OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

O‘lmas Umarbekov. Nomus (hikoya)

Zumrad tungi smenadan qaytganiga qaramay, erta turdi va beixtiyor yoniga qaradi. Muniraning o‘rni bo‘sh edi. Hozirgina turgan bo‘lsa kerak, yostiq, choyshabi g‘ijim.
U xalatni kiyib, uzun, yelkalari bilan bitta bo‘lib turgan qo‘ng‘ir sochlarini o‘rganicha, hovliga tushdi. So‘ri tagida yuziga ko‘rpa tortib onasi Risolat xola uxlardi.
U taxta zinani lopillatib ariq labiga tushdi. Ichki ko‘ylagini lipasiga qistirib olgan Munira oppoq, kelishgan oyoqlarini yuvardi.
— Ha, muncha erta? — Munira yuziga tushib turgan nam sochlari orasidan o‘rtoriga qaradi. — Kecha seni rosa kutdim!
— Ha? — Zumrad ariq labidagi xarsang ustiga engashdi.
— Kecha anavi... Karim yana keldi. Gulistonga olib ketaman, deydi. Uch xonali kvartira berishibdi.
— Nima, biznikiga sig‘may qoldingmi? Munira «uh» tortdi.
— Tushunmaysan-da, tushunmaysan. Gap uyda emas.
— Nimada bo‘lmasa? Yaxshi ko‘rmayman, deyatuvding-ku?
— Qaydam... Kecha ko‘zimga yana boshqacha ko‘rinib ketdi. — Munira yuvinayotgan o‘rtog‘ining yoniga o‘tdi.
— Bilasanmi, sizdan boshqa hech kimim yo‘q, sizdan boshqa hech kimga uylanmayman, deydi. Keyin aylandik...
— O’pishgan hamdirsan? Munira kuldi.
— Ozgina... Bechora nuqul titraydi.
— Anavi, Zokir nima bo‘ladi?
— Injenermi? Voy, unga nima bo‘lardi? Bir-ikki marta kinoga bordik, xolos. Ketaveraymi? Nima deysan?
— Qayoqqa?
— Qayoqqa bo‘lardi, Gulistonga-da?!
— Ehtiyot bo‘l, qiz! — dedi Zumrad. — Tag‘in kuyib qolma!
— Sen faqat shuni bilasan. Ehtiyot bo‘l, ehtiyot bo‘l! — Munira burnini qiyshaytirib, o‘rnidan turdi. — Qari qiz bo‘lib o‘tib ketaymi! Qari qiz, qari qiz, yigitlardan nari qiz!..
Ko‘p o‘tmay tepadan, hovli tomondan uning sho‘x kulgisi va Risolat xolaning bo‘g‘ilib jerkigani eshitildi.
Zumrad Munirani o‘z uyiga olib kelganiga yil bo‘lib qoldi. Ikkalovi bitta parkda ishlardi, ikkalovi ham haydovchi edi, lekin bir-birini yaxshi bilishmasdi. Yangi yilni bir joyda kutishdi-yu, oralaridan qil o‘tmaydigan bo‘lib qoldi.
Muniraning hech kimi yo‘q, otasi yoshligida o‘lib ketgan, onasi ham uch-to‘rt yil burun qazo qilgan edi. Quvnoq, dilidagi tilida turadigan, sap-sariq, yuz-ko‘zini qalin sepkil bosgan qiz Risolat xolaga ham yoqib qoldi.
— Qiz bola narsa kap-katta hovlida yolg‘iz turasanmi? Biznikida yashayver, — dedi bir gal qizi bilan kelganida.
Munira ko‘ndi.
Zumrad ko‘p jihatdan unga havas qilardi. Kelishgan, oppoq, yirik ko‘zlari xuddi tiniq osmonga o‘xshaydi. Ochiq ko‘ngil. Jahli burnining uchida tursa ham kek saklamaydi. Keyin u bilan sira zerikmasdi. Ychi to‘la gap. Qanchadan-qancha kechalarni u bilan mijja qoqmay o‘tkazgan. Kecha ham ertaroq kelganida, azongacha uxlatmasmidi, o‘sha Karimini gapirib chiqarmidi?
Zumrad yuvinib bo‘luvdi hamki, tepadan o‘rtog‘i qichqirdi:
— Bugun Karaklaichga boramiz. Bo‘ptimi?
— Bilet bormi?
— Karim uchta bilet bilan poylab turadi.
— Yana Karim? — jahl bilan dedi zinadan ko‘tarilarkan Zumrad. — Bechoraning boshini aylantirib nima qilasan?
Munira o‘shshaydi.
— Ayb o‘zida. Kelmasin bo‘lmasa!
