OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

O‘ktam Mirzayor. Zavol (hikoya)

1

Qishloqda eri haqida urchib qolgan uzunquloq gap­lar yodiga tushdi deguncha Xadicha tutaqa boshlaydi. “O‘z ko‘zim bilan ko‘rsaydim juvonmargni...” Uni jilovlab turgan istihola mana shu. Ammo... shu kunlarda xayolida eri bilan o‘sha noma’lum ayolning turli holatlarda namoyon bo‘layotgan akslarini o‘ngida ko‘rishdan qo‘rqib, kunlarni o‘tkazayapti. Tubsiz jarga tushib ketganday. Kimga nima deyishini bilmaydi. Dardlashadigan opa-singlisi yo‘q. Aka-ukalaridan iymanadi. Ota-onasi tirik bo‘lgandaydi.... O‘ylab-o‘ylab, axiyri ko‘nglida yana o‘sha ilimiliq ilinj paydo bo‘ladi: “Artist zotining bari shu-ku, malomatga qolmagan kuni yo‘q.” Buni eri ham ko‘p gapiradi:
– Ishonma, menga sendan boshqasi kerak emas, – deydi.
– Sizga ishonmayman, – deydi Xadicha o‘kingan bo‘­lib.
– Ishonmasang ishonma, o‘zingga qiyin...
Ammo bu taskin hozir Xadichaning nimtalanib borayotgan ko‘kayiga malham bo‘lolmaydi. Ko‘ngil azobi shu darajada zo‘raymoqdaki, ortiqcha bardoshi yo‘q. Erining zarda bilan: “Topgan gaping yana shu bo‘ldimi?” deb chaqchayishidan qo‘rqib, tishini tishiga qo‘yib tong­larni ottirmoqda.
Eri – Abduolim, bo‘ychangina, oqmag‘izdan kelgan, qoraqosh, qorako‘z yigit. Tabassumi mo‘ylabining uchiga ilinib, yuzini bezab turadi. Sho‘x, o‘ynoqi ko‘zlari joduli. Traktorini tirillatib, dala-dashtda xirgoyi qilib yurardi. Ovozi juda yoqimli edi. Ular o‘rtasidagi munosabatni ko‘rgan bo‘yinsalari Abduolimga “Raj Kapur” deb laqab qo‘yib olishgan. Xipchabel Xadicha dala boshida ko‘rindimi, Abduolim qo‘shig‘ini vang qo‘yar, mu­habbatini eldan yashirib o‘tirmas edi. Buning sababi bor edi. Bir kuni tushlik payti dala shiyponidagi ichki xonada xotin-qizlar davra qurib qo‘shiq aytib, raqsga tushishayotgandi. Qorachadan kelgan, hind qizlariga monand Xadichani qo‘yarda-qo‘ymay o‘rtaga tortishdi. Gashti kelgan chog‘i u ham ko‘p kuttirmay ro‘mol bog‘langan belini hindchasiga liqillatib, kipriklarini pirpiratib, xinoli, ingichka panjalarini kerib, kulcha yuzi uzra chiroyli aylantirib: “Rubchiki danna, rubchiki danna, daniy upir danna, rubchiki danna” deya ishva bilan raqs boshladi. Abduolim boshqalar qatori derazadan mo‘ralab turardi. Bo‘yinsalari uni turtkiladi. Bir payt Abduolimning ham zavqi toshib, eshikdan ichkariga o‘zini urdi: “Do‘st, do‘sti naraxa, piyar, piyar naraxa” deya tovoni bilan yer tepib, o‘ynoqlab turgan Xadichaning qarshisida qulochini yoyib, cho‘kkaladi. Bo‘ldi qiyqiriq, bo‘ldi qiyqiriq...
Ularning “hindcha” muhabbati og‘izlarda shunday doston edi. Bo‘y qizlar Xadichaga havas qilar, uning atrofidan jilmas, boshqalardan qizg‘anishardi. To‘y­lari ham bir olam zavqu shavq bilan o‘tgan.
Birovlar ko‘z tekkan deyishadi. Yetgan og‘iz borki, ular haqida eshitganini chaynaydi. O‘zlaricha bichib-to‘qishadi. Xullas, mana shunday pokiza muhabbat qo‘r­g‘oniga o‘t tushib turibdi.
Ko‘ngilning tizginsiz mayli alal-oqibat vayrona qalblarni butunlay qayg‘u komiga g‘arq eta boshladi.
