OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

O‘lmas Umarbekov. Yulduzlar (hikoya)

Tunda mashina haydashning o‘ziga xos gashti bo‘ladi. Hamma yoq suv quygandek jimjit. Olis-olislarda chiroqlar miltillab ko‘rinardi. Yo‘l yuqorilab borgan sari ko‘kda goh yonib, goh so‘nib turgan son-sanoqsiz yulduzlardan farq qilib bo‘lmaydi ularni. Yulduzlar... Yulduzlar... Yulduzlar porlab turgan tunda yo‘ling sira tugamasa, qancha olis yursang, shuncha yaxshi. Charchoq sezmaysan, rohat bilan nafas olasan, ruhing yengil tortadi, nimalarnidir xirgoyi qilasan.
Kun bo‘yi shag‘al tashigan Nazirpolvon qurilish omboridan hammadan keyin chiqdi. Samosvalini muyulishdagi suv krani tagiga tutib, ko‘ylagini yechdi, boshini tarillab oqayotgan suv tagiga tutib, shaloplatib yuvindi. Keyin, qonib suv ichib, ko‘ylagi bilan artindi. Yaqindagina o‘stirgan ingichka, mayin mo‘ylovini silab qo‘ydi.
Ko‘p o‘tmay, mashina guvillab katta yo‘lga chiqdi-da, shahar tomon yelib ketdi.
Nazirpolvonning kayfi chog‘ edi. Bugun har kungidan ko‘p ishlagan bo‘lsa ham, charchaganini sira sezmasdi. Papiros tutatar ekan, ikki tomondan lip-lip o‘tib turgan ko‘m-ko‘k daraxtlarga, ko‘kda ko‘zni kamashtiradigan darajada jimirlayotgan oq sariq yulduzlarga suq bilan qarab qo‘yardi. Bir mahal nimadir esiga tushib qoldi, shosha-pisha kabina qutisini ochdi. Unda uchi zar qog‘oz bilan o‘ralgan besh yulduzli kon’yak tebranib yotardi. Nazirpolvon jilmayib qo‘ydi, oy shu’lasida tekis, oppoq tishlari xuddi konyakning zar qog‘ozidek yaltirab ketdi. U qo‘liga shishani olib, u yoq-bu yog‘ini ko‘rdi-da, yana joyiga qo‘ydi.
Bugun so‘nggi bir yil ichida ikkinchi marta qo‘liga ichimlik olishi. Birinchi marta qamoqdan chiqqan kuni oldi. Unda ham o‘zi emas, do‘sti Semyon ichirgan edi. «Kel, oshna, — degan edi u o‘shanda. — Biznikiga yur. Bir o‘tirishaylik. Bugun g‘am-g‘ussalaringni ko‘ngildan chiqarib tashlaysan». Nazirpolvon yo‘q demadi.
O’sha kuni do‘stining uyida qoldi. Mana hozir ham shu uyga ketyapti. Bugun Semyonning tug‘ilgan kuni. Kech bo‘lsa ham, borib tabriklamasa, ko‘ngli joyiga tushmaydi. Semyon unga ne-ne yaxshiliklar qilmadi!
Mashina yurishini sekinlatdi. Nazirpolvon xayol bilan bo‘lib, Qo‘rg‘ontepadan o‘tib borayotganini endi payqadi. Pedalni bosib, gaz berdi. O’chib qolgan papirosini yondirmoqchi bo‘lgan edi, oldinda ikki kishining qo‘l ko‘tarib turganini ko‘rib qoldi. Tormozni bosdi.
— Ha, nima gap? — Nazirpolvon mashinadan boshini chiqardi.
— Aka, iltimos, — o‘rta bo‘yli yigit mashinaga yaqinlashdi. — Shu kishining hojatini chiqarib yuboring. Ko‘k-orol qurilish trestiga ketayotuvdik, ballon yorilib qoldi. Zapas ballon olib yurardim, bu gal jin urib, esimdan chiqibdi.