Zumrad o‘rtog‘ini jerkib bermoqchi edi, gapi og‘zida qoldi. Yo‘lakda o‘rta bo‘yli bir kishi turardi.
— Qara!
Zumrad o‘rtog‘iga shunday dedi-yu, shoshib uyga kirib ketdi va darrov yuz-qo‘lini artib, sochini taray boshladi. Munira kirdi.
— Seni so‘rayapti.
— Kim ekan?
— Bilmadim. Senda zarur ishi bor emish, taniysanmi?
— Birinchi ko‘rishim, — dedi Zumrad.
— Shunday de? — Munira ayyorona jilmaydi. — Tanimagan odamning zarur ishi bo‘larmidi? O’zi yomon emas, qariroq demasang...
— Ovozingni o‘chir! — urishdi Zumrad. Urishdi-yu, negadir ko‘ngli g‘ash bo‘lib ketdi. — Oyim qani?
— Nonga chiqib ketdilar. Yur, kutib qoldi.
Ular hovliga tushishdi. Begona odam so‘ri tagidagi kursida o‘tirardi. Qizlarni ko‘rib, o‘rnidan turdi.
— Salom, keling, — dedi Zumrad unga yaqinlashib.
— Sizda ishim bor edi...
— Marhamat, — Zumrad kursiga ishora qildi.
— Kechirasiz, — begona kishi iymanib gapirdi, — agar mumkin bo‘lsa, yolg‘iz gaplashsak...
— Mening hech qanday sirim yo‘q, — Zumrad o‘rtog‘iga qaradi. — Bemalol...
— Tushunaman, lekin iltimos.
— Uyga kira qolinglar bo‘lmasa, — taklif qildi Munira.
— Xohishingiz, — yelkalarini qisdi Zumrad va mehmonni uyga boshladi.
— Yana, kechirishingizni so‘rayman, — dedi begona kishi ular mehmonxonaga kirib o‘tirishgach, — mening aytadigan gapim faqat sizga tegishli.
— Qulog‘im sizda, — dedi Zumrad hamon hech narsaga tushunmay, lekin negadir yuragini vahm bosib. — Tinchlikmi o‘zi?
— Tinchlik, — dedi begona kishi. — Men advokatman. — U familiyasini aytdi va epchillik bilan cho‘ntagidan hujjatini olib ko‘rsatdi. — Komil Mirzaev degan odamni tanisangiz kerak? Aspirant, fizik.
— Ha, taniyman... tanir edim, — dedi tutilib Zumrad va qizarib ketdi.
— Bilaman, hozir u bilan hech qanday aloqangiz yo‘q, — gapida davom etdi advokat. — Lekin bir vaqtlar yaxshi do‘st edinglar. Shunday emasmi?
— Ha, bir vaqtlar shunday edi, — dedi Zumrad, hamon yuragini hovuchlab. — Nima gap o‘zi?
— Gap shundaki, singlim, — advokat fikrini ifodalash uchun so‘z qidirgandek, bir oz o‘ylanib qoldi, keyin dedi: — Gap shundaki, Komil qamoqda yotibdi.
— Qamoqda? — hayron bo‘ldi Zumrad.
— Ha, qamoqda. Bugun roppa-rosa bir oy bo‘ladi.
— Nega? Nima qildi? — xavotirlanib so‘radi Zumrad.
— Uni bezorilikda ayblashyapti.
— Bezorilikda? — hayratga tushdi Zumrad.
— Ha, bezorilikda, — dedi advokat va qora portfelidan qandaydir qog‘ozlarni olib stolga qo‘ydi. — Uch kishi bo‘lib bir mo‘ysafidni urishibdi. Mo‘ysafid og‘ir ahvolda yotibdi.
— Bunday bo‘lishi mumkin emas, — dedi Zumrad qat’iy ohangda. — Komil bunaqa odam emas. U juda yovvosh, keyin...
— Bilaman, Komil bunaqa odam emas, — tasdiqladi advokat. — Lekin bir kampir shu yigit ham bor edi, deb guvohlik beryapti.
— Ishonmayman! — Zumrad o‘rnidan turib ketdi, — Komil bezori? Yo‘q, bu anglashilmovchilik.
— To‘g‘ri, — dedi advokat. — Men ham shu fikrdaman. Ammo buni isbotlash kerak. Isbot uchun esa qo‘limizda asos yo‘q.
— Mendan nima istaysiz? — so‘radi Zumrad.
— Sizdanmi?.. — advokat unga tikildi. — Sizdan yordam. Uni faqat siz qutqara olishingiz mumkin.
— Men?! — qoshlarini chimirdi Zumrad. — Qanday qilib?
