OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

O‘rinboy Usmon. Sanjob (hikoya)

(«Lahzaning larzalari» turkumidan)


Iliqqina, yumshoqqina edi siypalayotgan narsa. Yigitchaning qitig‘i kelib, nariroq surildi. Iliqqina, yumshoqkina vujud shu zahotiyoq u tomon surildi va yana qitiqlay-qitiq-lay siypalay ketdi. Siypaladi-siypaladi-da, uni quchoqlab oldi. Birdaniga a’zoi badanini o‘nlab, yuzlab barmoqlar, iliqqina, yumshoqqina, lekin etingni seskantiruvchi barmoqlar qitiqlay ketdi. Yigitcha ko‘z ochishga urindi, kipriklar ajralmadi, qo‘li bilan itarmoqchi bo‘ldi, tirsaklari biqiniga yopishib qolgandi. To‘satdan iliqqina, yumshoqqina narsa beo‘x-shov, yo‘q, faqat beo‘xshovgina emas, yoqimsiz, quloqlaring borligiga ham o‘kintiradigan al-fozda xunuk kuldi. Ko‘zlar ochilishga intilar, kipriklar ajralmasdi, qo‘llar kuchini ko‘rsa-tishga tirishar, biqin sira qo‘yvormasdi. «Ovora bo‘lma, bolakay, meni ko‘rolmaysan… Chun-ki men yo‘qman. Yo‘qman. Sen yo‘q qilding meni! Nega bilmaslikka olasan? Darrov tanimay qoldingmi? Darrov-a? Bo‘ynimga arqon solib, bozorga sudraganing esingdan chiqdimi? Ha-ha, zig‘ircha insof qolgan ekan-ku! Tanimadim, deb qutulishing mumkin edi-da. Yo‘q-yo‘q, o‘zingni oqlamagin. Yigit degan bunday bo‘lmapti. «Men obormoqchi emasdim, otam qo‘yma-dilar, oxur to‘la yem bo‘lsa, yeb turib ma’raydigan qo‘yni yo‘qot, dedilar?!» Jazo boshiga soya solganda birovni qalqon qiladigan odamni jinim suymaydi. Sen o‘z otangni o‘qqa tutib, omon qolmoqchimisan? Kasal otangning qulog‘iga ma’raganim yoqmay qolib, egizak tug‘adigan bo‘lsa ham, sotib kel, deganida, ko‘ngli uchun xo‘p dedingu oldimga xashak solding, suvni yangilading. Na xashakka, na suvga qaramasdan ma’rayvergandim, oldimga kelib, xuddi odam bilan gaplashganday gaplashding. «Sen esli qo‘ysan-ku, ma’ramagin, otam betob yotibdilar, ma’rayversang, boshlari qattiq og‘riydi, ana-ana, gapimga tushunding-a, esing bor, dedim-ku!» Og‘zingga qarab bir zum jim qolgandim, gaping tugashi bilan otang opangga enchi qilgan qo‘zichog‘im ko‘z oldimga keldi-yu… «Nega yana ma’rayapsan, bolang bo‘lsa yoningda, uni qara, hech ma’ramaydi, o‘shandan o‘rgansang bo‘lmaydimi? Yoki ikkinchi qo‘zingni o‘ylayapsan-mi?!» Sen odam bo‘lsang-da, meni tushunganday eding. Endi opangnikiga borib egizimning kichigini olib kelarsan, deya xursand bo‘layotgandim. Qayoqda? Baribir odamligingga bor-ding. Ma’rashdan to‘xtaganimga