OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

O‘lmas Umarbekov. Mening o‘g‘ilbola jiyanim (hikoya)

Uni birinchi marta sakkiz yilcha burun ko‘rdim. Hali chilla kirmagan yoz kunlarining biri edi. Nonushtadan so‘ng odatim bo‘yicha o‘z xonamga o‘tib, yozuv stoli yoniga endi o‘tiray, deb turganimda, temir darvozamizni kimdir taqillatib qoldi.
— Hozir! — hovliga tushib ovoz berdim.
Ammo taqillatayotgan odam eshitmadi shekilli, darvoza momoqaldiroqdek gumburlab ketdi.
— Hozir, hozir! — qichqirdim yana ovozim boricha va shoshib ko‘cha tomon yurdim.
Darvoza eshigini ochgunimcha ming xil xayol miyamni g‘alvir qilib yubordi. Ammo Xudoga shukurki, tinchlik edi. Ro‘paramda qarg‘a nusxa atlas ko‘ylak kiygan, qalin qora sochlari ikkita qilib o‘rilgan, qip-qizil kulcha yuz bir qiz iljayib turardi. Uning oppoq, tekis tishlari, dumaloq qora ko‘zlari — kimnidir eslatdi, ammo bilolmadim. Qiz bir qo‘liga semiz brezent chemodan, ikkinchi qo‘liga usti sarg‘ish doka bilan tang‘ib qo‘yilgan katta oq chelak ko‘tarib olgandi.
— Mani tanimadingiz-a, tog‘a? — Qiz og‘zini katta ochib jilmaydi. Oppoq tishlari yaraqlab ketdi. Kim bo‘ldi ekan? Qaysi jiyanim bo‘ldi u? Ammo u o‘ylagani qo‘ymadi, o‘zi javob berib qo‘yaqoldi. — Man Parkatli Muqaddam opayizzi qizi bo‘laman. O’g‘iloy. Assalomu alaykum!
Uni tanib, alik olib ulgurmasimdan qo‘lidagi yuklarini qo‘yib yelkalarimni quchoqladi, ikkala yuzimdan cho‘lpillatib o‘pdi. Shunda uni tanidim. To‘g‘rirog‘i, onasini tanidim. Muqaddam opa mendan besh-olti yosh katta edi, bolaligimizda yonma-yon hovlida o‘sgan edik. U oyimning tug‘ishgan akasi, rahmatli G’ani tog‘amning qizi edi. O’zidan kichiklarni, shu jumladan meni uzoq ko‘rmasa, yo mehri qo‘zib ketsa, shunday quchoqlab, cho‘lpillatib o‘pardi. Dilim yorishib, xursand bo‘lib ketdim.
— Uydagilar, oying qalay? — mehr bilan unga yangidan tikildim.
— Salom deb yubordilar! — O’g‘iloy birdan engashib, oyog‘idagi baland poshna qora tuflisini yecha boshladi va pastdan ko‘zlarini menga tikib jilmaydi.
— Ezvordi oyog‘imni!.. Uyga kirovuzmi?
— Aytgandek... yur, yur! — yo‘lni bo‘shatib o‘zimni chetga oldim. — Yordamlashavoraymi?
— O’zim!..
O’g‘iloy tuflisini qo‘ltig‘iga qistirib, chemodan bilan chelakni ko‘llariga oldida, ichkariga kirdi.
Ayvonga ko‘tarilganimizda, u chemodanni qoldirib, chelakni oshxonaga olib borib qo‘ydi.
— Qatiq, — dedi qaytib chiqqanida. — Atayin sizga atab solganman kecha. Shu yerda o‘tiravuzmi?
U ayvondagi stol, stullarga razm solib chiqdi-da, bitta stulni surib o‘tirdi. Men ham ro‘parasiga o‘tirdim.
— Qani omin! — u qo‘llarini yozib baland ko‘tardi. — Qadam yetdi balo yetmasin! Ollohu akbar!
Beixtiyor unga qo‘shilib, qo‘llarimni yuzimga tortdim. Choy qo‘ymoqchi bo‘lib o‘rnimdan turmoqchi edim, u to‘xtatdi.
— Man o‘zim!
U chemodanini ochib, ichidan to‘rtta qip-qizil barkashdek-barkashdek non oldi.
— Ertalab yopganmiz. Shunaqa nonni yaxshi ko‘rarkansiz. Oyim aytdilar.
U nonlarni stolga qo‘yib oshxonaga o‘tdi. Choy qo‘yib chiqib yana chemodaniga engashdi.
— Qurt ham olib kelganman. Yog‘lik. Qo‘yning sutidan.
 U bir tsellofan xalta kurt olib oshxonaga o‘tdi-da, taqsimchaga to‘ldirib solib chiqdi.
— Oling.
Men unga mahliyo bo‘lib qolgan edim. Uning harakatlari, ovozi onasining yoshligini ko‘z oldimga keltirdi. «Muqatopa»ni bolaligimdan yaxshi ko‘rardim, qarindoshlarim ichida faqat u bilan ko‘proq o‘ynagim, uning yonida ko‘proq bo‘lgim kelardi. Qizlar tez o‘sadi. U ham bir pasda katta bo‘lib qoldi. Uzatishib, Parkentga jo‘natishayotganida uydan qochib ketganim esimda. Yarim kechagacha jimjit ko‘chalarda aylanib yig‘laganman.
Uning eri O’rozbek pochchamiz mo‘min, qobil, mehnatkash, buning ustiga mehr-oqibatli odam chiqdi. Hozirgi men turgan uyni ko‘tarishda uning ancha mehnati singgan. Er-xotinning bir-birlaridan, umuman turmushlaridan ko‘ngillari to‘q bo‘lsa ham bitta orzulari ushalmay qoldi. O’g‘il ko‘rishmadi. Muqaddam opa ketma-ket ikkita qiz ko‘rdi. Ikkalovi ham bola-chaqali bo‘lib ketishgan. Parkentda turishadi. Uchinchi farzandlarini folbin o‘g‘il bo‘ladi deb ishontirgan. Ammo u ham qiz tug‘ildi. O’g‘il bo‘lmasa ham o‘g‘ildek bo‘lsin deb otini O’g‘iloy qo‘yishdi. Uni ko‘rmagan edim, ko‘rgan bo‘lsam ham e’tibor bermagan edim. U tengi bolalar urug‘imizda ko‘p edi. Xushbichim, baland bo‘y, katta qiz bo‘lib ketibdi.
... O’g‘iloy baquvvat qo‘llari bilan non sindirar ekan, qarab turganimni o‘zicha tushundi.
— Oyim juda yaxshi non yopadilar!..
— Oyingning qo‘li gul, — qo‘shildim unga bir burda nonni og‘zimga solar ekanman. Ammo ko‘zim uning chaqqon harakatlarida xuddi shu non rangidek yuzida, tiniq, toza nigohida edi.
— Men endi sizlarnikida turaman, — dedi u o‘ziga ham choy quyib o‘tirar ekan.
Uyda joy yetarli bo‘lsa ham hayron bo‘lib unga qaradim.
— O’qishga kiraman. Oyim ja bo‘lmasa san o‘qi, devottila.
— To‘g‘ri aytibdi oying. Qayoqqa kirmoqchisan?
— Qayoqqa olib kirib qo‘ysangiz, shuyoqqa!
Choy xo‘plab turgan edim, qalqib ketdim.
— Qayoqqa olib kirib qo‘yasiz, tog‘a? — so‘radi o‘ylatgani qo‘ymay. Haqiqatan uni qayoqqa joylayman endi? Joylay olarmikanman o‘zi? Hech bunday ishlar bilan shug‘ullanmagan edim. Qayoqdan kelaqoldi bu tashvish?
— Kennoying kelsin, maslahat qilarmiz...
 Mujmal javob qilganimni, ruhim tushib ketganini ko‘rib, u kulib qo‘ydi. Sezdim. Keyin meni ayadi shekilli, jiddiylashib institut masalasiga o‘zi chek qo‘ydi.
