OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

O‘lmas Umarbekov. Hayot qo‘shig‘i (hikoya)

Markaziy xirurgiya klinikasining bosh vrachi Mirsidiq Jalilov bir haftadan beri Namanganda dam olardi. Shu yerlik hamkasbi, urush yillari bir qismda xizmat qilgan qadrdon oshnasi: "otpuskangni bir gal bizning shaharda o‘tkaz, Namangan ham kurort joylardan qolishmay-di", deb chaqirtirib kelgan edi.
Mirsidiq do‘stining taklifiga rozi bo‘lib, yaxshi qilgan ekan, Abduqodir uni qayoqlarga olib bormadi, nimalarni ko‘rsatmadi! Kuni-kecha besh-olti kishi bo‘lib, istirohat bog‘idagi orolchada oshxo‘rlik qilishdi. O‘yin-kulgi, askiya bilan o‘tirish yarim kechagacha cho‘zilib ketdi. Kimdir ashula qildi. Shirin ovozi bor ekan, deb Mirsidiq berilib eshitdi.
— Yaxshi aytar ekan, — dedi qaytishayotganida. — Ertaga uyga chaqirib, o‘zimiz o‘tirishsak!
Abduqodir javob bermadi.
— Ha, indamaysan? Senga yoqmadimi?
— Yo‘q, yoqdi, lekin, ashula eshitmoqchi bo‘lsang, ertaga seni Yangibozorga olib boraman. Ma’qulmi?
— Ixtiyor senda, — dedi Mirsidiq yelkasini qisib. — Qayoqda surgasang, ketaveraman.
Ertasiga ikki oshna Yangibozor qishlog‘iga qarab yo‘l olishdi. Mirsidiq bu qishloq qaerda o‘zi, uzoqmi, yaqinmi — surishtirmadi. Injiq, cho‘rtkesar do‘stining odatini yaxshi bilardi. So‘ragani bilan baribir aytmaydi, yuraversang-chi, seni yomon joyga boshlamayman-ku, deydi, ensa-si qotib. So‘rab ham nima qiladi. Otpuskada, baribir emasmi, qayoqqa borsa?
Yangibozorga kechga yaqin kirib borishdi. Qishloqning qoq o‘rtasidan kesib o‘tgan asfalt ko‘cha gavjum. Dalada qovun-tarvuz ortib kelayotgan arava, mashinalar g‘iz-g‘iz o‘tib turibdi. Odamlar qayoqqadir shoshilishadi.
Abduqodir katta ko‘k darvoza oldida to‘xtaganda, bir to‘p yosh-yalang, qah-qah urib o‘tib ketdi.
— Keldik, — dedi u oshnasiga. — Ashulaning sarasini shu yerda eshitasan.
Ular ichkariga kirishdi. Keng hovlining o‘rtasidagi baland shiypon yonida oq yaktak kiygan bir mo‘ysafid gul qirqib yurardi.
— Hormang, Do‘simboy ota! — dedi Abduqodir o‘sha tomonga yurib. — Salomat bormisiz?
— Ie, ie, keling, Abduqodir o‘g‘lim, — mo‘ysafid gullarni shiyponga qo‘yib, mehmonlar bilan ko‘risha ketdi. — Bu nima degan gap o‘zi? Juda jim bo‘lib ketdingiz? Qani, marhamat.
Mehmonlar shiyponga ko‘tarilishdi.
— Obbo, o‘g‘lim-ey, juda sog‘intirib qo‘ydingiz-ku, a?
— Xizmatchilik, qo‘l tegmaydi, — dedi Abduqodir kulib. — Mana, otpuskaga chiqib, boboyni bir ziyorat qilib kelaylik, degan edik.
— Ha, barakalla, kam bo‘lmang, o‘g‘lim.
— Xatamjon qanilar?
— Klubda. Qo‘shni rayondan musobaqadoshlar kelgan ekan. Rais qo‘ymay olib ketdi. Kontsert berishar emish. O‘zi kechagina qirdan qaytuvdi.
— Ha, qirda nima bor ekan?
— Shu kasbni orttirdi-yu ishqibozlari ko‘payib qoldi. Qirda ham kontsert berib keldi.
Do‘simboy ota boshidagi yangi Marg‘ilon do‘ppisini olib, tizzasiga urib, changni qoqqan bo‘ldi, ko‘kragiga tushib turgan moshkichiri soqolini tutamlab, og‘ir xo‘rsindi.
