OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurulloh Muhammad Raufxon. Oq bino oqshomlari (hikoya)

Hafizalarning uyi Tuyulning chiqaverishida, Jaloyirning kiraverishida joylashganidan bu uydagilar ikkala qishloqqa ham birday tegishli edi. To‘ygami, ma’rakagami ikkala yoqqa ham boraverishar, begonasirashmas edi. Qolaversa, bu qishloqlarning oti bo‘lak, maktabi bo‘lak xolos, qabristoni qariyb bir-biriga ulanib ketgan.
Hafiza to‘rt sinfni Jaloyirda o‘qidi, beshinchi sinfdan otasi negadir u bilan ukasini Tuyuldagi maktabga berdi. Dastlab, yangi sinfdoshlariga aralashib ketishi qiyin kechdi. Ayniqsa, tuyullik qizchalar Hafizani anchagacha oraga qo‘shmay, o‘zlariga yaqin yo‘latmay yurishdi. Bo‘lar-bo‘lmasga g‘ijillashib qolishsa, «Jaloyirdi jinnisi» deb uni masxaralashar edi. Bora-bora bu gaplar unutildi-yu, lekin mitti yuragida ko‘rinmas g‘ubori qoldi. Shundanmi, odamoviroq bo‘lib o‘sdi. Necha marta onasiga yig‘lab berdi. Hatto bir safar otasiga: «Biz o‘zi qaysi qishloqdanmiz?» deb zarda qildi. Otasining: «Ikkala qishloq ham o‘zimizniki, o‘rtada begonasi yo‘q», degan janobidan ko‘ngli to‘lmadi. Vaqtni oralatib, yana onasiga yig‘ladi. «Tayinli bir o‘rtog‘im yo‘q meni», deb o‘ksindi. Onasi otasidan oshirib bir nima dermidi? «Qo‘yaver, qizlarning ming‘ir-ming‘iri sening shimildirig‘ing», deb uni yupatgan bo‘ldi…
«Ha, qizlar ko‘proq hasaddan bir-birlarini yanishadi, hasad qilishayotgan ekanmi, demak, sen ulardan ustunsan!»
Bunisini onasi aytmagan, bunisi yettinchi sinfdami o‘qiyotganida o‘zining xayoliga kelgan. Shundan ko‘ngli ko‘tarilib, qizlarning shivir-shivirini parvoyiga ilmasdan, o‘qishini o‘qiyverdi.

Lekin, oradan yillar o‘tib, bitta bolali bo‘lib, ichidagi «dugonasi» bilan sirlashib o‘tirganida o‘sha ilk armonini bari bir aytdi:
«O‘zi men boshidan ikkiga bo‘linib qolganman, endi o‘lganimdayam o‘nglanmasam kerak».
Ichdugonasi bu dunyoda Hafizaning yakkayu yagona va chin sirdoshi edi.
«Sen chiroylisan, Hafiza – hamma balo shunda!» dedi u har galgidek tap tortmay.
«Nima qil deysan? Yuzimni yumdalab tashlayinmi?»
«Yuzni yumdalagan bilan ish bitmaydi. O‘rtada bolang bor, ko‘zingni och, deyapman, xolos».
«Buni o‘zim ham bilaman. Menga o‘shanaqa – ko‘zimni ochadigan maslahat bergin-da bo‘lmasa!»
«To‘g‘risini ayt: mabodo hammasi qayta boshlanganida, kimga tegar eding?»
«Sharif akamga!» dedi Hafiza o‘ylab ham o‘tirmay.
«Unda… Avaz aka-chi?»
«Bilmadim… – Hafiza tutilib qoldi. – Rostini aytsam, tag‘in baribir shunday bo‘lardi, shekilli…»
«Unda mening maslahatim senga o‘tmaydi».

Jaloyirdan Tuyuldagi maktabga ko‘chib o‘tganining boisini ham Hafiza erga tegib, bitta bolali bo‘lganidan keyin bildi. Onasi aytdi.
– O‘shanda Jaloyirdagi maktabdi diriktiri – u yuzsiz dadangdi oshnasi edi – o‘ninchi sinfda o‘qiydigan bitta qizni buzib qo‘ygan. Rostiniyam, yolg‘oniniyam bir kimsa bilmaydi, dadangga bo‘lsa, o‘zi maqtanib aytganmish. Dadangdi bilasan-ku, jahli burnining uchida turadi, – dedi nima sababdandir o‘sha olis voqealarni xotirlab.
«Mening bolalarim sening harom maktabingda o‘qib olim bo‘ladigan bo‘lsa, kechdim beradigan ilmingdan!» debdi dadasi va shundan keyin Hafiza bilan ukasini Tuyulga ko‘chirgan ekan. Hafiza buni eshitdiyu nigohi o‘ychan yer chizdi.
…Odamoviligi o‘zi bilan, chekkadan qaragan kishi nazarida esa, u juda chiroyli, istarali, yoqimtoy qiz bo‘lib voyaga yetar edi. Bunaqasi ikkala qishloqda ham yo‘q edi, ikkala qishloq ahli ham bunaqasini yaqin orada ko‘rmagan. Buni Hafizaning o‘zi ham sezib, his qilib ulg‘ayardi. Buni, ayniqsa ikkala qishloqning o‘g‘il bolalari, yigitlari yaxshi bilishardi. Eh-he! Tuyulda ham, Jaloyirda ham Hafizani loaqal bir marotaba o‘ylamagan, u bilan loaqal bir marotaba xayolan yolg‘iz qolmagan, yuragida Hafizaga atalgan loaqal bittagina orzu-umidi bo‘lmagan, uni suymagan, unga xayolan uylanmagan bironta yigitcha, bironta bo‘ydoq bo‘lmasa kerak! Eh-he! U orzu-umidlar, u shirin xayollar birdan jonlantirilib, kino singari ko‘rsatilsa bormi, Hafizani bir paytda ikkala qishloqning deyarli barcha xonadonida ko‘rib, es-hushingizdan ayrilishingiz turgan gap.
…ana, sochlarini majnuntol qilib, nafis durrasini peshonasiga dol tang‘ib, enkayganida ochilgan ko‘krak yoqasini chap qo‘li bilan to‘sib, hovli supurib yuribdi… ana, o‘choqdagi alanganing aksi urib jilolanayotgan yonoqlarida bir dumaloq yosh bilan piyoz archyapti… ana, tizzalarini quchoqlaganicha darvozadan ko‘z uzmay, erining yo‘liga ilhaq o‘tiribdi… ana, cho‘g‘dek gilamning o‘rtasiga kenggina, balandgina qilib o‘rin solyapti… ana, erining oyoqlarini, bellarini uqalayapti, u yer-bu yerini chimchilab ham qo‘yadi, qiyqirib kuladi, so‘ng naqd jon olg‘uchi noz bilan yechinadi… ana, qo‘lida go‘dagi, suyib-suyib emizyapti, yonida eridan bo‘lak kimsa yo‘q, bolasi emib bo‘ldi hamki, ko‘kragini yashirishga shoshilmaydi… ana, kelinlik liboslariyu xilma-xil matolar bilan yasatig‘lik uyda, shundaygina, qo‘liga bosh qo‘yib, o‘rilmagan sochlari to‘shakka yoyilib, mizg‘iyapti…
Balog‘atga yetgan barcha o‘spirinu bo‘ydoq yigitlar xayolida, orzu-umidida Hafiza hamisha mana shunday manzaralar qo‘ynida yashardi.
Ha, u haqiqatan chiroyli, istarali, haqiqatan yoqimtoy qiz bo‘lib yetilgan edi!
Ba’zan otasining ham yuragi hovut olib ketadi. Shunaqa paytlari xotiniga o‘shqirib qoladi. «Qizingga ayt, hadeb sallanglab yuravermay, ish-pishini qilsin!» deydi. Ona hayron, qizimga nima qipti, degisi keladi-yu, aytmaydi. Fursatini topib, dashnom beradi: «Qizim, dadangdi fe’lini bilasan, ko‘ziga ko‘rinavermay, o‘choqqami, tandirgami unnasang-chi!» deydi. Endi Hafiza hayron. Turib-turib onasining dakkisi nash’a qiladi, sekin darsxonasiga kiradi-da, xumori tarqagunicha ko‘zyoshi qilib oladi…
Bo‘lariga o‘tadigan bo‘lsak, gap bunday.
Shu qiz maktabni tugallagan yili, yoz kunlarining birida, ikkala qishloqdan, «Bor tavakkal!» degan ikkita xonadondan, bir paytda, lekin bir-birlaridan xabarsiz holda… ikkita sovchi keldi. Ajab taqdir: ularni Hafizaning o‘zi kutib oldi. Ayvonga ko‘rpacha soldi, dasturxon yoydi, choy qo‘ydi, dalaga borib onasini uyga yubordi. O‘zi qaytmadi. Xotinlarning sovchi ekanini u bir qarashdayoq bilgan edi, kimlardan vakil bo‘lib kelishganini ham yuragi sezdi.
Oldin so‘z Sharifjon ta’rifida.
Hafiza sakkizinchi sinfni bitirayotganida ajib bir voqea bo‘lgan. To‘y edi, shaharda o‘qiydigan tuyullik bir yigitning to‘yi. Kelin-kuyov talabalar emasmi, to‘yxona odamga liq to‘la. G‘ala-g‘ovur. Davra katta, o‘rta charog‘on. Talabalar antiqa tomoshalar tayyorlab kelishibdi, ko‘rsatib, keksayu yoshning ichagini uzishdi. Qizlari ham sho‘x-shaddodgina ekan, to‘yxonaga yig‘ilgan barcha qizaloqlarning ko‘zini kuydirib, yigitlar bilan rosa o‘yin tushishdi. Aylana tuzalgan stolda o‘tirganlar qancha, girdo-girdida tik turganlar qancha. Hafiza ham shu tikka tomoshabinlar qatori hovlining dala tarafdagi qorong‘i bir chekkasida turib bazm ko‘rar, to‘y agar ertalabgacha davom etsa, ertalabgacha tomosha qilaveradigan kayfiyatda edi. Bazm qizigandan-qiziyverdi. Vaqt allamahalda Hafiza yonidagi qizning qulog‘iga nimalarnidir deb shivirladi-da, sekin davradan chekinib, qorong‘ilikka qarab yurdi. Hovlining burchagiga uydek qilib g‘o‘zapoya g‘arami uyub tashlanibdi. Orqa devorning buzilgan yeri bor ekan, oyoq ostida kesaklar qalashib, sochilib yotibdi. Naryog‘i dala…
Hafiza xiyol enkayib, kesaklarning ustidan paypaslanib, endi dalaga o‘tayotganida kimdir nomini tutib chaqirgandek bo‘ldi. Jinday vaqt o‘tib, tovush yana qaytarildi:
– Hafiza!
Oyog‘idan mador qochdi va devorning buzuq joyiga suyanib, to‘xtadi.
– Kim u? – dedi qo‘rqa-pisa.
– Hafiza, qo‘rqma, menman, – dedi yana o‘sha «kimdir» qorong‘ulik qa’ridan.
Yuzi ko‘rinmayotgan bo‘lsa ham, Hafiza uni tanidi: maktabni o‘tgan yili tamomlagan Sharifjon degan yigit edi u. Politexnika institutining kechki bo‘limida o‘qiydi, kunduzi qandaydir zavodda ishlaydi. Hafiza sal o‘zini bosib oldi-yu, oyog‘idaga titroq baribir qolmadi. Bir nafas o‘tib, Sharifjon g‘o‘zapoya g‘arami bilan devorning oralig‘idan chiqib keldi.
– Senga bir narsa berib qo‘ymoqchiydim, – dedi u uch-to‘rt odim narida to‘xtab. – Tashlavormaysanmi?
«Tabriknoma! – deb o‘yladi Hafiza darrov. – Birinchi May bilan tabriklamoqchidir-da».
Bundan ikki oycha burun singlisi maktabda unga bir kitob keltirib berdi. «Sharif akam kitobingizni olgan ekan, berib yubordi», dedi. Hafiza hech kimga hech narsa bermagan edi, shunday bo‘lsa ham, nimagadir indamay oldi. Sinf xonasiga kirib, yashirin varaqladi. Kitob ichidan tabrik qog‘ozi chiqdi! Sharifjon uni Mart bayrami bilan «chin yurakdan» qutlabdi. Sababini o‘zi ham bilmagan holda Hafiza tabrik qog‘ozini ikki-uch kungacha tashlamay olib yurdi. Necha marotaba o‘qib chiqdi, so‘zlarini yodlab oldi, nihoyat bir kuni chorvoqqa opchiqib maydalab-maydalab, ariqqa oqizib yubordi… «Bu safar ham tabrik yozgandir», deb o‘yladi Hafiza.
– To‘y boshlanganidan beri shu yerda poylab o‘tiribman, – dedi Sharifjon oldinga tag‘in ikki qadam tashlab. – Xayriyat, o‘zing kepqolding. Hafiza, bir haftadan keyin armiyaga ketyapman… manovi senga… – U turgan yeridan nimanidir uzatdi. – Ma, Hafiza, aytadiganlarimni shunga yozganman, uyda o‘qiysan.
Hafiza nima qilarini bilmay qoldi. Bir ko‘ngli, shart tashla-da qoch, desa, yana bir ko‘ngli, olaver, olganing bilan bir nima bo‘larmidi, derdi. Sharifjon armiyaga ketayotganini yana eslatganidan so‘ng beixtiyor xatga qo‘l cho‘zdi. Hayajondan o‘zini yo‘qotgan edi. Keyin nima bo‘lganini ham bilmaydi. Xatni tutqazayotganida Sharifjon uning qo‘lini siqdimi-yey, titroq tovushda: «Seni jonimdan ham yaxshi ko‘raman, Hafiza!» dedimi-yey…
So‘ngra Sharifjon bir sakrab, dala tarafga o‘tib ketdi. Devor bo‘ylab ketgan ariqning marzasidan anchagacha shitir-shitir oyoq tovushlari kelib turdi.
Hafiza keyin ham bu tovushni ko‘p bor eshitdi. Kechalari darsxonasida yolg‘iz o‘tirganidami, uyqusi ichidami, gohida hatto dars paytlari qulog‘iga shu tovush chalinib qolardi: shitir-shitir, shitir-shitir… O‘shanda esa, u bazmni tomosha qilgandek ham bo‘lmadi, uyga qaytdi. Kelasolib, xatni o‘qidi.
«Hafiza, men seni yaxshi ko‘raman! Bilaman, sen hali yoshsan, bunaqa gaplarni hozir aytmasligim kerak edi, lekin bir haftadan keyin men armiyaga ketyapman. Ikki yilga! Bilib bo‘lmaydi, dengizchilikka tushsam, uch yilga cho‘zilib ketadimi. Seni yaxshi ko‘rishimni o‘zingga aytib ketmasam, u yokda qiynaladiganga o‘xshayman. Ungacha sen ham maktabni tamomlab qolasan, shu gaplarim esingdan chiqmasin, Hafiza! Bilib qo‘y: qaytib kelib senga uylanaman!.. Xatim tumtaroq bo‘pqolyapti, xayolimga bo‘lak gaplar kelmayapti. Ikkala varaqniyam «Seni yaxshi ko‘raman, seni yaxshi ko‘raman» deb to‘lg‘azib chiqsam, so‘zlarimga ishonasanmi?! Aytmoqchi, armiyadan xat yozib turaman, maktabning adresiga, maylimi? Ko‘rqma, konvertning tepasiga birorta qiz bolaning otini qo‘yaman, birov bilmaydi. Xat yozasan-a, yozasan-a?! Xatlaringni intizorlik bilan kutaman, deb seni jon-dilidan sevuvchi Sharifjon!»
O‘shanda Hafiza xatni qayta-qayta o‘qirkan, ichi jimir-jimir qilib, vujudini yoqimli, odamni mast qilguvchi bir zaiflik chulg‘agan edi. Kunlar, oylar o‘tgan sayin u bir narsani o‘ylab, sira o‘yining tagiga yetolmay, ajablanib yurdi.