Advokat xonaga shoshib ko‘z yugurtirdi, eshikka qaradi. Hech kim yo‘qligiga ishonch hosil qilgach, Zumradga o‘girildi:
— O’sha kuni, shu xunuk voqea yuz bergan kuni, u ... ya’ni Komil siz bilan bo‘lgan...
Zumradning ichida bir narsa uzilgandek bo‘ldi.
— Qaysi kuni? — bo‘g‘ilib so‘radi u.
— Shu yil 18 may kuni. Komil shunday dedi. Mana o‘z qo‘li bilan yozgan qog‘oz.
Zumrad beixtiyor advokat uzatgan qog‘ozni oldi, lekin o‘qimadi, bo‘shashib stul suyanchig‘iga o‘zini tashladi. Uning peshanasi, labining ustini ter qoplagan, ko‘z oldi qorong‘ilashgan edi.
— Sizga nima bo‘ldi? — shoshib so‘radi advokat.
— Hech nima, — dedi sekin Zumrad va ko‘zlarini yumdi. ... Mana, bir kunlik quvonch, bir kunlik baxtning oqibati... u, negadir, shunday bo‘lishini, xunuk bir voqea yuz berishini sezgan edi, lekin bu voqea shunchalik tez va shunday xunuk namoyon bo‘lishini kutmagan edi.
U Komilni yaxshi ko‘rardi, bir ko‘rishdayoq yaxshi ko‘rib qolgan edi. Qish edi o‘shanda. Qor gupillab yog‘ar, avtomat cho‘tka trolleybus oynasini tozalab ulgurolmas edi. Peshinda boshlangan qor kechgacha tinmadi, qaytanga zo‘raydi. Oldinda hech narsani chiroq yoqib ham ko‘rib bo‘lmay qoldi. Beshyog‘ochdan o‘tganda, duga chiqib ketdi. Zumrad dugani solib, trolleybusga chiqqanida antiqa kubanka kiygan bir yigitdan boshqa hech kim yo‘q edi.
Yigit unga qarab jilmaydi.
— Sizdan qo‘rqishdi, — dedi u.
— Siz-chi? — kinoya bilan so‘radi Zumrad. — Qo‘rqmaysizmi?
— Sizni yolg‘iz tashlab ketishdan qo‘rqaman.
Zumradning ensasi qotdi. Bunday suyuq gaplarni u kun bo‘yi juda ko‘p eshitardi. Lekin hozir yokdi, yigitning gapida bachkanalik sezmadimi, yelkasini qoqib, kabinaga o‘tdi. Tormozni bo‘shata turib, bo‘yog‘i ko‘chgan oyna devordan orqasiga qaradi. Yigit unga ko‘zini qisib ko‘ydi. Zumrad pedalni bosdi. Oldinda Bo‘zsuvning qiya ko‘prigi ko‘rindi. «Qiziq, — xayolidan o‘tkazdi Zumrad. — Qayoqqa ketayotgan ekan? Uyigami yo qizi bilan uchrashganimi? Qizi bo‘lsa kerak. Ha, bunaqa kelishgan yigitlarning qizi bo‘lmay iloji yo‘q».
Zumrad beixtiyor yon oynaga qaradi. Dumaloq yuzi telpak ostida battar dumaloq bo‘lib ketgan, juda semiz, qip-qizil shirmoy nonga o‘xshardi. «Albatta uning qizi shuba kiysa kerak, — o‘yladi yana Zumrad. Innaykeyin etik kiysa kerak, anavinaqa, yaltiroq etiklardan, piyma emas. Qani yetti soat shu sovukda piymasiz o‘tirib ko‘r-chi! — u xo‘rsindi-da, yana orqasiga ko‘z qirini tashladi. Yigit joyida o‘tirardi. — Qaerda tushar ekan? Hoynahoy, To‘qimachilar kombinatida. Kinoteatr oldida uchrashishadi. Yangi kino ketyapti. Frantsuzcha. «Erkak va ayol». Yaxshi deyishyapti. Ko‘rish kerak».
Zumrad Shota Rustaveli ko‘chasiga burilib, non do‘koni oldida to‘xtadi.
— Sotsgorodok. Keyingi ostanovka «To‘qimachilar kombinati», — u mikrofonga shunday deb, qo‘shib qo‘ydi: — «O’zbekiston» kinoteatri.
— Rahmat! — salondan yigitning sho‘x ovozi eshitildi.
Zumrad jilmaydi va alam bilan o‘zicha dedi: — «To‘g‘ri topibman. Kinoga kelibdi. Qizi, albatta, kutayotgandir?»