Shu payt yigitning oldida kichkina chamadon ko‘targan bir ayol paydo bo‘ldi. Nazirpolvon unga ensasi qotib qaradi-da, yigitdan so‘radi:
— Shu kishimi?
— Ha, iltimos, eltib tashlang.
— Ertaga oylik tarqatmasam otpuskachilardan baloga qolaman, — gapga aralashdi ayol.
Nazirpolvon o‘ylanib qoldi. Yigitning yalinib-yolvorishi, ayolning yoqimtoy qo‘ng‘iroq ovozi shunga majbur qilgan edi. «Ikki soatda borib kelaman, — xayolidan o‘tkazdi u. — Baribir Syomka meni kutmaydi-ku!»
— Mayli, o‘tiring!
— Yashang-e, aka. Huri opa, bu yoqqa o‘ting.
Yigit birpasda ayolni kabinaga o‘tqazib, chamadonini oldiga qo‘ydi-da, yoniga o‘zi ham joylashdi.
— Ha, siz qayoqqa? — so‘radi ayol undan.
— Sizni qo‘yib kelaman.
— Qo‘ying, o‘zim ketaveraman.
Yigit nima deyishini bilmay qoldi, Nazirpolvonga g‘alati qarab qo‘ydi-da:
— Axir, yolg‘iz o‘zingiz... qandog‘ bo‘larkin? — dedi ikkilanib.
— Hechqisi yo‘q, birinchi marta emas-ku. Yaxshi qoling!
Nazirpolvon mashinani orqaga burdi, yigit hamon joyidan jilmas, chamadonning bandini mahkam ushlagancha jim o‘tirardi. Bu Nazirpolvonni g‘ijintirdi.
— Ishonmasangiz yuring, aylanib kelasiz! — dedi u zaharxandalik bilan.
— Yo‘q, ishonishga-ku ishonaman-a, lekin... — yigit ayolga o‘girildi. — Hay, mayli, o‘zingiz boravering. Ertalab ballon yuborishsin, esingizdan chiqib qolmasin.
Ayol boshini qimirlatdi. Yigit mashinadan tushishi bilan Nazirpolvon gaz berdi.
Yana o‘sha ma’lum va tanish yo‘l... Hamma yoq jim-jit. Motorning bir ohangda gurillashidan boshqa hech narsa quloqqa chalinmaydi. Oldinda son-sanoqsiz yulduzlar... Nazirpolvon boya shaharga qaytayotganida, bitta anjirdek yulduzni ko‘z ostiga olib qo‘ygan edi. O’sha yulduz mana hozir ham shunday to‘g‘risida turibdi, na nariga o‘tadi, na beriga. Xuddi soqchidek u bilan barobar boradi. Qani endi shunday hayot yulduzing bo‘lsa! Og‘iringni yengil qilsa, o‘nqir-cho‘nqir ko‘chalarga tushib qolib adashib yurganingda, seni qo‘lingdan ushlab, katta ko‘chaga olib chiqsa, yo‘lingni ravshan qilib tursa!
Nazirpolvon papiros tutatib, chuqur uh tortdi. Keyin ayolga ko‘zqirini tashladi, sekin boshini ham shu tomonga burdi.
— Kassirmisiz?
— Ha, trestda ishlayman. Nima edi? — ayol Nazirpolvonga qaradi.
— O’zim shunday.
— Otpuskaga chiqadiganlar bor edi, bankda ushlanib qoldim. Yo‘lda ballon yorildi.
Nazirpolvonni nimadir siltab yuborganday bo‘ldi. Ko‘zlari o‘zidan-o‘zi chamadonga qadaldi.
— Ko‘pchilikmi otpuskachilar? — so‘radi u bo‘g‘iq ovoz bilan.
— O’n kishi.
— O’n kishi?!
Nazirpolvon shunday savol berdi-yu, o‘z ovozidan o‘zi qo‘rqib ketdi. U bu ovozni tanidi, tanigani uchun ham qo‘rqib ketdi. Bu Nazirpolvonning emas, bundan ikki yil burungi Nazir oliftaning ovozi edi. Uning butun badani junjikib ketdi. Peshonasida sovuq ter yaltiradi. O’zidagi yashin tezligida yuz bergan o‘zgarishni yashirish uchunmi, sekin yoniga qaradi-da, yengi bilan peshonasini artdi.