— Hisob-kitobga tuzukman, matematikadan bitiruv imtihonini hammadan oldin yozib chiqdim. Besh oldim. Narxozga kirsam deb turibman. Tanishlaringiz bo‘lsa yordam berarsiz. Kirolmasam, qaytib ketaman, ishlayman.
Yelkamdan tog‘ ag‘darilganday bo‘ldi.
— Yotoqni o‘ylama. Uyda joy ko‘p. Turaverasan. Kennoying ham xursand bo‘ladi, — dedim anchagina o‘zimga kelib. — Tanishlarni bo‘lsa... qidiramiz. Birorta tanishning tanishi chiqib qolar.
Institutga joylab qo‘yishdek murakkab javobgarlikdan meni xalos qilgani uchun g‘oyibdan paydo bo‘lgan va birpasda uyni o‘ziniki qilib olgan jiyanimdan o‘zimda yo‘q xursand bo‘lib ketdim va iloji boricha unga yordam berishga ahd qildim.
Peshinga yaqin xotinim ishdan qaytdi. O’g‘iloy sodda, bag‘ri keng kelinoyisining ichiga kirib ketdi. Qatiq suzib olib keldi, choy qo‘ydi. Ko‘p o‘tmay hovlidagi o‘choq boshidan piyoz dog‘ining hidi kela boshladi.
Kechqurun yotayotganimizda xotinim mendan ham ziyod quvonib, uni maqtadi.
— Jiyaningiz xo‘p ajoyib qiz ekan. Men ham unnay, kiritib qo‘yaylik institutga. Keyin yotoqxona qilib nima qiladi? Biznikida turaversin.
O’g‘iloy uyimizda tug‘ilib o‘sgan odamdek bo‘lib ketdi. Ertalab hammadan oldin turib, hovliga qaraydi. Choy qo‘yadi. O’choq boshida g‘imirlab, qatlamami, quymoqmi, uyda nima bo‘lsa, shundan biror narsa pishirib keladi. Keyin shaharga ketadi. Tushga yaqin qaytib, bir-ikki soat uyda bo‘ladi. Unga kutubxonani ajratib bergan edik. Sezdim, kitobga uncha xushi yo‘q, lekin menga yaxshi ko‘rinish uchun bironta kitobni ko‘tarib, mening xonamga kirardi. Bir pas xonaga, mening moshinkada ishlashimga razm solib o‘tirardi. Keyin yana shaharga ketardi. Shomga yaqin qaytardi. Katta qiz, qayoqlarda yurganini men ham, kelinoyisi ham surishtirmadik. Men bilan ko‘proq erkinlik, xotin-qizlar ozodligi, muhabbat, vafo haqida gaplashishni, shu mavzularda meni gapirtirishni yaxshi ko‘rardi. Qanday siri, maqsadi borligini bilmay, men uning savollariga to‘g‘ri, o‘zim o‘ylagandek, bilgandek javob berardim, u xursand bo‘lib ba’zida peshonamdan cho‘lpillatib o‘pib chiqib ketardi. Keyinchalik, oradan chamasi ikki oy o‘tgach, bu suhbatlarni, savollarning asl sababini bildim. Shayton qizning ichida qurt bor ekan, sezmagan ekanman.
— Tog‘a, kennoyimga qanday uylangansiz? — deb so‘rab qoldi bir kuni.
Bor gapni aytib berdim. Birga o‘qiganmiz universitetda, bitta fakultetda, bitta bo‘limda. Birinchi kursdayoq bir-birimizga yoqib qolganmiz. O’qishni bitirgach, to‘y qilganmiz, dedim.
O’g‘iloy jim, gapimni bo‘lmay eshitdi. Tamom qilganimdan keyin so‘radi:
— Shundoq ko‘rgansiz-u, birinchi marta, yaxshi ko‘rib qolganmisiz? Yo sekin-sekin, o‘rganib yaxshi ko‘rganmisiz?
— Buni bilmadim, — rostini aytdim. — Har holda Sharifa boshqa qizlarga qaraganda ko‘proq yoqardi. Birinchi ko‘rganimdayoq unga mehrim tushgan edi.
— Kennoyim-chi?
— Buni o‘zidan so‘ra. To‘xta, senga buning nima keragi bor? Nega qiziqib qolding?
U oppoq tishlarini tizib jilmaydi.
— Kitoblarda boshizdan o‘tgan narsalarni yozganmisiz, yo ichizdan chiqarib yozganmisiz, shuni bilmoqchiydim.
— Kitobda hammasidan bor. Rosti ham, yolg‘oni ham. Bo‘lgani ham, to‘qigani ham. Sen bu gaplarni qo‘yib, imtihonlaringga tayyorlan. Dars qilganingni ko‘rmayman.
Kap-katta odam, tag‘in qarindosh bo‘lgan qiz bola bilan sevgi haqida gaplashib o‘tirganimdan andishaga borib, uni o‘zimcha urishgan bo‘ldim. O’g‘iloy e’tibor bermadi, jilmayganicha o‘tirdi. Ammo anglab qoldim, u menga qarab turgan bo‘lsa ham meni ko‘rmasdi, gaplarimni eshitmasdi. Xayoli qandaydir o‘zigagina ma’lum bo‘lgan boshqa bir olamda edi. O’shanda agar u nimalarni o‘ylayotganini, meni nega sevgi mavzularida imtihon qilayotganini bilganimda, qaerlarda kimlar bilan yurganini hech bo‘lmasa faraz qilganimda, kim biladi, uning hayoti hozirgidek emas, boshqacha, tinchroq, quvonchliroq bo‘larmidi?! Nima deyish mumkin? Taqdir, xalq ta’biri bilan aytganda, peshonaga yozilgani bo‘ladi.
O’g‘iloy tanish-bilish topilgani, ularning bergan va’dalariga qaramay, o‘qishga kirolmadi. Ammo xunob bo‘lganini sezmadim. Shundan keyin ikki kun ham o‘tgani yo‘q, nima ish bilandir ko‘chaga chiqib qaytsam ayvondagi televizor ustida to‘rt buklorlik bir xat turibdi. Ochib o‘qidim. Xat O’g‘iloydan edi.
«Tog‘a! Bugun kechqurun, umuman bundan keyin kelmasam, xavotirlanmang. O’qishga kirolmaganimdan uncha xafa emasman. Bitta men emas, meni sevgan yigit, Botirali ham kirolmadi. Uni atayin yiqitishdi. Chunki uning hech kimi yo‘q. Yokim berishga puli ham yo‘q. Men u bilan uning yurtiga ketayapman. Men ham uni sevaman. Birinchi ko‘rganimdayoq sevib qolganman. U ham shunday ikkalamiz uning shahridagi institutga harakat qilib ko‘ramiz. Hali vaqt bor ekan. Ularnikida turaman. To‘g‘rirog‘i, kelin bo‘lib tushaman. Ota-onasi rozi, bizni kutishyapti. Qarang, shunday odamlar bor ekan! Men oyimdan xafa emasman. Dadamlardan ham. Chunki oyim nima desalar, shu bo‘ladi. Uyning kattasi oyim. Hayronman, nega Botiralini chiqishtirmadilar? Uch-to‘rt marta uyga olib borganman, turli bahonalar bilan.