Abduolim yoshi o‘ttizni qoralaganda ikki tayinsiz otarchi bolaning “ustoz bo‘ling, ovozingizni odamlar yaxshi ko‘radi, bizga bosh bo‘ling”, degan xushomadlariga uchib, shu ko‘yga tushdi. Balki, shuhrat istab, o‘zining ham ko‘ngli hurillagandir. Bir-ikki marta “ionika-pionika” degan dang‘ir-dung‘urlarning havosini olgach, tuppa-tuzuk artistga aylandi.
Har to‘ydan eri olib keladigan changal-changal pul avval Xadichaning ko‘nglini chog‘, dasturxonini obod qildi. Keyin esa... ikki yil o‘tar-o‘tmas, hayoti ostin-ustun bo‘ldi. Ko‘ngil notinch. Abduolimning borgan sari tajanglashishiga qaraganda, gap-so‘zlar chinga o‘xshaydi.
Xadicha bugun qishloqda eri qo‘shiq aytadigan to‘yga boradi. To‘y xabarini eshitganidan beri yuragining bir cheti jizillaydi. Bormay desa, qishloqchilik, boray desa, o‘sha juvonmarg o‘yinchining eri aytgan ashulaga muqom qilib, o‘rtada qilpillashiga dosh berishi kerak. Hammaga kalaka bo‘lishdan cho‘chiydi.
Ikki xayol o‘rtasida kunni kech qildi.
Hamsoyasi Gulchehraning:
– Xadichayov, bo‘laqol, to‘yga kech qolamiz, – deganini eshitib, eri tug‘ilgan kunida sovg‘a qilgan ko‘ylagi bilan ro‘molini qo‘liga olganini bilmay qoldi.
O‘ziga oro berish ko‘ngliga ham sig‘madi. Kiyinib chiqdi.
Chap qopqasi bir tomonga osilib qolgan temir darvozaga suyanib, “qars-qurs” saqich chaynayotgan, ko‘­ziga surmani beo‘xshov surtgan qo‘shnisi bilan naridan beri so‘rashib, yo‘lga tushishdi. Ko‘chaning boshida ularga yana ikki juvon qo‘shildi. Daxlsiz gap-so‘zlar, hingir-hingirlar Xadichaning qulog‘iga kirmasdi. Qadamini “bossammi-bosmasammi” deb ularning ketidan gangibgina ketaverdi. To‘yxonaga yaqinlashgan sari oyoqlari zilday og‘irlashdi, ortda qola boshladi. Hamrohlar buni sezmadi. Devor yoqalab boraverdi. Ko‘ngilning sezgirligini qarang, xuddi ataylaganday, sinamoqchiday... kelib, kelib, to‘yxonaga yetay deb qol­ganida qo‘shni hovlidagi uyning yog‘du tushib turgan, qiya ochiq derazasidan daf’atan ko‘rdi: ichkarida kuyovlarday bashang eri, lo‘labolishni qo‘ltiqlab, yonboshlagan ko‘yi, yaltir-yulturga belangan o‘yinchi qiz uzatib turgan piyolani olayotgan ekan. Aftidan to‘y egasi ashulachilar uchun shu xonadonga qo‘noq bergan. Ichkaridagi g‘o‘ng‘irlashlarga qaraganda shotirlariyam shu atrofda. Eri xursand, Xadichani asir etgan o‘sha qop-qora mo‘ylabining uchiga ilingan mayin tabassumi uning yuziga yanada mamnuniyat bag‘ishlagan. Shu turishda Abduolim xonu, raqqosa – kanizak.
Xadichani chaqmoq urganday bo‘ldi. “O‘z ko‘zim bilan ko‘rsaydim...” Fikridan o‘tgani shu edi. Tovonigacha qizib ketdi. Shu dam: “Mana, ko‘rding-ku” degan shaytoniy qutqu oxirgi marta dilini kesib o‘tdi. Azobiga chiday olmadi. Ichkariga kirish uchun hovli darvozasini izlab, u yondan bu yonga o‘zini urdi. Ko‘ziga hech narsa ko‘rinmas, qulog‘i batang edi. Hovliga kirishning ilojini qilolmagach, o‘zini derazaga urishni afzal bildi. Go‘yo shunday qilsa, Abduolimning qarshisida tezroq paydo bo‘ladiganday. Ammo, adashgandi. Deraza panjarali edi. Alam qilganidan xunuk, umrida o‘zi ham eshitmagan ovoz bilan boricha chinqirdi:
– Ol, jonimni o-o-l, chidayolmay-man, chidayol may man, ishonma, devding-ku-u-u, ishonmayman, ishonmayman...