quvonib, uyga kirib qo‘lingga kitobingni olding. Alam qilib ketdi menga. Allaqayoqlarda, opasinikida qo‘zichog‘im meni qo‘msab bo‘zlab yursa-yu, bu meni aldab qo‘yib, yonboshlaganicha bemalol kitob o‘qiyversa! Endi mendan ko‘rasan! Otangning boshi og‘risa-og‘rir, nima ishim bor? Nevaram xursand bo‘lsin, kuyovim qizimga qattiq gapirishini qo‘ysin, deya qo‘zichog‘imni bervordi-ku o‘zi! Bo‘lmasa odamlar, ja, himmat qilganlarida, uzatgan qizlariga enchiga bitta buzoq berishadi. Otang kuyoviga yaxshi ko‘rinmoq-chi-da, buzoqqa ko‘shib qo‘zichog‘imni yetaklatvordi. Koshki, o‘sha kuyov deganlari minnatdor bo‘lsa. Ana, qizi ko‘zining suvini oqizib keldi-ku! «Yaxshilikni bilmaydigan odamlarga bergansiz meni. «Qurumsoq otang o‘lay deb turgan tirraqi buzoqcha-yu mushukday qo‘zi bilan og‘zimni yopmoqchi bo‘ldimi», dedi. Nega keng hovlingizga sig‘may qoldim, otajon? O’zi peshonam sho‘r ekanmi… Onajonim bo‘lganlarida…» Otang o‘shanda peshonasini ushlab qol-madimi? «Oh, ona qizim-a, ona qizim… Mayli, yana picha chida, bolang hurmati. Kuyov bir kunmas-bir kuni it fe’lidan tushar. Bor, boraqol, janjal ko‘tarib yurmasin yana», dedi u. Opang yig‘lab-yig‘lab darvozadan chiqarkan, otang boshini changallab yotib qolmadimi? Bil-dingmi, endi nega dard tortayotganini? Unga bola aziz bo‘lsa, menga ham aziz. Keyin u sotib kel, desa, arqonlab, hol-jonimga qo‘ymasdan bozorga sudrayverasanmi? Nima, o‘sha kuni jahlim chiqib turgandi, deysanmi? Urishing, ag‘anatib-ag‘anatib tepishing kerak edi o‘shalarni. Yoningda qiz bola turib u gaplarga chidading-a? O’shanda ular ikkita edi. Ikkita-ku, uchta bo‘lganda ham urib tashlarding. Ayading. Janjal chiqmasin, deding. «To‘yga qachon boraylik, shu o‘ninchi sinfda qilasilami yo bitiruv kechasini qo‘shvorasilami? Nega og‘iz ochmiysan? Tilingni yutvordingmi? Yo mum tishlaganlarmi kuyov pochcha? Mahallamizning oy-day qizini qo‘ltiqlab yurolasanu, qaynilaringga bittagina salomni nasiya qilasanmi?» Mushtlaring tugildi-yu… yoningdagi qiz ularni yozib qo‘ydi: «Qo‘ying, arzimaydi, bularning faqat og‘zi botir, qo‘l ko‘tarishingiz bilanoq sichqonning inini izlashadi.» Sen ular-ga qattiq o‘qrayding-da, indamay o‘tib ketdilaring. Orqadan yana gap otib qolishdi. Sassiq-sassiq… Qizni kuzatib qaytganingda ular yo‘q edi. Asabing buzilib qaytding. Endi shuni bahona qilyapsanmi? Vaqtida ora ochdi qilgin edi. «Qanaqa bolasan o‘zi, bozorga obor, to‘rt tangaga