OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

O‘zbektosh Qilichbek. Yaxshilikning bahosi (hikoya)

«Hozir butunlay o‘zgargansan: odamlarga qo‘shilmaysan – odamovisan, do‘st-yorga ko‘z uchida qaraysan – manmansan! Avvallari hecham unaqamasding-ku! Nega bunchalar o‘zgarib ketding?!»  Ba’zan o‘zimga-o‘zim shunday savollar berib o‘yga tolaman.
Ota-onamdan uzoqda, ularning ko‘magidan kechib yosh boshim bilan shaharga ko‘chib kelib ikki qavatli uyning egasi bo‘ldim. 
Shahar tun pardasiga o‘ralayotgan payt edi. Ikkinchi qavatdagi kompyuter xonasini yopib pastga tushayotgandim, ichkaridan telefon jiringi eshitildi. Birinchi qavat oshxonasiga tushib go‘shakni qulog‘imga tutdim.
– Qalaysan, o‘rtoq? – sinfdosh do‘stimning ovozi tashvishli edi. – Birovning telefonidan qo‘ng‘iroq qilayapman. Ko‘chada qopketdim. Pulim ham kamroq... Hech qaysi mehmonxonaga qo‘ymayapti.
– Nega to‘ppa-to‘g‘ri mening koshonamga kelavermading?!
– Bir o‘zimmasman-da, shunga... Bilaman-ku, sening fe’lingni... Singlim bilanman. Oddiy gostinitsalar ham nikohimiz haqidagi qog‘oz so‘rayapti.
U o‘zi ilakishib yurgan qizni hammaga singlim deb tanishtirardi. Hammaga shunday deb gapirib o‘rganib qolganidan, meni barcha sirdan xabardorligimni unutibmi yo yonidagilardan xijolat bo‘libmi, menga ham shunday dedi.
– Unaqada, bekor telefon qipsan, nahs bosgan qo‘ling bilan! Uningni uyiga jo‘natvorgandan keyin menga telefon qil, gaplashamiz.
– O’rtoqjon, menga ozroq pul...
– Hech qanaqa pul-sul yo‘q! Yoningdagi kapalagingni uyiga uchirvor, keyin gaplashamiz, deyapman-ku!
– Ha, bilardim, shunaqa deyishingni... – Xo‘rsindi u. – Mayli, tinchmisan o‘zing? Bo‘pti...
Kechki ovqatdan so‘ng kamin yonib turgan xonada kitob varaqlab, kerakli satrlarni konspekt qilib tun yarmigacha o‘tirdim. Pardasi surib qo‘yilgan oynadan projektor yorug‘ida qor yog‘ayotgani ko‘rinib turardi. Divanda qor parchalariga tikilib yotib ko‘zim ilinibdi. Telefon qo‘ng‘irog‘i miltiq ovoziday ta’sir qilib sakrab o‘rnimdan turdim-da, yerda yotgan telefonni olib qulog‘imga tutdim.
– Hali uxlamovdingmi? – do‘stimning ovozida xavotir hukmron edi. – Biz ko‘chada qop ketdik. Boradigan joyimiz yo‘q. Oxirgi borgan mehmonxonamiz ham qabul qilmadi. Pulini kelisholmadik. Sovuq o‘tib ketdi, o‘rtoqjon! Metroning yonidan telefon qilyapman. Bormasam bo‘lmaydi. Piyoda..
– Nimaga shuni avvalroq o‘ylamading?! Shunaqa bo‘lishini ahmoq ham biladi-ku!
U g‘ing demay, so‘kishlarim tugashini kutar, shundan so‘ng uyga taklif qilishimni bilardi. Lekin bu gal u kutgani ro‘y bermadi, senga gapirish hayf deganday, men telefon go‘shagini qo‘ydim.
Xarakterim shunaqa, nopok yurganlardan jirkanardim. Bu fe’lim Xudoga ham xush yoqibmi, omad bulog‘idan suv ichirgandi. Do‘stim betini qalin qilib xiringlab xonamga kirib keldi. U bilan o‘tirgan holatimda begonalarday ko‘rishib stol ustidagi kalitlar shodasini ko‘rsatdim.
– Pastdagi kichkina xonada uxlanglar. Issiqroq... Ertalab azon aytilgan payti bu yerda ko‘rmay! Nima xohlasang, muzlatkichdan olib yeyver...
U kalitlar shodasini qo‘lida o‘ynab birpas yonimda o‘tirdi. Keyin sovuqda qolgan qiz yodiga tushib qoldi shekilli tashqariga yo‘naldi.
– Chiroqni o‘chirib ket.
Ertasiga do‘stim tushga yaqin xayrlashgani chiqdi. Yomon kayfiyatda yotganim uchun vaqtliroq turolmagandim.
– Sokingni tugatdik. Piyozli noningni, – u piyozli non deb pitstsani nazarda tutayotgandi,– mazza qilib yedik. Rahmat.
Uning uzundan-uzoq minnatdorchilik ohangida aytgan gaplaridan esimda qolgani shu bo‘ldi.