Endigina to‘yxona eshigiga rov bo‘lgan Gulchehra bir tinib o‘chgan shovqindan qalqib ketdi. Ortiga qa­raboq, gap nimadaligini bildi. Kela solib, peshonasini deraza panjarasiga tirab, ixrayotgan Xadichaning qo‘ltig‘idan olib orqaga tortdi. Xadicha uning bag‘riga o‘zini holsiz tashladi.
– Bo‘ldi, bo‘ldi, o‘zingni bos, eringni isnodga qo‘y­ma.
– Ch i d a yo l m a y m a n...
Abduolimning bir imosi bilan atrofda to‘p­langan bola-chaqa tirqirab ketdi. Gulchehra Xadicha tomon xezlanib kelayotgan Abduolimning yo‘lini to‘sdi.
– Bo‘ldi, bo‘ldi, siz ham o‘zingizni bosing, birovning to‘yi buziladi, jim-jim...
– Uyga qayt, qorangni ko‘rmayin... – og‘zidan tupuk­lari sachrab ketdi Abduolimning.
Gulchehra dir-dir titrayotgan Xadichani qo‘ltiq­lab, aldab-suldab ortga sudradi.
– Esing joyidami, dugon, birovning to‘yi bu­zi­la­di-ya, bitta senda er bormi?
Xadicha aftodahol edi. Bir cho‘qishda pati to‘zigan tovuqday hurpayib, Gulchehraning yetovida uyiga qayt­di. Janjalning boshi shu bo‘ldi.
        
2

– Q o ch i n g, q o ch i n g deyapman, qo-ch-ing...
Narzi cho‘tir daf’atan o‘z yoqasidan olgan o‘g‘lining chakka mushaklari pirpirab turgan yuziga, ola-kula bo‘lib ketgan ko‘ziga qarab qo‘rqib ketdi. Shu paytgacha uning yoqasini hech kim bunday tutmagandi. U o‘g‘lining chaqchaygan ko‘ziga ko‘zi tushganida bo‘shashib ketdi. Soch tolalari-yu, oyog‘ining tirnoqlarigacha – bor vujudidan alangaga o‘xshash bir nima “lop” etib chiqib ketganini yaqqol sezdi. Bir zumda loshida titroq turdi. Ich-ichidan kelayotgan qaltiroq kuchayib, gavdasiga yoyildi. “Shilq”, etib o‘g‘lining oyoqlari ostida o‘tirib qoldi. G‘o‘ldirab: “astag‘firulloh, astag‘firulloh, astag‘firulloh”, deyoldi xolos. Cho‘tirning yuragi o‘y­nar, nobakor o‘g‘lining omburday qo‘llaridan yoqa­sini bo‘shatishga urinib, han­­sirardi.
– Unday qilma, bolam, unday qilma... – holsiz ota­ning og‘zidan chiqayotgan tahlikali shu so‘zni johillik otiga mingan o‘g‘il eshitmasdi...
Bilasiz, qishloqda gap turmaydi. Ko‘rganlar, eshit­ganlar ham bo‘lib o‘tgan voqeani ichiga yutib yubora qolmadi. Qaytanga qo‘shib-chatildi.
“Abduolim otasini bo‘g‘ib uribdi” degan gap har kimning og‘zida saqich bo‘ldi.
Narzi cho‘tir bundan olti yil burun bir kechada gumbazday xotinidan ayrilib qolganida ham bunday chorasiz holga tushmagandi. Qizidan ham, kuyov boladan ham ko‘ngli to‘q, el orasida bekamgina yashayotgandi. Ammo, soqoli iyagiga bitgan yakka-yu yolg‘iz o‘g‘lining aynigani chatoq bo‘ldi. Ko‘ngli og‘rigan bo‘lsa-da, qarg‘anmadi. Xudoga yukundi, nolimadi. “O‘zing asra, ilohim”, – deb yolvordi. – Shu nobakorni O‘zing asra, Xudoyim, O‘zing asra! Erta-yu kech so‘ragani shu. Kim ham gulday bolasiga ziyon yetishini istaydi?