olsa ham, sot, qaytarib kelma.» «Ota, o‘zingiz bu yil ham egizak tug‘adi, degandin-giz.» «O’nta tug‘sa ham, kerakmas, quloq-miyamni yevordi. Ko‘p ma’ragan qo‘y xosiyatsiz keladi. Obor, yo‘qotib kel! Qaytib ko‘zimga ko‘rsatma!» Ana-ana, baribir otangga to‘nkayapsan-a.?.. Bozorda qo‘y ko‘p ekan, hadeganda, senikiga xaridor kelavermadi, kelgani ham menga emas, senga qarardi-yu, kepak bahosini aytardi. Turaverib zerikib ketding. Qaytarib ketay, desang, otangning gapi, sotay desang, xaridor yo‘q. Bozorqaytish bo‘lib qolgandi. Bir mahal shokosaday ko‘zlari qip-qizil kishi kelib u yoq-bu yog‘imdan ushlab ko‘rdi. «Sotamizmi?» «Sotamiz!» «Yetmish beraymi?» Indamading. Nima-nima deysan? O’shanda qizilko‘zning arzimagan pul aytayotganini emas, nahotki, seni sotvorsam, deb o‘yladim?! Nega unda bari-bir ko‘nding? Xaridor asta-asta yuz so‘mga chiqib borib to‘xtaganida, «barakasini bersinmi», deganida uning qip-qizil ko‘ziga qaramasdan qo‘l uzatding? U odam meni sudrab ketayotganda, zorlanib ma’rovdim, qo‘lingda pul, qaqqayib qolding. «Qanchaga sotding, bola? Yuzga? Yomon emas, sahardan beri o‘tiribsan. Agar shu qassob amaking bo‘lmaganda, uyingga qaytarib ketarding!» Sen bu gaplarni aytgan odamning aftiga ham qaramading. Ortingga chopib borib bo‘ynimdagi arqondan ushlading. «Ha, bola, arqonni qaytarib olish endi esingga kel-dimi? Irimni bilarkansan-a?» «Amaki, mabodo, qo‘yimni so‘ymang. Qornida bolasi bor. Egizak tug‘adi. Maylimi, amaki? Ishoning menga. Har yili egizak qo‘zilaydi.» «Mo‘yloving chiqib qolibdi-yu, g‘irt bola ekansan-da, haliyam. Barakasini oldingmi, bo‘ldi-da. Endi qo‘y-ni yemlab semirtiramanmi, ko‘paytiraminmi, so‘yib, go‘shtini sotamanmi, oborib Sirdaryoga oqizamanmi, buyog‘i mening ishim!» Qassob meni mol-qo‘ylar ortilgan ulovga chiqardi-yu, jo‘nadi-ketdi. Sen qoqqan qoziqdek qotib qolding…
«Hayallab ketding, o‘g‘lim, umringda bozorni ko‘rmaganding, chuv tushirishmadimi, ish-qilib? Yuz so‘mga sotding? Boya bolasini ham qo‘shib ketsang bo‘larkan. Uni qara, ilgari ma’rash nimaligini bilmasdi, onasini obketdingu, miyamni egovlashni boshladi. Aslida shahardagi katalakdek hovlida qo‘y boqish nimasi? Qishloqda yashaganimizda qo‘ton to‘la qo‘y edi. Bittasining ovozini eshitmasding. Qo‘yxona hovlining etagida, chaqirsang, eshitmaydigan joyda. Betta-chi, shundoqqina peshonangda…»
«Ota, qo‘yni bir qassob oldi. Ko‘zlari qip-qizil. Uni so‘yadimi endi!»
