OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Orif Tolib. Bo’lgan gap (hikoya)

Kecha institutga hujjat topshirgany bordim. O’sha yerda Dildorani uchratdim. Yuragimning tub-tubidagi ismsiz dardlar qayta bosh ko‘tardi, uch yil oldingi sirli-sehrli xotiralar tasavvurimda asta-sekin jonlandi.
Go‘yo yam-yashillikka, nurga ko‘milgan moviy diyorga tushib qolganday edim. Biroq to‘satdan turgan shiddatli shamol hamma narsani ag‘dar-to‘ntar qilib yubordi, menga uch asrday tuyulgan uch yil mobaynida asrab-avaylab yurgan tuyg‘u-xayollarim o‘t tushgan somon g‘aramidek lahzada yonib kul bo‘ldi. Ulardan alam-iztirob kuligina qoldi, xolos...
Sizga bor gapni aytib beraman, shunday qilmasam bo‘lmaydi. Yuragim qayg‘u zardobiga limmo-lim to‘lib ketdi.
Bu tarix litseyga o‘qishga kirganimdan so‘ng boshlangan. Yettinchi sinfni tugatib o‘qishni tuman markaziga – iqtidorli bolalar litsey-internatiga ko‘chirdim...

* * *

Yangiman. Litseyga kelganimga to‘rt kun bo‘ldi. Ikkita sakkizinchi sinf bor, «A»ga kiritishdi. Qolganlar yettinchi sinfda kelgan, bir-birlari bilan allaqachon apoq-chapoq bo‘lib ketgan. Menga begonasirab, bepisandlik bilan qarashadi. Hali birortasi bilan do‘stlashib, vaziyatga kirishib ketolganim yo‘q. Faqat bitta narsani bilib oldim: sinfimizdagi yetti-sakkizta qizning ichida bitta chiroylikkinasi bor ekan. Qolgan qizlarimiz ham chiroyli bo‘lgandir, lekin u boshqacha edi-da. O’zimni bilmaganga solib so‘rab, bilib oldim. Ismi Dildora ekan. Doim kulib turuvchi quralay ko‘zlari, qop-qora sochlariyu bodom qovoqlari – hammasi boshqacha. Yana qanday sifatlarini sanasam ekan?.. Negadir, shu qizni hech qachon ko‘nglimdagidek tasvirlay olmayman.
Ko‘p fursat o‘tmadi, men dunyoning eng baxtiyor kishilaridan biriga aylandim – Dildorani sevib qoldim. Fikru xayolim shu qizda: qanday gaplashsam ekan.
Paxtaga ketadigan bo‘ldik. Saf tuzilib, o‘quvchilar yo‘qlama qilingach, yo‘lga tushdik. Biz borgan joy Mehnatoboddagi qanaqadir shirkat edi. Ul-bul narsalarimizni shiyponga tashladigu terimga kirishdik. Oktyabrning o‘rtalari. Kunning tafti qaytib qolgan. Sarg‘aya boshlagan ajriqlar ustida tutbarglar chachala qilinganday betartib sochilib yotibdi. Bu yerlarda mol-qo‘y juda kam. Bepoyon dasht. Paxta paykallari osmonning adog‘igacha cho‘zilgan. Osmon tip-tiniq. Kuyosh mehribon qo‘llari bilan boshimizni silab qo‘yadi go‘yo. Olis-olislarda to‘p-to‘p bulutlar suzib yuribdi. G’alati: biri xuddi mo‘ysafid cholning yuziga o‘xshaydi, bittasi qo‘lida kamon bilan uchib kelayotgan bola... Beg‘ubor kengliklarga tikili-ib turibman, oldimdan bir narsa pir etib uchib ketdiyu xayolimni bo‘ldi. Qorashaqshaq ekan. Zovurlarning qirg‘og‘idagi har xil qumtepalarda turli-tuman o‘t-o‘lan, qiyoqlar o‘sib yotibdi. Bir tomonda yovvoyi jiydalar. Biz yaloqjiyda deymiz, kitoblarda qandak jiyda deb ham yozishadi. Ta’mi sal taxir-u, lekin maza! Qo-rashaqshaqlar shu yerlarga in quradi, shoxdan shoxga qo‘nib sayrab yuradi.