Cho‘tir shu ko‘yi bir-ikki kun xonasida muk tushib yotdi. Bor dardini ichiga yutdi. Eldan uyaldi. Yoshi bir joyga borganida bunday isnodni ko‘tarib yurishning o‘zi bo‘ladimi? Bechora bir necha kunda munkayib qoldi. Nimaga ham bordi o‘sha badbaxtning yoniga. Har kungi “g‘idi-g‘idi”si edi. Ikkovining orasida zorillab turgan to‘qliday ikki o‘g‘liga ham rahmi kelmadi-ya, chala so‘yilgan ho‘kizday xirxirab, ertalabdan xotinini hovli aylantirib quvavergach, ori kelib, kelinining himoyasiga otlanuvdi.
Abduolim alamini otasidan oldi. Urib-ku, urganiyam yo‘qku-ya, «siz aralashmang», deb nari surib qo‘ymoqchi bo‘lgandi xolos, g‘azabga to‘lgan vujud, bebosh qo‘l otasining yoqasiga borib qolganini sezganida esa kech edi. Mastligidan harakatlari ilkisroq chiqdi. Qilgan ishini anglab-anglamay, garangsib, poyida ko‘zlari jovdirab, titrab turgan otasining yoqasini qo‘yib yubordi. Anchagacha o‘ziga kelolmay, hovli aylanib yurdi. Baqir-chaqirni eshitib, tomoshaga yig‘ilgan ko‘cha beg‘amlariga ermak bo‘lgani qoldi.
O‘gay qaynona – Qosima amma qo‘lida yaylog‘, etagini cho‘g‘ kuydirgan xalatining o‘ng cho‘ntagiga bir siqim uvadani solib, Xadicha bir ko‘rpa bo‘lib yotgan uyga kirib, uning momataloq joylariga sho‘r paxta bosib, chiqib ketdi. Bir so‘z demadi. Ammaning o‘zi kamgap. Ota-bolaning o‘rtasiga sovuqchilik tushirgan janjalga ham aralashmadi.
Qishloq oqsoqollari maslahatni bir joyga qo‘yib, ikki yil burun uni harna cho‘tirning ro‘zg‘orini eplab turadi, degan o‘y bilan nikohlab qo‘yishgan edi.
Qosima amma bundan o‘ttiz yillar muqaddam qo‘shni qishloqqa kelin bo‘lib tushgan. Tirnoqqa zor bo‘lishsa ham inoq edilar. Kasalvand Bahran moychi omonatini topshirgach, amma qishlog‘iga qaytib, akasining uyida sig‘indi bo‘lib kunini o‘tkazayotgandi.
Amma kun bo‘yi xomush, o‘ziga-o‘zi g‘o‘ng‘illab yurdi. Oqshom tushar-tushmas hovlining burchagiga borib, bir bo‘lak xom g‘ishtning ustiga pilik yigirib, yoqib qaytdi.
– Arvohlarning tinchi buzildi, – dedi Xadichadan hol so‘ragani yana ichkariga bosh suqarkan. – Go‘rso‘xtang qani?
– Qaydan bilay...

3

Narzi cho‘tir shu-shu o‘nglanmadi. Xuddi tog‘ni yutgandek og‘irlashib boraverdi. Qishloqning to‘y-ma’rakasiga ham aralashmay qo‘ydi. Makoni – darvozaxonaning chap tomonidan kiriladigan uydagi to‘shagi, hovuzcha bo‘lib qolgan eski divan bilan ko‘chadagi shaloq o‘rindiq. Ikki qo‘lini qo‘ltig‘iga tiqqanicha soatlab qaddini ko‘tarmay, yerga tikilib o‘tiradi. Na o‘tgan-qaytganning salomiga alik oladi, na hol so‘raganning yuziga boqadi.
U tiriklay o‘lgandi. Bor vujudidan alanga chiqqan o‘sha kuni ruhan adoyi tamom bo‘lgandi.

4

Darvozaxonaning o‘ng tomonidagi uch xonali, oldi oynavand ayvonli uyda Abduolim oilasi bilan turadi. Bir xil bichimdagi bu ikki uyni darvozaxonaning usti tunuka bilan yopilgan, kattagina oldi ochiq ayvoni birlashtirib turadi.