«Sharif akam mening g‘aram yonidan o‘tishimni qayoqdan bildiykan ? – deb so‘radi bir kuni ichdugonasidan. – Nimaga meni o‘sha yerda kutib turdi? Nimaga endi o‘zim ham aynan o‘sha joyga bordim?»
Dugonasi gapni aylantirib o‘tirmadi:
«Sharif aka seni qattiq yaxshi ko‘rib qolgan! – dedi o‘sha zahoti. – Hammasi shundan. Noz qilib yurmasdan, sen ham uni yaxshi ko‘rib qo‘yaqol!»
Hafizaga bu gap xush yoqdi, lekin yana ham ishonch hosil qilib olish uchun biroz taysalladi:
«Qiziq-ku gaping. Mabodo u yerga bormaganimda, nima bo‘lardi?»
«Borarding! Bari bir borarding!»

To‘qqizinchida o‘qiyotganida intiqlik bilan Sharifjondan xat kutayotganini sezib qoldi. Hatto, yozmay qo‘ysa-ya, deb cho‘chiyotganidan hayratga tushdi. Paxta terimi tugagan paytlari bir xat oldi, qishda orqama-ketin ikkita xat oldi, bahorga chiqib ko‘zni chirt yumdi-yu, o‘zi ham bitta javob xati yozdi. O‘shanda nimalarni yozgan edi – keyin eslayolmay yurdi. To‘kqizinchida o‘qiydigan murg‘ak qiz askar yigitga nimani ham yozardi? O‘qishlarim yaxshi, dalagayam chiqib turibmiz, degandir? Qishloqda yangiliklar ko‘p: Adolat opoyning to‘yi bo‘ldi, Jaloyirdagi maktabning diriktiri qamalib ketdi, «Dik domla» haliyam pinqillab yuribdi, deb yozdimi yo? Shulardir-da. Shulardan o‘tkazib yana nimani yozardi!..
Sovchining unisi jaloyirlik Avazbekdan edn, demak, endi so‘z Avazbek ta’rifida.
Avazbek bo‘limda suvchilik qiladi. Qishin-yozin dengizchilarning yo‘l-yo‘l maykasini kiyib yurgani-yurgan. Qomatdor. Adirlarning tagida soyning ayrilish yeri bor. Qishloqdan anchagina olisda. Shuning uchun sovxoz quloqboshiga bitta uycha qurib bergan. O‘tgan yili Avazbek qishloqdan atay ohak olib borib, shu uychaning devorlarini oqlab qo‘ydiyu o‘sha kundan boshlab dalachilar uni «Oq bino» deb atay boshlashdi. Uycha adirlikda bo‘lganidan ikkala qishloqqa ham oqarib ko‘rinib turardi. Shu Oq bino Avazbekning ishxonasi. Bekor paytlari qo‘lda kaltak bilan dala aylanishni yoqtiradi. Kaltakni yon tomondan oyog‘iga urib-urib qo‘yadi. Gohida soyning uzun ketgan qirg‘og‘i bo‘ylab «Yava»sini uchirib o‘tib qoladi.
Tuyulu Jaloyirning qizlari orqavarotdan Avazbekni ko‘p gapirishadi, pinhona unga havas qilishadi, o‘zlaricha bir-birovlarini unga bichib, hiring-hiringlashishadi. Avazbek bo‘lsa, nimagadir hech kimga e’tibor bermaydi. Hech kimga! Faqat…
Kuz edi. Oqshom tushgan. Tutqator bo‘ylab o‘t yulib yurgan Hafiza sira kutilmaganda Avazbekka duch keldi. Dalada bunaqa yo‘liqishlar oddiy hol, lekin qizning yuragi bezovta dukurlay boshladi.
– Hafiza, – dedi Avazbek tovushi allanechuk g‘o‘ldirab, – bir gap aytsam, maylimi?
Hafizaning yuragi sezganicha bor ekan: Avazbek uni yolg‘iz uchratish uchun atay poylab yurgan ko‘rinardi.
– Nima deysiz? – dedi azbaroyi nimadir deyishi kerak bo‘lgani uchun ham.
Avazbek undan bunday dangal muomalani kutmaganmi, avvaliga dovdiradi:
– Bilasanmi… rostini aytsam… anchadan buyon…
Ajab, Hafizaning xayoliga dastlab: «Nega sensirayapti, oldinlari sizlab gapirardi-ku?» degan o‘y keldi. Bu hol unga g‘alati tuyuldi. Sharifjop ham hov o‘shanda tomdan tarasha tushgandek sensirab qolgan edi…
– Sensiramay gapiring! – deb yubordi u beixtiyor.
– Kechirasiz…
Avazbek shundan bo‘lak bir so‘z ham deyolmadi. Hafiza apil-tapil o‘tlarini to‘plab, etakka solib, Avazbekka ham qaramay, uyga jo‘nab yubordi.
U yana bir marta yo‘l to‘sdi. Yana sensirab gapirdi. Lekin bu safar xiyla dadilroq edi. Ham uzoqroq gapirdi. Hafiza, yuragimdagilarni aytmasam senga, yorilib ketaman, dedi. Men seni sevaman, faqat, aytolmay yurgan edim. O‘ninchini bitirganingdan keyin odam yuboraman, menga tegasanmi? Seni boshimda ko‘tarib yuraman, xo‘p desang, sen mening malikam bo‘lasan, dedi. Gapiraverdi, gapiraverdi, Hafizani indagani ham qo‘ymadi. Bir yog‘i shuning uchun, bir yog‘i yana nima uchundir, Hafiza «ha» ham demay, «yo‘q» ham demay, Avazbekni chetlab o‘tdi-da, yo‘liga ketaverdi. Orqadan Avazbekning: «Seni bari bir yaxshi ko‘raman, Hafiza!» deganini eshitdi. Yuzlari lovillab yonib, o‘n-o‘n besh qadamcha yurib bordi-da, u yog‘iga chopqillab ketdi.
Shundan keyin Avazbek uning yo‘lini ham, og‘zini ham ko‘p bor poyladi, lekin qizdan ko‘ngilga taskin beradigan biror belgi-ishora sezilmadi.
Hafiza esa tobora tushuniksiz bir dunyoga – oldingisiga o‘xshamagan, yangicha bir dunyoga kirib borayotganini sezdi. O‘sha damgacha kitob o‘qisa ham, televizorda kino ko‘rsa ham, o‘z-o‘zidan Sharifjonni o‘ylab ketardi, endi onda-sonda ko‘ziga Avazbek ham ko‘rina boshladi. Rost, uni o‘ylasa, keragicha o‘ylaydi, so‘ng xayol eshigini darhol orqasidan tambalaydi, go‘yo o‘zi bilan o‘zi bekinmachoq o‘ynaydi. Bunday bekinmachoq o‘yin o‘rni-o‘rni bilan odamga yoqar ekan ham! Goho xayollari chegaradan chiqib, Sharifjon bilan Avazbekni bir-biriga solishtirib ko‘radi. Aslida ikkalovi ham yomon emasdek, lekin Hafizani ulardan qay biri qattiqroq sevadi?

