OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

O‘ktam Mirzayor. Yamoq (hajviya)

Nozimxon to‘ra uch sotixli hovlisining devoriga peshonasi urilishidan qo‘rqqandek o‘rtada turib, choyxona hidi unniqqan, yog‘ va terdan yaltirab ketgan kallapo‘shini boshidan olib, kurakday kaftiga bir-ikki urdi-da, qayta kiydi. «Xo‘sh», – dedi u. So‘ng otasi qachonlardir dumbasi tog‘araday-tog‘araday qo‘y boqa¬digan, endilikda ro‘zg‘orning lash-lushlari qalashib yotgan bostirma tagiga bordi. Ko‘ngli choyxonani tusab turibdi-yu, kirib borishiga bahona yo‘q. Borsa, uch-to‘rtta bekorchiga yem bo‘ladi. 
Xayol surgancha bosh qashlarkan, ranggi to‘q qizil, bo‘yalaverganidan palaxsa-palaxsa bo‘lib ketgan buyumga ko‘zi tushdi. Qiziqsinib ustidagi doiraning qosnog‘ini, yirtiq g‘alvir, xom teridan to‘qilgan chig‘ilni, bog‘lam-bog‘lam qog‘oz¬ni bir-bir chetga olib, qarasaki, Shokir kosibdan qolgan etikdo‘zlik dastgohi ekan. Qopqog‘iga eski qoplama qulf ilingan. Bus-butun.  
Shokir buva otasining qadrdoni edi. U dastgohini guzardagi tut ostiga o‘rnatib, ertadan kechgacha kosibchilik qilardi. Nozim o‘shanda olti yoki yetti yoshlarda edi chamasi, aniq eslaydi – dastgohdan o‘ng tomondan tik dasturxon to‘shalgan sandaldagi likopchada o‘n-o‘n besh dona uvitilgan turshak, bir hovuch parvarda, ko‘k choy damlangan turardi. Bolalar bilan o‘ynab, yutoqib kelgan Nozim so‘zsiz-so‘roqsiz turshaklardan istagancha yeb, muzday ko‘k choyni simirib mazza qilardi. Shokir buva uni urishmas, aksincha yalangoyoq, qorni gumbazday Nozimni bag‘riga bosib, «Bo‘ylaringdan aylanay, Nozimxon to‘ram», – deb boshini silab qo‘yardi. Nozimning birvarakay ham xon, ham to‘raligi shundan.
Shokir buvaning farzandi yo‘q edi. Xotini bo‘lgan-bo‘lmaganini Nozim eslay olmaydi. U olamdan o‘tgach, Nozimning otasi – Sherim buva etikdo‘zlik qilmasa ham qadrdonidan qolgan birgina shu merosni tashlab yubormadi.
Aytishlaricha, Sherim buva yaxshigina qo‘shiq aytardi. Dutor chertib, tebranib o‘tirar, Shokir buva esa unga doirada jo‘r bo‘lardi. Ko‘ngil-da! Ikki ulfat havas uchun qilgan xonishlarni nafaqat choyxonachilar, balki, yo‘lovchilar ham bir dam to‘xtab, tinglashar edi. 
Nozim ba’zan-ba’zan buvalariga o‘xshagisi kelib, torgina hovlisini boshiga ko‘tarib, radio-televizorlarda eshitgan qo‘shiqlarini vang qo‘yib yuborar edi. 
Topar-tutari nochorroq bo‘lishiga qaramay, «Elning oshini yeganman, eldan qarzim bor», deb mard keladigan, or-nomusli odamlar to‘y qilsa, nahori oshni o‘tkazib berish uchun Nozimxon to‘rani hofiz sifatida taklif qilib turishardi. Shunday kezlardagina egni yangi kiyim ko‘radi. San’atkor ahli kiyadigan yaltiroq kostyum-shim. Oq kuylak. Boshda nosnusxa duxoba do‘ppi. Ammo, bo‘yinbog‘ bog‘lamaydi. Hazil aralash sha’ma qilsangiz, «U darajaga yetganimiz yo‘q», – deydi iljayib.