«Qassob? Balki so‘ymas… Yo‘g‘-ey, so‘ymasov. Bolasi borligini aytdingmi? Asli o‘zi-yam bilar-a… Qassob bo‘lsa, so‘ymaydi…»
Shunda sal xotirjam tortding. Lekin qo‘zichoqqinam onamni topib berlab ma’ray-verdi. O’sha tun qanday uxlaganingni bilmading. Ertasi chala-chulpa nonushta qilib, o‘sha qizilko‘z qassobni qidirishga otlanding. So‘rab-surishtirib, uning do‘konini topding. Navbatda turgan odamlar seni do‘kon oldiga yaqinlashtirishmadi. «Bular mushtdayligidan hammani bosib-yanchib o‘taman, deydi». «Hov bola, navbatda tur, otang tengi odamlardan uyalmaysanmi?» «Qassobga gapi bormish, go‘sht kerak, deb to‘g‘risini ayt-qo‘y-da, oraga tiqilma, deyapman…» Odamlar ortidan turding ham. Tarozi oldiga yaqinlashganda o‘sha qizilko‘z «Xo‘sh, og‘ayni, qancha tortay», deya qo‘lidagi pichog‘ini o‘ynatdi. «Shu pichog‘ini qo‘yimning bo‘ynidayam o‘ynatsa-ya, yo allaqachon…» «Meni tanimayapsizmi, amaki?» «Sendaqalarning urug‘ing ko‘p bo‘lsa. Qaydam…» « O’v bola, bo‘l tez, oladiganingni ol, ekib qo‘ygan vaqtimiz yo‘q». «Men kecha sizga qo‘y sotuvdim». Qassob hayron bo‘lib yelka qisdi. Odamlar seni nari surishdi. Alaming keldi… Kechagina «bor, baraka»lab qo‘lingni uzvorayin degan kishining bugun tanimaganga olishi… Bir mahal qarasang, do‘kon oldida hech kim qolmabdi.
«E, haliyam shettamisan, og‘ayni. Qo‘yingni sog‘inib qoldingmi? Unda nega sotding?»
«Amaki, pulingizni olkeldim, qo‘yimni bersangiz».
«Hi-hi-hi, qiziq ekansan-ku, sal oldinroq aytmaysanmi, bir qadoq ham go‘shti qol-madi, ana kerak bo‘lsa, kallasini ol!»
«Siz?! Siz… darrov…»
«O’lgudek jag‘i ochiq ekan, bo‘lmasa, bir-ikki hafta boqib semirtirmoqchiydim. Naq quloq-miyamni yeb tashladi. Lekin to‘g‘riso‘z yigit ekansan. Aytganingday, egizak bolasi borakan. So‘yib qo‘yib, kunko‘rmas yerimni o‘yib-o‘yvoldim… Umrimda birinchi marta bo‘g‘oz qo‘yni so‘yishim. Qara, hozirdan qo‘lim qaltirayapti… Senga o‘xshash bitta shogird izlayotgandim. Mabodo, menga shogird tushmiysanmi? Ie, yig‘layapsanmi? Bitta qo‘yga shunchami? Qo‘y inson uchun yaralgan, senu mening nasibamiz».
«Siz jalloddan battar ekansiz!»
«Hi-hi, ko‘rinishing yigitday bo‘lsayam, aslida og‘zidan suti ketmagan go‘dak ekan-sanu… Xuddi kenja o‘g‘limning o‘zi-ya… U roppa-rosa o‘n yilgacha og‘ziga go‘sht olmasa-ya! Kenjam o‘shanda ikki yasharmidi, ikki yarim yasharmidi, bitta echkini so‘yishga to‘g‘ri keldi. Qarasam, mushtchalari bilan uryapti. «Ha, toy, mushtlashgingiz kep qoldimi», dedim. «Shij momonshij, ba-ani pix qildij. Shij momonshij, momonshij…»! Yo, qudratingdan, go‘dak ko‘zidayam shunchalik qahr bo‘ladimi? Qarashga cho‘chiysan. Erkalamoqchi bo‘luvdim, nari qochdi. Shu-shu go‘shtni ko‘rsa, ko‘ngli ozadi, oldimga yaqinlashmaydi. Uyam hatto sendayligida mol so‘ysam, ko‘chaga chiqib ketardi. Bilasanmi, u hozir nima ish qilyapti? Qassob! Nega ang-rayasan? Ishonmayapsan-a? Mol achchig‘i – jon achchig‘i, deb eshitgandirsan? O’g‘lim ikkita bola-lik bo‘lgandan keyin boshqa hovli olib ketgandi. Oldin men uni o‘ylasam, u