OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Odil Yoqubov. Tush (etyud)

Ilk hikoyalar yozib yurgan o‘smirlik chog‘larim. Qiziq voqealar o‘ylab topishga urinaman, chiroyli so‘zlar axtaraman... «Quyoshning oltin nurlari daraxt yaproqlarini zar bilan o‘radi, tubsiz osmonning moviy gumbazi mitti tilla sirg‘achalarga to‘ldi», kabi jimjimador jumlalar tuzaman. Bu tasvirlar o‘zimga yoqsa ham ko‘nglimning bir chetida ularning allaqanday sovuqligini, yasamaligini, dilimdagi tuyg‘ularimni ifoda qilishga ojiz ekanini sezib, qiynalaman, iztirob chekaman... Bir kuni qo‘limga «Hojimurod» tushdi. Qissaning muqaddimasi, ya’ni qariqiz haqidagi hikoya ezmalikday tuyuldi. Men undan «sakrab» o‘tdim, o‘tdimu qissaning ilk misralarini o‘qib g‘alati bo‘lib ketdim...
Menga shunday tuyuldiki, go‘yo Tolstoy olis chechen ovulini emas, bizning qishloqni tasvirlagan. Ko‘z oldimga qishloq o‘rtasidagi machit, machitning yonidan soyga buriladigan tor ko‘cha keldi. Ko‘chaning ikki tomonidagi pastqam uylarning tomlarida chollar bog‘ qo‘rib yotishadi. Kechqurunlari qirdan poda qaytadi, borliqni qo‘y-qo‘zilarning ma’rashi to‘ldiradi, mo‘rilardan tutun ko‘tarilib, havoda tezak hidi burqsiydi. Xuddi Tolstoy tasvirlagan manzara!.. Nazarimda Hojimurod shu machit tomondan kelib, bizning tor ko‘chaga burilgan, burilganu birinchi pastqam uyning tomidagi cholni (bu uyning tomida yong‘og‘ini qo‘rib doim badjahl bir chol yotardi) uyg‘otgan...
Meni ayniqsa «tezakning qo‘lansa hidi» — degan so‘zlar hayratga soladi. Tanish manzaralarni ko‘z oldimga keltirgan, dilimda ajib hislar uyg‘otgan narsa ham shu oddiy so‘zlar, azon aytgan so‘fining ovozi, mo‘rilardan ko‘tarilgan tutunu tezakning qo‘lansa hidi edi!..
Bu oddiy so‘zlarning allaqanday teran siri bor edi. Bu sir sizni sehrlab qo‘yar, ko‘z oldingizga siz olis chechen ovuli emas, o‘z qishlog‘ingiz, bolalikdan tanish manzaralar kelishining sababi ham shu sehrda edi!
Kitobni bir o‘tirishda o‘qib tugatdim. Hojimurodning o‘limidan ko‘nglim vayron, xo‘rligim kelib, xo‘roz qichqiriqlariga, itlarning vovullashiga quloq solib uzoq yotdim. So‘ng, kitobning birinchi sahifasidagi ulug‘vor cholning suratiga, paxmoq qoshlar ostidagi o‘tkir ko‘zlarini kitobxonga qadab turgan Tolstoyning suratiga tikildim. Bu suratni qaysi rassom chizgani hozir esimda yo‘q. Shunisi esimdaki, Tolstoyning uzun soqoliga, do‘ng peshanasiga, qudrat yog‘ilib turgan miqti gavdasiga, allaqanday shafqatsiz chehrasiga tikilib uzoq yotdim, hayolimda esa undan yordam tilar, oq yo‘l tilashini iltijo qilardim. Uyquga ketganimni bilmay qoldim. Bir mahal tush ko‘ribman. Tushimda... Tolstoy!
Egnida o‘sha uzun ko‘ylak, ken panjali uzun qo‘llarini ingichka qayish qamariga suqib, uyimizga sekin kirib kelgan emish. Meni chaqirib nimadir dedimi, yo deganday bo‘ldimi, bilmadim, oyimlarning ovozidan uyg‘onib ketdim. Tong otgan, oyim sigir sog‘ayotgan edilar.
