OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Odil Yoqubov. Fotiha (etyud)

Qishloqda rasm bor: olti-etti oy, hatto bir yildan keyin borsangiz ham bu orada vafot etgan tanish-bilishlarga fotiha o‘qib, oila a’zolariga ta’ziya bildirishingiz kerak.
Qishloqqa bir borganimda, bizning soy mahalladan yosh bir yigit vafot etganini aytib qolishdi. Mo‘ysafid amakim va o‘qituvchi jiyanim bilan marhumga fotiha o‘qigani bordik.
Men marhumni bolaligidan tanir edim. U eri frontda halok bo‘lgan, mushtipar bir bevaning yolg‘iz o‘g‘li edi.
Yigit armiya safida uch yil xizmat qilib, u yerdan yaxshigina montyor bo‘lib, rus qiziga uylanib qaytgan, lekin ko‘p o‘tmay, to‘g‘on qurilishidan tok urib o‘lgan edi.
Bu voqea men borishdan qariyb bir yil avval sodir bo‘lgan, bu orada kelin ham Rossiyaga ketib qolgan edi.
Mushtipar ona qizining uyiga ko‘chib o‘tgan ekan, bizni kuyov bola bo‘lsa kerak, oliftalarcha kiyingan, yosh, quvnoq bir yigit qarshi oldi va derazalari toqqa qaragan katta chorsi xonaga boshlab kirdi.
Uyning to‘rida, boshida ko‘k doka ro‘mol, ozg‘ingina bir xotin ko‘rpa qavib o‘tirardi. Biz kirishimiz bilan ayol o‘rnidan turdi va ro‘molini yuziga tortganicha chetlab yurib, tog‘ tomondagi ichkarigi uyga kirib ketdi.
Amakim fotiha o‘qidi. Keyin dasturxon yozildi. Choy ustida gap-so‘z, har xil hangomalar. Kuyov bola ham xushchaqchaq yigit ekan, u yoq-bu yoqdan gapirib, kuldirib o‘tirdi. Nihoyat, bir-ikki piyola choy ichilgach, qo‘zg‘aldik.
Biz hovliga chiqib, ko‘chaga burilganimizda qaerdandir orqadan, bog‘ tomondagi uydan, hazin bir kuy qulog‘imga chalinganday bo‘ldi. Beixtiyor qadamimni sekinlatdimu a’zoyi-badanim qaqshab ketdi. Men kuy, deb o‘ylagan tovush kuy emas, ona yig‘isi edi!.. Ona sekin, go‘yo bizdan iymanganday, go‘yo xushchaqchaq kuyov bolasi eshitib qolishidan qo‘rqqanday, ohista yo‘qsab, nimalarnidir aytib yig‘lardi. Uning so‘zlarini tushunib bo‘lmas, lekin nima deyayotganini hazin kuyday mungli ovozi o‘zi aytib turar, u kimgadir zorlanar, faryod chekar, nola qilar edi.
Nega biz bu ostonaga keldik? Nega mushtipar onaning bitmagan yarasini qayta tirnadik? Nega dasturxon ustida gurunglashib o‘tirdik, hiringlashib kulishdik? Axir biz uchun u yigitning o‘lganiga bir yil o‘tgan bo‘lsa o‘tgandir, lekin ona-chi? Ona uchun o‘g‘lining o‘chmas siymosi ko‘z oldida hanuzgacha turgandir, axir?
Shu-shu biror joyga fotihaga borsam, bo‘lakcha mungga, qandaydir yuksak musibat, ovunchsiz nolaga to‘la o‘sha tovush esimga tushadi. Bu tovush birovlarning musibatini chuqurroq his qilishga, sukut saqlashga da’vat etadi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.