OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Orziqul Ergash. Mantiq (hikoya)

Harchand urinmasin, suhbatdoshi chalg‘imadi.
— Bo‘pti, aka, bu gaplarni qo‘ying, foydasi yo‘q, — dedi shartta uning so‘zini bo‘lib. — Ijoddan gapiring. Sizu bizdan qoladigani — ijod!
“Boshlandi, — dedi yuragi bezillab. — Ajab, sizu bizdan deyaptimi?”
— E, nimasini gapiray, Kozimboy. Bin narsalar qoralab yotibmiz. Sizga qizig‘i yo‘q...
— E! — Kozim hayratlangan qiyofada unga qadaldi. — Bizga qizig‘i yo‘qmi? Odamni xafa qilmang-da, Shavqi aka!
— Aytmoqchimanki...
—Sohangiz boshqa demoqchisiz, bilaman, — og‘ringan kuyi bir pas jim qoldi-da, keyin portladi. — Odamni bunaqa ko‘kragidan itarish yaxshimas-da, aka, to‘g‘ri soham boshqa, kasbim boshqa. Lekin, bu meni aybimmas-ku, xato qilib, adashib boshqa yo‘lga ketib qolganman.
“Adashganing omading bo‘lgan, oshna!”
— Birinchidan, Kozimboy, bu taqdir, adashishmas, — dedi Shavqiddin nasihatomuz, ayni choqda suhbatdoshining qovushmayroq turgan muvaqqat g‘amzada qiyofasidan kulgisi qistab, — qolaversa, o‘sha adashib kirib qolganman degan sohangizdan yomonlik ko‘rmadingiz, to‘g‘rimi? Shukur qiling.
— Bu gapingizam to‘g‘ri, Shavqi aka, yomon bo‘lmadim, — dedi bir zumda arazi tarqab, o‘ziga kelib olgan Kozim yuzida ajabtovur mamnuniyat barq urib, kresloga yastandi. — Nolisam noshukurlik bo‘ladi. Lekin, shu... baribir ko‘ngilni bir chekkasi to‘lmay turadi-da, biyaqqa talpinib turadi-da...
— Ha, ko‘ngil ishi og‘ir, sizni tushunaman...
— Nima desamikin, hamishamas, shu ayrim paytlar ichimda gaplarim qaynab ketadiki, u yoq, bu yog‘i yo‘q. Shartta o‘tirib bir narsalar yozib tashlasam deyman. Lekin...
— Lekin, yurak qurg‘ur pand beradi, — deya iljaydi Shavqiddin.
— Ha, aytganman, — kuldi Kozim. — Yurak qurg‘ur hapqirib, o‘rnimdan sapchib turib ketaman. Agar o‘sha gaplarim qog‘ozga tushsa bormi!..
Shavqiddin unga jiddiy tikildi. Bundan o‘zicha ma’no uqqan Kozim gapidan to‘xtab, unga umidvor turmuldi.
— Siz kotiba saqlashingiz kerak, — dedi Shavqiddin jiddiyatni yo‘qotmasdan. — Dostoevskiy shunday qilgan.
— Kim?
— Dostoevskiy. Eshitgansiz. “Jinni” degan romani bor.
— “Jinni”?..
— “Idiot”da... “Jinni” desayam bo‘ladi. “Telba”, “Savdoyi”, “Tentak” desayam farqi yo‘q. Mana bunday qalin kitob. Kotibasiga aytib yozdirgan. Bir oy, ikki oyda yozib tashlayvergan mana shunaqa kitoblarni.
Kozimning hayrati ko‘zida chaqnab turgan esa-da, tiliga chiqarmadi. 
— Birov yozib tursa oson-da, — dedi beparvo. Ichkari xonadan chiqib kelgan xotini bilan uy bekasini ko‘rib, birdan jo‘shdi. — E, man shunaqa narsalarni aytib berishim mumkinki, o‘g‘il bola gap, hozirgi teleseriallaringiz bir tin bo‘p qoladi!..