— Qayoqqa borsa ham mayli, ko‘nglini tinchitib yursa bo‘lgani.
— Ishqilib, kayfiyati tuzukmi? — so‘radi Abduqodir.
— Shukur. Ilgarigi xafagarchiligi yo‘q desa bo‘ladi. Ammo yolg‘iz qolsa eziladi. Kechalari bilan uxlamay chiqadi. Qo‘liga tanburni olib, ashula qilgani-qilgan. Ko‘ngillarni o‘rtab yuboradi. Onasi sho‘rlik cho‘p bo‘lib ketdi. O‘rtoqlari omon bo‘lsin, yolg‘izlatishmaydi. Klub mudiri qilib qo‘yishdi. Kun bo‘yi o‘sha yerda. To‘garak tuzib, nimalarnidir o‘rgatib yuribdi yoshlarga. Men hozir...
Do‘simboy ota o‘rnidan turdi. Abduqodirning e’tiroziga qaramay, dasturxon yoza boshladi. Nimagadir ichkari uyga kirib ketganida hech narsaga tushunolmay o‘tirgan Mirsidiq so‘radi:
— Xatamjonga nima qilgan?
Abduqodir "tss" deb barmog‘ini labiga qo‘ydi.
— Keyin aytib beraman. Buning tarixi uzun. Boboyning oldida hech narsani so‘rama. Yarasiga tuz sepgan bo‘lasan. Xatamjon shu kishining yolg‘iz o‘g‘li.
— Zerikib qolmadilaringmi? Kampir tushmagur qiyom qiluvdi, chumolidan berkitib qo‘ygan ekan, zo‘rg‘a topdim. Qani, nonga qaranglar.
Do‘simboy ota mehmonlarning ro‘parasida chordana qurib o‘tirdi. Shu payt uzoqdan chirmandaning ovozi eshitildi.
— Boshlanganga o‘xshaydi, — dedi Do‘simboy ota Mirsidiqqa choy uzatar ekan. — Oling, o‘g‘lim. Qiyomdan soling.
— Biz xam klubga chiqsak, — dedi Abduqodir bir piyoladan choy ichilgach. — Anchadan beri Xatamjonni ko‘rganim yo‘q. Bu oshnamiz ham o‘g‘lingizning ashulasini eshitmoqchi edi.
— Shundaymi? — Do‘simboy ota mehmonlarga qarab chiqdi. — Mayli bo‘lmasa. Xolangiz ham o‘sha yoqda. Birga qaytinglar, qo‘lbola osh qilib turaman.
Mehmonlar qo‘zg‘alishdi. Ota ularni eshikkacha kuzatib chiqdi.
— Kutaman-a, Abduqodir? Xatamjon bilan albatta birga qaytinglar.
— Rahmat, rahmat.
Mirsidiq muyulishga yetganda, sherigiga o‘girildi.
— Qani, endi gapir, Xatamjonga nima qilgan, kim o‘zi? Abduqodir o‘ylanib qoldi. Baroq, qoshlari chimirildi.
Anchagacha indamay bordi-da, keyin dedi:
— Xatamjon xam vrach edi. Shu qishloqning vrachi edi. Bundan yetti-sakkiz yil muqaddam falokat yuz berib, ikki oyog‘idan ajragan...
Mirsidiq bir sapchib tushdi. Abduqodirning ham tomog‘iga bir narsa kelib tiqildi shekilli, gapirolmadi. Ikki o‘rtoq boshlarini egganlaricha jim borishar ekan, kolxoz klubiga yetib kelishganini payqashmadi. Eshikni ochishlari bilan gulduros qarsak sadolari eshitildi. Keyin kimdir ashula boshladi. Klub suv quygandek, jim bo‘lib qoldi.