«Sharif akaning sevgisi qattiqroq! – derdi ichdugonasi qat’iy ohangda. – Unaqasi bu dunyoda kamdan-kam uchraydi. Ovora bo‘lib boshqasini o‘ylab ham o‘tirma!»
«Askarlikda xizmat qilayotgani uchun uni maqtayotgandirsan?» deb Hafiza dugonasini, ayni chog‘da, o‘zidagi tuyg‘ularning chin yoki yolg‘onligini sinab ko‘rmoqchi bo‘lsa, dugonasi baribir bo‘sh kelmasdi:
«Yo‘q, askar bo‘lgani uchun emas, men bilganimni aytyapman, – derdi. – Sharif aka o‘zi bo‘lakcha yigit!»

Kunlar shu taxlit o‘taverdi, Hafiza yetilib boraverdi, Avazbek Oq binoda ko‘kragini zaxga berib yotaverdi, Sharifjon askarlikdan qaytdi, Hafiza o‘ninchini bitirdi, yoz keldi va… kunlarning birida, ikkala qishloqdan, «Bor tavakkal!» degan ikkita xonadondan, bir paytda, lekin bir-biridan xabarsiz, ikkita sovchi keldi.
Sovchilar yana kelishdi. Kimo‘zarga o‘ynayotgandek, biri olib-biri qo‘yib yana kelishdi. Ota-ona o‘rtaga odam qo‘yishdi. Hafiza o‘ylana-o‘ylana, ichdugonasidan maslahat ola-ola, nihoyat bir qarorga keldi. Qarorini onasiga aytdi. Kuz o‘tib, qish o‘tib, bahor kechalaridan birida Sharifjonning qallig‘iga aylandi…
Shod, kelinlik libosiga burkanib, ikki yuzi yanada tiniqlashib, shirin-shirin tunlar og‘ushida erkalanib, yangi xonadonga yarashib, Sharifjonning ham, qaynona-qaynotasining ham ko‘ngillarini xushnud etib yuraverdi.
Shahar yaqin edi. Sharifjon haftaning har shanba-yakshanbasi kelib turadigan bo‘ldi. Shanba-yakshanbalar Hafiza qo‘msab, orziqib kutib yashaydigan kunlarga aylandi. Ikkisi ham hayotga go‘yo kitoblardan, kinolardan tushib qolgandek baxtiyor edi!
Bir safar Sharifjon o‘ng qo‘lini Hafizaning bo‘ynidan o‘tkazib, Hafiza esa boshini Sharifjonning yalang‘och yelkasiga qo‘yib, tunchiroqning xira shu’lasida ko‘kimtir tusga kirgan shiftga tikilib yotganlarida:
– Shaharga olib ketaymi, Hafiza? – deb qoldi Sharifjon sirli tovushda. – Xohlasang, o‘qishga harakat qip ko‘rasan. Maktabda yomon o‘qimagan eding, shekilli?
– Yomon o‘qimaganman, lekin… – dedi Hafiza erining qulog‘iga shivirlab. Nafasi Sharifjonning qitig‘ini keltirdimi, qiqirlab kuldi. Shu chog‘da Hafiza erini yana ham suyib ketdi: shart o‘girilib, qulog‘ining solinchog‘idan tishlab oldi. – Men o‘qimiyman, erginam… Umuman, men o‘qimoqchimasman. Menga siz bo‘lsangiz bo‘ldi! Siz o‘qing, men dalada ishlayveraman, sizga yordam qilaman.
Sharifjon bir siltanib, bor kuchi bilan quchoqladi.
– Sendaqasi bu dunyoda bittayu bitta! – dedi yutoqib.
Shunday qilib, Sharifjon shaharda o‘qib, Hafiza dalada ishlab yuraverishdi. Kuzning o‘rtalaridamidi, Hafiza keyinchalik taqdirini o‘zgartirib yuborgan bir gapni eshitdi: Avazbek xotinini o‘lasi qilib urgan emish. Uch-to‘rt kungacha dalachi xotinlar shu gapni ermak qilib yurishdi, Hafizaning miyasiga esa bu voqea qo‘rg‘oshin bo‘lib quyilib qoldi. U Avazbekni to‘ydan keyin ko‘p uchratgan, shunchaki salomlashib o‘tib ketavergan, Avazbekdan ham ortiqcha biror harakat yoki biror qiliq sezmagan, eski gaplar o‘z-o‘zidan barham yegandir deb xulosa chiqarib qo‘ygan edi, endi bu xabar unga nimaga ta’sir etdiykan? Nimaga bu oddiy hodisa uning miyasidan ketmay qo‘ydi?..
Axiyri bir kuni xayolidan kutilmagan fikr o‘tdi: «Avaz aka haliyam meni yaxshi ko‘radi!»
Keyinroq undan ham antiqa o‘y keldi: «Men unga tekkanimda, meni ham urarmidi? Urmas edi…»
O‘ylar biri ikkinchisini tug‘ardi. Bunaqa o‘ylarni o‘ylashdan Hafiza o‘zini to‘xtatolmay qoldi.
«Men Avaz akaga tekkanimda, Sharif akam ham achchig‘idan bo‘lak qizga tez uylanib ketarmidi? Uylansa… meni deb «u»ni urarmidi? – Shularni o‘ylagan sari Hafizani titroq bosardi. – Urmas edi, mutlaqo urmas edi! Shirif akam olijanob odam: yomon ko‘rsa yomon ko‘rardi, ammo aslo xotinini urmas edi. Ha, ha, urmas edi!»
Bularning shunchaki bir xayol ekanini, qolaversa, ularni o‘zi to‘qib chiqarayotganini bilib turib ham negadir Hafizaning kayfiyati tushib ketdi. Hatto, nega urmaydi, deb Sharifjondan g‘oyibona dili ranjidi, erining bunaqa «olijanobligi» yuragiga og‘ir botdi. Ayni choqda, Avazbekning tez uylanish voqeasi xayolida qaytadan jonlanib, unga tinchlik bermay qo‘ydi. Avvallari nazariga ilmagan edi, endi qarasa… Nega unday qildiykan? Axir, sensiz yashay olmayman, degan edi-ku? Qasam ichgan edi-ku? Yo o‘shanda yo‘liga aytgan-qo‘yganmikan? Avraganmikan?
Gap shundaki, Hafiza Sharifjonning sovchilariga rozilik berib yuborgach, Avazbek jiyanidan unga xat jo‘natgan. Uni xat deb ham bo‘lmaydi, qog‘ozning o‘rtasiga katta-katta harflar bilan: «Bari bir seni yaxshi ko‘raman, Hafiza! Demak, bari bir seni olaman!!!» deyilgan edi, xolos. So‘ngra Avazbek uzoq bir qishloqdan qiz topib, onasini qistalang qila-qila, o‘shanga bo‘lishgan. To‘yini Hafizalarnikidan uch kun keyin o‘tkazgan. Xuddi mana shu narsa oradan shuncha vaqt o‘tib, Hafizaning tinchini o‘g‘irlagan edi…

«Alam dilibdi», dedi ichdugonasi bir kuni.
«Yo‘g‘-e! – deb qo‘rqib ketdi Hafiza. – Oldiniga o‘zimga ham shunday tuyuldi, qarasam, yo‘q, unaqamas. Alammi, alammasmi ekanini o‘zim bilaman-ku, axir! Menga bir narsani ayt: hammayam menga o‘xshaganmi yo faqat men shunaqamanmi?»
«Qanaqa «shunaqa»?»
«Xayolimga har xil narsa kelaveradi-ku?»
«Buning nimagaligini sen bilan biz bilmaymiz. Bilolmaymiz…»
«Ana shunaqa! Ko‘nglidan kechganini ko‘plar yashiradi, men bo‘lsam, ochiqchasiga aytyapman, – deb qiziishb ketdi Hafiza. – Aslida hammayam menga o‘xshagan deb ovungim keladi».
«Boshingda ering bor, u seni yeru ko‘kka ishonmaydi, buni o‘zing ham bilasan. Bas, shunday ekan, nimaga hadeb bekorchi narsalarni o‘ylayverasan?»
Hafiza uh tortdi.
«Aytishga oson, – dedi peshonasiga kaftini bosib. – O‘ylar o‘zi kelaversa… Qo‘l siltagan bilan ketaqolmaydi-ku!»
«Bahona qilyapsan! – dedi dugonasi keskin ohangda. – Ojizligingni oqlamoqchi bo‘lyapsan!»
«Avazbek akayam yaxshi ko‘rsa, menda nima ayb? Qolavursa, men o‘ylamaganim bilan u niyatidan qaytib qolmaydi-ku?»
«Unda nimaga alam qilyapti? Uylangan bo‘lsa, uylandi. Endi xotinini urayotgan bo‘lsa, uryapti. Senga nima? Oraga suqilib nima qilasan?»
«Bilmadim. Bilganimda…»

