OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

O‘lmas Umarbekov. Vela (hikoya)

Velingrad — Rodopi etagidagi yassilikka joylashgan kichkina shahar. O’tgan yili Bolgariyaga borganimda shu shaharda ham bo‘ldim. Uni, albatta, qanchadan-qancha tarixiy voqealarning guvohi bo‘lgan Ulug‘ Tirnovo yoki Pleven bilan solishtirib bo‘lmaydi. Unda na yarim beligacha yerga ko‘milib yotgan xristian cherkovlari bor, na oltin quymalarni eslatuvchi, hamon sayyohlar e’tiborini tortuvchi tor g‘ishtin yo‘llaru, na turk beklarining jimjimador peshtoqlari ko‘chaning yarmigacha turtib chiqqan serbo‘yoq yog‘och qasrlari bor. Hamma binolar oddiy, sodda va deyarli bir xil, faqat shaharning qoq o‘rtasiga tushgan to‘rt qavatli mehmonxonagina ajralib turadi. Oldi chorsi maydon, atrofi gulzor, maydon o‘rtasidagi kattagina hovuzdan mis qurbaqa gulzorga suv purkab turibdi. Bino devorlari boshqa imoratlarnikidek silliq emas, qandaydir hayvonlar, ularni quvlab ketayotgan tosh davr ovchilari rasmlari bilan bezatilgan. Meni shu mehmonxonaga joylashtirishdi. Yuvinib, kiyimlarimni o‘zgartirib, pastga tushdim. Kun peshindan oqqan edi. Yoz kelganiga qaramay, havo salqin. Shamol g‘uvillab turibdi. Birpas maydonni aylanib, mehmonxonaga qaytdim.
— Shahrimizni kechqurun tomosha qiling, — dedi administrator xonamga ko‘tarilayotganimda. — Hali u yangi. Faqat odamlar, chiroqlar bilan chiroyli. Hozir restoranga kiring. Bizda yaxshi qahva tayyorlashadi. Butun Bolgariyada bunday qahva icholmaysiz.
Men u aytganday qildim. Restoranda ikki-uch keksadan boshqa hech kim yo‘q edi. Administrator aytganicha bor ekan. Chindan ham qahva yaxshi edi. Beti yupqa qaymoq tortgan to‘q shokolad tusidagi bu ichimlikni ichar ekanman, charchoqlarimni unutdim, ko‘nglimning bir chetini xijil qilib turgan olis safar g‘ashligi yo‘qola boshladi. O’zimcha, shunday joylarni ham ko‘rish kerak, go‘zallik va tarix faqat qadimiy, mashhur shaharlarda emas, deb o‘yladim, derazaga tikildim. Ikki tomonida olxo‘ri qizarib turgan yo‘l toqqa tutashib ketgan. Unda hech kim ko‘rinmaydi: na odam, na bironta mashina. Olisda faqat qor bosgan kumush qoyalar yaltiraydi. Ular hisobsiz, biri ketidan ikkinchisi turtib chiqqan, xuddi marmar zinapoyalarga o‘xshaydi. Kun oqqan sari bu zinalar birin-ketin qorayib, go‘yo kimdir gilam to‘shayotgandek tuyuladi. Gilamning esa chegarasi yo‘q, borgan sari u sizga yaqinlashib, oyog‘ingiz ostiga poyandoz bo‘ladiganday... chuziladi, chuziladi, ammo yetib kelmaydi. Men shu manzaraga qarab, tog‘li shaharning ham o‘zgacha husni borligini, qaytarilmaydigan, hech qanday boshqa joyga o‘xshamaydigan husni borligini ko‘rdim va shu kichkina shaharga kelganimga endi achinmay qo‘ydim.
— Qalay, qahva durustmi?
O’girildim. Tepamda administrator turardi.
— Zo‘r.
— Men sizga aytdim-ku, butun Bolgariyada bunday qahva topilmaydi. Yana ichasizmi?
— Rahmat. Nazarimda...
Administrator gapimni kutmasdan ofitsiantga ishora qildi.
— O’tiring o‘zingiz ham, — dedim yonimdan joy ko‘rsatib.
U yo‘q, demadi. Tanishdik...
— Nega boshqa joyda bunday tayyorlasha olmaydi?
