OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Otauli. Badal (hikoya)

Mana, bir yildirki, Halil yo‘q oromini battar yo‘qotdi. Na yotishida halovat bor, na turishida. Marraga yaqinlashib qolgani keyingi uch-to‘rt kun ichida-ku, qo‘yaverasiz. Xayolan nimalarnidir xomcho‘t qiladi, qayta-qayta hisoblab ko‘radi. Uzzukun bir narsani o‘ylaydi: “Qachon bu boshi-keti yo‘q tashvishlardan qutulib, ilmiy ishimni davom ettirar ekanma-a? Qachon shunday kun kelar ekan?” – deya iltijoli savol beradi o‘ziga.
Hammasi kutilmaganda boshlandi. Roppa-rosa bir yil ilgari – ayni mana shunday imtihonlar paytida direktorlari Zufar Xolmatovich oldiga chaqirtirib, achinish aralash xayrixohlik bilan tikilar ekan:
– Siz ijarada turasiz-ku, dom olish niyatingiz bormi? – deb so‘rab qoldi.
Halil avvaliga tushunmadi. Yuragi bir orziqib, bamisoli urishdan to‘xtab qolganday bo‘ldi. “Nahotki maktabimizga kvartira ajratilgan-u, uni menga ravo ko‘rishgan bo‘lsa?! Yo‘g‘-e. Bunga ishonish qiyin! Yo… matematika o‘qituvchisi Bolta akaning kishini tahqirlovchi “hazil”laridan emasmikin?”. U ich-ichidan quyilib kelayotgan hayajonini bosishga urinib, o‘zicha hazil qilgan bo‘ldi:
– Niyatimiz emas, orzuimiz bor! – dedi ma’noli kulimsirab. So‘ng dangaliga ko‘chib qo‘ya qoldi. – Nima edi, menga dom bermoqchimisizlar?
– Albatta-da! – direktor o‘rindiqqa yastanar ekan tanti qarash qildi. – Yana unaqa-bunaqasi emas, kooperativniysi! Ozgina pul chiqin qilasiz-u, qarabsizki, bosh-butun o‘zingizniki-da!
Halilning birdan hafsalasi pir bo‘ldi. “Men nima g‘amdaman-u, qo‘bizim nima deydi” – o‘yladi o‘zicha ensasi qotib.
– Kooperativga chog‘imiz kelmas-ov. Yana bir oz tura turaylik-chi, u yog‘i bir gap bo‘lar – deya chiqib ketmoqchi edi, direktor to‘xtatdi:
– Tag‘in o‘zingiz bilasiz, uka! – dedi rasmana o‘tirib, uni oldiga imlab chaqirar ekan. – Bilsangiz, bu ham yaxshi imkoniyat. Maorifchilarga atab uy qurilmoqchi ekan. Maktabimizdagi talabgorlar uchun bitta kvartira ajratishibdi. Hozircha ariza-yu hujjatlarni to‘plab, pulini keyinroq olishar ekan. Yaxshilab o‘ylab ko‘ring, uka!
Halil “Mayli, o‘ylab ko‘raman” deb chiqdi-yu, o‘sha kuni haqiqatan ham xo‘p “o‘ylab ko‘rdi”. Darsini tugatar-tugatmas xujralariga oshiqdi. Bu gapni Xayriga aytdi hamki, bo‘ldi, boshiga balo orttirdi! Nimagayam aytdi shu gapni Xayriga o‘zi? Indamay, ertasiga borib direktorga “Yo‘q, bizga to‘g‘ri kelmas ekan” deb qo‘ya qolgani ma’qulroqmidi. O’shanda eshitdi-yu, u hovliqma bosar-tusarini bilmay qoldi. “Voy, qanday yaxshi! Birovlarga sig‘indi bo‘lib o‘tirganimizda uy berishadi-yu, olmaysizmi, pulini bir amallab to‘plarmiz, kelinlik seplarimni sotarman, tejab-tergarmiz, qarz-havola qilarmiz” deb hol-joniga qo‘ymadi. Axiyri ko‘ndirdi. Mana, endi…
O’shanda ikkovining hovliqishganlari-chi. O’zlarini nari borsa biror yildan keyin allakimning katalakday hujrasida emas, yap-yangi, yop-yorug‘ xonalarda tasavvur qilib entikishganlari-chi! Hujjatlarni topshirish uchun ikki hafta yelib-yugurgani-chi! Ilmiy ishini butunlay yig‘ishtirib qo‘yib, pul to‘plash uchun maktabdan-u tayyorlov kursidan qo‘shimcha dars olganlari-chi! Xayrini tug‘ruqxonadan olib chiqayotganida chaqaloq Xurramni qutlab, bir dasta gul taqdim qilish-u taksida olib kelish uchun ikki so‘mni ko‘zi qiymagani-chi! Uch oylik chaqaloq Xurramni olib Xayrining kiyilmagan, bir-ikki kiyilgan seplik ko‘ylaklarini chayqov bzorida o‘tgan-ketganga ko‘z-ko‘z qilib turganlari-chi! Xayrining “Uy olishimizni hozircha xo‘jaykaga bildirmay turaylik. Tag‘in g‘ayirligi kelib, qish ichida bolamiz bilan “Qani, bir ko‘chib boqlaringchi, men tomosha qilay!” deb qolmasin” deya bolalarcha ma’sumona o‘tinishlari-chi!..