Bu albatta shunchaki, yo‘liga. Aslida ammamning kichik o‘g‘li u kishiga yoqadi. Do‘konchi. Men bo‘lsam undan jirkanaman. Ingichka mo‘ylovi, yashil shalvari, kalta charm kamzulini ko‘rishim bilan ko‘nglim ayniydi. Unda ket, dedilar oyim. Hamma gap alamda. Eshitganman, dadamlarga o‘z xohishlari bilan tegmaganlar. Meni ham o‘zlaridek qilmoqchilar. Yo‘q, qilolmaydilar. Siznikida turganimni bilardilar. Bir marta ham kelmadilar. Dadamlarni ham yubormadilar. Kelinoyimdan uyalib ketdim. Tog‘a, ajoyib xotiningiz bor ekan. Men ham Botiralini kaftimda ko‘tarib yuraman. Meni qidirmanglar. Ozgina vaqt o‘tsin, yilmi, ikki yilmi, o‘zim chaqalog‘imni ko‘tarib, Botiralini oldimga solib uyingizga kirib boraman. Sizga, kelinoyimga yoqqan qatlamalardan qilib beraman. Uyimdagilar kelib qolishsa mabodo, hammasini aytib beravering. Xatimni ko‘rsatsangiz ham mayli. Nahotki oyim u kishining farzandi ekanimni tushunmasalar? Bir og‘iz gaplari. Ket, dedilar. Indamay ketdim. Lekin qaytaman. Ulardan hech qachon voz kechmayman. Faqat o‘z niyatimga yetib qaytaman. Botirali bilan ikkalamiz bir-birimizni bir ko‘rishdayoq sevib qoldik, dedim. Gapim rost. Kurashdan oblastlararo musobaqa ketayotgan edi. Botirali bizning maktabdan chiqqanlarning hammasini yiqitdi. To‘rtta yigit chiqishuvdi. O’shanda ko‘zimga olovday ko‘rinib ketdi. Kim bor yana? — deb so‘raganda, men o‘rtaga chiqdim. Uncha-muncha kurash tushib yuraman. Shim, to‘n kiyib borgan edim. Belimni qiyiq bilan mahkam bog‘ladim. Maktabdagilar meni yaxshi bilishadi. Aytganimni qilaman. Qaytarishmadi. Fizkultura o‘qituvchimiz ham indamadi, faqat yonimga kelib, sekin, o‘zingni urintirma, har holda qiz bolasan, dedi. Botirali bo‘lsa bir chekkada iljayib, menga qarab turibdi. Ikki qo‘li belida. Shu qarashini bir ko‘rsangiz edi! Go‘yo u kishi sher-u, bizlar oyoqlari ostida o‘rmalab yurgan qumursqa! Kurash tushayotganda bo‘sh joyini bilib olganman. Yerdan dast ko‘tarib olish kerak uni. Raqibi ko‘tarib olaman deganda, butun og‘irligini tizzalariga solib, cho‘kkalaydi. Shu bilan qutilib qoladi. Jussasiga qarab ko‘tarib olishimga ko‘zim yetdi. Maydonga tushganimda anchagacha u mendan tisarilib yurdi. Belimdan olgani uyaldi. Tirsaklarimdan ushlashga intiladi, qiyiqqa tegmaydi. Maydonni ikki-uch aylanib chiqdik. Uning lanjlik qilayotganini ko‘rib, odamlar mazax qilaboshlashdi. Ayniqsa bizning maktabdagilar «Ol, O’g‘ilpolvon! Belidan ol!» — deb meni gij-gijlatisha boshlashdi. Gij-gijlatishmasa ham qarorim qat’iy edi. Ammo Botirali tutqich bermay, tirsaklarimdan itaradi, o‘ziga yaqinlashtirmaydi. Maydonni yangitdan aylanayotganimizda hiyla ishlatdim. Kulib turgan ko‘zlariga kulib qaradim-da:
— Burningizni artib oling, yaxshi yigit! — dedim.
U shoshib qo‘llarimni ko‘yib yubordi. Shu tobda mahkam unga yopishdim, dast ko‘tarib, yerga tashladim. Qiyqiriq bo‘lib ketdi.
Men esa qipqizarib o‘rnidan turayotgan Botiraliga engashib shivirladim:
— Kechiring, polvon!
O’sha kuni kechqurun bir qiz kelib meni ko‘chaga chiqishimni so‘radi. Chiqdim. Eshik oldida Botirali turardi. Allaqanday bo‘lib ketdim. Uning ham meni yaxshi ko‘rib qolgani shunday ko‘zlariga yozikliq edi. 
Ana, tog‘a, endi hamma narsani bilasiz. Buguk kechqurun poezdda jo‘naymiz. Ko‘rishguncha xayr...
Hurmat bilan jiyaningiz O’g‘iloy».
Uning bir qaynovi ichida bo‘lgan odamligini bilib qolganimga qaramay, hayratga tushdim. Qilib qo‘ygan ishiga bir tomondan qoyil qoldim, jasoratiga tahsin o‘qidim. Ikkinchi tomondan ota-onasiga rahmim keldi. Har holda o‘zbekchilik, qizi qochib ketibdi, degan gap tarqaydi. O’g‘iloyning o‘ziga ham achindim. Bechora qiz o‘z baxtini shunday qiyinchilik, sargardonchilik bilan ko‘ryapti. Kuyov bolaning ota-onasi ming yaxshi odam bo‘lsin, unga tepadan, mensimayroq qarashi mumkin. Har holda rozi-rizolik bilan savlat bilan kelgan kelinning o‘rni boshqa bo‘ladi.
Shu xayollar bilan qorong‘iga qolmay Parkentga qarab yo‘l oldim.
Muqaddam opam xatni o‘qib bo‘lib, undan ko‘zini uzmay o‘tirgan pochchamga uloqtirdi-da, o‘rnidan turib mushtini mushtiga urib ketdi:
— U-u yashshamagur!! U-u chayon! U-u o‘liging lahatta chirigur! Nima qilib qo‘yding?! Nima qilib qo‘yding?! Endi qanday bosh ko‘tarib yuraman? Odamlarga endi nima deyman?!
Indamay o‘tiraverdim. Xatni o‘qitmasdan ilojim yo‘q edi. Haqiqatni bilsin, o‘zi haqidagi gaplarni eshitsin, o‘jarlik, qattiqqo‘llik nimaga olib kelishini ko‘rsin.
— Muncha ezmalanasiz? — o‘shqirdi birdan Muqaddam opa eriga. — Yo o‘g‘il bola qizizzi xatiga ko‘z o‘tmayaptimi?
Beixtiyor pochchamga qaradim. Uning parvoyi falak edi. Aftidan xotinining gaplarini u eshitmasdi. Ko‘zlari xatda yo‘rg‘alar, xuddi O’g‘iloyning lablaridek semiz lablari dam ochilib, dam yopilardi.
Nihoyat u o‘qib bo‘ldi. Menga qarab boshini bir qimirlatib qo‘ydi. Sezdim, qizining qilmishidan u xafa emas edi.
— Ayb o‘zingda, Muqat, — u xatni ehtiyotlik bilan taxlab xontaxta ustiga qo‘ydi. — O’ziga ixtiyor ber, dedim... Quloq osmading. Axir u o‘zing-ku, nahot tushunmasang...
Muqaddam opa burnini jiyirdi.
— Melisaga aytaman, oyog‘ini yerga tegizmay olib kelib beradi.
— Melisani boshqa qiladigan ishi yo‘q, sani poylab o‘tiribdi.
— Nima, butun boshli odam yo‘qoladi-yu, melisa indamay o‘tiraveradimi?
— Qizing yo‘qolgani yo‘q. O’zi o‘z ixtiyori bilan er qilib ketdi.
— Er qilmay o‘lsin! Endi o‘z sakkizga kirdiyu, erga balo bormi?!
— O’zing necha yoshda eding, menga tekkanda?
— Bo‘ldi! Ensamni qotirmang!
Muqaddam opa erini jerkib bergan bo‘lsa ham biroz hovridan tushdi.
Men pochchamni quvvatladim. Hech qayoqqa borishga, umuman, to‘polon qilishga hojat yo‘qligini aytdim. Eng muhimi, o‘sha yigit, Botirali bilan O’g‘iloy baxtlarini topib ketishsin, bola-chaqali bo‘lishsin.
Muqaddam opaning ichini it timdalayotgan bo‘lsa ham rozi bo‘lishdan, alamini ichiga yutishdan boshqa iloji yo‘q edi...
O’g‘iloy aytganini qildi. Oradan chamasi ikki yilcha o‘tganda chaqalog‘ini ko‘tarib eri bilan biznikiga kirib keldi.
— To‘g‘ri shu yoqqa kelyapmiz. Parkatga o‘zingiz olib borasiz, — dedi cho‘pillatib yuzimdan o‘par ekan.