Lekin! Bari bir Hafiza o‘zini qo‘lga ololmay qiynalar edi.
Saodatli shanbalardan birida qalbini larzaga solgan, turmushini izdan chiqargan hol ro‘y berdi.
Sharifjon kelgan edi. Hafiza ro‘zg‘or yumushlarini unda-munda tinchitib, uyga kirganida, tasodifmi yoki poylaganmi, Sharifjon eshik orqasida turgan ekan, yo‘liga tiz cho‘kib, uni quchog‘iga oldi. Hafiza ham erini sog‘ingan edi. Bir-birlarining islaridan mast bo‘lishib, allaqancha muddat shunday turaverishdi. Nihoyat, Sharifjon uni dast ko‘tarib o‘rnidan turdi.
– Sekin, – dedi Hafiza barmoq uchi bilan erining burnini bosib, – sekin… Kichkintoy Sharifjonni ezib qo‘yasiz…
Sharifjon kiyim ustidan Hafizaning qornidan o‘pdi.
– Vah-vaha, munchayam shirin bo‘lmasang, Hafiz! Sen ham odam bolasimisan-a! – Keyin Hafizani avaylab to‘shakka yotqizdi-da, ehtirosga berildi.
Kutilmagan voqea shunda ro‘y berdi.
Hafiza Sharifjonning erkalashlaridan mast bo‘lib, vujudi qizib, tanasida ajib yengillik sezib, inon-ixtiyorini unga butkul hadya etayotganida, ko‘ziga tuyqus… Avazbek ko‘rinib ketdi! Va birdan qichqirib yubordi.
Sharifjon sapchib o‘rnidan turib ketdi.
– Nima gap, Hafiza?
– Bilmadim, – dedi titrab-qaqshab, – qo‘rqdim… Bola chinqirgandek bo‘ldi…
– Rangingda rang qolmadi. Suv ichasanmi? – deb Sharifjon o‘rnidan turdi. Unga piyolada suv tutdi.
O‘shanda Hafiza eriga birinchi marta yolg‘onlagan edi.
Kuzning o‘rtalarida daladan qaytayotib, Avazbekka yo‘liqdi. Havo jindek izg‘irin edi. Avazbek dengizchilar maykasining ustidan yalangqavat kurtka kiyib olibdi. Hafizaning egnida baxmal to‘n. Boshida ro‘mol. Shu to‘niyu ro‘moli o‘ziga qo‘poldan-qo‘pol tuyulib ketdi. Ustiga ustak, lop etib homilasi ko‘zga tashlanib turardi. Hafiza uyaldi. Ikkala qo‘lini beixtiyor qorniga tashlab oldi.
– Hafiza, gaplarim esingdami? – dedi Avazbek burgutdek tikilib. Hafiza yerga qaradi. – Men seni chindanam yaxshi ko‘rardim, hali ham yaxshi ko‘raman! Mendan qochma, iltimos. Har zamonda ko‘rib, ovozingni eshitib yursam, bas.
– Qo‘yiig, Avaz aka, endi u kunlar o‘tdi, – dedi Hafiza o‘zini xotirjamroq tutib.
– Senga o‘tgan bo‘lsayam, menga o‘tgani yo‘q! – Avazbekning ovozi titrab ketdi. – Ammo-lekin, Hafiza, meni pichoqsiz so‘ydiig sen…
Hafiza tevarakka olazarak ko‘z tashlar ekan, qariyb iltijoga o‘tdi:
– Jinni bo‘lmang, Avaz aka, mening erim bor, sizning – xotiningiz. Qolavursa, o‘shandayam sizga hech narsa va’da qilganim yo‘q.
Avazbek ko‘z qiri bilan uning do‘mpaya boshlagan qorniga qarab oldi-da:
– Ering bo‘lsa… unga mening xusumatim yo‘q! – dedi keskin. Ayni chog‘da unga Hafizaning «jinni bo‘lmang» degani yoqimli eshitilgan edi. – Haliyam seni yaxshi ko‘raman, shuni aytib qo‘yyapman, xolos! Yana, sen bu yerda, ering shaharda… Menga nimagadir alam qiladi, Hafiza!
Hafizaning g‘ashi keldi.
– Endi mening yo‘limni to‘smang! – dedi cho‘rt kesib. – Tekkan bo‘lsam, Sharif akamni yaxshi ko‘rib tekkanman, turmushimizni buzmang!
– Aldayapsan, – dedi Avazbek sovuqqon qiyofada, – yaxshilab o‘ylab ko‘rgin-a, uni sevasanmikan? Sharif mendan omadliroq ekan, xolos. Mayli, ro‘zg‘oringni buzmayman, qo‘rqma. Endi boraver uyingga!
Shunday deb qarta o‘rtasidan Oq binoga qarab yo‘l soldi. Burilayotganida.: «Mening xotinim bo‘lganingda, bir minut ham yonimdan jildirmasidim», deb to‘ng‘illab qo‘ydi.
Hafiza birdan o‘zidan nafratlandi. Avazbekdan oldin ketishi kerak edi. «Boraver uyingga», demasidan oldinroq ketib yuborishi kerak edi. Nahot ketgisi kelmadi? Avazbekning barcha gaplarini rad qilsa ham, o‘zi bilan uning o‘rtasiga mustahkam devor qurib qo‘ymoqchi bo‘lgan bo‘lsa ham, baribir, nahot ko‘ngli u bilan uzoqroq birga turishni, uning ham ko‘nglidagalarni bilishni istadi?
Uyatu isnoddan Hafizaning dili o‘rtanib, uyga qanday yetib borganini ham bilmadi…
Qishning chiqarida Hafizaning ko‘zi yoridi: o‘g‘il tug‘ildi. Polvon bo‘lib o‘ssin, deb «kichkintoy Sharifjon»ga Rustam otini qo‘ydilar. Sharifjon ota bo‘ldi, Hafiza ona bo‘ldi – ikkalasi ham o‘zida yo‘q shod. Rustamjon esa kundan-kunga o‘saverdi. Hafiza olti oygacha dalaga chiqmadi. Orada chillaqochdi qilib o‘zining uyida picha turib keldi. Ikki marta Sharifjon bilan shaharga tushib, bir hafta-bir haftadan o‘sha yoqda yashashdi. Avgustning oxirlariga kelibgina yana ishga chiqdi.
Bir kuni Avazbek tag‘in uning qoshiga keldi.
– Hafiza, senda gapim bor edi.
– Menga hech qanaqanga gapning keragi yo‘q!
– Nima qilay, axir?
– Bilganingazni qiling! Rosti, o‘tgan safargi yo‘lto‘sarligingazdan keyin siz bilan gaplashmayman deb qo‘yganman. Siz… haliyam munaqa qip yuribsiz.
Avazbek yalt etib Hafizaning ko‘zlariga qaradi, nigohini tutib olmoqchi bo‘ldi. Yo‘lto‘sar… Avazbek yo‘lto‘sar!.. Qanday shirin eshitildi unga bu so‘z! Buning ustiga, «munaqa qip yuribsiz»dagi sirli mehr… Shartta Hafizaning qo‘lidan ushlab, hansirab so‘zlay boshladi:
– Yo‘q dema, Hafiza, bir joyga boraylik, gaplashaylik, maylimi?! Yuragam to‘lib ketyapti, bo‘shatmasam bo‘lmaydi. Qo‘rqma, tegmayman senga, o‘lay agar! Men seni sevaman, Hafiza! Nima qilsam ishonasan? O‘zimni osayinmi, xotinimni qo‘yayinmi – ayt?.. Ko‘nmasang, zo‘rlamayman, lekin unda meni ado bo‘ldi deyaver! Loaqal bir marta men bilan yurakdan gaplashsang, armonsiz ketardim… maylimi, Hafiza?
Or-nomusi qanchalik kuchlilik qilmasin, o‘z erini qanchalik suymasnn, hadeganda ko‘ziga Rustamjoni ko‘rinavermasin, Avazbekning yurakdan vulqon kabi otilib chiqayotgan bu hayajoni qarshisida Hafiza o‘zini ojiz sezdi. Bir yoqda qiziqish…
Axir, tan ol, Hafiza, yuragingni larzaga solgan o‘sha kundan boshlab ba’zan atayin, ba’zan beixtiyor sen ham Avazbekni o‘ylab qolmasmiding? Uzoqlardan unga ko‘zing tushsa, yuraging jizillashi ham yolg‘onmi? Bunaqa o‘ylar senga sirli bir dunyo edi, sirlari bilan jozibali tuyulardi, mana, endi seni yana ham sirliroq tuyg‘ular chulg‘ab olyapti, bo‘lak bir jozibali dunyo o‘ziga chorlayapti, xo‘sh, nima deysan?..
Hafiza Avazbekning qaynoq kaftlari orasidan qo‘lini sug‘urib, «Ko‘ramiz», dedi ohista va to‘xtamay ketdi. Avazbek-chi? Qariyb rozilik olgan Avazbek turgan yerida sapchigisi, sapchiyvergisi kelayotgandir?
Hafiza ortiga o‘girilib qarashdan o‘zini zo‘rg‘a tiydi…
Ertasi kun qanday o‘tdi, qanday ishladi – eslayolmaydi. Oqshomgi uchrashuvni orziqib kutganidan emas – buni orziqib kutmayotganiga u amin – shunchaki, qandaydir tushuntirib bo‘lmas bir holatda edi u. Lekin Oq binoga borishga qattiq axd qilib qo‘ydi. Shundanmi, kun bo‘yi Avazbek haqida yomon o‘ylamaslikka, hatto uni sal-pal sog‘inib, ha, ha, sog‘inib eslashga urinib yurdi. Oqshom esa, oyog‘i o‘z-o‘zidan Oq binoga tortaverdi.
Binoning pastidagi qartadan o‘t yulayotgan bo‘lib, sekin-asta yaqinlashaverdi. Ellik qadamlar qolganida to‘xtab, g‘o‘zalarning ichiga cho‘kdi. Yuragi duk-duk urar edi. Tizzalarini quchokdab o‘tirarkan, nega keldim, deya iztirob aralash ko‘nglidan o‘tkazdi. Bir xayoli, Avazbek ko‘rib qolmasidan iziga qaytishni o‘yladi.
Shu payt Oq binoning eshigi g‘ichirlab ochildi va ostonada Avazbek paydo bo‘ldi. Ichkaridan Hafizani anchadan beri kuzatib turgan shekilli, to‘g‘ri shu tarafga kela boshladi.
Hafiza indamay o‘tiraverdi. U go‘yo egatlar orasiga chandib bog‘lab tashlangandek edi. Tepasiga Avazbek kelganida ham qimir etmadi.
– Aldab ketasanmi deb qo‘rquvdim, – dedi Avazbek shivirlab. – Kelmaganingda, bo‘ynimga tosh bog‘lab, dambaning tagiga o‘zimni tashlar edim lekin.
Hafiza bir daqiqa oldii qanchalik hayajonlanib o‘tirgan bo‘lsa, birdaniga hayajoni bosildi-qo‘ydi.
– Meni siz sudrab kelganingiz yo‘q, o‘zim keldim, shuning uchun bo‘lmag‘ur narsalarni o‘ylab o‘tirmang, – dedi o‘zi ham kutmagan holda. – Aytadiganingizni ayting, orani ochdi qilaylik.
– Mayli. Oldin ichkari kiraylik.
Oq bino deganlari ombordek bir joy ekan. Suv darvozasini ko‘tarib tushiradigan kalitlar, turli bo‘lak asbob-uskunalar qalashib yotibdi. Bir burchakka ustma-ust qutilar taxlangan, tepasida pilik chiroq, oyoq ostida qop, latta-lutta; devorga taqab uzun taxtakalavot o‘rnatilgan, ustida bitta ko‘rpachayu bitta yostiq – Oq binoning bor jihozi shu edi. Derazasi yo‘q. Birdan-bir eshik ham doim berk tursa kerak, allaqanday hid odamning ko‘nglini huzursiz qilgulik darajada dimoqqa uriladi. Xuddi devorga ham shu hid o‘rnashib qolgandek.
– Nima bu, boshim aylanib ketdi? – dedi Hafiza ko‘lini yelpig‘ich qilib, burnining tagini yelpir ekan.
-– Taraktirdi yog‘i. Salido‘l ham bor. Bilinyaptimi?
– Bilinmay-chi.
Avazbek gap orasi eshik zanjirini solib, chiroq piligani ko‘tarib qo‘ydi.
– Bekitmang, ketaman men, – dedi Hafiza, ko‘nglida Avazbekning ishini ma’qullab turgan bo‘lsa ham. – Puf-f, hidi yomon ekan… Tezroq gapiring gapingizni!
– Shoshma, Hafiza. Mana bu joyga o‘tib o‘tir. Qo‘rqma, kechqurun binoga mendan bo‘lak zog‘ ham kelmaydi.
– Qo‘rqayotganim yo‘q, – dedi Hafiza xotirjam. – Qo‘rqsam, kelmasidim.
Ikkalasi taxtakalavogning ikki chetiga o‘tirishdi. So‘ng zshikning tirqishiga tikilgancha, xiyol fursat jim qolishdi.
– Iltimos, gapimni bo‘lmay eshit, Hafiza, – dedi Avazbek nihoyat tilga kirib. – Nima desam, yuragimdagilarni aytaman, undan keyin o‘zing hal qilaver, men ham bir kunimni ko‘rarman.
Hafiza Avazbekning yuziyu ko‘zlarini ko‘rmayotgan bo‘lsa-da, undagi o‘zgarishlarni ichdan his etib o‘tirardi. Gapirgan sari Avazbekning nafasi yonoqlariga urilib, bo‘yinlarini siypalar, yoqasining qirg‘og‘idan ichiga kirib, vujudini yondirar edi, lekin hammasiga chidab, miq etmay o‘tiraverdi. Gap orasida Avazbek qayerdan bir magnitofon oldi, qachon tugmasini bosdi – sezmay qoldi. Oq bino ichida mashhur xonandaning yoqimli ovozi to‘lqin-to‘lqin bo‘lib tarala boshladi:
Men ishq elining nolai afg‘onida kuydim,
Ko‘ngil uyining otashi armonida kuydim…
…Sen Avazbekning sovchilarini qaytarding, Hafiza, lekin uning sof muhabbatini qaytarishga haqqing yo‘q! Hayotini izdan chiqarganing alam qiladi, xolos. Chunki u seni, faqat seni yaxshi ko‘rar edi! Ehtimol, Sharifjondan ham qattiq yaxshi ko‘rar edi, afsus, bilmading! Taqdirning ishimi bu? Taqdir nahot Avazbekka shunchalar shafqatsiz bo‘lsa?.. Sen judayam chiroylisan, Hafiza, sen bu dalalarning odami emassan! To‘ydan keyin ering seniyam shaharga ko‘chirib ketadimi deb Avazbek cho‘chigan edi, xayriyat, qishloqda qolding. Avazbekka shunisiyam katta baxt edi. Axir, hech bo‘lmasa ora-sira ko‘rib turadi-ku seni! Rost, uning xotini bor, sening ering bor, ehtimol, ikkalalaringning xilvatda bunday o‘tirishlaring quyushqonga sig‘mas, lekin bir narsani bilib qo‘y, Hafiza: Avazbek xotinini suymaydi. Suyish qayoqda, jirkanadi! Bir jihatdan, xotinida nima gunoh? Axir, u ham birovning bolasi. U ham kim bilandir baxtli yashagasi keladi? Yoki bunga haqqi yo‘qmi? Haqqi bor – buni Avazbek juda yaxshi biladi, lekin bunda ham nima ayb? Atay shunday bo‘lsin demaydi-ku?! Avazbek to‘yni achchiq ustida qildi. Shoshildi. To‘ydan keyin turmushimiz yurishib ketar, deb o‘yladi. Bo‘lmadi-da. Oxiri xotiniga ochig‘ini aytdi: seni yaxshi ko‘rmayman, dedi. Bunisi holva. Baqrayib turib, seni yomon ko‘raman, dedi. Bir kuni ichib kelib, ko‘zimga kirpidan ham xunuk ko‘rinyapsan, deb aytdi. Eh, Hafiza, sen bularni bilarmiding? Xotini sho‘rlik rosa yig‘ladi. Yig‘ladi-yu, otasinikiga ketib qolmadi. O‘shanda qornida bolasi bor edi… Avazbekni uyatsiz deysanmi yo betiga tarsaki tortib yuborasanmi – o‘zing bilasan, lekin u senga yana bir gapni aytmasa turolmaydi, chunki xuddi shu narsa uni mana shu arzi holni qilishga majbur etgan. Uyalmay aytayotganiga sabab shuki, endi Avazbek bo‘z bola emas, endi sen ham yosh qizaloq emassan… uning hozirga ahvolini to‘g‘ri tushungin, Hafiza! To‘yning ertasigayoq Avazbek sensiz yashay olmasligiga iqror bo‘lgan. Ayni nozik mahalda uning ko‘ziga sen ko‘ringansan! Xotinining o‘rnida sening jilmayib turgan qiyofang namoyon bo‘lavergan va u butkul o‘zini yo‘qotgan. O‘shandan beri to‘shakka kirsa, xotinini emas, seii ko‘radi! Yo‘q, shoshma, uning gaplarini bo‘lmay tur… Avazbek seni sevadi, Hafiza! Buni u to‘ydan keyin yanayam qattiq his qildi. Xotiniga ko‘zi tushsa, o‘z-o‘zidan nafrati qo‘ziyveradi, urgisi kelaveradi. Nihoyat, ura boshladi ham. Bu ketishda u bechorani o‘ldirib qo‘yishi ham mumkin. Shunday yashab bo‘ladimi, Hafiza? Xotiniga qiyin, bolasiga qiyin, lekin Avazbekka ham oson emas! Mana shunaqa – ikki yildan beri Avazbekning boshi qotgan. Lekin… tavba, bugun u senga butunlay boshqa gaplarni aytmoqchi edi, nimaga bularni so‘zlab o‘tiribdi? Eh, Hafiza, sen bir yigitning umriga o‘t qo‘yding-a!
…Mashhur xonanda esa hamon yuraklarni ezib-ezib kuylar edi:

Mehrin tilabon o‘tsa agar oshiqi zorlar,
Mehrimni berib, men esa tovonida kuydim…

Hafiza to‘satdan qichqirib yubordi:
– Endi nima qil deysiz?! Meni bu yerga nimaga boshlab keldingiz?! Menga bu gaplarni endi nimaga aytyapsiz, Avaz aka?!
Avazbek osmondan qulab tushgandek bo‘ldi.
– Hafiza, axir…
Lekin hozir Hafizaning jini qo‘zigan edi, uni gapirtirgani qo‘ymadi:
– Niyatingiz mening ro‘zg‘orimni buzishmi endi?! Meni muncha qiynaysiz, Avaz aka?!
Avazbek terlab-pishib ketdi.
– Senga men, eringdan chiq, demadim. Senga men bo‘lgan gaplarii aytdim, xolos. Ertaga mening holim ne kechadi – yolg‘iz Xudoga ayon…
– Men ham nima qilay, axir?! – Shunday deb Hafiza shartta o‘rnidan turdi va Avazbekning ikki yelkasidan tutib siltay boshladi. Keyin birdan to‘xtab, uning yuzini qorniga bosdi va… yig‘lab yubordi. – O‘lar bo‘lsam o‘lib bo‘ldim-ku men ham!
Avazbek ham Hafizaning belidan pastrog‘idan mahkam quchoqlab, o‘ziga tortdi.
Oq binodagi badbo‘y hid allaqayoqparga chekindi…
Bo‘lar ish bo‘ldi, endi taskinu izohlarga o‘rin yo‘q, qolaversa, yuzni sidirib tashlab, tan olish kerak: Hafiza ham, Avazbek ham shu hollaridan mamnun edilar.
Hafiza anchagacha Avazbekning o‘siq sochlarini tarab-silab yotdi, keyin chap kafti bilan yonlamasiga uning mo‘yloviyu og‘zini to‘sib, chiroyli ko‘zlariga tikildi. Xayolida esa: «Menda ayb yo‘q, menda ayb yo‘q, – deya takrorlar edi. – Sho‘rlik, shu kungacha bunday bir mehr ko‘rmagani sezilib turibdi…» Keyin kaftini siljitib, Avazbekning ko‘zlarini to‘sdi va peshonasidan o‘pdi…
Hafiza shundan so‘ng bir oygacha Oq binoga yaqin yo‘lamadi. Lekin oy o‘tib, beixtiyor oyog‘i shu yokqa tortib, Avazbekni shu yerda ko‘rib, ajablanmadi ham…
Oq binoga oltinchimi, yettinchimi borishida Avazbek undan bir narsani so‘rab qoldi:
– Sharifni haliyam yaxshi ko‘rasanmi, Hafiza? – dedi uning ko‘ksiga boshini qo‘yib. Bu aldasa, rostini o‘zi bilib olmoqchidek, yuragiga quloq tutib yotar edi.
– U kishini bu yerda eslamaylik.
– Xafa bo‘lma, bilgim keldi-da bir.
– Qo‘ying shu gapni!
Mabodo Avazbek yurak zarblarining ma’nosini tushuna olganida edi, Hafizaga bunday savol bermasdi. U esa…
– Unda mening oldimga nimaga kelyapsan? – deb so‘radi qo‘poldan-qo‘pol. – Rostini ayt, meni yaxshi ko‘rganingdanmi yo…
Oq binoga dastlab kelgan o‘sha kunidan boshlab Hafizaning o‘zi ham tez-tez shu kabi so‘roqlar girdobiga tushib qolar, lekin hozirgacha bunga aniq javob topolmagan edi.
Sharifjonni yaxshi ko‘rishiga shak keltirmaydi, lekin bu yoqqa nega kelyapti? Men o‘zimni aldab yurolmadim, o‘zimga qarshi borolmadim – bor-yo‘q gap shu, deb o‘ziga tasalli berardi. Ehtimol, bunday savollar Avazbekni ham o‘ylantirib yurgandir va u haligi gapni Hafizadan ko‘ngilda kir-g‘uborsiz so‘ragandir? Lekin baribir Hafizaga u og‘ir botdi.
– Ishingiz bo‘lmasin! – dedi shart-shurt va ilkis o‘rnidan turdi…