— Xatamjon! — dedi Abduqodir shivirlab. — Yur.
o‘ildirakli kichkina aravachada bir yigit o‘tirib kuylardi. Mirsidiq avval qanday ashula ekanligini aniqlay olmadi. Sahnaga ko‘zi tushdi-yu yuragi orqasiga tortib ketdi. Uni shu topda qo‘shiq emas, yo‘q, aravachada o‘tirgan yarimta tana sehrlab qo‘ygan edi. Umrida yig‘lamagan odam, ko‘zlaridan yosh chiqib ketganini sezmay qoldi. Sho‘rtang bir narsa labiga oqib tushganda, o‘ziga keldi. Yoshini artib, ashulaga quloq sola boshladi. Xatamjon "O‘n sakkiz yoshimdadir"ni aytardi. Ha, Abduqodir aytganicha bor ekan. Bu yigit go‘yo ashula aytish uchun yaratilganday edi...
Birdan qarsak ko‘tarildi. Abduqodir do‘stini tirsagidan ushlab, oldinga boshladi. Kimdir mehmonlarni ko‘rib, ikkita stul olib kelib qo‘ydi. Yoshgina bir qiz keng atlas ko‘ylagini hilpiratib, sahnaning o‘rtasiga keldi-da, nimanidir e’lon qildi. "Gur" etib ko‘tarilgan qarsakdan nimaligini anglab bo‘lmadi. Xatamjon aravachaning g‘ildiraklarini itarib, oldinroqqa chiqdi, zalga qandaydir iliq bir nazar bilan jilmayib boqdi-da, yangi qo‘shiq boshladi.
Zalga jimlik cho‘kdi. Xatamjonning nihoyatda shirali, tiniq ovozi qo‘shiq so‘zlarini kishi yuragiga quyib, hayajonga solardi:
Kuyla, sozim, kuyla, tinma,
Kuyla, kuy bu — shodligim.
Bog‘laru qirlar, adirlar
Senga jo‘rdir shodligim.
Mirsidiq qo‘shiqni tinglar ekan, allanechuk bo‘lib ketdi. So‘zlari tanishdek tuyuldi. Qachon, kimdan eshitgan ekan bu qo‘shiqni? U diqqat bilan Xatamjonga qaradi. Qirra burni yonidagi moshdek xolga ko‘zi tushdi-yu, hang-mang bo‘lib qoldi. Nahotki... nahotki o‘sha, bundan olti-etti yil ilgari o‘zi operatsiya qilgan yigit shu bo‘lsa?! Mirsidiq, zarb bilan sherigini turtdi.
— Menga qara, Xatamjon Toshkentda davolanganmidi?
— Ha, — dedi Abdukodir sahnadan ko‘zini uzmay. — Professor Vlasov ham ko‘rgan.
— Professor Vlasov?
— Ha.
Mirsidiq yanglishmabdi. Bu o‘sha, uning o‘zi operatsiya qilgan yigit. Xatam... Xatamjon Do‘simboev... Ha, bu yigit unga tanish. Mirsidiq o‘yga toldi. Uning ko‘z oldida operatsiya stoli ustida yotgan yigirma uch-yigirma to‘rt yoshlardagi nimjon yigit paydo bo‘ldi. O‘shanda moskvalik mashhur professor Vlasov klinika ishlari bilan tanishayotgan edi.
Kunlarning birida kechga yaqin navbatchi vrach yangi kasal qabul qilingani, ahvoli og‘irligini aytib qoldi. Birgalashib kasal yotgan palataga kirishdi. Xatamjon ikkala oyog‘ini qimirlatolmay yotardi. Mirsidiq ochib ko‘rib, qo‘rqib ketdi, ammo sezdirmadi.
— Nima bo‘ldi? — so‘radi u o‘zini bosib. Xatamjon so‘zlab berdi.
Bundan bir yil oldin qirda cho‘ponlardan biri og‘ir betob bo‘lib qolibdi. U bu xabarni eshitib, yarim kechasi otda yo‘lga tushibdi. Qishloqdan chiqqanida ot nimadandir hurkib, olib qochibdi. Xatamjon to‘xtataman deb jilovidan mahkam tortgan ekan, ot qoqilib yiqilibdi-yu yigit uning tagida qolibdi. Hushiga kelib qarasa, o‘tovda yotgan emish. Vrachning kelmaganidan xavotir olib, yo‘lga chiqqan cho‘ponlar uni olib ketishgan ekan. Xatamjon belida bir oz og‘riq sezibdi, ammo e’tibor bermay kasalni ko‘ribdi, dori-darmon qilib uyiga qaytibdi. Otdan yiqilganini hech kimga aytmabdi ham. Lekin ertalab og‘riq zarbidan turolmay qolibdi. Og‘riq shu-shu qolmas ekan.