Ayol eshikning bandiga tirsagini tirab, parvozsiztina o‘tirardi. Ko‘zlari yo‘lda, yoqut yulduzlarda. Charchaganmi, yo uyqusi kelyaptimi, ba’zi-ba’zida suyanchiqqa suyanib, chuqur nafas olib qo‘yadi.
Nazirpolvon yengil tortdi. Sezmapti. Yaxshi bo‘ldi sezmagani. Uni shayton vasvasaga solayotgani ma’lum edi. Shuncha-ya? Chamadon to‘la bo‘lsa kerak. Nima qilsa ekan? Yaxshisi, mashinani to‘xtatib, tushirib yuborish kerak. Nega? Beixtiyor kelib qolgan bu savol Nazirpolvonning tishlarini g‘ijirlatib yubordi. To‘g‘ri-da, nega tushirib yuboradi? Omad har doim kelavermaydi-ku!
Nazirpolvon atrofga olazarak bo‘lib qarab chiqdi. Milt-milt qilib turgan yulduzlardan boshqa hech narsa ko‘zga chalinmaydi. Hozir temir yo‘lni kesib o‘tiladi. O’ndan sal narirokda yo‘l qalin tutzorning ichiga kirib ketadi. Ko‘k-orolga esa, eh-he, hali qancha bor. O’sha yoqqa ko‘p qatnagan. Har bir uy, daraxt unga ma’lum. Trest darvozasining oldidagi pivoxonada sheriklari bilan rosa pivoxo‘rlik qilgan. Trestdagilarning ko‘pini biladi. Qamoqdan yangi chiqqanida Semyon uni mashinasida olib borgan edi. To‘rtta-beshta shofyor yigitlar bilan yarim kechagacha chaqchaqlashib o‘tirishgan. Shaharga qaytayotganida bittasi, ermak qilib turing, deb qanchayam pul uzatgan edi.
Ana, temir yo‘ldan ham o‘tildi. Tutzor boshlandi. Qop-qorong‘i. Nazirpolvon beixtiyor mashinani to‘xtatdi. O’chib qolgan papirosini tutatib, ustma-ust tortdi. Shuncha pul-a! Hazil gapmi? Quruvchilar yaxshi topadi. Nazirpolvon eshikni ohista ochib, pastga tushdi. Qayoqdanir qo‘lida katta klyuch paydo bo‘lib qoldi. Uni mahkam siqdi-da, ayolga qaradi. U shirin uyquda edi. Polvon bir oz o‘ylanib turib, zarb bilan zinaga oyog‘ini qo‘ydi, klyuchni kabinaning pastki tomoniga uloqtirdi. Nimadir taraqlab ketdi.
— A? Tinchlikmi? — ayol cho‘chib uyg‘ondi.
Nazirpolvon javob bermadi.
— Nima, siznikiyam buzilib qoldimi? — so‘radi ayol ko‘zlarini ishqalab.
— Hm... — dedi polvon va istehzo bilan jilmaydi, buni ayol sezmadi.
— Ko‘zim ilinibdi, — dedi u yengil esnab. — Yo‘lda hech uxlaydigan odatim yo‘q edi. Ancha turamizmi?
Nazirpolvon ayolning gapiga e’tibor bermay, pedalni xarsang tosh itarganday, kuch bilan bosdi. Mashina bundan bir daqiqa oldin hukmron bo‘lib turgan xavfli sukunatni buzib, yurib ketdi.