Novcha bo‘yli Nozimxonning to‘yni o‘tkazib qaytishi maroqli: qo‘ltig‘ida tor g‘ilofi, chap qo‘lida to‘yxonadan berilgan risq-nasiba solingan tuguncha. O‘ng qo‘li mahalladoshlari bilan so‘rashish uchun hamisha bo‘sh bo‘ladi. Torgina ko‘chani to‘ldirib, o‘ng qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, bir-bir qadam bosib, kerilib kelaveradi. Uchragan odam bilan uzoq va batafsil so‘rashadi. «Xush ko‘rdik, xush ko‘rdik», – deydi qalin lablarini mehr bilan cho‘chchaytirib. Kattaroqlar uchramasa, bolalarni ham to‘xtatib ota-onasi, buvi-buvakalonlarining holini ham bir-bir so‘rab chiqadi. Mahalladoshlarining ko‘ziga biram yoqimli, biram odamoxun bo‘lib ko‘rinadiki, boshi ko‘klarga yetadi. Ammo, unday kunlar hamisha ham bo‘lavermaydi-da!
Nozimxon to‘ra bo‘sh qolsa tanish-bilishlar «bir juft eshitaylik», – deb choyxonaga sudrashardi. Kunda-shunda ulfatlar qo‘shiq tinglab zavqlanganda yag‘iri chiqqan do‘ppisiga uch-to‘rt so‘m qistirib xursand qilishadi. Ishqilib kuni o‘tib turadi...  
Nozimxon to‘ra dastgohni yorug‘roq joyga olib chiqib, shu atrofda yotgan latta-putta bilan changini artdi. Hatto suvi qishin-yozin oqib yotadigan bukri jumrak yoniga borib, lattani namlab keldi-da, hafsala bilan dastgohni qayta-qayta artdi. Qoplama qulfning teshigiga mix tiqib ochdi. Shu dam hayajonli pishillashi qo‘shnilarga ham eshitilgan bo‘lsa ajab emas. 
Dastgoh qopqog‘ining ichki tomoniga turli-tuman asbob-uskunalar tartib bilan terilgan edi. Ular echki charmidan burib-burib hafsala bilan yasalgan g‘iloflarga tikilgan bo‘lib, ustiga yog‘, bo‘yoq, dog‘ tekkan, shuncha yil o‘tgan bo‘lsa-da, yelim so‘rg‘ichning tanish hidi anqib turgan latta yopilgan. Shokir buva ishlayotganda shu lattani tizzasiga to‘shardi. 
Dastgohga tikilib o‘tirib xayolga berilgan Nozimxon to‘raning fikri yorishdi. Ana, Shokir buva do‘kon qurib o‘tiradigan tutning osti o‘t bosib, huvillab yotibdi. Har gal o‘tganda bolaligi esiga tushib, yuragi hapriqib ketadi. Shu tut atrofini obod qilib, Shokir buva kasbini davom ettiradi. Har holda birovning qo‘liga qaragandan ko‘ra, shu ma’qul emasmi? O‘zi diqqinafas choyxona joniga teguvdi. Ichkilik, g‘ala-g‘ovur, qiy-chuv. Shirakayf ulfatlar «yana bitta bo‘lsin»lashib joningga to‘ydirib yuboradi....   
  Shokir buvaning poyabzal yamashlarini ko‘raverib ko‘zi pishib ketgani bois qo‘li tez o‘rgandi. Uchinchi kuni mahalladosh o‘qituvchi Nurmat domla bozor sumkasini to‘ldirib xotin, bola-chaqalarining oyoq kiyimlarini tashlab ketdi. «Bir haftadan keyin kelasiz», – deganiga qaramay kun o‘tkazib, ayni peshinda yana hozir bo‘ldi. 
– Shu ishni yaxshi boshlabsiz, endi aybga buyurmaysiz, tufligimning osti teshilib, behuzur qilib yubordi. Shuni...
– Hechqisi yo‘q. Endi biroz kutasiz, taqsir. Dars-pars yo‘qmidi ishqilib?
– Ozodmiz, bugun.
– Shu deyman, hozirgi bolalarning ichi tor, darsda o‘tiraverib, zerikib ketishsa kerak-a? Shularning kallasiga biror narsa kirayapti, deb o‘ylaysizmi domla?!
– Ilm beriladi. Olish ularning ishi... Menga qarang, usta, o‘zingiz o‘quvchi bo‘lmaganmisiz? 
– Bo‘lganman, hamma qatori, borib yurganman-da, bu yog‘i tirikchilik deganday.
– Ha, shu tirikchilik o‘lsin-da! Hamma aybga tirikchilik qopqoq. O‘zi ham shunday deyishingizni bilardim.
– Sabab? – Nozimxon to‘ra poyabzal taglashdan to‘xtab, domlaning yuziga ajabsinib tikildi.
– Xafa bo‘lmasangiz aytaman.