endi o‘z jujuqlarini o‘ylaydi. Bola-chaqam deb mol-hol ham qildi. Bir kuni kechda uyiga qaytsa, xotinining rangi o‘chgan. «Sigirga bir narsa bo‘lgan. Na xashakka qaraydi, na kavsh qaytaradi. Bir joyda qimirlamay yotibdi.» O’g‘lim molxonaga kirib, xotinining vahimasi bejiz emasligi-ni anglaydi. Shoshib qo‘shnisini aytib chiqadi. «Halollab olish kerak», deydi qo‘shni sigirning u yoq- bu yog‘ini ko‘rib. U amallang deganday qo‘shniga mo‘ltiraydi. «Umrimda chum-chuq so‘ygan emasman, qo‘limdan kelmaydi. Lekin tezda halollab olmasangiz, uvoliga qola-siz», deydi qo‘shni. «Siz qarab turing, men otamni aytib kelay, bo‘lmasa,» deydi o‘g‘lim. «Nimalar deyapsiz, jon talvasasida-ku bu, ja nari borsa, to‘rt-besh daqiqadan so‘ng…» O’g‘lim sigirga bir qaraydi-yu, oshxonaga chopib borib pichoq olib keladi. Xirillayotgan sigirning bo‘g‘ziga pichoq tortvoradi… Tushungandirsan, uning nega bunday qilganini? Puli kuygan-da. Sigiri jon berayotganda, uni so‘ysa, necha pul sotishini-yu, agar harom qot-sa, qancha zarar ko‘rishini tiyin-tiyinigacha hisoblab chiqqan. So‘ygan sigiri mo‘may pul bo‘lgach, oldimga kelib, yorilib qoldi. Nimaymish, ota kasbini olmoqchiymish. «Pichog‘in-gizni berasiz, ota», deb turvoldi. Qonida bor bo‘lgandan keyin, baribir ota kasbini qilarkan-da. Uni yonimga oldim. Hozir o‘sha echkini so‘yganimda mushtlagan, o‘n yilgacha og‘ziga go‘sht olmagan o‘sha kenjatoyim hozirda shaharning eng katta, oldi qassoblaridan. Sen bola, bu gaplarni nega aytganimni tushundingmi? Tushunding… Senga pul kerak bo‘lgani uchun qo‘yni bozorga olib chiqqansan. Keyin egizak tug‘sa ko‘payishi esingga kelib, yo o‘zboshimchalik qilganing uchun otangdan eshitadiganingni-eshitib, meni qidirishga tushgansan. Xo‘sh, og‘ayni, kallani olasanmi? Mana u!»
Qassob pastga egilishi bilan keskin burilding-da, uyga qarab jo‘nading. Oyog‘ingni qo‘ltig‘ingga qistirgandayin tez yurib borarding, lekin chopging kelardi, go‘yo hozir orqangdan kalla yetib keladi-yu, qo‘lingga pichoq tutqazadi: «Bor endi, bolalarimni ham so‘y, bor!» Oldingdan esa, oldingdan mushtchalari tugilgan, ko‘zlari to‘la yosh bolakay chiqadi. Unga yetay deganingda tislanib-tislanib, devor panasiga o‘tib ketadi. Endi yo‘lingda bir qo‘lida pichoq, bir qo‘lida pul changallagan notanish odam ko‘ndalang bo‘ladi. «Ko‘rdingmi, qancha pulim bor, pichog‘imni beraymi, sening puling bundan ham ko‘p bo‘ladi, ma, ma...» Undan qochayotganingda ko‘z oldingni qora devor to‘sib chiqadi. Tentirab-tentirab, o‘z mahallangdan emas, qo‘shni mahalladan chiqasan. Kimnidir kutasan, intiq bo‘lasan. U tezroq kelsa-yu, yuragingni ochsang. Hozir u keladi-yu, pichoqni irg‘itvoradi. Uzoq-uzoqlarga, qo‘l yetmas tomonlarga otvoradi. To‘satdan xunuk qahqaha o‘zingga keltiradi. Shunday ro‘parangda, uch qadam narida uchta bashara tirjayib turardi. «Pochcha kelibdilar-da, bir miriqib gurung-lasharkanmiz-da». «Keling, mahallamizga so‘nggi, tarixiy safaringizni nishonlaylik!» «Biqinlaridan darcha ochishimizni kutadilarmi yoki