OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurullo Oston. Qizil to’qimachi (hajviya)

Yaqinda bir kino ko'rib qoldim. "Ya sobirayus poyexat v Izrail, -deyapti bittasi. -Vsyo uje resheno." "No ved ti ne evrey?" -deyapti ikkinchisi. "Da, ya ne evrey, no moya jizn evreyskaya", -deyapti birinchisi. Shuncha yil ishlab, o'z kasbidan kosasi oqargan jurnalistni eslayolmayman. Tillaxo'jaev degan insonni bilaman, uch tiyinlik tramvayda ishga qatnardi. Hozir kartochka olivolgan, hali ham ishga tramvayda qatnaydi. Isog' aka bir soat bo'lsa ham xizmatchi avtobusni kutib turardi.

 Hozir gazeta daromad manbai bo'lib qoldi. Raqobatchi gazetalar chiqdi, o'quvchi o'ziga ma'qul bo'lganini sotib oladigan bo'ldi. Majburiy gazetalar bir amallab tirikchilik qilib turgan bir paytda obunachilari yo'q gazetalarning turli ranglarda, turli bezaklarda paqillab chiqib yotganligi katta jasorat, albatta. Majburiy gazetadan hamma bezor. Bezagi ko'p, skanvordi, mukofoti, oldi-qochdisi bor gazeta hammaga ma'qul. Ham kalla dam oladi, ham mukofot yutish mumkin. Endi gazetada ishlash uchun jurnalistikani bitirishning hojati yo'q. Ikki so'zni juftlab, qog'oz qoralasang bas, jurnalistsan. Kecha ko'zboylog'ichlik qilib, hammani laqillatib yurgan ekstrasens bugun yetakchi jurnalist bo'lsa, buning hayron joyi yo'q. Qandini ursin!

Tanishlardan biri: "Qalami yaxshi jurnalist bor, ishga olsangiz", - deb qoldi. Uni sinash maqsadida qariyalar uyiga maqola uyushtirishga yubordim. "Jurnalist" ertasi kuni kelib: "Hammasi zo'r aka, -dedi. Ellik ming so'm berishdi, qishga kiyimim yo'q, shunga palto olsam nima deysiz?" "Qaerni bitirgansan o'zi?" -qizig'ib so'radim. "Agrotadbirkorlik kollejida o'qiyapman, ikki yildan keyin bitiraman..."

Yaqinda "Oriyat" nomli gazetaning biryo'la uchta muxbiri bilan tanishish sharafiga muyassar bo'ldim. Bittasi ilgari bozorda limon sotardi, ikkinchisi o'rta ma'lumotli, uchinchisi pedtexnikumni bitirgan ekan. Har birining haybatidan ot hurkadi. Yuripti nonu-nasibasini teri-i-b. Men "Iste'molchi" gazetasida ishlayman. Iste'molchining huquqini himoya qilaman. Iste'molchi o'zim. Bu yerda yana o'n nafar iste'molchi o'z huquqini himoya qiladi. Xalq-chi, -deysizmi? Xalq o'z huquqini o'zi himoya qilib olsin-da! Yana deng, xodimlarimiz juda intizomli, ertalab ishxonaga bir ko'rinib, ikki kishi-ikki kishi bo'lib chiqib ketishadi-hozir bir kishi yurishi xavfli, undan keyin ulardan birovi qanday yozishni, birovi qanday gapirishni biladi-tushdan keyin shirakayf bo'lib qaytib kelishadi. Qayerga borishadi, nima qilishadi, tushunmayman. Ba'zan ulardan biri qo'ng'iroq qilib qoladi: "Falonchi aka, men falon do'konda, yoki aptekadaman", -deydi. "Nima qilay?" -deyman. "Ha, shunchaki, aytdim-qo'ydim-da", -deydi u kulib.