– Ey, hali xafayam qilasizmi? 
– Xo‘sh, – dedi Nurmat domla bir dam ustaning qo‘l harakatlariga tikilib, tabassum bilan. Savodingiz haminqadar: birinchidan, ona tilidan nolsiz, ikkinchidan talaffuz umuman yo‘q. Qo‘shiqni buzib aytasiz...
– Ey, domla, dardingiz ichingizda ekanku-a?! Qo‘shiqlarimni shuncha odam tushunmaganidan qiyqirib eshitishar ekanda-a?! 
Nozimxon to‘ra ishini yig‘ishtirib yoniga qo‘ydi. O‘ng qo‘lidagi bigizni changallab, tizzasini likillata boshladi. Nurmat domla ustaning avzoyini ko‘rib, da’fatan hamla qilib, bigizini tiqib olmasin, deb kursichasini orqaroqqa surdi.
– Aytdim-ku xafa bo‘lasiz deb.
– Xafa bo‘lgan nomard! Qani aytingchi, qo‘shiqlarimning nimasi yoqmaydi-a?! Aybimni bilib qo‘yganim yaxshi-da! 
– Og‘rinmang hofiz, og‘rinmang, Xudoyim sizga yaxshigina ovoz bergan. Ammo saviyadan ham biroz berganda edi... oh,...oh,...oh,...
– A?! – Nozimxon to‘ra o‘yga cho‘mdi. – Taviyani bilardim, otam rahmatli oyimni taviya der edilar, saviya nimasi? Ko‘rinishimmi? Xudoga shukur, yaxshiroq kiyinsam, anavi afti bujmaygan artistlaringizdan ko‘rkamroq ko‘rinaman.
– Saviya butunlay boshqa narsa, usta, savlatingiz mixday, – dedi Nurmat domla bosh barmog‘ini ko‘rsatib. – Saviya esa did bilan bog‘liq. Did esa faro¬satning hosilasi...
– Menga qarang, domla chaynalmasdan gapni lo‘nda qilavering. Bo‘lmasa yalangoyoq qolasiz. 
– Xafa bo‘lmang-da, endi, aytdim qo‘ydim-da. Vaqtida andakkina bilim olganingizda, hozir kim biladi, balki, katta hofiz bo‘larmidingiz... 
– Xudoga shukur, hozir ham hech kimdan kam emasman. Ostonamga iltimos qilib keladiganlar bor. Unchayam savodsiz emasman, domla! Obro‘yim chakki emas. Ming qo‘ylining bir qo‘yliga ishi tushadi, deganlaridek, mana, o‘zingizday odam ham qarshimda yalangoyoq o‘tiribsiz-ku.
– Ha, endi to‘g‘ri, hamma o‘qimishli bo‘lib ketsa, kovushni kim tikadi?
– Gapni aylantirmang, domla. Qo‘shiqlarimning nimasi yoqmaydi sizga o‘zi-a? Aytavering...
– Xafa bo‘lyapsiz-ku!
– Xafa bo‘lgan nomard dedim-ku! Bo‘ldi-da endi. Siz aytmasangiz kim aytadi. Kamchiligim bo‘lsa tuzatarman. Yana rostdan ham elga kulgi bo‘lib yurgan bo‘lmay.
– Ana bu boshqa gap. Har holda men tilchiman, birov gapirganida talaffuziga e’tibor beraman. Endi hali aytganingizday, elga kulgi bo‘lmang deyman-da. Xullas gap bunday, «Samarqandga borsam men agar» bor-ku, o‘shani sekin, xirgoyi qilaverasiz, men xatosini topib aytaman. Ma’qulmi?
Nozimxon to‘ra bosh irg‘adi-da, angishvonadek bolg‘achasini hozirgina bostirilgan poyabzalning tagligiga xirgoyiga mos tarzda to‘q-to‘q urib kuylay boshladi:
  
...Samarqandga borsam men agar, 
Ulug‘bekni ko‘rmay qaytmayman,
U qon yig‘lab turar har sahar,
Men dardimni kimga aytaman...

Nurmat domla qorachadan kelgan qoq suyak edi. Kirtayib ich-ichiga cho‘kib ketgan ko‘zlarini yumganicha qo‘shiqni tinglay boshladi. Boshini o‘ng tomonga sal egib, batamom shaydo bo‘ldi. Biroq qoshlari qabog‘ini berkitdi. 
.... Qancha ohu yutmagan edim...

Nurmat domla birdan qulochini yozib qichqirdi. 
