OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurullo Oston. Jamoatchilik nazorati (hajviya)

Barcha rivojlangan davlatlarda boshqaruv tizimida faoliyat ko'rsatayotgan rahbarlar, hatto Prezident jamoatchilik nazoratida bo'ladi. Mas'ul vazifada ishlab turgan amaldor mansabini suiiste'mol qilsa, haddidan oshsa, jamoatchilik ta'sirida uning kovushi tezda to'g'rilab qo'yiladi. Bizda jamoatchilik nazorati degan ibora endi-endi shakllanib kelayapti. Jamoatchilik nazorati yo'g'ligi tufayli 2004 yilning dastlabki olti oyi mobaynida Samarqand viloyatida nosog'lom muhit vujudga keldi. Natijada  jamoatchilik nazoratidan tashqarida bo'lgan hokimi mutlaq atrofiga zudlik bilan sadog'atli  laganbardorlarni yig'a boshladi, to'g'ri odamlarni chetga surishga urindi. Xom sut emgan banda-da, olimligu ilmi axloq, xalq xo'jaligini rivojlantirish masalalari bu yoqda qolib ketib, mayda-chuyda  mansab o'yinlariga o'ralashib qoldi.

 Dehqon mahsulotini sotishi lozim bo'lgan Siyob bozorida qatorlashgan savdo do'konlari qad ko'tardi.  Do'koningni ko'chaga qur, mahallaga qur, bozorga tiqib nima qilasan? -deb so'raydigan topilmadi. Damariq bozori yonidagi xiyobon buzilib, ikki qatordan savdo do'konlari qurildi. Endi o'sha xiyobonga stol-stullar qo'yilib oshxona qilingan, odam dam olish uchun botinib kirolmaydi. "Samarqand" kinoteatri yonidan Markaziy istirohat bog'i boshlanadigan Poligrafiya ko'chasida ikki tomonlama tizilishib turgan, bedid qurilgan savdo do'konlari bog'ning tarovatini umuman yo'qqa chiqarayapti. Nima, Samarqandning kuni bosar-tusarini bilmay qolgan to'rtta savdo xodimi yoki to'rtta shashlikpazga qolganmi? Prezidentimiz to'g'ri aytdi-Samarqandga jahon nuqtai nazardan qarash kerak-Samarqand-hokimning qo'yniga kirib olgan to'rtta uchar  savdogarniki emas, butun o'zbekistonning, butun Sharqning faxri, qolaversa butun dunyo xalqlari bir bor ko'rishni orzu qiladigan jannat makon. Uni mayda orzu-havaschalar bilan maydalashtirib qo'yishga, bozor va istirohat bog'larini shashlikxona bilan do'konlarga to'ldirib, hakkalak otgan nafsini qondirishga hech kimning  haqqi  yo'q! Zotan, to'ymagan ko'zni tuproq to'ldiradi.

Endi choy tashiydigan olim haqida. Quldan poshsho chiqsa qulligicha qoladi, degan ibora bor xalqimizda. Olimki, hokimga choy  tashiydigan bo'libdi, demak  Samarqandda ilmga hurmat qolmabdi. Aytmoqchi, hurmatli sobiq hokim janoblari bundan uch oy muqaddam Oliy Majlisdan viloyatdagi OAV faoliyatini o'rganishga kelgan nufuzli vakillarga Samarqanddagi jurnalistlar hali XX asrda yashab yuribdi, ularning qulog'idan cho'zib XXI asrga o'tkazishga to'g'ri kelayapti, degan edi. Biz albatta buni hazil o'rnida qabul qilgan edik, lekin hammasi to'g'ri  chiqdi. Quloq cho'zma paytida parda ortida nimalar ro'y berayotganini Prezident kelib ko'rsatib bermagunicha lallayib yuravergan ekanmiz.

 Soliq boshqarmasiga Rustam Qo'chqorov rahbarlik qilayotgan davrda g'arazli yondashuvlar bu sohani ham chetlab o'tmadi-boshqarma boshlig'ining o'rni kimgadir yog'liq ko'rinib qolibdi. Hoy, bu yog'li joy emas, iymonini yelvizak urib ketgan odam bu yerda rahbarlik qilolmaydi, deb maslahat  beradigan topilmadi. Uning o'rniga shu sohaga hadeb qora balchiq chaplanaverdi. Oq narsa oq-da, baribir balchiq yuvilib ketaveradi. Xullas, u emas bu emas, bunday noxush holatlarning hammasi Prezidentimiz aytganiday, jamoatchilik nazorati bo'lmaganligi, xato-kamchiliklar ochiq-oshkor aytilmaganligi tufayli sodir bo'ldi. Jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, shu orqali rahbar  tomonidan qilinayotgan ishlarning oshkoraligi uning xalq oldidagi obro'sini oshiradi. Zero, hokim xalq xizmatkoridir. Taniqli manbashunos olim Komilxon Kattayevning bir kitobida Maxdumi A'zam hazratlarining shunday hikmatli fardlari bor:

Gar xudo hohad pardai kasro darad,

Maylash andar ta'nai pokon barad,

ya'ni, agar xudo birovning iymon pardasini yirtmoqchi bo'lsa, u halol odamlarni ta'na qilib boshlaydi, deydi. Halol odamni ta'qib qilish, ishdan bo'shatish, nomini qaro qilish mumkin, lekin bir kun kelib bu qabihliklar elga oshkor bo'lgach, hammasi joyiga tushadi, kimning kimligi bilinadi. Zamon o'zgarayapti, dunyog'arashlar o'zgarayapti. Oshkoralik adolat, halollik ustivor bo'lmagan joyda qabohat va pastkashliklar kuchayadi. Bu esa  jamiyatni tanazzulga olib keladi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.