«O‘shanda birinchi marta vijdonim qiynaldi, – dedi u ichdugonasiga. – Sharif akamni aldab yashayotganim alam dildi. U sho‘rlik bexabar. Bundan ko‘ra meni urib-haydab solgani yaxshi emasmidi-ya?! O‘zim indamay ketvoray desam…. Sharif akamsiz bu dunyoda qanday yashayman?!»
«Yig‘lama, Hafiza, yig‘idan foyda yo‘q. Nima deyishgayam hayronman. Hamisha maslahat so‘raysan, lekin hamisha o‘z bilganingdan qolmaysan». 
«Shu kungacha faqat bir narsani o‘ylayman: qilayotgan ishlarim xatomi, xato emasmi?»
«Xato ham gapmi, gunoh, xiyonat!»
“O‘tinaman, u so‘zni tilingga olako‘rma! Uning o‘rniga, menga tasalli ber. Axir, Avaz aka meni qanchalar sevishini sen ham bilasan-ku!»
«O‘zingni aldama, Hafiza! Uning qanchalar sevishini men tugul sen ham bilmaysan! Ikki gapning birida «Sharif akam, Sharif akam» deysan, bu yoqda qilgiligingni ham qo‘ymaysan», deb so‘z bilan chimdib oldi dugonasi.
«Men sevib erga tekkanman, bundan keyin ham Sharif akamsiz hayotimni tasavvur qilolmayman! Nima bu? Muhabbatmi? Agar muhabbat shu bo‘lsa, unda anavi nima? U ham, axir, men bilan birga, ichimda yashayapti-ku, oti nima uning?»
«Nima bo‘lgandayam, harholda yaxshi narsa emas! Yaxshi narsalarning oxiriyam yaxshi bo‘ladi, uning esa…»
«Bu javob emas. Bunaqa javoblarning mingtasini bilaman o‘zim ham. Menga boshqacha javob kerak. O‘shaning nimaligini tushuntiradigan va mening ko‘nglimni tinchlantiradigan javob!»
«Bo‘lmasa mendan bunada og‘ir narsa so‘rama, Hafiza. O‘zing yecholmagan jumboqni men qanday yechayin? Axir, aslida ikkovimizning ham ahvolimiz bir emasmi?»
«Ha-ya», dedi Hafiza birdan xomush tortib…

Kunlardan bir kuni Avazbek unga:
– Xotinimni otasinikiga jo‘natib yuboraman! – deb qoldi.
Hafiza hatto nimagaligini o‘ylab ham o‘tirmay, uni bu yo‘ldan qaytarishga tushdi:
– Sizga nima yetmayapti, Avaz aka? Qo‘ying, o‘sha bechorani sarson qilmang!
– Uni yomon ko‘raman, axir! Butun umrim shunday o‘tadimi endi?
– Xotiningizni o‘ylamasangiz, bolangizni o‘ylang.
– Xotinga ko‘ngil isimaganidan keyin bola battar sarson bo‘lmaydimi? Men sendaqamasman, Hafiza, bitta yuragimga ikki kishini sig‘dirolmayman.
Hafiza bir gapni qaytaraverdi:
– Ajrashmang, Avaz aka! Meni desangiz, ajrashmang!
– Nimaga endi?
– Unda yomon bo‘ladi…
Hafiza aynan shunday dedi. «Unda yomon bo‘ladi», dedi. Lekin yomon bo‘lib nima bo‘lishini, umuman, nega yomon bo‘lishini o‘zi ham bilmasdi. «Unda yomon bo‘ladi» – Hafizaning ko‘nglidan kechgan o‘y edi, shuni aytdi-qo‘ydi.
Baribir Avazbek xotinini haydadi. Hafiza dalada eshitdi. Xotinlar kun bo‘yi va undan keyin yana biror haftacha shu voqeani saqich qilib chaynashdi. Hafiza bunaqa suhbatlardan o‘zini yiroq tutar, biroq har gal shundan gap ochilganida seskanib ketar edi.
«Endi yomon bo‘ladi…»
Hafiza Oq binoga qadam bosmay qo‘ydi. Avazbek bir-ikki yo‘lini to‘sgan edi, ul-bulni bahona qilib qutulib ketdi. Kechalari hayhotdek uyda Rustamjoni bilan yolg‘iz qolganida yo uyqusi o‘chgan mahallari qariyb har kuni: «Endi hech qachon uning oldiga bormayman!» deb qayta-qayta qasam ichar edi. Qachon yodiga Avazbek tushsa, ichida shu qasamini qaytaraverardi, qaytaraverardi. Shunday kunlar bo‘ldi, o‘n martalab qaytardi shu gapni. Shunday kunlar bo‘ldi, yuz martalab qaytardi. Erini bo‘lakcha orziqish bilan sog‘ina boshladi. Biror shanba kelmay qo‘ysa, jinni bo‘lib qolay derdi. Oxiri uning o‘qishidan ham, ishidan ham bezor bo‘ldi. Bir gal dabdurustdan:
– Qachon tugaydi shu zormanda o‘qishingiz? – deb zahrini sochdi.
Boshqa safar:
– Yo qishloqda turing, yo meniyam oldingizga oborvoling, qachongacha lo‘liga o‘xshab yashayman?!– deb yig‘ladi.
Sharifjon xotinidagi o‘zgarishni sog‘inchga yo‘yib, avvaliga uncha xavotirlanmadi. Yelkasidan quchib, odatdagidek burnining uchginasidan o‘pmoqchi bo‘ldi, biroq Hafiza uning qo‘lini siltab tashladi. Ters o‘girilib olib, hiqillab-hiqillab yig‘layverdi. Sharifjonning urinishlari behuda ketdi. Savollari javobsiz qoldi. Hafiza uzoq yig‘ladi. Nihoyat, uxlab tinchidi. Ertasi Sharifjon tag‘in shaharga otlanayotganida o‘zidan-o‘zi insofga kelib:
– Kechiring, injiqlanib qolyapman o‘zi, endi sira yig‘lamayman, – dedi.
… Shu bilan er-xotin yana apoq-chapoq bo‘lib ketishdi.