Terimga tushib ketdik. Paykal ikkinchi terimdan chiqqan, o‘zi «terimligi» qolmagan. Lekin ko‘sak chuvishga ruxsat yo‘q. Ochilgan paxtani terasan! Baribir yo‘l-yo‘lakay ko‘sakni olamiz-da, karsillatib tishlaymiz – og‘zingiz g‘alati bo‘lib ketadi. Keyin chuvib etakka... Hamma sherik-sherik bo‘lib teryapti: ayrimlar paykalning ho‘v etagiga borib qolgan, ayrimlar bu burchakda. Butun maydon bo‘ylab sochilib ketganmiz. Yolg‘iz teryapman. Faqat goh-gohida nariroqda yurgan qizlarga, to‘g‘rirog‘i, Dildoraga qarab qo‘yaman. Bir gal qo‘lga tushdim: tikilib turgandim u ham qarab qoldi. Darrov paxtaga engashdim: e, men mehnatkash edim-ku! Shunday qilib pinhoniy ahd tuzildi – bir-birimizga qarab-qarab qo‘yamiz.
O’zim bilan o‘zim bo‘lib payqamabman. Mening qatorimdan qandaydir bola kelayotgan ekan. Parallel sinfdan bo‘lsa kerak, tanimadim. Masofa yaqinlashyapti. Achchig‘im chiqdi, yo‘l bo‘shatgim kelmadi. U atayin kelayotgan edi. Mendan gavdaliroq, yuzi mo‘g‘ullarnikiga o‘xshab ketadi. Chayirligi shundoq sezilib turibdi. Yuzma-yuz bo‘ldik.
– Nega mening qatorimdan kelyapsan-ov?! – deb gap boshladi u.
– O’zing nimaga mening qatorimdan kelyapsan? – savolga savol bilan javob berdim.
Hech kim unga bunaqa gapirmaydi, shekilli, jahli chiqib ketdi. Lekin o‘zini bosib olganday, biroz to‘xtam qilib so‘z qotdi:
– Hm-m, menga gap qaytarding. Buning uchun seni rosa do‘pposlashim kerak. Lekin, mayli, men rahmdilman, evaziga yarim paxtangni berasan.
– Shu gapni gapirganing uchun seni rosa do‘pposlashim kerak edi, mayli, men rahmdilman, evaziga bor paxtangni menga berasan, – dedim yana gap qaytarib.
Fig‘oni falakka chiqdi. Bu orada ikkov sinfning bolalari yig‘ila boshlagan, tekin tomosha qo‘yilayotgan edi.
– Ie, bu bola o‘zidan ketgan ekan-ku! – dedi raqibim atrofdagilarga qarab. Gapini tugatar tugatmas shiddat bilan keldi-da, tepdi. O’zimni olib qochishga ulgurolmadim – to‘pig‘imga g‘o‘zapoya aralash «bir shingil» tepki tushdi. Endi o‘zimni olishuvga chog‘lagan edim, qaydandir xabar topgan tarbiyachi yetib keldi.
– Nima bo‘lyapti? – olazarak bo‘lib so‘radi shopmo‘ylov domla.
– Bedana bor ekan, o‘shani tutgani keldik. Uchib ketdi: bit-bildiq, – irjaydi qiyiqko‘z.
– Hech qanaqa bedana-pedanasi yo‘q, paxtani teringlar, kun kech bo‘lyapti, – shopmo‘ylov tanbeh berganday gapirdi-da, qaytib ketdi.
– Lekin gapimiz chala qoldi, bola, – tahdid qildi raqibim. – Keyin gaplashamiz.
– Bo‘pti, – dedim-da, paxta terishga kirishdim.
Hamma yana paykal bo‘ylab yoyilib ketdi. Bir payt sochlari jingalak, ko‘kko‘z sinfdoshim – oti Qudrat edi chog‘i, ko‘p o‘tmay litseydan haydalib ketdi – yonimga kelib nasihatga kirishdi:
– Bekor qilding, Oybek. Sakkizinchi sinfning eng zo‘ri shu – Salim. Bekorga uni Chingizxon deyishmagan. Hech narsadan tap tortmaydi.