Xotinlar stol yoniga kelib o‘tirishdi.
— Zerikib qolmadilaringizmi, — dedi uy bekasi va erining oldidagi choynakka qo‘l uzatdi. — Choy sovub qoptimi...
— Kozim akamgilar serial jinnisi bo‘p qolganlar, — dedi mehmon ayol iljayib. — Boshlandi deguncha o‘rinlaridan turib ketadilar. “Chert poberi” deb u yoqdan bu yoqqa yurganlari yurgan.
— Voy, nimaga, Lolaxon, yomon ko‘radilarmi? — choynakni olib o‘rnidan turgan Xosiyat hayron qolgancha joyiga qaytib o‘tirdi.
— Yo‘-o‘q, yomon ko‘rmaydilar, shekilli. — Juvon eriga erkali qarab jilmaydi. — Ichimdagi seriallarim qaynab ketyapti, deydilar. Qaynayverib qiyom bo‘p ketdi-ku, qachon bu yoqqa chiqarasiz, desam qo‘yaver, vaqti keladi, deydilar. Kutib yurippiz qachon vaqti kelarkin, deb!..
Shavqiddin ayolning gapini kulimsirab eshitdi-da, Kozimga o‘girildi.
— Sizga diktofon kerak ekan-da.
— Diktofon?
— Ha-da. Xonani ichdan berklab olasiz-da, tugmachasini bosib qo‘yib, u yoqdan bu yoqqa yurgancha gapiraverasiz. Soatlab gapirsangizam, miq etmay eshitadi, miq etmasdan yozib oladi. Keyin bir vaqt topib, qog‘ozga tushirib olasiz.
— E, shunga yo‘qman-da, Shavqi aka, bilasizu!..
— Mana Lolaxon borlar.
Kozim ayoliga ko‘z qirida qarab olib, pisanda qildi.
— Bizdi xonim tekinga oftobga chiqmaydilar.
— Ukangizga chiqimdan gapirmang, — eriga hamohang javob qildi ayol.
Kozim bilan Lolaxonlar qo‘shni “dom”da turishadi. Biri biridan pishiq-puxtagina er-xotin allaqachon yangi sharoit hadisini olvolishgan. Shaharning ikki gavjum yerida tijorat do‘konchalari bor. Er sanepidstantsiya vrachi, xotin poliklinika hamshirasi. Erning daromadi reydlar orqasidan, xotinniki ishdan keyingi kazo-kazolar xonadoniga qatnashdan.
Ularning odmigina Shavqiddinlar xonadoniga rov bo‘lganiga sabab — Kozim o‘ziga adabiy hamkor topmoqchi. Ichidagi gaplarini qog‘ozga tushirib, kitobmi, kinomi qildirmoqchi... Uch-to‘rt yil muqaddam ham Shavqiddinga bitta shunaqasi ilashgandi. Avvaliga u ham o‘zini adabiyot ixlosmandi qilib ko‘rsatdi. (Har tugul Shavqiddinning bir-ikki hikoyasini o‘qigan ekan). Keyin bir qoralama tutqazdi. Shavqiddin uni qayta-qayta ishlab, hikoyanamo bir narsaga aylantirib bergandi, kosmik tezlikda gazetaga chiqib ketdi. 
— Bu yog‘i tezlashib ketibdi-ku, — dedi hayratlanib Shavqiddin.
— O‘rtoqlar qo‘llab yuborishdi. Bugun hujjatlarga qo‘shib, boshliqqa olib kirishadi.
— Qanaqa boshliqqa?
— Sizdan bekitadigan sirim yo‘q. Tuman maorifini olmoqchiman. Shunga yozuvchilik qobiliyatim bor, degan ma’noda qo‘shib berishadi. Reja amalga oshsa bir eriymiz, aka! Katta xizmat qildingiz.
— Hammollik qildingiz, deng!..
