OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Omon Muxtor. Muslim boboning nevaralari (hikoya)

Qahramonning qisqacha tarjimai holi:
U ikkinchi jahon muhorabasidan ikki yil oldin Kogon yaqinidagi qishloqda tug‘ilgan. Suxor degan bu qishloqning e’tiborga sazovor joyi — Hazrat Bahovuddin Naqshbandning pirlari Hazrat Sayyid Mir Kulol shu yerda dunyoga kelgan. Bu ikki avliyoning yondosh maqbaralari yaqin-yaqingacha qarovsiz holda yotgani-yu, mana endi obod bo‘lib borayotganiga qaramay, eskidan bu joylarning nomi asosan, ziyoratgohlar nomi bilan bog‘langan.
Kulol, Naqshband — buning o‘zi bir paytlar faqat Buxoro shahri emas, chor atrof qishloqlarida ham hunarmandlik rivoj topganidan darak beradi. Buyuk avliyolar din arboblari bo‘lish barobarida, hunar kishilari edilar. Ular qo‘l mehnati bilan tirikchilik ko‘rgan.
Muslim bobo (u albatta, bir umr bobo bo‘lmagan) aqlini taniganidan — yerni tanigan edi. Qishloqda erkak zoti — urushga yaramagan to‘rtta chol ekanligi-yu, ular kuni bo‘yi dalada sudralib, ko‘pincha besh vaqt namozni ham dalada o‘qishganidan, u maktabga borishdan oldinroq qora mehnat va Xudoga ibodat-iltijoni o‘rgandi. Keyinchalik jahon muhorabasi davrigacha qishloqqa kirib-kirmay turgan dahriylik yopirilib, yangidan avj olgani, birinchi navbatda, maktab o‘zi dahriyona yo‘nalish bergani ham uning avvaldan qon-joniga singigan — yerga muhabbati va qat’iy e’tiqodini o‘zgartirolmadi. Maktabni bitirib-bitirmay yana qo‘liga ketmon oldi. Hasratli, iztirobli damlarda — birov to‘sqinlik qiladimi, yo‘qmi, ahamiyat bermay — aziz avliyolarni ziyorat qilib yurdi.
Dehqonchilikdan tashqari, bir hunar ham egallamoqchi edi. Kogonda temirchilik do‘koni bor, temirchiga shogird tutindi. Biroq bu ishdan ko‘nglida bir umrlik armon qoldi — endi hunar o‘rganayotganida, kerak bo‘lsa har yoqdagi zavodlardan ketmon sotib olamiz, deb kutilmaganda do‘konni yopib tashlashdi. Buxorodagi turli kasb-hunar do‘konlari yopib tashlanayotgan davr edi.
Otasi urushning dastlabki kunlaridayoq halok bo‘lgan edi. Onasi «oftob urib» nobud bo‘ldi. Egatda yiqilgan joyidan uyga ko‘tarib kelgunlaricha joni uzildi... O‘n yil yolg‘izlik jabrini chekdi.
Ancha kech Bokira degan qizga uylandi. Lekin inson ham bir nihol ekan — oldin o‘tqazilgani tarvaqaylab o‘sayotganida, keyin o‘tqazilgani ba’zan qurib ham qolar ekan. Unga uch o‘g‘il, bir qiz tug‘ib bergandan so‘ng Bokira «o‘z vazifasini bajarib bo‘lgan»dek, aqlga sig‘maydigan tarzda bir kecha uyqusida jon taslim qildi.
Kuydi-qoldi. Qaytib uylanmadi.
Umr ariqdagi suvdek o‘tdi-ketdi.
Endi farzandlari ulg‘aygan. Oila qurgan.
Bir o‘g‘li — Abdulaziz Buxoroda o‘qib, shu yerda uy-joy qilgan.
Buxoro garchi — ikki qadam, bir qadam nari ham — nari!
«O‘nta bo‘lsa, o‘rni boshqa, qirqta bo‘lsa, qilig‘i».
Muslim boboning qishloqda, yonida yettita nevarasi bor. O‘g‘li Abduazim, kelini yonida. Buning ustiga, Abdulaziz xotini, bolalari bilan goh-goh kelib turadi. Ammo Muslim bobo baribir, shahardagi ikki nevarasini har kuni sog‘inadi. Haftada-o‘n kunda ko‘rinish berishmasa, shartta belini bog‘lab, o‘zi shaharga qarab jo‘naydi.