– Nima qipti, qo‘rqadigan joyim yo‘q.
– Senga rahmim kelganidan aytyapman. Seni deb biz ham baloga qolmaylik. Kaltak yeyishni istamaymiz.
Ko‘zimga baloday ko‘rinib ketdi.
– Shuni aytgani keluvdingmi?
– Ha.
– Endi tuyog‘ingni shiqqillat, ko‘zimga ko‘rinma!
– Ey, o‘zingdan ko‘r. Senga yaxshilik qippan-a.

* * *

Qosh qoraya boshladi. Bolalar paxtalarini torttiradi-da, avtobusga chopishadi – joy olish kerak. Bo‘lmasa qirq kilometr tik turib ketasan. Avval «A» sinfning paxtasini o‘lchashdi. Avtobusga o‘rnashib oldik. Keyin «B» sinf chiqdi. Ketyapmiz. Ro‘paramga Salim kelib to‘xtadi:
– Tur, menga joy ber!
– Joyingni topivol!
Qiyiq ko‘z yoqamdan changalladi-da, dast ko‘tardi:
– Chakagingni o‘chirib qo‘yaman!
Shovqin-suronimiz oldingi qatorga ham eshitildi, shekilli – hamma yalt etib qaradi.
– Nega urishyapsanlar, – o‘shqirdi shopmo‘ylov tarbiyachi. – Yana senmi, Salim, anavi bolaning oti nima? Ikkovingniyam ustingdan raport yozaman. Litseydan haydalasan!
O’shanda dunyoda ikkita fojia bo‘lsa, bittasi litseydan haydalish edi men uchun. Darrov hovurimdan tushdim. Qishloqdagi odamlarning mish-mishi, ota-onamning dashnomi ko‘z o‘ngimga keldiyu g‘azabimni ichimga yutdim. Boshqalarning nazarida «popugim pasaygan» edi. Ketyapmanu jahldan dag‘-dag‘ titrayman, xo‘rligim keladi. Bu yerda mening hech kimim yo‘q. Qishloqda bo‘lganda, bu mo‘g‘ulbasharani miriqib do‘pposlardim!.. Xullas, tik turib keldim, rosa alam o‘tdi. Yosh bolaning do‘ppisini yashirib qo‘yib qiynashadi-ku, xuddi o‘sha boladay nima qilishni bilmay achchig‘lanaman. Yetib keldik. Avtobus katta yo‘lda to‘xtadi. Ichkariga bir kilometr piyoda kirish kerak. Hamma oldinlab ketdi. Oxirida kelyapman. Yarim yo‘lda bir to‘da bola to‘xtab turibdi. Sezdim, meni kutishyapti. Yaqinlashdim. Yana Salimning o‘zi gap boshladi:
– Ey, o‘g‘ilbolachasiga gaplashamiz. O’g‘il bolasan-a?
– Isbot kerakmi?
– Ko‘p gapirishni yoqtirmayman. Hammang chekkaga chiq.
Shunday dedi-da, lash-lushlarini bir chekkaga uloqtirib menga yuzlandi. Men ham hozirlik ko‘rib oldim. Xo‘rozlarday davra aylana boshladik. Birinchi bo‘lib qo‘l ko‘tarmoqchi emasdim – axir men qo‘rqqanim yo‘q-ku! Yon atrofdagilar Chingizni olqishlar edi.
Yana o‘sha holat – qo‘qqisdan hujumga o‘tdi. O’zimni olib qochishga baribir ulgurolmadim: bu safar og‘riqni biqin tatib ko‘rdi. Atrofdan: «Ur uni, Chingizxon!», «Ayama!» degan hayqiriqlar eshitila boshladi. Shu payt Nodar Dumbadzening o‘zim yaxshi ko‘radigan «Hellados» hikoyasidagi mushtlashuv voqeasi yarq etib xayolimdan o‘tdi. Men Jamolga o‘xshab jimgina kaltak yeb ketavermayman, dedim o‘zimga o‘zim.