***

Rustamjonlari ikki yoshga to‘lar-to‘lmas Hafiza qiz ko‘rdi. Er-xotin orziqib niyat qilgan holvadekkina qiz! Sharifjon allaqachon otini topib qo‘ygan ekan, Hafiza ham yo‘q demadi: qizaloqning ismi «Muhabbat» bo‘ldi. Endi Hafiza, zora qulog‘im tinchisa, deb umid qilardi.
Darhaqiqat, Muhabbat tug‘ilganidan keyin sakkiz oygacha dalaga chiqmagani sababmi yo Avazbek ham, endi bas, dedimi, ko‘cha-ko‘yda unga duch kelmadi. Hafiza hatto uni esidan chiqarib yubordi. Hayot o‘z iziga tushib olgandek edi. Ko‘ngil tinch, yurakda xavotir yo‘q.
Lekin astoydil xursand bo‘lishga hali erta ekan. Ishga chiqqanining birinchi haftasiyoq Avazbek unga uzokdan ko‘rinish berdi. Ertasi «Yava» motosiklini minib, xotinlar ishlayotgan yerga yaqin dalayo‘ldan u yoq-bu yoqqa tuproq changitib o‘tdi. Ishdan qaytarda Hafiza atay bir to‘da xotin-xalajning ichida ketdi. Lekin bunaqa qilib Avazbekdan qachongacha qochib yura olardi? Ayollar orasida gap otib qolsa, nima degan odam bo‘ladi? Hafiza Avazbekni yomon ko‘rib ketdi. Avvallari u ko‘ziga bu qadar yomon ko‘rinmagan edi!
Bir safar ariq bo‘yida oyog‘ini yuvib o‘tirgan edi, qayoqdandir kelib qoldi. Kalishini ham kiymasdan turdi-da, jo‘nab yubordi. Orqasidan Avazbek «Hafiza! Hafiza!» deb chaqirdi, lekin u to‘xtamadi. Yana bir marta shunday bo‘ldi. Unda ham bir narsa qilib qutuldi.
Keyii esa…
Keyin Avazbek ichib keldi… Og‘zidan aroqning hidini burqsitib, Hafizaga do‘q ura boshladi:
– Seni deb xotin qo‘ydim, endi nimaga qochyapsan mendan?!
– Ikkita bolaning uvoli tutadi meni, Avaz aka, – dedi Hafiza ovozi titrab.
– Ikkita bolasi bor ekan, deb biz burnimizni tortib yuraveraylikmi?
– Qo‘pol bo‘lmang!
– Yur bo‘lmasa men bilai! Yurmayapsan-ku, axir!
Hafiza endi bundan bu yog‘iga Avazbekka keskin gapira olmasligini tuyqus anglab yetdi. Angladiyu jismu jonidan mador qochdi.
– Mengayam rahmingiz kelsin, Avaz aka, yaxshi ko‘raman derdingaz-ku!
– Tonmiyman, yaxshi ko‘raman, lekin yur men bilan! – Avazbek zo‘r berib Hafizaning qo‘lidan ushlab olmoqchi bo‘lardi. Uning bu galgi yurak izhori ilgarigilariga o‘xshamasdi. «Yomon bo‘lgani shudir-da», deb ko‘ngli cho‘kib ketdi.
– Mayli, Avaz aka. Sal keyinroq uchrashaylik, – deb iltijo qildi.
– Oldimga poxol solib ketadigan bo‘lsang, o‘zingdan o‘pkala!
Xotinlarning gapicha bor ekan, Avazbek hammaning ko‘zi o‘ngida devonavash qiyofaga kirib borayotgan edi. Xotini bilan ajrashganidan buyoi ichishga berildi. Ishdan ko‘ngli sovudi. «Shunday bola o‘zini-o‘zi xarob qilyapti-ya», deb kimlardir unga achinar, boshqalar esa: «Oydekkina xotinini haydadi, o‘zidan ko‘rsin endi», deb orqavarotdan koyishar edi. Haqiqatan, turishi shu bo‘lsa, undan har baloni kutsa bo‘lardi.
Hafiza shularni o‘ylab, bir hafta ichida ozib-to‘zib ketdi. Tomog‘idan ovqat o‘tmaydi, qo‘li ishga bormaydi, uydagalarga yorilmaydi. Daladan keladi-da, uyiga kirib olib, dim-dim bo‘lib ketadi…
– Shu bugundan boshlab dalaga chiqmayman! – deb baqirdi Sharifjon kelgan kuni.
– Mayli, – dedi Sharifjon hech narsaga tushunmay, – qiynalib ketding o‘zing ham. Uyda o‘tiraqol…
– Uydayam o‘tirmayman! Umuman, uyingizdan ham, qishlog‘ingazdan ham bezdim! Sizga xotin kerak bo‘lsa, shu bugunoq o‘zingiz bilan opketasiz. Bolalarniyam! Ishlasam, shaharda ishlayman, gap tamom!
– O‘h-ho‘, chap yoning bilan turganmisan bugun? Muncha shoshilinch?
– Ketaman, dedimmi, ke-ta-man!!!
Sharifjon ham qiziy boshladi.
– Boshda yur dedim, bormading, endi bu qanaqa qiliq?! – Keyin tovushini pastlatib, davom etdi: – Jinday sabr qil, Hafiza, shu bu yil o‘qishimni tugatib olayii, ana undan keyin umrimizning oxirigacha birga bo‘lamiz.
Biroq Hafiza sabr qiladigan holda emasdi.
– Oldin bormagan bo‘lsam, endi ketaman deyapman! Men borsam ham o‘sha zormandangizni o‘qiyverasiz, xalaqit bermayman. Shu safar bizdi opketasiz, dedimmi, opketasiz!
Ancha tortishuvlardan, tushuntiruvlardan so‘ng Sharifjon xotinining talabiga ko‘nishga majbur bo‘ldi. Ota-onasiga: «Mayli, uch-to‘rt kun o‘ynab kelar», dedi. Ular ham rozi bo‘lishdi.
Biroq Hafiza kalta o‘ylaganini shaharda yurganining beshinchi kuniyoq anglab yetdi. O‘z-o‘zidan yuragi siqilaverdi. Shaharda yashab qolmoqchi, o‘sha yerda ishlamoqchi edi… qayoqda?! Avazbek shu yerga ham uni g‘oyibona ta’qib qilib keldi. Shahar-ku Tuyulga ikki qadam, endi dunyoning narigi burchiga qochib borsa ham, undan kutula olmasligani his qilib, Hafiza qishloqdagidan beshbattar iztiroblar chekdi.
Hafta oxirida u eri bilan birga Tuyulga qaytdi…
Shaharda yurganida: «O‘lsam ham, dalaga chiqmayman!» deb qo‘ygan edi, biroq qishloqqa qaytgan kunining ertasigayoq indamay ishga chiqdi. Shaharda yurganida: «Menga desa butun olamga yoysin, sharmandayu sharmisor qilsin, o‘sha sassiq uyiga bormayman!» deb axd qilgan edi, biroq qishloqqa qaytib, dalaga chiqqan kuniyoq buning iloji yo‘qligini angladi. Avaz akayam odam-ku, ja-a unchalikka bormas, deb umidlandi. Hozircha jahlini qo‘zitmay turayin, keyinroq butunlay uzib yuborarman, deb reja tuzdi. Nihoyat, bir kuni tuyqus: «Boraman, agar Avaz aka o‘sha yerda bo‘lsa, demak… peshonamdan ko‘raman!» degan qarorga keldi va oqshom chog‘i dalachilarning ko‘zini shamg‘alat qilib, yo‘lni qishloqqa emas, Oq binoga soldi.
Avazbek yolg‘iz o‘zi o‘tirgan ekan. Pilik chiroq yoqig‘liq.
– Hafiza-a?! – deya gandiraklab o‘rnidan turdi.
Hafiza iloji boricha o‘zini xotirjam, quvnoq ko‘rsatar edi.
– Mana, keldim, – dedi ilgaridagidek muomala yo‘sinida. – Uf, haliyam bijg‘ib o‘tiribsizmi? Kunduz kunlari munda-ay shamollatib qo‘ysangiz, bo‘lmaydimi? – Eshikning zanjirini soldi. Turgan yerida chayqalayotgan Avazbekni chetlab, taxta kalavotga yurdi. – Chiroqni sal ko‘tarib qo‘ysangiz-chi, qorong‘ida hech narsani ko‘rib bo‘lmayapti, – deb o‘zi pilik murvatini buradi. Xona yorishdi. Ichkaridagi holni Hafiza shundagina aniqroq ko‘rdi, bildi.
Taxtakalavot qarshisiga bir quti ko‘ndalang to‘nkarilgan, qutining ustida yarim shishacha bir balo, shisha yonida ikki burdagina non…
– O‘tir, – dedi Avazbek dovdirab.
Birdaniga Hafizaning ruhi tushib ketdi. Kelib bekor qilibman, deb afsuslandi ich-ichida. Ha, o‘lsa ham bu yerga kelmasligi kerak ekan! Bir lahza ichida adoi tamom bo‘ldi. Endi nima qiladi? Chiqib ketsinmi! Qo‘yib yuborarmidi endi Avazbek? Dodlasinmi? Shunisi yetmay turgan edi.
Avazbek shishaning uzun bo‘ynidan g‘ijimlab, o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Qutining ustidan xatlab, Hafizaga yuzma-yuz keldi, pishillab, qo‘lidan tutdi. Hafiza ham g‘ayritabiiy sokinlik bilan tek qo‘yib berdi. Avazbek likillab, valdiray boshladi:
– Bu nima, bilasizmi, jonim? Buni viyno deydilar… Buning bir qultumini ichgan odam to‘ppa-to‘g‘ri osmoni palakka uchadi… Manovi-chi? Buni bilasizmi? Bu popiriska…
Hafiza chinqirib yubordi:
– Bas qiling, Avaz aka! Odam degan ham shunaqa ayniydimi?!
– Hali biz ayniganga chiqdikmi? Hiyq… Mayli, ko‘ramiz… Mayli, biz ayniganmiz, siz opoqsiz… O‘tir, Hafiza, ichamiz! Piyola yo‘q, kecha sindi… Piyolada har qanday ahmoq ham icha oladi… biz tomog‘idan qulqillatib… manavinday qili-i-ib…
Hafiza bir harakat bilan Avazbekning qo‘lidan shishani tortib oldi va burchakdagi taxlog‘liq qutilarning orqasiga irg‘itdi.
– Bo‘ldi, ichmang, Avaz aka! – dedi ham qahr, ham mehr aralash.
Avazbek negadir bunga parvo qilmadi.
– Otaversinlar, jonidan, otaversinlar, – deya enkayib, kalavotning tagidan tag‘in bitta shisha chiqardi. – Otaversinlar… Bizda esa, munaqasidan bir olam…
Hafiza keskin burilib, tashqariga chiqishga chog‘landi. Hozirgina zo‘rg‘a likillab turgan Avazbek bir sakrab, uning yo‘lini to‘sdi va qo‘llari aralash ko‘kragidan quchoqlab oldi.
– Yo‘l bo‘lsin, jonginam? Bugun biz bilan qolmaydilarmi? A?..
– Qo‘yvoring! Men sizni odam deb yursam… – deya Hafiza yulqina boshladi.
Avazbek o‘xshovsiz kuldi.
– Mayli, biz odammasmiz… biz ayniganmiz, mayli… lekin haqimizni tashlab keting, Hafizaxon.
– Qanaqa haq? Qo‘yvoring, deyapman!
– Iya, hali eslaridan chiqdimi? Vox-xo-xo!.. Zakonniy haqimiz bor sizda… zakonniy! – Avazbek Hafizaga kanaday yopishib olgan edi, duch kelgan yeridan tatalay boshladi.
Dunyo Hafizaning ko‘ziga qorong‘i ko‘rinib ketdi.
– O‘lganimda olasiz «haq»ingizni! O‘lganimdayam ololmaysiz! – deya chinqirdi-da, bor kuchini bilaklariga jamlab, Avazbekni itarib yubordi.
Avazbek o‘rtadagi qutini non-poni bilan to‘ntarib, chalqanchasiga kalavotga quladi.
– Sen hali meni uradigan bo‘ldingmi? Sen-a? Men endi senga odamlikdan chiqib qoldimmi? Ishginalarini to‘g‘rilab yurardik, endi puf sassiq ekanmiz-da? He o‘sha sendaqangi…
Qachonlardir kelib Avazbekning og‘zidan shunday haqoratli so‘zlar chiqishi mumkinligi Hafizaning yetti uxlab tushiga kirmagan edi. Quloqlarini bekitayin desa, eshikning zanjirini tushirishi kerak, zanjirni tushiraqolay desa, qo‘llari tarashadek qotgan – bo‘ysunmaydi. Bir yilgina burun qanday edi! Nahot o‘shanda ham shunday o‘ylagan bo‘lsa?! Qani u shirin-shakar so‘zlar? Nahot o‘sha gaplar ham shu og‘izdan chiqqan?! Yo‘q, Hafiza bo‘lak har qanday xo‘rlikka chidaydi, lekin o‘zining eng go‘zal damlariga sherik qilgan odamining bunday haqoratlariga dosh berolmaydi.