Uning quvnoq chehrasini, ochilib ketgan rangi-ro‘yini ko‘rib, xursand bo‘ldim. Kuyov. bolani o‘z o‘g‘limdek bag‘rimga bosib ko‘rishdim. O’xshatmaguncha uchratmas, deydi xalq. Botirali O’g‘iloydek baland bo‘y, yelkador yigit edi. Qosh-ko‘zining qoraligi bilan ham o‘xshab ketardi.
Ertasiga er-xotinni o‘g‘ilchalari bilan Parkentga olib ketdim. Yetib borishimiz bilan to‘y bo‘lib ketdi. Ketma-ket qozonlar osildi. Muqaddam opa qizini urishish qayoqda, o‘tqazgani joy topolmay qoldi. Botiralining ham xurmatini keltirib, yelkasiga bosh-oyoq sarpo tashladi. Zar to‘n, koverkot kostyum-shim, qora xirom tufli... Chaqaloq bo‘lsa qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketdi.
Xullas ginalar unutildi, hamma narsa joy-joyiga tushdi.
Botirali Namanganda ham o‘qishga kirmabdi. Kechikdingiz, deyishibdi. O’g‘iloy bo‘lsa harakat ham qilmabdi. Ammo ikkovi ham turmushlaridan xursand edi. Botirali duradgor otasining yo‘lini olibdi. Topishi yaxshi. Endigi niyati moshina olish emish. Uning ham yarim puli yig‘ib qo‘yilganmish. Botirali shu gaplarni kattalardek salmoqlanib gapirayotganida O’g‘iloy mehr to‘la ko‘zlarini undan uzmasdi. Qizining rangi-boshi, kiyimidan, qudalari jo‘natgan sovg‘a-salomlardan Muqaddam opa ham bir qop semirib ketgan, boshi osmonda edi. Onaga yana nima kerak?
Shu voqeadan keyin bir yilcha men ularni ko‘rmadim. Qishning o‘rtalarida nevarasini ko‘tarib, Muqaddam opa kirib keldi. U sovuqdan titrardi.
— Isingani keldim, —dedi u ichkariga kirarkan.
— Nima qilib yuribsiz bola bilan sovuqda? — so‘radim u ancha o‘ziga kelganda.
— Botiraliga posilka jo‘natayapmiz. O’g‘iloy o‘shatda haliyam. Bolani shamollatib qo‘ymay, deb men ketvordim.
— Botiraliga nima bo‘lgan? Qayoqda u? — hayron bo‘ldim.
 Muqaddam opa aytib berdi. Yarim yildan oshibdi, Botiralini armiyaga chaqirishibdi. Saratovda uch-to‘rt oycha ushlab, Afg‘onistonga olib ketishibdi. Ikki oydan beri shu yoqda ekan. Muqaddam opam birdan yig‘lab yubordi.
— Afg‘onga olib ketishini bilganimda yo‘lini topardim, jo‘natmasdim armiyaga. G’aflatda qoldim. Bir pasda otlanib jo‘nab ketdi. Tanish-bilish qilib O’g‘iloy posilkaga ruxsat oldi. Kobuldan, elchixonadan qismlariga jo‘natisharmish.
Qorong‘u tushib, xavotir ola boshlaganimizda, O’g‘iloy o‘zi kirib keldi. Tishi-tishiga tegmay qaltirardi. Men hech mahal uni bunday g‘amgin ahvolda ko‘rmagan edim. Buning ustiga anchagina ozibdi, chekkalari chiqib, dahani chuzilibdi. Qo‘limdan kelganicha unga tasalli berdim.
O’sha kuni er-xotin ularni qo‘yarda-qo‘ymay uyda olib qoldik.
Yarim kechagacha gaplashib o‘tirdik. Afg‘onistondagi ahvolni muhokama qildik. Hamma soldatlarning, ular qatori Botiralining ham eson-omon qaytishini Xudodan so‘radik.
Kulfat kelsa, qo‘sha-qo‘sha keladi, deyishadi. Oyda bir xat yozib turgan Botiralidan yozga chiqilganda hech qanday xabar kelmay qo‘ydi. O’g‘iloyning qatnamagan idorasi qolmadi. Oxiri uning bedarak yo‘qolgani haqida rasmiy telegramma keldi. Kobuldan o‘ttiz kilometr ichkarilikda bo‘lgan jangda u bilan yana uch soldat yo‘qolibdi. Qo‘mondonlik qidiruvni davom ettirishga, ularni iloji boricha topishga va’da qilgan edi. O’g‘iloy va’daga ishonib yurdi. Ammo Botiralidan hech qanday darak chiqmadi. Bir yil o‘tganda Moskvaga xat yozdi.
«Hozircha hech qanday ma’lumot yo‘q. Qidiruv davom etyapti», degan javob keldi. O’g‘lining dardi ezib yubordimi, yo kutilmagan kasalga chalinib, shu kasal olib ketdimi, O’g‘iloy Toshkentga kelib harbiy idoralarga qatnab yurganda, qaynotasi olamdan o‘tdi. Hech qaerda ishlamaydigan qaynonasi, bo‘yi yetmagan bir qiz, ikki o‘g‘il bilan chirqirab qoldi. Hamma ma’rakalarni O’g‘iloy o‘zi bosh-qosh bo‘lib o‘tqazdi. O’sha kezlari Afg‘onistondan sovet qo‘shinlari olib chiqila boshlandi. Kimdir O’g‘iloyga Termizga borishni, qaytayotgan harbiylardan Botiralini surishtirishni maslahat beribdi. O’g‘iloy shu maslahatga mahkam yopishib o‘sha kuniyoq Termizga jo‘nadi.
Uning gapi bo‘yicha, shahar yasatilgan, hammayoqda qizil bayroqlar, shiorlar osig‘liqmish. «Do‘stlik» ko‘prigi oldidagi maydonda tumonat odam, go‘yo butun mamlakat shu yerga ko‘chib kelgandek... O’g‘iloy Termizga borishni maslahat berganlar gapi bilan Botiralining katta qildirib qo‘ygan suratini olib ketgan ekan. O’sha yerda tepasiga «Botirali Qodirov. Uni bilgan bormi?» — deb yozdiribdi katta-katta harflar bilan. Shu suratni ko‘tarib ko‘prikka o‘tib olibdi. Tushga yaqin narigi tomondan tanklar ko‘rinibdi. Oyoq ostidagi yer gumburlab ketibdi. Qiyqiriq, yig‘i, to‘polonning cheki yo‘q emish. Maydon bir pasda qiyomat qoyim bo‘lib ketibdi. Kechgacha o‘tibdi tanklar, bronemashinalar. Ammo ularni ustida o‘tirgan soldatlardan birontasi Botiralini bilaman, demabdi.
O’g‘iloy shom kirib mehmonxonaga qaytayotganida, bir ofitser uni to‘xtatibdi.
— Singlim, Botirali Qodirov tirik, asirda, — debdi suratga yana bir diqqat bilan qarab. — Lekin qaerdaligini bilmayman. Kuting, o‘zi darak berib qoladi.
O’g‘iloy qanot paydo qilib, biznikiga uchib keldi. Bir pasda u ilgarigi, sho‘x, o‘ynoqi ko‘z O’g‘iloy bo‘lib ketgan edi. Botiralining tirikligidan biz ham o‘zimizda yo‘q sevindik. Keyin o‘ylab qarasam, Botiralining hayotligini o‘zimiz ham bilardik, faqat e’tibor qilmagan edik, bironta odamning yo idoraning tasdig‘iga muhtoj edik. Jasadi topilmaganidan keyin, halok bo‘lganini hech kim ko‘rmaganidan keyin, qaerda bo‘ladi, asirda bo‘lmay?
— Asirlarni albatta qaytarishadi. Sabr qil, kut endi, — yupatdim o‘zimcha O’g‘iloyni.
— Voy kutmay-chi!? Omon ekan, shuning o‘zi katta baxt menga! — Uning ko‘zlari yana o‘ynab ketdi, qalin lablari nimalarnidir shivirlab titradi.