Kaltak yeganingdan keyin kallang tuzukroq ishlar ekan. Mushtim uning chakagi bilan tanishdi. O’zimning yuzimda ham muhrlar paydo bo‘lganini sezib turardim. Oxiri ikkovimiz ham charchadik, lekin «jang»ni to‘xtatishni istamasdik. Bir o‘ng‘ay vaziyat tug‘ilib qoldi: qosh-qovog‘i aralash musht tushirdim. Ko‘zidan o‘t chiqib ketdi, shekilli, ingrab yubordi. Men esa g‘alabadan sarmast bo‘lib kutib turdim. Endi etak-xaltalarni olgani engashganimni bilaman: o‘ng biqinimga tuzukkina tepki kelib tushdi. «Nomard!» deb baqirdim beixtiyor. Biqinimni changallagancha, cho‘kkalab qoldim. Lekin bu men o‘ylaganchalik Chingiz emas, chekkadagi tomoshabinlardan biri – taqirbosh pakana edi. U qoyil qildimmi, deganday Salimga ishshayib qarab turardi. Salim yugurib keldi-da, taqirboshni tarsaki bilan «siyladi». U ho‘ngragancha nari ketdi.
– Olishamiz. Jang hali tugamadi, – burungi shashtidan tushib dedi Chingizxon.
– Mayli, – dedim men ham.
Yana mushtlashishga tushib ketdik. Atrofdagilar muhim bir qarorni kutayotgandek jim turardi. Ularga qarab qolibmanmi, yuzimga bexos musht tushdi. Eng yomon ko‘rganim – urishayotgan paytingda burun qonashi. Shunday bo‘ldi. Tutaqib ketdim. Salim esa xuddi menga rahmi kelgandek tikilib turdi-da, narsalarini yig‘ishtirishga tushdi.
– Yo‘q, urishamiz, – dedim men.
– Mayli, ixtiyoring. Lekin boshqa safar. Bunday holatda mushtlashmayman, – deb o‘rtoqlari yoniga ketdi. 
Aslida, ikkalamiz ham ortiq urishishni istamasdik. Burun qonashiga ham e’tibor bermay lash-lushlarimni oldim. Bolalar allaqachon oldinlab ketgan, Salimni maqtashayotgani elas-elas eshitilib turardi. Lekin bu jangdan men ham xursand edim – avtobusdagi alamimga malham qo‘yib olgandim. Kiyimlarim chang-tuproq, yuz-ko‘zim bir ahvol ketyapman. Litseyga yaqinlashib qoldim. O’quv binosi yotoqxonadan xiyla uzoq. Allaqachon kech kirgan. Yotoqxona hovlisida katta-kichik chiroqlarning ayqash nurlari, daraxtlarning uch-to‘rt tomonga ketgan soyalari ko‘zga tashlanadi. Xuddi kontsert zallaridagidek. Bolalarning aksariyati janjaldan xabardor, kichik sinfdagilar bir-birini nuqib menga ishora qiladi.
Yuz-qo‘limni yuvishim kerak edi. Kran oldiga bordim. Bizda artezian suvi oqadigan bunday kranlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri «artizon» deb qo‘ya qolishadi. Xullas, yuvina boshladim. Kimningdir kelganini payqadim. Qarasam, Dildora. Kutib turibdi deb o‘ylab yo‘l bo‘shatdim.
– Voy, chakkangizga nima qildi, qon-ku!
– Hech nima qilmaydi, yiqilib tushdim.
– Hozir, to‘xtab turing.
Birozdan keyin ro‘molcha olib yugurib keldi:
– Namlab bosing, og‘riqni oladi.
Bunaqangi mehribonchilikni kutmaganim uchunmi, nima qilishni bilmay dovdirab qoldim. Ro‘molchani olayotib qo‘lim uning nozik barmoqlariga tegib ketdi. Hayajondan tutila-tutila «Rahmat» deyishgagina qudrat topdim o‘zimda. Dildora yugurib xonasiga qaytib ketdi.
Yotoqqa kirdim: sinfdoshlarim hayrat bilan jim qarab turishibdi. Men ham indamadim.