Mirsidiq palatadan chiqib, professor Vlasov bilan maslahatlashdi. Bemorning umurtqa suyagini rentgenga solib, operatsiyaga tayyorgarlik ko‘ra boshlashdi. Biroq bu operatsiyaning foyda berishiga Mirsidiqning o‘zi ham ishonmas edi. Bemor juda kech murojaat qilgan ekan. Shunday bo‘lsa ham operatsiya qilindi. Professor Vlasov o‘zi bosh bo‘lib turdi, ammo shundan keyin bir oy o‘tdi, ikki oy o‘tdi, bemor tuzalmadi. Uning ikkala oyog‘i allaqachon palaj bo‘lib qolgan edi. Buni bemorning o‘zi ham tushundi, kulcha yuzidagi kulgi yo‘qoldi, ertalabdan kechgacha shiftga tikilib yotadigan odat chiqardi.
Bir kuni Mirsidiq uni klinika bog‘iga olib chiqishni buyurdi. O‘zi ham chiqdi. U yoq-bu yoqdan gapga soldi, ovutmoq-chi bo‘ldi, ammo bemor og‘iz ochmadi. Uning uchun endi hamma narsa tugagandek, butun orzu-umidlari puchga chiqqandek, hayot bu — faqat qiynoq, azobdan iboratdek tuyulardi. Shu alfozda bir necha hafta o‘tdi. Mirsidiq bemor yotgan palataga reproduktor o‘rnattirib qo‘ydi. Yaxshi kontsert berilayotgan bo‘lsa, o‘zi kelib burab ketadi. Avval bu ham ta’sir qilmadi, biroq, borib-borib u bemorning qo‘shiqlarni diqqat bilan eshitadigan bo‘lib qolganini ko‘rdi. Yana gapga soldi. Ammo javob ololmadi. Shundan bir necha kun o‘tgach, dahlizdan o‘tib ketayotib, kimningdir xirgoyi qilayotganini eshitib qoldi. Quloq soldi. Ovoz Xatamjonning palatasidan kelar edi. Mirsidiq eshikni sekin ochdi-yu sevinib ketdi. Xatamjon yarim ovozda kuylardi. Devorga suyanib eshita boshladi:
Kuyla, sozim, kuyla, tinma,
Endi sensan shodligim.
Bog‘laru qirlar, adirlar
Senga jo‘rdir, shodligim...
— E, kechirasiz doktor, — Xatamjon Mirsidiqni ko‘rib qolib, dokadek yuziga qon yugurdi. — Xayol bilan bo‘lib ko‘rmabman.
— Hechqisi yo‘q, — Mirsidiq uning yoniga o‘tirdi... Yaxshi qo‘shiq ekan. Qanday qo‘shiq bu?
Xatamjon jiddiylashdi, ingichka lablari yengil titradi.
— Hayot qo‘shig‘i.
— Hayot qo‘shig‘i? Yaxshi nom.
— Sizga yoqdimi?
— Juda ham. "Kuyla, sozim, kuyla, kuyla, tinma... Endi sensan shodligim..." Yaxshi qo‘shiq. Kim yozgan ekan?
Xatamjon jilmaydi.
— Biz tomonlarda deyarli hamma qo‘shiq to‘qiydi. O‘zim to‘qidim.
— Juda yaxshi. Bu qo‘shiq haqiqatan ham sizning hayot qo‘shig‘ingiz bo‘lsin!
Mana, hozir Mirsidiq shu qo‘shiqni ikkinchi marta eshitib o‘tiribdi. Tag‘in o‘sha nimjon yigitning o‘zi aytyapti. Mirsidiq diqqat bilan unga tikildi. Yo‘q, uning oldida bundan besh-olti yil ilgarigi yarimta tana emas, katta qalb, katta hayot egasi go‘zal hayot qo‘shig‘ini kuylardi. Bu qo‘shiqda na nolish bor, na azob, unda yashash ishtiyoqi, pok muhabbat, bitmas-tuganmas orzu va qudrat bor edi!
Kontsert tugashi bilan Abduqodir do‘stini sahnaning orqasiga boshladi. Ichkaridan ikkita yigit aravachadagi Xatamjonni olib chiqmoqda edi. Xatamjon sochida bitta ham qorasi qolmagan jikkakkina bir kampirning qo‘lidan ushlab olgan.