He-e, padariga la’nat hammasining! Unga ilmiy ish qilishni kim qo‘yibdi o‘zi? Otasiga o‘xshab tinchgina suvini sug‘orib, ukalariga bosh-qosh, oyisiga suyanchiq bo‘lib o‘sha yoqlarda yuraversa bo‘lmasmidi? Shu g‘ala-g‘ovur shaharda turtinib-surtinib, itning keyingi oyog‘i bolib yurish shartmidi unga? Xo‘p, ilmiy ish qilish bilan tog‘ni qayirib tashlarmidi? Pedagogika degani shunday bir boshi-keti yo‘q jumboq narsa ekanki, bu jumboqni kelib-kelib u yechib berarmidi? “Tuyg‘ular tarbiyasi” emish! Fu! Hozir odamlar nima g‘amda-yu, iloji boricha yaxshi yeb-ichib, o‘zimga zeb berib, ayshimni surib yashasam, degan ilinjda butun fikri-zikri mo‘may pul topish bo‘lsa-yu… Ular sening tuyg‘ularingga ham, tuyg‘ularingning tarbiyasiga ham tupurishadi, bilsang…
Eh-h! Nafsilambirini aytganda, shaharda yashashni Javlon akasi-yu Farida kennoyisiga chiqazgan ekan-da!
Kennoyisi haqida o‘ylar ekan, Halil nomusdan kattakon avtobusga sig‘may qoldi. Issig‘u g‘ala-g‘ovurdan battar nafasi qaytib ketganday bo‘ldi. Nazarida hamma odamlar, hattoki derazadan lip-lip o‘tayotgan muhtasham binolar-u yam-yashil daraxtlar ham uni masxaralayotganday, ustidan qahqaha urayotganday tuyuldi. “Bekor bordim, – o‘yladi u alam bilan. – Bekor bordim! Ikki o‘rtada o‘zimni sharmanda qilib, o‘sal bo‘lganim qoldi. “Oq tovuq dona sochar, o‘z ortini o‘zi ochar” deganlari shu-da. Ularni bilmasmidim!” Quloqlari ostida kennoyisining xandon kulgisi-yu har qanday odamning suyak-suyagidan o‘tib ketadigan zaharxanda gaplari jaranglab ketdi:
– Voy-voy-ey! Yigit kishi, bir bolaning otasi, ot emas, tuya emas, atigi uch ming so‘mni shundoq kassaga olib borib topshirishdan qo‘rqasizmi-ya? Bilsangiz, Javlon akangiz “Volga”mizni olib kelishda o‘ttiz mingni qo‘lidagi kichkina sumkachasida o‘ynate-e-eb begona yurtlarda haftalab yurgan! Siz bo‘lsangiz, a-ti-gi uch ming so‘mga shuncha!.. Ha, olib borib topshiravering. Kim ham sizda shuncha pul bor deb o‘ylardi!”
Eh-h! Atigi uch ming so‘m emish! – o‘zicha yanib qoydi Halil. – Siz uchun atigi bo‘lsa atigidir. Lekin men uchun… Lekin men uchun…
Sudrashib yurib-yurib bundan besh kun ilgari maktabga xabar qilib qolishdi: uy olishidan umidi bor kooperativ a’zolari tez – uch-to‘rt kun ichida birinchi badalni to‘lashsin! Aks holda ro‘yxatdan chiqarib tashlaymiz!”