Shu kuni shirin xayollarga berilib, shiftga termilib tun o‘tkazdim. Nima sababdan menga ro‘molcha berib mehribonchilik ko‘rsatdi ekan, yo uyam meni yoqtirib qoldimikan?.. Shunday bo‘lsa kerak. Ertaga ro‘molchani qaytarib berish bahonasi bilan yana gaplashaman...

* * *

– Tur, haliyam yotibsanmi, oshqovoq!
Tepamda ola kaltagini, o‘z ta’biri bilan aytganda «shaytonkaltagi»ni ko‘tarib bosh tarbiyachi O’tkir domla turardi. Hali bu tayoqning zarbini tatib ko‘rmagan bo‘lsam-da, u haqdagi bir-biridan dahshatli afsonalarni eshitishga ulgurgandim. Dik etib o‘rnimdan turdim.
Mashq, yuvin-taran, ertalabki nonushta. Yana dalaga.
Choshgohgacha dala shabnam ichida cho‘milib yotadi. Paxtaning har bir nafis tolasida zarrin quyoshchalar milt-milt etadi. Shabnam ko‘tarilmaguncha dalaga kirish yo‘q. Bir soat uyoq-buyoqni tomosha qilamiz. Ajriq, yantoq, sovun o‘t va har tusdagi qiyoqlar makon qurgan qumtepalar tomonga qarab ketaman. Nima deysiz? Qizlar shiyponda, o‘choqboshida. Bo‘lmasa allaqachon Dildoraning oldiga borgan bo‘lardim...
Qumtepada o‘tiribman. Chumolilar. Ayrimlari shunchaki uyoqdan-buyoqqa yuradi, ayrimlari bisotini – mayda don-dun, cho‘plarni oftobshuvoqqa yoyadi. Bir tomonda qoralari, bir tomonda sariq-qizil tusdagilari. Kichkinaligimda tengqurlar bilan birga shularniyam urishtirardik. Bittamiz u tomon, bittamiz bu tomon...
Quyosh asta ko‘tarilib, kun qiziy boshlaydi. Paykalga oralaymiz, terim boshlanadi. Bir-ikkita qiz o‘z yigitlari bilan chetroqda teryapti. Men ham belni mahkam bog‘lab, Dildoraning oldiga jo‘nadim.
– Hormang, Dildora, – dedim yaqin kelgach.
– Salomat bo‘ling.
Yonidagi ikki o‘rtog‘i «Mayli, bizga yetib olarsan, kech kolma», deya kulib-kulib oldinlab ketdi.
– Tushungan qizlar ekan, – dedim nima gap gapirishni bilmay.
– Chakkangiz og‘rimayaptimi? – ma’yus tortib dedi Dildora.
– Yo‘q, rahmat. Ro‘molchangizni qo‘yganim zahoti og‘rishi esidan chiqib qoldi.
– Sizga, olavering. Chakkangiz og‘riganda kerak bo‘ladi.
– Ie, har kuni chakkam og‘rimaydi. Og‘riqqa qo‘shilib es-hushim ham uchib ketmasa bo‘ldi.
Dildoraning yuzlari lov-lov yondi, kipriklari pir-pir uchdi. Yupqa lablari juftlanib menga ni-madir demoqchi, e’tiroz bildirmoqchiday bo‘ldi-yu, indamadi. Shu payt qizlarni chaqirib qolishdi. O’choqboshida ish bor, shekilli.
Yolg‘iz qoldim. Ovozim yaxshi deb aytolmayman-u, lekin xirgoyi qilib turaman. Ayniqsa, ishlaganda. Charchaganimni, zerikkanimni sezmaslik uchun. Ashulani baralla qo‘yib paxta terayotgandim, kimdir nomimni aytib chaqirdi. O’girildim, Salim kelayotgan edi. Kechagi olishuv Salimda anchagina «chizgilar» qoldirgan ekan, lekin menikiyam undan kam emas.
– Yur, gaplashadigan gap bor, – yarim dag‘dag‘a ohangida so‘z boshladi Chingizxon.