Anchagacha ikkovi ham jim bordi. Ayol orqaga boshini tashlab, nimalarnidir o‘ylab borar, goh-gohida jilmayib qo‘yardi. Nazirpolvon ham o‘z o‘yi bilan band. Ammo bu o‘ylar boya shaharga qaytayotganidagi o‘ylar singari quvnoq emas, ko‘z ostiga olib qo‘ygan yulduzi hamon uning oldida ketayotgan bo‘lsa ham, boyagidek unga huzur bag‘ishlamaydi. Nazirpolvon unga qarab ijirg‘anib qo‘ydi, go‘yo kimdir bahaybat qo‘li bilan shu yulduzni osmondan uzib olib, yorug‘ida uning yuragini timirskilayapti.
— Menga qarang, — dedi to‘satdan Nazirpolvon ayolga,— mendan qo‘rqmaysizmi?
— Nega qo‘rqay? — hayron bo‘ldi ayol, keyin kulib yubordi. — Nima, siz qaroqchimidingiz?
Nazirpolvon quloqlarigacha qizarib ketganini sezdi.
— Nega so‘rayapsiz?
— Yo‘l olis... Ayol kishi...
— Ayol kishi ham odam-ku! Odam odamga ishonishi kerak! Nazirpolvon yalt etib unga qaradi. Odam odamga ishonadi... U bu gapni ikkinchi odamdan eshitishi. Birinchi gapirgan odam qamoqxona boshlig‘ining yordamchisi, militsiya kapitani Qodirov edi. Nazirpolvonning esiga to‘ladan kelgan, novcha bu odam keldi-yu, so‘nggi yillardagi butun qilmishlari, tortgan azoblari, yolg‘izgina onasining faryodi, bir xillari tishining oqini ko‘rsatib tirjaygan, bir xillari esa, jirkanch, achinish bilan uni kuzatib qolgan tanish-bilishlari, yor-birodarlari, xuddi hozir lip-lip o‘tib turgan daraxtlardek, ko‘z oldida paydo bo‘la boshladi.
Nazirpolvon maktabni bitirgan yili otasi vafot etdi. Qiyinchilik ko‘rmay o‘sgan yigit bu og‘ir musibatdan tahlikaga tushib qoldi. O’ydagi yig‘i-sig‘idan, onasining yuraklarni ezib yuboradigan nidolaridan uzoqda, kechgacha ko‘chama-ko‘cha sandiroqlab yuradigan bo‘lib qoldi. Shu kezlari tanish-tanishmas sirdosh og‘aynilar uni qo‘ltiqlariga olishdi, o‘zlaricha yupatishdi, o‘ynatishdi. Bir kuni qayoqqadir borib, shular bilan uzoq qolib ketdi. Ichishdi, kulishdi. Allamahal ko‘zi soatga tushib cho‘chib ketdi. Ketamanga tushib qoldi. Yo‘q, deyishdi. Uni rahmatli otasi bekorga polvon deb atamas edi, haqiqatan ham polvon edi. Yigit yonida turgan sheriklaridan bittasini qulochkashlab tushirdi. To‘polon bo‘lib ketdi. Nazirpolvon anchadan so‘ng hushiga kelib qarasa, qorong‘i bir xonada qo‘l-oyog‘i bog‘liq yotibdi. Shu kundan boshlab u, qo‘ltiqlariga olgan og‘aynilari bilan chinakam sirdosh bo‘lib qoldi. Nimalar qilmadi ular bilan birga!
