OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

O‘lmas Umarbekov. Xadicha (hikoya)

1
U yotardi g‘or ichida bir necha kundan beri, qayg‘u bilan to‘la edi alamzada yuragi. Nima bo‘ldi? Nega kelmas yoniga sevgilisi? Nima bo‘ldi? Unutdimi? Yo topdimi o‘ziga er?! Shu xayollar girdobida yotar edi Sayfiddin — Qoratog‘da dong‘i ketgan pahlavon va qaroqchi. Yotar edi va o‘ylardi xotini Xadichani, o‘ylar edi, tishi-tishiga tegib sho‘rlik g‘azabdan: nima bo‘ldi? Nega kelmas yoniga sevgilisi? Unutdimi, yo bironta aylantirdi boshini? Aylantirsa arzigulik Xadichaning husni bor: ikki yuzi Gul vodiysini bezagan lolalardek, qoshlar xuddi pahlavonlar qo‘lidagi yoy kabi, lablar xuddi atirgulning g‘unchasiday xushbichim, momiqdek oq ko‘kraklari Chervenberg olmasi... O, Xadicha!... Nima bo‘ldi? Nega sendan darak yo‘q? Noqobil er, qaroqchingni unutdingmi, vafosiz! Shu top nima qilmoqdasan? Uzga erkak ko‘ynida yotibsanmi yoki?.. Yo‘q, yo‘q! O’zing ko‘mak ber, ollo! Bu dahshatli xayollardan qutqar g‘arib bandangni!..

2
Shiddat bilan sakrab turdi o‘sha tuni Sayfiddin, g‘ordan chiqdi, alangladi atrofga bir daqiqa! So‘ngra yurdi qishloq tomon xavf-xatarni o‘ylamay. Yelkasida qo‘shotari, qo‘llari musht g‘azabdan...

3
Kirib keldi qishloqqa u qoplon singari pusib, hayajondan titrab sekin taqillatdi eshikni.
— Kim u? — dedi ichkaridan qo‘ng‘irokdek bir ovoz. Eshitdi-yu, qon quyuldi qaroqchining boshiga!
— Kim bo‘lardi! — zarda qildi. — Xudo qo‘shgan eringman. — Zanjir birdan sharaqladi, eshik ochildi shu zum, ro‘parada paydo bo‘ldi qaroqchining xotini — Xadicha!
— O, sekinroq!.. — dedi juvon seskanib. — Qishlog‘imiz askarlarga to‘lib ketgan, sekinroq!..
Ichkariga kirdi Sayfi, qo‘l uzatdi yoriga, sog‘ingan lab shivirladi nelarnidir shu mahal, boshlar boshga suyanishdi, ko‘krak tegdi ko‘krakka. Va tongacha orom oldi yor qo‘ynida qaroqchi... Tongda esa, yo‘lga tushdi yana g‘origa tomon, yo‘lga tushdi yana pusib, askarlarga ko‘rinmay.

4
— Qani so‘yla, ering qayda? — dedi tongda yuzboshi. Xadichani vahm bosdi, kim sotdi ekan uni? Kim ko‘ribdi yarim tunda eri kelib ketganin? Yo yuzboshi aldadimi, sinamoqchimi uni?
— Qaydan bilay? — dedi juvon. — Erim qochgan sizlardan, yildan oshdi ketganiga. Qaerda, men bilmayman.
— Yolg‘on gaping! Tuni bo‘yi birga eding u bilan. Yo boshlab bor, yo bo‘lmasa o‘lasan shu qo‘llardan! — va yuzboshi imo bilan ko‘rsatdi askarlarni, Xadichani vahm bosdi: hovli to‘la askarlar, har bittasi arslondek, tikilardi sho‘rlikka. — Boshlab borsang, sog‘ qoladi, — dedi yuzboshi shunda, — sog‘ qoladi va qaytadi uyingga.
Xadicha jim. Ming xil fikr chulg‘ab olgan bechoraning boshini. Nima qilsin! Nima desin? Dushman kutar betoqat.
— Qani bo‘l! Yo‘lni boshla! — dedi yana yuzboshi. Nochor yo‘lga tushdi juvon, yoshi ko‘zda shashqator, yo‘lga tushdi, orqasida erining jallodlari.

5
Ona qishloq ortda qoldi, ortda qoldi dalalar. Ortda qoldi birinchi bor Sayfiddin quchgan soy ham. Tanish so‘qmoq yo‘l boshlandi, visol yo‘li — yor yo‘li, qayg‘uga esh, seryulduz tun, shodlikka zor-zor yo‘li... Tog‘ ham keldi. Xadicha jim, qadam bosar zo‘r-bazo‘r, yaqin qoldi, yaqin qoldi tanish g‘orga! Yo, Xudo! Asra o‘zing panohingda sho‘rpeshana bandangni!..

6
G’or oldida o‘ltiradi Sayfi pastga tikilib, so‘qmoq yo‘lda birdan nedir yaltiradi va so‘ndi. Nima bo‘ldi? Kim bo‘ldiykin? G’orga kirdi u shoshib, xanjarini belga takdi, miltig‘ini o‘qladi. Shu top ovoz keldi pastdan:
— Sayfiddin chiq! Bu menman! Agar tushsang tegishmaydi, va’da berdi yuzboshi!
Olov bo‘lib yondi shu top, titrab ketdi Sayfiddin:
— Nima qilding, sotqin xotin! — alam bilan qichqirdi. Tog‘ gumburlab ketdi shunda: o‘q uzgandi Sayfiddin, o‘q uzgandi mo‘ljal qilib Xadicha ko‘kragini...

* * *

— Keyin nima bo‘ldi, dersiz? Esimda yo‘q, gayduklar, pastga tushib, balki o‘zi asir bo‘lgandir yovga? Lekin bunga ishonmayman. Sayfi pahlavon edi, yo qochgan, yo olishib, mardlarcha halok bo‘lgan.

1966

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.