Bu gapni eshitib Halil dovdirab qoldi. Darslariga ko‘z-quloq bo‘lib turishni yonidagi hamkasbidan o‘tindi-da, shoshganicha ijara uylariga qaytdi. Beshikda “inga”layotgan Hurramga ham qaramay, xujra eshigini zichlab berkitib, Xayri ikkovi sandiqni ochishdi. Pullarni biridan keyin biri navbatlashib qayta-qayta sanashdi: roppa-rosa 2 ming-u 57 so‘m! Demak, yana ming so‘m bo‘lsa, birinchi badal uchun yetadi! Lekin shuncha pulni kimdan olish kerak?
Ikkovlon maslahatlashib Javlon akasida to‘xtashdi. Axir Javlon akasidan boshqa kimi bor ularning bu kattakon shaharda? Qolaversa, begona emas, bir qorin aylangan bo‘lsa ham, har qalay qarindosh, tug‘ishgan amakivachcha. O’shanda ham xuddi shu paytda – qoq tushda Halil avtobusda xayol surib, shirin entikib ketardi. Faqat qarama-qarshi tomonga: u yoqdan emas, u yoqqa! ” Hozir boradi-yu, Javlon akasiga vaziyatni tushuntiradi. Ming so‘mni oladi. Ikkovlon “Volga”ga o‘tirib ortiga qaytishadi. Sandiqdagi 2057 so‘mni ham olib qo‘shishadi-da, o‘sha “Volga”da birgalashib kassaga olib borib topshirishadi. O’ldimi, berib turar. Javlon akasi uchun ming so‘m degani nima gap axir. Pista po‘chog‘iday bir narsa. Uyida “zapas”i bordir. V kraynem sluchae, magazindan vaqtincha olib berib turar. Kimsan ulkan bir magazin direktori!” – shunday o‘ylagan edi Halil “u yoqqa” borar ekan. Lekin…
Uning tasavvurida o‘sha manzara (nechanchi marta) qayta gavdalandi: kiraverishda turgan “Volga”ning atroflari-yu butun hovli uzun-qisqa yog‘och-taxtalarga to‘lib ketgan. Havozada ikki usta, pastda ikki usta – ular yo‘lakning tepasida boloxona qurmoqda edilar. Ishkom tagidagi so‘rida Javlon akasi bahuzur yelpinib yotar, uning oldida student amakivachchasi Ehson magnitofonning qaerinidir kavlashtirar, kennoyisi esa ustalarga ko‘rsatma berib turar edi. Halil salomlashib, so‘riga cho‘kkalar ekan, Ehson magnitofonni o‘ynaganicha:
– Kennoyi! – dedi o‘zicha kulimsirab. – Kennoyi! Boloxona kimning cho‘ntagiga qurilayapti o‘zi? Akamning hisobidanmi yo sizning kuchingiz bilanmi?
Kennoyisi ustalarga ko‘z qisib, qo‘lini beliga qo‘yganicha gerdayar ekan, “munosib” javob qildi:
– He-e, bilsangiz, akangizni ham men boqayapman hozir. Butun topgan-tutganini manovi “Volga”si-yu o‘ynashlariga sarflab, cho‘ntagi qoq-quruq akangizning!
Ehson magnitofonni “tinch qo‘yib”, so‘rida oyoqlarini yerga osiltirib o‘tirdi:
– Ha-a, endi, o‘zingiz zo‘rsiz-da! Baza bilan magazin teng bo‘larmidi? Axir akamlar ham siz bersangiz – yeydi-da!..