Abduolim bir necha kun, qosh qoraygandan so‘ng uyiga kelib-ketib yurdi. O‘g‘illari – Norqul bilan Sher­qulning umidsiz nigohi, Xadichaning ma’nisiz baqraygan ko‘zlaridagi befarqlik, otasining “gung-soqov”ligi uni tamoman ezib tashladi. Bu uyda uni hech kim tushunay demasdi. Har kim o‘zicha haq edi. O‘zini oqlashga harakat ham qilib ko‘rmadi. Qosima ammaning yoniga borib, yuragini ochmadi. Tavba-tazarru qilganida, yuragidagi toshdan qutularmidi. Am­ma vositachilik qilsa... yo‘q, bunga bo‘yni yor bermaydi. Buning ustiga turish-turmushi bilan onasining o‘rnini bosolmayotgan, o‘zi bilan o‘zi ovora, kamgap bu qoqshol kampirni boshidanoq jini suymasdi. Xullas, yuragini ochishga bir mehribon topilmadi. Befoyda. U endi hech kimni hech nima bilan ishontira olmaydi. Bir xayoli ota­sining poyiga tiz cho‘kib, kechirim so‘ragisi keldi. Payt poyladi. Egasiz itday hovliga kirib, chiqib yurdi. Yuzi chidamadi. Afsus, ming afsus, ko‘ngil boy berilgandi. Ko‘ngilsiz esa xasni ham o‘rnidan ko‘chirolmaydi kishi. Xuddi shunday bo‘ldi.
Bir oqshom bor-budi – to‘ylarda kiyadigan kostyum-shimi, g‘ijimi chiqqan qizil galstuk, yuvuqsiz yotgan bir-ikkita ko‘ylagini tergilab, uydan bosh olib ketdi. Shu ko‘yi dorimadi. Daraksiz-ku emasdi. Shotirlari har zamonda hol-ahvol so‘ragan kishi bo‘lib kelishganlarida, Xadicha olsa-olmasa bir changal pulni xontaxta tagigami, ko‘rpacha ostigami qo‘yib ketishardi. Uni uchratgan qo‘ni-qo‘shnilar esa unda-bunda, to‘ylarda yurganini gap orasida Xadichaga eshittirib ketardi. Ammo uyidagilar nimagadir uni qo‘msamasdi, izlamasdi ham.
Kech kuzning yomg‘irli kunlaridan birida bunday ma’nisiz hayot o‘z-o‘zidan barham topdi. Tavba, ming bo­ra tavba.
Shomga yaqin novchagina militsioner yigit kelib: “Hali hech narsa aniq emas, kasalxonaga boramiz, ko‘rib, guvohlik beradigan ish bor, sizlarga aloqasi bo‘lmasa, mashinada olib kelib qo‘yaman” deya amma bilan Xadichani olib ketdi. Tushuntirishdi. Xullas, o‘likxonaga amma kiradigan bo‘ldi. Xadicha barcha tafsilotlarni o‘z qulog‘i bilan eshitgan bo‘lsa-da, ishonmadi. Balki boshqa odamdir?
– Voy o‘lay, voy o‘lay, – dedi amma ikki soniga shappatilab, o‘likxona eshigidan chiqar-chiqmas bo‘­sa­g‘ada o‘tirib qolarkan. – Otasining qarg‘ishi urdi uni! Endi nima qilaman?!
 – Rostmi amma, rostmi, – deyishdan nari o‘tol­madi Xadicha shu dam. Harchand ezilmasin ko‘ziga nam kelmasdi.
–    Rost, rost, bolam, mo‘ylabginasidan tanidim, yuz-ko‘zlari bilan shundaymasiga kuyib ketibdi, dedi u qo‘li bilan boshi aralash yarim tanasini ko‘rsatib. – Voy bolagina-ya, voy badbaxt-a, tinmasang tinarsan, degani shu-da, endi nima qilaman, – deya o‘zini-o‘zi astoydil urib go‘yandalik qila boshladi Qosima amma.
Militsioner yigit ularni tinchitgan bo‘ldi. Bosh­qa xonaga olib o‘tishdi. Kimdir ammaga bir piyola suv tutdi. Shu atrofda xizmat qilib yurgan kasalxona xo­dimlari ham og‘ziga mum tishlab olgan. Xadicha taniydiganlar ham ko‘rinish bermay, nari-berida o‘tib- -qaytib yurishibdi. Qaerda bo‘lgan? Kim qilgan? Qachon topishibdi? Hech kimdan bunday savollarga javob olisholmadi. Ularni boshlab kelgan militsionerning xatti-harakatiga qaraganda to‘rda, stolga o‘mganlab olgan qorindor kishi, boshliq bo‘lsa kerak, xo‘mrayib: “tekshiramiz, aniqlaymiz”dan nariga o‘tmadi.