Mahallada Nazir olifta degan nom chiqardi. Qop-qora sochini jingalak-jingalak qilib taragan, ingichka, ilon izi nusxa galstuk taqib, kifti keng kostyum kiygan o‘rta bo‘yli yigitga ilgarilari havas bilan qaragan odamlar endi uni ko‘rishsa, chetlab o‘tadigan bo‘lib qolishdi. Mahallaning keksasi Xolparang otaning sandiqqa solib qo‘ygan puli yo‘qoldi. Yana allakimning ikki kiyimlik kimxobi, tilla asboblari Nazir olifta kirib, hol-ahvol so‘rab chiqqan kuni g‘oyib bo‘ldi. Guvohlik berish qiyin bo‘lsa ham, bu ishlarni hamma polvondan ko‘rdi. Buni payqagan Nazirpolvon bunday ishlarni chetroq joylarda qiladigan bo‘ldi. O’qish ham esdan chiqdi, onasi ham. To‘g‘ri, uzok yurib kelib, unga qimmatbaho sovg‘alar berib turadi. Biroq, o‘rtada gap yo‘q, onaning so‘roqlari javobsiz qoladi. Qancha vaqt o‘tdi shundan keyin, Nazirpolvon yaxshi bilmaydi, tugun yechildi. Yarim kechada uni olib ketishdi. Ona bechora uyni boshiga ko‘tarib yubordi. Qo‘ni-qo‘shni yig‘ildi. Hammaning yuzida iztirob, birov bir og‘iz gapirmaydi. So‘kishsa ham, o‘lasi qilib urishsa ham mayli edi o‘shanda. Nazirpol-von o‘zi yelkasini tutib berardi, ammo bu jimjitlik, sovuq ko‘zlar... Nazirpolvon chiday olmadi, ko‘zlaridan tirqirab yosh chiqib ketdi. Qalbi iztirobga to‘ldi.
Sudda u qo‘lga tushgan sheriklarining qanaqaliklarini juda yaxshi bilib oldi, bilib oldi-yu, o‘kindi. Boshqa nima ham qila olar edi? Ularning hammasi pivo do‘konini bosishda Nazirpolvonni ayblashdi. Biroq, sud ularga ham tegishli jazo berdi. Nazir olifta esa uch yilga kesildi.
Erining vafotidan keyin madordan qolgan ona uchun bu — o‘lganning ustiga ko‘mgan bo‘ldi. Ikki og‘ir dardni ko‘tarolmay, yil o‘tmasdan qazo qildi.
Nazirpolvon bu xabarni yarim kechasi kamera darchasidan ko‘qda charaqlab turgan yulduzlarga qarab yotganida eshitdi. Kapitan Qodirovning o‘zi kirib aytdi. Nazirpolvon yotgan joyidan turolay qoldi. Nimadir bo‘g‘ziga kelib tiqildi. Keyin xuddi go‘dak boladek ho‘ngrab yubordi. Ertasiga kapitan uni chaqirtirdi.
— Senga endi javob, — dedi uni yoniga o‘tqazib. — Qilgan ahmoqliklaringga tegishli jazo olding. Otang, onang xotirasi hurmati, to‘g‘ri yur!
Nazirpolvon gapirolmadi. Ko‘zlarini pirpiratib, Qodirovga ancha vaqt qarab turdi-da, oyog‘iga o‘zini tashladi.
O’sha kuni Nazirpolvon onasining qabri yonida kunni kech qildi. Ming xil fikr miyasini chulg‘ab olgan edi. Uyga borsinmi? Qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shni qanday kutib olar ekan? Yo boshqa yoqqa bosh olib ketsinmi? Nima degan odam bo‘ladi ketsa?
Nazirpolvon o‘rnidan turdi-da, chigirtkalar chirillab, zim-ziyo kechaga sehrli tus berib turgan qorong‘i qabristondan chiqdi. Bitta-bitta qadam tashlab borar ekan, uyiga kelib qolganini sezmadi. Eshik tirqishidan ichkariga qaradi. Hovlida besh-olti kishi g‘ivirlab yuribdi... Xolparang ota samovar qo‘yayotgan bolaga nimanidir qizishib gapiryapti. Nazirpolvon eshikni ochdi, hamma unga o‘girildi. Hovliga jimlik cho‘kdi. Avvaliga Nazirpolvon nima deyishini bilmay turdi. Nihoyat, zo‘rg‘a tili tanglayiga yopishib:
— Meni kechiringlar... gunohkorman... — deyoldi, xolos.
Odamlar xuddi shu gapni kutib turishgandek, harakatga tushib qolishdi.
— O’tgan ishga salavot, — dedi unga qo‘lini uzatib Xolparang ota. — Salomat keldingmi, endi bu yog‘iga hushyor bo‘l.