– Agar savodingiz bo‘lganda «ohu» bilan «og‘u»ning farqiga borardingiz. Shoir «Qancha og‘u yutmagan edim...», deb yozgan. Siz esa «Qancha ohu yutmagan edim», deb shunday go‘zal qo‘shiqni rasvo qilyapsiz. Shoir akamiz bobokolonimiz Ulug‘bek hazratlari tilidan o‘g‘li Abdulatifga «Qancha zahar totmagan edim, kamiga sen ham hayotimni barbod qilyapsan», demoqchi bildingizmi? 
– Menga qarang, domla, mana tuflingiz, – Nozimxon to‘ra bir poyi taglangan tuflini domlaning oldiga ilkis otib yubordi. – Yalinsangiz ham unisini yamamayman, borb toshingizni tering!
Nurmat domla tuflisini olib, tovoni yirtilgan paypog‘ini qoqib, inqillab oyog‘iga ildi.
– Menga qarang, hofiz, to‘g‘risini aytsam, nega jahlingiz chiqadi-a? Aybingizni tan oling-da endi! Aslida-ku sizdan taniqliroqlari ham avliyo emas. Bittasi o‘zi ayol bo‘la turib, «Larzoningga qurbon o‘lam» deb hangraydi. Usta, o‘zingiz xafa bo‘lgan nomard devdingiz-ku! Bunisiniyam yamab bering. Xudo haqi, qo‘lingiz gul ekan. – Nurmat domla oyog‘idagi tuflisini u yoq-bu yoqqa burib ko‘rsatdi. – Likillab yuramanmi, bolalarga masxara bo‘lib?!
Nozimxon to‘ra qo‘lidagi bolg‘achasini mahkam siqimlagancha anqovlanib domlaga tikildi. Biroz shu alfozda turgach, yumshoq jilmaydi.
– Kiyik deng?
– Ha, shunday. 
– Vaho-ho-ho, – birdan kulib yubordi Nozimxon to‘ra, – vaho-ho-ho, vaho-vaho... – So‘ng kulgidan to‘xtab mushtini tishlarkan, kulgidan kipriklari namlandi. – Obbo, shu paytgacha ancha kiyikni yutub yuboribmiz-da-a?!
– Endi qorningiz to‘ygandir? – Nurmat domla baroq qoshlarini kerib kesatdi. 
– A-a, labbay?
 Nozimxon to‘ra qizarib-bo‘zarib ketgan edi.
– Yo, yo, siz rostdan ham xafa bo‘ldingiz,chog‘i. Sizga qo‘shiq aytmang deyayotganim yo‘q-ku. Ayting, ayting binoyiday ovozingiz bor, faqat bilib, so‘zlarni his qilib ayting-da, taqsir. 
Nozimxon to‘ra, birdan jiddiy tortib, qo‘lini domla tomon cho‘zib, ikkinchi poyafzalga ishora qildi. Nurmat domla darhol poyabzalini yechdi. 
Nozimxon to‘ra uriniqib ketgan tuflining u yoq-bu yog‘ini soqolga o‘xshash cho‘tka bilan tozalab, tagligiga o‘tkir hidli yelim surdi. Yelim qurigach, charm bosib, angishvonaday bolg‘achasi bilan taglik atrofiga to‘qqillatib urib chiqdi va yon tomonlarini charxga tutib silliqladi.... 
– Salomat bo‘ling, – dedi Nozimxon to‘ra, bu gal poyabzalni domlaning qo‘liga tutqazib. – Kelib turing. 
Nurmat domla tortishuv sababli o‘zini noqulay sezayotgan edi. Yonidan ikki ming so‘m olib uzatdi. Nozimxon to‘ra pulga qaramay qo‘lini qaytardi:
– Bunisi sizga gonoreya.
Nurmat domla boshini chayqab kuldi:
– Gonoreyamas, usta Nozim, gonorar. 
– Gonoreyami, gonorarmi, qaydan bilay, shunday deb eshitganman-da? Xullas, puli to‘langan hisob. 
– Rozimisiz?
– Roziman, roziman. 
Nozimxon to‘ra gap tamom, degandek, qo‘liga boshqa poyabzallarni bir-bir olib, o‘z ishiga moyil bo‘ldi. 
Nurmat domla uning harakatlarini bir muddat kuzatib turdi-da, yangidek tovlanayotgan tuflisini bir-bir bosib, u yoq-bu yog‘iga qarab: «Rahmat-rahmat, usta baribir ustada-a?!» – deganicha uzoqlashdi...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.