Uzoq vaqt uni yana ko‘rmadim. Ammo Afg‘onistonga aloqador nima o‘qisam u esimga keladi, ko‘z oldimda Botirali paydo bo‘ladi. Asir tushishga majbur bo‘lganlar oz emas ekan, Ittifoqda ularni qaytarib olish jamiyati tuzilib, Toshkentda ham bo‘limi ochildi. Borib Botiralini aytib berdim. Ro‘yxatlarda u ham bor ekan. «Qidiryapmiz, daragi chiqishi kerak» deyishdi. Aytib qo‘yay deb, Namanganga telefon qildim. Ammo O’g‘iloy ishda ekan. O’zi telefon qilishini kutdim. Qilmadi. Ammo bir haftadan keyin o‘zi o‘yga kirib keldi. Uning yana quvonchi ichiga sig‘masdi.
— Suyunchi bering, tog‘a! — qichqirdi u yo‘lakdan. — Botirali topildi. Pokistonda ekan!
Menga ish qildirmay, dasturxon yozib choy qo‘yarkan, bor gapni aytib berdi. Bir oycha burun toqati toq bo‘lib o‘tirib, o‘zicha mahkamaga xat yozibdi. Bor dardini to‘kib solibdi. Nahotki odam cho‘pdek narsa bo‘lsa, uning qaerdaligini to‘rt yildan beri hech kim bilmasa? — degan achchiq gaplar ham bor ekan xatda. Kuni kecha mahkamadagilar telefon qilib Botiralining topilganini aytishibdi. Keling, deyishibdi.
— Shunga keldim. Ertaga saroyga boraman, — dedi ko‘zlari chaqnab O’g‘iloy. — Bafurja gapirib berisharmish hammasini! Shuncha paytdan beri yozsam bo‘lmasmidi a? Bir oyga qolmay aniqlab berishdi-ya!
Men uni tabrikladim. Botirali qaytib yana baxtli bo‘lib ketishlarini tiladim.
Ertasiga mahkamaga birga bordik. O’g‘iloy bir soat deganda chiqdi. Xomush edi. Nima bo‘ldiykin? Hayron bo‘ldim. So‘ramoqchi bo‘lib og‘iz juftlagan edim, O’g‘iloy qo‘lidagi xatni uzatdi. Shoshib o‘qiy boshladim.
«Murojaatingizga muvofiq ma’lum qilamiz: Sovet armiyasi sobiq soldati Botirali Qodirov, haqiqatan ham, 1987 yilning mayida Qobuldan 30 kilometr ichkarilikdagi Meton temir yo‘l stantsiyasi uchun bo‘lgan jangda asir tushgan. Hozir Qorachi shahridagi xonadonda yashaydi. B. Qodirov Afg‘on mujohidlari asirligi va nazoratida bo‘lgani sababli Pokiston, Sovet Ittifoqi davlatlari hozircha uning ishlariga aralasha olmaydi».
Pokistondagi sovet elchixonasidan kelgan bu xatda boshqa hech narsa deyilmagan edi. O’g‘iloy nimadan xafa bo‘ldi, anglamadim. So‘radim.
— Nega shu paytgacha indamaydi? Tog‘a, buning tagida bir gap bor. Yuragim sezib turibdi.
— Xat yozdirishmagan bo‘lishsa-chi? Nazoratda deyishibdi-ku xatda. — O’zimcha taxmin qildim.
— Bilmadim. — O’g‘iloy yelkalarini qisdi.
— Nima qilasan endi?
— Borib kelaman.
Ko‘z oldimda yana avvalgi O’g‘iloy paydo bo‘lib ketdi.
— Qayoqqa?
— Qorachiga.
— Qanday qilib? — hayron bo‘ldim.
— Bilmadim. yo‘lini topaman. Bormasam tinchimayman. U bilan davlatlar gaplasholmasa, o‘zim gaplashaman.
Uni ahdidan qaytarish, yana kut, o‘zi qaytadi, deyish befoyda edi. Shu uchrashuvimizdan keyin O’g‘iloy uzoq vaqt ko‘rinmay ketdi. Xavotir olib Namanganga telefon qildim. Parkentga borib keldim. Ammo ko‘rolganim, gaplasholganim yo‘q. Bir Moskvaga ketgan, deb eshitdim. Pochcham bilan Muqaddam opam shunga qattiq ishonishibdi. Bir vodiyda to‘plangan san’atkorlar, sport odamlariga qo‘shilib, Mozori Sharifga jo‘nabdi, degan gapni aytishdi.
...Oxirgi safardan qaytganda, uning uxlamay hovlida o‘tirganini sezib qoldim, notinchligi aniq edi. Holidan xabar olishga qaror qilib, ayvonga chiqdim. Qop-qora osmonda yulduzlar miltillar, yarimta oy shunday tepada sarg‘ayib turardi. Ohista hovliga tushdim. So‘ri zixida o‘tirgan O’g‘iloy boshini ko‘tardi. Uning yirik dumaloq ko‘zlari «yalt-yalt» qilardi.
— Uyqungiz o‘chdimi, tog‘a?
— O’zing nimaga uxlamayapsan? Charchadingmi? — savoliga javob bermay so‘radim, yoniga o‘tirarkanman. — Xalaqit bermaymanmi?
— Yo‘q. O’tiring, — u joyidan qo‘zg‘olib qo‘ydi. — Charchadim. Lekin uyqum kelmadi. O’ylab ketdim.
— Nimalarni? Bilsam bo‘ladimi?
— Bo‘ladi, — u jilmaydi. — Masalan, kuyovingizni.
— Botiralinimi?
— Ha. O’shani.
U jimib qoldi. Men esa savolga tutmadim. Anchadan beri yoningda bo‘lmagan suyukli odaming haqida gapirish, uni eslash har doim og‘ir. O’g‘iloy shu ahvolda edi. Nima qilaman azob berib?
Birdan u qaddini rostlab, menga o‘girildi.
— Nega «Pokistonga bordingmi?» — deb so‘ramaysiz?
— Borolmagan bo‘lsang, yarangga tuz sepib nima qilaman? — rostini aytib qo‘yaqoldim.
— Bordim. Bir oy bo‘ldi borib kelganimga!
 Hang-mang bo‘lib qoldim. U rost gapirayotgan edi. Aldab nima qiladi? Faqat men uning tutgan yerini kesadigan, aytganini qiladigan odamligini unutgan edim xolos.
— Qoyilman! Xo‘sh, qalay Botirali? Ko‘rdingmi? Gapir...
— Ko‘rdim. Xuddi mana shundog‘, siz minan o‘tirishganday o‘tirishib gaplashdim...
— Bir o‘zing bordingmi? Qanday qilib bording?
— E, tog‘a, pul bo‘lsa changalda sho‘rva, deyishgani rost ekan. Pul minan borib keldim. Ikki yil burun dadamga sovxoz bergan «Moskvich» mashinamiz bor edi. Qip-qizil loladek mashina. Oyim minan nima qilishimizni bilmay, xunob bo‘lib o‘tirsak, dadam qiyiqlariga o‘rog‘lik bir dasta pulni oldimizga olib kelib qo‘ydilar. «Xotin, umrimda birinchi marta sendan beso‘roq ish qildim. Lekin qizimizning baxti uchun hamma narsaga tayyorman. Mashinani sotib keldim. Borsin o‘sha Pokistonga. Erini ko‘rsin. Iloji bo‘lsa yetaklab olib kelsin!» — dedilar. Oyim urishish qayoqda, sevindilar. Mani bo‘lsa-ku, boshim osmonga yetdi. Biletga, u yoqda bir hafta turishga pul topilganidan keyin qolgan narsa oson ko‘chdi. Afg‘on nogironlari uyushmasidan yordam berishdi. Qorachi uzoqmasakan. Toshkandan to‘rt soatcha uchib bordik. Yo‘lda bir to‘xtab oldik, xolos.
— Kuala-Lumpurda.
