OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

O‘lmas Umarbekov. Sarkarda Petro (hikoya)

1
Pahlavon Bay Petroni ko‘rgan bormi? Alam to‘la suhbatida bo‘lgan bormi?!

2
Pahlavon Bay Petroni men ko‘rganman. Alam to‘la suhbatida bo‘lganman! Shuhratparast ukasi sotdi uni. Bu qayg‘uli voqeadir, og‘aynilar.

3
Yetti kun davom etdi Silistra uchun jang, yetti kun yer titradi otlarning dupuridan. Momaguldurak kabi botirlarning ovozi yangrab turdi gohi u, goh bu yerda yetti kun. Dunay suvmi yoki qon — bilib bo‘lmadi mutloq.

4
Botirlarning ichida eng botiri Bay Petro! Har qilich solganda u tutdek to‘kilardi yov! Nayzasini otganda dushman otdan qulardi. Bay Petro esa, kulib, mo‘ylovini burardi.
— Sarkardaning kayfi chog‘! Demak, g‘alaba bizda! — deyishardi gayduklar uni ko‘rganda har choq. Dimitr esa xafa, ichini it tirnardi...

5
Yetti kun davom etdi Silistra uchun jang, yetti kun yer titradi gayduklar na’rasidan. Botirlarning ichida eng botiri Bay Petro! Har qilich solganda u tutdek to‘kilardi yov! Dimitr esa xafa, ichini it tirnardi:
— Nega men sarkardamas, nega akam sarkarda?!

6
Yetti marta yov chekindi — dosh berolmay zarbaga va nihoyat hiyla qildi — yolladi Dimitrni.
— Silistra senikidir, sarkarda ham sen o‘zing! Faqat bizga akang kerak, uni keltir sen turib! — shunday dedi dushman, qulluq qildi Dimitr.

7
Nozu ne’mat to‘lib ketdi Dimitr chodirida.
— Aka, — der u. — Tongga qadar yov cho‘chiydi hujumdan. Tongga qadar dam olaylik, mehmon bo‘l chodirimga! Orom olsin gayduklar ham, otlarga yem berishsin.

8
Yo‘q, demadi sodda aka, yo‘q demadi Bay Petro. Yarim tunda quladi u uka bergan zahardan va namatga o‘raldi u hushidan ketib mutloq.

9
Lashkarboshi o‘tiribdi hushsiz Petro oldida, hasad bilan, g‘azab bilan tikilar pahlavonga. Bay Petroning hushsizligi — hushli jangchidan afzal!
— Zanjirband qiling uni va elting ona yurtga, bu gaydukning o‘ligidan tirigi foydaliroq!

10
Yo‘l yurdi yov karvoni, yo‘l yursa ham mo‘l yurdi. Qo‘ng‘iroqlar jaranglab, karnay-surnay chalinib, kutib oldi karvonni podsho xizmatkorlari.

11
Faqat saroydagina ko‘zini ochdi Petro. O’tkir ekan la’nati uka bergan zahri. Ko‘zini ochdi Petro va hech narsa tushunmay alangladi atrofga. Birdan yondi ko‘zlari, birdan mushtga aylandi pahlavonning qo‘llari. Mudhish taqdirni ko‘rib yo‘lbars kabi o‘kirdi.
— Kayg‘urma ko‘p Bay Petro, — dedi sulton iljayib. — Qul bo‘lish yoki o‘lish jangchining boshida bor! Bizga o‘tgin, xizmat qil menga sadoqat bilan, shunda ozod bo‘lursan, oltinga g‘arq bo‘lursan.

12
Rozi bo‘lmadi Petro, bizning asir pahlavon! Nafrat bilan tupurdi sulton basharasiga.
— Senga xizmat qilishdan o‘lganim yaxshirokdir, senga xizmat qilishdan qul bo‘lish yaxshiroqdir!
Sulton darg‘azab bo‘lib, xanjar otdi Petroga, qorong‘i bo‘ldi dunyo, ko‘zsiz qoldi bechora. Ko‘zsiz qoldi sarkarda Bay Petro o‘sha kuni.
— Haydang, — dedi sulton, — bugunoq saroyimdan. Ko‘zsiz jangchi — o‘qsiz kamon deganning o‘zginasi. Haydang uni, bo‘lsin endi ovora va darbadar, ko‘zsiz odam — tirik murda deganning o‘zginasi.

13
Yo‘lga tushdi sarkardamiz Bay Petro, yo‘lga tushdi qo‘lda hassa, ko‘zda yosh...

14
— Pahlavon Bay Petroni kim ko‘rgan? Alam to‘la suhbatida kim bo‘lgan?!
— Bay Petroni men ko‘rganman, ko‘p ko‘rganman, alam to‘la suhbatida ko‘p bo‘lganman.

15
Shuhratparast Dimitr-chi?! U endi yo‘q. Niyatiga yetmadi U. o‘ldirildi...

16
Omon bo‘lsin, Bay Petromiz, omon bo‘lsin, qo‘shiqlari Bolgariya bo‘ylab yursin! Jaranglasin Rodopida, Qoratog‘da, gayduklarga ilhom bersin, quvvat bersin!

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.