– So‘yla, eshityapman.
– Bu yer to‘g‘ri kelmaydi, xoliroq yerda gaplashamiz.
– Birov eshitib qoladi deb o‘ylayapsanmi, siringni ochaver, birovga aytmayman, – hazillashgan bo‘ldim.
– To‘g‘ri, bu gap oramizda qolishi kerak.
Narigi bo‘lakning bir burchiga bordik. Zirk jingillari orasiga yashirinib olib, goh-goh mo‘ralab qo‘yayotgan chittakni hisobga olmasa, hech kim yo‘q.
– Men seni bildim, mard bola ekansan, – gap boshladi Salim. – Lekin bugungi ishni atayin qil-dingmi-yo‘qmi, bilmayman.
– Qaysi ishni?
– Ana, istagan bolangdan so‘ra, Dildorani men yaxshi ko‘raman...
– Yaxshi... – dovdirab qolganimni sezdirmaslik uchun tezda so‘zimni davom ettirdim. – Lekin menda ayb yo‘q, birodar. Dildoraning o‘zi meni yaxshi ko‘radi...
– Yo‘g‘-e, o‘zi aytdimi? 
Salimning ko‘zlari pirpirar, g‘alati sarosimaga tushib qolgandi. Yarasiga tuzni qalinroq sepishni xohlardim:
– Ishonmasang, o‘zidan so‘ra, sevgimiz ramzi bo‘lsin deb ismimizning bosh harfini yozib ro‘molcha tikib berdi. Mana istasang o‘zing ko‘r, – deb kecha Dildora bergan ro‘molchani cho‘ntagimdan chiqardim.
Salimning tili ancha vaqt kalimaga kelmay qoldi, rangi o‘chdi. Qo‘limdagi ro‘molchaga ijirg‘anib qaradi-da, hech nima demasdan kelgan yo‘liga qaytib keta boshladi.
Men uni ruhan mag‘lub etganimdan o‘zimda yo‘q xursand edim.

* * *

Ertasiga Salimni ko‘rmadim.
Bir hafta o‘tgach terim tugab, o‘qish boshlandi.
Keyin bilsam, Salim hujjatlarini olib litseydan ketibdi. U paytlari og‘irroq shart-sharoitga o‘r-ganmagan, ota-onasining papalashi natijasida «oftob ko‘rmay» o‘sgan bolalar qiyinchilikka chidolmay o‘qishni tashlab ketardi. Chunki yotish-turish qat’iy tartib asosida, o‘qimasang litsey ro‘yxatidan osongina o‘chirib tashlashadi. Menimcha, Salim undaylardan emasdi. Boshqa biror sababi bordir. Lekin ortiq so‘rab-surishtirmadim.
Kelasi hafta Dildora ham o‘qishga kelmadi. Paxtadan qaytgach gaplashmoqchi bo‘lgandim, «Siz bilan gaplashadigan gapim yo‘q», dedi-da, yotoqxonasiga kirib ketdi. Ustimdan bir chelak sovuq suv quyilgandek bo‘ldi. Nima qilishimni bilmay so‘ppayib turib qoldim. Go‘yo bu sharmandachilikni hamma ko‘rib turganday o‘zimdan o‘zim uyalib ketaman, vujudim lovullaydi. Oxiri, ahmoq odam suymaganga suykaladi degan xulosaga keldim, yotoqxonaga kirib o‘zimni karavotga otdim. Lekin uyqum kelmadi, qandaydir noma’lum his yuragimga og‘ir toshday botib turardi.
Uch-to‘rt kun Dildorani ko‘rmagach o‘zimga bergan va’dalarimni unutdim. Qizlar o‘zi shunaqa bo‘ladi: ba’zan yaxshi muomala qiladi – sevadi deb o‘ylaysan, ba’zan esa yaqiniga yo‘latmaydi. O’sha kuni Dildoraning kayfiyati yo‘qroq edi, shekilli. Shuning uchun gaplashgisiyam kelmagan bo‘lsa kerak... Xullas, shunga o‘xshash o‘y-xayollar bilan o‘zimni aldab oldim.