Shu kuni u uxlay olmadi. Odamlar tarqalishgach, bir oz mizg‘ib olmoqchi bo‘lib, hovlidagi so‘riga chuzildi-yu, ammo ko‘zini yuma olmadi. Yuragi hapriqib, o‘rnidan turib ketdi. Ko‘chada birga koptok tepishib o‘sgan o‘rtog‘i Semyonni uchratib qoldi. Ishdan kelayotgan ekan, qo‘yarda-qo‘ymay uyiga olib ketdi. Keyinchalik ishga joylashtirib qo‘ygan ham shu bo‘ldi...
Nazirpolvon chuqur xo‘rsinib qo‘ydi. Mana, Ko‘korolga ham oz qoldi. Yana chorak soatda yetiladi. Yo‘lda hamon jimjitlik hukmron. Faqat bir marta Qo‘rg‘ontepada ketishayotganida bitta «GAZ-69» «viz» etib o‘tib ketdi. Boshqa hech narsa uchramadi.
Nazirpolvon ayolni uyg‘otib yubormaslik uchun rulni chap qo‘li bilan ushlab borardi. Bechora, rosa charchaganga o‘xshaydi. «Yo‘lda uxlash odatim yo‘q edi» — deb tutzordan endi o‘tilganda aytuvdi. Mana, bir soatcha bo‘ldi, ko‘z ochmaydi. Tutzor... Nazirpolvon seskanib ketdi. Nima qilmoqchi edi-ya, boya? Agar o‘shanda ish o‘ylaganiday chiqqanda, hozir qaerda bo‘lardi? Qodirov, senga ishonamiz, degan. Manavi kassir xotin ham shunday deb uyquni uryapti.
— Yetib qoldik, turing, opa! — dedi Nazirpolvon baland ovoz bilan. Shunday dedi-yu, ruhi yengillashganini sezdi, yuzida tabassum o‘ynay boshladi. — Yulduzlarni qarang, charaqlab yotibdi-ya.
Ayol sekin boshini ko‘tardi. Kichkina dumaloq mushtlari bilan ko‘zlarini ishqaladi.
— Rostdan ham kelib qolibmiz-ku! O’zim ham rosa uxlabman shekilli!
Nazirpolvon kuldi. Ayol ham unga qo‘shildi. Uzokdan trest bazasining darvozasi ko‘rindi.
— Qaerda tushasiz?
— Pulni bazaga tashlab ketaman.
Nazirpolvon mashinani shunday darvoza oldida to‘xtatdi. Ayol yerga tushdi.
— Rahmat, — dedi qo‘lini cho‘zib. — Katta rahmat. Sizni ancha ovora qildim.
— Hechqisi yo‘q, — Nazirpolvon uni darvozagacha kuzatib qo‘ydi. — Darrov chiqasiz-a, poylab turaman. Uyingizga olib borib qo‘yay.
— Rahmat, — dedi ayol jilmayib va baza ro‘parasidagi to‘rt qavatli binoni ko‘rsatdi. — Mana shu yerda turaman. Yaxshisi, o‘zingiz qoling.
Nazirpolvon kuldi.
— Rahmat, men bir o‘rtog‘imnikiga bormoqchiman. Xayr.
— Xayr, rahmat.
Ayol ichkariga kirib ketdi. Nazirpolvon anchagacha orqasidan qarab qoldi. Uning kayfi chog‘ edi. Papiros olib tutatdi-da, osmonga qaradi. G’uj-g‘uj yulduzlar. Uning yulduzi ana shunday tepasida porlab turibdi. Nazirpolvon nimani-dir esladi, o‘zicha jilmayib qo‘ydi-da, kabinaga chiqdi.
Yana o‘sha tanish yo‘l. Anjirsurat yulduz hamon tepasida charaqlaydi. Yulduzlar... Yulduzlar... Yulduzlar porlab turgan tunda yo‘ling sira tugamasa, qancha olis yursang, shuncha yaxshi. Charchamaysan, rohat bilan nafas olasan. Mashinani o‘z holiga qo‘yib, o‘y o‘ylaysan yo nimalarnidir xirgoyi qilib ketasan. Nazirpolvon ham nimanidir kuylab borardi.

1960

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.