Shavqiddin bu gap-so‘zlarni Kozimga xo‘pam vaqtida aytgan ekan, haligacha uning tilini bog‘lab keladi. Hamkorlik qilsak bo‘lardi, deyishdan nariga o‘tolmaydi...
Shavqiddin Kozimning silliq, xushbichim yuzlari, yakkam-dukkam oq oralamoqchi bo‘lib turgan quyuq, sog‘lom sochlariga razm solarkan, istehzoli kulimsiradi.
— Xo‘sh, nima qildik, diktofon olamizmi?..
— Ha, o‘ylab ko‘rarman. Endi, aka, gap munnay. Anov kungi tanqidingizdan keyin shartta o‘tirdim-da, bitta hikoya yozib tashladim.
— Ie, bo‘larkan-ku!
— Aytaman-ku, ichimda gap qaynab yotadi, deb.
— Shunday qilib, hikoya yozdim, deng, — dedi Shavqiddin muddaoga o‘taqoling, deganday. — Biror yerga topshirdingizmi?
— O‘rtoqlarga aytgandim, kafeda ishlaydigan bittasi, tez opkeling, chiqartirib beraman, dedi.
— Kafeda ishlaydigan bittasi?..
— Ha, gazetachi tanishlari bor-da. Davosi bitta tushlik. Yaxshilab chuchvaraga to‘yg‘azaman-da, qo‘liga tutqazib yuboraman, deydi.
“Ol-a, gazetachilarniyam xor qildi-ku!”
— Men ayttim, shoshmay tur, bitta akam bor, avval bir ko‘rib bersinlar, dedim. To‘g‘rimi, har holda birinchi asar. Ayrim so‘zlari g‘alamisroq (g‘alizroq demoqchi) bo‘lishi mumkin.
Kozim shunday deya servant oldiga qo‘yib qo‘yilgan gazetani oldi.
— Bo‘pti, g‘alamis joylarini to‘g‘rilaymiz, — dedi iljayib Shavqiddin, u bunaqa ajabtovur hamkorlikni tezroq bir nuqtaga yetkazishni istab qoldi.
— Bering, — deya qo‘l cho‘zdi.
— O‘zim o‘qib beraqolay, mediklardi xatini bilasiz, — Kozim shunday deya gazeta orasidan hashamdor “Ish daftari”ni oldi. — Oldindan aytib qo‘yay — bo‘lgan voqea. O‘tgan yilgi ta’tilda qishloqqa borganimda o‘zim guvoh bo‘lganman...
“O‘qib beraman” degan odam og‘zaki hikoya qilishga tushib ketdi.
... — Umrzoq degan yigit bor, xolamning o‘g‘li. Bir sinfda o‘qiganmiz. Traktorchi. Matematikadan kallasi zo‘r edi. Toshkentga yur, narxozdami, selxozdami o‘qib kelsang, ishlaring besh bo‘ladi, deganman, ko‘nmagan. Mamashkani ko‘zim qiymaydi, degan. Baribir kampir o‘lib ketdi, armiyada edi, ko‘rolmadi... Xullas, shu o‘rtog‘im g‘irt durak. Nechchi marta aytganman, ichma, ichma, deb. E, sen nima bilasan, ichmasam yonib ketaman, deydi. Eng yomoni — ichdimi, traktorini minib chopadi.
“O-ho, zo‘r gap: minib chopadi!”
— Nima, biror yerga urib optimi?
— Urib olganda-ku, oson edi, o‘rtoqlarni ishga solib tinchitib berardim. Bu durak o‘zini o‘zi mayib qilib qo‘ydi.
— Qanday?