Qor birdan tindi. Nam asfalt sovukdan qotib, g‘adir-budir bo‘lib qoldi. Zumrad soatiga qaradi. Smena tugabdi. Eski Jo‘vaga yetib olsa, bo‘ldi. Samad aka o‘tiradi rulga. Har holda erkak, yaxmalakdan qo‘rqmaydi.
U shu xayol bilan bo‘lib yigitni unutdi. To‘qimachilar kombinati oldida uch minutcha turib, yana yo‘lga tushganda, beixtiyor orqasiga qaradi. Qay ko‘z bilan ko‘rsinki, yigit hamon o‘sha joyda, o‘rtadagi deraza yonida o‘tirardi. Yo‘lovchilar oz, besh-oltitagina odam chiqqandi, xolos. Zumrad sevinib ketdi.
— O’rtoq passajirlar! Trolleybus Eski Jo‘vaga boradi. Bilet olishni unutmang! Yaxshi yigit! — dedi u jo‘rttaga ovozini baland qilib mikrofonga. Salonning oxirida
o‘tirgan yosh bir yigit alanglab o‘rnidan turdi. — Yo‘q-yo‘q, siz emas, — Zumrad uni tinchitdi. — Uchinchi qatorda, deraza yonida o‘tirgan yo‘lovchi! — yigit qo‘lini ko‘kragiga bigiz qilib qadadi. — Ha, siz! Boyagi biletingiz eskirdi. Yangi bilet oling. Maydangiz bo‘lmasa, abonement olishingiz mumkin.
Yigit o‘rnidan turib cho‘ntaklarini kovladi, keyin uning oldiga kelib, kabinaga boshini suqdi.
— E’tiboringiz uchun rahmat, — dedi u oppoq tishlarini ko‘rsatib. — Unutib yubordingiz deb o‘ylovdim.
— Uchrashmadingizmi? — so‘radi Zumrad.
— Kim bilan?
Zumrad «qizingiz bilan» demoqchi edi, o‘zini tiydi.
— Uchrashadigan odamingiz bilan.
— Uchrashadigan odamim siz.
Zumrad unga yalt etib qaradi. Yigit jilmayganicha eshikka suyanib turaverdi.
— Hazilingizni qo‘ying. Men ishdaman.
— Yigirma minutdan keyin ishingiz tugaydi. Ungacha kutaman. — Yigit shunday deb, uch so‘mlik pul uzatdi.
— Hammasigami? — so‘radi Zumrad pulni olar ekan.
— Ixtiyoringiz, — dedi yigit. — Faqat unutmang, hali studentman.
Zumrad bitta abonementni yirtib, qolganini pul bilan qaytardi.
— Kelishdik-a? — so‘radi yigit. — Kutaman.
— Xalaqit beryapsiz? — jerkib berdi Zumrad. Yigit joyiga borib o‘tirdi.
Zumradning butun vujudini quvonch, g‘ulg‘ula qopladi. Shu quvonch, g‘ulg‘ula bilan Eski Jo‘vaga yetib kelganini ham payqamadi.
— Sovqotdingmi, qizim? — so‘radi Samad aka kabinaga ko‘tarilib.
— Unchalik emas, — dedi Zumrad shoshib unga kalitni berarkan.
— Ha, endi sovuq tushdi. Yaxmalak otadiganga o‘xshaymiz.
— Xayr, ehtiyot bo‘ling!
Zumrad trolleybusdan sakrab tushdi. Shu zahoti oldida o‘sha yigit boyagidek jilmayib, paydo bo‘ldi.
O’sha kuni yigit uni uyigacha kuzatib qo‘ydi. Ismi Komil ekan. Universitetning beshinchi kursida o‘qir ekan. Anchadan beri Zumrad bilan tanishmoqchi ekan. Nihoyat, bugun axd qilibdi.
Ular ertasiga uchrashishdi. Komil uni «O’zbekiston» kinoteatriga, «Erkak va ayol» filmiga olib tushdi. Zumrad tsigeyka shubasini, qizil etigini kiydi. Filmning o‘rtasida, qahramonlar sevgisi eng oliy nuqtaga chiqqanda, Komil qizning tizzasiga qo‘lini ohista qo‘ydi. Qo‘li yonardi. Qorong‘i bo‘lsa ham, Zumrad, qizarib ketdi. Filmdan so‘ng, g‘arch-g‘urch qor bosib, piyoda uyga ketishdi.
Komil indiniga ham keldi, undan keyin ham. Ular har kuni biron yoqqa borishar yoki piyoda tinch, odam siyrak ko‘chalarni aylanishardi.