Halil bu hazil-huzul gaplarni tinglab o‘tirdi-o‘tirdi-da, nihoyat Javlon akasiga yorildi. Gaplarini tugatar-tugatmas Javlon akasi zorlandi:
– Eshitding-ku, kennoyingning gaplarini. Unga faqat chiranish bo‘lsa. Hali puli boloxonaga yetmay, o‘zim qarz qidiramanmi, qaydam…
O’shanda ham Halil shu yo‘ldan, shu avtobusda hozirgiday o‘zini so‘ka-so‘ka qaytgandi. Xujraga kelib, Xayri bilan maslahatlashib, qishloqqa – oyisining oldiga – ikki kunga borib kelishga, buning uchun o‘ttiz so‘mni sarflashga majbur bo‘lgandi. Eh-he, oyisi-yu endigina armiyadan kelib ish boshlagan ukasining yelib-yugurishlari. Uchchovlon qo‘shnisidan ming so‘mlik tilla zayomni ming pisanda bilan olib kirganlari! Qaytar ekan, portfelda, yetti-sakkiz qavat “himoya”ga o‘ralgan ming so‘mlik zayomni qo‘lidan qo‘ymay, poezdda butun yo‘l davomida uxlamay kelganlari! Yarim kechada Toshkentga kelib tushgach, taksida ketishga xavfsirab, tong otgunga qadar vokzalning kutish xonasida titrab-qaqshab o‘tirganlari! Roppa-rosa uch ming so‘mni qayta-qayta sanab, qiyiqchaga mahkam tugib, sandiqqa solib, ustidan kattakon qulf osib qo‘ygandan keyingi Xayri ikkovining quvonganlari!.. Bularni kennoyisi bilarmidi?! His qila olarmidi?! Uning uchun uch ming so‘m – “atigi”!
Aksiga olib bu gal Javlon akasining uyda bo‘lmaganini qarang-a!. Bo‘lganida-ku, ikkovi hozirgacha allaqachon “g‘ir” etib “Volga”da olib borib topshirgan bo‘lishardi! Har qalay, kassagacha ancha yo‘l, yana topshirish payti… Nima deb bo‘ladi? Uch ming so‘m hazilakam pulmi?! Kennoyisi uning haqiqiy qadrini bilarmidi.
Eh-h. Javlon akasi o‘shandayoq – bundan to‘rt kun ilgari shu sabil ming so‘mni loaqal bir necha oyga qarzga berib turganidamidi! Shuncha ovoragarchiliklar, imtihonu konsultatsiyadan javob olib xalloslashlar bo‘lmasmidi. Berib turganida, kechalari ko‘mir tushirib bo‘lsa ham uzardi Halil o‘sha qarzini! Yo‘q bo‘lsa ham mayli edi. Bunaqa ming so‘mdan qancha-qanchasi borligini u juda yaxshi biladi-ku. Hali kim bilsin, pulni topshirishga kech qoldimi. Olishmasa-ya? Unda hamma qilgan toat-ibodati bir pul deyavering.
Qiziq ekan bu dunyoning ishlari. Nahotki odamzod pulning “ta’mi”ni bilib olgan zahoti shunchalik tez o‘zgarib ketsa? O’zligidan, insoniy tuyg‘ulardan, himmat va odamgarchilikdan bunchalik tez voz kechib yuborsa?! Axir Javlon akasi uning hozirgi ahvolini yaxshi tushunadi-ku, his qilishi kerak-ku! Axir, aytishiga qaraganda, o‘zi ham bir paytlar undan besh battar qiynalgan ekan-ku!
Esida, Halil endigina institutga kirganida Javlon akasi ana shu uchastkasini qurar, u darsdan bo‘shagach, kelib uyda ishlayotgan ustalarga qarashardi. O’shanda Halil ba’zan yotib qolib, Javlon akasi bilan “yarimtani maydalab otamlashar” ekan, Javlon akasi kayf ustida qizishib bir narsani ko‘p uqtirardi:
– Hey, men senga aytsam, bu dunyoda hamma narsaning otasi ham, onasi ham pul! Yo‘q bo‘lsang, qarindosh-urug‘ ham bir chaqirim joydan qochib qoladi. Bor bo‘lsang – xuddi mazaxo‘rak arilarday qarindoshlaring ham ko‘payib ketadi. Eh-he, sen nimani ham ko‘ribsan , hali boshingga tushganda bilasan. Men oliy ma’lumotli diplomim bilan oltmish so‘m uchun oddiy sotuvchilik qilib yurganimda, bilsang, ikki bolam bilan bir oyda to‘rtta kvartiraga ko‘chganman. Bir oyda to‘rttasiga! O’shanda loaqal biron qarindoshim kelib, “Hoy, holing qalay?” degan emas. Endi-chi… Hey, nimasini gapiray!
Kennoyisi ham uning gaplarini tasdiqlab, qo‘shimcha qilardi:
– O’shanda bir xo‘jayinimiz soat to‘qqizdan sal kech qolganida Javlon akangizni darvozadan kiritmagan. Kechasi bilan akangiz uy atrofida gir aylanib, men ikki bolam bilan vahimadan dag‘-dag‘ titrab chiqqanman!..