Shunisi ma’lumki, kecha Makyonjarning narigi tomonidan yoqib yuborilgan jasad topilgan...
So‘rov-qistovlardan qutulib uyga qaytishdi. Iz­ma-iz mayitni ham olib kelishdi. Qarindosh-urug‘ yig‘ilishini kutmay Qosima amma ichkariga kirib, kuygan kundaday bo‘lib yotgan tananing ustiga yopilgan kasalxona yopinchig‘ini almashtirib chiqdi. Xadicha kirolmadi. Qo‘rqdi. Ko‘ngli esa qilt etmasdi.
U uydan bu uyga deyarli emaklab kelgan Narzi cho‘tirning rezinkaday cho‘ziq:
– Voy bolam, voy, bolaginam-ey, – degan ovozidan so‘nggina Xadichaning diydasi yumshadi, piqillab yig‘lay boshladi. Cho‘tir xirxirab, uv tortdi:
– Voy bolaginam, qo‘rquvdim-a, bir kasofat bo‘lmasaydi devdim-a, iy, Xudojon, tavba qiluvdim-ku, tavbalar devdim-ku!
Uning ko‘zidan yosh joladay oqar, aybdorday at­rofga mo‘ltirardi.
– Tavbalar qiluvdim-ku bolam, bolamey, bolam...
U hiqillaganicha mayitning bosh tomoniga intildi. Shu orada gap nimadaligini bilib-bilmay yig‘ilgan qo‘shnilar Narzi cho‘tirning qo‘ltig‘idan olib, ichkariga olib kirishdi.
– Ko‘rgulik, Narziboy, ko‘rgulik. Bardam bo‘ling.
Cho‘tir holsiz gavdasini u yondan bu yonga tashlar, ko‘zini yumib, o‘zini-o‘zi mushtlardi.
– Xonumonim kuydi, xonumonim kuydi, voy bolam...
Birozdan so‘ng uniqib ketgan dastro‘molini cho‘n­tagidan olib, ko‘z yoshlarini artdi. Yopinchiqni ochib, mayitni ko‘rsatishga harakat qilgan Qosimaga kerakmas, ishorasini qildi. So‘ng odatiga ko‘ra ikki qo‘lini qo‘ltig‘iga tiqqanicha muk tushib jimib qoldi. Hamdardlik bildirgani kelgan bir-ikki qariya, undan-bundan gap ochib, maslahat solgan kishi bo‘lishdi. Qo‘ni-qo‘shnilar marosim vazifalarini bo‘lib olishgach, tarqalishdi. Hovli yana jimjit bo‘lib qoldi. Xadicha ko‘zlarini qo‘rquv bosgan farzandlari qamalib olgan uyga kirgach, ularni bag‘riga bosib, deraza ortida shovullab yog‘ayotgan yomg‘irni kuzatganicha peshonasining bu sho‘rini qanday yuvishni bilmay tong ottirdi.
Abduolimning bunday zavol topishi hamma uchun kutilmagan voqea bo‘ldi. O‘lim shunaqa. Ajal kutmaganda, kutilmagan tomoningdan kelib, chang soladi. Bahona esa juda ko‘p.
Voqeaning izidan quvadigan, joni achiydigan qa­rindosh-urug‘ning tayini yo‘q. Kelgan-ketganning og‘­zida bitta gap: “Dushmanli ekan-da sho‘rlik”. Marhumga negadir hech kimning ichi achimadi. Hamma tomoshabinday kelib ketar, birgina Xadichaga ichi achi­gan yaqinlari yoniga kelib, astoydil ko‘ngil so‘ragan bo‘lar, bu ham yo‘liga edi. Xadicha erta tongdan “voy jigarim”lab sitilayotgan qayinsinglisining qavatiga borib, uni bag‘riga bosganida yana yumshadi. Orzulari armonga aylanganidan o‘ksib, suv bo‘lib yig‘ladi. Ko‘zidangina emas, ko‘nglining tub-tubidan quyilib kelayotgan yosh yomg‘irday adoqsiz edi.
Zax o‘tmasin deb kimdir oyoqlar ostiga g‘o‘zapoya yoyipti. Qosima amma xotin-xalajga boshu qosh.