— Ha, o‘shatda to‘xtadik. Qaytishda to‘xtamadik. To‘ppa-to‘g‘ri Toshkentga kelib tushdik. Mani konsulxonaning odamlari kutib oldi. Katta shahar endi Qorachi. Hammayoq odam, xuddi chumoli inidan qo‘zg‘olganday... Yo‘qolib qolish hech gapmas. Allambalo moshinada, hozir shunaqa moshinalar Toshkentdayam yuribdi, jajji bir mehmonxonaga bordik. Televizorli bir xonaga joylashdim. Pul to‘lay, desam, keyin deyishdi. Konsulxona odami Afg‘on nogironlari uyushmasining telegrammasini olishgan ekan, kechqurungacha Islomobodga telefon qilib, haligi xat yozgan elchixona maslahatchisidan Botiralining adresini surishtiradigan, keyin meni olib boradigan bo‘ldi. Faqat Botirali bilan o‘zim gaplashishimni, u chetda turishini aytdi. Xo‘p, dedim. Kechqurungacha ancha bor edi, hali peshin ham bo‘lmagan edi. Ko‘chaga chiqdim, «gup» etib issiq havo, ovqat hidi dimog‘imga urildi. Lekin tez ko‘nikib ketdim. Mehmonxona atrofini uch-to‘rt aylanib keldim. Uzoqroq borishga cho‘chidim. Adashib ketib, mehmonxonani yo‘qotib qo‘yishim mumkin. Keyin nomerimga ko‘tarilib, televizor qo‘ydim. Kino ketayotgan ekan. Maza qilib tomosha qildim. Ularning televizori g‘alati. Ertadan kechgacha kino ko‘rsatadi. Kechasiyam uch-to‘rtlargacha tinmaydi. Burasangiz bo‘ldi qulog‘ini, kino ketidan kino ko‘rsataveradi. Bir vagon kino ko‘rib keldim. Me’damgayam tegib ketdi. Bir mahal hammayoq jimjit bo‘lib qoldi. Televizor ham o‘zidan-o‘zi to‘xtadi. Keyin tashqaridan so‘fining ovozi keldi. Derazani ochib quloq soldim. «Ollohu Akbar! Ollohu Akbar!» Ajoyib ashula eshitganday bo‘lib ketdim. Shu zahoti ikkinchi tomondan boshqa so‘fining ovozi keldi: «Ashhadu anna Muhammadan rasululloh!» Uning ovozi ham shirali, yoqimli edi. Keyin tushunib qoldim. Ular peshin namozga chaqirishayotgan edi. Namoz tugagandan keyin yana hayot qaynab ketdi. Moshinalarning ovozi, izvosh aravaga qo‘shilgan otlarning do‘piri quloqni kar qilgudek edi. Bunaqa tomoshani umrimda ko‘rmaganman. Xullas, qanday qilib kech kirganini bilmay qoldim. Dilim ravshan, kayfim chog‘ edi. Shundoq joygaki keldimmi, niyatimga yetishimga, Botiralini ko‘rishimga imonim komil edi. Konsulxona odami aytgan vaqtida keldi. Piyoda boramiz, dedi. Eringiz yaqin joyda turar ekan. Keyin yo‘lni bilib olib o‘zingiz boraverasiz, dedi. Yuragim bir hapriqib ketdi. Xo‘p, dedim. Toshkentdan anchagina tansiq narsalar olib ketgan edim. Ikkita tsellofan paket qilib tayyorlab qo‘yuvdim. Bittasini konsulxona odamiga berdim. Bittasini o‘zim ko‘tarib oldim. Har holda quruq bormagan yaxshi. Yo‘l-yo‘lakay sezdim, konsulxona odami bir narsa demoqchi bo‘ladi-yu, aytolmayapti. Chidolmay, «tinchlikmi?» — deb so‘radim. «Tinchlik, — dedi. — Ko‘rasiz, hozir. U do‘konchi bo‘lib ketgan. «Nima qilsa qilmaydimi, omon ekan, shu katta baxt», — dedim. Konsulxona odami indamadi. Birdan rastalar boshlanib ketdi. Hammayoq meva. Olma deysizmi, apelsin deysizmi, banan, uzum... Shu yerning o‘zida sharbatam qilib turishibdi, apparatga solib... Jannat deysiz, tog‘a, jannat!.. Keyin birdan rasta qatori tamom bo‘lib, gazlama qatori boshlanib ketdi. Voy, ana gazlama, mana gazlama! Umrimda bunaqa mo‘l-ko‘l bozorni ko‘rmaganman. Bir paytlar shoyi, chit, duxoba bizdayam ko‘p edi. Ammo bunaqasi bo‘lmagan!.. Og‘zim ochilib qoldi. Konsulxona odami sal yurganimizdan keyin tirsagimdan ushlab to‘xtatdi. «Endi buyog‘iga o‘zingiz borasiz. Men borolmayman», — dedi. — Istasangiz kutib turaman. Lekin mehmonxonangiz olis emas. Shu ko‘chadan qaytsangiz bo‘ldi. Shunday mehmonxona oldidan chiqasiz», — dedi. Ketavering, dedim. Botirali Qodirov chap tomondagi do‘konlardan birida o‘tiribdi. Do‘kon tepasiga isiriq osib qo‘yibdi, sekin borsangiz o‘tib ketmaysiz, tushuntirdi ketayotib konsulxona xodimi. U aytgandek qilib chap tomonga o‘tib oldim. Bitta-bitta yurib borvotman. Rang-barang matolardan, shoyi, duxoba, tovorlardan ko‘zim qamashib ketvotgan bo‘lsayam, do‘konchilar afti-basharasiga razm solaman. U yerda faqat erkaklar. Ayollar deyarli ishlamasakan. Yosh-yosh yigitlar ko‘pi. Hammasi uzun oq ko‘ylak kiyib olgan, hammasi soqol-mo‘ylab qo‘ygan. Boshlarida yupqa oq do‘ppi. Ko‘ziga ko‘ziz tushishi minam darrov ichkariga taklif qiladi, mollarini maqtab oldingizga taxlab tashlaydi... Yurganim sari yuragim dukullab urib ketyapti. «Hozir ko‘raman uni» deyman o‘zimcha. Hozir u mani ko‘radi. Nima derkin? Man nima deyman unga? Qandoq ko‘rishamiz? Ancha yurdim. Hatto, xavotirgayam tushdim, o‘tib ketdimmi yo yo‘qmi, deb. Yo‘q o‘tib ketmagan ekanman. Bir mahal oldinda bir isiriq osib qo‘yilgan do‘kon ko‘rindi. Beixtiyor to‘xtab qoldim. Iliklarimgacha bo‘shashib ketdi. Do‘kon ichidan bosh-ko‘zi o‘ralgan ikkita xotin chiqishdi. Ular ketidan do‘konchi ko‘rindi. Uniyam egnida uzun oq ko‘ylak. Boshida to‘rto‘ppi. Qopqora soqoli ko‘kragiga tegib turibdi. U ayollarga nimadir dedi. Ayollar bosh irg‘ashdi. U birpas ular ketidan qarab turdi, keyin ichkariga kirib ketdi. Tanidim. Soqol-mo‘ylov qo‘ygan, uzun ko‘ylak kiyib olgan bo‘lsa ham, ovozini eshitmagan bo‘lsam ham tanidim. Gavdasidanmi, yo‘g‘on bo‘ynidanmi, lapanglab yurishidanmi, bilmadim, ishqilib tanidim. Botirali. Yig‘i zanjir bo‘lib kelib og‘zimga tiqildi. Mahkam og‘zimni ushladim. Do‘konga yaqinroq bordim. Botirali yo‘q edi. Uni endi yo‘qotmasligimni