* * *

U Buxoroga odaticha ertalab barvaqt ikki chelak meva-cheva ko‘tarib kelgan edi.
O‘g‘lining uyi — uning uyi. Muhimi, uning kelishi har gal o‘g‘li, kelini, nevaralarini hayajonga solar, ular uchun bayramga aylanardi. Muslim bobo o‘zi ham hayajonlanar va ko‘z tegmasin, deb bu «ko‘tarinkilikdan» ko‘nglida biroz qo‘rqardi.
O‘sha kuni ham shunday holat yuz berdi. Hamma narsa beozor, xurram boshlandi.
Nonushtadan keyin, Muslim boboni yana bir quchib-o‘pib nevaralari Anvar va Shahlo maktabga ketishdi.
Ular bilan izma-iz:
— Zerikmang, dada, — deb qo‘yib, Abdulaziz bilan Latofat o‘z ishlariga yo‘l olishdi.
Muslim bobo shoshmay tahoratini yangiladi. Joynamoz to‘shaganicha, qiblaga qarab o‘tirib, shukrona namozi o‘qidi. So‘ng, boshini ko‘ksiga solintirib o‘tirganicha, o‘tgan butun hayotini esladi.
—    Poko Parvardigoro! Ojiz va osiy bir bandangman. Lekin doim Senga inondim va Senga tavakkul qildim. Neki imtihoning bo‘lsa, ko‘tardim. Yillar bo‘yi yuragimda yig‘ilgan bir hasrat, bir alam bor. Goho chidayolmayman. Bir yerda o‘tirolmayman. Isyon, deb qabul qilma, Egam! — shularni o‘ylab, ko‘zlari yoshga to‘ldi. U barcha farzandlari, nevaralarini duo qildi. Ularni Xudo balo-qazolardan asrashini tiladi.
Bu uyda bo‘lgan payti uning uchun nevaralari maktabdan qaytishini kutish, birga tushlik qilib, ota-onadan ayri holda, ular bilan osoyishta suhbatlashish muhim edi. Bolalar ota yoki onalariga aytolmagan gaplarini bobolariga aytishardi! Oldinlar sabri yetmay, nevaralarini ko‘chaga chiqib qarshilardi. O‘shanda unga ba’zan o‘g‘li bilan kelini beparvo ekanliklaridan bolalarini o‘z holiga tashlab qo‘ygandek tuyulardi. Yo‘q, tezda taskin izlardi. Baribir, u har kuni bu yerda emas. O‘g‘li bilan kelini ishli, bolalar esa bir qarichligidan mustaqil o‘sayapti. Balki, shunisi ham yaxshidir! Endi Anvar — o‘n olti, Shahlo — o‘n to‘rt yoshda. Kap-katta. Xavotirlanish ortiqcha! Shuni o‘ylasa-da, ich-ichida toqatsizlanardi... Qanday bo‘lmasin, nevaralar kelguncha vaqtni o‘tkazish kerak!
Divanga cho‘zilib, jilla orom olishga urindi.
Ko‘zi ilingan ekan, aft-angori g‘ira-shira xotirasida qolgan dehqon otasi, qarimay turib egilib-bukilgan, erkakdan ziyod umrini yerda, dalada o‘tkazgan yupun-bechora onasi, ona qismatini qaytargan suyukli Bokira xayolida yana jonlanishdi.
— Poko Parvardigoro! Ular balki, hech bir gunohsiz bandalar emas edilar. Lekin Sen ularni O‘z mag‘firatingga ol! Senga inondim va Senga tavakkul qildim... — shularni o‘ylab, o‘rnidan turdi. Nevaralar kelgunicha vaqtni o‘tkazish kerak!
Nari-beri yura boshladi. U yon-bu yon qaradi.
Eshikning ikki qulfidan biri buzuq. Yo‘lak va yuvinadigan xonada chiroq kuygan... Abdulaziz bir kollejda dars beradi. Ishi ko‘p. Latofat katta bir idorada hisobchi. Goho uyga daftar ko‘tarib kelib, kechalari ham raqam sanaydi. Umuman, bular uy bilan shug‘ullanmaydi. Buni bolalarga qoldirgan... Eshik qulfini tuzatdi. Hammayoqda chiroqni «yaraqlatib» qo‘ydi. Qachon bu uyga kelsa, shunday ishlarni ham o‘rinlatardi.
Peshin namozini o‘qidi.
Nevaralar hamon kelmayotgan edi.