— Bu odamga bog‘liq, har kimning qo‘lidan kelavermaydi. Peychoning o‘zi tayyorlaydi bizda qahvani. Eh-ha, uning ta’rifi sizlarga, Moskvaga ham ketgan. Bay Vasilning shogirdi-da, u axir!
Men Peycho kim, Bay Vasil qanday odam, mutlaqo xabarsiz edim. Surishtirgani esa — u shunday ishonch va Eynshteyn haqida gapirganday qat’iyat bilan gapirdi — uyaldim, kulib qo‘ya qoldim. Qahva keldi. E’tirozimga qaramay, Emil — yangi tanishimning ismi shunday edi — ikkita konyak buyurdi.
— Na zdrave, — dedi u.
Urishtirdik. Emil o‘zi haqida gapirdi. Shu yerda tug‘ilgan ekan. Sofiyada savdo texnikumini bitirib, yana shu yerga kelibdi. Yaqinda uylanibdi. Yangi uy olibdi. Taklif qildi. Men ham o‘zim haqimda gapirib berdim. Bir-ikki oydan beri Bolgariyani aylanib yurganimni aytdim. Emil juda kuvnoq yigit ekan. Bir qancha latifalar aytib, kuldirdi, Moskvada bo‘lganini, metroga tushib, kun bo‘yi chiqolmay yurganini kula-kula hikoya qilib berdi. Yana ichdik. Xayolim Bay Vasilda edi, ammo Emil u hakda churq etmasdi. Nihoyat, chiday olmadim:
— Bu boyagi aytgan qahvachingiz, Bay Vasil kim?
Emil birdan jidtsiylashdi, qalin qoshlari chimirilib, bir oz o‘ylanib qoldi.
— Velaning otasi, mening tog‘am — Bay Vasil, — dedi keyin ma’yus ohangda. — O’lib ketdi. Qirq to‘rtinchi yili uni o‘ldirishdi. Velani ham o‘ldirishdi. Shahrimiz uning nomiga qo‘yilgan...
Emil jimib qoldi. Nazarimda, u o‘sha mudhish yillarni eslab ketdi. Yirik qo‘llari musht bo‘lib tugildi, ko‘zlari g‘azabga to‘lib, yona boshladi. Keyin o‘zini bosib sigaret tutatdi.
— Vaqtingizni olmayapmanmi?
— Mutlaqo! — dedim men.
— Besh yoshlarda edim o‘shanda, — Emil hikoyasini  boshladi. Hammamiz yonma-yon turardik. Bir hovlida tog‘amgilar, bir hovlida biz. Unda bu joylar kichkina bir qishloq edi. Mana shu mehmonxonaning o‘rnida cherkov bor edi. Yarmi toshdan, yarmi yog‘ochdan qurilgan  ko‘rimsiz bir cherkov. Qirq to‘rtinchi yili fashistlar o‘t qo‘yib yuborishdi unga. Ichida partizanlar bor edi. O’ntacha odam. Haytovur omon qolishdi. Qizil askarlar kelib qolishdi. Hay, gap bunda emas. Nemislar sizlarga hujum qilganidan keyin, butun Rodopini partizanlar bosib ketdi. Shunday bo‘lishi tabiiy edi. Birinchidan, xalq ezilgan, ikkinchidan — qaysi bir bolgar ruslarga qarshi urishardi, deysiz? Bunday bo‘lgan emas, ikki dunyoda bo‘lmaydi ham. O’shanda, qishlog‘imizda qurol ushlashga yaraydigan bitta ham erkak qolmadi. Hammasi toqqa chiqib ketdi. Mening otam bilan Bay Vasil ham ketdi. Haftada, oyda bir ko‘radigan bo‘lib qoldik ularni. Lekin partizanlar haqida ko‘p eshitamiz. Hali qurol-yarog‘ ortilgan eshelon izdan chiqib ketibdi, degan xabar kelib qoladi, hali qamoqxona portlab ketibdi, qamoqdagilar qochibdi, deyishadi. Kim qilgan bu ishlarni, hech kim bilmaydi, bilsa ham o‘zini bilmaganlikka soladi. Qishloqning tepasidan harbiy yo‘l o‘tgan. Shu yo‘lda ikkita o‘q-dori ortilgan mashina portlab ketgandan keyin, Qishloqni politsaylar bosib ketdi. Kechqurun qorong‘i tushishi bilan hech kim ko‘chaga chiqolmaydigan bo‘lib qoldi. Kim chiqsa otiladi, degan buyruq. Biz o‘zimizdan emas, tog‘dagilardan xavotir ola boshladik. Kelib qolishsa nima bo‘ladi? Qo‘lga tushishlari aniq. La’nati politsaylar nima qilishgan deng? Hammasi xonadonlarga bo‘lingan. Kech bo‘ldi, uyning to‘riga kirib yotib oladi. Hech kimni tashqariga chiqarmaydi. Chiqarsa ham, birga chiqadi. Shuning uchun ertalabgacha qishloqda nima bo‘lyapti, hatto qo‘shningiznikida nima bo‘lyapti, bilib bo‘lmaydi.