Zumrad baxtli edi. Qizidagi o‘zgarishni ko‘rib Risolat xola o‘zida yo‘q shod edi. Har kuni Zumrad ishga ketishi bilan, sandiqlarini ochib yiqqan bisotini ko‘zdan kechirar, xuddi to‘y ertaga bo‘ladiganday, qo‘ni-qo‘shnilari bilan ko‘rpa-yostiq, asbob-anjomlar haqida maslahatlashardi. U o‘zicha, to‘yni gilos pishig‘iga mo‘ljalladi. Zumrad kuldi, lekin indamadi.
Hovlining burchagidagi terak bo‘yi ko‘tarilib chiqqan ertangi gilos qizarganda, Risolat xola: «Gaplash endi» — dedi. Zumrad odatdagiday qizarib ketdi, lekin kechgacha to‘yning xayoli bilan yurdi. Qulog‘i ostida Muhabbatning «Yor-yor»i yangradi. Ma’murjon akaning «To‘ylar muborak»i... Tabriklar, qadahlarning jarangi. Keyin, ikkalovi yolg‘iz qolishganini tasavvur qildi. Egnida oppoq ko‘ylak, boshida oppoq shohi ro‘mol, oldida esa Komil, Mana, u yaqinlashdi, sekin ro‘molini ko‘tardi...
Zumrad yana qizarib ketdi. Shunday xayollar bilan smenasi qanday tugaganini bilmadi. Eski Jo‘vada trolleybusdan tushib, dispetcher xonasiga ketayotganda to‘satdan Komil paydo bo‘lib qoldi. Bugun ular uchrashmoqchi emas edi, Zumrad mashinachinikiga borishi kerak edi. Avval sevindi, keyin hayron bo‘ldi.
— Tinchlikmi?
— Sizni kutayotgan edim, — dedi Komil uni chetga tortib. — Gap bor.
Ular bozor oldidagi xiyobonga o‘tib bo‘sh skameykalardan biriga o‘tirishdi.
— Bilasizmi, — dedi zo‘rg‘a Komil tili gapga kelmay. — Meni... meni uylantirishmoqchi. Kelayotgan shanbaga to‘y...
Zumrad bo‘shashib ketdi. Astagina:
— Tabriklayman, — dedi.
Shundan keyin nima bo‘ldi, qanday uyiga keldi, bilmaydi. Ko‘zini ochsa, tepasida onasi o‘tiribdi.
— Qo‘y, bolam, o‘zingni qiynama. Sening tirnog‘ingga ham arzimaydi u yaramas. Student emish tag‘in. Manavini ho‘pla.
Risolat xola unga qatiq tutdi. Zumrad piyolaga labini tekkizdi-yu, ichmadi.
Shu kuni u ishga bormadi. Kechgacha shiftga termilib yotdi. Na uxladi, na gapirdi. Kechga borib ko‘zi ilindi, tush ko‘rdi. Keng lolazor emish. O’rtasida u bir to‘da qizlar bilan lola terib yurganmish. To‘satdan ro‘parasida bir yigit paydo bo‘libdi. Quchog‘i to‘la lola. Komilga o‘xshar emishu, lekin Komil emas emish. U Zumradga yaqinlashib:
— Manavi sizga! Siz uchun terdim! — debdi va quchog‘idagi lolalarni unga uzatibdi. Keyin, uni bag‘riga bosibdi. Bag‘ri keng, issiq emish...
Zumrad cho‘chib uyg‘onib ketdi.
— Hech nima qilmaydi, bolam — dedi yonida yotgan Risolat xola. — Ozgina alahsirading. Dunyoning besh kuni qorong‘i bo‘lsa, besh kuni yorug‘ — hech nima qilmaydi. Qaytanga pishiq bo‘lasan.
Zumrad ovundi. Ishga chiqdi. Lekin Komilning to‘yi kuni yana kechasi bilan yig‘lab chiqdi.
Oradan yil o‘tdi. Bir kuni Zumrad ishdan kelayotib, ko‘cha og‘zida antika shlyapa kiygan bir odamni ko‘rdi-yu, yuragi shuv etib ketdi. Bu Komil edi. Olisdan Zumradni ko‘rib, qarshisiga yurdi. Keyin, aybdorlarcha, qo‘l uzatdi.
— Keling, — dedi Zumrad yuragi dukillab.
— Shunday, — dedi Komil va ilgarigidek tekis tishlarini ko‘rsatib, iljaydi. — O’tib ketayotgan edim, sizni ko‘ray dedim.
— Qani, uyga kiring, — dedi Zumrad hayajon ichida boshqa gap topolmay.
— Zumrad, tabriklayman, — Komil unga mehr bilan tikildi. — Bugun tug‘ilgan kuningiz, aslida shunga keluvdim...
U boshini quyi soldi.