quyon bilan oshna bo‘ladilarmi?» Uch bashara tirjayadi, tahqir toshayotgan nigohlar qizilko‘z qassob qo‘lida o‘ynatgan pichoqday naq bo‘g‘ziga qadaladi. Basharalar chayqaladi, chayqalaveradi, uchta edi, to‘rtta bo‘ldi – qizil-ko‘z qo‘shildi, to‘rtta edi, beshta bo‘ldi - qizilko‘z qassobning bir qo‘lida pichoq, bir qo‘lida pul o‘g‘li qo‘shildi, beshta edi, oltita bo‘ldi – opasiga qo‘l ko‘tarayotgan pochchasi qo‘shildi, basharalar chayqalaverdi, ko‘payaverdi, chayqalaverdi, ko‘payaverdi. Ortiq o‘zingni tutib turolmading. Bir musht bilan bitta basharani urib qulatding, oyog‘ingni chalgan ikkinchi-sini aylantirib tepganding, qayoqqadir uchib ketdi. Qolganlari qochib qolishdi. Musht yegani gandiraklab kelib gardaningga tushirib qoldi. U shu lahzayoq yana bir musht yeb quladi. Qulayotib oyog‘ingga yopishdi: «Mahalladan izingni quritaman!» « Qadamingni qirqa-man», yana biri ikkinchi oyoqqa yopishdi. Oyoqlaringngi siltab chiqarding-da, tepaverding, tepaverding… Basharalar ko‘rinmas, faqat g‘ujanak gavdalar u yon-bu yon yumalardi. Shu payt kimdir yengingdan tortdi: «Nahotki, siz… siz shunchalik rahmsiz bo‘pketdingiz. Chumoliga ozor bermaydigan inson… Qo‘ying endi… Yo meni aldab kelayotgandingizmi?..» « Sen ara-lashma, jonim, bularni tepish, tepkilash kerak!» Sen ayamay tepkilayverding, yumaloq-yostiq qilib tepkilayverding. Qiz yalina-yalina seni ko‘ndirolmagach, yum-yum yig‘lagancha yugurib ketdi..» Siz – siz emassiz, siz – siz emassiz!» «Siz - siz emassiz!» - keyin bu so‘zlar ma’no-sini anglab yetding. Yerda yumalab yotgan ikki yigitni turg‘azib qo‘yding-da, uyingga qarab sudralding.
Qo‘zichog‘im tinmay ma’rardi. Sen unga qarab turding-turding-da, qo‘l siltab ko‘chaga chiqib ketding. Qosh qorayganda qaytding. «O’g‘lim!» - chaqirib qoldi otang. Ovozi negadir ma’yus edi. «Yana opam yig‘lab keldimi», degan o‘yda hadiksirab otangning og‘ziga tikilding. U boshini qiyiqcha bilan bog‘lab olgan, yostiqqa suyangan ko‘yi kirtaygan ko‘zlarini kattaroq ochishga urinardi. «Qayoqlarda yuribsan, o‘g‘lim?» Yo‘q, opang kelmagan, hech kutilmagan bosh-qa biron ko‘ngilsizlik yuz bergan,otangning ovozi ma’yus edi, lekin qandaydir bir boshqa-charoq. Ma’yuslikka gina aralashganmi, ranjishmi… «Nega indamiysan? Oh, bolam-a, men seni shunchalik bag‘ritosh qilib tarbiyaladimmi? Esingdami, «Ota, ko‘chaga yuring, bolalar kuchuk urishtirishyapti, bittasidan rosa qon oqyapti, o‘lib qoladi», deb kelganing? Oddiy-gina qush, hayvonga yuraging achiydigan bola insonga qo‘l ko‘tardingmi, oyoqosti qilib tep-kiladingmi?» «Darrov arz qilib kelishibdi-da. Ularning o‘zlari meni oyoqosti qilishdi.» «Sen tuppa-tuzuksan-ku! Yo oyoq-poyog‘ing sindimi? Ikkita yigitni qonga belab tashlabsan. Bittasi belini ko‘tarolmay yotganmish. Hozirgina otasi chiqib ketdi. Uning ta’na-malomatlari boshimni yoryapti. Zo‘ravonning otasi, deydi-ya!» «Ularning o‘zlari meni oyoqosti qilishdi. Oldinlari ham…» «Yana bitta gapni qaytarasan-a, to‘rt muchang soppa-sog‘, tuppa-tuzuksan-ku!»