O’shanday qiyinchilikni boshidan o‘tkazgan odam, bugun endi begona emas, xeshi ko‘makka muhtojligini ko‘rib, imkoni bo‘la turib, yordam qo‘lini cho‘zmasa! Qanchalik yovuz sehrgar, yosuman ekan bu pul deganlari! Nahotki u ham vaqti kelib, bu qiyinchiliklarni yengib o‘tgach, Javlon akasi-yu kennoyisiga o‘xshab qolsa? Yo‘g‘-e…
Nafsilambrini aytganda, bu hayot deganlari bamisoli mana shu tiqilinch avtobusday gap ekan, – o‘yladi Halil ushlagichga osilganicha yon-verida turtinib-surtinib, “oh-uh”lab ketayotgan, har bekatda tushib-chiqayotgan odamlarni kuzatar ekan, – avtobusning xuddi baxt qushiday lapanglab kelishini intiqlik bilan kutasan. Turtina-surtina bir amallab chiqib olasan. Payt poylab turib, olg‘irlik bilan bo‘shagan o‘rindiqni ishg‘ol qilasan. Endi nafasingni rostlab, yayrab o‘tirganingda, ana-mana deguncha tushadigan bekating kelib qoladi… Qiziq, mana shu o‘tirganlar o‘ziga o‘xshab “qoq teppasida qaqqayib” turgan, bekatlarda bir amallab avtobusga chiqib olish ilinjida uymalashayotgan odamlarga achinish va xayrixohlik bilan qararmikin, yo masxaralimi? Necha foizi unaqa-yu, necha foizi bunaqa ekan? Ehtimol ularning barchasi ham xuddi Javlon akasi va kennoyisi kabi o‘zlarinig yaqindagina shular kabi bir ilinjda turganini unutib, o‘rindiqni zap ishg‘ol qilganidan mamnun bo‘lib, ularga nafrat va masxara nazari bilan qarashayotgandir? O’zi ham shu o‘tirganlar-u Javlon akasining o‘rnida bo‘lganida, shunday o‘ylamasmidi? Yo‘q-yo‘q! Bu axir daxshat-ku! Agar hamma ham shunday o‘ylayversa, tiriklikning, Hazrati Insonlikning ma’nosi qolarmidi. Halil hech qachon ularday bo‘lmaydi! Boshqalarning ham ularday bo‘lmasligiga jon-jahdi bilan harakat qiladi. U ishida tuyg‘ular tarbiyasining puldan qudratliroq ezgu vositalarini ko‘rsatib beradi! Odamlarni yosuman pulning iskanjasidan qutqarib oladi. Shu niyatda yuribdi-da bu ulkan shaharda , sabil qolgur ming so‘mni topish uchun emas.
Tezroq pullarni olib borib topshiradi-yu, yelkasidagi zilday yukdan qutulib, asosiy niyatini ro‘yobga chiqarishga – ilmiy ishiga kirishadi. Yozda qarzidan qutuladi. Kuzda ilmiy tekshirish institutiga ishga o‘tadi. Tamom, boshqa gap yo‘q! Ishqilib kech qolding demay, pullarni olishsa bo‘lgani!
Pullarni shunday tiqilinch avtobusda olib borib, kassada o‘tirgan begona odamga (hech bir guvohsiz) topshirishni o‘ylar ekan, Halilning yuragi yana “shuvv” etib ketdi: avtobusda oldirib qo‘ysa-chi? Ko‘zingdagi surmangni bilintirmay olib qo‘ya oladigan kissavurlar borligini u eshitgan-ku. Kassir ham pullarni olmadim deb tonsa-chi?.. Lekin shu payt Halilning quloqlari ostida kennoyisinig o‘sha masxarali gaplari qayta yangrab ketganday bo‘ldi:
– Voy-voy-ey! Yigit kishi, bir bolaning otasi, ot emas, tuya emas, atigi uch ming so‘mni shundoq kassaga olib borib topshirishdan qo‘rqasizmi-ya! Bilsangiz, Javlon akangiz “Volga”mizni olib kelishda o‘ttiz mingni qo‘lidagi kichkina sumkachasida o‘ynate-e-eb begona yurtlarda haftalab yurgan. Siz bo‘lsa shu a-ti-gi uch ming so‘mga shuncha… Ha, olib borib topshiravering, kim ham sizda shuncha pul bor deb o‘ylardi!”