Zumrad uning ozg‘in, ajin tusha boshlagan qoramtir yuziga, bitta-ikkita oq oralagan qop-qora duxobadek sochiga qarab xo‘rligi kelib ketdi. Komil uning uchun avvalgidek yaqin va aziz ekanini hamda uni yaxshi ko‘rishini, shu topda aniq his qildi.
— Rahmat, — dedi o‘pkasi to‘lib. — Qani, uyga yuring.
— Mumkinmi?
— Marhamat.
— Men hozir!
Komil orqasiga yugurib ketdi.
— Qayoqqa?
— Hozir! Hozir kelaman!..
Zumrad uyga kirdi. Nima qilib qo‘ydi? Nega uyga taklif qildi? Nahotki shuni istasa... Qancha o‘ylamasin, qanday xayollarga bormasin, endi kech edi. U shoshib oshxonaga o‘tdi, choy qo‘ydi. Oynaga qarab, apil-tapil o‘ziga oro bergan bo‘ldi. So‘ri tagidagi stol ustida dasturxon o‘rog‘liq turardi. Ochdi. Taxsimchalarda qulupnay, Zumrad yaxshi ko‘radigan yong‘okli tort, tortning yonida konvert turardi. Ochib o‘qidi: «Umrbod baxt tilaymiz! — Oying, dugonang Munira. Yostiq tagini ham qarab qo‘y» — deb yozilgan edi unda.
Zumrad sevinch bilan xatni o‘pdi. Albatta bu Muniraning ishi. Onasi bunday yozmaydi. Keyin u, sanatoriyda. Uch kun bo‘ldi ketganiga. Qizining tug‘ilgan kuni uning xayolida ham bo‘lmasa kerak. Zumrad xatni yana bir o‘qib chiqdi. Shu payt eshikda shampanskoe ko‘targan Komil paydo bo‘ldi, Zumrad nima bo‘lsa ham o‘tmishni eslamaslikka, hozirgina yuragini qamrab olgan shodlikni yo‘qotmaslikka qaror qilib, Komilga yuzlandi.
Uning xayolidan o‘sha kun sira ko‘tarilmaydi. Ancha o‘tirishdi. Zumrad ozgina vino ham ichdi. Kuldi ham, ammo Komilning nega kelganini surishtirmadi. Komilning o‘zi xam aytmadi. Faqat ketayotganida uning yuzidan o‘par ekan: «Men baxtsizman, kechiring», dedi. Komilning kelishi bilan uning yuragida qandaydir umid uchqunlagan va kecha davomida u nimagadir ishongan, nimanidir kutgan edi. Bu gapdan so‘ng umidi so‘ndi. Ko‘cha og‘zida xayrlashish uchun Komil qo‘l uzatganda:
— Boshqa kelmang, — dedi. — Uyat bo‘ladi.
Komil ko‘zdan g‘oyib bo‘lguncha ortidan xomush qarab turdi. Keyin otilib uyga kirdi-da, o‘zidan, takdiridan o‘kinib, o‘ksinib-o‘ksinib yig‘ladi...
— Sizni xafa qilib qo‘ydim shekilli?
Advokatning bu gapi uning xayolini bo‘ldi. Ko‘zlarini ochdi.
— Kechirasiz, — xo‘rsindi Zumrad. — Xo‘sh, men nima kilishim kerak?
— Ertaga sud, — dedi advokat, — borib Komilning o‘tgan oyda xuddi shu kuni siz bilan bo‘lganini tasdiqlasangiz, bas. Albatta, hech kim sizni majbur qilolmaydi. Keyin... tushunaman, bu og‘ir sizga. Lekin boshqa ilojimiz yo‘q.
— Komil... Komil nima dedi? — so‘radi zo‘rg‘a Zumrad.
— Mening bu yerga kelganimni u bilmaydi. Umuman, Komil sizni hurmat qiladi. O’sha kuni siz bilan bo‘lganini kechagacha aytmagan edi. Faqat kecha...Ahvolining jiddiyligini tushunib, aytdi. Bilasiz-ku, hozir bezorilarga karshi qattiq kurash ketyapti. Besh-olti yillik umri xazon bo‘lib ketishi mumkin.
Advokat yana nimalarnidir gapirdi. Zumrad eshitmadi. «Hurmat qiladi...» — o‘ylardi u. — «Hurmatning nimaligini, hozir bu hurmat qanchalik qimmat tushayotganini u bilarmikan?»
— Menga hech narsa demaysizmi? — so‘radi advokat ancha vaqt jim o‘tirishgach.
Zumrad boshini quyi soldi. Advokat o‘rnidan turdi.
— Sud ertaga, soat o‘nda.