«Tuppa-tuzuksan-a!» Bag‘riqurt qo‘yning o‘pkasiga tushsa, u sening yuragingga oralaganini bilmasdi otang. Butun vujudingni jo‘lak ayamay chaqardi. Dodlavorging kelardi. Shunday dodlasangki, bir lahzada iching bo‘shasa. Ich-etingni kemirib yotgan o‘y-xayollar olis-olislarga sira qaytib kelmas bo‘lib uchib ketsa!..»
«Ota, ularning o‘zlari meni oyoqosti qilishdi, men tepdim, xolos. Opamni, sizni poch-cham oyoqosti qilgandan battar muomala qilishdi. Men ularni tepkiladim, xolos.». Otang ko‘zini yerga tikdi, boshini ushlagancha qoldi. Oldinlari uning oldiga tiz cho‘kkan, «Ota, siz-ga nima qildi, boshingizni bosib qo‘yaymi, yo achchiq choy damlab kelay, ichasizmi», deya mehri-bonlik qilgan bo‘larding. Endi qoqqan qoziqdek turaverding. Otang «e, dunyo», dedi-yu, o‘r-niga cho‘zilib, to‘shakni boshigacha tortib oldi. Turib-turib, alaming keldi. «Ota, qassob qo‘yimizni so‘yibdi. Egizak bolasi borakan!» Ko‘rpa bir ko‘tarildi-yu, otang yanada qattiq-roq burkanib oldi. Sen indamay qarab turding-turding-da, tashqariga chiqding. Orqangdan eshitilgan ma’yus tovush joyingda to‘xtatdi. «Qanday zamon bo‘ldi-ya? O’z pushti kamaringdan bo‘lgan zurriyoding ta’na-malomatga ko‘msa-ya, zarracha ayamasdan, otam demasdan! Qarib, kuchdan qolaversang, o‘z bolangning ko‘ziga ham xunuk ko‘rinarkansan. Hali uylanmasdan shuncha-lik, bittasini boshlab kelsa, nimalar qilsa? Ey, qari boshim, ustingda chaqiladigan toshyon-g‘oqlarga chidayolasanmi?!»