Deraza oldiga borib, ko‘chaga qaradi.
O‘g‘li uchinchi qavatda turadi. Hovli kaftdagidek ko‘rinadi. Ro‘parada yana bir besh qavatli uy. Orada bolalar o‘ynaydigan maydon, yakkam-dukkam daraxtlar. So‘nggi yillar bo‘y cho‘zgan daraxtlarni kesishganidan, ikkala binoning ham yuqori qavatlari yalang‘ochlanib, oftob tig‘i to‘g‘ri sanchiladigan bo‘lib qolgan. Yozda bu qavatlarda turadiganlarga qiyin.
Hovlining bir tomoni — sharillab mashinalar o‘tayotgan katta yo‘l. Ikkinchi tomonda — oldinlar klubmi, choyxonami bor edi, uni buzib, birovlar ikki qavatli serhasham ikki uy qurgan. Tepadan ularning favvora o‘rnatilgan gulzor-hovlilari ko‘rinib turibdi.
Muslim boboning nigohi maydon, yakkam-dukkam daraxtlar tomon qaytdi. Bir daraxt ostida it bilan mushuk yonma-yon cho‘zilib yotardi. Bexos itning quloqlari dikkaydi, u, unga qo‘shilib mushuk katta yo‘l tomon yugurishdi. Muslim bobo diqqat qilib, Anvar bilan Shahlo kelayotganini ko‘rdi. Xudoga shukur!
U derazadan uzoqlashdi. Borib eshikni ochdi.
Bolalar to‘rtta bozor non bilan birga, negadir bo‘lka non va ikki qutti tuyilgan baliq ko‘tarib kelishgan edi... Latofat sahardan go‘sht qovurib qo‘ygan ekan, Shahlo kartoshka archib, Anvar piyoz, pomidor to‘g‘rashga tushdi. Ana-mana kabob pishdi... Tushlikdan keyin, aka-singil bo‘lka nonni burdalab, tuyilgan baliqqa aralashtirishdi. Go‘sht chiqindilari, ovqatdan qolgan suyakni yig‘ib idishga solgancha eshikka yo‘nalishdi.
— Bobojon! Hozir kelamiz, — dedi Anvar.
— Ko‘chadagi it-mushuklarni boqayapmiz, — deb tushuntirdi Shahlo.
— Ularning egasi yo‘qmi?
— Bo‘lmasa kerak. Bechoralar och. Ovqat bermasa, o‘lib ketadi.
Muslim bobo nevaralarining «bu ishi»dan bexabar edi. Ajablandi. Ular chiqib ketgach, xayolga cho‘mdi... Oldinlar shaharda ishi chiqsa, eshak minib kelardi. Abdulaziz o‘qib yurgan yillarda ham shunday edi. Payti yetib, qari eshak o‘ldi. Qishloqda endi bu sodda, mehnatkash hayvonning o‘zi yo‘qolayotgan edi. Ko‘pchilik hozir mashinada, mototsikl, velosipedda yuradi. Ana, to‘ng‘ich va kenja o‘g‘illari — Abduhakim bilan Abdurahimning ham mashinalari bor, shaharga tushganida ulardan biri, ko‘pincha Abdurahim uni keltirib qo‘yadi, qaytganida olib ketadi. Abdulazizning uyiga kirsa-kirdi, vaqti bo‘lmasa, salom aytib ketaveradi, fermada ishlaydi, ishi ko‘p. Qizi Mo‘mina eri bilan kajavali mototsiklda yurishadi. Qishloq oldingidan butkul o‘zgargan. Katta yo‘llar ochilib, imoratlar ham shahardagidan qolishmaydigan tusga kirayapti. «Qishloq shaharga o‘xshab borayapti» deyishadi. Bu taraqqiyot, har qadamda imkoniyat — yaxshi! Lekin qishloq qani? Kundan-kun yo‘qolayapti. Oldingi na hovuz, na ko‘l, na to‘qay. Bu kun atrofda bo‘rimi, tulkimi, quyonmi, toshbaqami, qirilib ketayotgan ahvolda. Qushlar kamaygan. Ba’zan odamlar, bu yil laylak kelmadi, deganini eshitasiz. Darvoqe, it bilan mushuk ham hovli yoki ko‘chada oldingidek ko‘rinavermaydi. Qisqasi, vaqti yetib, Labihovuzda Afandi mingan eshakni ko‘rgan bolalar, bu qanday hayvon, deb so‘raydigan kunlar kelmaydimi?! Taraqqiyotsiz yashab bo‘lmaydi. Lekin uning soyasida insonni olamga, biri-biriga beparvo, ko‘r va kar holga solayotgan g‘aflat ham berkinib yotmaganmikan?! Bu kun qoplondan kiyikkacha nomi «Qizil kitob»ga kirib, qo‘riqxonada saqlangani, eshakdan it-mushukkacha yo‘qolib borayotganiga uyg‘un tarzda ertaga butun boshli o‘zini asrayolmagan, himoyasiz xalqlar, millatlar birin-sirin yo‘qolib ketmaydimi?! Ey! Bu kunning o‘zidayoq Yer yuzida...