Bu xiyonat, o‘taketgan xiyonat!!!
Yuragi zirillab ketdi. Vujudiga qalt-qalt titroq kirdi. Akashak qo‘llarini ming mashaqqat bilan zanjirga cho‘zib, tushirdi. Zanjir shiriq-shiriq etib tebrana boshladi.
– O‘v, menga bir qara-chi, – deya Avazbek Hafizaning orqasidan ko‘ylagiga chang soldi. – Qolmaysanmi?
– Qo‘yvoring!
– Nimangga muncha noz qilasan? Koshki farishta bo‘lsang!
– Bas qiling! Qo‘yvoring, deyapman!
Hafiza eshikning kesakisiga yopishib tashqariga yulqinar, Avazbek uning ketidan changallab ichkariga tortqilar edi.
– Nimaga keldingu endi nimaga ketyapsai? O‘z oyog‘ing bilan kelding… oldin ham zo‘rlab opkelganim yo‘q, o‘zing kelgansan, shundaymi?! Endi nimaga noz qilyapsan? Ho-o, osongina qutulib bo‘psiz… haqimizni berib ketasiz…
Hafiza shartta o‘girilib, tizzasining ko‘zi bilan Avazbekning chotiga tepdi.
– Mana senga! Mana senga «haq»ing! – deb yana tepdi. Avazbek o‘zini o‘nglashga ulgurmay turib, o‘xshatib yana tepdi. – Ol, «haq»ingni, iflos!!!
Avazbek chotini changallaganicha, ikki buklanib ketdi va…
– Uh, jal-lab! – dedi chinqirib. – Jalabligingga bording axiyriyam-a!!!
Hafiza otilib tashqariga chiqdi va to‘xtamay chopib ketaverdi. Qayoqqa chopayotganini bilmaydi. Oyokdarida jon yo‘q, lekin chopyapti. Shu holda u hech qachon to‘xtamaydigandek edi. Yig‘lab yig‘lashini bilmaydi, kulib kulishini. Dalalarda yengilgina shamol izg‘ib qolibdi, shunga qarshi chopaverdi. Boshidan ro‘moli uchib, orqada qolib ketdi ham, to‘xtamadi. Xuddi ortidan Avazbek quvlab kelayotgandek tuyulardi unga. Chopaverdi. Biroq har qancha chopmasin, aylanib-o‘rgilib kelib tag‘in Oq binoning qarshisidan chiqib qolaverdi. Yoki ko‘ziga shunday ko‘rindimikan? Harholda, Oq binoning lang ochiq eshigini aniq ko‘rar, Avazbekning haqoratini aniq eshitar edi… Holdan toyib, dumalab qolgunicha chopdi o‘ziyam…
Ko‘zini ochganida, tepasida tuqqan onasini ko‘rib, hayron bo‘ldi. Yig‘idan onaning mijjalari qizarib ketgan, yuzlari bir ahvolda edi.
– Sizga nima bo‘ldi, aya? – deb so‘radi xavotirlanib. Shunda ona tap etib o‘zini uning ustiga tashladiyu yig‘ini baralla qo‘yib yubordi.
-Tuzukmisan, bolam? Voy bolaginamdan o‘rgilay, tuzukmisan? – derdi u hadeb.
– Menga nima qipti? – dedi Hafiza hali nima gapligiga aqli yetmay. Keyin birdan tusi o‘zgardi. – Men qachon bu yerga kepqoldim, aya? – deb so‘radi onasining yoshli ko‘zlariga javdirab.
– Bilmayman, kizim, bilmayman. Kechagi ahvolingni ko‘rib, o‘lib bo‘ldik… Nima gap, qizim? Ko‘zingga jin ko‘rindimi? Qo‘rqdingmi yo? Shu, dalasida qorong‘iga qolib nima qilarding-a, bolaginam!
Hafiza birdan hammasini esladi. Hovliqib, bolalarini so‘roqlay boshladi.
– Qayerda bo‘lardi, uyingda-da, – dedi onasi. – Hozir opkelib qolishar. Kechasi bilan qaynonang ham tepangda o‘girib chiqdi. Ertalab kelamiz degan edi…
– Aya, men ketaman! – dedi Hafiza taraddudga tushib. Onasining tavallolariga quloq solmadi. Nonushta qip ketarsan, deganiga ham, dadang do‘xtirga ketuvdi, deganiga ham parvo qilmadi.
– Menga do‘xtir kerakmas, soppa-sog‘man!
Onasi: «Iloyim, sog‘ bo‘lgin-a, qizim!» deganicha qoldi.
Shamol kechagidan xiyla kuchayibdi. Hafiza ko‘ylagi ustidan onasining kamzilini kiyib, uyiga jo‘nadi.
Bu kun juma edi. Erta – olamda yagona erining kelar kuni. Hafiza tezroq borib, tayyorgarligani qilishi kerak. Ilgarilari shanba-yakshanbalarni ozmuncha hayajon bilan kutarmidi! Bugun ham o‘shanday hayajon, o‘shanday sog‘inch uni uyga shoshiltirar edi. Hozir borib hovli-joyini tartibga keltiradi, supurib-sidiradi. Rustamjonni ham, Muhabbatini ham cho‘miltiradi, orasta kiyintiradi. Axir, dadajonisiga ularni vo‘jalaq holicha ko‘rsatmaydi-ku?! Bahonada o‘zi ham cho‘milib oladi, badanidan dalaning bir haftalik g‘uborlarini yuvadi. Bo‘yniga, quloqlarining orqasiga xushbo‘y atirdan surkaydi…
Hafiza uyga yetib kelganida shamol ancha-muncha kuchayib qolgan edi.
…Oqshom tusha boshlagan palla ikki oila bir bo‘lib, qishloqning keksa kampirlaridan birini olib, Hafizani dalaga boshlab keldilar, Tuyul bilan Jaloyirning dalalari tutashgan joyga – uzun ketgan tutqatorning o‘rtasiga o‘t yoqib, latta kuydirib, «ajinadan qo‘rqqan» Hafizani alas-alas qildilar, katta yapaloq toshni qo‘ramtada qizdirib, tog‘oradagi suvga soldilar, ustiga Hafizani engashtirib, ko‘rpa yopdilar – bug‘ladilar, nihoyat, tog‘oradagi suvdan unga uch ho‘plam ichirdilar, ko‘kragini ochtirib turib, sepdilar, har ehtimolga qarshi o‘zlari ham o‘sha suvdan ichdilar. Hafizaning yuziga sal-pal rang kirgandek bo‘ldi. Ko‘ngillar tinchib, o‘ziga xos bu kichikkina marosim qatnashchilari uy-uylariga qaytdilar…
Shamol kuchaygandan-kuchayib boraverdi.
Kechki ovqatdan keyin Hafiza ko‘ngliga tugib qo‘ygan ishlarni bajardi: kir yuvdi, bolalarini cho‘miltirdi, o‘zi ham cho‘mildi, shirin alla aytib, qo‘zichoqparini uxlatdi. Rustamjoni birpasda pish-pishlab uxlab qoldi, Muhabbati esa, «dad-da, dad-da» deya-deya anchagacha uxlamadi. Beshikni tebratib, yana alla aytganidan keyingina oromga ketdi. Nihoyat, Hafiza o‘ziga qaraydigan fursat ham keldi.
Vaqt allamahal bo‘lib qolgan, tashqarida shamol hamon guvillar edi..
Hafiza javon tepasidan atir-upa turadigan jajjigina qutichani olib ochdi-da, toshoyna qarshisiga turdi…
Evohkim, ko‘zgudan unga mutlaqo begona bir juvon mo‘ltirab qarab turar edi.
Shuv etib yodiga kechagi voqealar tushdi. Oq bino.. vino… Qo‘lansa hid… Avazning mast basharasi… va haqoratli so‘z…
Hafizaning quloqlari shang‘illab ketdi. Miyasi shishib, boshi tars yorilay derdi.
Ko‘zgudan hamon begona bir juvon unga tikilib turar, ajab, hov orqaroqda kimdir (Sharifjonmi? Avazbekmi?) ortga o‘girilmay, shitob bilan ketib borardi. Hafizaning ko‘zlari chars ochildi. Xayoliga: «Endi Sharif akam menga nomahram, endi men Sharif akamga begonaman», degan o‘y keldi va…
…qutichani zarb bilan toshoynaga urdi. Oyna ham, quticha ham sinmadi, lekin ichidagi lash-lush xona bo‘ylab har tomonga sochildi. Uy ichini upa-elikning isi tutib ketdi. Bir zumda karaxt bo‘lib qolgan Hafiza shalvirab, gilamga cho‘nqaydi…
Bu olamda uning yakkayu yagona sirdosh dugonasi – chegara bilmas o‘y-xayollarga burkanib yurguvchi yana bir hafizasi bo‘lardi. Shunday paytda o‘sha dugonasi ham gung, soqovga aylangandek edi. Hafiza zo‘r berib u bilan tillashishga urindi. Bo‘lmadi. Nimadandir ilinj-umidda unga quloq soldi. Hech bir sado yo‘q. O‘zi nimanidir so‘ramoqchi bo‘ldi. Tili aylanmadi. Shunda birdan, bu olamda yakkayu yagona sirdoshi ham uni tark etganini fahmlab qoldi. Va ovozining boricha… kulib yubordi.
Tungi kulgidan uy ichi jaranglab ketdi. Beshikdagi Muhabbat cho‘chib tushdimi, piqillay boshladi.
Hafiza kulgidan to‘xtab, toshoynaga yana bir necha muddat qarab turaverdi. So‘ng indamay orqasiga qayrilib, dahlizga chiqdi. U yerdan ayvonga o‘tdi. Beshikdagi Muhabbat sekin-asta avjga minaverdi.
Hafiza qaytmadi. Bo‘m-bo‘sh boshida Avazbekdan eshitgani haqoratli so‘z hamda o‘zining boyagi dil iqrorigina huvillab charh urar edi: «Endi Sharif akam menga nomahram, endi men Sharif akamga begonaman!»
Shamol hamon tinmay guvillar, qorongu tunda allanimalarni uchirib o‘ynar edi. Hafizaning ko‘ylaklari shamolda tovush chiqarib pirpiraydi, qopqora tun misol qopqora sochlari yoyilib, to‘rt tarafga yulqinadi.
Beshikdagi Muhabbat big‘illab yig‘lay boshladi.
Hafiza ortiga qaytmadi. Chorvoq eshigini ochib, dalaga chiqdi. Eshik taraqpab yopildi.
Dalada shamol hovlidagidan ham kuchli ekan: buralib-buralib, chiyillab– chiyillab, Hafizani allaqayoqlarga surgalab ketaverdi.
Qizchasi beshikda big‘illab-big‘illab qolaverdi.
Korong‘u tunda to‘rt taraf oxiri yo‘q yo‘ldek edi: Hafiza sochlari to‘zg‘ib, ko‘ylaklari pirpirab, boshi oqqan tomonga ketaverdi.
Guvillagan shamol tinimsiz yig‘layverdi, Hafiza o‘zini shamolning erkiga berib ketaverdi. Endi uning bo‘m-bo‘sh boshida Avazbekdan eshitgani haqoratli so‘zu o‘zining boyagina qilgan dil iqrori bilan birga, beshikda chirqillab qolgan Muhabbatining faryodi ham qo‘shilishib g‘uvillar edi.
Shamol esa, bu ko‘hna dunyoni zir-zir titratib, big‘illab-big‘illab yig‘layverdi…

***

Ziyrak o‘quvchilarimiz norozilanmasinlar deb keyingi ayrim tafsilotlardan ularni qisqacha xabardor etib qo‘yishni lozim topdim.
Sharifjon politexnika institutini bitirib, etagini silkib, uzoq Sibir viloyatlaridan biriga ishga jo‘nab ketdi. Qo‘shni qishloqdagi Sunnatilla birgadga: «Men endi butunlayga ketyapman», debdi.
Avazbek «taraktirning dastagi tepgan» joyini davolatib chiqqach, ichkilikni tag-tomiri bilan tashladi. Xotini bilan ham yarashdi. Ular hozir Qarshi cho‘lining yangi o‘zlashgan joylaridan birida istiqomat qilishadi. Farzandlari to‘rtta bo‘ldi, to‘ng‘ichi bu yil maktabga bordi.
Hafiza esa…
Keling, Hafiza haqida indamay qo‘yaqolay. Shunchasini aytdim, shunisini aytmaslikka ijozat bo‘lar, axir?..

1986

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.