«Hozir qaytib kiraman. Ota, siz men uchun eng aziz insonsiz, o‘ylamasdan gapirib-man, sizni boshimda ko‘tarib yuraman, deyman… Yo‘q, otam nolish qilyaptilar-ku. Erkak kishi!.. Darvoza g‘iyqillab ochiladi, g‘iyqillab yopiladi. Sen o‘ychan ketaverasan, ketavera-san. Yurib-yurib, bittagina derazasidan yop-yorug‘ nur sochilib turgan uy oldiga kelasanu, sira nari o‘tib keta olmaysan. Yurmoqchi bo‘lasanu, oyoqlaring bo‘ysanmaydi, qotib qolgan-dayin. Deraza oldiga qanday borganingni, barmoqlaring o‘z-o‘zidan cho‘zilib, yorug‘ sochilayotgan oynani chertganingni bilmaysan. Barmoqlaring derazaga yopishib qoladi. Ko‘zlarida qo‘rquvmi, hayajonmi, qiz ko‘ringanda ham barmoqlaringni derazadan olishga kuching yetmaydi. Seni ko‘rgan qizning savol to‘lgan nigohida dahshat o‘ynaydi. «Ketma! Senga aytadigan gapim bor. Ketma! Agar aytmasam, yuraging hozir tars yoriladi!» Xayriyat, bu so‘zlarning tilingga chiqmagani. Ularning qanchalar yig‘loqiligidan o‘zing ham uyalasan, terga botasan. Nari ketayotgan qizni ustma-ust deraza chertib to‘xtatasan. Endi qiz nigohidan dahshat ariigan, o‘kinch qadalib turardi senga: «Men sizni sira bunday deb o‘ylamagandim. Shafqatsiz ekansiz. Giyohni ezg‘ilashsa ham kuyinishlaringiz aldamchi ekan-da. Aldamchi ekan-da!» Yigit nigohing shiddat bilan o‘kinchni teshmoqqa urinadi: «Iltimos, pardani tushirma! Menga bir zumgina quloq sol. Qo‘shnilaringni o‘zlari meni oyoqosti qilishdi. Men ularni tepki-ladim, xolos. Sen bilan gaplashib olishim kerak. Menga nimalardir bo‘lyapti. Dunyoga sig‘ma-yapman, sig‘may ketyapman. Iltimos, pardani tushirma!» Qiz yerga qaragancha pardani tushiradi. Haligina zim-ziyo ko‘chani quvontirgancha sochilib turgan nur parda ostiga yashirinadi. Sen umid bilan kutasan. «Hazillashyapti, hozir derazani ochvoradi». Uyda chiroq o‘chadi. Zulmat aro tentirab-tentirab, noiloj uyga qaytasan.
Otang sharpangga ilhaq yotgan ekanmi, ostonadan o‘tishing bilanoq shivirlab chaqiradi. «Keldingmi, bu yoqqa kir, o‘g‘lim!» U avzoyingga qararkan, xavotirlanadi. «Yonimga o‘tir, o‘g‘lim! Ketganingdan beri o‘ylanaman. Nega to‘satdan bunchalik o‘zgarib qoldiykin, deyman. Bilsam, ayb menda ekan. Lekin men qo‘yni qassob olishini-yu, kasbiga isnod keltirib, dar-rovgina so‘yib sotishini tush ko‘ribmanmi, o‘g‘lim! Ammo odam degan Isaning o‘chini Musadan olmaydi. Jahling chiqqanda, shaytonga hay berib, astag‘furullo, desang, tamom, o‘tadi-keta-di». «U meni «siz – siz emassiz», dedi. «Gapirsang-chi, bundoq, qon qilvording-ku! Bo‘lar ish bo‘ldi, endi ming o‘ylaganing bilan o‘rniga tushmaydi. Lekin inson ko‘nglini olish qiyin. Ertaga fursat topib o‘sha bolalardan uzr so‘ra. Otalariga o‘zim tushuntiraman, yigit-chilikda bo‘ladi, o‘zlaringni boshlaringdan o‘tmabdimi, bir o‘ziga uch kishi yopishgach, hech narsa ko‘ziga ko‘rinmapti, hozir pushaymon, deyman. Katta boshimni kichik qilaman…» «Yo‘q, ota, ular mendan uzr so‘rashsin!» «Uh!.. Senga nima bo‘lgan o‘zi? Odam bir kechadayoq shunchalik o‘zgaradimi? Sen quloqsiz bola emasding-ku.» «Men – men emasman!» «Nima-a? Bu nima deganing?»
Iliqqina, yumshoqqina narsa minglab barmoqlari bilan yigitchaning boshini chim-chilar, u to‘shakdan u yon-bu yon to‘lg‘anardi.

1975 yil. 

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.