— Bir to‘yda bo‘ldik. Meni hurmatimga aroqni to‘kib tashlashdi. Ochiqchayam, bekitiqchayam opkelaverishdi. Umrzoq, baraka topgur, chanqab yurgan ekan, qaytarmasdan olaverdi-da. To‘ydan chiqib uyga keldik. Televizor oldida erib “Pole chudes”ni ko‘rib yotsam, hovlida baqir-chaqir bo‘p qoldi. Qarasam, Umrzoq ko‘zini changallab, chopib yuribdi. Hech kimga tutqich bermaydi. Derazadan sakrab tushdim-da, shappa yo‘lini to‘sib to‘xtatdim. Qo‘lini ko‘zidan kuch bilan ajratib qarasam, qon ketib yotibdi... Nima qipti deng, to‘ydan qaytib, biz uyga kirsak u traktoriga aylanishibdi. Kabinasiga oyna o‘rnatmoqchi bo‘pti. Qachonlar bittasidan oyna sotib olgan ekan, shuni og‘ilxonasidan topib chiqibdi. Bilasiz, oyna o‘rniga qo‘yilgach, yoniga rezina tiqib mahkamlanadi. Rezina tiqayotsa, oxiri qolganda otvertka tiyg‘anib ketibdi-da, ko‘ziga sanchilibdi. Tag-tugi bilan oqib ketibdi... Xullas, shu voqeani hikoya qildim. Yaxshisi, oxirini o‘qib berayin-a...
— Maylingiz, — dedi Shavqiddin o‘ychan.
— ... Uzoqboy, hovlida u yoqdan bu yoqqa voy-voylab yuguradi. Uning ovozini eshitib to‘planganlar harchand yurak-bag‘irlari ezilmasin, unga yordam berishdan ojiz edilar... Ha, Uzoqboyning bu azobu og‘riqlari hali kelajakda uni kutib turgan iztirobu afsuslari oldida hech narsa emasdi...
Kozim daftarini yopdi-da, stol ustiga qo‘ydi. Shavqiddin yerdan ko‘z uzmadi. Uning holatini o‘zicha tushungan Kozim ayollarga iljayib qarab qo‘ydi.
— Qalay, xulosa zo‘rmi, kennoyi?.. Aytmoqchimanki, endigi butun umri afsusda o‘tadi. Lekin, afsusdan foyda yo‘q!..
— Ha, bechoraga og‘ir bo‘pti, — dedi Xosiyat achinib.
Shavqiddin boshini ko‘tardi.
— Keyin nima qildilaring? Do‘xtirga qaratdilaringmi? Siz mediksiz, bilsangiz kerak, ikkinchi ko‘zgayam zarari tegishi mumkin.
— Ha, kasalxonada yotib chiqdi, — dedi Kozim hafsalasiz, u hikoyasi xususida fikr eshitmoqchi edi-da. — O‘zim yotqizdim. O‘rtoqlar yaxshi qarashdi.
“Yana o‘rtoqlar!”
— Lekin, o‘ziniyam yomon so‘kdim. Sen durak o‘zingga o‘zing qilding, dedim. “Qo‘yavering, jo‘ra, peshonamda bor ekan”, deydi. Qarangda, o‘zidan ko‘rmaydi!..
— Keyin siz feleton qildingiz.
— Hikoya deng.
— Aytmoqchi, hikoya...
— Odamlar o‘qisin, bilsin, dedim-da.
— Bo‘langizning nogiron bo‘lib qolganinimi?
— Yo‘g‘-e, ichkilikning kasofatini!..
— Ha, to‘g‘ri, bilib qo‘yishsin.
— Xo‘p, nima qildik, ko‘rib berasizmi?.. Aytmoqchi, haligi oshpaz o‘rtog‘im tanirkan sizni. U odam redaktirovat qip bersa, chiqishiga garantiya bor, dedi. Avtoritetingiz zo‘r ekanu, bildirmas ekansiz-da, aka. Bundan keyin sizni qo‘ymaymiz!.. Xo‘sh, nechchi kun kerak sizga?..
— Tushunmadim.
— Nechchi kunda ko‘rib berasiz, deyapman.. Bizdayam qop ketmas, aka!.. Birinchi asar, ichim yonib boryapti-da. Tushunasiz-ku o‘zingiz...
— Tushunaman, — dedi Shavqiddin qoshini chimirib. — Mayli, ko‘rib beraman. Faqat bitta shart bilan.