Muslim boboning xayoli bo‘lindi. Ko‘chadan bexos qars etgan o‘q ovozi va qandaydir shovqin eshitildi.
U bezovtalanib, uydagi omonat shippakda yo‘lakka otildi. Tashqariga oshiqdi. Yo‘lak eshigidan chiqqanida, sovuq bir manzarani ko‘rdi.
Anvar bilan Shahloning naq oyoqlari ostida jilla burun Muslim bobo derazadan ko‘rgan it og‘zidan qon oqib uzala yotar edi. Aftidan daraxtga sakrab chiqqan mushuk — baland bir shoxda yarim o‘girilib pastga baqrayib qarab turardi. Ovqat yerda sochilgan edi.
Besh qavatli uylardan yon tomondagi ikki qavatli uylar qarshisida — qo‘lida ov miltig‘i, egnida yalang ko‘ylak, ammo bo‘yinbog‘ taqqan yo‘g‘on bir kishi. U bolalarga dag‘dag‘a qilayotgan edi:
— Senlarni necha marta ogohlantirganman. Bu yerga quturgan it-mushukni yig‘ma, deganman.
— Quturgan bu, sen! — dedi Anvar.
Xayriyat, o‘q bolalarga tegmagan edi. Itga esa baribir, achinasan!
— Qotil! — dedi Shahlo.
— O‘g‘ri! Katta daraxtlarni kesdirib, uyingga ishlatganingni o‘zim ko‘rganman.
Muslim bobo nevaralariga yaqinlashdi.
— To‘xtanglar! Uyga kiringlar! — dedi ularga.
Ular bobosiga itoat qilib, boshini egganicha uy sari yurdi.
— Senlarni, hali o‘ynataman! — orqadan bolalarga baqirdi yo‘g‘on kishi. — Aytganimni qilaman. Menga mumkin!
Muslim bobo unga yuzlandi.
— Zo‘r ekansiz, yigit. Lekin Xudodan zo‘r emassiz! Birovga jon ato qilolmaysiz! — shunday deb u ham nevaralariga ergashdi.
G‘azabdan dag‘-dag‘ titrayotgan edi. Balki, atrofdagi uylarda yashagan kishilar aksari musulmon emasdir. Ammo miltiq tutgan mana bu shaxs — aniq nomusulmon.
Bular to‘g‘ri-egri har xil yo‘l tutib, shohlar saroyidek uylar qurgani mayli. Ertaga bolasi yaxshi yashashini o‘ylaydi! Tushunish mumkin. Biroq bularning ko‘pchiligi barcha bolalar ertaga yaxshi yashashni o‘ylamaydi-da! Topgan-yiqqanini miltiq bilan qo‘riqlaydi. O‘z qo‘rg‘oniga itni ham yaqinlashtirmaydi!
Gunoh qilishdan qo‘rqmaydigan kishilar bor dunyoda.
Ular davralarda go‘zal-go‘zal so‘zlaydilar.
Ular ko‘chalarda, dunyoni o‘z qo‘li bilan bezagandek, xiromon-xiromon yuradilar.
Ular aqlli, iste’dodli. Lekin ularni bir odam yoki bir hayvonning ahvoli mutloq qiziqtirmaydi!
Muslim boboning ko‘zi oldida, Anvar va Shahlo yonida, qishloqdagi nevaralari saf chekkandek bo‘lishdi: Abror, Ahror, Nabi, Abdukarim, Rayhon, Nazokat, Dilnoz...
U o‘zi kabi farzandlari, nevaralariga ham dunyoda yashash oson kechmasligini his etdi. Xo‘rsindi.
Hazrat Sayyid Mir Kulol! Madad bering.
Hazrat Bahovuddin Naqshband! Madad bering.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.