Bir kuni ertalab Vela biznikiga chiqdi. U mendan ancha katta edi. O’n oltilarda edi. Oyim bilan gaplashib o‘tirib, Spas amakim tinch, deb qoldi. Bu gapni mendan yashirib aytdi, albatta, lekin eshitib qoldim. Yugurib borib uni quchoqlab oldim.
— Qachon keladilar? — so‘radim suyunib.
Oyim nima deyishini bilmay, labini tishladi.
— Hech kimga aytmaysanmi? — so‘radi Vela xavotirlanib.
— Non ursin, aytmayman!
— Yaqinda, — dedi Vela. — Lekin, bilib qo‘y, men gapirmadim, sen eshitmading.
Xo‘p, dedim. Lekin shu kuni kechqurun mudhish voqea yuz berdi. Oyim bilan men yotuvdik. Politsay oshxonada timirskilanib yuruvdi, otishma ovozi eshitilib qoldi. Keyin ayol kishining qichqirig‘i eshitildi. Darrov tanidim. Bu Vela edi. Sakrab o‘rnimdan turdim. Oyim ham turdilar. Eshikka endi qadam qo‘yuvdilarki, politsay qichqirdi:
— Qayoqqa?! To‘xta! Orqaga qayt.
— Qo‘shnimiznikida bir narsa bo‘lganga o‘xshaydi, — dedilar oyim. — Xabar olaylik.
— Mumkin emas! — o‘shqirdi politsay.
— Jiyanim axir. Insofing bormi?
— Mumkin emas, deyapman. Bor joyingga.
Biz noiloj yotdik. Ammo tonggacha mijja qoqqanimiz yo‘q. Ertalab hammamizni cherkov yoniga to‘plashdi. Shunda, kechasi Bay Vasil qishloqqa kelib qo‘lga tushib qolganini eshitdik. Uni o‘ldirishibdi. Bizni cherkovga olib kelishganda, uning yerda tuproqqa belanib yotganini ko‘rdim. Hamma yig‘ilgach, qo‘llari bog‘liq Vela bilan uning onasini olib kelishdi.
— Ko‘ringlar, — dedi nemis ofitseri. — Bular partizan. Agar kim bizga qarshi bo‘lsa shu holga tushadi. Hozir ularni sizning oldingizda so‘roq qilamiz. Partizanlarning qaerdaligini aytib berishsa, ozod qilamiz. Aytishmasa, shu yerda osiladi.
U shunday deb, Marina xolaga yaqinlashdi.
— Xo‘sh, ayt, ering qaerdan keldi? Otryad qaerda?
— Bilmayman, — dedi Marina xola. Uning ikkala ko‘zi erining murdasida edi.
— Yolg‘on! — qichqirdi ofitser. — Bilasan. Ayt. Aytma-sang, eringning holiga tushasan.
— Bilmayman.
Ofitser uni ura boshladi. Bechora Marina xola boshini qayoqqa berkitishni bilmasdi. Ofitser urib charchadi. Shun-da uning oldiga cho‘g‘ solingan chelak keltirishdi.
— Ko‘ryapsanmi? — dedi ofitser. — Aytmasang, qizdirilgan temirni oyog‘ingga sanchamiz.
— Bilmayman, — dedi yana Marina xola.
— Shundaymi! Ablah!
Ofitser miltiq nayzasini cho‘qqa tiqdi.
— To‘xtanglar! — qichqirib yubordi shu payt Vela. — Oyimga tegmanglar. Oyim bilmaydi hech narsani!
— Sen bilasanmi? — so‘radi ofitser.