— Ayting. Ha, gonorar to‘liq sizniki.
— O‘sha qahramoningiz, Uzoqboy deysizmi, boshqami, ko‘r bo‘lib qolishiga tuzukroq bir mantiq topib berasiz.
— Mantiq?..
— Ishonarli dalil, sabab.
— Sababi, ichkilik-da.
— Yo‘q, ichkilik sabab emas!
— Qo‘ysangiz-chi, aroq ichmaganda traktoriga unnamasdi.
— Traktorchi bo‘lgach, unnaydi-da.
— To‘g‘ri, lekin o‘sha palakat oyna esiga tushmasdi. Demak, aroq sababchi.
— Kozimboy, do‘stim, har bitta hodisaning bizga ko‘rinadigan, ko‘rinmaydigan sabablari bo‘ladi. Botiniy, zohiriy deyiladi. Biz zohirni ko‘rib baho beramiz...
“Obbo, Rumiydan keldingiz-ku!”
... — Zohirni ko‘rib baho berganimiz uchun xato qilamiz. Zohir tashqi tomon degani...
— Gazetchilar injiq xalq bo‘ladi-da. Bo‘pti, soddaroq qip tushuntiring-chi.
— Mantiqnimi?.. Yaxshisi, bitta voqeani aytib beraman... Bir odamning hovlisidan ariqcha o‘tarkan. Suv bu yoqdagi devor tagidan chiqib, nargisining ostidan qo‘shni hovliga o‘tib ketarkan. Haligi odam g‘ozlarga ishqivoz ekan, g‘oz boqarkan...Bir kuni qarasa, g‘ozlari devor tagida g‘uj bo‘lib olib, g‘o-g‘oqlab shovqin ko‘tarayotgan emish. Nima gap ekan, deb yugurib borsa, g‘ozlar suvda oqib kelgan qo‘shni bolakayning oldini to‘sib turganmish. Darhol bolani suvdan ko‘tarib olibdi... Mana shu voqeani qanday izohlaysiz?
— Juda oson... G‘ozlar qiziquvchan bo‘ladi. Nima ekan deb o‘rab olishgan-da.
— Qutqarib qolishgan. Agar devor tagidan o‘tib ketganida tamom ekan, qo‘shni hovlida odam yo‘q ekan...
— E, bu bir tasodif, — behafsala qo‘l siltadi Kozim.
— Yo‘q, tasodif emas ekan, — dedi Shavqiddin, keyin ayollarga qarab davom etdi: — Shu bolasiga og‘iroyoq paytida ayol kuniga uch mahal ham dasturxonini g‘ozlar oldiga keltirib qoqarkan. “Atay darvozadan aylanib kelardim, hovuch-hovuch donlar separdim. Xudoyimdan aylanay, shugina jonivorlari bilan bolajonimni asrab qoldi...” deb yig‘laganmish.
Ayollar hayratlanib bosh tebratishdi.
Kozim istehzoli kulimsiradi.
— Gapti rosti, mustaqillikdan keyin hammamiz xudojo‘y bo‘lib ketdige!.. Sizday odamni shunaqa uydirmalarga ishonib yurganiga qoyil qolmadim... Xo‘p, hikoyani nima qildik endi? Dangal bir narsa deng!
— O‘sha gap. Mantiq bilan asoslab bering, tahrir mendan.
— Bo‘lam ko‘ziga otvertka suqib olgan. Mast bo‘lgan. Mastlikda traktoriga yopishadigan durak odati bo‘lgan. Mantiq ham, sabab ham shu!.. — dedi Kozim qizishib.
— Tashqaridan qaraganda shunday, — dedi Shavqiddin osoyishta ohangda. — Lekin, tagida boshqa narsa bo‘lishi kerak. Beamri Xudo tikan ham sanchilmaydi, deyishadi. Bunday jazo behudaga berilmagandir. Biror gunohi bordir, qarg‘ish olgandir.
— E, unaqa bola emas, bilaman.