bilsamam, ozgina xavotirga tushdim. Ichkarida eshik bor ekan. Bir mahal o‘shayoqdan bir to‘p gazmol ko‘tarib chiqdi. Mani ko‘rdi. Manam unga qarab turibman. Gazmolni devorga tirab ko‘ydi-da, ro‘paramga keldi. «O’g‘iloy!?» — so‘radi ko‘zlarini tikib. «Manman, Botiralaka!». Shundoq dedimu, bag‘riga otilib to‘yib yig‘lagim kelib ketdi. Ammo o‘zimni ushlab qoldim. Begona yurtda, g‘irt musulmonlar ichida bo‘lsam-da, erkak odamga o‘zimni tashlab o‘tirsam?! Kuyovingizam o‘zi quchog‘ini ochmadi. Hatto joyidan qimirlamadi. Ichimda o‘ksindim. Yutinib, o‘zimga kelvoldim-de, qo‘limni uzatdim. «Sizni topganimdan xursandman!» — dedim. «Rahmat» dedi. Seni kutgan edim, dedi. Hayron bo‘lib qoldim. Tushuntirdi. Seni yaxshi bilaman, dedi. Tirikligimni, qaerdaligimni eshitishing bilan yo‘lini topib kelishingga ishonardim, dedi. Bu bilan u mani maqtadimi, yo norizo bo‘lib gapirdimi, anglamadim. «Qani, o‘tiraylik», — u do‘konning qamish pardasini tushirib yopdi. Oldimga kursi qo‘ydi. O’zi kigiz ustiga chordona qurib, qo‘llarini fotihaga yozdi. «Qani omin, qadam yetdi, balo yetmasin. Xudoga ming qatla shukur, diydor ko‘rishdik!» U yana nimalarnidir shivirlab qo‘llarini yuziga surtdi, mo‘mdek qora qalin soqoli, mo‘ylovini siladi, keyin menga qaramasdan o‘rnidan turdi. Indamay ichkaridagi eshiqdan qayoqqadir g‘oyib bo‘ldi. Anchagacha yolg‘iz qoldim. Do‘konga boshqatdan razm soldim. Mol ko‘p edi. To‘rttala tomonga taxlab tashlagan. Faqat kiraverishdagi bir quloch yergina ochiq. Ko‘pi ipak mol. Hayron bo‘lib o‘ylab ketdim. Bu qanaqa asirlik bo‘ldi? Shuncha molni, shundoq do‘konni asir odamga kim topshirib qo‘ydi? Asirmi o‘zi Botirali? Man sizga aytsam, tog‘a, uni soppa-sog‘, hatto anchagina to‘lishib ketganini ko‘rib xursand bo‘lgan bo‘lsam, nimadandir ko‘nglimning bir chekkasi g‘ash edi. Asir odamni qamoqxonada o‘tiradi, ishga olib chiqsa yon-verida soqchilar turadi, deb o‘ylagan edim. Botirali bemalol yuribdi. Kiyim-boshi yaxshi, rangi-ro‘yini aytsangiz, hozirgina hammomdan chiqqan odamday oqi-oq, qizili-qizil. Ha, aytganday, bir qo‘lida tag‘in allambalo tasbeh. Qopqora, xuddi qo‘yning ko‘zidek har bir toshi. Xullas, asir odamga o‘xshamasdi...
Katta patnis ko‘tarib oyoq yalang bir bola ichkaridan chiqdi. Patnisni oldimga qo‘yib, menga qaradi-da, jilmayib nimadir, dedi. Nima deganini bilmasamam tushundim. Dasturxonga taklif qildi. Qand-qurs, qatlamaga o‘xshagan non, temir choynakda choy, qaynoq sut olib kelgan edi u. Boshimni qimirlatib rahmat, dedim. U jilmayganicha chiqib ketdi. Anchadan keyin Botirali qaytib keldi. Ro‘paramga o‘tirib non sindirdi, dam yegan bo‘lsa ham choyni ikki-uch marta qaytardi. Boshini ko‘tarmay kichkina-kichkina taqsimchalardagi shirinliklarni manga yaqinroq surib qo‘ydi. Sezyapman, nimadandir xijolatda. Qahraboday achchiq bo‘b ketgan choydan quyib uzatar ekan, qo‘liyam qaltirab ketayotganini ko‘rdim. Indamay men unga, u menga tikilganimizcha qancha o‘tirdik, bilmayman, bir mahal u xo‘rsinib boshini ko‘tardi. Jiqqa yoshga to‘lgan ko‘zlarini manga tikdi. «Meni kechir, O’g‘iloy, — dedi. — Men ilgarigi Botiralimasman». «Ha, o‘zgarib ketibsiz, — dedim hazilga olib. — Soqol-mo‘ylov yarasharkan sizga». Shundoq dedimu, u boshqa narsani nazarda tutayotganini tushundim, tog‘a! U u yoqda uylanvolgan ekan. Ikkita bolasi bor ekan. Do‘kon — xotinining do‘koni ekan!..
O’g‘iloy birdan jimib qoldi. U yig‘lardi. Ammo ovutmadim, to‘xtatmadim. Nima deb ovutaman? Yig‘lasin, o‘ziga erk berib dilini bo‘shatsin. Tavba, urush odam boshiga qanday kulfat, tashvishlarni solmaydi? Lekin O’g‘iloyning boshiga tushgan tashvishlarni men sira xayolimga ham keltirmagan edim...
— Qiziq-a, tog‘a? — xuddi dilimdagini bilgandek so‘radi bir mahal O’g‘iloy anchagina o‘zini tinchitib olib. — Mani yaxshi ko‘rib, olib qochib ketgan yigit qo‘sh xotinli bo‘lib o‘tirsa? Suyumli xotinini kundoshli qilib o‘tirsa?!
— Nega bunday qilibdi? So‘ramadingmi? 
 O’g‘iloy entikib jilmaydi.
— So‘ramadim. O’zi aytib berdi.
Qobul yaqinida ularning bo‘limi qurshovda qolibdi. Ko‘pchilik qutilib chiqib ketibdi. To‘rt kishi chekinish haqidagi buyruqni eshitmay asir tushib qolishibdi. Tog‘ oralab ketishayotganda biznikilar hujumga o‘tibdi. Samolyot dushmanni o‘qqa tutibdi, bomba tashlabdi. Shu jangda asir tushganlarning uchtasi halok bo‘libdi. Tasodifan Botirali omon qolibdi. Jang tugaganidan keyin o‘rtoqlarini o‘zi ko‘mibdi. Uni Hasan-Husan afg‘onlar asir olgan ekan. Kattalari, Yoqubbek degan general Botiralini butunlay ularga berib yuboribdi. Hasan-Husanlar avval uni Pokiston chegarasiga olib borishibdi. Shu yerda, bir qishloqda uy-joylari bor ekan. Ekin ektirishibdi. Buzilgan uylarini tuzattirishibdi. Botiralining qo‘li gulligini ko‘rib, keyin musulmonligini e’tiborga olib, singillarini unga nikohlab berishibdi. «Uylanmasang, o‘ldirib yuboramiz» deyishibdi. Botiralining rozi bo‘lishdan boshqa chorasi qolmabdi. U uylanib, ozgina ko‘nikishgandan keyin, erkin yura boshlagandan keyin qochmoqchi ekan. Ammo iloji bo‘lmabdi. Hasan-Husanlar unga mahkam yopishib olishibdi. Keyin Qorachiga olib ketishibdi. Otalaridan qolgan uch-to‘rtta do‘konlari bor ekan, bittasini unga berishibdi.
Ketma-ket bolalar paydo bo‘libdi. Botiralining o‘zi ham shu turmushga ko‘nikib qolibdi.