— Ha, — dedi boshini egib Vela.
Hamma hayron bo‘lib qoldi.
— Vela! — kuchini to‘plab qichqirdi Marina xola. — Esingni yedingmi? Agar aytsang, sendan yuz o‘giraman.
Vela javob bermadi. Ofitser unga yaqinlashdi.
— Aytasanmi?
— Ha, dedim-ku! — dedi Vela hamon boshini ko‘tarmay, — O’zim boshlab boraman. Faqat... faqat onamga tegmanglar.
Ofitser uni yechishni buyurdi. Shu payt:
— Sotqin! — qichqirdi kimdir olomon ichidan.
Kimdir tosh otdi. Tosh shunday Velaning peshanasiga tegdi. Tirqirib qon oqa boshladi.
— Tarqal! — ofitser shunday deb, politsaylarga buyruq berdi.
Hammamizni qo‘y haydagandek hayday boshlashdi. Hamma xunob edi, hamma Veladan nafratlanardi. Onam ham g‘azabdan yonib, uni qarg‘ardi. O’zingiz o‘ylab ko‘ring, bitta Velaning sotqinligi qishlog‘imizdan ketgan yigirmadan ortiq kishining yostig‘ini quritishi mumkin edi. Birovning akasi, birovning otasi, eri... Buning ustiga, otryadda qancha odam bor? Onam Velani qarg‘ar, ayni vaqtda bizning urug‘dan sotqin chiqqanidan kuyardi.
Oradan bir soat o‘tar-o‘tmas nemis ofitseri boshliq politsiya otryadi Velani o‘rtaga olib, tog‘ tomon yo‘lga tushdi.
O’sha kuni qanday kech kirganini bilmaymiz. Qishloq suv quygandek jimjit. Unda politsay qolmagan edi. Faqat cherkovda Marina xolani qo‘riqlab qolgan bir soqchi bor edi, xolos. Tong otdi, kun peshin ham bo‘ldi, qishloq hamon jimjit. Hamma tiq etgan ovozga quloq soladi. Kechki payt ot tuyoklari dupurlari eshitildi. Hammamiz ko‘chaga otildik. Baxtni qarang, qishloqqa partizanlar kirib kelishdi. Ular orasida otam ham bor edi. Darhol Marina xolani ozod qilishdi. Bechora nuqul yig‘lardi va yig‘i aralash qizini qarg‘ardi. Partizanlar hech qanday politsiya otryadini ko‘rishmabdi. Bo‘lmasa, Vela yo‘lni juda yaxshi bilar ekan. Ko‘p borib turar ekan. Hamma yana hayron edi. Vela fashistlarni qayoqqa olib ketdi ekan? Buni hech kim bilmasdi. Oxiri otryadni qidirishga qaror qilishdi. O’n-o‘n besh kishini qishloqda pistirmada qoldirib, yo‘lga tushishdi. Ikki kun deganda otryad topildi. Ammo ular ichida Vela yo‘q edi.
Vela otryadni adashtiribdi. Aldanganini bilgan ofi-tser uni otib tashlabdi. Buni asir tushgan politsaylar aytib berishdi.
Ertasiga Velaning o‘ligi olib kelindi. Uni otasining yoniga ko‘mdik. Butun qishloq motam tutdi o‘sha kuni. O’shanda gilos endi pishgan edi. Vela gilosni yaxshi ko‘rardi. Qiz bola bo‘lishiga qaramay, daraxtning uchiga chiqib terardi. Har gilos pishig‘i uning qabriga boraman, gilos olib boraman...
Emil jimib qoldi. Nimalarnidir o‘ylab ketdi. Keyin yangitdan sigaret tutatdi.
— Bolgariya ozod bo‘lgach, qishlog‘imizni uning nomiga qo‘ydik. Mana endi kichkina qishloq shaharga aylanib ketdi. Qarang, kech kiryapti, shahrimiz ochilyapti!..
Men derazaga qaradim. Ha, u chindan ham ochilib bormoqda edi. Hamma yoq chiroq, ming xil tusdagi chiroqlar... Ko‘cha to‘la odam. Sho‘x, quvnoq odamlar! «Yaxshiyam keldim bu shaharga, — dedim o‘zimcha ulardan ko‘z uzmay. — Yaxshiyam keldim!»

1970

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.