– To‘xta! – Halil o‘zidan o‘zi nafratlanib ketdi. – Haqiqatan ham, kennoyisi aytmoqchi, “yigit kishi, bir bolaning otasi” pullarni shundoq portfelga solib olib borib topshirishga muncha titrab-qaqshamasa! Nima bo‘lsa-bo‘lar-da. Aslida shu ish yuzni solishga, izza bo‘lishga arzimasdi. U yoqqa boraman deb ikki-uch soatingni yo‘qotguncha o‘zing olib borib topshirganingda, hozir yengillashib, xotirjam o‘g‘ilchangni o‘ynatib o‘tirgan bo‘lar eding!… Hali ham kech emas, ulgurishi mumkin. Nima qilib bo‘lsa ham yelkasidagi bu zil yukdan tezroq qutulishi kerak!
Halil avtobusdan tushganida shu qarorga kelib to‘xtagan edi. U shosha-pisha uyga kirdi-yu, ko‘zlarini Xayridan olib qochib, to‘g‘ri beshik oldiga tiz cho‘kdi. Qaramasa ham, xotinining ko‘zlaridagi “Ha, nima bo‘ldi, kelmadimi?” degan savolni yaqqol his qildi. Quloqlari bu savolni eshitishga toqat qilolmasligini sezgan Halil uyqudagi go‘dakning mimit qo‘llarini erkalagan ko‘yi gap qotdi:
– Qani, pullarni ol. Kassa yopilmasida topshirib kela qolay.
– Voy, qo‘ying, bitta o‘zingizmi? Qo‘shnilardan birini chaqirib kiraylik, harna yoningizda esh bo‘lib borib kelardi…
– Bas! Ol degandan keyin ol! – Halil o‘zini tuta olmay qoldi. – Nima, meni bo‘ri yeb qo‘yarmidi?! Kuppa-kunduz, atrofimda odamlar bo‘lsa! Hammani ham insofsiz, kissavur, yo‘lto‘sar, yulg‘ich deb o‘ylaysanmi?
… U o‘ziga studentlikdan qadrdon bo‘lib ketgan portfelini ko‘targanicha tashqariga chiqdi. Yo‘l-yo‘lakay Xayrining:
– Ishqilib pulga, o‘zingizga ehtiyot bo‘ling. Omon-eson topshirib keling. Ungacha men osh damlab turaman. Kelmasa-kelmas, o‘zimiz bir bayram qilaylik, – deya shivirlab aytgan gaplarini eshitmadi go‘yo.
Halil turfa taqdir, maqsad va ilinjda yashayotgan millionlab odamni bag‘riga singdirganicha quyoshning hali qaytmagan taftida lohas bolib yotgan yirik shahar ko‘chalaridan portfelini o‘ng qo‘lida mahkam tutganicha shahdam qadamlar bilan ketib borardi. U ishdan chiqqan odamlar bilan yanada tiqilinchroq bo‘lib ketmasida birinchi kelgan avtobusga tezroq chiqib olish ilinjida edi.
… Balki u bekatga borishi bilanoq avtobusga chiqib olar, balki andak kutib qolar. Pullarni topshirishga ulgurar yo butunlay kechikkandir. Xayri ikkalovi orzu qilgan “yap-yangi, yop-yorug‘ uy”ga-yu o‘zi intilgan ilmiy tekshirish institutiga yo o‘tar, yo o‘ta olmas. Ehtimol u ham bir necha yilardan so‘ng pulning “ta’mi”ni bilib, turmush mashaqqatlaridan bezib, xuddi Javlon akasi-yu kennoyisi kabi kundalik ehtiyojlariga qul, pulga banda bir kimsaga aylanib qolar, yoki ularga mutlaqo o‘xshamaydigan, butunlay boshqacha odam bo‘lar… Kim biladi deysiz! Lekin har qalay shu ketishida Halil avtobusga tezroq chiqsa, pulni topshirib ulgursa, qarzidan qutulsa, yangi uyga-yu ilmiy tekshirish institutiga o‘tsa, bizning tuyg‘ularimizni tarbiyalash, ularni “jodugar” pulning iskanjasidan qutqarishga qodir bo‘lgan ilmiy ish qilishga qat’iy ahd qilgan.
Ishqilib u o‘z ilinjlaridan tezroq qutulsin-u shunday ishni qila olsin-da!

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.