Shu joyni tashlab ketgan bittasi bor. Ilgari iste'molchining tarafini olib yurgan bo'lsa, hozir jurnalistlarning huquqini himoya qilayapti. Xalqaro huquq mavzularida uzundan-uzun ro'yxat bilan ziyofatlar uyushtiradi. To'g'ri, bir ziyofatda Hasanzodaga "Sizga joy yo'q", -deyishgan ekan, u iste'molchi jurnalistning basharasiga kimligini aytib, ozgina obro'siga putur yetkazipti.

Toshkentga kirib boraverishda "Qizil to'qimachi" degan stantsiya bor. Bu nom hozir ma'naviy eskirdi. Hozir qizil to'qimachilar armiyasi paydo bo'ldi. Ular  yoshlarni qiziqtirish uchun kallasiga kelgan har qanday uydirmani to'qib, xashaki gazetalarni semirtirib yotishibdi. Shunday voqealarni to'qishadi-ki, uni atayin to'qimoqchi bo'lsang ham, baribir qo'lingdan kelmaydi. Birov iffatini yo'qotib qo'ygan, birovning nomusi barbod bo'lgan, birovning otasini enasi quvlagan, birov ikkita bolasi bilan uchta bolaliga uylangan, xullas, janjal-to'polonning uyasi shu yerda. Internetdan bir voqeaning uchini tutib olishsa bo'ldi, bu yog'ini to'qib tashlashadi. Yoshlar ana shunday oldi-qochdilarga qizig'ishadi. Qizil to'qimachi esa qaysi to'qigan safsatasiga qancha gonorar olishini hisoblash bilan ovvora. "Keyingi syujetni "Qirol Lir" dan olsammi, yoki "Shoh Edip"ga o'xshatib o'g'lini onasiga uylantirib qo'ysammi?" - deb reja tuzadi. Keyin uyqusida alahlab, bosinqirab chiqqan odamday o'zi tushunmaydigan bir narsa yozadi.

-Nima haqida yozdingiz? -so'raydi muharrir. -Uch marta o'qib tushunmadim.

-Nima yozganimni hali chuqur anglab yetganim yo'q, -deydi qizil to'qimachi. -Lekin har holda juda yaxshi narsa chiqdi. Yoshlarimiz biror xulosa chiqarib olishar-da!

O'rgimchak uyasiday qalama qilib  shunday chiroyli fojealar to'qishadi, jimjimalariga mahliyo bo'lib, pashshaday domiga ilinib qolish hech gap emas. "Chelovek pauk" bo'lib ket-e, ukkog'or, deysan ularning sanoatiga tan berib. Qizil to'qimachi tinmaydi, yangi-yangi mavzularga qo'l uraveradi. Uning qo'l urgan mavzusini tahlil qilaman, deb tomorqasini behudaga oralab yurmang, hech narsa topolmaysiz. Kallaga bermagan narsani tomorqadan izlash na hojat!

Hay, biz-ku parda orqasida nima borligini bilamiz, yoshlarga qiyin. Ular hayot shu ekan, deb soxta uydirmalar ta'siriga berilib ketaveradi. Qizil to'qimachilar ularning cho'ntaklarinigina emas, ongini ham quritadi.

Yaqinda ko'pdan buyon matbuotda ko'rinmay qolgan hamkasbni uchratib  qoldim. "Amerikaga ketayapman, -dedi u. -Juda tashvishi ko'p ekan, padariga la'nat!" "Kasbing jurnalist bo'lsa, Amerikada nima gap bor?" -dedim. "Jurnalistlikka jurnalistman, -dedi hamkasb. -Lekin butun umr o'zimni ko'cha supuruvchiday his qilganman. O'sha yoqqa borib yaxshisi ko'cha supuraman." "o'rningni kimga tashlab ketayapsan", -so'radim har ehtimolga qarshi. "Qizil to'qimachilarga, -dedi u. -Har holda ular mendan yaxshiroq cho'pchak to'qishadi!"

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.