Kechadan beri yog‘ayotgan yomg‘ir tinay demaydi. Erkagu ayol ayvonda. Qariyalar bir-birining pinjiga kirib xonalarga tiqilishgan. Zax va sovuq havo borgan sari tobiga olardi. Oyog‘ida maxsi kalish, boshiga shol ro‘mol yopingan xotinlar to‘p-to‘p bo‘lishib, goh tovush berib, goh o‘tgan-ketgandan gapirib turishibdi.
Kimdir:
– Bu havoda go‘r qazib bo‘ladimi, – deb yubordi.
Boshqasi jim o‘tir degandek gap egasining oyog‘ini bosib qo‘ydi.
Bu gapni eshitgan xotin-xalaj tanisa-tanimasa bir-biriga ma’nili qarab, imo-ishora bilan nimanidir anglatishganday bo‘ldi.
– Otani urgan bolaning ahvoli mana shunday bo‘­la­di. Ko‘karmaydi.
– Qanday yigit edi-ya, sho‘rlik!
Bu gapni kim bo‘lsa ham yon atrofga eshittiribroq aytdi.
Kishi o‘lganidan so‘ng qarindosh-urug‘, aka-ukalarning zimmasida uch kunlik amali qolar ekan. “Uch kunliging bormi, yo‘qmi” deyilishi shundan. Birinchi kuni – dafn marosimi, ikkinchi kuni – ta’ziya qabul qilish, uchinchi kuni – xayr-ehson. Mehr-oqibat ko‘tarilgan joy­da bularning to‘kis bo‘lishi ham gumon. Ta’ziyaxonadagi barcha tashvish sobiq o‘qituvchi, mahalla oqsoqoli Abbos muallim bilan cho‘tirning kuyovi – Dilmurodning yelkasiga tushdi. Darvozadan biri qo‘yib, biri kirib chiqishadi. Dilmurodning egnidagi qora choponi ivib ketibdi. Bu ham Qosima kampirning e’tiboridan chetda qolmadi. Qaerdandir chopon topib kelib almashtirdirdi. Yuvg‘ichni boshlab kelgan ekan. U ham rasmi-rusmini qildi-yu, ketdi. Janoza darvozaxonada o‘qiladigan bo‘ldi. Ayollar erkaklardan bo‘shagan xonalarga kirishdi. Har narsaning o‘z o‘rni bor. Peshinda mayitni ko‘tarishdi. Oh, bu azobni hech kimning boshiga solmasin. “Chilp-chilp” loygarchilik bir zumda odamlarning holini quritdi. Hammaning kallasida bir fikr: asfalt yo‘lga chiqquncha birortasining oyog‘i toyib, u yoqdan bu yoqqa chayqalib borayotgan tobut yerga qulamasaydi...
Katta yo‘lga, usti yopiq yuk mashinaga yetguncha shu ahvol davom etdi. Yurishga holi yo‘q qariyalar uy-uyiga tarqala boshladi. Qolganlar mashina ortidan bir necha qadam yurgan bo‘ldi. Xullas, mashinaga, tobut yoniga chiqqan besh-o‘n kishigina qabristongacha yetib keldi. Bu yog‘i yana o‘sha ahvol. Balki, undan ham battarroq. Qabristonning muloyim tuprog‘i obdon ivigan ekan. Odamlar tobutni ko‘tarib kirishganida, oyoqlardan sachrayotgan loy tizzaga urar, xuddi botqoqda yurgandek bir ahvolda naridan beri qazilgan qabrgacha yetib borildi. Ustiga brezent yopilgan xodachalardan qalashtirib yasalgan chaylaning bir chetidan go‘rkovning loyga belangan boshi ko‘rinib turardi. Birov gapirmas, hammaning fikri-xayoli tezroq mayitni tuproqqa topshirib, burchdan qutilishda edi. Qancha ehtiyot qilinmasin, yomg‘ir suvi lahadga ham oqib tushibdi. Go‘rkovning zo‘rg‘a oyoq ko‘tarib bosishiga qaraganda ichkari ham balchiq edi. Barcha amallar bajarildi. Qabrga tuproq emas, loy tortildi go‘yo. Qunishib qolgan odamlar bir amallab qabristondan chiqishga harakat qilar, g‘am-alam bosganidan bir burda bo‘lib qolgan Narzi cho‘tir tomonga boqishga birov botinolmasdi. U esa changalidagi loyga tikilganicha hiqillardi.

“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 12-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.