning savdolarini bir kun o‘zing yechasan, menga oson tutma, otangni ham kutma. Shu kungacha g‘ayridin olib ketgan biror odam qaytmadi. Kishining moliga teginma. Qo‘ling halol, nima ish qilsang-da, bir kun biz tomonga Xudoyqul deb izlab bor. Yetimni Yaratgan yaxshi ko‘radi, boshini yormaydi. O‘zingni ehtiyot qil...» – deb, ikki qop somon ostidan faqat boshi ko‘rinib turgan oq burun, olaqashqa samanga marhumani yukladi. Shaymardon biyaning ortidan yig‘lab chopdi. Yiqildi, qorga ag‘anadi. Shu yotgancha oldinga tikilib qoldi. Tim qora dum qorda sudralib borardi...
Avval sarbon, keyin biya, so‘ng qorda qolgan dum izi bo‘ronda ko‘rinmay ketdi. Biyani yetaklab ketgan odam – bodomqovoq, qiyiqko‘z, o‘sik qosh, keng burun, kulcha yuzli, bug‘doyrang odam edi. U qartayish o‘rniga yosharib, kichrayib, bugun qarshisida turibdi.
Shaymardon bu odamni ikki marta izladi: avval urushga ketish arafasida daraklab keldi. Bildiki, biya yetak-lagan sarbon elning mullasi ekan, o‘tib ketibdi. Onasi omonatini topshirganida «ur-tiq», «ot-ot» zamon edi. Ota-si ham shuning qurboni ekanini keyin angladi. Ikkinchi marta urushdan qaytgandan so‘ng qidirdi. Xudoyquldan qoraxat keldi, deb eshitdi. Shu bilan tog‘a tomiridan, ona avlodidan umidini uzib ketdi. Xudoyqulning el ichra O‘roq otini olganini esa, kimsadan eshitmadi. Bugun u qarshisida!.. 
Polvonning qomati «alif» bo‘ldi. Raqibining yoqasini tutishga chog‘langan qo‘llari to‘qsonga to‘qnashib, asoga kuchi kelmaydigan ilklarday shalvirab qoldi. Birdan ortiga tislanib, qo‘lini osmon qadar ko‘targancha «kurashmayman» ishorasini berdi.
Davra – hangu mang. Nima bo‘lganini hech kim bilmay qoldi.
Osmon toqidagi uzun pardek bulutning qishloq tepasidagi joyi tugundek. Go‘yo somonyo‘lida borayotgan «nortuyalar» horib, davra ustida cho‘kkan. «Yo‘lovchilari» el-ulusni kuzatgan, kuzatganu shu kuzatishda jim tarqalayotgandek edi. Olomon ham qanday yig‘ilgan bo‘lsa, yana shunday tarqadi.
Tuni bilan qo‘noqxonalarda O‘roq maxsum va Shaymardon aminning taqdiridan gurung qizidi. Qishloq ahli bomdodda Shaymardon polvonning qabristonda qiroat bilan fotiha o‘qiyotganini eshitdi.
Qizg‘aldoqdan qaytayotgan otliqlar orasida ikki kishi unsiz so‘zlashdilar. Norbo‘ta Sharofning ko‘zlari «olishganda otangni ayama, deyishardi. Bu yog‘i qanday bo‘ldi, Shaymardon?» deganini uqqan polvonning ko‘zlari «Bir kun bu tanni tuproqqa topshirar bo‘lsam, manzil-makonimga qo‘yar odamning qanday yoqasidan olay, oqsoqol?!» derdi. 
Oqsoqol bo‘lsa ko‘nglida, «Polvon, sen emas, men yiqildim. Umrimda birovning yoqasidan olmagan, kishining yoqasini juftlamagan mulladan yiqildim-a! Mulladan! – derdi. – Davralarda yursam-da, baqirib-baqirib tursam-da, qaribman... Qaribman-da, a?! Bir aldarko‘sa meniyam, seniyam, bizga qo‘shib tog‘angniyam yiqitdi. Endi u bu gaplarni to‘ylardagi davralarda emas, azada ham qiroat qilib o‘qiydi. Shuni aytib o‘tadi... Uh, oq chalvorli, ko‘ngli qora kas...»
Mahzun suhbat tilga ko‘chib, ko‘ngilga cho‘kib borardi:
– Oqsoqol, bu olamda tog‘a nega bunchalar mukarram?
– Polvon, bu olamni-ku qo‘yatur, zimiston, qorong‘u lahad tuqqan jiyanni to‘rga o‘tqazib siylagan ham yuragi yoldor bahodir tog‘a edi-ku! Er yigitni go‘rdan olib taxtga chiqazgani uchun lahadga qo‘yish ham uning zimmasida qolgandir, balki. Elsaroyda Norbo‘ta Sharof bo‘lsam-da, ular nimalarga tayanib yashaydi, bilmasam, polvon!
Oqsoqol uzoqlarga ko‘z tikib, karvonga, karvonning emas, Jonuzoq arabning yo‘liga qarardi. Qani endi, u ko‘rinsa. Kelsa-yu, ko‘rgan-kechirganidan aytsa. Norbo‘ta ham ko‘nglining cherini yozsa, yozsa-yu, dilida biror tugun qolmasa, chuv tushgan alami qalbini tirnamasa, ko‘kayida ham, karvon yo‘llarida ham chechaklar ko‘klasa, bu olam ko‘m-ko‘k bo‘lib, ko‘karib ketsa... Olam yasharsa, Norbo‘ta Sharof yosharsa, Shaymardon emas, men olishaman, deb davraga otilib kirsa... Eh, qani endi shunday bo‘lsa! Shundaylar bo‘lsa...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.