Zumrad unga qaramadi ham. Boshini eggancha, o‘yga toldi. Munira kirdi.
Shu kuni kechgacha u churq etmadi. Na onasi bilan, na Munira bilan gaplashdi. Shiftga termilgancha yotdi. Kontsertga Muniraning o‘zi ketdi. U kelganda, o‘zini uxlaganga soldi. Ertalab hovliga tushdi.
— Hammasini eshitdim, — dedi Munira. — Bormaysan sudga. Menga qolsa, otib yuborishmaydimi?! Qaysi yuz bilan borasan, o‘zing ayt? Odamlar nima deydi?
Zumrad, to‘g‘ri, degandek bosh irg‘adi...
Anhor tomondan muzdek shabada yuziga urildi, u seskanib ketdi. So‘ri tagida Risolat xola xurrak otib uxlardi.
Zumrad pastga tushdi. Bo‘zsuv shovqin solib, hayqirib oqardi. «Uyimiz yaxshi joyda, — negadir ko‘nglidan o‘tkazdi Zumrad. — Shunday markazda. Bir yog‘i suv, bir yog‘i bog‘... Buzilsa, qaerda turarkanmiz?»
U kechagidek xarsang ustida engashib panjalarini suvga soldi. Badaniga yoqimli muzdek harorat tarqadi. Anchagacha shunday qo‘llarini suvga solib o‘tirdi. «Nahotki, boshqa dalili bo‘lmasa? — xayolidan o‘tdi uning. — Qanchalik uyatligini o‘ylamadimikan?»
U zinani g‘irchillatmaslik uchun bitta-bitta oyoq uchida yurib hovliga ko‘tarildi.
— Zumrad? — uyqu aralash chaqirdi Risolat xola.
— Men, oyi, uyg‘otib yubordimmi?
— Erta turding-da, bolam, — Risolat xola yoniga ag‘darildi. — Hali kun chiqmabdi, ozgina mizg‘ib ol.
— Hozir yotaman.
Zumrad xonasiga kirdi, Munira lablarini cho‘chchaytirib uxlardi. Zumrad havas bilan unga bir oz tikilib turdi-da, kiyina boshladi. Toshoyna yoniga o‘tib, taroqni olmoqchi bo‘lgan edi, qo‘li atir shishaga tegib ketdi. Shisha «do‘p» etib yerga tushdi.
Munira cho‘chib uyg‘ondi.
— Uf! Qo‘rqib ketdim, — dedi ko‘zlarini ishqalab. — Endi uchrashib turuvdik-a!.. Qo‘pol!
— Ishim bor.
— Bilaman qayoqqa ketayotganingni! — Munira karavoti ustida chordana qurdi. — Esing joyidami, devona?! Bormaysan!
— Uxla, — dedi qat’iy ohangda Zumrad. — Hali erta.
— Borma. Nomusga qoldirma o‘zingni!
— Uxla deyapman senga! Eshitdingmi, uxla!
Zumrad hovliga tushdi. Munira nimalardir deb vaysadi. Ammo u eshitmadi. Yostiqqa boshini omonatgina qo‘yib yotgan onasiga bir qaradi-da, ko‘chaga chiqdi.
Tong yorishgan edi. Kechasi suv sepilgan asfalt yo‘lka qurigan, faqat u yer-bu yerda usti qotgan tuproq qorayib turardi.
Zumrad piyoda yo‘lga tushdi. Shahar sudiga yetib kelganda baland binoning kulrang ustunlariga qarab, bo‘shashib ketdi. Muniraning yig‘lamoqdan beri bo‘lib yolvorgandagi basharasi ko‘z oldiga keldi. Orqasiga qaytdi. Muyulishdan o‘tib, xiyobonga olib boradigan bog‘ ko‘chaga burildi. Oldinda sersoya chinor va bo‘sh skameyka ko‘rindi. Shu yoqqa yurdi. Anchagacha shu skameykada hech narsani o‘ylamay beparvo o‘tirdi.
Soat bong urdi. Zumrad bir seskanib tushdi. Keyin sanadi. O’n. «Borish kerak, — dedi ko‘nglida. — Endi borish kerak».
U yo‘lga tushdi. O’zini qancha zo‘rlamasin, oyoqlari sudralar, yuragi dukillab urardi. Bir amallab yetib keldi. Hammayoq odam, g‘uj-g‘uj odam... U qo‘rqib ketdi. Bir zum hamma qo‘lini bigiz qilib uni ko‘rsatayotgandek, masxara kilayotgandek tuyulib ketdi. Lekin hech kim unga qaramasdi, hamma o‘zi bilan o‘zi ovora edi.