— Oyi, qarang, Abduqodir akam! — dedi u shu topda.
— Voy, bo‘yidan o‘rgilay, qani? — Kampir shunday deb, gapini tugatgani ham yo‘q ediki, o‘g‘li bilan quchoqlashib ko‘rishayotgan Abduqodirni ko‘rdi: — Sizning ham keladigan kuningiz bor ekan-ku, bolam, esonmisiz-omonmisiz?
— Mirsidiq aka!.. Doktor!..
Mirsidiq ichidan to‘lqinlanib kelayotgan hayajon bilan Xatamjonning qo‘lini siqdi.
Ular klubdan chiqishganda, vaqt allamahal bo‘lib qolgan, ko‘k betini son-sanoqsiz yulduzlar qoplab olgan edi. Baland qayrag‘och tepasidagi oy xuddi bolalarini qo‘riqlab yurgan ona o‘rdakdek, sekin-sekin suzib borardi.
— Xo‘sh, ishlar yaxshimi, Xatamjon? — so‘radi Mirsidiq aravacha yonida bitta-bitta odim bosib borishar ekan.
— Mana shu klubdaman. Muzika to‘garagi ochganmiz. Yaxshi bolalar. Ular bilan ishlab zerikmaysan, kishi.
— Anchadan beri ishlayapsizmi?
— Ha, ikki yil bo‘lib koldi.
— Juda yaxshi, juda yaxshi.
Shu payt uzoqdan Do‘simboy ota ko‘rindi.
— Hayallab qoldilaring? — Do‘simboy ota mehmonlarni oldinga o‘tkazib, o‘g‘liga yuzlandi.
— Charchamadingizmi, o‘g‘lim?
— O‘g‘lingiz charchashni biladimi? — gapga aralashdi kampir. — Qo‘yib bersangiz, ertlabgacha klubda qolib ketsa! Yaxshiyam mehmonlar bor ekan.
— Charchamadim, dada, — dedi Xatamjon jilmayib.
— Unday bo‘lsa, uyda ham xizmat qilasiz. Mehmonlar ataylab sizni deb kelishgan.
Mehmondorchilik anchagacha cho‘zildi. Tong yorishguncha qo‘shiq yangradi. Ertasiga kechqurungina Xatamjon mehmonlarga ruxsat berdi. Ikki oshna kechki salqin bilan piyoda yo‘lga tushishdi. Ikkovining ham fikrini allanarsalar chulg‘ab olgan edi. Yo‘lning yarmini bosib o‘tishganda, Abduqodir:
— Shu yo‘ldan ikki yilcha qatnadim, — dedi. — Dori ta’sir qilmadi, lekin borib-kelishim ta’sir qildi.
— To‘g‘ri gapirding. Yaxshi gap, diqqat-e’tibor har qanday doridan kuchli ekan.
Mirsidiq do‘stini qo‘ltiqlab yo‘l boshladi. Ko‘p o‘tmay, azim chinorlar ichida g‘apq bo‘lgan shaharga kirib kelishdi. Yoqimli yoz shabadasi endigina qad ko‘tarib kelayotgan yosh nihollarni tebratar edi. Hamma yoqda gul: oq, pushti, qizil, sariq, qo‘ying-chi, ming xil tusdagi gullar ochilib-sochilib yotibdi.
Mirsidiq ko‘chaning ikki betidagi turnaqator fonarlar nurida Eron gilamidek tovlanib yotgan bu gullarga suq bilan tikilib borar ekan, bir shoxi singan na’matakka ko‘zi tushib qoldi. Qaysi bag‘ri tosh sindirdi ekan? U yaqinroq kelib qaradi, yo‘q, sinibdi-yu uzilmabdi. Quyoshga tomon bo‘y cho‘zib qaddini rostlab boryapti. Mirsidiq jilmayib qo‘ydi. U, albatta o‘sadi, ulg‘ayadi. U ochgan gulning muattar hidi kishilar chehrasiga tabassum, shodlik baxsh etadi, qalblarini ravshan qiladi. Hayot qonuni shunday!
Ikki do‘st shahar ko‘chalaridan o‘tib borishar ekan, yuraklari qandaydir o‘zlariga noma’lum quvonch, g‘urur bilan limmo-lim edi.

1960.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.