Keyingi ikki yilda ijodimdan, ya’ni biznesimdan baraka ketdi. Ikki qavatli uyimni sotib bir xonali uyda yashay boshladim. Bu orada o‘sha do‘stimning to‘yini o‘tkazdik. Ilakishgan qizi bir chetda qolib boshqaga uylandi. So‘ng qaynotasi ko‘magida shahar chekkasida sigaret do‘koni ochdi. Men ham ko‘chada yurgan pullarimni to‘plab, eshlarimu xeshlarimdan qarzlarimni qaytib olib sirpanchiq biznes yo‘lida qadam bosa boshladim. Albatta dimog‘i ko‘tarilib qolgan Bunyod bundan bexabar edi. U faqat singanligimni, bundan tushkunlikka tushib qolganligimni eshitgandi. Shu kunlarning birida Bunyod bilan ko‘chada tasodifan ko‘rishib qoldim. Borib yaxshiroq joyda ovqatlanish uchun taksi to‘xtatdik. U mening tabiatimga zid ravishda, xuddi yetti yot begonaday, taksichining yonidagi o‘rindiqqa o‘tirib oldi. Bizning borar manzilimizgacha ancha yo‘l, men u bilan do‘stlarcha gaplashib ketishni mo‘ljallagandim.
– Sinfdoshlarni sog‘inaman, – dedi u. – Hammasini... Hammasi bilan bir to‘planib o‘tirsak... Ularga mehrim boshqacha-da...
Men ort o‘rindiqda o‘tirib ko‘zgu orqali uning yuziga razm solarkanman, bu gaplar uning ichidan, yuragidan chiqmayotganligini sezardim.
– Birinchi “sevgilim” bilan uyingga boruvdik-ku,  o‘sha kun hech esimdan chiqmaydi-da! Pianino xonasida manavinaqa qilib o‘tiruvding! – U kaftini ensasiga qo‘yib gapirdi. – O’shanda pitstsangni (Nima yeganligini endi tushunibdi) yeganimga rosa pushaymon bo‘lganman-da! O’sha kuni rosa zarda bo‘lganman. Pulni qizg‘anib nonushtani shu yerda qilib ketaqolaylik devdim-da! Ko‘chada ketyapmiz, tinmay zarda bo‘laveraman, yeganim og‘zimga qaytib kelaveradi-da. Uchta gazli suv olib ichsam ham zardam qolmaydi-da! Oxiri bo‘lmadi, qancha pul ketsa-ketsin dedim-da, bitta qimmat restoranga kirib bo‘kib ovqat yeb oldim. O’shanda sokingga qo‘shib pitstsangni bekor yegan ekanman-da!
“Bu sening rahmatingmi?!” Men nafrat uchqunlanayotgan nigohimni undan uzmasdim, bu gaplarni ko‘zlarim so‘zlardi.
Uning hayvoniy tilda gapirayotgan gaplarini to‘rtinchi marta eshitishga toqatim yo‘q edi. Men ofitsiantni chaqirdim.
– Esimdan chiqibdi. Bir joyga shoshilinch borishim keragiydi. Hammasiga o‘zim to‘layman.
U bilan o‘tirgan joyida sovuqqina xayrlashdim. Va bu xayrlashuv bir umrga ekanligini ich-ichimdan his qilib turardim.
“Qizning ko‘ngli qolsa, tuqquncha, yigitning ko‘ngli qolsa, o‘lguncha!» Menda yigitlik xarakteri bor edi!
Ichimdagi farishtam tinmay shu maqolni takrorlardi – ichimdagi xislarni faqat shu maqol bilan izohlash mumkin edi.
O’qo‘tmas mustahkam ko‘ngil darvozasi o‘sha o‘zini mehribon deb sanaydigan, aslida mehr nima, mehribonlik ne ekanligini bilmagan odamlibos hayvonlar uchun gursillab, hammayoqni larzaga keltirib qayta ochilmas bo‘lib yopildi.
“Endi tushungandirsan, nega bemehr, odamovi, yakkamoxov bo‘lib qolganligimni?! – Men yangi olgan hovlimning gul ochayotgan bog‘chasida o‘tirib ichimdagi oppoq libosli farishtam bilan gaplashib xayol surib o‘tirardim. – Nega ulardan kechib ketganligimning sababi mana shu!”
Darvoza qo‘ng‘irog‘i jiringladi. Ekranda Bunyodning tirjaygani yuzini ko‘rib ensam qotdi. Kalitni xo‘jayinim opketganligini, hali-beri kelmasligini bahona qilib darvozani ochmadim.
“– Bunyodni kechirishing kerak. U og‘ir ahvolda... Biznezi bankrotga uchragan. Hozir ishsiz. Kompyuter markazingdagi xalqaro bo‘limda bitta ish o‘rni bo‘sh, uni ishga olishing kerak.”
“Hech qachon! – Ichimdagi farishtamning taklifidan jahlim chiqib o‘zimni tutolmay qolganimdan ekran tugmasiga qo‘lim tegib ketdi. Bunyod bilan aloqamiz uzildi. Shunday xayollarga borganimda ko‘nglim to‘lib ko‘zim yoshlanganligini sezmay qolaman. – Uni ishga olish u yoqda tursin, gaplashganim bo‘lsin. Kechirish haqida-ku, umuman gap bo‘lishi mumkinmas. ...Ham mehr berib, ham ko‘ngling qonasa?! Yigitning ishi bunday bo‘lmaydi. ...Agar u o‘sha gapini bir marta aytganda kechirishim mumkin edi. Lekin u...”

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.