— Bolalariniyam, xotininiyam ko‘rdim, — dedi O’g‘iloy yana jilmayib. — Botirali hikoyasini tugatib, ichkariga ishora qildi. Qarasam, eshik oldida yuziga qora ro‘mol tutgan bitta ayol turibdi. Ikkala ko‘zi cho‘g‘ning o‘zi. Manga yovdek qarab turibdi. Qo‘lida bola. Kattasiyam sho‘ttayakan. Onasining ko‘ynagiga bekinib olgan. «Xondamir!» deb chaqirdi Botirali. Bola onasining ko‘ylagini qo‘yib yuborib, Botiralining oldiga uyalib, bitta-bitta qadam tashlab keldi. Botirali uni bag‘riga bosib, o‘z tilida nimadir dedi, peshonasidan o‘pdi. Xo‘rligim kelib ketdi. Baxtiyorni kim endi bag‘riga bosadi? Kim peshonasidan o‘padi? Ammo ezilganimni ko‘rsatmadim. Qaytanga kulib, bolani men ham quchog‘imga oldim. O’rnimdan turib, xotinga salom berdim. Munir ekan nomi. Keyin olib kelgan sovg‘alarimni ochdim. «Oyimlarning patirlari-ku!» sevinib ketdi Botirali. Xotinini chaqirdi. Qo‘lidagi bolayam o‘g‘il ekan. Bobur qo‘yishibdi, otini. Sakkiz oylik bo‘libdi. Qo‘limga oldim. Polvon bola. Qosh-ko‘zlari xuddi otasining o‘zi. Faqat qop-qora. Peshanasidan o‘pdim. Botirali patirdan ushatib hammaga bir burda, bir burdadan ulashdi, chaqaloqning qo‘ligayam tutqazib qo‘ydi. Ayol bir tishlam og‘ziga soldi, ammo baribir yov qarashini qo‘ymadi. Shu orada do‘kon pardasini ko‘tarib ikki kishi kirdi. Hasan-Husanlar ekan. Dushmanlar deganda man o‘zimizni kinolarda ko‘rsatgan bosmachilarni ko‘z oldimga keltirardim. Tuppa-tuzuk odamlar ekan, faqat ular ham menga g‘alati qarashdi. Aftidan hadiksirashdi. Botirali uzoq yo‘q bo‘lib ketganda mening kimligimni aytgan ekan xotiniga. Xotini darrov akalariga xabar bergan. Bechoralar mani erini olib ketgani kelgan deb o‘ylashgan bo‘lsa kerak. Shuning uchun ham uchchalovi bezovta edi. Ular-ku mayli, Botiraliyam notinch edi. Rostini aytsam, meni o‘zimam g‘alati ahvolda edim. Kimman o‘zi? Kimlarning orasida o‘tiribman? Nima qilishim kerak? Hasan-Husanlar kelgandan keyin gapimiz butunlay qovushmay qoldi. Men Botiraliga otasining olamdan o‘tganini aytdim. Yashirib nima qilaman? Uchchala erkak qur’on o‘qishdi. Gap yana uzildi. Ketishim kerakligini sezib, o‘rnimdan turdim. Shunda butunlay ketayotganimni bildim. «Meni kechir. Kechiringlar hammang» — dedi yana do‘kondan chiqqanimda Botirali. Indamadim. Adresimni so‘rovdi, berdim. Do‘kondan o‘n qadamcha uzoqlashganimdan keyin o‘zimni tutolmadim, yig‘lab yubordim. Mehmonxonaga kelib yana yum-yum yig‘ladim. Ertalab konsulxona odami telefon qiluvdi, imkoni bo‘lsa tezroq jo‘natib yuborishni so‘radim. Toshkentda qo‘nib o‘tadigan samolyot bor ekan, shunga biletimni to‘g‘rilab berdi. Mehmonxonada Botiraliga atab kichkina xat qoldirdim. Mabodo kelsa berib qo‘yishadi. «Botirali! Xayr, — deb yozdim. — Mendan xavotir olmang. Sizni hech qachon bezovta qilmayman. Munirbonu bilan qo‘shaqaringlar. Bolalaringizning rohatini ko‘ring. Sobiq umr yo‘ldoshingiz O’g‘iloy». O’sha kuni kechqurun yo‘lga chiqdim. Botiralidan xafamasman. Kim biladi, shundog‘ qilmasa omon qolmasmidi? Qancha odam o‘sha Afg‘onda nobud bo‘lib ketdi! Faqat Baxtiyorga achinaman ba’zan. Otasi bo‘laturib otasiz o‘svotti. Mayli, katta bo‘lganda o‘zi hamma narsani, tirikchilik, hayot nimaligini tushunib olar. Balki, otasi minam diydor ko‘rishar? O’sha endi pokistonlik, ota bir ona boshqa ukalari minam bordi-keldi qilib ketar? Qarshimasman, qaytanga xursand bo‘laman. Negaki, bolaligida otasining diydoriga to‘ymagan o‘g‘lim bechora, katta bo‘lganda to‘ysin... Munirbonu, kundoshimgayam, Hasan-Husan akalarigayam tariqchalik ginam yo‘q. Faqat, tog‘a, ikkinchi xotin bo‘lolmayman, kattasi bo‘lsamam. Erning qosh-qovog‘iga qarab yasholmagan odam, qandog‘ qilib kundoshga chidaydi? Fe’limam, qonimam isyon qilib yuboradi. Botirali uyoqda nikohlab olgan xotini, ikkita qo‘g‘irchoqday bolasi, hovli-joy, do‘koni borligini, qaytish niyati yo‘qligini o‘zimmi oyim minam dadamga aytib berdim. Oyim fig‘on bo‘lib uni qarg‘adila, urishdila, unga qo‘shib maniyam urishdila. Etganimni qilganingda boyvuchcha bo‘lib yurarding, dedila. Ammammi o‘g‘li, haligi, chayqovchi, «Mersedes» oganmish, ikki qavatli dang‘illama uy qurvotganmish. Kuldim. Manga Botiralidan bo‘lak hech kim, hech narsa kerakmasligini haliyam tushunmabtila. Qaynonamga, umuman, boshqa hech kimga rostini aytmadim. Rostini bilishsa, ketib qoladi, deb mendan xavotir olishadi. Qandog‘ ketaman? Qaynonam kasalvon odam, uydan chiqmaydi. Ikkala qaynim hali, usta qo‘lida. Ota kasbini tanlashgan. Shundog‘ kursila, xontaxta qilishadiki, xuddi muzey deysiz! Ikki-uch yildan keyin katta bo‘lib, o‘zlik-o‘zi shovut olishadi. Ana o‘shanda akalari nima qilib yurganini bilishsa-bilishar. Qaynisiynimam institutni bitirsin. Ungacha kim qaraydi ularga, man qaramasam? Hammalariga sog‘-salomat yuribdi, dedim. Ammo asir, dedim. Hech qayoqqa shahardan chiqib borolmaydi, hech kimga xat yozolmaydi. Yaqinda muzokara bo‘larmish. Asirlarni qaytadan masalasi o‘shanda ko‘rilarmish. Hammalaringizga ko‘pdan-ko‘p salom, deb yubordi, dedim. Ishonishdi... Lekin, tog‘a, bir narsaga hech tushunolmayman. Pokistonga borib kelganimam, Botiralini ko‘rganim, o‘sha yoqda u boshqa turmush qurib ketganiyam xuddi tushga o‘xshaydi. Odamni ezadigan, yig‘latadigan tush... Hech ishongim kelmaydi. Hamma ko‘rganlarim yolg‘onga o‘xshaydi. Namangandayam, Parkatdayam eshik lang ochilib, Botirali kirib kelayotganday bo‘laveradi. Kelib Baxtiyorni ko‘taradi, bo‘yniga o‘tqazadi. Mani bag‘riga bosib, boshimdan o‘padi... O’yib-o‘yib bilagimni chimchilasamam ko‘z oldimda paydo bo‘laveradi... Bilaman, Pokistonga borib kelganim tush emas, haqiqat. Baribir ishongim kelmaydi. Tush deyman. Tush-a, tog‘a?
O’g‘iloy ko‘zlari yaltirab menga qaradi, keyin boshini ko‘kragimga qo‘ydi. Javobning unga keragi yo‘q edi. Shunday bo‘lsa ham o‘zimcha uni yupatmoqchi bo‘ldim.
— Yoshsan. Turmushing hali yaxshi bo‘lib ketadi. Ajab emas, yaxshi bir odamni uchratasan hali...
— Botirali bitta, tog‘a, — dedi u boshini ko‘tarib.
 Bahslashgim, gapini ikkita qilgim kelmadi. Anchagacha asta-sekin so‘nayotgan yulduzlar, oqarayotgan tun sukunatiga quloq solib o‘tirdik.
Tonggi g‘ira-shirada O’g‘iloy Namanganga jo‘nadi. Katta ko‘chagacha kuzatib chiqdim. U taq-tuq qilib, shaxdam-shaxdam qadam tashlab borar ekan, orqasidan uzoq qarab turdim. Mening o‘g‘ilbola jiyanim, jigarim, bu o‘zgaruvchan, notinch hayotda shu yurishing yo‘qolmasin, omon bo‘l!

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.