Zalga kirganda, sud boshlangan edi. Odam bu yerda ham ko‘p. Zumrad deraza tagidagi bo‘sh stulga borib o‘tirdi va beixtiyor sud tomonga qaradi. Keyin ko‘zi Komilga tushdi. U ikkita militsioner o‘rtasida o‘tirardi. Boshi egik, sochi olingan. Rangi — dokaning o‘zi. Zumradning rahmi kelib ketdi.
— Ishonuvdim, singlim, ishonuvdim! — Zumrad yonida advokatni ko‘rdi va negadir qizarib ketdi. — Butun umidimiz sizdan.
Zumrad beixtiyor Komilga qaradi, ko‘zlari to‘qnashdi. Komil minnatdor ohangda labining bir uchi bilan jilmaydi. Zumrad negadir jirkanib ketdi. Hatto so‘rashmay, ko‘zini chetga oldi. Sud raisi chaqirmaguncha u tomonga qaramadi, qaray olmadi.
Nihoyat, uni chaqirishdi. Tizzalari qaltirab o‘rnidan turarkan, hamma tikilib turganini ko‘rdi. Ko‘rdi-yu, kelganiga pushaymon bo‘ldi. O’zi sezmagan holda Komil tomonga qaradi. Komil ham unga tikilib turardi. Faqat uning qarashida qiziqish, hayronlik emas, iltijo, cheksiz iltijo bor edi.
Zumrad uning gaplarini tasdiqladi. Ha, o‘sha kuni ayblanuvchi unikida edi. Yarim kechagacha u bilan bo‘ldi. Yana nimani tasdiqlashi kerak?
Zal to‘lqinlanib ketdi.
— Mana, shunaqalar oilani buzadi-da, — dedi kimdir. Yana kimdir qichqirdi:
— Uyatsiz! Benomus!
Sud raisi odamlarni tartibga chaqirib, ko‘ng‘iroq chaldi. Zumrad yuzini berkitganicha, tashqariga otildi.
Ostonada kimdir tirsagidan ushladi. Bu hansiragan advokat edi.
— Rahmat, singlim! Komil bu yaxshiligingizni unutmaydi. Xotiniga bir amallab tushuntiramiz. Kechirar... Rahmat sizga!
— Meni tinch qo‘ying, — dedi lablari titrab Zum-rad. — Eshityapsizmi, meni tinch qo‘ying!
U xuddi birov quvlayotganday katta, sershovqin ko‘cha bo‘ylab chopib ketdi.
Qayoqlarga bordi, qaysi ko‘chalarga kirib-chiqdi, bilmaydi. Kimdir uni yupatdi, kimdir suv ichirdi. Xiyobonga ham qanday qilib kelib qolgani noma’lum...
U arg‘uvon tagida o‘tirardi. Qachon keldi bu yerga, bu yerni nega tanladi — bilmasdi. Shunday oldida tinch va tekis oqayotgan sarg‘ish Bo‘zsuv uyining oldidan hayqirib oqadi, bu yerda tinch, tekis, oqayotgani bilinmaydi. Qaerdadir cho‘milishyapti shekilli, ba’zan suv shaloplab qoladi, keyin yana tinchiydi, faqat ko‘zni oladigan darajada jimirlaydi. Lekin u sezmasdi, tikkaga kelgan quyosh nurlari serbarg shoxlar orasida sinib, boshi, yelkalarida o‘ynayotga-nini ham yengil shabada suv salqinini yuziga urib, peshonasiga tushib turgan bir tutam sochini tortqilayotganini ham sezmasdi. Skameyka zihiga kaftlarini tiraganicha o‘tirardi.
— Opa! Sov... sovqotib ketdim! — degan ingichka ovoz eshitildi bir mahal.
Zumrad alanglab atrofga qaradi. Qirg‘oqdagi chimga yopishib suv ichida bir bola turardi. Uning rangi ko‘karib ketgan, tishlari takillardi.
— Chiqmaysanmi? — so‘radi Zumrad.
— Qa... qanaqa qilib chiqaman? — dedi bola zarda bilan. — Ishtonim orqayizda-ku?!
Zumradning kulgisi qistadi. Skameyka suyanchig‘idagi ishtonni bolaga uzatdi-yu, o‘rnidan turdi.
Birdan quyosh betini allaqayoqdan paydo bo‘lgan tuya o‘rkachidek bulut qopladi. Dav-daraxt qoraydi. Zumrad junjikib osmonga qaradi, havo chang bosgandek sap-sariq edi. Bulut chuzilib, shaklini yo‘qotdi. «Hozir tarqaydi», — deb o‘yladi Zumrad. Uning tashvishlari, shu kungacha chekkan azobi ham tarqarmikan?..

1971

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.