— Yo bo‘lmasa, hazil-chin aralash birorta nogironni aybsitgan bo‘lishi mumkin. Misol uchun aytayapman-da. Balki...
— Ha, ha, shunaqa qilardilar, — deb yubordi Kozimning ayoli birdan jonlanib.
— Nima deyapsan, — deya Kozim o‘qraydi.
— Ma’ruf akani Ma’ruf qori, deb kulib yurardi-ku!
— Hazil qilardi, ichida kiri yo‘q bola u.
— Bo‘pti-da, — dedi Lolaxon o‘z topilmasidan hayajonga tushib. — O‘sha Ma’ruf aka deganimizni ko‘zi xiraroq. Tez-tez shapko‘r bo‘lib qoladi. Qishda jigar, yozda anjir yeb o‘ziga kep oladi. Shu bechorani oldi-orqasi Ma’ruf qori, deb yurardi. Dili og‘rigan ekan-da baribir...
Shavqiddin yosh boladay quvonib ketdi.
— Ko‘rdingizmi, og‘ayni, dunyoda tasodif yo‘q!
O‘z navbatida Kozim ham miyasiga urgan fikrdan ko‘zlari chaqnab, tantanali ravishda dedi:
— Bundan chiqadi hamma ko‘zi ojizlar qarg‘ish tekkan odamlar ekan-da?!
— Aslo!.. Hech bir gunoh qilmasdan, birovga ozor bermasdan ham falokatga uchrash mumkin!
— Mantiqsiz-a?!
“Tuzuksan-ku, og‘ayni!”
— O‘shanda ham mantiqsizlik bo‘lmaydi, — dedi Shavqiddin xotirjam jilmayib, — hikmati keyin chiqib keladi.
Kozimning oshkora iljayib turganidan javob yetarli bo‘lmagani sezildi. 
— Misol bilan tushuntiray: bir tanishim bor. Mashina urib ketib, ikki oyog‘idan ajragan. Ishonasizmi, shu yigit nogiron bo‘lib qolganiga shukr qiladi. Nega desangiz, to‘rt muchasi sog‘lig‘ida piyanista, bangi bir kimsa edi, o‘zidan yolchimasdi. Hozir endi nogironlar aravachasida yuradi. Lekin, kattagina korxona egasi. Ellik ishchisi bor. Qiziq-da, falokat sharofati bilan es-hushini yig‘ib oldi shu odam. Demak, hikmat ana shu nuqtada. Zora Uzoqboy akayam qarg‘ish bilanmas, Xudoning marhamati bilan ko‘zidan ajragan bo‘lsa...
— Aytganingizday bo‘lsin ishqilib, — dedi Kozimning ayoli achinish bilan, — jo‘jabirday jon. Haytovur ichmayapti-ya endi?
— A?!
— Bo‘langizni aytaman, ichmay qo‘ydi shekilli?..
— Bilmadim, — dedi Kozim parishonlik bilan keyin o‘zini yig‘ishtirib, qo‘l siltadi. — E, u durak gapni olmaydi!..
Shunday deya stol ustida e’tiborsiz qolgan daftarini olib, gazetaga o‘radi.
— Znachit bo‘lmaydi, deng...
— Nega bo‘lmas ekan, men so‘z berganman. Mana birgalashib (ayollarga qarab olib) mantiqni topganday bo‘ldik. Bu yog‘i oson...
Shavqiddin Kozimning qo‘lidan daftarni oldi. Oldi-yu, nimaningdir istiholasida bir lahza ikkilanib turdi. Keyin er-xotinning tashvishli nigohini tuyib, iljaydi.
— Zarari yo‘q, bo‘ladi, — dedi.
U keyingi yillarda o‘zi yetib kelgan aqida haqligiga bugun yana bir karra amin bo‘lib turardi. Shu boisdan ko‘ngli benihoya yorishgan, har qachongidan ko‘ra marhamatli, kechirimli, xokisor bo‘lib borardi...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.