Eng yaqin o‘rtog‘i biror narsa bilsa kerak deb, Muattardan Dildora haqida so‘radim. U ham aniq bir gap aytmadi, mazasi yo‘q, shekilli, deb qo‘ya qoldi.
Oradan yana bir hafta o‘tdi. Nima bo‘ldi ekan? Muattardan gap so‘rayverib bezor qildim. Uning aytishicha, Dildoraning sog‘lig‘i yaxshi emas ekan, shuning uchun litseydan butunlay ketibdi. Hozir shaharda, qaysidir qarindoshinikida yashayapti ekan. Sal bo‘lsa ham kalavaning uchini topganday edim, lekin Dildorani ortidan surishtirib bormadim. «Nimaga kelding, sen bilan gaplashadigan gapim yo‘q degandim-ku!» desa nima qilaman? Yana «Qizlar o‘zi shunaqa bo‘ladi...» deb ming‘irlab qaytib kelaveramanmi? Yo‘q, bunaqasi ketmaydi. Bir marta o‘lib bo‘ldim, keyingisi ortiqcha.
Shunday qilib, ilk muhabbatimni unutishga qaror qildim. Lekin o‘zimni ovutishning chorasini topolmay qiynalardim...
Bor-yo‘q voqealar – shu.
Odam ba’zan bitta tushni takror-takror ko‘rishi mumkin. Balki sizdayam shunday bo‘lgandir, kichkinaligimda bir xil yoki davomli tushlarni ko‘rib turardim. Kecha Dildorani uchratgan paytim xira tuman ichida qolgan, eng qiziq joyida uzilgan tushimning davomini ko‘raman deb o‘ylagan edim. Biroq...
Men bir paytlar orzu qilgan, ko‘nglimni allalagan tuyg‘ular sarob bo‘lib chiqdi. Tushida juda katta boylikka ega bo‘lib turganda uyg‘onib ketgan kambag‘alday dilimni ojizlik va alam egallab oldi...
– O’zgarib ketibsiz, – deb gap boshladi Dildora salom-alikdan so‘ng. – Mendan xafadirsiz-a?
– Yo‘q, nimaga?
– Sizga xat qoldirgan edim-ku.
– Qanaqa xat, men hech qanaqa xatni ko‘rganim yo‘q.
– Muattar hech nima bermaganmidi?
– Yo‘q, hech nima bermadi, aytmadiyam.
– Yaxshi qilgan ekan, o‘sha voqealardan keyin butun g‘azabimni, alamimni qog‘ozga to‘kib solgandim.
– Tushuntiribroq gapiring, hech narsaga tushunmayapman.
– Siz Salimga Dildora meni yaxshi ko‘radi, ismimizni yozib ro‘molcha tikib berdi debsiz. Men unday bo‘lgani yo‘q deb qasam ichsam ham ishonmadi, o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim deb turib oldi. Birgina shu yolg‘on gap uchun hamma narsadan voz kechib ketdi. Muhabbatidan ham, mendan ham. Axir, men uni sevardim...
Shu yerga kelganda butun vujudimga chumoli o‘rmalaganday bo‘ldi, yuragimning tub-tubida og‘riq turdi, keyin bu og‘riq boshdan oyog‘imgacha tarqadi, hamma yog‘im uvushib, ko‘z oldimni qorong‘ilik qopladi.
– O’shanda sizdan ham, o‘zimdan ham nafratlanib ketdim. Salim o‘qishni tashlab ketgach, men ham u yerda ortiq qolishni istamadim. Butun xayolimni band qilgan alamli savollardan qochishga urindim.
Salim bilan ortiq ko‘rishmadik. Eshitishimcha, o‘qishni butkul tashlab yuboribdi, Rossiyaga borib ustachilik qilayotgan ekan.
Dildoraga biror so‘z deb javob qaytarolmadim, o‘zimning dardim o‘zimga yetardi.

* * *

Ertalab qat’iy bir qarorga keldim. Bugun institutga boraman, qabul komissiyasiga uchrab, huj-jatlarimni qaytarib olaman. Sirli-sehrli tushlar ortiq davom etishini istamayman.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.