Men Tolstoydan, uning menga aytadigan gaplariyu, beradigan oq fotihasidan ayrilganimni sezib, dod deb yuborishimga oz qoldi. Xuddi tushida oltindan ayrilgan Afandiday ko‘zimni qayta yumdim. Yo‘q. Tolstoyni qaytarib bo‘lmas edi!.. Oyimlardan ranjib, ancha to‘lg‘anib yotdim, keyin asta-sekin o‘zimni yupata bosh-ladim. Axir Tolstoyning uyimizga kirib kelgani, meni chaqirib bir nima degani rost-ku! Shoshma. U menga nima dedi? Kelajakda yozuvchi bo‘lishimga ishora qilmadimi?
Tolstoyning nima deganini eslash qiyin edi, lekin bora-bora u menga yaxshi gaplar aytganday tuyula boshladi, asta-sekin yozuvchilikka oq yo‘l tilaganiga ham ishona boshladim, nazarimda, hatto boshimni ham silaganday bo‘ldi...
Ko‘nglim yorishib, o‘rnimdan turdim. Quvonchdan o‘zimni qayoqqa qo‘yishimni bilmas edim, tushimni birovga tezroq aytgim, quvonchim bilan o‘rtoqlashgim kelar edi.
Avgustning o‘rtalari. Mendan bir-ikki yosh katta bir adashim bilan kun ora g‘o‘za sug‘orar edik. O’sha kuni bizning navbatimiz edi. Rost, Odil mening «yozuvchi»ligimni, yozgan she’r va hikoyalarimni tan olmas, lekin adabiyotni yaxshi ko‘rar, kitobni ko‘p o‘qir, shu sabab, ikkimiz ancha yakin edik.
Men bog‘imizdan chiqib, paxtazorga buriladigan yolg‘iz oyoq yo‘lga qadam qo‘yganimda, Odil ham yetib keldi, qo‘l berib ko‘risharkan:
— Ha, og‘izlar quloqda-ku? — deb piching qildi.
— Menga qara, Odil, bugun g‘alati bir tush ko‘rdim,— dedim. — Kulmasang aytib beraman.
— Xo‘sh, xo‘sh?
— Men bugun tushimda... Tolstoyni ko‘rdim!
— Shunaqami? — Odil negadir ko‘zini ko‘zimdan uzib paxtazorga tikildi. — Xo‘sh, keyin nima bo‘ldi?
— Ha, shu... Juda ajoyib odam edan!
— Senga... yozuvchilikka fotiha bergandir?
— Aytsam ishonmaysan-da! Lekin... chindan ham... yaxshi gaplar aytdi.
— Katta qo‘llari bilan boshingni ham silagandir? Boshqa payt bo‘lsa-ku, men uning ovozidagi kinoyani sezardim, albatta, lekin shoddigim ichimga sig‘may turgan bir mahalda buni payqamadim.
— Ha, boshimni sekin siladi!
— Ha-ha-ha! Tolstoy boshini silagan emish! Ha-ha-ha! Orzularingdan o‘rgilib ketay!
Odilning zaharli qahqahasi ustimga quyilgan bir chelak sovuq suvday ta’sir etdi. O’zimni qayoqqa yashirishni bilmay paxtazorga sho‘ng‘idim. Odildan, odamlardan yashirinib kechqurungacha yolg‘iz ishladim, aytgan gaplarimni unutish uchun, uyatdan «qochib qutulish» uchun jon-jahdim bilan ishladim, tushimni esa hech qachon, hech kimga aytmaslikka qasam ichdim. O’zim ham Tolstoyning buyukligini o‘sha kuni tushundim-ov... Tolstoy shunchalik buyuk ediki, uni hatto tushimda ko‘rdim deyish ham nokamtarinlik va maqtanchokdik bo‘lardi!..

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.